Akutagava Ryunoske. Rasyomon darvozasi (hikoya)

1-tarjima

RASYoMO‘N DARBOZASI

Bu rutubatli oqshom chog‘i ro‘y berdi. Qaysidir bir qarol Rasyomo‘n darbozasi panasida yomg‘ir tinishini kutmoqda edi.
Darboza panasida qaroldan bo‘lak hech zog‘ yo‘q. Faqat bo‘yog‘i ko‘cha boshlagan yo‘g‘on ustundan chirildoq xonishi taralmoqda. Holbuki, Rasyomo‘n darbozasi ancha-muncha gavjum Suzzaku ko‘chasida joylashgan va uning panasida hozir boshiga itimegasa* hamda momiebosi* qo‘ndirgan yigirma chog‘li erkagu ayol bemalol yomg‘irdan panoh topishsa bo‘lardi. Shunga qaramay, qarol ayni dam yolg‘iz edi.
Buning boisi shunda ediki, keyingi ikki-uch yil davomida shahri azim Kiyotodan falokat arimadi — dam zilzila, dam kuchli dovul, dam yong‘in, dam ocharchilik tinmay qutqu solib turdi. Oqibat — poytaxt huvilladi-qoldi. Qadimiy bitiklarda yozilishicha, shu darajaga borib yetganki, odamlar avliyo-anbiyolarning haykallariyu ibodatxona anjomlarini urib sindirishgan, loklangan, tilla hal yuritilgan ustunlarni yo‘l chetiga chiqarib, o‘tin qilib sotishgan. Mana, qanday edi poytaxtda ahvol; shunday sharoitda Rasyomo‘n darbozasi holiga qarash kimning ham tushiga kirardi, deysiz?! Darbozaning butkul qarovsizligidan foydalanib, allaqachon tulkiyu bo‘rsiqlar in solib olishgan edi bu yerga. O‘g‘rilar shu yerda tunashardi. Borib-borib, tashlandiq murdalarni ham shu yerga keltirib uloqtirish odat tusiga kirdi. Quyosh tog‘ ortiga o‘tib yashiringach, bu yer allanechuk vahimali tus olar va darbozaga yaqin kelishga hech kas yurak betlamas edi.
Shu orada qayerdandir mo‘r-malaxdek yopirilib qarg‘alar paydo bo‘lishdi. Kunduz kunlari ular qag‘illagan ko‘yi darbozaning baland qayrilma tomi uzra gir-gir aylanishar, kechga borib, ufq feruza rangga kirgach, xuddi ko‘kka sochilgan kunjut donalari misol, aniq-tiniq ko‘zga tashlanishardi. Tayinki, ular darbozaning yuqori qavatidagi murdalarni cho‘qilash niyatida yelishardi. Biroq, ayni dam, vaqt allamahal bo‘lgani boismi, zulumot qarg‘alarni ham o‘z komiga tortgan edi. Faqat darz ketmish joylarida yo‘ng‘ichqa nish urmish yarim vayrona tosh zinalarning u yer-bu yeridagina qurigan qush tezagi oqarib ko‘zga tashlanardi. Qarol, egnida yuvilaverib o‘ngib ketgan ko‘k yaktak, zinaning eng yuqori — yettinchi pog‘onasida o‘tirgan ko‘yi hardamxayollik bilan yomg‘irga tikilar, har zamon-har zamon o‘ng yonog‘iga husn bo‘lib tushmish danakdek chipqonni silab-silab qo‘yardi.
Muallif yuqorida zikr etdikim: «Qarol yomg‘ir tinishini kutmoqda edi». Biroq, yomg‘ir tingan taqdirda ham, baribir boradigan joyining tayini yo‘q edi uning. Avvalgi davrlar bo‘lganida-ku, yomg‘ir tinishini ham kutmay, sohibinikiga jo‘nardi-ya. Lekin, bir necha kundirki, «ozod qush» u — pattasini qo‘liga tutqazgan sohibi. Shahri azim Kiyoto nihoyatda huvillab qolgani xususida to‘xtalgan edik, agar esingizda bo‘lsa. Sohibning, he yo‘q-be yo‘q, ko‘p yillar xizmatini qilmish qaroliga osongina pattasini tutqazishi shahardagi mavjud qarovsizligu parokandalikning arzimas bir ko‘rinishi edi, xolos. Shu bois, balki: «Qarol yomg‘ir tinishini kutmoqda edi», deyish emas, «Yomg‘ir darboza panasiga quvib kiritmish qarol qayerga borarini bilmay, mung‘ayib o‘tirardi», demoq joizroqdir. Ustiga ustak, havo ham mana bunaqa — diltang, xeyonlik* qarolning ko‘nglini ko‘targudek emas. Ko‘nglini ko‘tarish uyoqda tursin, kunning Maymun muddatidan* bu yog‘iga ezib yog‘ayotgan yomg‘ir hali-beri tinadiganga ham o‘xshamaydi. Xullas, qarol Suzzaku ko‘chasidan kelayotgan yomg‘ir shovqiniga quloq solmaslikka tirishib, uzuq-yuluq fikrlarini bir yerga jamlashga urinar, nima qilsam bu tashvishlardan qutularkanman, deb ertangi kun haqida qayg‘urardi.
Yomg‘ir darbozani enlab, shovullab yog‘ardi. Oqshom quyuqlashgani sayin osmon yerga enayotganga o‘xshar, pastdan qaragan kishiga ko‘kni enlamish qo‘rg‘oshindek og‘ir, qora bulutlarni faqat darboza tomi o‘zining baquvvat sopol qirrasi bilan tutib turgan kabi tuyulardi.
Ertangi kun haqidagi savollarga javob topmoq uchun esa u qadar bosh qotirishning hojati yo‘q edi. Bosh qotirsin, bosh qotirmasin — bu savollarga javob bitta: ertami, kechmi — yo ko‘cha-ko‘yda, yo biror tashlandiq devor tagida ochlikdan itday o‘lib ketadi u. Murdasini esa mana shu yerga, darbozaning yuqori toqiga keltirib uloqtirishadi. Bu haqda o‘ylamayin desa… qarolning xayollari istasa-istamasa baribir shu yoqqa ketar va aynan mana shu so‘qmoqdan oshib o‘tib, shu xotimaga kelib taqalardi. Bu haqda o‘ylamayin desa… Ushbu o‘ylar sirtmog‘idan xalos bo‘lish chorasi mavjudligini inkor etmas ekan, qarol bu iqror zamirida yashirin dahshatli haqiqatni ham tan olishga jur’at qilolmasdi: dod sol, yoqangni yul, yashab qolmoqlikning chorasi bitta — o‘g‘rilik ko‘chasiga kirmoq.
Qarol qattiq bir chuchkirib, horg‘in o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Salqin Kiyoto oqshomi etni shu qadar junjiktirardiki, kishini xayol beixtiyor issiq uy, yumshoq to‘shak sari olib qochardi. Darboza to‘sinlari orasida esa shamol tun bilan g‘uvillab o‘ynashardi. Loklangan qizil to‘sinlardan birida xonish qilayotgan chirildoq ham allaqachon iniga kirib ketibdi.
