“Guliston” jurnalining avgust sonida Erkin A’zamning “Qahratonda gul ko‘tarib” hikoyasi chop etildi.
“Nima bo‘pti, – deysiz siz, – Erkin A’zam biror narsa yozsa, har qanday nashr ko‘ziga surtib chiqaradi”.
To‘g‘ri, biroq e’tirozingizdan sezib turibmanki, siz yaqin-o‘rtada “Guliston”ni varaqlab ko‘rmabsiz. Avval ko‘ring!
Jurnalning yangi, yanada ko‘rkam qiyofa, ma’no-mazmun kasb etib, adabiyot, ma’naviyat va madaniyat ahlining nufuzli minbariga aylanib borayotganini ko‘ring! Sahifalaridan, Asqad Muxtor bosh muharrir bo‘lgan davrlardagidek, yana mashhur adiblarning asarlariga mo‘l-ko‘l joy ajratayotganini ko‘ring!
Shu kunlarda muborak yetmish yoshini ijodiy rejalarga to‘lib-toshgan holda kutib olayotgan Erkin A’zamning hikoyasi – ulardan biri.
Ayni paytda, men e’tiboringizni qaratmoqchi bo‘lgan gap mashhur yozuvchimizning yubileyida ham, o‘z vaqtida mazkur jurnalda ishlash sharafiga muyassar bo‘lganida ham emas.
Aslida, qayd etilganlarning o‘zi ham mamlakatimizning ijtimoiy-madaniy, ma’rifiy va adabiy hayotidagi quvonishga, faxrlanishga arzigulik yangiliklar!
Negaki, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Erkin A’zamdek romanlari, qissalari va hikoyalari ko‘plab tillarga tarjima qilingan, asarlarining xalqaro taqdimotlari G‘arbu Sharqning eng yirik shaharlarida mutaraqqiy olamning atoqli jamoat, fan va madaniyat arboblari, munaqqidlari ishtirokida o‘tkazilgan zabardast adiblar nafaqat Vatanimizda, balki xorijda ham ko‘p emas. O‘sha tadbirlarning ayrimlaridan nufuzli ommaviy axborot vositalari tarqatgan xabarlarga e’tibor bering: “Bugun yozuvchining ijodi mustaqil O‘zbekistonning iqtidorli yosh ijodkorlari uchun o‘ziga xos adabiy maktab bo‘lib xizmat qilmoqda”; “Asarlari adabiyot va san’at ixlosmandlari tomonidan doimo yuksak qadrlanadi. Ularda ilgari surilgan ezgu g‘oyalar va orzular avlodlarni insonparvarlik, ozodlikka intilish va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qilmoqda”.
Sanalganlarga Erkin A’zamning yirik xalqaro kinofestivallarda yuksak e’tiroflarga sazovor bo‘lgan “Dilxiroj”, “Erkak”, “Parizod”, “Suv yoqalab” kabi badiiy filmlarga yozgan stsenariylarini, manaman degan teatrlarda sahnalashtirilgan “Jannat o‘zi qaydadir”, “Tanho qayiq”, “Farrosh kampirning tushi” kabi pesalarini qo‘shing!
Atoqli adibimiz kamtarinlik bilan “menga ko‘proq miskinlik yoqadi” desa-da, nafaqat ijodda, balki ijtimoiy-siyosiy hayotda ham doim faol. Buni ketma-ket ikki marta parlament deputati bo‘lgan kezlari endi istiqlolga erishgan davlatimizning ilk qonunlarini qabul qilishga qo‘shgan ulkan hissasi aytib turibdi. Buni Milliy axborot agentligi – O‘zA bosh direktorining birinchi o‘rinbosari sifatida mamlakatimizning axborot mustaqilligini ta’minlash borasida chekkan zahmatlari, “Guliston”, “Yoshlik”, “Tafakkur” kabi mashhur jurnallarda, yirik nashriyotlarda tahrir san’atini milliy mezon darajasiga ko‘targan muharrirlik faoliyati aytib turibdi.
“Bir ishga qo‘l urdingmi, pishiq-puxta, toza qil, aksincha, ovora bo‘lib o‘tirma!” Bunday printsipga qat’iy amal qilib yashash kishidan naqadar katta sabot, fidoyilik talab qilishini adibning safdoshlari juda yaxshi bilishadi.
