Sanobar To‘laganova (filologiya fanlari nomzodi): Ustoz, bugungi suhbatni adabiyot va adabiy shaxsiyat mavzusiga bag‘ishlasak. Buyuk adabiyotni ulkan shaxslar yaratadi. Shaxsiyat va adabiyot bir-biriga bog‘liqmi yoki ayro tushunchalarmi? Sizningcha, adabiy shaxsiyat tushunchasining mohiyati nimadan iborat?
Ibrohim Haqqul (filologiya fanlari doktori, professor): Bu masalaga ham keng, ham konkretroq qarash lozim. Zohidning shaxsiyati zuhdga, obidniki toat-ibodatga, oshiqniki ishq-muhabbatga yoki orifniki ma’rifatga tayangani bois ulardan har birining ichki hayoti va dunyoqarashi o‘ziga xos tarzda shakllanadi. Va shaxsiyatning tamali bo‘lmish Iroda kuch-quvvati ham bir-birinikidan farqlanadi. Zero, zuhd holi kamolga yetmaguncha zohid, ishq zavqi bilan to‘lib-toshmaguncha oshiq, borliqni ma’rifat nuri ila mushohada etmaguncha orif asl qiyofasini namoyon aylay olmaydi. Xuddi shunga o‘xshab adabiyotning tub mohiyati va oliy xususiyatlarini tamsil etolmagan qalamkash hech qachon chin ma’nodagi shoir yoki adiblar safiga kirolmaydi. O‘zini adabiyotda, adabiyotni o‘z shaxsida ko‘rsatishga qodir iste’dodlar esa juda-juda siyrak uchraydi.
Adabiy shaxsiyat, eng avvalo, Alloh in’om qiladigan iste’dod, shu iste’dodning yaratuvchanlik ilhomi. Mukammal adabiy shaxsiyatgina ijodkorni kosiblikdan, taqlid va turli o‘zlashtirmachilikdan saqlaydi. Adabiyotdagi shaxsiyatsizlik hayotdagi, ya’ni inson qavmiga xos shaxsiyatsizlikdan ming karra yomon va zararlidir. Shuning uchun shaxsiyat va adabiyotni bir-biridan aslo ayri tasavvur qilish mumkin emas.
S.T.: Adabiyotda ijodiy qiyofa bilan insoniy qiyofaning o‘zaro uyg‘un kelishi juda kam uchraydigan hodisa. Ijodiy va biografik «men» orasida chegara bormi, bo‘lsa qay mezon asosida o‘rganmoq lozim?
I.H.: Yozuvchi yo shoirning hayoti va ijodi o‘rganilganda uning bashariy «meni»ni aslo chetlab bo‘lmaydi. Ko‘pdan-ko‘p hissiyot, taassurot, hol va holatlar yozuvchi biografiyasi «chashma»sidan oqib keladi. Biroq did, saviya va bilim pastligi bularni yo‘qqa chiqarishi ham tayin, albatta. Chinakam ijodiy «men» tasavvur etib bo‘lmas zaylda o‘zgarishi, yuksalib Mansur Xallojga o‘xshab «Anal Haq» – «Men Xudoman» deyishi ham hech gapmas. Ulkan san’atkorda so‘fiylarnikiga monand bir jazba bo‘ladi. Buni men ma’rifat va mohiyat jazbasi degim keladi. Hayotga ichkaridan qarab, uning yaxshi va yomon, nurli va qorong‘u tomonlarini teran mushohada etgani sayin ijodkor shaxsini dard va iztirob balandga ko‘taradi. Ana shunda hech kim ko‘rmaganni ko‘rish, o‘zgalar bilmaganni bilish «eshik»lari unga keng ochiladi. Shunday qilib, tug‘ma shoir yoki yozuvchi yangi tuyg‘u va tushunchalarni zohirdan emas, balki ruh orqali botindan, siyratidagi fikriy siljish va tug‘yonlardan topadi. Bunday holatda bashariy «men» ijodiy «men» kechinma va maqsadlarini tushunolmagani sababli tashqaridan kuchliroq bir ta’sir o‘tkazilsa, uning turmushning umumiy oqimiga qarshi borishini ham, isyonini ham quvvatlolmaydi. Bizning bu fikr-mulohazalarimiz faqat va faqat nafsi tozalangan, go‘zallik hissiyoti yuqori iste’dod egalariga tegishli. Qolganlariniki esa mustaqil ijodiy shaxsiyat sifatida na o‘rganish, na ibrat olishga arziydi. Ijodiy shaxsiyat ilmda asosiy mezon mavqeyiga ko‘tarilganda nainki adabiyot, adabiyotshunoslikdagi yolg‘on va safsatalarning yo‘li keskin to‘siladi.
