– XIX asrning oxiri, XX asrning boshlarida O‘zbekistondagi ijtimoiy–siyosiy ma’naviy–ma’rifiy jarayonlar qadim va boy o‘zbek adabiyoti tarixida g‘oyat muhim davrlar bo‘ldi. Mamlakat va xalq hayotida yuz bergan eng ulkan baxtsizlik – millat va davlat sifatida o‘z mustaqilligini yo‘qotishi ziyolilar ruhiyatiga katta ta’sir etgan bo‘lsa–da, biroq bu tushkunlik davri haqiqiy ijodkorlar ruhini sindirolmadi.
Atoqli ma’rifatparvar Abdulla Avloniy ta’biri bilan aytganda «Adabiyot millat oynasi» o‘laroq xalq hayotida renessans davrini boshlab berdi. O‘z–o‘zidan adabiyotda yangi janrlar va tadqiqotlar paydo bo‘ldi. Ayniqsa, o‘lkada madaniyat markazlari hisoblangan Xiva, Qo‘qon, Toshkent va Buxoro singari shaharlarda yangicha adabiy muhit paydo bo‘la boshlagan edi. Jumladan, adabiyotimizdagi zullisonayn an’anasi yonida endi asta–sekin tarjima maktablari paydo bo‘la boshlagandi. Misol uchun, 1880-1890 yillarda o‘zbek o‘quvchilari L. N. Tolstoy, A. S. Pushkin, A. A. Krilov singari rus adabiyoti namoyondalarining ijod namunalaridan bahramand bo‘lishgan. 1887 yilda ilk marta L. N. Tolstoyning «Odamlar nima bilan tirik?» hikoyasi o‘zbek tiliga tarjima qilingan. 1899 yili Pushkinning «Boqchasaroy fontani», «Shoir» asarlari tarjimasi «Turkiston viloyatining gazeti» sahifalarida chop etilgan.
Qodir aka, adabiyotimiz tarixidagi bu jarayonlarni kuzata turib savol tug‘iladi: tarjimachilik ham boshqa adabiy janrlar singari muayyan ehtiyojlar tufayli paydo bo‘lmaganmikin?
– Hamonki inson bu foniy dunyoga faqat bir marta kelishini bilarkan, unda o‘zidan so‘ng iz qoldirish ehtiyoji paydo bo‘ladi, albatta. Unda yangilik yaratish, ijod qilish, farzandlar tarbiyalab o‘stirish, bunyodkorlik qilishga ehtiyoj uyg‘onadi. So‘ng bu ehtiyojlarning samarasini ko‘rib, xalq ta’biri bilan aytganda, “ishqi yo‘q – eshak, dardi yo‘q – kesak” bo‘lib umr kechirmaganidan ko‘ngli tog‘dek ko‘tariladi. Buyuk Italiya sayyohi Marko Polo jahonni kezish, turfa xil yurtlar, mamlakatlarni o‘rganish niyatida uzoq safarga chiqib, to shimoliy Xitoygacha yetib borgan. Lekin vataniga qaytayotganida u ko‘p azob-uqubatlar chekkan, asirga tushgan, qamoqda yotgan bo‘lishiga qaramay o‘zining bu uzoq safari chog‘ida jamiki ko‘rgan-kechirganlarini yozib kitob qilib chiqarishga muvaffaq bo‘lgan. Buyuk Ipak yo‘lini kashf etgan tijorat ahlini eslang. Ular ham ko‘p talofatlarga, judoliklarga, muhtojlikka ro‘para kelgan bo‘lsalar ham bir-biridan yiroq bo‘lgan o‘lka va xalqlarga ko‘prik bo‘lib bir-birlariga ulagan. Axir bu hayotda olg‘a intilishga, ko‘proq ko‘rish, ko‘proq bilish, ko‘proq o‘rganishga bo‘lgan ehtiyoj emasmi? Adabiyotimizning tarjimachilik janrida ham shunday ehtiyoj bo‘lgan va u hanuz kamol topib kelmoqda. Lev Tolstoyni “Semiz Sher” deb tarjima qilishganida dunyoga kelgan tarjimachilik janri bir qancha ijodiy bosqichlarni boshidan kechirib, bugungi kunda tarjima uchun murakkab bo‘lgan, durdona asarlarni o‘zbek tilida dunyoga keltirdi. L.Tolstoyning “Urush va tinchlik”, “Ana Karenina” romanlari, F.Dostoyevskiyning “Jinoyat va jazo”, “Telba” romanlari, N.Nekrasovning “Rossiyada kim yaxshi yashaydi?” dostoni, Gyotening “Faust”i, Dantening “Ilohiy komediya”si, Homerning “Iliada” va jahon adabiyoti klassiklarining yana juda ko‘p durdona asarlari tarjimachilik jarayonida olg‘a intilishga, yaratuvchilikka bo‘lgan ehtiyoj samarasidir.
