Raimqul Suyarov. Qo‘rquv bor (hikoya)

Hammasi tushlikka yaqin boshlandi. Xayolida yer silkinayotganday bo‘laverdi. Bir qarshisidagi kompyuterga, bir shiftdagi lampaga qaradi-yu, shartta ko‘zlarini yumib oldi va boshini changallaganicha, stolga engashdi. Nazarida, yer asta-sekin qimirlayapti. Mana, o‘zi o‘tirgan kreslo ham ohista tebrana boshladi. Hozir hammasi tamom bo‘ladi, shahar ostin-ustun bo‘lib ketadi. Shu payt bug‘iq g‘iyqillab turgan kreslodan “puss”, degan tovush chiqdi-yu, ola-tasir bo‘lib qoldi. Kreslo cho‘kishi barobarida, jon holatda o‘rnidan turib ketgan Po‘latning ko‘z oldi qorong‘u edi. U yuragi yorilgudek bo‘lib, atrofiga alangladi. So‘ngra yer silkinmayotganini o‘zicha tusmolladi va qo‘rqa-pisa ortidagi deraza tomonga burildi. Osmon bulut ekan, yomg‘ir isi ham kelyapti, xayolidan o‘tkazdi. U bir zum derazadan shaharga termulib turdi. Hadik hali ham ko‘ngilni tark etmagan ekanmi, tezda xonadan chiqmoqchi bo‘ldi-yu, boshini eshikka urib oldi va og‘riqning zo‘ridan ingrab yuborayozdi. Shundagina xayoli biroz joyiga keldi.
Po‘lat ishxonasidan chiqib, sayilgoh tomon yurar ekan, kecha nimalar bo‘lganini birma-bir eslashga urindi. Lekin harchand urinmasin, uddasidan chiqolmadi. Uning boshi g‘ovlab ketganga o‘xshardi. Ba’zi narsalar elas-elas yodiga tushardiyu, qo‘rqib ketardi va darhol qoshlarini chimirganicha butun vujudi bilan eslamoqqa tirishardi. Xotirani titkilagani sari battar g‘amga cho‘mardi: “Balki.., balki unday bo‘lmagandir, yo‘g‘ay, Xudo saqlasinay, ehtimol bu tushdir!?”
Po‘lat yig‘lamoqdan beri bo‘lib sayilgohning xilvatroq joyidagi o‘rindiqqa borib cho‘kdi va ko‘zlarini yumganicha, kechagi kunga la’natlar aytdi. Ichkilik ta’siridagi horg‘inlik, qarama-qarshi o‘ylar ham ruhan, ham jismonan toliqtirgan emasmi, ko‘zlari yumilib-yumilib ketaverdi. Endi ko‘zi ilingan ham ekanki, cho‘chib uyg‘ondi, go‘yoki o‘rindiqdan sirg‘alib tushib ketayotganday bo‘ldi. Shundan so‘ng ba’zur o‘rnidan turib, esnaganicha atrofiga nazar soldi, cho‘ntagidan qo‘l telefonini olib, soatiga qaramoqchi bo‘ldi, birdaniga telefoni kecha yo‘qolgani esiga tushdi.
