Ma’rufjon Yo‘ldoshev. Mamduh (hikoya)

Kasalxonaga kelganimga bir hafta bo‘lganiga qaramay, palatada yolg‘iz yotardim. Bu yerda vaqt juda sekin o‘tardi. Gazeta varaqlashdan ham, shiftga termilib yotishdan ham zerikdim. Xonaga bironta bemor keltirishlarini kutardim. Va nihoyat o‘sha kutilgan bemor ham keldi. Biroq keksa odam ekan. Hafsalam pir bo‘lganidan yana shiftdagi naqshlarga termulib yotishda davom etdim…
Aytishlaricha, bu kasalxona oldin frantsuz san’at maktabining binosi bo‘lgan ekan. Urushdan keyin bu maktab yopilib, viloyat harbiy kasalxonasiga aylantirilibdi. Xona uncha keng bo‘lmasa-da shifti baland edi. Deraza va eshiklarining yuksakligi ham menga g‘ayritabiiydek tuyuldi. Ganchkori koshinlaridagi yaproqsimon qabariq naqshlar ustidan bo‘yoq tortilgan bo‘lsa ham eski hashamatini yo‘qotmagan edi. Bir qatorda 72 dona dafna yaprog‘i, 28 dona gulg‘uncha ishlangan edi. Zerikkanda ularni birma-bir sanab chiqqandim. Hatto ko‘rsatkich barmog‘imni har bir yaproq va gulg‘uncha ustidan xayolan bir necha bor yurgazib chiqqandim. Deraza romlarining ko‘chgan joylaridan eski bo‘yoqlari ham qatma-qat bo‘lib ko‘rinib turardi. Bir joyidagi bo‘yoq ko‘chigi inson yuzi shaklini paydo qilgandi. Keng peshonasi, sochi, uzun chanasi va beo‘xshov quloqlari bilan bir hamqishlog‘imni, kapitan Turg‘ut Tunchqoyao‘g‘lini eslatardi. Har kuni o‘sha ko‘chikka bir necha bor qarayman, uni eslayman. Uning qo‘l ostida ma’lum muddat harbiy xizmatni o‘tadim. Bir qishloqdan bo‘lsak ham menga g‘irt begonadek muomala qilardi. Bir kuni yoniga topshiriq olgani kirdim. Hech kim yo‘qligidan foydalanib o‘zimizning qishloq tilida murojaat qildim: “Mamduaaa, qishloqni eslab turasanmi?” Savolim og‘zimdan chiqib ulgurmasdan kapitan keskin ohangda: “Mamduh qishloqda qolgan! “O‘rtoq kapitan” deb murojaat qilasan, o‘rgatishmadimi?!” dedi. Qulog‘im tagiga shapaloq yegandek bo‘ldim. Birdan o‘zimga kelib: “O‘rtoq, kapitan! Uzr so‘rayman!” dedim hayratdan nima deyishni bilolmay.
