Tirik organizmlarni muhofaza etadigan o‘ranchiq turlarining qanchaligini tasavvur eta olasizmi? Yong‘oq po‘chog‘i, tuxum po‘chog‘i, toshbaqa va dengiz chig‘anog‘i zirhi, shilliqqurtlar chig‘anog‘i va hokazo.
Chig‘anoq — tirik organni qoplab turuvchi mustahkam qatlam. U yo uning egasi yoki ota-onasi tomonidan qilinadi. Chig‘anoq tarkibi ham g‘alati. Yong‘oq po‘chog‘i shox-shabbadan, boshqa chig‘anoqlar karbonat kaltsiy (ohak)dan yasaladi. Uchinchilari esa o‘ziga xos oynabop xom ashyo, kvartsdan qilinadi.
Chig‘anoq unga yashiringan tirik vujudni himoya etadi. Yong‘oq va tuxum har doim ham qobiq bilan o‘ralavermaydi. Uning ichki tirik a’zosi — urug‘ yoki jo‘ja — yetilgach, chiqish uchun po‘choqni yorishi kerak.
Krab va qisqichbaqalar har doim ham o‘z zirhiga yoppasiga qoplanib olmaydi. U yumshoq modda bilan birikkan alohida lappaklardan iborat. Bu jonivorning harakatlanishi va bukilishiga yordam beradi.
Ayrim jonivorlar, masalan, qo‘ng‘izlar sig‘may qolguncha o‘zining qattiq qobig‘i ichida yashaydi. So‘ng u darz ketadi va hasharot tashqariga chiqadi. Uning tagida yumshoq va cho‘ziluvchan terisi joylashgan bo‘ladi. Bir qancha vaqt o‘tgach, u mustahkamlashib, yangi zirhga aylanadi.
Chig‘anoq tana a’zosi bo‘lgan jonivorlar ham bor. Toshbaqa kosasi o‘ziga xos lappaklar bilan qoplangan suyak taassurotini uyg‘otadi. Uning usti qovurg‘a va yelka xartumidan tarkib topgan, tagi ham suyakdan iborat. Inson qovurg‘a va umurtqasiz yashay olmagani kabi toshbaqa ham kosasiz yashay olmaydi.
Chig‘anoqqa ega tirik vujudlarning katta guruhi mollyuskalardir. Shilliqqurtlar ham shu guruhga kiradi. Ustritsalar, vengerkalar, grebeshkalar va hokazolar qo‘shtabaqali mollyuskalardir. Xavf tug‘ilgan chog‘da ular chig‘anog‘i darvozasini butunlay yopib qo‘yishi mumkin.
Moskva Kremlining Orujeyniy palatasiga borib, ko‘rgazmalarga diqqat qilsangiz, nautilus chig‘anog‘idan yasalgan juda chiroyli narsalarga ko‘zingiz tushadi. Xo‘sh, biz bu g‘aroyib jonivor haqida nima bilamiz? Juda oz narsa. Aksariyatimizning bilimimiz uning chiganog‘i bor, undan har xil chiroyli buyumlar va qadama naqshlar yasashadi, demak, u dengiz hayvoni, deyish bilan chegaralanib qoladi.
Fantastika ishqibozlari Jyul Vernning g‘aroyib «Nautilus» kemasiga darg‘alik qilgan kapitan Nemosini eslashadi. Mana, hammasi shu. Harqalay, bu boshoyoqli g‘aroyib mollyuska oiladoshlaridan ko‘ra baxtliroq chiqib qoldi. Jyul Vernning sharofati bilan ko‘p bolalar va qizlar har tugul uning nomini bilib olishgan.
Nautilus haqiqatan ham ko‘proq narsa bilishga arziydigan hayvon. Bu noyob maxluq tashi katta burama bo‘lib o‘ralgan chig‘anohli boshoyoq mollyuskalarning shu kungacha yetib kelgan yakkayu yagona vakilidir.
Nautilus chig‘anog‘ining tuzilishi aqlni tong qoldiradi. Mollyuskaning o‘zi unda turadigan kameraga ega, agar okean tubiga tushmoqchi bo‘lsa, nautilus boshqa, ballast (posangi) kamerasini suvga to‘ldiradi. Chig‘anoqdagi yana bir hujra turli gazlar aralashmasiga to‘ldirilgan. Nautilusning suv tagida bo‘lish «joniga tegsa», chig‘anoq juda yengil bo‘lib qoladi va dengiz sathiga tezda ko‘tarilib chiqadi.
Mana shunday ustomona harakati va 600 — 700 metr chuqurlikda, bir necha o‘n atmosfera bosimida bemalol tura olish qobiliyati, so‘ng yengilgina suv sathiga ko‘tarilishini inobatga olib, yozuvchi o‘z suvosti kemasini «Nautilus» deb atagan bo‘lsa ajab emas.
Balki uning nomi boshqa, chig‘anog‘i burama emas, to‘g‘ri bo‘lgan va hozirgi paytda qirilib ketgan nautilus xotirasiga qo‘yilgandir. Ularning uzunligi bir necha metr kelgan va chindan ham uncha katta bo‘lmagan suvosti kemalariga o‘xshagan. Tanasining old qismidagi o‘ziga xos «raketa apparati» sharofati o‘laroq ular oldinga ham, ortiga ham harakatlana olgan, nazarimizda, ular juda yirtqich bo‘lgan.
Nautiluslar hozirgi kunda Tinch va Hind okeanlari chegarasidagi orollar atrofida uchraydi. Bundan 300 million yillar oldin mavjud nautiluslarning ajdodlari Rossiya, hozirgi Podmoskove o‘rnida bo‘lgan issiq dengizlarda ham yashagan.