Joyi kelganda adib ijodining yana bir yorqin qirrasi – publitsistik asarlariga to‘xtalmasdan o‘tolmayman. “Umri kapalaknikidek qisqa” deb anchayin mensimay qaraladigan mazkur janrda ham el-yurtimizda yuz berayotgan o‘zgarishlarga ko‘pchilikning e’tiborini qaratish, yillar, zamonlar silsilasiga bemalol dosh bera oladigan asarlar bitish mumkinligiga yozuvchining “Ertalabki xayollar” kitobi yaxshi misoldir. Mazkur kitob bozori chaqqon matoh – yaltoqlanish va sitoyishlardan butkul xoli. Ayni choqda, unga jamlangan maqolalar, esselar, safarnomalar, adabiy o‘ylar, xotiralar, gurunglar – barchasi zamondoshlarimiz, bir so‘z bilan aytganda — Inson haqida. Janri, mavzusi, hajmi va chop etilgan vaqtidan qat’iy nazar, barchasini buyuk bir tuyg‘u – Vatanga muhabbat, yurt ozodligi va mustaqilligini mustahkamlashga ezgu da’vat birlashtirgan.
Hozir – alg‘ov-dalg‘ov, hovliqma bir zamon. Kimning kimligi sinovdan, imoni chig‘iriqdan o‘tayotgan payt. Lekin biz kim bo‘lishimizdan qat’i nazar, “shu yurtsiz, shu elsiz hech kim, hech narsa emasligimiz haqiqat”. Adib el-yurtiga yuksak farzandlik mehri bilan ta’kidlaganidek, “Mustaqillik – fuqaroning ko‘nglini to‘q tutadigan erk, iftixor. Ana shu tuyg‘ugina uni Vatanga beminnat xizmat qilmoqqa, zarur bo‘lsa, Vatan yo‘lida jonini fido etmoqqa undaydi”. Andisha shuki, hushyorlik, Vatan taqdiriga daxldorlik va fidoyilik har birimizning ezgu a’molimizga aylanmog‘i, “har kim o‘z o‘rnida turib, o‘z ishini astoydil ado etmog‘i darkor. Vatan ana o‘shanda yuksaladi”. Hayotimiz yanada tinch, xotirjam bo‘ladi. “Tomoshabinlik teatrda yarashadi”.
Aslida, men e’tiboringizni qaratmoqchi bo‘lgan gap “Qahratonda gul ko‘tarib”ning aynan “Guliston”da, aynan shu kunlarda ilk bor muxlislar hukmiga havola etilgani haqida.
Hayratlanarlisi shundaki, hikoya bundan qariyb 45 yil burun yozilgan: “Radioda ishlab yurgan kezlarim (1976 yil boshida) yozganim, yoziboq unutilmas do‘stim, shoir Muhammad Rahmonga o‘qib berib, maslahat so‘raganlarim yodimda. Endi o‘ylasam, xuddi o‘sha kunlar “Guliston” jurnaliga xizmatga o‘tgan ekanman…”
Oqsoqol adibimizning yigirma besh yoshda yozgan asarini bir zarb bilan o‘qib chiqasiz. Keyin yana, bu gal shoshilmasdan, o‘qigingiz keladi va aytasiz: “Ajabo, go‘yo kecha oqshom yozilgandek!”
O‘ylab ko‘rsak, qiziq bir manzara namoyon bo‘ladi: o‘tgan yillar mobaynida dunyoi dunda necha saltanatlar, tuzumlar, g‘oyalar, mafkuralar, qonun-qoidalar, tutumlar, talablar o‘zgaribdi. Necha hukmdorlar kelib-ketibdi. Qancha suvlar oqib o‘tibdi. Qanchadan- qancha jozibador g‘oyalar, jild-jild kitoblar, millionlarni birlashtirgan bayroqlaru shiorlar o‘tmishga aylanibdiki, ko‘plarini bugun eslash ham mahol…
Lekin donishmand yozuvchining yarim asr burun bitgan va “ko‘ngli to‘lmay bisotiga tashlab qo‘ygan” asari hamon yoqutdek ko‘zni qamashtirib, kishini entiktirib turibdi. Chamasi, adibning kitobxonni ko‘rish orzusida sarg‘ayib yotgan bunday hikoyalari bir talay.
Tasavvur qildim. Yana ellik, boring ana, yuz yildan keyin menga o‘xshagan biror sinchkov kitobxon “Qahratonda gul ko‘tarib”ni qo‘liga olsa, nima qilar ekan?