Birga to‘p o‘ynab, quvlashmachog‘u bekinmachoq o‘ynaganimiz Mamduh bizdan bir sinf yuqorida o‘qir edi. Lekin doim birga edik, mol-holni o‘tlatgani ham, loyqa ariqda cho‘milgani ham birga borardik. Toki to‘rtinchi sinfga o‘tgunimizcha. Mamduhlar oilasi Istanbulga ko‘chib ketishdi-yu, qaytib ko‘rishish nasib qilmadi. Hamma hayot ummoniga o‘zicha sho‘ng‘ib ketdi. Ba’zan bolalikni qo‘msaganda hammasi birdaniga qayta jonlanar, maqomlar, makonlar, kasblar, imkonlar o‘rtadan birdaniga ko‘tarilib g‘oyib bo‘ladi. Va o‘sha tog‘ etagidagi do‘ppidek qishloqning chegaralari ham ko‘rinmay ketadi… Yana issiqdan ko‘pchib oyoqlarimizni kuydiradigan tuproq yo‘llar, darvozasiz oqsuvoq uylar, chetlarida tizza bo‘yi ajriqlar o‘sgan loy ariq, qattiqroq shamolda ag‘anab tushadigandek mayishib turadigan simyog‘ochlar… Angladimki, bolalik hayotimning eng go‘zal pallasi, menga tuhfa qilingan eng go‘zal sovg‘a… Buni qachon anglab yetganimni aniq eslay olmayman ammo endi har kuni yana-da teran his qilib boryapman. Zero anglab yetgan paytingda bolalik allaqachon o‘tib ketgan bo‘ladi. Endi buyog‘iga, bir kunga bo‘lsa-yam, o‘sha beg‘ubor damlarga qaytishni orzulab yashaysan xolos. Ba’zan, shamolga qarshi shohlanib, ko‘tarilib borayotgan varraklarda, ba’zan loyqa suvda qalqib-qalqib borayotgan oqizoq olmada bo‘y ko‘rsatib qolganida bir on qadar qisqa vaqt tilimida borib kelganingga shukronalar aytib yashayverasan… Ichingda umr bo‘yi bekinmachoq o‘ynab yuradi endi bolalik. Eng yomoni nima, bilasanmi? U bekingan joyni topolmaysan, qidirasan, qidiraverasan… “Olma desam chiq, behi desam chiqma…” Do‘stlaringga olazarak boqib ovora bo‘lma, hech kim topishingga yordam berolmaydi…
Hali dardning, kasallikning nimaligini anglab yetmagan ammo kasal bo‘lib qolishni juda-juda orzu qiladigan g‘alati damlar ekan bolalik… Issiqlik o‘lchagichni siltab darajasini ko‘tarib yotib olardik yolg‘ondakamiga. Ota-onamizning parvona bo‘lishiga, opa-ukalarimizning mehribon bo‘lib qolishiga mushtoqlikdanmidi, bularning bari yoki maktabdan bezganimizdanmidi va yo shunchaki nayrang ishlatgimiz kelib qolganidanmidi, bilmayman. Lekin men tanigan bolalarning hammasi bir marta bo‘lsa ham bu hiylani qo‘llab ko‘rgan. Mamduh shu oddiy hiylani ham uddalab ishlata olmaganidan qishloqda mashara bo‘lgandi. Bir kuni dadasi unga o‘tin yorib qo‘yishni buyurib ishga ketibdi. Mamduh o‘yinga berilib ketib topshiriqni unutibdi. Dadasi kelar choqda kattagina achchiq qalampirni nonni orasiga qo‘yib yeb olibdi. Yuzi-ko‘zi lovullab yona boshlabdi. Hech kimga nima yeganini aytmay oh-vohlab qornini ushlab yotib olibdi. Onasi vahima qilib otasiga aytibdi. Otasi to‘ppa-to‘g‘ri doktorni olib kelibdi. Doktorni ko‘rar-ko‘rmas nima yeganini-yu nimaga yeganini sayrab ketibdi. O‘sha kuni otasidan yaxshigina kaltak ham yeb olgan ekan.
Bolalikda o‘rtoqlaringni muhim-nomuhimga ajratmaysan. Kattalar ajratib beradi kim muhimu kimning nomuhimligini. Ammo ularning barchasi bilan qachondir qandaydir sabablar bilan uchrashaverasan. Eng kamida xayolan… Eslaganingda ham bolalik o‘z mohiyatiga ters ish qilmaydi. Keyinroq dushmaningga aylangan yoki hayotingdan butunlay chiqarib tashlagan kishilaringni ham eng sof holida ko‘z oldingga keltiraveradi.