Men yuqorida “ijodiy bosqichlar” deganimda, o‘zim shohid bo‘lgan bir voqea esimga tushdi. Bir paytlar, G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyotda tarjima bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlab yurgan kezlarimda ukrain klassik yozuvchisi Panos Mirniyning “Pavia” (“Buzuq qiz”) romanini asliyatdan tarjima qilish niyatim borligini aytdim. (Men ukrain tilini yaxshigina bilaman). Shunda nashriyot rahbarlari: “Bizda ukrain tilini biladigan muharrir yo‘q. Tarjimangizni hech kim tahrir qila olmaydi”, deb javob bergan edilar. Gap shundaki, o‘tgan asrning 50-60 yillarida tarjima qilingan asarlar jumlama-jumla asliyatga solishtirilib tahrir qilinardi.
– O‘tgan asrning 30-yillariga kelib, o‘zbek adabiyotiga yangi–yangi nomlar kirib kela boshlagan edi. Ta’bir joiz bo‘lsa, bu avlod adabiy an’analar qobig‘ini yorib chiqqan, yangilikka va yangilanishga tashna bir avlod edi. Badiiy adabiyotdagi bu yangilanishlarni Abdulla Qodiriy «O‘tgan kunlar» romaniga yozgan muqaddimasida “majburiyat” deb e’tirof etadi. Qodiriy yozadiki: «Modomiki, biz yangi davrga oyoq qo‘ydik, bas, biz har bir yo‘sinda ham shu yangi davrning yangiliklari ketidan ergashamiz va shunga o‘xshash dostonchilik, ro‘monchilik va hikoyachiliklarda ham yangarishg‘a, xalqimizni shu zamonning «Tohir–Zuhro»lari, «Chor darvesh»lari, «Farhod–Shirin» va «Bahromgo‘r»lari bilan tanishdirishka o‘zimizda majburiyat his etamiz». Mana shu majburiyat tarjimachilik ishlariga ham taalluqli edi. Shuning uchun ham keyinchalik jahon adabiyotining muhtasham asarlari birin–ketin o‘zbek tiliga tarjima qilindi. Mana shu qaynoq jarayon o‘tgan asrning 80-yillariga qadar davom etdi. Nazarimda keyingi o‘n yilliklarda dunyo adabiy jarayonidan biroz bexabar qolgandekmiz…
– Gapingiz to‘g‘ri. Keyingi o‘n yilliklarda chop etilayotgan kitoblarda dunyoviy adabiy hayot kamroq yoritilmoqda. Jahon adabiyoti durdonalari tarjimalari deyarli nashr qilinmay qo‘ydi. Bunga sabab, menimcha, kitoblar bilan teleko‘rsatuvlar o‘rtasida paydo bo‘lgan raqobat bo‘lishi mumkin.
Ko‘pchilik kitobxonlarga kitob o‘qishdan ko‘ra televizor ekranida serillarni ko‘rish qulayroq bo‘lib qoldi. Vaholanki, tarjima qilinib, o‘zbek tilida namoyish etilayotgan ayrim filmlar na g‘oyaviy, na badiiy qimmatga ega. Ularning tomoshabinlar uchun mutlaqo tarbiyaviy ahamiyati yo‘q. Lekin Allohga shukrki, 1997 yildan boshlab mamlakatimizda “Jahon adabiyoti” jurnali nashr etila boshlandi. Bu xayrli ish O‘zbekistondagi kitobxon ahlining juda ko‘p yillardan beri intizorlik bilan kutgan orzusi edi. Bu jurnal o‘zining dastlabki sonlaridan boshlab, boya siz aytganingizdek “dunyo adabiy jarayonidan” o‘zbek kitobxonlarini boxabar qila boshladi. Bu adabiyotimizning eng katta yutuqlaridan biri bo‘ldi. Ma’lumingizki, hozirda bu qimmatli jurnal 14 yoshga kirdi. Uning sahifalarida o‘zbek adabiyoti bilan bir qatorda jahon adabiyotining eng nodir durdonalari ham taniqli tarjimonlar va shoirlarimiz hamda jurnal rahbariyatining faol harakati bilan chop etilmoqda. Jurnalga jalb qilinayotgan yosh tarjimonlar ham o‘zlarining nimalarga qodir ekanini namoyish qilmoqda.