Qarol sariq rangdagi nimcha ustidan ko‘k kimono tashlangan tanasini o‘nglab, boshini yelkalari ichiga tortdi-da, atrofga alangladi: ko‘zdan yiroq, yomg‘irdan pana — mizg‘ib olishga o‘ng‘ay joy topilsa, tunni shu yerda o‘tkazsam ham bo‘larkan, deya xayolidan kechirdi u. Ne baxtki, shu fikr miyasidan o‘tgani hamon nigohi darboza uzra qad ko‘tarmish minoraga olib chiquvchi boshdan-oyoq qizil lok bilan qoplangan serbar zinaga tushdi. Yuqorida bir tirik zot yo‘q, faqat murdalar… Qarol belida osig‘liq qilichini qinidan otilib chiqib ketmasin uchun sopidan mahkam tutib, chipta kovushli oyog‘ini zinaning birinchi pog‘onasiga qo‘ydi.
Oradan bir necha daqiqa kechdi. Rasyomo‘n darbozasi uzra qad ko‘tarmish minoraga olib chiquvchi serbar zinaning qoq o‘rtasida mushukday g‘ujanak bo‘lib bir kimsa turar, nafasini ichiga yutgancha hadeb yuqoriga termulardi. Minoradan tushayotgan xira nur uning o‘ng yonog‘ini yoritmoqda edi. O‘sha, uzuq-yuluq ajin o‘rtasida yiring bog‘lagan danakdek yara yiltirayotgan xasta yonog‘ini. Zinaga qadam qo‘ymasidan, yuqorida murdalardan o‘zga hech zog‘ yo‘qligiga qarolning ishonchi komil edi. Biroq, ikki-uch pog‘ona hatlamay ilg‘adiki, yuqorida chiroq ushlagan kimdir bor, borgina emas, chirog‘ini ko‘tarib uyoqdan-buyoqqa yuribdi ham. Buni ilg‘ash u qadar qiyin kechmadi — xira sarg‘imtir yog‘du burchaklarini is qoplamish shift bo‘ylab tinmay sirpanardi. Bundayin rasvo-raddibalo oqshom Rasyomo‘n darbozasi boloxonasida chiroq yonayotgan ekan, demakki, bunda bir gap bor edi.
Qarol qumursqadek sassiz-sharpasiz o‘rmalab, nihoyat, so‘nggi pog‘onaga yetdi. Va butun vujudi bilan zinaga qapishib, bo‘ynini imkoni boricha ilgariga cho‘zib, qo‘rqa-pisa ichkariga nazar soldi.
Minorada, shahar ichra yeldek kezinayotgan mish-mishlarni tasdiqlab, murdalar tartibsiz qalashib yotardi. Xira miltilloq yog‘du hayhotday xonaning kichik bir laxtaginigina yoritayotgani bois, aynan qancha murda qalashib yotganini qarol farqlayolmadi. Elas-elas ilg‘agan narsasi shu bo‘ldiki, murdalarning ayrimlarigina libosda, ko‘pchiligi shir-yalang‘och edi. Tayinki, erkagu ayol murda aralash qalashib yotardi. Ularning barchasi qoq yerda, ming bir alfozda uzala qotgan, xuddi loydan yasalgan qo‘g‘irchoqlar misol qo‘llarini ikki yonga yozib, iyaklari bir qarich osilib yotishar, ko‘rgan kishi ularning qachonlardir o‘zlari kabi tirik mavjudot bo‘lganlariga shubhalanib qolishi hech gap emas edi. Tanalarining faqat bo‘rtiq qismi — yelka yo ko‘kraklarinigina yoritib, qolgan a’zolarini battar zulumotga chirmab namoyon etayotgan xasis miltilloq yog‘duga bandi bu o‘lik jonlar anqov gung misol jim — abadiy sukutda edilar.
Qarol mayit hididan nafasi qaytib, beixtiyor burnini bekitdi. Biroq, keyingi daqiqa qarshisida gavdalanmish manzara shu qadar uni hayratga soldiki, qarol dimog‘iga qo‘lansa hid urilayotganini ham unutib, angrayib qoldi.
Uning ko‘zlari murdalar orasida chordana qurib o‘tirgan gavdani ilg‘agan edi. Bu egniga xinoki* daraxtining po‘stlog‘i rangidagi kimono kiygan, odamdan ko‘ra ko‘proq maymunni eslatuvchi oriq, pakana, oqsoch bir kampir edi. U, o‘ng qo‘lida qarag‘ay moyiga botirilgan mash’ala, muk tushgancha hadeb murdalardan birining yuziga tikilardi. Yoyig‘liq uzun sochlariga qaraganda, bu ayol kishining mayiti edi.
Qarol qo‘rquv hamda qiziqishning zo‘ridan dam chiqarishni ham unutgandek edi go‘yo. Qadim solnomachilarning ta’biri bilan aytganda, u «tepa sochi tikka bo‘layotgani»ni-da yaqqol sezib turardi. Kampir esa qo‘lidagi qarag‘ay novdasidan qilingan mash’alni pol yorig‘iga suqib, boyadan buyon termulayotgan mayitining boshiga chang soldi-da, xuddi bolalarining kanasini terishga kirishgan maymun misol, murdaning uzun sochlarini bitta-bittalab yula ketdi. Mayit ancha turib qolganidanmi, kampir yulishga unchalik qiynalmasdi.
Mayitning boshidagi sochlar siyraklashgani sari, qarolning dilidan ham qo‘rquv arib borardi. Biroq, shu bilan birga uning yuragida kampirga nisbatan nafrat ham dam sayin o‘t olmoqda edi. «Kampirga nisbatan», desak, u qadar to‘g‘ri bo‘lmas-ov. «Yovuzlikning har qanday ko‘rinishiga nisbatan», desak, aniqroq bo‘lar. Bordi-yu, shu dam unga birov o‘zi bir necha daqiqa burun darboza zinasida o‘tirib, ustida bosh qotirayotgan o‘sha: «Ochlikdan o‘lmoq afzalmi, yoki o‘g‘irlik ko‘chasiga kirmoqmi?», degan savolni berguday bo‘lsa, u hech bir ikkilanishsiz o‘limni tanlardi. Yevuzlikka nisbatan nafrat uning dilida hozir pol yorig‘iga suqib qo‘yilgan anavi mash’aladan-da kuchliroq lovullamoqda edi.
Qarol, tayinki, kampir nima sababdan mayitning sochini yulayotganini tushunolmay garang edi. Inchunin, mantiqan fikrlaganda ham, yovuzlikmi bu, ezgu ishmi — qorong‘u bo‘lishi kerak edi unga. Biroq, qarol seryomg‘ir tun Rasyomo‘n darbozasi minorasida tashlandiq bir mayitning sochini yulishayotganining o‘ziniyoq dahshatli, yo‘l qo‘yib bo‘lmas yovuzlik, deb topdi. Albatta, bu qarorda to‘xtalarkan, u yaqindagina o‘zini o‘g‘irlikka urishni o‘ylab yurganini xayolining ko‘chasiga ham keltirmadi.
Nihoyat, qarol bor kuchini oyoqlariga jamlab turib ichkariga hatladi. Qilichining sopidan tutgancha gurs-gurs yurib kampirga yaqinlashdi. Kampir shunaqangi cho‘chib tushdiki, ta’rifiga hatto so‘z ojiz.
Qarolga ko‘zi tushgani hamon u xuddi sopqonga solib otilgan kabi sapchib turdi.
— To‘xta! Qayoqqa? — deya qichqirdi qarol murdalarga qoqilgancha qochishga tutingan kampirning yo‘lini to‘sarkan. Kampir jonhaybatda uni yo‘lidan itarishga urindi. Biroq qarol chayirlik qilib, uni siltab tashladi. Bir necha muddat ular bir-birlariga kanadek yopishib, mayitlar orasida olishib yotdilar. Biroq kim kimni yengishi olishuv boshidanoq tayin edi. Nihoyat, qarol kampirning qo‘llarini orqasiga qayirib, tagiga mahkam bosib oldi. Uning nimjon qoqsuyak qo‘llari tovuq panjalarini eslatar, sal qattiq tegilsa to‘kilib ketadigandek tuyulardi.
