Mansur Jumayev 1991 yil 17 fevralda Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanida tug‘ilgan. O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Xalqaro jurnalistika fakultetini tamomlagan.
Shoirning «Oq orzularim», «Hayrat qo‘shiqlari», «Hazrati ishq», «Biz kutgan fasl» she’riy to‘plamlari chop etilgan.
Asarlari ingliz, rus, turk, tojik, ozarbayjon, qoraqalpoq tillariga tarjima qilingan.
2024 yil 5 noyabrda Toshkent shahrida vafot etgan.
* * *
Kun qolmadi bilakka
(ishonardim aksari),
yorib kirdi yurakka
muhabbatning lashkari.
Chorak asrlik shiddat
jo‘shib, yigit yoshida
taslim bo‘ldim oqibat
muhabbatning qoshida.
Faqat jismim meniki,
qolganlari soyirday,
qoldim bir xolga ikki
shahar bergan shoirday.
Endi sadqadir jonim,
sizga gar jonim kerak;
oling, bor xonumonim –
istilo bo‘lgan yurak.
“KEMALAR QABRISTONI”DA
Tashlab ketdi bu yerni dengiz,
tashlab ketdi suv ne’matlari,
shovqin solmas shamollar tinsiz
va to‘fonlar vajohatlari.
Olisladi mehmonlar bir-bir,
to‘lqin yodi dilni yallig‘lar –
tashlab ketdi daryoi kabir,
zog‘orayu tilla baliqlar.
Faqat qoldi bunda xotira
va chandiqli o‘tmish g‘amlari,
chiriyotgan kemalar ila
“qora uy”ning oq odamlari.
Yashayverdi ular jimgina,
dil tubida nomus bilan or
va muazzam ona dengizning
gardlariga boqib umidvor…
Kuydirdi-yu bo‘g‘zimni vijdon,
ko‘zga qalqdi tomchi yosh – taxir:
sevilmaydi Vatan hayqirib,
u jimgina sevilgay, axir.
Endi so‘zga yetmaydi bardosh,
qotdi ko‘zda qayg‘u jolasi.
Men qarshingda egajakman bosh,
Qarekengning sodiq bolasi!
QARChIG‘AY
“Kaklikka tuzoq qo‘ygandim, ko‘p kuttirmay ilinibdi. Tuzoqni yig‘ib, o‘ljani olgani borsam, ilingan kaklikni tutaman deb o‘zini urgan yirtqich qushning panjasiga tuzoq to‘rlari ilashib, u ham qulabdi. Qarasam, shu paytgacha tutolmaganim – qarchig‘ay ekan!..”
Hasan ovchining gurunglaridan
Mag‘rur-mag‘rur tog‘larda
mag‘rur uchgan qarchig‘ay,
to‘rga tushgan kaklikni
tutmoq bo‘lib qildi sa’y.
Tayyoriga ayyorlik
yarashmadi nomiga:
o‘lja bo‘ldi o‘zi ham
ovchilarning domiga…
Qarchig‘ayjon, qarchig‘ay,
bilmasmiding, qushim, hay,
tayyor o‘lja tuzoqdan
boshqasida bo‘lmagay!
Nafs mayidan mastliklar,
aldov, hiyla, pastliklar
cho‘qqilardan qulatgay
kakirlagan kakliklar.
Baland-baland tog‘larda
ozod uchgan qarchig‘ay,
birovga atalgani
birovga naf qilmagay.
Pastlamagin, sor qushim,
gar yuksaklik yor ekan.
Har maxluqqa Xudoning
atagani bor ekan.
BU YeRLARDA
Qo‘lga bosib iyagin,
o‘yga tolgan odamning
titroqlari gullaydi;
ruhdagi o‘t,
suv,
havo,
tuproqlari gullaydi;
ko‘ksidagi me’rojbaxsh
buroqlari gullaydi;
yulduzzor ko‘kka solgan
o‘roqlari gullaydi;
ko‘ngil – ko‘hna dasturxon,
quroqlari gullaydi…
jo‘ralar,
bu yerlarda
qo‘lga bosib iyagin,
o‘yga tolgan odamning
tomir otib tirsagi,
barmoqlari gullaydi.