S.T.: XX asrda yangi o‘zbek adabiyoti bo‘y ko‘rsatdi. Yangi adabiyot o‘zi bilan birga yangi qiyofalarni olib keldi. Ayni davrda Yaratgan millatni ulkan shaxsiyatlar bilan siyladi. Fitrat, Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon ularning har biri – ulug‘ shaxsiyat. Qodiriy shaxsiyatining o‘zi alohida fenomenal hodisa. Adib shaxsiyatining o‘ziga xosligi va siri nimada?
I.H.: Azim daryo va mahobatli tog‘ qa’rida yashiringan xazina va boyliklarni to‘rt jumlada tasvirlab bo‘lmaganidek, aytaylik, Abdulla Qodiriy adabiy shaxsiyatining o‘ziga xosligini ham so‘z bilan ifodalash bag‘oyat dushvordir. Bir qarasangiz, Qodiriy ko‘pchilik qatori oddiy, xoksor, faol odam. Biroq butun odam, millatga, yurtga, adabiyotga o‘zini bag‘ishlangan benazir shaxs. Uning jasorati, samimiyatida, samimiyati fidoyiligida, fidoyiligi e’tiqod va diyonatida. Uning izidan borib, adabiyotda ham, hayotda ham Qodiriyning dinu diyonati va maslagidan chekinilmaganda (Sovet davlati qaramog‘idagi ko‘p el va millatlar qatori) bizda dahriy, ya’ni ruhoniyat va ilohiy shuurdan mahrum g‘arib, sayoz, nochor bir adabiyot gurkirab rivoj topmasdi.
Ahmad Yassaviy hazratlari bir hikmatlarida «Haqni bilgan begu xonu xalqni bilmas», deganlar. Bu – Haq ishqi odamni moddiy hamma to‘siqlardan xalos qiladi va fikru saviya ham shunga muvofiq samoviy bo‘ladi, deganidir. Mustabid sho‘ro davlati siyosati va «madaniyat» in’omini xalqqa, dinga, diyonat va istiqbolga xiyonat deb bilgan Qodiriy kabi Fitrat, Cho‘lpon qalbini ham ilohiy sodiqlik va tarixiy sobitlik ishg‘ol etgan. Mumtoz shoirlarimiz odamlarni ehtiyotga chorlagan eng yomon ofat – tama. Xolis va ibratli adabiy shaxsiyat mana shuning uchun til, tarix, din, falsafa, siyosat, san’at nuqtai nazaridan qaraganda ham o‘zini va o‘zligini bemalol namoyon eta oladi.
Masalaning eng yashirin qirralarigacha e’tiborga olib aytilsa, dunyodagi hech bir narsa yozuvchi – san’atkor shaxsiyatiga sig‘maydi, biroq olamdagi hamma borliq uning siyratiga sig‘adi. Shu ma’noda buyuk Nasimiyning:
Menga sig‘ar ikki jahon,
Men bu jahona sig‘masman,
degan so‘zlari lof ham, mubolag‘a ham emas. Shaxsiyat zamini va osmoni cheksiz orif shoir, Haqqa oshiq darveshlar buni chuqur mushohada etishgan. Mustabit siyosat qo‘li bilan sindirilib, asta-sekin parchalanganiga qaramay Abdulla Oripov, sarkash va isyonkor Rauf Parfi, Shavkat Rahmon shaxsiyatlarida shu jihatlar mavjud edi.
S.T.: O‘tgan asrning boshida zamona zayli ijodkorni qayta-qayta elakdan o‘tkazdi. Shaxs tushunchasi zavol topdi. Ijodkor shaxsi sindirildi, shaxssizlik epidemiyaga aylanishi oqibatida «men»idan ayrilgan adabiyot paydo bo‘ldi. Obrazli aytganda, adabiyot «qibla»sini yo‘qotib qo‘ydi. Bu hodisaning izlari bugungi adabiyotda hali-hamon sezilmoqda. Buni qanday izohlash mumkin?