Po‘lat ishxonasi tomon qadam tashlarkan, biroz qorni ochganini his qildi, boyagi horg‘inlik, vahimali o‘ylar sal chekingandek tuyuldi. Go‘yoki, bir lahzalik uyqu qo‘rquvni quvgandek edi. Sal yurgach, tag‘in kechagi voqealarni o‘ylashga tushdi. O‘ylashi barobarida yuragida yana og‘riq turdi. Endi bo‘lib o‘tgan voqealar xotira puchmoqlarida ancha tiniq jonlanib, bari birin-ketin esga tusha boshladi…

* * *

Po‘lat oldinlari onasi qayta-qayta ta’kidlab aytadigan zahar-zaqqumdan umuman tatib ko‘rmagandi. Negadir tatib ko‘rishdan ham qo‘rqardi. Chunki otasi esini tanibdiki, ichar, bundan butun boshli oila aziyat chekib kelardi. Onasining oh-zorlari, kunda-kunora yig‘i-sig‘isi yurak-bag‘rini qon qilib yuborgan bo‘lsa, otasining bu yurishidan qattiq uyalardi. Sinfdoshlari oldida o‘zini go‘yoki aybdor his qilar, bemalol ichidagini tashiga chiqara olmas, xullas, qisinib-qimtinib yurishga majbur edi. Hayot shu tarzda davom etaverdi. Po‘lat bor alamini kitobdan oldi, tunlari uxlamay qo‘shni qishloq maktabi kutubxonasidagi kitoblargacha o‘qib chiqdi. Darslarni yaxshi o‘zlashtirdiki, maktabni tugatib, sinfdoshlari ichidan bir o‘zi nufuzli oliygohga o‘qishga qabul qilindi. Bundan onaning quvonchi cheksiz bo‘ldi, qo‘ni-qo‘shni, teng-to‘sh barchaning havasi keldi. Otaning ko‘kragi yanada kerildi, ulfatchiligi avjiga mindi, o‘zi ishlaydigan marmar konidan oltin topgandek behad sevinib yurdi. O‘g‘lini bag‘riga bosib, ulfatlariga maqtadi, boshi osmonga yetdi…
Kunlar shu zayl o‘taverdi. Po‘lat oliygohda ham yaxshi o‘qidi. O‘qishdan bo‘sh paytlari mardikorchilik qildi, talabalikning totli onlariniyu, bor mashaqqatlarini boshidan o‘tkazdi. Oltin davr ham ko‘z ochib, yumguncha o‘tib ketdi. Shundan so‘ng u tahririyatga ishga kirdi. Dastlab qishloq sog‘inchi ufurib turgan qatralari gazetada bosildi. Bolalikdagi yorqin xotiralari, sodda, to‘pori qishloqdoshlarining yuz-ko‘zlari, gap-so‘zlari uni zavqlantirdi, ijod qilishga undadi. Yozgan katta-kichik hikoyalari tezda tilga tushdi. U ana shunday ijod zavqidan sarmast bo‘lib yurgan kezlarda shaharning bir chetidagi bog‘chalardan birida ham bog‘bon, ham qorovul bo‘lib ishlaydigan sinfdoshi Pardaboy qo‘yarda-qo‘ymay mehmonga taklif qildi. Po‘lat mehmonga yolg‘iz bormadi. O‘zi tengqur bir shoirtabiat hamkasbini ham olib bordi. Shoirtabiat hamkasbi unchalik tanilib, ulgurmagan bo‘lsa-da, lekin o‘zi tengilar ichida shoirlikka asosiy da’vogarlardan edi. Uning asosiy yutug‘i kamroq yozardi. Bo‘lar-bo‘lmas narsalarni qoralab, u yoqdan buyoqqa ko‘tarib chopmasdi. Haddi-yu o‘rnini bilibgina harakat qilardi. Po‘lat ham uni shu fe’li sabab hurmat qilardi. O‘z o‘rnida shoirtabiat hamkasbning ham Po‘latga hurmati baland edki, bu ham bejiz emasdi. Bir tomondan ikkalasi ham dashtning yigitlari. Havosi ham, lahjasi ham deyarli bir xil. O‘sha bolalikdan qiru adirlarda qo‘y-qo‘zining ortidan poyi-piyoda kezib ulg‘aygan yigitlar! Ikkinchi jihati, Xudo Po‘latni ham iste’dod atalmish ne’matdan qismagan. Yuqorida sha’ma qilib o‘tganimizdek, yozgan hikoyalari allaqachon tilga tushgan. Lekin u ham kam yozadi. Yozganlaridan nishxo‘rd kamroq chiqadi. Ko‘pchilik tengqurlari undan hayiqibroq ham turadiki, bu ham uning yozuvchi sifatidagi didu farosatini ko‘rsatib turadi…
Xullas, uchovlon belgilangan vaqtda uchrashib, Pardaboy aytgan kafega borishdi. Gurung baland kayfiyatda boshlandi. Po‘lat Pardaboyga shoirtabiat hamkasbi Norqul Hasanni tanishtirdi. Norqul Hasanga Pardaboy haqida yo‘l-yo‘lakay gapirib kelgani uchun qisqa qilib yana qayta tanishtirdi.