Agar imkoni bo‘lsa edi… Istamagan kishilaringni bolaligingdan ham, xotiralaringdan ham butunlay chiqarib tashlay olsang edi… Men, Mamduhni, Mamduaaani birinchi navbatda o‘chirib tashlagan bo‘lardim…
Xullas, biz ikki g‘ildirakli velosipedga ega bo‘lishni yoki tuman markaziga tushib kosachada muzqaymoq yeyishni katta orzu deb biladigan bolalar edik. Ammo Mamduh boshqacha edi. Ko‘p kitob o‘qirdi. A’lochilar doskasiga rasmini ilib ostiga Turg‘ut Tunchqoyao‘g‘li deb yozib qo‘yishgan edi. O‘shanda ajablangandim. Uning xujjatdagi ismi Turg‘ut ekan. Nega uni Mamduh deganimizni bilmasdim. O‘ylab ham ko‘rmagandim. Lekin bu tabiiy hol edi u paytlarda. Qishlog‘imiz tog‘ etagida joylashgan bo‘lib, bor-yo‘g‘i 15-20 xonadondan iborat edi. Na maktab na kasalxona bor. Qishloqdagi asosiy davlat idorasi mahalla raisi o‘tiradigan choyxona oldidagi taxta kulba edi. Kulba yaqinidagi temir tirgakda bayroq hilpirab turardi. Choyxonada o‘tirib ham kulba eshigiga yopishtirilgan mahalla raisining qabul soatlari yozilgan lekin hech kim amal qilmaydigan sarg‘ayib ketgan jadvalni, derazadan ichkaridagi almisoqdan qolgan stol-stul va devorga chorcho‘psiz ilib qo‘yilgan Otaturk portretini ko‘rish mumkin edi. Rais qishloqdagi eng e’tiborli kishi sanalardi. “Rais aytganmish”, “Raisimizning og‘zidan o‘zim eshitdim” kabi ta’kidlar har qanday bahsga yakun yasash uchun asos bo‘ladigan bir navi “rivoyati sahiha” hukmidagi jumlalar edi. Qishloqda kimning farzandi tug‘ilsa, tuman markaziga o‘zi borib guvohnoma olish o‘rniga dasturxon ko‘tarib rais huzuriga chopardi. Rais afandi ham xabarni olar-olmas tura solib markazga chopadiganlardan emasdi. Mahallada kimning uyida qachon farzand tug‘ilishini besh qo‘lday bilardi. Shu bois guvohnoma uchun kelganlarga shoshilmay turishni aytar, navbatda tug‘ilajak bolalar ro‘yxatini sanab berardi. “Tug‘ish mavsumi” tugagach, hammasini to‘plab ro‘yxat qilib, eshagiga sovg‘a-salomlarni joylab markazga yo‘l olar edi. Guvohnomalar kelganida ota-onasi qo‘ygan ism qolib, butunlay boshqa ismlar yozilgan bo‘lardi. Oiladagilar Ahmad deb yurgan bolaga Mehmed ismi yozilgan guvohnoma kelardi yo aksincha. Bunga hech kim e’tiroz ham qilgan emas. Hatto Fardi akamga ham ikki yoshida o‘lib ketgan Hasan akamning guvohnomasini berishgan. “Ol, bu senga endi” deganlarida suyunganini aniq eslayman. Fardini 16 yoshga to‘lganida qo‘shnimizning qiziga uylantirib qo‘yishdi. Bir ikki yildan keyin akam Olmoniyaga ishlashga ketadigan bo‘ldi. Yangam rozi bo‘lmadi. Ajrashishdi. Oradan besh yil o‘tib akam qaytib keldi. U bilan birga tuman markaziga ajrashganligi haqidagi rasmiy hujjatni olishga bordik. Akam kirib ketdi. Ancha o‘tib meni chaqirdi. Ichkariga kirsam, mulozim meni so‘roqqa tutdi.
– Isming nima?
– Arkon
– Manzilingni ayt-chi, qani!
– Shu… Tepadagi Xojiyotmas qishlog‘idan. Maxmutlar sulolasidan…
– Oilada necha kishisizlar?
– Sakkiz kishi.
– Ismlarini kattadan boshlab tartib bilan sana.
Barmoqlarimni bukib sanay ketdim:
– Sabriya, Sanam, Fotma, Omina, Fardi, men Arkon, Hilmi, Nogohon.
