Qadimgi paytlarda politsiyachilar Amerikadagi sanoqsiz mustaqil politsiya mahkamalariga qarashli edilar. Bugungi kunda Amerikada 40 000 ta politsiya bo‘linmasi mavjud bo‘lib, ularning har biri har xil hududlarda qidiruv ishlarini olib boradilar. Va har bir bo‘linma muayyan jinoyat turini ochishga ixtisoslashgan.
Frantsiyada butun mamlakat politsiyasiga bevosita ichki ishlar vazirligi rahbarlik qiladi, shuningdek, mahalliy politsiya ham uning rahnamoligida ish yuritadi.
Bu tashkilotning ildizlari olis o‘tmishga borib taqaladi. Tarixning ilk bosqichlaridagi qabila sardorlari ham o‘z qabilalarini qo‘riqlab, ularning tinch va osoyishtaligini ta’minlagan kishilarning ayrim qoidalarga amal qilishini nazorat qilgan drujinachilarga ko‘p jihatdan bog‘liq bo‘lganlar. Misr firavnlari ham shu yo‘lni tutishgan, ya’ni askarlardan politsiyachilar sifatida foydalanganlar.
Eramizning boshlarida Sezar Avgust Rim shahrida politsiyachilar otryadini tashkil etdi. Mazkur otryad 350 yil yashadi. Uning asosiy vazifasi — imperator buyruqlarining bajarilishini nazorat qilishdan iborat edi.
Taxminan eramizning 700—800 yillari orasida politsiya ishiga taalluqli yangi g‘oya paydo buldi. Kishilarga qarshi bo‘lgan buyruq va ko‘rsatmalarning bajarilishini nazorat qilish o‘rniga endi, ular qonunni va odamlarni himoya qiladigan bo‘ldilar! Bu g‘oya Angliyada va keyinchalik AQShda politsiya tashkilotlarining rivojlanishiga katta ta’sir ko‘rsatdi.
Angliya politsiyasi «Hamisha sergak va bedor bo‘l» degan tamoyilga amal qilardi. Ayrim tumanlarda kechalari maxsus qorovullar, — kunduzlari esa qo‘riqchilar doim aylanib yurardilar. AQShdagi koloniyachilar ham ana shu tizimni o‘zlariga ma’qul ko‘rdilar. Tungi soqchilar sifatida konstebllar, ya’ni 16 yoshdan oshgan baquvvat erkaklar xizmat qilardilar, shunisi qiziqki, ular bu xizmatlari uchun mutlaqo pul olishmasdi. Ayrim hududlarda bu tizim to 19 asrga qadar hukm surdi. Londonda Metropoliya Politsiyasining boshlig‘i — komissar ichki ishlar vaziriga bo‘ysunadi, ya’ni hukumat uning ustidan doimiy nazorat olib boradi. Londondan tashqarida esa har bir graflik, graflikdagi har bir shaharcha mahalliy hokimiyatga bo‘ysunuvchi o‘z politsiya bo‘linmalariga ega. Garchi mahalliy politsiya ma’lum darajada mustaqil bo‘lsada, baribir ular ham markaz oldida hisob beradilar.