Shukrullo. Tirik ruhlar (roman)

Birinchi bob

FARYoD

Yoz kunlaridan biri. Kutilmagan dahshat boshlandi.
O‘zi guvoh bo‘lib, o‘zi ko‘rmagan odam ishonmaydigan voqea yuz berdi. Hozirgina hammayoqni kuydirib turgan jazirama saraton birdaniga qahraton qishga aylandi. Yarqirab turgan quyoshning yuziga qop-qora parda tortilib, osmon tunga burkandi. Ko‘ngilni behuzur qiluvchi ilimiliq shamol keldi-yu, ketidan dam o‘tmay, chang-to‘zon ko‘tarilib, bo‘ron boshlandi. Birpasda hammayoqni o‘nto‘da qilib tashladi. Bu dahshatli uvullagan shamol, tom tunukalarini qaldiratib, uchirib tushirardi. Shovul-shovul yetilgan mevali daraxtlar duv to‘kilib, qarsillab sina boshladi. Avji tush paytida hammayoqni qoplagan qorong‘ilik, bo‘ronning uvullashidan atrofni vahm bosib ketdi. To‘zon aralash tomchilagan yirik-yirik yomg‘ir sharrosga aylandi. Xuddi yonib turgan alanga ustiga suv sepib o‘chirgandek, hozirgina badanlarni kuydirib turgan saraton jaziramasi o‘rniga yomg‘ir bilan kelgan sovuq shamoldan badanlar junjiy boshladi. Shiddatli yog‘gan yomg‘ir bir zumda do‘lga aylandi. Ko‘cha yuzlari, ariqlarda do‘l aralash ayqirib oqqan toshqin
— olamni suv bosgudek — vahm soldi.
Bo‘ron bilan tarsillab oynalarga urilayotgan do‘l dam o‘tmasdan qorga aylanib, ayni qish paytidagidek bo‘ralay boshladi. Dov-daraxtlarning novdalari qor bosib yerga egildi. Ko‘chalardagi pana-panalarda berkinib turgan odamlar kutilmagan bu dahshatdan xayollarini yig‘ishtirib olishga ulgurmasdanoq, mo‘jiza ro‘y bergandek, ufqning bir chekkasida yana lop etib quyosh ko‘rindi. Osmon yuziga qora parda tortgan bulut tarqalib, saraton issig‘i, xuddi hammom eshigi ochilgandek, gup yana yuzlarga urildi. Shamol ham, yomg‘ir ham tinib, quyosh kuydira boshladi. Yerni ola-chalpoq qoplagan, do‘l aralash yog‘gan qordan nam g‘ubor ko‘tarila boshladi. Atrofda nihoyatda noxush manzara paydo bo‘ldi. Dahshatli bo‘ron va jala o‘zidan keyin xonadonlaru bog‘u rog‘larda shoxlari sinib, yerga duv to‘kilib, loyga qorishgan shaftoliyu olmalar, shingil-shapoq bo‘lgan ishkom-ishkom uzumlarni qoldirib ketdi. To‘da-to‘da axlat, ivirsiq qoldirdi. Bu bir nafasgina bo‘lgan, o‘tkinchi ko‘ngilsizligu, bir daqiqalik tabiat yaratgan alg‘ov-dalg
’ov edi.
Bu bir nafaslik!.. Tasodifiy!.. Bir kunlik alg‘ov-dalg‘ov!..
Ammo Xudoyi taolo o‘z bandalarining bugungi quvonchi g‘amga, kechagi to‘yi kutilmaganda azaga aylanishidan o‘zi asrasin!
Asadulla maxsumning oilasi boshiga tushgan dahshatli fojia ham xuddi shunday saraton kunlaridan birida yuz berdi.