Ishonamanki, maza qiladi. Sevinadi! Erkin A’zamga xos “so‘zga ziqnalik” bilan bitilgan qisqa-lo‘nda, ba’zan latif yumor, ba’zan beozor kinoya, ba’zan jindak “qalampir sepilgan” satrlar, tasvirning tiniqligi har qanday kitobxonni rom qilib qo‘yadi.
Darvoqe, 1990 yili bir mahmadana jurnalist Erkin A’zamga shunga yaqin savol bergan ekan: “Faraz qilaylikki, o‘zga sayyoraga parvoz etdingiz. Manzilda sizga ajoyib zotlar peshvoz chiqib, “Ey aziz mehmon, ko‘nglingiz tusaganini so‘rang, darhol bajo etamiz” deyishsa, ulardan nimani tilardingiz?”
Adibning javobini qarang: “Shunday olamshumul mo‘jiza, baxt menga nasib etsa-yu, o‘zimning mayda-chuyda istaklarimni aytsam uyat bo‘lardi, albatta. Masalan, o‘n yildan buyon bir bedavo dard meni qiynaydi — qulog‘im tinimsiz shang‘illab turadi, shuni tuzatib bering, o‘zga sayyoralik do‘stim, deb iltimos qilishim kulgili emasmi! Chunki Yer sharida menga o‘xshagan to‘rt milliard odam borki, hammasi ham o‘ziga yarasha biror dardni orqalab yuradi. Yoki, menga bitta “Mersedes” sovg‘a qilsanglar-chi, desam nihoyatda uyatli ish bo‘lardi. Nega bu qadar pastsanlar, ey yerliklar, deb o‘ldirib qo‘yishlari tayin”.
Shuning uchun tanti adib ularning oldida tiz cho‘kib tavallolar qilmoqni lozim topadi: “Qo‘lingizdan kelsa, biz, ahli zaminni endi ozgina komil qiling, bir-birimizga ozgina kechirimli qiling, ozgina mehr-oqibatli qiling! Qolgani o‘zimizning qo‘limizda”.
Insonni muhtaram va muhtasham ko‘rmoq orzusi, diyonat, fidoyilik, mehr-oqibat — o‘zini kamtarlik bilan “nurga intiluvchi qalamkash deb biladigan” adib ijodining avval-boshidan tanlagan kontseptsiya, asarlarining doimiy va bosh mavzusi. Bu yozuvchi adabiyot deb atalmish buyuk bo‘stonning ostonasida turgan yillarda yaratgan, taqdir taqozosi bilan bugun, oradan salkam ellik yil o‘tgach, muxlislari hukmiga havola etilgan hikoyasida ham o‘z in’ikosini topganini sezish qiyin emas.
Shuning uchun men aynan “Qahratonda gul ko‘tarib” haqida so‘z yuritmoqqa jur’at etdim. Zero, mazkur asarning bosh g‘oyasi ham Tangri tomonidan bandalariga ato etilgan mehr-muhabbat, oqibat, imon-e’tiqodda sobitlik, ezgu maqsad yo‘lida kurashib yashamoq, dunyoni to‘kis va mukammal ko‘rmoq orzusi.
Shuning uchun qirchillama qishda gul ko‘tarib Toshkentdan uzoq Boysundagi tog‘ qishlog‘i sari yo‘lga chiqqan talaba yigitning iztiroblari, kechinmalari, turfa yoshu turfa fe’l-atvorli odamlarning unga munosabati, bir so‘z bilan aytganda – inson manzaralari – yillar o‘tsa-da o‘zgarmagan, deymiz. Shuning uchun ham haqiqiy adabiyotni boqiylikka daxldor, inson, insonning taqdiri, ruhiy olami haqidagi san’atdir, deymiz.
Asarlarining qahramonlari Erkin A’zamning o‘zi kabi dadil, shijoatli va nekbin odamlar, qiyinchiliklar oldida tushkunlikka tushib, qo‘llari shalvirab qolmaydi.