Pardaboy anchadan beri qishloqqa bormay yurgani uchunmi jo‘rasini ko‘rib, yayrab ketdi. Uni ketma-ket so‘roqqa tuta boshladi. Ishi, ro‘zg‘ori, hol-ahvolidan o‘tib, qishloqdagi yangiliklardan so‘radi. Bolalik, maktab davrlari yodga olindi, xayol qishloqqa, dashtu adirlarga ketdi. Gurung qiziy boshladi. Pardaboy aytdiki, jo‘ra, bugun biir qishloqni eslab, piyolada ichamiz. Odam qishloqni sog‘indi. Sen bilan ko‘rishmaganimizgayam ming yil bo‘ldi. Bugun bir cho‘lga, qovun o‘g‘irlikka borganlarimizni eslab, bir otamlashaylik, oshna!..
Pardaboy ofitsiantni chaqirib, kabobu gazagi bilan anavi o‘lgurdan bir shisha buyurtma qildi va mana bularni yig‘ishtirib oling, bizga o‘zimizning piyoladan bering, deya qadahlarni qaytarib berdi. Ofitsiant chaqqongina ekan, bir zumda aytilgan narsalarni keltirdi. Bog‘chada kechqurunlari oz-moz otib o‘rgangan emasmi, Pardaboyning shishani ko‘rib yana ham kayfiyati ko‘tarildi. Qo‘llarini bir-biriga ishqalaganicha shishani ochmoqqa chog‘landi. Shisha o‘lgur ham osonlikcha ochilmas ekan, sanchiqini ishga solishga to‘g‘ri keldi. Pardaboy shishani ochib, piyolalarga yarimlatib quydi va mehmonlarga qani, kabobning tagidan bitta-bitta olaylikchi, deya uzatdi. Po‘lat avvaliga unamadi: jo‘ra, shoir ikkovlaring olaveringlar, men ichmayman, dedi.
Pardaboy qo‘lida piyola e, qo‘ysangchi, oshna, bunaqamasda, o‘n yil bir partada o‘tirganimiz qayda qoladi?
– Mana, shoirdan ham so‘ra, shu paytgacha umuman ichmaganman, dedi Po‘lat. Lekin negadir ich-ichidan ichish istagi ham paydo bo‘la boshlagan, o‘zi aytmoqchi, shayton yo‘ldan urmoqchi edi.
– Ee, qo‘ysangchi, Po‘lat! Ol, qo‘limni qaytarma!.. Zabtiga oldi Pardaboy.
Po‘lat uning qistovi bilan piyolani bir ko‘tarishda bo‘shatdi. Ichi yonib ketgandek tuyuldi. Birozdan so‘ng yuzi qizarib, ko‘z oldi qorong‘ulashdi. Nima bo‘layotganini tushunolmay, bir muddat garang bo‘lib o‘tirdi. Keyin birdaniga bo‘shashdi, kayfiyati ko‘tarila boshladi. Pardaboy kabobdan olishga undaganicha yana quydi. Po‘lat yana ikki-uch qo‘l oldi-yu, tanasiga sehrli bir kuch quyilib kelayotganini asta-sekin seza boshladi. Gurung endi qizigandan qiziy boshladi. Shu paytgacha ko‘p ham gapga aralashmay o‘tirgan shoirning ham til tuguni yechildi. Pardaboy bilan ham xuddi eski qadrdonlarday apoq-chapoq bo‘ldi, qoldi. Orada shishaning ikkinchisi ochildi, shoir to‘rt qator she’ri bilan tilak aytdi. Shundan so‘ng kayfi osha boshlagan Po‘lat aytdiki, mazza ekanku! Quy, jo‘ra, to‘ldirib-to‘ldirib quy!!!…