Ubaydullaxon otilishga hukm qilinibdi, degan shum xabar kelganda Asadulla maxsumning uyidagina emas, eshitgan qarindosh-urug‘larnikida ham qiy-chuv, yig‘i-sig‘i ko‘tarildi. Asadulla maxsumning bojasi, dardkash do‘sti Yusufxo‘ja qori xotini Zaynabxonni tinchitishga qanchalik urinmasin, faryod ko‘tardi:
«Ukamning qaysi gunohiga bunchalik!.. Sho‘rimiz qursin! Ey Parvardigor!» — degan gapni yig‘i aralash ichki bir dard bilan aytib, shitob o‘rnidan turib, qayoqqadir bormoqchi bo‘ddi-yu, ammo biror yoqqa borish u yokda tursin, qadam bosib uydan ko‘chaga chiqishining ham imkoni bo‘lmadi. Atrofdagilarni vahmga solib, hushidan ketib, jim qoldi.
Ammo bu shum xabarni eshitgan onaning holi ne kechdiykin? Uning ahvolini tasavvur qilib bo‘lmasdi. Avji navqiron yigit chog‘ida vafot etgan o‘g‘li Abdulazizxonning dog‘i yuragidan arimasdan, kutilmaganda yana bir o‘g‘li Ubaydullaxon otishga hukm qilinganligi xabarini eshitgandagi chekkan ohu dodiga chidab bo‘lmasdi.
— Shu niyatda seni tuqqanmidim, bolam!.. Tug‘may o‘lsam bo‘lmasmidi! Xudoga nima yozgandim! Xudo menga dono, dunyoga aqli yetadigan farzand o‘rniga, dovdirroq o‘g‘il berganda bu azoblarga qolmasdim! Dod!.. Dod!.. Bu jafolar, bu ko‘rgiliklar menga kammidi! Xudo, men, bebaxt bandang, senga nima yozgandim?!.
Taskin berolmaysan! So‘z topilmaydi! Birdaniga ikki navqiron o‘g‘lidan ayrilish azobiga chidash osonmi! Xudoning o‘zi to‘zim bersin!
Bu onaning ohu dodini eshitib toshyurak ham bardosh berolmasdi.
Mana, necha yilki, bu onalarning faryodlari, nolalari yuraklarni tilka-pora qilib, quloqlardan ketmaydi.
Hech bandai mo‘minga farzand dog‘ini ko‘rsatmasin! Onam, deb yig‘latsin-u, hech kimni bolam, deb yig‘latmasin. Xudoyo, xudovando, bu ko‘rgiliklarni hech bandaning boshiga solma!
«Bolam sho‘rlikning gunohi nima edi! Gunohi begunohligimi! Dod, bu adolatsizlik, dod bu zulmdan! Zolimlarni uyi kuysin! Iloha, omin!»
Bu faqat Ubaydullaxonning onasi boshiga tushgan ko‘rgilikmidi? Uning faryodimidi?! Yo‘q! 24 yoshida qamalib, Sibir sovuqlarida o‘lib ketgan buyuk iste’dod egasi — shoir Usmon Nosir onasining ham faryodi edi.
Avji kuchga to‘lgan yigit yoshida begunohdan-begunoh xalq dushmani sanalib, otilgan Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Cho‘lponlar… io‘rlik onalarining faryodlari!
Millat uchun, mustaqillik uchun jonlarini fido qilgan buyuk arboblar — Akmal Ikromov, Fayzulla Xo‘jayevlar… onalarining ohu faryodi edi.
Nohaqlik zulmidan bevaqt qatl etilgan, farzandlari dog‘ida ado bo‘lgan onalar o‘sha kunlari O‘zbekistonda o‘n emas, yuz emas, son-sanoqsiz edi!
Qancha-qancha mushfiq onalar farzandlarining diydorlarini ko‘rolmay dunyodan o‘tib ketdilar. U kunni qaytib hech kimning boshiga solmasin!
O, muhtaram onalar!