I.H.: Bu savolga qisman javob berdim, shekilli. Mustabid siyosat va mafkura badiiy ijodda ham maddoh, targ‘ibotchi malaylarini oldinga olib chiqdi va shoir aytmoqchi, «bulbul»ning taqdiri «boyqush»ga topshirildi. Boyqushning fe’l-atvorini bilasiz: baribir buzg‘unlik va vayronadan orom topadi. Adabiyot jallodlari, deya ta’riflaganlar ko‘ngli hur, maslagi toza, talantlarni nishonga olib, ularning umrini ermakka xazon qilishgan. Bundan tug‘ilgan qo‘rquv va mash’um tahlika shaxsiyatsizlikni kuchaytirib yuborgan.
O‘zlikni qatag‘on etish, shundoq ham kuchsizlanib qolgan millat hislarini yemirib, diniy-irfoniy e’tiqodning ildiziga bolta urishini birinchilardan bo‘lib Fitrat domla anglab yetgan. Cho‘lpon va Qodiriyning dunyoqarashi shu nuqtada birlashib, xalqni «erk ertaklari»ga aldanmaslikka chorlovchi Ovoz vazifasini o‘tagan. Fitrat, Cho‘lpon, Qodiriyni jisman mahv etish aslida ana shu muazzam Ovozni o‘chirish va adabiyotdagi intiqom yo‘nalishini butunlay boshqa tomonga burib yuborish edi.
S.T.: Ijodkor o‘zligini ifoda etish uchun badiiy shakldan foydalanadi. «Men»lik hissini qondirish niyatida yozuvchi ijod tomon yuzlanadi. Badiiy ijod nafs bilan bog‘liq hodisami? Ulug‘larimiz Rumiy, G‘azzoliy, Navoiy, Bobur asarlarida nafs da’vosi ta’nami yoxud tavba? Navoiy «o‘zlik imorati», «o‘zlik hijobi» deganda nimani nazarda tutgan ekan?
I.H.: Agar «jilov»ni qo‘lga olib qarshilik ko‘rsatilmasa, haqiqatda nafs g‘orat qiluvchi quvvatdir. Tasavvufshunos Izaziddin Koshoniy nafsning kibr, nifoq, riyo kabi xususiyatlari haqida so‘z yuritib bunday deydi: «Nafsning yana bir sifati uluhiyat da’vosi va Haq subhonahu va taolo bilan ziddiyatga kirishuvidir». Mana shuning uchun Allohdan madad yetmasa, nafsni yengib bo‘lmaydi. Podshoh va katta amaldorlar taqdiri bilan qiziqilsa, ulardan ko‘pchiligi nafsiga avval mag‘lub, keyin qurbon bo‘lganligi ayonlashadi. Navoiyning «o‘zlik imorati», o‘zlik hijobi»dan nazarda tutgani ham nafs. Buyuk shoir nafs va nafsoniy hayotni shunchalik keng o‘rganganki, uning quyidagi ruboiysi mag‘zini chaqib mushohada qila bilgan kishi o‘z-o‘zidan nafsshunos bo‘lgisi keladi:
Nafs amrida har nechaki talping‘aysen,
Ko‘p garchi butunluq tilasang, sing‘aysen.
Kom istayu, necha elg‘a yoling‘aysen,
Nafsingg‘a xilof aylakim, ting‘aysen.
Hamma gap nafs amriga teskari tura bilishda: shunda butunlikka ham yetishish mumkin. Lekin bu juda qiyin. Hatto ilm va ijod ham ushbu natijani qo‘lga kiritishga yordam berolmaydi. Ayrim adib va olimlarning goh qahr otiga minib, ba’zan og‘izdan ko‘pik sochib adabiyot va adabiyotshunoslik to‘g‘risidagi gaplarini tinglab «Nahotki shular ham Yassaviy, Navoiy, Fuzuliyni o‘qigan bo‘lishsa?», deya o‘ylanib qolaman. Kimdaki baxillik, qitmirlik, xusumat, riyo, kibr, ichiqoralik, laqqilik sharpasi sezilib tebranib tursa, bilingki, u nafs tutquni. Jamiyat yetarli darajada nafs ilmini egallamaguncha, axloq, qalb, ruh, nafosat, ma’rifatga doir fikr-mulohazalar taxminiy yoxud xayoliy bo‘lib qolaveradi. Adabiyotning umumiy holati hozirgidanda, og‘irlashadi. Axir, janobi Payg‘ambarimiz bekorga «Nafsini bilgan, Rabbini bilur», demaganlar…
S.T.: Domla, adabiyot maydoniga Siz bilan birga kirib kelgan avlod bugun kayvoniylarga aylanishdi. Ular hamon adabiyot maydonida o‘z aytar so‘ziga ega bo‘lsada, nima uchundir adabiy jarayonda bu «ega»lik sezilmayapti. Umuman, adabiy shaxsiyatlar qayerda va sukutning ma’nosi nimada deb o‘ylaysiz?