— Nima qilayotgan eding? Gapir. Agar aldasang, o‘zingdan o‘pkala!
Shunday deb qarol kampirni itarib tashladi-da, qilichini yalang‘ochlab, sovuq yiltiramish tig‘ini uning ko‘zlariga yaqin keltirdi. Biroq kampir lom-mim demadi. U tinimsiz yutinar, qoqsuyak qo‘llari xuddi sovuqda qolgandek dir-dir titrar, ko‘zlari kosasidan chiqqudek ola-kula bo‘lib ketgan, biroq shunga qaramay, hanuz jim edi. Faqat shundagina qarol kampirning taqdiri butkul o‘z qo‘lida ekanini angladi. Bu esa uning dilida gurillamish g‘azab otashini kishibilmas so‘ndirdi. G‘azab o‘rnini har qanday xayrli poyoniga yetmish ishdan so‘ng paydo bo‘luvchi mamnuniyat va halovat hissi egalladi. Oyoqlari ostida uzala tushmish kampirga kibr bilan tikilarkan, avvalgidan xiyla yumshoqroq ohangda:
— Shahar mirshabxonasiga aloqam yo‘q mening. Darboza yonidan o‘tib ketayotgan bir yo‘lovchiman, xolos. Seni hibs etish niyatim yo‘q aslo. Faqat ayt-chi, nima qilayotgan eding bu yerda bir necha daqiqa burun? — dedi.
Kampir qon nuqsi urmish qovoqlarini yirgancha, ko‘zlarini battar ola-kula qilib, qarolga tikilib qoldi. Shu turishda u o‘ljasidan pand yegan yirtqich qushni eslatardi. So‘ng, xuddi og‘zida nimaningdir ta’mini tuygandek, burni bilan deyarli qo‘shilib ketgan burishiq lablarini qimirlatdi. Ozg‘in bo‘ynida no‘xatday bir narsa otilib chiqqudek lorsillay boshladi. Qarolning quloqlariga qarg‘anikiga o‘xshash:
— Soch yulayotgandim… soch yulayotgandim… ulama soch uchun, — degan bo‘g‘iq, manqa tovush chalindi.
Butkul hafsalasi pir bo‘ldi qarolning. Bu qadar jo‘n bo‘ladi javob, deb sira o‘ylamagan edi u. Hafsalasi pir bo‘lgani barobar, dilida yengil nafratga omixta g‘azab ham qayta o‘t oldi. Kampir buni, chamasi, darrov ilg‘adi. Ilg‘adi-yu, qo‘lida hanuz murda boshidan yulib olinmish o‘sha bir tutam soch, vaqillay ketdi:
— Mayitning sochini yulish, balki, chindan ham xunuk ishdir. Lekin bu yerda yotgan murdalarning barchasi arziydi-da shunga. Ana, hozirgina men sochini yulgan o‘sha ayolni olaylik: u ilon tutib, ularni to‘rt sun*dan qilib bo‘laklardi-da, quritib, saroy soqchilariga qoqbaliq deb pullardi… Shu bilan tirikchilik qilardi. Vabodan to‘ng‘iz qo‘pmaganida, balki, hozir ham shu bilan kun kechirayotgan bo‘larmidi. Lekin rosa olchi edi-da oshig‘i, hamma maqtab-maqtab yerdi uning qoqbalig‘ini, soqchilar nuqul undan xarid qilishardi gazaklik. Lekin men sira ayol yomon ish qilardi deb o‘ylamayman. Shunday qilmasa, ochlikdan o‘lib ketardi, demak, beixtiyor shug‘ullanardi u bu bilan. Shuning uchun ham men xunuk ish qilyapman, deb o‘ylamayman, yo‘q! Axir, shunday qilmasam, men ham ochlikdan o‘lib ketaman, demak, beixtiyor qilyapman buni. Ishonchim komilki, ayol meni aslo aybga buyurmasdi — axir, ishga ixtiyorsiz qo‘l urish nimaligi oydek ravshan unga.
Mana nimalar dedi kampir.
Qarol uning gaplarini qilichini qiniga suqib, chap qo‘li bilan mahkam sopidan tutgancha sovuqqina tingladi. O‘ng qo‘li bilan esa, o‘z-o‘zidan ma’lum, yonog‘idagi danakdek chipqonni silab-silab turdi. Biroq tinglash davomida dilida jasoratga uyqash bir tuyg‘u ham tug‘ila bordi. O‘sha, unga darboza panasidalik chog‘i yetishmagan mardona tuyg‘u. Ayni mardonalik qarol uzra minoraga ko‘tarilib, kampirga tashlangan chog‘i hokimlik qilmish tuyg‘uning tamomila aksi edi. O‘g‘irlik ko‘chasiga kirsammikan, yo ochlikdan o‘lganim afzalroqmikan, deb ikkilanmasdi u bo‘lak; ikkilanmoq qayoqda, ayni dam ochligu o‘lim xayolidan shu qadar uzoqda ediki, bu fikr uning miyasida uchqunlashi ham biron qolipga sig‘masdi.
— Hali shunaqa degin? — dedi qarol kinoyaomuz, kampirning gaplari nihoyasiga yetgach. So‘ng bir qadam olg‘a tashladi-da, tuyqus qo‘lini yonog‘idan tushirib, kampirning yoqasidan oldi. — Unda seni tunasam, xafa bo‘lmaysan! Shunday qilmasam, men ham ochlikdan to‘ng‘iz qo‘paman.
Qarol bir tortib kampirning kimonosini yechib oldi. So‘ng jonhaybatda ko‘ylagining etagiga yopishmish kampirni bir tepib murdalar ustiga ag‘dardi. Zinagacha besh qadamlar bor edi. Qarol kampirdan yechib olmish xinoki daraxtining po‘stlog‘i rangidagi kimononi qo‘ltig‘iga qisdi-da, yugurgancha tik zinapoyadan qorong‘ulik bag‘riga kirib, g‘oyib bo‘ldi…
Ko‘p o‘tmay murdalar ustida o‘likday tosh qotib yotgan kampir ham o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Egnida hech vaqo yo‘q, bir nimalar deb ming‘irlabmi, yig‘labmi, hanuz miltillayotgan mash’ala yorug‘ida zinaga dovur emaklab keldi. So‘ng kalta oq sochlarini peshonasigacha osiltirib, pastga qaradi. Darboza, uning tegrasi butkul zulumot qa’rida edi.
Qarol shu bo‘yi nom-nishonsiz ketdi.

To‘xtamurod Rustamov tarjimasi
“Yoshlik” jurnali, 1991 yil, 5-son

________________
Itimegasa — qadimda ayollar kiygan soyabonli poxol qalpoq.
Momiebosi — qadimiy erkaklar bosh kiyimi.
Xeyon — Kiyoto shahrining qadimgi (794—1192y. y.) nomlanishi.
Kunning Maymun muddati — qadimgi Burjiy vaqt hisobiga ko‘ra, soat kunduzgi 3—5 lar chamasi.
Xinoki — och jigarrang po‘stloqli daraxt.
Sun — 3,3 santimetrga teng uzunlik o‘lchovi.

2-tarjima

RASYoMON DARVOZASI

Bu voqea bir kuni kechga yaqin sodir bo‘ldi. Bir xizmatkor Rosyomon darvozasi tagida yomg‘ir tinishini kutardi.