Hayotda ne alam, fojialar bor!
Odamlar boshida ne-ne ko‘rgulik!
Olamda nima bor buyuk, mo‘tabar —
Farzandlar o‘stirib, ona bo‘lgudek!
Nima bor alamli ona qahridan?
Naqadar achchiqdir — u to‘kkan ko‘z yosh.
Har tong chiqib kelar tunning qa’ridan
Onani ziyorat qilay deb quyosh!

Ubaydullaxonning gunohi bormidi?!
Bunday savol faqat uning uyida yoki qarindosh-urug‘lari orasidagina bo‘lmay, qamalish xabarini eshitgan butun Toshkent shahridagi odamlar, hatto uning uzoq-uzoqlardagi tanishlari orasida aylanib katta shov-shuvga sabab bo‘lgan edi.
— Shunday odam qamalibdimi?
— Otilarmishmi?
— Yo tavba!
— Qaysi Ubaydulla?
— Shayxontovurlik Asadulla maxsumning o‘g‘li.
— Advokat-da!
— Faqat advokat emas, uning qilgan ishlari uncha-muncha odamning qo‘lidan kelmasdi.
— Ubaydulla Xo‘jayevni aytasizmi? Uning qilgan ishlari… bu o‘sha o‘rusning buyuk yozuvchisi Tolstoyga xat yozgan odam-da!
— Ha, o‘sha! Ubaydulla! U zamonlarda Tolstoy asarlarini o‘qish emas, uning nomini, hatto ijodkorlar orasida ham bilganlar kam bo‘lgan bir davrda, uning «Yovuzlikka qarshilik ko‘rsatmaslik» haqidagi dunyoqarashi, falsafasi to‘g‘risida shunday buyuk adib bilan bahslashishga jur’at etish!.. Uning ustiga yana rus tilida, Tolstoyni qoyil qiladigan saviyada yozib, fikr ifoda qilish!
— Bu advokat bo‘lsa, yozuvchi bilan nimani talashgan?
— Millatni!
— Millatni?!
— Ha, millatni! Millatning taqdirini o‘ylashdan boshqa uni dardi bo‘lgan emas. Bo‘lmagan!

«Ko‘p hurmatli Lev Nikolayevich!
Sizni bezovta qilishni aslo istamaganim holda, ammo menga shubhali tuyulgan «yovuzlikka qarshilik ko‘rsatmaslik» masalasida biror aniqlik kiritarsiz degan umidda ushbu maktub bilan Sizga murojaat qilishga jur’at etdim.
Insof nuqtai nazaridan «Yovuzlikka qarshilik ko‘rsatmaslik»ning hech shubhasiz adolatli ekaniga men ham qo‘shilib, unga iqror bo‘lsam ham, ammo quyidagi bir holatda qanday munosabatda bo‘lish kerakligi meni o‘ylantirib qo‘yadi:
«Yovuzlikka qarshilik ko‘rmaslik»ning adolatli ekaniga shuning uchun ham iqrormanki, bu Injilga bo‘lgan diniy maylim yoki Muhammad dinidagi odam bo‘lganim uchun emas, balki bu mening tushunchamga to‘g‘ri kelganligidan ham, albatta.
Mening tushunishimcha, «Yovuzlikka yovuzlik qilma»ning negizida quyidagi bir haqiqat yotadi: mabodo kimdir bir yomonlik qilgan bo‘lsa, shu bilan u bitta yomonlik qilgan bo‘ladi, mabodo men unga qarshilik qilsam yoki yovuzlikka yovuzlik bilan qaytarib qasos olmoqchi bo‘lsam, unda, tabiiy, bir yomonlikdan ikkinchi yomonlik paydo bo‘ladi va hokazo. Agar men yomonlik ko‘rsatmasam edi, bir yomonlik yomonligicha qolib, ikkita bo‘lmasdi, ya’ni yovuzlik kamroq bo‘lardi. Bularning hammasidan xulosa shuki, yomonlikka yomonlik qilmaslik bilanmi yoki boshqa bir yo‘l bilanmi, xullas, qanday qilib bo‘lmasin, yovuzlikni kamaytirish chorasini qilish kerak. Agar xulosa shu deydigan bo‘lsak, quyidagi holatda qanday munosabatda bo‘lishimiz kerak:
Menga tanish bir misolni keltirib ko‘raylik: kimdir dahshatli bir yovuzlikni boshlamoqchi: masalan, bir uy yoki shaharni, yoki poyezdnimi, kemani halokatga uchratmoqchi va hokazo… Shubhasiz, bu yuzlab, minglab kishilarning halokatiga sabab bo‘ladi. Albatta, men insoniy axloq yuzasidan buning oldini olish chorasini topishga majburman. Ammo u o‘z yovuz niyatini amalga oshirishdan oldin, uni bartaraf etish uchun meni o‘sha yovuzni yo‘q qilishdan boshqa choram qolmaydi.
Albatta, men u yovuzni yo‘qotib yuzlab, minglab odamlarning hayotini saqlab qoldim, degan bahona bilan o‘z qilmishimni oqlamoqchi bo‘laman. Inchunin, men qilgan yovuzlik qilinadigan katta yovuzlik oldida kichik narsa bo‘lib qoladi. Chunki u katta talofatlar keltirishi mumkin bo‘lardi. Shuning uchun men buni yovuzlik deb emas, aksincha, katta falokatni, yovuzlikni oldini olish, yovuzlikni kamaytirish omillaridan biri bo‘ladi, deb bilaman.
Mening mulohazalarim shulardan iborat, bu qanchalik to‘g‘ri, bilmadim, uzoq ikkilanishlardan keyin bu haqda biror tushuntirish berar degan niyatda sizga murojaat etishga jur’at etdim.
Agarda o‘z tushuntirishlaringiz bilan men uchun nihoyatda muhim sanalgan va noaniq bo‘lgan bu masalaga yorqinlik kiritsangiz, men Sizdan umrbod minnatdor bo‘lardim.
Mening turar joyim:
Saratov shahri, passaj, d. Yurenkova. Yurid. otdel. Ubaydulle Asadullayevichu Xodjayevu.»
Sizga samimiy sadoqat bilan, musulmon:
U. As. Xodjayev. 29 may, 1909 yil. Saratov shahri.

