Rahmon Qo‘chqor (1961)

Rahmon Qo‘chqor (Rahmon O‘rmonovich Qo‘chqorov) 1961 yil 18 iyun kuni Andijon shahrida tug‘ilgan. 1987 yili Toshkent davlat universitetining O‘zbek filologiyasi fakultetini imtiyozli diplom bilan tamomlagan. 1991 yilda “Abdulla Qahhor romanlarining ijodiy tarixi” mavzuida nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan.

O‘zbekiston televideniyesida (1997-1998), O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonida (1998-2000), O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida (2000-2009) ishlagan. Toshkent davlat yuridik universitetining “Umumta’lim fanlar va madaniyat” kafedrasi dotsenti (2009 yildan), Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi mas’ul xodimi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.

Uning “Urush qurboni” hikoyasi 1977 yilda taniqli adabiyotshunos Ozod Sharafiddinov so‘zboshisi bilan “Gulxan” jurnalida e’lon qilingan. “Sarobning paydo bo‘lishi”, “Oybekning “Gulnor opa”si”, “Iskandaru Dorolardan qolgan latifa”, “Millatni tanish”, “Adabiyotning qand kasalligi”, “Vijdon”, “Qarz berilgan nur” singari adabiy-tanqidiy maqolalari respublika ilmiy jamoatchiligi tomonidan iliq kutib olingan.

Adabiyotshunos Rahmon Qo‘chqorning “O‘zbekiston” telekanalida efirga uzatilgan “Hayrat” ko‘rsatuvi o‘tgan asrning eng mashhur adabiy ko‘rsatuvlaridan biri edi.

“Iste’dod qadri” (1991), “Men bilan munozara qilsangiz” (1997), “Qarz berilgan nur” (2008) kitoblari nashr etilgan. Bundan tashqari u umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 5-, 6-, 8-, 9-sinflari uchun yaratilgan “Adabiyot” darsligi va o‘qituvchilar uchun yozilgan shu nomdagi uslubiy qo‘llanmalarning, 7-, 8-, 9-sinflar uchun tayyorlangan “Milliy istiqlol g‘oyasi va ma’naviyat asoslari” darsliklarining hammuallifi hisoblanadi.

Rahmon Qo‘chqor 2006 yilda “Shuhrat” medali bilan, 2012 yilda “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan. 2015 yilda “Yilning eng faol ma’naviyat targ‘ibotchisi” ko‘rik-tanlovining g‘olibi deb e’tirof etilgan.

Rahmon Qo‘chqor maqolalari: 

Rahmon Qo‘chqor. Achchiq tajribalar (1989)
Rahmon Qo‘chqor. “O‘tkan kunlar”ning davomi (1993)
Rahmon Qo‘chqor. Qarz berilgan nur (2006)
Rahmon Qo‘chqor. “Umri uzun bo‘lar ko‘ngil gulining…” (2010)
Rahmon Qo‘chqor. Chingiz Aytmatov va adabiy tanqid
Rahmon Qo‘chqor. Ozod Sharafiddinov fenomeni
Rahmon Qo‘chqor. Zigmund Freyd yohud “dardingni olay, birodar” ta’limoti
Rahmon Qo‘chqor. Qalb ilmi egasi (Erix Fromm)
Rahmon Qo‘chqor. “Tolko‘prik”dan inson qalbi sari
Rahmon Qo‘chqor. Yana “Galatepa…”ga qaytib
Rahmon Qo‘chqor. Birniki yuzgami? yoxud millat sha’ni xususida kuyunchak mulohazalar