– Ominadan oldin Hasan bor, Hasan akang. Fardi degani yo‘q. Hasan bor, Ominadan oldin nega uni sanamading?
– Ikki yoshidaq o‘lib ketgan.
– Yo‘q, mana ro‘yxatda turibdiku! Nimaga o‘chirilmagan? O‘lganini tasdiqlovchi xujjat bormi? Yo‘q…
– Uni men qayoqdan bilay, afandim. Lekin o‘lgan akamning guvohnomasini Fardi akamga berishganini bilaman.
– Nima? Kim bergan?
– Otam.
Mulozimning astoydil jahli chiqib, xuddi men aybdordek jerkib gapira boshladi:
– Fardinikini kimga bergan unda?
– Unga olishmagan, o‘lgan akamnikini bergan dedim-ku.
Mulozim yana o‘sha asabiy ohangda davom etdi:
– Unda Fardi degan kimsa yo‘q bu oilada, umuman yo‘q, yashamaydi! Otangiz hal qilsin endi bu masalani. Yana, aytib qo‘yay, Hasan akang ham, sen ham opa-akalaringni ismini to‘g‘ri aytolmading. Hozir to‘ppa-to‘g‘ri uyingizga boring, oila a’zolaringizning guvohnomasini oldingizga qo‘yib yodlab olinglar. Tartibi bilan! Bir marta kechirdim, keyingi safar kechirmayman.
Qisqasi, biz o‘zimizning kimligimizni isbot qilib berolmadik. U yerdan chiqib, qishloqqa ketar ekanmiz, ikkovimiz ham mulozimning nima sababdan jahli chiqqanini-yu, nimaga kechirib-kechirmasligini ham tushunolmay xayron bo‘lgandik. Ayniqsa, “Hasan akang ham to‘g‘ri aytolmadi” deganda yuragim shuvillab ketdi.
Mamduhning Turg‘utga aylanganini bilganimda ham ajablanmadim faqat uni “Mamduaaa” deb chaqirolmasligimdan afsuslangandim xolos. Harbiy xizmatimning bir oylik sinov muddatini Balikesirda, “Quruqlikdagi piyoda qo‘shinlari” safida o‘tadim. Bir oylik sinov davri bir yildek hatto ming yildek uzoq cho‘zilgan edi. Sinov muddati tugab poytaxtdagi piyoda qo‘shinlari qismiga yuborildim. Meni kutib olgan navbatchi askar oldin kadrlar bo‘limiga olib bordi. U yerda hujjatlarni to‘ldirib bo‘lgach kazarmaga olib borish o‘rniga kapitan Turg‘ut Tunchqoyao‘g‘li qabulxonasiga boshlab bordi. Eshikdagi zarhal lavhaga yozilgan unvon va ismi-sharifni hayratla o‘qidim. Familiyasi tanish, bunday familiya kamdan-kam uchraydi. “Bu o‘zimizning Mamduh bo‘lmasin”, – deb o‘ylab turganimda ichkariga chaqirishdi. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, o‘zimizning Mamduh, Mamduaaa. O‘zimcha “hozir meni tanib yugurib kelib quchoqlab ko‘rishadi” – deb o‘yladim. Bu ikkovimiz uchun ham juda katta syurpriz bo‘ldi, degan o‘y kechdi xayolimdan. Men ham navbatchi askar va yana xonadagi allaqanday harbiy kishilar oldida maqtanib kulishimdan tortib, nimalar deyishim-u, nimalarni so‘rashimgacha hammasini bir zumda xayolimdan o‘tkazdim. Iloji boricha, Istanbul shevasida gapirishga harakat qilaman, deb o‘yladim. O‘qimishli odamlar oldida Turg‘utni uyaltirib qo‘ymasligim kerak, axir. Bularning barini kapitan Turg‘ut Tunchqoyao‘g‘li mening hujjatimni olib ko‘z yugurtib menga qaragunicha xayolimdan o‘tkazib bo‘lgandim. Ichimdan vulqondek otilib kelayotgan quvonchni tishlarim bilan siqib turdim. Nima bo‘lsa ham bu yer qishloq emas, jiddiy joy. Mamduaaa ham endi loy ariqda erta-yu kech cho‘milib, temiratkidan yuzlari tirishib yurgan qishloqi yigit emas, kimsan kapitan Turg‘ut Tunchqoyao‘g‘li! Buni qara-ya… Biram salobatli, kelbatli bo‘lib ketibdi… Qishloqda yurganida mendan katta bo‘lsa-yam, majmag‘ilgina bola edi. Shaharga ketib yaxshi qildi. Bo‘lmasa u ham bizdek g‘urbatda “olomonchi” bo‘lib yurarmidi. O‘qib odam bo‘ldi. Shahar odamni o‘zgartiradi-da! U ham men his qilayotgan tuyg‘ularni ichidan o‘tkazayotgani aniq, ammo sukunatini saqlab turibdi. Bu-yam osonmas…
Shu payt, uning jarangdor ovozidan o‘zimga keldim:
– Navbatchi, oddiy askar Arkon Yildirimni kazarmaga olib boring! Ruxsat!