Bu maktubni Ubaydullaxon yozganda, jahonga dong‘i ketgan Tolstoy saksonga borib qolgan, kuniga dunyoning har tomonidan yuzlab xatlar kelib, hammasini o‘qishga, hatto imkoni bo‘lmagan bir mahalda, olis turkistonlik o‘zbekning maktubiga javob qaytarishni lozim ko‘rishi!.. Bu bekorga emas! Mana uning javobi:

Yasnaya Polyana. 1909 yil 5 iyun.
Ubaydulla Asadullayevich.
Siz mendan so‘rabsizki, bir kimsaning ko‘p odamlarga yovuzlik qilish niyati ma’lum bo‘lsa, u taqdirda qarshilik ko‘rsatmaslik haqidagi ta’limotni tan olgan kishi nima qilishi kerak? Ko‘pchilik halokatining oldini olish uchun o‘sha bir kishiga nisbatan zo‘rlik qo‘llash ma’qul emasmi?
Afv etasiz, bu savolingiz, ko‘plarning shu xildagi savollari tsingari, haqiqatni bilish istagidan emas, aksincha, haqiqat deb hisoblangan narsani ado etmaslikni oqlash istagidan kelib chiqqan. Insonga mehr-muhabbat haqidagi ta’limot qarshilik ko‘rsatmaslik tushunchasini ham o‘z ichiga olib, u inson intiladigan idealni bildiradi. Idealni taomilning oddiy qoidasi deb bilish esa katta xato yoki o‘z-o‘zini aldashdir. Bu hayotda hech qachon to‘la erishib bo‘lmaydigan yetuk kamolotni talab etuvchi idealgina ideal bo‘la oladi. Lekin u hayotga rahnamo sifatida zarurdir, hayotda erishib bo‘lmaydigan ana shu kamolotdan dalolat bergandagina zarurdir. Mehr-muhabbat ideali haqida ham shuni aytish mumkin. Qarshilik ko‘rsatmaslik tushunchasini ham o‘z ichiga oladigan mehr-muhabbat talab etish — hech vaqt to‘la ado etib bo‘lmaydigan narsadir, shuning uchun uni ado etishga intilish ham kerak emas, degan mulohaza menga kompas tutgan shunday bir odamni eslatadi: yo‘lda manzilingga tikka bor, deb uning qo‘liga kompas tutqazganlar
, u bo‘lsa, kompas ko‘rsatgan to‘g‘ri yo‘lda o‘tib bo‘lmaydigan to‘siqlar — tog‘lar, daryolar va hokazolar bor, shu sababdan ham men mumkin qadar mutlaqo to‘g‘ri yo‘nalishga tushib olish uchun kompasga rioya qilib o‘tirmay, boshim og‘gancha chetga qarab ketaverishim mumkin, deb turib oladi. Qarshilik ko‘rsatmaslikni ham o‘z ichiga oladigan mehr-muhabbat masalasida esa kompas doimo odamga nima qilish kerakligini (sayyohga yo‘nalishni) ko‘rsatadigan axloqiy-diniy tuyg‘udir; odamning xatti-harakatidan kelib chiqadigan okibatlar esa hech qachon uning o‘ziga ayon bo‘lmaydi. Shunga ko‘ra, sayyoh uchun kompas ko‘rsatgan mutlaq to‘g‘ri yo‘nalishga mumkin qadar yaqinroq yurish birdan-bir rahnamo bo‘lganidek, axloqiy idealga mumkin qadar yaqin bo‘lishga intilish — inson uchun birdan-bir rahnamo bo‘lishi kerak…
Savolingizga bergan bu javobim Sizni qanoatlantira olsa g‘oyat xursand bo‘lur edim.
Lev Tolstoy