Keng darvoza oldida undan bo‘lak hech kim yo‘q edi. Faqatgina har — har yerida qizil bo‘yoqlari ko‘chgan yo‘g‘on, yumaloq ustunda chigirtka turardi. Vaholanki, Rosyomon darvozasi gavjum Sudzaku ko‘chasida joylashgan, bu yerda yomg‘irdan qochib, bir necha itimegasa* va momiebosi* kiygan ayollar va yigitlar ham o‘tirishi mumkin edi. Shunga qaramay, xizmatkordan boshqa birov ko‘rinmasdi.
Bu holatni shunday izohlash mumkin: oxirgi ikki — uch yil ichida Kioto ustiga birin — ketin zilzila, bo‘ron, yong‘in, ocharchilik kabi ofatlar yog‘ildi. Oqibatda poytaxt huvillab qoldi. Tarixiy manbalarda hikoya qilinishicha, shu darajaga yetishdiki, Budda haykallarini, muqaddas buyumlarni sindirib, loklangan, oltin suvi yurg‘izilgan yog‘ochlarni yo‘l chetiga uyub, o‘tin qilib sotishdi. Poytaxtda ahvol shunaqa edi, shu sababli, Rosyomon darvozasining taqdiri tabiiyki, hech kimni qiziqtirmasdi. Uning tashlandiqligidan foydalanib, bu yerda tulkilar, bo‘rsiqlar yashardi. O‘g‘rilar yashardi. Oxir — oqibat, hatto egasiz o‘liklarni keltirib tashlash odatga aylandi. Quyosh botgan mahalda bu yer vahimali tusga kirar, darvoza yaqiniga yo‘lashga hech kimning yuragi betlamasdi.
Ammo qayerdandir son — sanoqsiz qarg‘alar to‘planishardi. Kunduzi ular tomning uchi qayirilgan baland xarisi ustida qag‘illashib aylanishardi. Kechga tomon, darvoza tepasida osmon shafaq nurlaridan yolqinlangan payt, qushlar uning ustida xuddi sepib qo‘yilgan kunjut donalariday bir tekis yoyilishardi. Turgan gap, qarg‘alar darvozaning yuqori qavatidagi o‘liklarni cho‘qish uchun uchib kelishardi. Har qalay, bu safar, kech kirib qolgani uchun bo‘lsa kerak, birorta qarg‘a ko‘rinmasdi. Faqatgina yarim xaroba, yoriqlaridan baland o‘tlar o‘sib chiqqan tosh zinaning har — har yerida qurib qolgan qush tezaklari yotardi. Xizmatkor uniqib ketgan ko‘k kiyimda, zinaning eng yuqori, yettinchi pog‘onasida o‘tirar, bekorchilikdan o‘ng yuziga chiqqan chipqonni paypaslab, yomg‘irga parishon termilardi.
Muallif yuqorida: «Xizmatkor yomg‘ir tinishini kutardi», deb yozdi. Aslida esa, yomg‘ir tingan taqdirda ham, xizmatkorning boradigan joyi yo‘q. Boshqa payt u albatta xo‘jayinning uyiga qaytgan bo‘lardi. Ammo bir necha kun oldin o‘sha xo‘jayin uni ishdan bo‘shatdi. Avval aytib o‘tilganidek, u paytlar Kioto har har qachongidan ko‘ra huvillab qolgandi. Alhol, xo‘jayinning ko‘p yillar o‘z qo‘li ostida ishlagan xizmatkorini bo‘shatishi, shunchaki yoppasiga kelgan falokatning bir qismi edi xolos. Shuning uchun, «Xizmatkor yomg‘ir tinishini kutardi» emas, balki «Yomg‘irdan darvoza panasiga qochgan xizmatkor adashgan kimsaday qayoqqa borishini bilmay o‘tirardi», deyish, ehtimol o‘rinliroq bo‘lar. Shu tobda ob — havo ham bu xeyanlik xizmatkorning kayfiyatini rasvo qilayotgandi. Maymun soatining oxiridan boshlab yog‘ayotgan yomg‘irning hali — beri tinadigan siyog‘i yo‘q. Xizmatkor bariga qo‘l siltab, loaqal ertangi kunini yashash, boshqacha aytganda, hech kelishmayotgan ishlarini yo‘lini topib kelishtirish haqidagi tarqoq o‘ylarini qayta — qayta jamlashga urinarkan, Sudzaku ko‘chasiga yog‘ayotgan yomg‘irning shovqinini eshitib eshitmasdi.
Yomg‘ir uzoqdan, cho‘ziq shitirlash bilan darvoza atrofiga kelib urilardi. Qorong‘ulashayotgan osmon tobora pastlashib kelar, agar yuqoriga qaralsa, darvozaning cherepitsali tomi og‘ir, qop — qora bulutlarga tegib turganday tuyulardi.
Hech kelishmayotgan narsani kelishtirish uchun, moddiy imkoniyat bilan hisoblashish befoyda. Agar hisoblashilsa, bitta yo‘l qoladi — devor tagida yoki ko‘chada ochlikdan o‘lish. Keyin esa o‘ligingni shu yerga keltirib, darvozaning yuqori qavatiga itday tashlab ketishadi. Agar hisoblashilmasa…xizmatkor har safar bu haqda o‘ylarkan, uning o‘ylari doim bir narsaga borib taqalardi. Ammo o‘sha «agar» oxir — oqibat avvalgiday «agar»ligicha qolayotgandi. Xizmatkor moddiy imkoniyat bilan hisoblashmaslik mumkinligini tan olgani holda, o‘sha «agar»dan kelib chiqayotgan, istasang, istamasang o‘g‘rilik qilishga majbursan, degan xulosani amalda qo‘llashga jur’ati yetmasdi.
Xizmatkor qattiq aksirdi va horg‘in qo‘zg‘aldi. Kiotoda kechki payt sovuq kuchli edi. Shu tobda pechka xush yoqqan bo‘lardi. Shamol qorong‘ulik bilan birga darvoza ustunlari orasida bemalol izg‘ib yurardi. Qizilga bo‘yalgan ustunda o‘tirgan chigirtka allaqachon qayoqqadir g‘oyib bo‘lgandi.
Sariq ichki kamzul ustidan ko‘k kimono kiygan xizmatkor bo‘ynini yelkalari orasiga qisib atrofga alangladi: agar bu yerda yomg‘irdan berkinib, odamlar ko‘rib qolishidan qo‘rqmay, xotirjam uxlab olish uchun joy topilsa, tunab qolsam bo‘ladi, deb o‘yladi u. Shu payt uning ko‘zi darvoza tepasidagi minoraga chiqiladigan qizil bo‘yoq surtilgan zinaga tushdi. Yuqorida o‘liklar bo‘lishi mumkin xolos. Xizmatkor kamariga osig‘liq qilichini qindan sug‘urilib ketmasligi uchun tutganicha, zinaning birinchi pog‘onasiga oyoq qo‘ydi.
Oradan bir necha daqiqa o‘tdi. Rosyomon darvozasining minorasiga olib chiqadigan keng zina o‘rtasida mushukday harakatlanayotgan qandaydir odam damini ichiga yutib, yuqori qavatga tikilardi. Minoradan tushayotgan yorug‘lik uning chipqon chiqqan o‘ng yuzini g‘ira-shira yoritardi. Xizmatkor dastlab minorada faqat o‘liklar borligiga ishonchi komil edi. Ammo ikki — uch pog‘ona ko‘tarilgach, yuqorida kimdir chiroq yoqib o‘tirganiga amin bo‘ldi. Yorug‘lik goh u, goh bu tomonga yo‘nalayotgandi. Xira, sarg‘ish nur tebranganicha, burchaklariga o‘rgimchak to‘r tortgan shift bo‘ylab sirg‘alayotgani darhol ko‘zga tashlanardi. Shunday yomg‘irli kechada Rosyomon darvozasi minorasida o‘t yonib turishi oddiy hol emasdi.