Navbatchi askar ham shiddatkor ovozda javob qaytardi:
– Xo‘p bo‘ladi, o‘rtoq kapitan!
Hujjatlarimni navbatchiga qaytarib berdi. Eshikni yopayotib yana bir marta ko‘z qirim bilan qaradim. U kreslosiga yonmachasiga o‘tirib qo‘lidagi gazetasini varaqlayotgan edi…
Mamduaaa, Mamduh, yo‘q, kapitan Turg‘ut Tunchqoyao‘g‘li meni tanimadi…
Shunday qilib, harbiy xizmatimning poytaxtdagi uchinchi oyida kapitan Turg‘ut Tunchqoyao‘g‘lini sharqiy viloyatlardan biriga yana-da balandroq rutba bilan yuborishganini eshitdim. O‘sha-o‘sha uning qarshisida o‘zimni ezilgandek his qilishdan qutildim. “So‘fi terakka o‘xshab na soyasi bor, na mevasi”, – deb o‘ylardim har gal uni ko‘rganda. Endi shu va shunga o‘xshash ruhni qaqshatguvchi o‘ylardan ham qutilgan edim. “Menga desa jahannamga ketmaydimi, kimki u menga?!” degan sari esimga tushaverardi. Ba’zida uning ismi-sharifi yozilgan zarhal lavhaga uzoqdan ko‘z uchimda qarab qolardim. Gajakdor qilib juda chiroyli yozib qo‘yilgan edi-da… Endi o‘sha lavhada butunlay begona bir kapitanning qisqagina ismi-sharifi turibdi.
Rosti, meni tanimasa ham, zarracha foydasi tegmasa ham uning shu yerdaligi menga katta dalda ekan… Buni u ketgandan keyin, o‘zimni yolg‘iz, huvillab qolgandek his qilganimda angladim. U shu yerdaligida har kuni ming bor nafratlansam-da yana kechirib yuboraverar edim. Nega kechirishimni o‘zim ham tushunolmasdim… Qishloqda loyqa ariqda birga cho‘milganlarimizni eslaganimdayoq uni kechira boshlardim. Ayniqsa, oyog‘im uvishganidan vahimada suv yutib cho‘kib ketishimga bir bahya qolganida u meni qutqargan edi. Bitta jon qarzim bor edi unga… Shunday odamni unutib bo‘ladimi? Keyin ular ko‘chib ketishayotganida eng yaxshi ko‘rgan o‘yinchog‘imni bergandim.
Qizil metal mashina edi. Eshiklari ochilib yopilardi. Bitta eshigi tushib qolgan lekin g‘ildiraklari joyida, bosibroq ortga tortib qo‘yib yuborsang g‘izillab ketadi. Berganimda oldiniga “nima qilaman buni?” – deb olgisi kelmagandi. Keyin “mayli eslab yuraman” degani yodimda. Men bitta jon qarzimni uzgandek yengillagandim o‘shanda.
