Nikolay Ilin (1950)

Toshkent davlat Universitetining filologiya fakultetini tugatgan. Toshkent jahon tillari universitetida rus tili o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan.
Hozirda “Prepodavaniye yazыka i literaturы” ilmiy jurnalining bo‘lim muharriri.
She’rlari “Drujba narodov”, «Zvezda Vostoka» jurnallarida, “Pod znakom oseni” (2005, Toshkent), “Malыy shelkovыy put” (Toshkent), «Kronos» (Daugavpils, Latviya) almanaxlarida chop etilgan.
2004 yili ilk she’riy to‘plami “Pervaya tetrad” nomida chop etilgan. 2005 yili “Po klavisham dushi”, 2006 yili “Na kochevyax vremen”, 2008 yilda “Obetovannaya pamyat”, 2010 yili “Po stopam listopada” to‘plamlari nashr etilgan.

SAMARQAND OQShOMI

Baland minoraga suyanib olis,
Ayvonlar ko‘k sari yoyganday qanot.
Moviy gumbazlarda soyalar nafis,
Sokin madrasalar aro xayolot.

Ko‘zlarim ergashar shahar, bog‘ tomon,
Yo‘l olgan shaffof nur, charog‘on tunga.
Ko‘rinib turadi yetti qat osmon,
Hali gumbazlarni qo‘shmadim bunga.

Oqshom chigirtkalar tinmas ovozi –
Lahzalarni sanar misli ashula.
Shahar uzra – mingyilliklar parvozi,
Taratmoqda yangi asrlar shu’la.

* * *

Uyg‘onib ketadi oy nurida tun,
Bulutli yalanglik, iliq yorug‘lik.
Borliqqa yoyilgan ohanglar beun,
Singdira boshlaydi ajib ulug‘lik.

Oydin qanotlarda uchgan kabi tush,
Maysalar tovlanar bog‘ni oralab.
Bilakuzuk taqqan yulduzlardan xush,
Kalomlar sachraydi bulut oralab.

* * *

Tog‘ ko‘lini bosadi mudroq,
Tushlarida salobatli tog‘.

Ko‘lda to‘lqin jim qotgan, behush,
Cho‘qqilarda havolar namhush.

Oq yelkanli ko‘m-ko‘k oynalar,
Qorliklardan sim-sim uchar zar.

Suv yuzida soyalar yengil,
Ey tund bulut, yer tomon egil.

Moviy-moviy hislar gulladi,
Ko‘zgularning yuzi ho‘llandi.

Hayajonga solib to‘lqinni,
Shamol yutib – yutolmas uni.

Ko‘l shamolin etmang xijolat,
Orzusida mangulik faqat.

BOG‘DA

“Qayda unsang, gulla!” – Gul, urug‘larning
Yashash shiorlari oddiy, sodda, jo‘n.
Subhidam nurida jimirlar betin
Oftob ko‘zlaridan sizgan sir, afsun.

Gul yuzida zarrin zarralar bugun
Otashlanar har bir gulbarglar bo‘ylab.
Quyoshli qadamlar taftida beun
Tongni xush kalomlar keladi siylab.

Kuz jilvasin ko‘rdim birinchi bo‘lib,
Eshigini ochdim – kunni yaratdim.
So‘ragim keladi yuragim to‘lib:
“Tangrim, meni buncha suyib yaratding?”

* * *

Kerak bo‘lsa sizga aylana
U chor – atrof kabi, ehtimol.
Tik oyoqli tsirkulni yana
Aylantiring takror, bemalol.

Istasangiz o‘sha aylana
Qiyosi yo‘q totga kirishin,
Qo‘lga oling olmani, ana –
Rang bermoqqa butkul kirishing.

ANHOR

Kuzgi mudroqlikda ko‘rkam saroylar,
Tanish ko‘chalaru maydon oralab.
Kun yarmida daryo jilmayar sokin
Har bir uy, binolar, har on oralab.

To‘lqinlar jimirlar, masrur, zalvorli,
Ranggi tiniq osmon ostida besas.
Oqayotir suvlar, soddadil, ochiq
Odamlarning qo‘li ishdan bo‘shamas.

Shox-shabba hashamdor, qirg‘oqqa qiya
Engashib keladi xiyobonlar jim.
Bu yo‘llar dilga o‘t qalaydi sim-sim –
Bolalikning olis xotiralari
Sog‘inch ohanggida oqqani sari.

Aylanib yugurar suvlar borliqda,
Aylanadi davr, yillar betinim.
Daryo mavjlariga singib ketadi
Tushimning, o‘ngimning izlari tilim.

Eski ko‘chalarga mehrini sochib
Ko‘priklar bosh uzra yengil uchadi.
Kirib kelayotgan kuz chog‘larida
Vazmin daraxtlardan uyqu ko‘chadi.

Bunda sovuq yegan zahil yaproqlar,
Men vaqtni orqaga surib, jo‘rovoz
Kuylayman anhor-la, eslaymiz olis
Xayoldan ko‘chmaydi qalbi olov yoz.

Rus tilidan Oygul Suyundiqova tarjimasi