Atsteklar kimlar bo‘lgan?

O‘rta asrlarning nihoyasiga kelib Janubiy va Markaziy Amerikada eng qudratli xalqlar atsteklar va inklar edi.

Atsteklar qadimgi Amerikada istiqomat qilgan xalqlar ichida eng yuqori taraqqiy qilgan va kuchli ta’sir kuchiga ega xalq edi. Ular hozirgi Meksikaning poytaxti Mexiko joylashgan vodiyda yashaganlar. Yevropalik sayohatchilar va mustamlakachilar bu yerlarga kelishidan avval ham bu yerlik hindu qabilalari ming yillik tarixga ega edilar.

Atsteklarning gurkirab taraqqiy topgan davridagi turmush darajasi o‘sha paytdagi ko‘plab Yevropa davlatlari darajasiga teng bo‘lgan. Ular o‘z tarixlarini toshlarda naqsh etib qoldirishni bilganlar. Ular nihoyatda betakror ishlov berilgan tog‘ xarsanglaridan ibodatxonalar, minoralar, uylar bunyod etganlar. Ular qonunchilik va davlatni boshqarish sohasida ulkan muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritganlar, astronomiya sohasida ham beqiyos bilimlarga ega bo‘lishgan, turli san’at va hunar turlarini rivojlantirganlar. Ular tabiatan juda saxovatli va bag‘ri keng insonlar bo‘lishgan. Ular tabiatni jonu dildan sevishgan, ayniqsa qushlar va gullarga ularning mehri bo‘lakcha bo‘lgan, shuningdek atsteklar musiqa, raqsning, turli o‘yinlar hamda adabiyotning sadoqatli muxlislari bo‘lishgan.

Atsteklar boshqa qabilalar oldidagi yuqori mavqelariga asosan harbiy zafarlari evaziga sazovor bo‘lganlar. Ko‘pincha ular dushmanlarni tutib olib xudolar uchun qurbonlik qilish maqsadlarida urush olib borishgan. Tirik odamlarni qurbonlik uchun so‘yish kabi vahshiy udumlar bu bosqichlardan olislab ketgan yevropaliklarni dahshatga solardi.

Atsteklar qabilasini yana boshqa nom bilan, ya’ni «meksiko» nomi bilan ham atashgan. Aynan shu so‘zdan yoki atsteklar xudolarining birining nomidan Meksika nomi paydo bo‘lgan. Atsteklarning rivoyatlarida hikoya qilinishicha, ular 1325 yilda, ya’ni Kolumb ilk bor hindularga ro‘baro‘ kelishidan 167 yil ilgari o‘z davlatlarining poytaxti — Tenochtitlanni qurishga kirishganlar. Keyinchalik u Lotin Amerikasining shimolidagi Ispaniya mustamlakalarining markaziga keyinchalik esa Meksika Respublikasining poytaxti — Mexikoga aylandi.

Atsteklar dastlab qayerdan kelib chiqqanligini hech kim bilmaydi. Afsona va rivoyatlarning ko‘rsatishicha ular asli shimol tarafdan kelganlar. Ehtimol ular Mexiko vodiysiga 12 yoki 13 asrlarda qadam qo‘yganlar. U paytlarda atsteklar o‘zlarini Tenokklar deb ataganlar. O‘sha paytda mazkur vodiyda yashagan va taraqqiyotning yuqori darajasiga erishgan, Tolteklar qabilasi ularni begona, varvarlar deb hisoblaganlar. Shu sababli atsteklarning yangi joyda qo‘nim topishlari nihoyatda mushkul kechgan, biroq vaqt o‘tishi bilan ular katta kuch-qudrat kasb etib, vodiyda yashaydigan boshqa qabilalarni o‘zlariga bo‘ysundirdilar.

1519 yilda ispaniyalik kapitan Fernando Kortes uncha katta bo‘lmagan armiyasi bilan atsteklarga hujum qildi. Uzoq davom etgan og‘ir janglardan so‘ng Kortes g‘alabaga erishdi. Keyinchalik ispanlar Meksikani o‘z imperiyalarining bir qismiga aylantirdilar.

Hatto, bugun bizning kunlarimizda ham Meksikada yashovchi amerikalik hindular atsteklar tilida gaplashadilar. Zamonaviy meksikaliklar ham o‘zlarining atsteklardan kelib chiqishlari bilan faxrlanadilar. Ular atsteklar turmush tarzining ko‘p jihatlarini saqlab qolganlar, masalan ovqatlarning turlari, kiyinish uslubi hali hanuz Ispaniya istilosiga qadar atsteklarda qanday bo‘lsa, shundayligicha saqlangan. Ayrim atstek so‘zlari nafaqat Ispaniyada qo‘llaniladi, balki ingliz tilining ham lug‘atini boyitg‘andir. Bu so‘zlar orasida — shokolad, tomat, koyod, avakado va boshqa ko‘plab misollarni keltirish mumkin.

Garchi qadimgi atsteklar imperiyasining qudrati bundan 400 yil muqaddam barbod etilgan bo‘lsada, hali-hanuz bu mamlakatning zamonaviy turmush tarziga ta’siri kuchlidir.