* * *
O‘zimni unutib, chorladim seni,
bilmadim bu dunyo o‘ngimmi-hushim?
Azizam, kel, menga eslatgin meni,
azizam, kel, meni yodimga tushir.
Ko‘nglim siniqlarin ko‘zimdan tergin,
og‘riqlarim aytib qo‘rqit, uchuntir;
azizam, kel, meni izohlab bergin,
azizam, kel, meni tushuntir!
Azizam, kel faqat, kelsang bas, tamom,
bus-butun egallab ol borlig‘imni:
bir sen isbotlashing mumkindir
hamon
bu dunyoda men borligimni.
E’LON
Ko‘zim –
kiprigimga chandib osilgan
e’lon oynasidir sevgim yozilgan.
Ato meros kasbim – ko‘ngil butlovchi,
o‘ttiz yil malaka muhri bosilgan.
Tilsim yuragimning sharhi o‘zingiz,
Tilsiz o‘ylarimning tarhi o‘zingiz.
Agar ko‘nglingizga darz ketgan bo‘lsa,
Keling!
Ta’mirlayman.
Narxi – o‘zingiz!
* * *
Qushlar Haq dalasin doniga bordi,
Toza ruh oshiqning joniga bordi,
Sevgan sevilganning yoniga bordi,
Men sening yoningga keldim, sevgilim.
Jilg‘a yugurgani kabi daryoga,
Qo‘llar talpingani kabi duoga,
Banda topingani kabi Xudoga,
Men sening yoningga keldim, sevgilim.
Izhorga loyiq vaqt vidoga ketdi,
Gadodan olganim gadoga ketdi,
Tan yerga ketdi, jon samoga ketdi,
Men sening yoningga keldim, sevgilim.
Ko‘nglimiz Vomiqdir, Uzroga qochgay,
Shayximiz San’ondek tarsoga qochgay,
Xudoyim quvgan qul Xudoga qochgay,
Men sening yoningga keldim, sevgilim.
BIR DARD BILAN OG‘RIDI KO‘NGLIM…
G‘amning yaydoq otiga mindim,
Yugani yo‘q, uzangisi yo‘q.
Bir dard bilan og‘ridi ko‘nglim,
Lekin sira tuzalgisi yo‘q.
Kel, yashaylik bitta dard bilan
Bir dard bilan ko‘zlarim bedor.
Sen ham bedor iztirob tilan.
Kel, ikkimiz bo‘laylik bemor,
Kel, yashaylik bitta dard bilan.
Kel, ko‘zimda oshiyon yasa,
Kel, ko‘nglimga ko‘z tikkil, o‘g‘ri.
Men yashagan qayg‘uni yasha,
Men chalingan dard bilan og‘ri.
Sen qush bo‘lsang, bag‘rim – os(i)mon,
Sen – nilufar, ko‘zyoshlarim – ko‘l.
Yutqizmayin desang, yorijon,
Men chalingan dardga taslim bo‘l!
Ozodlikdir unga tutilmoq,
Unga qulluq qilish tamkindir.
Bu daryodan cho‘kib qutulmoq,
Taslim bo‘lib yengish mumkindir.
Qoq yurakka qadalgan dard bu,
Bir umrni aylar chirpirak.
Ikki dilga atalgan dard bu,
Engolmaydi uni bir yurak.
Kel, ikkimiz bo‘laylik bemor,
Kel, yashaylik bitta dard bilan.
SINTAKTIK PARALLELLAR
Paymon topiladi bir kunmas-bir kun,
Darmon topiladi bir kunmas-bir kun.
Bir kunmas-bir kuni daryo bo‘larsan,
Ummon topiladi bir kunmas-bir kun.
