Terrorning millati yoki dini bo‘lmaydi – Mavlud Chovusho‘g‘li

Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘lu 15 iyul – Demokratiya va milliy birlik kuni munosabati bilan “Terrorning millati, etnik daxldorligi yoki dini bo‘lmaydi. FETÖ butun insoniyatga tahdid solmoqda” deb nomlangan maqola yozdi. Unda 6 yil avval Turkiyada ro‘y bergan davlat to‘ntarishiga urinish va uning oqibatlari tahlil etilgan. Quyida mazkur maqola e’tiboringizga havola etilmoqda.

 

2016 yil 15 iyul kuni kechqurun “Fethullahchi terror tashkiloti” (FETÖ) mamlakatim xalqi va hukumatiga qarshi qonli to‘ntaruv amalga oshirishga urindi. Maqsadlari to‘daboshlari bo‘lmish Fethullah Gyulenga sodiq bo‘lgan radikal rejimni o‘rnatish edi.

FETÖga bog‘liq armiya bo‘linmalari Istanbuldagi Bosfor ko‘prigi singari muhim nuqtalarni ishg‘ol etish uchun kazarmalaridan chiqayotganlarida, jangovar samolyot va hujum vertolyotlari parlament, prezident devoni, bosh shtab qarorgohi hamda xavfsizlik departamenti singari strategik mo‘ljallarni nishonga olib portlatayotganida, minglarcha noharbiy fuqarolar misli ko‘rilmagan ushbu xoinlarcha to‘ntaruv urinishini to‘xtatish uchun ko‘chalarga chiqdilar. To‘ntaruvchilar 251 nafar begunoh oddiy fuqaro hayotiga zomin bo‘ldi, minglarcha kishilarni yaraladi. O‘sha tunda turk xalqi o‘z jonini fido qilib demokratiyani himoyaladi. Bunday qahramonlarcha harakatni to‘ntaruvchilar kutmagan edi.

Hodisalarni anglash uchun FETÖning asl basharasini tanimoq zarur. FETÖ 1960-yillarning oxirlarida go‘yoki diniy harakat sifatida tashkil bo‘lgan. Ta’limni va dinlararo muloqotni targ‘ib etish niqobi ostida o‘z yovuz niyatlarini yashirishga muvaffaq bo‘lgan.

FETÖ a’zolarining o‘nlab yillar davomida puxta hisoblab, armiya saflariga, huquq-tartibot, sudlov tizimiga, jumladan, vazirligimizga hamda ko‘plab davlat idoralariga xufiyona ravishda keng qamrovda o‘rnashib borishlari, 2016 yilning 15 iyulida yakuniy bosqichni amalga oshirgan bosh reja uchun qilingan edi.

Basharti davlat to‘ntarishiga urinish muvaffaqiyatli amalga oshganda edi, bugungi Turkiya o‘ta boshqacha bo‘lardi. Demokratiya yakun topardi, asosiy huquq va erkinliklar noma’lum muddatga to‘xtatilardi. Mening yurtim ekstremizmga moyil hukumat qo‘liga o‘tardi.

FETÖ ta’lim muassasalarining muhim qismini nazorat qilish bilangina kifoyalanmay, bir paytning o‘zida ko‘p sonli moliya idoralariga ham egalik qilgan. Bank hisoblari, sanoat va tijoratda taniqli FETÖ a’zolari bilan birga davlat idoralari xodimlari va xalq tomonidan boqib borilgan. Diniy tuyg‘ular manipulyatsiya qilingani bois ko‘plab begunoh noharbiy fuqarolar ham FETÖning moliyaviy manbalariga hissa qo‘shishga ko‘ndirilgan. Dunyoning to‘rt burchagida ishlab turgan maktablardan kelib tushayotgan mo‘maygina daromad mana shu hisobvaraqlarga o‘tkazilgan va xufiyona ravishda yakuniy hamla kutilgan.

2016 yil 15 iyuldagi qonli to‘ntaruv urinishi ortidan davlat idoralariga qo‘shib xususiy sektor va jumladan armiya FETÖga bog‘liq barcha shaxs va korxonalardan qat’iy ravishda tozalashga o‘tildi. To‘ntaruvni rejalashtirgan ba’zi yetakchilar qo‘lga olindi, qolganlari adolatdan berkindilar, xorij davlatlardan panoh topdilar. FETÖ terror tashkilotining to‘daboshisi Fethullah Gyulen hozirgacha AQShda yashaydi. Hukumatimiz ko‘p yillardan buyon AQShdan F.Gyulenning Turkiyaga qaytarilishini, Yevropa mamlakatlaridan esa FETÖ a’zolarining berilishini so‘raydi. Afsuski, bu so‘rovlar hamon javobsiz qolmoqda.

Shu bilan birga dunyoning boshqa joylarida ham soni tobora ortib borayotgan hukumatlar ushbu terror tashkilotining o‘zlari uchun tahdid manbai ekanini tushunib bormoqda va zarur choralarni ko‘rmoqdalar. FETÖ tashkiloti shuningdek, viza masalalarida muttahamlik, pul yuvish, qurol kontrabandasi singari noqonuniy faoliyatlarni ham bajarib keladi. Natijada ko‘pgina o‘lkalarda davlat va xususiy sektor FETÖ a’zolaridan tozalanmoqda. Xorijda ushbu tashkilotga bog‘liq ko‘plab maktablar  2016 yildan keyin Turkiyaning “Maorif” fondiga o‘tkazildi. Hozirgi kunda “Maorif”ning maktablari ko‘plab mamlakatlarda faoliyat yuritib, dunyo miqyosida mukammal darajada ta’lim bermoqda.

Turkiyaning FETÖga qarshi olib borgan kurashining xususiyati va qamrovi, boshqa mamlakatlarning mas’ullari va noharbiy fuqarolariga terror zug‘umi o‘tkazgan, demokratik qadriyatlarni, asosiy huquq va erkinliklarni tahdidga solgan tashkilotlarga qarshi olib borgan kurashdan farqi yo‘q. Turkiya terrorga qarshi kurashda tegishli mamlakatlarning o‘tmishda bajarganlarini qilyapti. Barcha jarayonlar qonuniydir.

Terrorning millati, etnik daxldorligi va dini bo‘lmaydi. Ushbu tahdid butun insoniyatga qarshi tahdiddir. Shu sababli, bu tahdidga chora ham birlikda ko‘rilishi va qat’iy bo‘lmog‘i lozim. Hech qaysi davlat terrorchini ajratish imkoniyatiga ega emas va hech qaysi terror tashkilotini o‘z afzalliklaridan kelib chiqqan holda “foydali” deb tasniflab bo‘lmaydi. FETÖ yuzlab o‘limlar va turk xalqiga qarshi sodir etilgan boshqa og‘ir jinoyatlar uchun javobgardir.  2016 yil 15 iyuldan keyin o‘tgan 6 yildan so‘ng ham Turkiya  FETÖga qarshi o‘z qat’iy kurashini, PKK, PYD/YPG, DHKP-C, DEAŞ singari boshqa terror tashkilotlariga qarshi kurashi singari hamon olib bormoqda.

Xalqaro hamjamiyatning terrorga qarshi kurashda Turkiya bilan birdamlik ichra bo‘lishini kutib qolamiz.