Po‘lat ertasi kuni “Uh, enag‘ar Pardaboy! Qayoqdanam sen kasofatga yo‘liqdim-a, qay go‘rdanam senga duch keldim-a!? Ishim ko‘p, chiqolmayman, desam o‘lamidim-a!?”, deya afsus bilan boshini chayqadi. Lekin shu-shu uzatilgan “qo‘l”ni qaytarmaydigan bo‘ldi. Buning evaziga esa takror va takror maqtovlar bilan siylandi. Asta-sekin davralaru davradoshlari safi kengaya bordi. Katta-kichik ziyofatlaru choyxonalardan tortib to‘ylarda ham qadah so‘zlarini qoyillatib aytar, bundan ko‘ngli tog‘day o‘sardi. Bora-bora doimiy ulfatlar paydo bo‘ldiki, ish vaqti tugab, kech tushishini kutish odatga aylandi. Qosh qorayishi bilan shaharning goh u yerida, goh bu yerida har kungi ulfatlar yig‘ilar, qizg‘in gurunglarda shishashalarning keti uzilmasdi. Bunday davralar allamahallargacha davom etar, kim, qanday uyiga yetib olganini ko‘pincha eslay olish imkoni bo‘lmasdi. Hayot shu tarzda davom etaverdi. Po‘lat avvaliga bunday yashash yaramaydi, deya turli bahonalar topib, ulfatlardan bir muddat uzoqlashmoqchi ham bo‘ldi. Lekin uddasidan chiqa olmadi. Ulfatlarini, qizg‘in davralarni qumsayverdi. Oxiri ko‘nikdi. Hayot shunday davom etishi kerakdek yuraverdi. Jamoada “to‘ygan qo‘zidek yigit”, deya nom olgan Po‘lat asta-sekin butunlay boshqa odamga aylandi. Endi u avvalgidek ertalablari turib ishga bormas, topshiriqlarni o‘z vaqtida bajarishga ham ulgurmasdi. Ishga kechikib kelib, turli bahonalarni to‘qir, bundan zarracha ham vijdoni qiynalmasdi. U kecha, ziyofatdan qaytishda bo‘lib o‘tgan voqelarni ham tirishib eslashga harakat qilar ekan, biror bir jo‘yali bahona topishga urinardi.

* * *

Tun yarmida uyga kayfi taroq bo‘lib kelib, uxlab qolgan Po‘lat choshgohlarda ming bir xavotiru hadik bilan uyg‘onib ketdi. Atrofga alangladi, uyda hech kim yo‘qligini tusmolladi. Ba’zur o‘rnidan turib, gandiraklab oshxonaga kirdi va sovuq suv jumragini buradi. Kaftlarini to‘ldirib muzday suv ichar ekan, nafasi qaytdi. Boshini ko‘tarib, chuqur nafas oldi, boshidagi og‘riqni his qildi. Sovuq suvga boshini tutdi, xiyol ko‘zi ochilib, o‘ziga keldi. Soat necha bo‘libdi, degan o‘yda yotgan joyiga kirib, qo‘l telefonini qidirishga tushdi. Lekin topa olmadi. Televezorni yoqdi, soati chiqib turadigan kanalga oldi. Soat to‘qqiz yarim bo‘libdi, to‘qqizda tadbirga borishim kerak edi, endi ulgurmayman, o‘yladi va hafsalasizlik bilan kiyina boshladi. Ishga borish kerak!.. Po‘lat o‘yladi, tadbirga bormaganimniku sezdirmasman, sezib qolsa ham bir amallab vaj toparman. Lekin kecha bo‘lib o‘tgan voqelar ishxonaga, rahbarga yetib kelgan bo‘lsa-chi? O‘ylashi barobar joni bo‘g‘ziga kelaverdi, nafas olishi qiyinlashib, to‘xtovsiz uf tortaverdi.