Xizmatkor xuddi kaltakesakday sassiz, deyarli o‘rmalab, nihoyat zinaning oxirigacha ko‘tarildi. Keyin butun tanasi bilan zinaga qapishgancha, bo‘ynini cho‘zib, minora ichiga hadiksirab nazar tashladi. Mish-mishlar rost bo‘lib chiqdi, ichkarida ko‘plab o‘liklar tartibsiz qalashib yotardi. Biroq nur xonani butunlay yoritmayotgani uchun, xizmatkor ularning qanchaligini aniqlay olmadi. Nimqorong‘ulikda u ba’zi o‘liklarning kiyimi borligi, ba’zilari esa yalang‘ochligini farqlay oldi xolos. Erkaklar va ayollar jasadi aralash, barisi mudhish holatda, jag‘lari osilgan, qo‘llarini kerib, xuddi loydan yasalgan qo‘g‘irchoqlarday yotishar, ularning qachondir tirik odamlar bo‘lganiga ishonish qiyin edi. Xira nur bo‘rtgan a’zolar — ko‘krak va yelkalarni yoritayotganidan, tanalarning botiq qismlariga tushayotgan soya battar qorayib ko‘rinar, ular soqovlarday sassiz, manguga sukutga ketishgandi.
Murdalarning hididan xizmatkor beixtiyor burnini berkitdi. Ammo bir soniyadan keyin burnini berkitish kerakligini ham unutib yubordi; hayratning zo‘ridan u qo‘lansa hidni ham sezmay qo‘ygandi.
Ayni o‘sha lahzada uning ko‘zlari murdalar orasida cho‘nqayib o‘tirgan kimsani ilg‘agandi. U xinoki daraxti po‘stlog‘i rangidagi kimono kiygan, pakana, cho‘pday oriq, oqsoch, maymunga o‘xshagan kampir edi.
O‘ng qo‘lida yonayotgan qarag‘ay payrahasini tutgancha, u o‘liklardan birining yuziga diqqat bilan tikilardi. Uzun sochlariga qaraganda bu ayol kishining jasadi edi.
Xizmatkor qo‘rquv va qiziquvchanlikdan hatto nafas olishni ham unutganga o‘xshardi. Qadimgi solnomanavis ta’biri bilan aytganda, u o‘zini «bosh terisi shishayotganday» his qildi. Bu orada kampir yonayotgan payrahani pol taxtalari orasiga qistirib, ikkala qo‘lini o‘sha, sinchiklab ko‘zdan kechirayotgani o‘likning boshi tomon cho‘zdi va bolasining bitini terayotgan maymun singari timirskilanib, uzun sochlarni birin — ketin yula boshladi. Ko‘rinishidan ular osongina yulinayotgandi.
Kampir soch tolalarini yulgani sayin, xizmatkorning yuragidagi qo‘rquv asta — sekin chekina bordi. Uning o‘rnida kampirga nisbatan cheksiz nafrat qo‘zg‘alayotgandi. Yo‘q, kampirga nisbatan deyish, albatta unchalik to‘g‘ri emas. Aniqrog‘i, uning qalbida daqiqa sayin, har qanday yovuzlikdan jirkanish hissi kuchayib borardi. Agar shu tobda kimdir unga, pastda, darvoza zinasida o‘tirib o‘ylaganidek, ochlikdan o‘lish, yoki o‘g‘rilik qilishdan birini tanla, desa, hech ikkilanmay, ochdan o‘lishni tanlagan bo‘lardi. Uning qalbida yovuzlikka nisbatan nafrat xuddi pol tirqishiga qistirilgan qarag‘ay payrahasiday alanga olayotgandi.
Kampir nima uchun murdaning sochini yulayotganini xizmatkor tabiiyki bilmasdi. Bu ishning ezgulik yoki yovuzlik ekanini ham, harchand bosh qotirmasin aniqlolmadi. Ammo yomg‘irli bir tunda, Rosyomon darvozasi minorasida o‘likning sochini yulishayotganining o‘ziyoq, xizmatkorning nazarida kechirib bo‘lmas yovuzlik edi. Aftidan, u o‘zining boyagina o‘g‘rilik qilish haqida o‘ylaganini ham mutlaqo unutgandi.
Nihoyat, xizmatkor bir sakrab, o‘zini zinadan ichkariga urdi. Qilichining sopidan tutgancha,katta-katta qadam tashlab, kampirga yaqinlashdi. Bundan kampirning o‘takasi yorilay dedi.
U xizmatkorga ko‘zi tushgan zahoti o‘qday sapchib o‘rnidan turdi.
– To‘xta! Qayoqqa? — qichqirdi xizmatkor, murdalarga o‘ralashib, sarosima ichida qochishga chog‘langan kampirning yo‘lini to‘sarkan. Kampir uning qo‘lidan qutulishga urinib ko‘rdi. Xizmatkor uni qo‘yib yubormay orqasiga itardi. Birmuncha vaqt ular bir — birlariga yopishgancha, o‘liklar orasida so‘zsiz olishishdi. Ammo kim ustun kelishi avvaldan ma’lum edi. Axiyri, xizmatkor kampirning qo‘llarini qayirib polga yotqizdi. Uning qo‘llari qoq suyak va teridan iborat, xuddi tovuqning oyoqlariga o‘xshardi.
– Nima qilayotganding? Gapir, yo‘qsa pushaymon bo‘lasan!
Xizmatkor kampirni itarib, qilichini qindan sug‘urdi va yarqirab turgan tig‘ni uning yuziga yaqinlashtirdi. Biroq kampir jim edi. Qo‘llari qaltirab, bo‘g‘ilib, ko‘zlari kosasidan chiqquday baqrayib, o‘jarlik bilan soqovday jim turardi.
Shundagina xizmatkor bu kampirshoning hayoti butunlay o‘zining qo‘lida ekanini aniq — tiniq idrok etdi. Bu mulohaza beixtiyor uning qahrini so‘ndirdi. Faqatgina omadli yakun topgan har qanday ishdan keyin bo‘ladigan xotirjamlik va qoniqish hissi qoldi xolos. U kampirga yuqoridan nazar solgancha, endi yumshoq ohangda so‘zladi:
– Men shahar posbonligida xizmat qilmayman. Men sayohatchiman, shu tobda darvoza yonidan o‘tayotgandim. Seni hibsga olmoqchi emasman. Faqat menga ayt, hozir minorada nima qilayotganding?
Kampir ko‘zlarini yanada kattaroq ochdi. Shusiz ham baqraygan, qovoqlari qizargan ko‘zlari yirtqich qushning o‘tkir nigohi bilan xizmatkorning yuziga qadaldi. Keyin esa ajin bosgan lablarini qartayib osilib qolgan burni bilan birga chaynalayotganday qimirlatdi. Qiltiriqday bo‘ynida turtib chiqqan kekirdakning harakatlanayotgani ko‘rinib turardi. Uning tomog‘idan qarg‘aning qag‘illashiday hirqiroq tovush xizmatkorning qulog‘iga yetib bordi:
– Soch yulayotgandim…soch yulayotgandim…ulamasoch uchun.