– Bir paytlar atom bombasini vujudga keltiradigan elementlarni kashf etgan atoqli olimlardan biri bu kashfiyot insoniyat boshiga qay darajada kulfat keltirishini anglab etgach, o‘sha kundan boshlab qora kiyim kiyib olgan ekan. So‘nggi yillarda tom ma’noda fahshiyat va zo‘ravonlikni targ‘ib etuvchi o‘nlab pornagrafik asarlar, yuzlab kinofilmlar, seriallar o‘zbek tiliga tarjima qilinib iste’molga kiritildi. Ma’naviy vayronalik keltirib chiqaradigan bu asarlar zarari, ko‘lami jihatdan atom bombasidan qolishmaydi. Ammo bu holat uchun hozircha hech kimning qora ko‘ylak kiygisi yo‘q.
Qodir aka, mana siz ham ijodiy faoliyatingiz davomida yuzlab asarlarni tarjima qilgansiz. Sizda shu paytgacha biror asarning tarjimasi yuzasidan afsuslanish bo‘lganmi?
– Men tarjimonlik faoliyatimning dastlabki 10-15 yili davomida qo‘limga topshirilgan har qanday badiiy asar yo badiiy filmni, asosan, qalam haqi ishlab topish maqsadida tarjima qilaverganman. Faqat keyinchalik, yoshim ancha o‘tib qolganda, uyimdagi shkafimda terilib turgan 30 dan ortiq tarjimalarimga ko‘z yugurtirar ekanman, ularning ancha-munchasini tarjima qilishga ketgan vaqtimga achinganman, afsuslangan paytlarim bo‘lgan.
To‘g‘ri, ular ham kitobxonga yoqadigan yaxshi asarlar, hammasi katta-katta adadda bosilib sotilib ketgan. Biroq o‘kinchim shuki, modomiki, men tarjimon sifatida kamolga yetar ekanman, ijodimni, masalan, V.Hugoning “Xo‘rlanganlar”, F.Rablening “Gargantyua va Pantagryuel”, F.Dostoyevskiyning “Aka-uka Karamazovlar”, Servantesning “Don Kixot” asarlarini tarjima qilishga bag‘ishlasam bo‘lmasmidi, deb o‘ylayman. Ana shu armonlarim meni yana antik dunyo yunon adabiyotidan Homerning “Odisseya” dostonini tarjima qilishga da’vat etdi. Yunonistonning antik davri tarixini men “Iliada”ni tarjima qilganimda yaxshi o‘rgangan edim. “Odisseya” esa “Iliada”ning davomi. Adabiyotimizning barcha muxlislariga ayonki, “Odisseya”ni ustozim Mirtemir domla tarjima qilishga kirishgan edilar. Afsuski, shafqatsiz o‘lim ul zotni bevaqt oramizdan olib ketdi. Domla dostonning faqat birinchi qo‘shig‘ini tarjima qilishga ulgurgan ekanlar. Men ustozimning ruhlarini shoyad shod etsam, degan umid bilan 1999 yilda “Odisseya”ni tarjima qilishga kirishdim va 10 yildan so‘ng 2008 yilda tarjimani tugatdim. Hozir doston qo‘lyozmasi G‘.G‘ulom nomidagi nashriyotda chop etilish arafasida.
Bu – Sizning savolingizga javobim emas, balki o‘z dardim. Endi javobimni o‘qing: mening bir tarjimam nafaqat o‘zimga, hatto kitobxonlarga, tarjimachilik bo‘yicha shug‘ullanuvchi olimlarimizga ham yoqmagan. Gap, Temir Po‘latning “Dushan qaysarning boshidan kechirganlari” romani haqida boryapti. Bu asarning tarjimasi “yuqoridan tushgan” ko‘rsatma bo‘yicha menga topshirilgan edi. U paytlar ko‘rsatmaga itoat etmay bo‘lmasdi.
Romanni o‘qib chiqib hafsalam pir bo‘ldi. Nafaqaga chiqqan, ishlamayotgan paytlarim edi. Do‘rmondagi yozuvchilarning ijod uyiga borib tarjima qilishga kirishdim. Asardagi o‘zbek urf-odatlarini noto‘g‘ri ta’riflovchi jumlalarni tuzatdim, o‘xshovsiz joylarni o‘chirib, aniqlik kiritdim. Qarangki, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Temur Po‘lat hatto hijriy yil sanasi bilan milodiy yil sanasini bir-biridan farq qilolmas ekan. U asarida: “Kajdыy god v sentebre prixodit mesyats Ramazan», deb yozibdi. Xullas, kitob bosilib chiqdi, men qalam haqini oldim. Ammo bu ishimdan ko‘nglim g‘ash bo‘lib qoldi. Xulosam shuki, sayoz asarni hatto tarjima qilib ham yaxshilab bo‘lmas ekan.