Ubaydullaxon nega Tolstoyning badiiy asarlaridan olgan o‘z taassurotlari, uning nuqson va afzalliklari haqida emas yoki unga minnatdorchilik bildirib emas, inchunin, uning dunyoqarashi, «yovuzlikka qarshilik ko‘rsatmaslik» g‘oyasi bilan qiziqadi? Nega? Nima majbur etgan?
Ubaydullaxonning xat yozishdan birdan-bir ko‘zlagan maqsadi bitta edi. Ya’ni hurmatli Lev Nikolayevich, Sizning g‘oyangiz bo‘yicha, Chor hukumati Turkiston xalqlarini o‘z erkiga qo‘ymay, xoxdagancha ezabersin! Zulm o‘tkazib, mustamlaka qilib, boyliklarini talaybersin! «Yovuzlikka yovuzlik qilmaslik kerak» deb indamay, kurashmasdan taqdirga tan berib qarab o‘tirabersin, degan xulosa chiqmaydimi — demoqchi bo‘lgan. Chiqargan xulosasini qara! Mana millatga jon kuydirish!
Tolstoyga xat yozganini aytamiz. Oltmishga yaqinlashib, qamoq azoblarida ezilib, jismonan zaiflashib qolgan bir holatda, nega ingliz yozuvchisi Kiplingning hayvonlar hayotidan olib yozilgan «Maugli» asarini tarjima qilishga tutindi? Hayvonlar hayoti bilan o‘zini ovutib, qamoqni unutish uchun ermakka qildimi? Yo‘q, Xudo rahmat qilsin, faqat dardi millat bo‘lgan! Turkistonni mustamlaka zulmidan ozod qilish bo‘lgan! Hayvonlar orasiga kirib qolgan inson bolasi Maugliga hatto hayvonlar, o‘z jinsiga borishni istasa, mayli, borsin, deb unga erk beradilar, ixtiyoriga qo‘yib yuboradilar. Hayvonlarga erk beradilar! Bizni oramizda o‘sding, seni boqib katta qildik, endi hech qayoqqa ketmaysan, deb zo‘rlamadilar-ku! Hayvonlar orasida shunday erkinlik bo‘lsa, hayvonlar o‘zlari yashaydigan bedaxl maydonlariga ega bo‘lsa, nega sovet hukumati o‘shanchalik ham o‘zbeklarni o‘z erkiga qo‘ymaydi! Mustaqillik bermaydi? O‘zbek xalqi shunchalik ham mustaqil, o‘z yurti, o‘z qavmlari bilan yashash huquqiga ega emasmi, degan fikrni xal
qining yodiga solish, erkinlik, ozodlik haqida o‘ylatish, juda bo‘lmasa, hayvonlar hayotidan ibrat oling, demoqchi edi. Mana millatga jon kuydirish!
Butun umr xalqining takdirini o‘ylasa-da, shunday odam otilishga hukm qilinsa!.. Dunyo tamom bo‘ldi!

Romanning to‘liq matnini PDF formatda saqlab oling