Kampirning javobi o‘zi kutganidan farqli o‘laroq, o‘ta oddiy bo‘lib chiqqanidan xizmatkorning hafsalasi pir bo‘ldi. Shu bilan birga uning qalbida qahr aralash jirkanish hissi qaytadan bosh ko‘tardi. Aftidan kampir buni payqadi. Murdaning boshidan yulib olingan uzun soch tolalarini hanuz qo‘lida tutganicha javray ketdi:
– To‘g‘ri, o‘liklarning sochini yulish, ehtimol gunoh ishdir. Biroq bu yerda yotgan o‘liklar bari shunga loyiq. Loaqal manavi, men sochini yulayotgan ayolni olib ko‘r: u ilonni to‘rt sunlik bo‘laklarga bo‘lib quritar, keyin esa saroy posbonlariga quritilgan baliq deb pullardi… Shu bilan tirikchilik qilardi. Vaboga chalinib o‘lmaganida hozir ham shunday yashayverardi. U sotadigan baliq mazali deyishardi va posbonlar uni doim gazak uchun xarid qilishgan. Faqat, men u gunoh ish qilgan deb o‘ylamayman. Shuni qilmasa, ochlikdan o‘lardi, demak majburlikdan qilgan. Shunday ekan, men ham o‘zimni gunohkor hisoblamayman, yo‘q! Axir, shusiz men ham ochlikdan o‘laman, demak men ham majburlikdan qilyapman. O‘sha ayol majburlikdan qilish nima ekanini yaxshi bilardi, o‘ylaymanki, u meni ayblamagan bo‘lardi.
Xizmatkor qilichini qiniga joylab, chap qo‘lini uning sopiga qo‘ygancha, kampirning hikoyasini sovuqqonlik bilan eshitdi. Uning o‘ng qo‘li bu orada yuzidagi chipqonni siypalardi. Kampirning so‘zlarini tinglarkan, uning qalbida boyagina, darvoza zinasi ustida o‘tirganida yetishmayotgan bir jasorat uyg‘ondi. Bu holat, biroz avval minoraga ko‘tarilib, kampirni tutib olgan paytidagi kayfiyatiga tamoman qarama — qarshi edi. U ochlikdan o‘lish yoki o‘g‘rilik qilish borasida ortiq ikkilanmasdi. Shu tobda u ochlikdan o‘lish fikridan shunchalar yiroq ediki, bu narsa hatto uning xayoliga ham kelmasdi.
– Demak, shunaqa degin, — kulimsiradi u, kampirning hikoyasi oxiriga yetgach. Keyin oldinga bir qadam tashladida, to‘satdan kampirning yoqasini g‘ijimlab o‘shqirdi: unda men seni tunab ketsam, o‘pkalama! Aks holda men ham ochlikdan o‘lishimga to‘g‘ri keladi.
Xizmatkor uning egnidagi kimononi yulqib oldi. Keyin etagiga yopishib olgan kampirni tepib murdalar ustiga ag‘anatdi. Tortib olgani, xinoki daraxti po‘stlog‘i rangidagi kimononi qo‘ltig‘iga qistirib, tik zinadan pastga, qorong‘ulik qo‘yniga o‘qday uchib ketdi.
Avvaliga o‘likday harakatsiz yotgan kampir, xizmatkor ketgach, bir zum o‘tib, yalang‘och holida murdalar ustidan qo‘zg‘aldi. Yig‘lamsirab ming‘irlagancha, hali ham yonib turgan payraha yorug‘ida sudralib eshik oldiga keldi. To‘zg‘ib yotgan kalta, oq sochlari peshonasi ustiga osilgunga qadar engashib pastga qaradi. Tashqarida vahimali zulmat hukmron edi.
Xizmatkor o‘shandan buyon izsiz yo‘qoldi.

Shuhrat Shokir tarjimasi
________________________
* Itimegasa — Kiotoda rasm bo‘lgan qadimiy ayollar shlyapasi.
** Momiebosi — erkaklarning yumshoq shapkaga o‘xshash qadimiy bosh kiyimi.

3-tarjima

RASYoMON DARVOZASI

Bu voqea kunlarning birida kechga tomon yuz bergandi. Qandaydir xizmatkor Rasyomon darvozasi tagida yomg‘ir tinishini kutib turardi.
Haybatli darvoza tagida undan bo‘lak hech zog‘ ko‘rinmasdi. Faqat u yer-bu yerida qizil sirti ko‘chgan yumaloq, zalvorli ustunda birgina chigirtka o‘tirardi, xolos. Bu darvoza serqatnov ko‘cha Syudzyaku yaqiniga qurilgan, shu bois, odatda, ayollaru erkaklar, yigitlar, hatto aravalargacha shu yerda yomg‘ir tinishini kutib, jon saqlashardi. Ammo shunga qaramay, hozir bu yerda xizmatkordan bo‘lak hech zog‘ ko‘rinmas edi.
Bunga bir chekkasi keyingi ikki-uch yil ichida Kiotoda yuz berayotgan tabiiy ofatlar, ocharchilik, yong‘inlaru yer silkinishlari sabab edi, albatta. Mana endi poytaxt ham rosa huvillab qoldi.
Ko‘hna yilnomalardan ma’lum bo‘lishicha, o‘sha davrlarda odamlar Budda haykallariyu, muqaddas buyumlarni sindirishdan ham toyishmagan. Ularni bir uyum qilib ko‘chaga to‘kib, loklangan, ustidan tilla suvi yuritilgan romlarni o‘tinga almashtirishgan ekan.
Darvoza atrofi tashlandiq bo‘lib qolganidan foydalanib, bu yerni tulkiyu bo‘rsiqlar oshyon etishgandi. O‘g‘rilar uchun ham boshpanaga aylangandi bu joy. Nihoyat, ish shu darajaga borib yetdiki, odamlar egasiz mayitlarni shu yerga tashlab ketadigan bo‘lishdi. Quyosh botgach, bu yer juda vahimali ko‘rinar, shu bois ham darvozaga yaqinlashgani hech kimning yuragi dov bermasdi. Ammo gala-gala quzg‘unlar bu yerga uchib kelishdan cho‘chimasdi sira. Kunduzi ular qag‘illagancha shu atrofda uchib yurar, quyosh botib, ufq shafaq tusiga kirishi bilan qushlar sochilib yotgan kunjut urug‘iday yaqqol ko‘zga tashlanardi.Sir emaski, quzg‘unlar darvoza tepasidagi sahnda yotgan mayitlarni cho‘qigani kelardi. Zotan, bu safar vaqt allamahal bo‘lib qolgani tufayli ularning birontasi ham ko‘rinmasdi. Faqat yarmi nurab, yoriqlar orasini o‘t-o‘lan qoplagan zinalarda qarg‘alarning qotib qolgan najasi ko‘zga tashlanardi. Xizmatkor esa yuvilgan, tozagina ko‘k kiyimda, eng yuqorigi, yettinchi zinada o‘tirar, o‘ng yuziga chiqqan yarani siypaganicha, yomg‘irga hayronlik bilan tikilib turardi. Ammo yomg‘ir to‘xtagan taqdirda ham sho‘rlik xizmatkorning borar joyi yo‘q edi. Oddiy payt bo‘lganida-ku, u xojasining yoniga qaytardi-ya… Biroq xo‘jayini ikki-uch kun ilgari uni ishdan bo‘shatgandi.