Yo‘l bo‘yi qo‘lida gul, poyezdda “dunyo qo‘shiqqa aylanib ketishi”dan sarmast kelgan yigit “Ajrim” atalmish dardisar bekatda mushkul vaziyatga tushib qoladi. Tog‘ning narigi tomonidagi qishlog‘iga tezroq yetay desa, dovonni tizza bo‘yi qor bosgan. “Undan yuradigan shopirning yuragi bir gaz bo‘lishi kerak… Ikki kundan beri mashina qatnamaydi”. Yordam kutgan odamlari, hatto doim joniga ora kiradigan “garaj mudiri, qo‘lida o‘ttiz-qirq mashina bor” amakisi ham sim qoqqanida sovuq muomala qiladi. “Bu yer sovuq ekan, amaki, qotib qolaman”. “Qotib ham ko‘rish kerak, jiyan, ana shunda bilasiz amakining qadrini!.. Bizda shaxsiy maqsadlarda foydalanadigan ulov yo‘q!” Nega akasining to‘yiga azza-bazza gul ko‘tarib kelayotgan jiyaniga amaki bunday qo‘rs muomala qildi? Voqeaning jon joyi shunda.
Gajir talaba qor so‘qmog‘i bo‘ylab tiyg‘ana-tiyg‘ana, xatarli dovon ortidagi o‘n besh chaqirimlik manzilga poy-piyoda yo‘l tortadi. Shunda hozirgina “turgan-bitgani pastkash, bemuruvvat kimsalar” bo‘lib ko‘ringan odamlardan biri unga otini va kiyib o‘tirgan qalin po‘stinini yechib beradi.
Ana, shijoatning mukofoti! Ana, rutubatli kunda taralgan shu’la! Ana, o‘zini “nurga intiluvchi qalamkash deb biladigan” adibning, umuman, adabiyotning bosh maqsadi – insondagi mehr-oqibatni ulug‘lash! Tangri bandalarini bir-biriga mehrli, oqibatli bo‘lish, yordam berishi uchun yaratgan. Hikoyani o‘qib, dilingiz yorishib, odamga va olamga mehringiz tovlanib ketadi.
Meni ijodi haqida son-sanoqsiz maqolalar, ilmiy ishlar yozilgan va yozilayotgan adibimizning ko‘p yillik muxlisi sifatida yana hayratga solgani: “Erkin A’zam shunday go‘zal hikoyani qariyb yarim asr bisotida qanday “bosib yotdi” ekan?”
Yashirib nima qildik, bu dunyoda bir narsani shosha-pisha qoralab, siyohi qurimasidan tahririyatlaru nashryotlarga olib chopadigan ijodkorlar kammi?
Erkin A’zamning yana bir xislati – “hamma chopgan tomonga chopgisi kelmasligida”. Adibning nazarida, “adabiyotga xiyonat degani – kam yozish emas, bo‘lar-bo‘lmas narsani yozish, yomon yozish, degani”. Shuning uchun uning talabi qat’iy: “kallamga kelgan gapni yozib chiqavermayman” deydi.
Taxmin qilamanki, toshi yengilroq qalamkash yangi “Guliston”ning avgust sonida ilk bor yuz ko‘rgan “Qahratonda gul ko‘tarib” kabi maftunkor hikoya yoza olsa, shu paytgacha uni kitoblarida bot-bot chop etib, qo‘lidan kelsa, ne bir badiiy filmlar yoxud urfga kirgan teleseriallarga asos qilib yuborgan bo‘lardi.
Adibning yaqinda nashrdan chiqqan kitobi “Yozuvchining bog‘i” deb atalishida ramziy ma’no bor. Undan shu bog‘da yetilgan yigirmaga yaqin nasriy kitoblarning bo‘yi, tarovoti ufurib turadi. To‘plamdan joy olgan qissa va hikoyalar adibning boshqa asarlari singari jahon adabiyotining har qanday namunasi bilan bemalol bo‘ylasha oladi.
Zamon bilan hamnafas ijod qilib, ko‘plarga o‘rnak va namuna ko‘rsatib kelayotgan fidoyi adib Erkin A’zamga Parvardigor yuksak tafakkur, donishmandlik, zahmatkashlik, Vataniga, xalqiga ulkan mehr ato etganki, bularning barchasi uning asarlarida va samarali ijtimoiy-siyosiy faoliyatida, o‘ziga, ijodiga, hayotga o‘ta talabchan munosabatida yorqin bo‘y ko‘rsatib turadi. Bunday fidokorona faoliyat, ijodiy jasorat, ulug‘ shaxsiyat – har kimga ham nasib etavermaydigan ulkan baxt.
Qirq besh yil yil burun yozilgan ajoyib hikoyaning bugun “Guliston” jurnalida chop etilishi buning dalilidir.
“Yangi O‘zbekiston” gazetasi, 2020 yil 12 avgust.