Hayot ikki yuzi ikki xil tanga,
Ikki yuzini ham ko‘rsatsa sanga,
Bir kunmas-bir kuni kirarsan jangga,
Maydon topiladi bir kunmas-bir kun.
Balki, yaproq bo‘lib yo‘lga qo‘narsan,
Balki, yog‘in bo‘lib cho‘lga qo‘narsan,
Bir kunmas-bir kuni yerga do‘narsan,
Dehqon topiladi bir kunmas-bir kun.
Bitta bog‘ bag‘rida donasan, ma’qul,
Donalik holingdan tonasan, ma’qul,
Bir kunmas-bir kuni gul bo‘lasan, gul,
Guldon topiladi bir kunmas-bir kun.
Bir kun har yelka ham yetarmish kunga,
Sepmasang bas ekan doningni kulga,
Bir kunmas-bir kuni omading kulgay,
Imkon topiladi bir kunmas-bir kun.
Ko‘ngling kulbasidan ketmasa iymon,
Kipriging uchida qalqisa vijdon,
Bir kunmas-bir kuni bo‘lolsang inson,
Inson topiladi bir kunmas-bir kun.
Unut o‘ylaringga hayot ham bitgay,
Hayot muhabbatga sabot ham bitgay,
Bir kunmas-bir kuni qanot ham bitgay,
Osmon topiladi bir kunmas-bir kun.
TOSh HAQIDA ERTAK
Usmon Azimga
Ey bo‘g‘zimni yoqqan achchiq bo‘z,
ey sen ruhi ravonim ko‘rki –
gulxanlarda yongan turkiy so‘z,
gulxanlarda yonmagan turkiy!
Ey toshlarni sayratgan kalom,
ey boshimni omon tutgan bo‘rk,
ey sen… meni kechir, vassalom,
kechir deyman, Hazrat Abutturk!
Gunohkorman qoshingda butkul,
gumrohmanu osiyman, tamom…
kechir deyman, aybimdan o‘tgil,
olma deyman faqat intiqom!
Shu dashtlarda kezdim ming yillar,
shu oftobda o‘sdim, isindim,
shu ko‘ksimga botdi sohillar,
shu qirlarda yuksaldim, indim.
Shu soylarga to‘kildi ohim,
shu bog‘larda pindiq otdi baxt,
qahqahamdan ungan og‘ochim,
faryodimdan to‘kilgan daraxt…
Men barini kuyladim jo‘shib,
kuylarimdan dashtlarim qondi,
men kuylagan u dilbar qo‘shiq
istilolar o‘tida yondi.
Yondi bari jizg‘anak bo‘lib,
yondi bari ko‘kka urib bosh,
kul shaklida topdilar o‘lim…
vafo qildi menga faqat tosh!
Shu tosh qoldi sendan esdalik –
tosh shaklida qotgan turkiy dil!
Kim bevafo kelgan menchalik?!
Kim menchalik noraso o‘g‘il?!
Men bilmasman
kuylarim naqshi
runiymidi,
oromiymidi,
jilvalari,
nuri,
duraxshi
erlikmidi,
osmoniymidi?!
Menmi o‘sha – unutgan tavba,
o‘ylaringni,
ehsoslaringni;
bir asrda to‘rt marotaba
o‘zgartirgan liboslaringni?!
Yo‘q, men emas –
shu kengliklarda
yig‘lab-kulib qo‘shiq aytmasam,
ko‘tarmasam seni bir parda,
men men emas – senga qaytmasam!
Qaytajakman qoshingga, ona,
yoshlarimni to‘kkayman taxir.
Onamdirsan axir yagona,
yakka-yolg‘iz otamsan axir.
Ey bo‘g‘zimni yoqqan achchiq bo‘z,
ey sen ruhi ravonim ko‘rki –
gulxanlarda yongan turkiy so‘z,
gulxanlarda yonmagan turkiy!