I.H.: Siz nazarda tutgan ijodkorlarning ko‘rinmay qolishiyu sukutining ma’nosini kechagi zamondan izlash kerak. Bilasizmi, saltanat va siyosat adabiyotdan hamisha qurbonlik, o‘z manfaatiga muvofiq badal talab qiladi. Keyingi badal oldingilariga nisbatan og‘ir va og‘riqli bo‘lgani bois o‘zni o‘nglab qat’iyat-la so‘z aytish ba’zilarda qiyin kechayotir. Chunki turlanib-tuslanishni qoyillatadiganlari mening safdoshlarim orasida yo‘q hisobi…
S.T.: Internet saytlaridan birida mustaqillik davri adabiyoti haqidagi fikrlaringiz bugungi ijodkorlarni o‘ksitganday bo‘ldi. Chunki adabiy jarayon tinimsiz yangilanishda, o‘zgarishda. Bu davr adabiyotidan ko‘z yumib bo‘lmaydiku! Bunday munosabat ularning ijodini tan olmaslikmi yoki boshqacha izohi bormi?
I.H.: Ochig‘ini tan oladigan bo‘lsak, qariyb yigirma besh yildan ortiq davrda biz bir-birovimizning ko‘zimizga qarab yolg‘on so‘zlash, oldingiga qaraganda ham aldovga asoslangan so‘zamollikka mahorat kasb etgandik. Riyo va maddohlikda, ayniqsa, yosh ijodkorlar shu qadar oldinlab ketishdiki, ba’zilari nomus, uyat, ma’naviy mas’uliyatni ham unutishdi. Bular o‘ziga o‘zi kech bo‘lsada, hisob bera bilsaku, na xo‘b, malomat neligin fahmlamay yashayversa, avvalgi yo‘l va usulni sal-pal o‘zgartirib oldinga talpinaveradi. Shuning uchun kimgadir yoqadimi yoki yoqmaydimi – to‘g‘risini so‘zlash kerak. Quvg‘in etilgan to‘g‘rilik va jur’atni jamiyatga qaytarish oson kechmaydi. «Turon24.uz» saytidagi suhbatga kelsak, mening nomimdan unga ayrim gaplar qo‘shilib, tanqid ohangi bir qadar kuchaytirilgan. Aytilgan so‘z – otilgan o‘q – bu haq gap. Mas’uliyatni men o‘zimdan soqit qilmoqchi emasman. Demoqchimanki, «ijodkorlarni o‘ksitgan» tanqidiy fikr va xulosalarni yanada chuqurlashtirib, dalillar bilan keng va puxtaroq asoslab berilsa, e’tiroz, balki kamayardi. Yana kim biladi deysiz? Ijodkor o‘zini agar haq seza olsa, asarlariga vijdon ko‘zi bilan qarab, ularni har nechuk to‘g‘ri baholay bilsa, hech payt tanqiddan ranjimaydi.
Adabiy jarayonning sifatli-sifatsiz, yaroqli yo yaroqsiz kitoblar bilan to‘lib-toshishi bu – tub ma’nodagi o‘zgarish bo‘lmagani singari, yangilanish ham emas. Adabiy jarayondagi o‘z o‘rni va ahvolini bilmagan «daho»larning ijodini kimdir tan oldi nimayu, tan olmadi nima – axir, bundan hech nima o‘zgarmaydiku! Ustoz adiblardan birining ko‘rinish uchun yozilgan narsa yozuvchini ko‘rsatmaydi, aksincha – ko‘madi, mazmunidagi fikri menga maqbul. Ming afsuslar bo‘lg‘aykim, qanchadan-qancha shoiru adiblar ijod orqali ham inson o‘zini-o‘zi ko‘mishini xayolga keltirolmaydi. Bu ham bir foje qismat.
S.T.: Ibrohim aka, mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur. Bu yil qutlug‘ yetmish yoshni qarshiladingiz. Shu munosabat bilan sizni o‘zim va butun jurnalxonlar nomidan chin dildan muborakbod etaman. Salkam ellik yillik ilmiy-ijodiy yutuqlaringiz o‘zbek adabiyotshunosligini boyitgani rost. Bundan keyin ham ilmu ijod yo‘lida tolmang, deb qolamiz.
«Yoshlik» jurnali, 2019 yil, 3-son