Kiotodan odamlar bosh olib ketgani tufayli ham u necha yillardan beri shu xonadonga xizmat qilishiga qaramay, ishdan bo‘shatilgandi. Bu ko‘ngilsizlik yuqoridagi hodisalarning mantiqiy davomi edi, xolos. Shu bois xizmatkorni bu yerga yomg‘ir quvib kelmagandi. Yomg‘irda rosa bo‘kkan yigit Rasyomon darvozasi ichida qayerga borarini bilmay hayronlikda o‘tirardi. Ustiga-ustak, manavi mijg‘ov ob-havo ham yig‘loqi tuyg‘ularni chertar, anchadan beri yog‘ayotgan yomg‘ir tina qolmayotgandi. Tinishidan darak ham yo‘q. Mana xizmatkor bo‘lsa, alog‘-chalog‘ xayollarga botgancha hammasiga tupurishni istardi. Hech bo‘lmaganda u ertangi kunni qanday o‘tkazishni o‘ylayotgandi. Boshqacha qilib aytganda, sira yurishmayotgan ishni yurishtirishni istar, quloq solmasa ham, Syudzyaku ko‘chasida sharros quyayotgan yomg‘ir shundoq eshitilib turardi.
Yomg‘ir darvozani suvga bo‘ktirib, sharillab yog‘gancha uzoq-uzoqlardan bostirib kelayotganday edi. Kech kirib qolgan, bundan osmon yanada past tuyular, go‘yoki darvoza tomi og‘ir, qop-qora bulutlarga bir uchi bilan tegib turganday edi.
Ha, yurishmayotgan ishni yurishtirish uchun avval cho‘ntak kavlab ko‘rish lozim. Ammo bunga hojat qolmagandi. Agar buni hisobga oladigan bo‘lsak, sho‘rlik xizmatkor, ko‘chadami, devor tagidami, ochdan o‘lishi kerak. Keyin esa uning jasadini itday qilib bu yerga sudrab kelishadi-da, darvozaning yuqori qismiga itqitishadi. Agarda bu hisobga olinmasa… u chindanam necha bora bu haqda o‘yladi. Miyasi g‘ovlab ketguncha o‘yladi. Ammo har safar masala bir narsaga borib taqaladi. “Agar” esa “agarligicha” qolaveradi. Ochig‘ini aytganda, xizmatkor pulni hisobga olmagan taqdirda nima bo‘lishini o‘ylashga cho‘chiyotgandi. Ana shu “agar”ga quloq tutadigan bo‘lsa, tabiiyki, u o‘g‘irlik qilishi kerak. Buni esa tan olishni istamayotgandi…
Xizmatkor qattiq aksirdi va horg‘ingina o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Kiotoda kechqurun izg‘irin turar, shu bois, odam issiqqina pechkani o‘ylab qolardi. Shamol qorong‘ulik bilan birga darvoza ustunlari oralab emin-erkin esaverardi. Qizil, loklangan ustunda o‘tirgan chigirtka ham qayoqqadir g‘oyib bo‘libdi.
Xizmatkor ko‘k kimono ustidan, sarg‘ish nimcha ilib olgandi. U sovuq yeb, bo‘ynini qisgancha atrofga nazar tashladi: qani endi shu yerda yomg‘ir tazyiqidan, begona ko‘zlardan panada to‘yib uxlashga joy bo‘lsa, shu yerda qola qolardi, o‘yladi u. Baxtidan bo‘lib, minoraga olib chiquvchi kenggina, qizil rangda loklangan zinapoyaga ko‘zi tushdi. Tepada odamlar bo‘lgan taqdirda ham faqat o‘liklar ekani aniq. U beliga osib olgan qilichi qinidan chiqib ketmasligi uchun uni ushlagancha ehtiyotkorlik bilan zinaga qadam qo‘ydi.
Oradan bir necha daqiqa vaqt o‘tdi. Bu paytda Rasyomon darvozasi minorasiga olib chiquvchi keng zinada mushukday ikki bukchayib, nafasini ichiga yutganicha, bir odam qo‘rqa-pisa yuqorigi qavatni ko‘zdan kechirardi. Minoradan tushayotgan xira yorug‘lik uning o‘ng yuzini yoritib turardi. Xuddi shu yuzidagi qip-qizil, yiringli husnbuzar kalta soqollari orasidan ko‘zga tashlanardi. Avvaliga u tepada mayitlardan bo‘lak hech kim yo‘qligiga amin edi. Ammo ikki-uch zina yuqori ko‘tarilgach, u yerda chiroq yoqqan bir odam yurganini angladi, ustiga-ustak, sarg‘imtir xira nur bir o‘ngga, bir so‘lga og‘ar, bu bir qarashdayoq ko‘zga tashlanar va o‘rgimchak in solib tashlagan shiftlarni ham yoritib yuborardi. Agar shundoq yomg‘irli tunda, Rasyomon darvozasida chiroq yonyaptimi, demak, bu bejiz emas.
Xizmatkor ovoz chiqarmay, kaltakesakday o‘rmalagancha zinaning eng yuqorigi pog‘onasiga chiqdi-da, bo‘ynini cho‘zib, qo‘rqa-pisa ichkariga ko‘z tashladi.
Minorada mish-miщlarda aytilgani kabi, mayitlar betartib cho‘zilib yotar, chiroq ozgina joyni yoritgani uchun u yerda qancha o‘lik borligini xizmatkor anglolmasdi. U shu narsani bildiki, murdalarning birisi yalang‘och, boshqasi kiyimda edi. Tabiiyki, ayolu erkak mayit aralash-quralash, ustiga-ustak, qanday tashlab ketilgan bo‘lsa, o‘sha ahvolda, qo‘llari yozilgan, jag‘lari ochiq holda yotishar, shu turishda ular loydan yasalgan qo‘g‘irchoqni eslatar, ularning bir paytlar tirik odam bo‘lishganiga hatto shubha qilardi, kishi.
Murdalarning qo‘lansa hididan xizmatkor nogahon burnini qisdi. Ammo oradan lahza o‘tmay, u shu qadar hayratga tushdiki, hatto hid bilish qobiliyatini ham yo‘qotayozdi.
Faqat shundagina murdalar orasida cho‘kkalab o‘tirgan odam sharpasini ilg‘adi. Bu oriqqina, past bo‘yli, maymunga o‘xshash kampir bo‘lib, xinoki daraxti rangida kimono kiyib olgandi. U qo‘lida chiroq tutgancha, bir murdani ko‘zdan kechirayotgandi. Aftidan, bu ayol kishining murdasi edi shekilli, uzun sochlari to‘zg‘ib yotardi.
Xizmatkor ham qo‘rquv, ham azbaroyi qiziqqanidan, hatto nafas olishni ham unutib qo‘ydi. Solnomachilarning iborasi bilan aytganda u “bosh terisi shishib ketayotganini” his qildi. Bu orada kampir chirog‘ini o‘sha yerdagi pol yorig‘iga qistirdi-da, ikki qo‘lini murdaning boshi tomon cho‘zdi. Keyin go‘yo bolasining bitini titgan maymunday, birma-bir soch tolalarini yula boshladi. Ular osongina tortilib chiqardi, shekilli.
Ayolning soch yulishini kuzatarkan, xizmatkor yuragidagi qutqu bosildi. Ayni chog‘da unda kampirga nisbatan mislsiz nafrat uyg‘ondi. Zotan, “kampirga” deb aytsak, uncha to‘g‘ri bo‘lmas. Daqiqa sayin umuman yovuzlik atalmish hamma narsadan jirkana boshlagandi u. Agar ayni shu damda undan birov boyagi, zinapoyada o‘tirib o‘ylagan narsalarini ya’ni ochlikdan o‘lish afzalmi yoki o‘g‘rilik qilishmi, deb so‘raganida, u hech ikkilanmay o‘lishni tanlagan bo‘lardi.