– O‘zbek adabiyotidagi dastlabki tarjimalar rus tili orqali amalga oshirildi. Va bu urinishlar keyinchalik o‘ziga xos tarjimachilik maktablarining paydo bo‘lishiga asos bo‘ldi. Aytish mumkinki, bugungi o‘zbek adabiyoti jahon adabiyoti durdonalari bilan bevosita tanishish jarayoni juda ko‘p bosqichlarni bosib o‘tdi. Ayting-chi, o‘zbek adabiyotidagi bugungi tarjimachilik jarayonini qanday baholash mumkin?
– Bugungi kundagi tarjimachilik jarayonini mamnuniyat bilan yaxshi deb baholayman. Tarjimachilik faoliyatining rivoji shu darajaga yetganki, bugungi kunda biz chet ellar adabiyoti namunalarini bevosita asliyatdan o‘zbek tiliga, shu bilan birga, o‘zbek adiblarining asarlarini xorijiy tillarga tarjima qila boshladik. Mana shunday salohiyatga ega yosh tarjimonlarimiz paydo bo‘lmoqda. To‘g‘ri, bu hali muqaddima, dastlabki qadamlar. Lekin teran iste’dod sohiblari bo‘lmish bu ijodkor yoshlarni hali oldinda buyuk ishlar – jahon adabiyotining durdona asarlari kutmoqda. Aminmanki, o‘zbek tarjimachiligining istiqboli porloq bo‘lgay.
– Bugungi yosh tarjimonlarga ustoz sifatida nimalarni tavsiya qilgan bo‘lardingiz?
– Tarjimon yoshlarimizga mening takliflarim:
a) Hayotni o‘rganing, har bir hayotiy urf-odatlarni ifodalashda munosib ibora ishlatishga harakat qiling.
b) Har qanday tarjimon o‘z tilini puxta bilmog‘i kerak. Buning uchun esa ko‘p kitob o‘qishi, izohli lug‘atlarni mudom ko‘zdan kechirib turishi kerak.
v) Hech qachon kitob mutolaasini kanda qilmang, shu bilan birga Abdulla Qahhor, Mirzakalon Ismoiliy, Mirkarim Osim, Vahob Ro‘zimatov, Xolida Ahrorova, Ozod Sharafiddinov kabi ustoz tarjimonlarning tarjimalarini o‘qib, ular ishlatgan nozik, diqqatga sazovor iboralarni asliyatga solishtiring va shu yo‘l bilan bu ustozlar amaliyotidan sobiq oling.
Xudoga shukr, mana bugungi kunda respublikamizda ajnabiy tillardan o‘zbek tiliga bevosita tarjima qila oladigan salohiyatli yoshlarimiz adabiyotimiz dargohiga kirib kelishmoqda. Bu tarjimonlar biror asarni o‘zbek tiliga tarjima qilishga chog‘lanishar ekan, bir-biriga zid bo‘lgan ikkita adabiy usulga ro‘para keladilar.
Birinchi usul: xorijiy tildagi klassik adabiyot namunasini o‘zbek tiliga o‘gira boshlagan tarjimon uchun bir qulaylik bor. Ya’ni, u bu asarning rus tilidagi tarjimasidan taglama (podstrogini) tarjima sifatida foydalanishi mumkin. Shunda tarjimonning ishi ancha yengillashadi. Ammo bu yengillikning salbiy tomoni ham bor. Gap shundaki, bir paytlar men Jek Londonning “Martin Iden” romanini tarjima qilgan edim. Kitob 1968 yilda nashr etildi. Shunda “Tarjima san’ati” nomi bilan nashr etila boshlagan maqolalar to‘plamining birida o‘zbekcha “Martin Iden”ni inglizcha asliyatiga solishtirgan bir maqola bosildi. Maqola muallifining yozishicha, tarjima matnlarida asliyatga o‘xshamagan jumlalar bormish. Binobarin, “sho‘rvaning sho‘rvasi” badhazm bo‘lishi mumkin.
O‘z fikrimni yoshlarga puxtaroq ta’kidlash uchun yana bir misol keltirmoqchiman. “Odisseya”ni Pushkinning zamondoshi shoir V.Jukovskiy nemis tilidan tarjima qilgan. XX asr o‘rtalarida esa shoir V.Veresayev bu dostonni yunon tilidan tarjima qilarkan, u Jukovskiy yo‘l qo‘ygan ba’zi bir xatolarni tuzatib, asar oxirida bu tuzatuvlarga izoh bergan.
Aytmoqchimanki, ajnabiy tildagi asarni tarjima qilmoqchi bo‘lsangiz, ikkinchi usuldan, ya’ni bevosita asliyatning o‘zidan foydalaning.
– Qodir aka, jurnalxonlarimiz nomidan qimmatli maslahatlaringiz va mulohazalaringiz uchun minnatdorchilik bildiramiz.
Suhbatdosh: Alisher NAZAR
“Yoshlik” jurnali, 2011 yil, 10-son.