Po‘lat boshi shishib, ming bir xayollar bilan ko‘chaga chiqib, taksi to‘xtatdi va ishxonasi manzilini aytib, mashinaga o‘tirdi. Ellik qadam yurilmadi hamki, haydovchi sekin gap boshladi: aka, kecha rosaaa bo‘ganmi, deyman, buruqsib isi kelayapti…
Po‘lat birdaniga qizardi, o‘zini noqulay his qilib, shu yerda ham bir yolg‘on gapirdiki, ha, kecha bir ulug‘ yozuvchining otini aytib, shuning tug‘ilgan kunida bo‘ldik, g‘oyibona ustozimiz edi, hurmatiga rosa ichibmiz. Haydovchi aynan shu ulug‘ yozuvchining Sebzor tarafdagi ko‘p qavatli uylardagi eski xonadonini sotib olib, shu-shu ulug‘ yozuvchi bilan bordi-keldini yo‘lga qo‘ygan ekanki, uning tug‘ilgan kunlariga borib turarkan. Shartta dangalini aytdi, aka, nima keragi bor, yolg‘on gapirishning. U odam ayni qirchillagan qishda tug‘ilganu, biz har yili boramizku uyiga, Qorasuv tarafda hovlisi bor…
Po‘lat yer yorilmadi-yu, yerga kirib ketmadi. Bir zum kalovlanib qoldi. Uyat o‘limdan qattiq, deganlaridek, vaziyatdan silliq chiqib ketmoqchi bo‘ldi va aytdiki:
– Aka, ulug‘ yozuvchi asli qovun pishig‘ida, cho‘lda tug‘ilgan, kindigini onasining o‘zi kesgan. Keyinchalik, cho‘lda ishlar sayabir bo‘lgach, qishda otasi borib hujjatini olib kelgan. Shuning uchun ulug‘ yozuvchi yiliga ikki marta tug‘ilgan kunini nishonlaydi. Qishdagisi rasmiy doiralar uchun, kuzdagisi qarindosh-urug‘, yaqin og‘aynilari uchun. Bunga hech ajablanishning hojati yo‘q.
Po‘lat o‘zi to‘qigan yolg‘ondan o‘zicha mamnun bo‘lib, zimdan haydovchiga ko‘z tashlasa, haydovchi miyig‘ida kulib kelayapti. Bir jahli chiqdi, shartta mashinani to‘xtatib, yarim yo‘lda tushib qolmoqchi ham bo‘ldi. Nachora, tusha olmadi, kechagi bo‘lib o‘tgan voqealarni o‘ylab sillasi qurigandi. U ishxonasiga kelgach, ostonadan qo‘rqa-pisa hatladi. Harqalay koridorda hech kim yo‘q ekan. Tez yurib, xonasining eshigini ochdi va kira solib ichidan qulflab oldi. G‘amgin, ichiga chiroq yoqsa yorishmaydigan holatda xona to‘ridagi kresloga o‘zini tashladi va ko‘zlarini yumganicha kechagi voqealarni yana eslashga tushdi.

* * *

Hammasi tushlikdan keyin oydinlashdi. Po‘lat yuragi taka-puka bo‘lib o‘tirgan edi, eshik ochilib, kotiba ko‘rindi va bosh muharrir so‘rayotganini aytdi. Po‘lat rangi-quti o‘chib, dovdirab muharrirning xonasiga kirdi. Qarasa, muharrirning chiroyi ochiq, hech narsa bo‘lmagandek, keling, o‘tiring, deya imo qildi. Po‘lat badtar ajablanib, sekingina stulning bir burchiga o‘tirdi. Muharrir hol-ahvol so‘rashgach, shu kunlardagi muhim bir sana munosabati bilan kattaroq maqola tayyorlashi, maqola pishiq-puxta bo‘lishi kerakligini tayinladi. Po‘lat yana nima gap, degandek birpas kalovlanib turdi. Shunda muharrir: bo‘ldi, shu topshiriq edi, yaxshilab tayyorlang, dedi.
Po‘latning birdan ichi yorishdi va ildam qadam tashlaganicha xonadan chiqdi. U qushday yengil tortgandi, ichkilik ta’siridagi qo‘rquv, shubha-gumonlar ancha bosilgandi. Vahima, hadik nari surilishi barobarida xotira ham tiniqlasha bordi: Shesh kafe, ulfatlar davrasi, tushib qolgan telefon, bir chashka kofe, taksi…bari birma-bir yodga tusha boshladi.
Po‘lat anchayin o‘ziga kelgach, o‘ylab qarasa, kecha unchalik ham vahimaga tushadigan kor-hol bo‘lmagan, melisa obketmagan yoki biror kim bilan to‘balashilmagan, faqat qo‘l telefon qayerdadir tushib qolgan. Lekin baribir ertalabdagidek bo‘lmasa-da, ichki qo‘rquv, hadik hamon bor ko‘ngilda, la’nati ichkilik ta’siridagi qo‘rquv!
Po‘lat bu qo‘rquvni yenga oladimi yoki bu qo‘rquv uni bir umr ta’qib qiladimi? Buni hayot ko‘rsatadi…