Tabiiyki, xizmatkor kampir murdaning sochlarini nega yulayotganini tushunmayotgandi. Demakki, u mantiqiy fikrlar, buning yaxshi yoki yomonligini ham bilmasdi. Ammo xizmatkor uchun yomg‘irli tunda, Rasyomon darvozasi minorasida murdaning sochlarini yulishayotgani, shuning o‘ziyoq mislsiz yovuzlikday tuyulardi. Albatta, u hozirgina o‘zi ham o‘g‘irlikka qo‘l urish haqida o‘ylaganini mutlaqo unutgandi.
Nihoyat, xizmatkor oyoqlariga kuch berib, bir sakrab ichkari o‘tdi. Qilich dastasidan tutgancha katta-katta qadam tashlab, zumda kampirning qoshida paydo bo‘ldi. Tabiiyki, kampir juda qo‘rqib ketdi. Xizmatkorni ko‘rishi bilan to‘pdan otilganday sapchib o‘rnidan turdi.
— To‘xta! Qayoqqa? — xizmatkor murdalarga qoqilib-suqilib qochmoqqa shaylangan kampirning yo‘lini to‘sgancha, shunday deb valaqladi. Shunga qaramay, kampir uni itarib yubormoqchi bo‘ldi. Ammo xizmatkor uni qimirlashga qo‘ymadi va kampirning o‘zini orqaga itarib yubordi. Ikkovi murdalar orasida, sukut saqlagancha birmuncha fursat rosa olishishdi. Zotan, bunda kimning qo‘li baland kelishi avvalboshdanoq ma’lum edi. Nihoyat, xizmatkor kampirning qo‘llarini qayirib, polga ag‘dardi. Uning qo‘llari xuddi tovuq panjalariday oriq, suyak ustidan teri tortilganday…
— Nima qilayotganding? Gapir. Agar aytmasang, ko‘radiganingni ko‘rasan!
Xizmatkor kampirni turtib yubordi-da, qilichini sug‘urgancha uning yaraqlab turgan o‘tkir tig‘ini kampirning ko‘zlariga yaqinlashtirdi. Ammo kampir og‘zini ochmay jim turaverdi. Qo‘llari titrab, qo‘rqqanidan hansirab nafas olar, ko‘zlari soqqasidan chiqquday olaygan bo‘lsa-da, gung-soqov misol o‘jarlik bilan sukut saqlardi. Faqat shundagina xizmatkor kampirning taqdiri batamom o‘z qo‘lida ekanini angladi. Angladi-yu, undagi kampirga nisbatan nafrat bir oz so‘nganday bo‘ldi. Faqat har qanday ish yakunlangach, kishi his qiladigan qoniqish va xotirjamlik qoldi, xolos. Kampirni boshdan-oyoq ko‘zdan kechirdi-da, endigi safar yumshoqroq ohangda dedi:
— Men shahar soqchisi emasman, yo‘lovchiman. Darvoza yonidan o‘tib ketayotgandim, xolos. Shu bois seni ushlash niyatim ham yo‘q. Faqat bir narsani ayt, hozir, minorada nima qilayotganding?
Kampir shundoq ham olaygan ko‘zlarini chaqchaytirib xizmatkorga qaradi. Yirtqich qushnikiday o‘tkir nigohini unga qadagancha qotdi. Keyin bir narsa chaynayotganday burishgan, shu sabab deyarli burni bilan qo‘shilib ketayozgan lablarini qimirlatdi. Uning tomog‘idan qarg‘aning qag‘illashiga o‘xshash bo‘g‘iq, uzuq-yuluq ovoz eshitildi:
— Soch yulayotgandim… soch yulayotgandim. Yasama soch uchun…
Oddiygina javobni eshitib, xizmatkorning hafsalasi pir bo‘ldi. Shu bois unda kampirga nisbatan boyagi alamzadalik aralash nafrat uyg‘ondi. Aftidan kampir ham buni sezdi. Mayitning uzun sochlarini hamon qo‘lida tutgancha vaqilladi:
— O‘likning sochini yulish yaramas ish, rostdanam. Ammo bu yerda yotgan o‘liklarning hammasi shunga loyiq. Masalan, manavi, men sochini yulgan xotin, ilonlarni to‘rtga bo‘lib, tilimlab, quritardi-da, keyin saroy soqchilariga baliq o‘rnida sotardi. Agar vabo tegib, o‘lmaganida hozir ham shu ishni qo‘ymagan bo‘lardi. Tirikchiligi shundan edi-da! Odamlar ham u sotadigan baliqlarni mazali deyishardi. Soqchilar bo‘lsa, uni doim gazak qilish uchun sotib olishardi. Masalan, men uni yomon ish qilgan deb bilmayman. Shunaqa qilmasa, ochidan o‘lardi-da. Demak, u muhtojlikdan qilgan bu ishni. Shuning uchun men ham o‘zimni yaramaslik qilyapman, deb bilmayman. Shuni qilmasam, ochdan o‘laman. Demak, muhtojlikdan hammasi. Bu xotin ham muhtojlik nimaligini yaxshi bilgan, meni tushungan bo‘lardi, ayblamasdi balki.
Kampirning aytganlari shu bo‘ldi.
Xizmatkor qilichini qiniga solib, dastagidan tutgancha kampirning hikoyasini sovuqqina tingladi. Tabiiyki, o‘ng qo‘li bilan yuzidagi yiringli husnbuzarini o‘ynashini qo‘ymasdi. Zotan, kampirni tinglayotib, uning dilida mardlik uyg‘onayotgandi. Xuddi boya pastda, zinapoyada turganida yetishmayotgan mardlik. Va bu jasurlik zinapoyadan otilib chiqib, kampirni ushlagandagi holatining mutlaqo aksi edi. Endi u o‘g‘irlikni tanlaymi yoki ochdan o‘laymi deya mutlaqo ikkilanmayotgandi: zero, ayni chog‘da, u ochdan o‘lish fikridan shu qadar uzoq ediki, hatto buni xayoliga ham keltirmasdi.
— Demak, yo‘li shunaqami hali! — kampir hikoyasini tugatgach, zaharxandalik bilan dedi u.
Keyin oldinga bir qadam qo‘ydi-yu, to‘satdan o‘ng qo‘lini yarasidan olib, kampirning yoqasiga yopishdi-da, yirtqichday na’ra tortdi.
— Unda seni tunab ketguday bo‘lsam, o‘zingdan ko‘r! Aks holda men ham ochdan o‘lishim kerak.
Xizmatkor uning kimonosini zo‘rlik bilan yechib oldi-da, jon holatda etagiga yopishayotgan kampirni bir tepib, murdalar ustiga qulatdi. Zinapoyaga besh qadamcha qolgandi. Xizmatkor xinoki daraxti rangidagi kimononi qo‘ltig‘iga qistirib, ko‘z ochib yumguncha aylanma zinadan tushdi-yu, zulmat qa’riga singib ketdi.
Avvaliga go‘yo jonsizday qimir etmay yotgan kampir, u ketgach, xiyol o‘tmay yalang‘och, abgor ahvolda o‘liklar ustidan turdi. U yo yig‘lab, yoki bir nimalar deb g‘udranib chiroq yorug‘ida tashqariga arang emaklab chiqdi. Kampir pastga qarish niyatida shunday egildiki, orqaga turmaklangan oppoq sochlari butun peshonasini tutdi. Darvoza atrofi qaro tunga botgan. Xizmatkor esa allaqachon g‘oyib bo‘lgandi.

Mavluda Ibrohimova tarjimasi.
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2003 yil, 12-son