Ammo u, o‘sha Mamduaaa, Mamduh kapitan bo‘lgachmi o‘zgarib, odamtanimas bo‘lib ketibdi, yoki Turg‘ut Tunchqoyao‘g‘li bo‘lganidan keyinmi?..
Agar imkoni bo‘lsa edi. Istamagan kishilaringni bolaligingdan ham, xotiralaringdan ham butunlay chiqarib tashlay olsang edi. Men, Mamduhni, Mamduaaani birinchi navbatda o‘chirib tashlagan bo‘lardim…
Harbiy xizmatimning tugashiga bir necha kun qolgandi. Dala amaliyoti payti mina portlashi oqibatida chap oyog‘imdan ajraldim. Oradan olti oy o‘tdi. Barcha isyon va shakkokliklarim ortda qoldi. Qolgan umrimni sabru bardosh bilan o‘tkazyapman. Fizioterapiyaga kelgandim bu kasalxonaga…
Derazadan xonaga suzilayotgan oy shu’lasida operatsiyadan yangi chiqqan, hali o‘ziga kelib ulgurmagan qariyaning ko‘kimtir yuzi qo‘rqinchli ko‘rinardi. Keng peshonasi yaltirab turardi. Qosh-qovog‘ining soyasidan ko‘z o‘rnida g‘alati bo‘shliq hosil bo‘lgan edi. Qirra burni, soqoldor chanasi o‘sha bo‘shliqning yuzada muallaq qolgan davomidek taassurot uyg‘otardi. Har nafas olib-chiqarganida quruqshab qavargan lablari yengilgina titrardi. Hali narkoz ta’siridan to‘liq qutilmagan ko‘rinadi. Yoki uyqusida gapirib yotadiganlardanmi, tinimsiz bir nimalar deb pichirlab yotibdi. Agar shunaqa bo‘ladigan bo‘lsa ahvol chatoq… Oradan biroz vaqt o‘tdi. Haliyam pichirlab alahsirayapti. Uzuq-yuluq jumlalardan anglaganim shular bo‘ldi:
“Sen xotirjam…, o‘g‘lim, xotir… Ortingga qarama, qarama… Omonating…”
Demak, ro‘yosida o‘g‘li bilan nimaningdir hisob-kitobini qilmoqda. O‘g‘lini biron joyga kuzatayotgandir, balki…
Endi ko‘zim ilingan ekan, qariyaning hirqiragan ovozidan uyg‘onib ketdim. Ko‘zlarini katta-katta ochib menga qarab nimadir demoqchi bo‘ldi. Unga qaradim-u birdan seskanib tushdim, ichimga allaqanday titroq kirdi, tanimdan sovuq ter chiqib ketdi. O‘zi deraza tagidagi sim karovatda yotardi-yu, ruhi burnimning uchida turgandek sovuq nafasini his qildim. Bor ovozda negadir “hamshira!” deb baqirdim. Qariya “chaqirma, keragi yo‘q, men tuzukman” – dedi hirqiragan tovushda. Men qo‘rqqanimdan baqirganimni sezmaganiga shukr qilib undan hol so‘ragan bo‘ldim. U esa, sokin ovozda: “U ketdi” – dedi tabassum bilan. “Endi, qo‘rqma…” Men battar qo‘rqdim ammo xijolatdan bildirmaslikka tirishib: “Nega qo‘rqarkanman? Kim?… Kim ketdi?” – dedim. Qariya kalta-kalta nafas olib davom etdi: “Mamduaaa, Mamduh ketdi…”
“Hamshiraaa!!!” baqirib yuborganimni sezmay qoldim. Eshik taraqlab ochilib hamshira kirib keldi. Chiroqni yoqib so‘radi: “Tinchlikmi? Nima bo‘ldi, Arkon afandi?” Nima deyishni bilolmay: “tinchlik, faqat chiroqni o‘chirmang, iltimos, uyqum qochdi, kitob o‘qimoqchiman” – dedim xijolatomuz. Hamshira chiqib ketgach, qariya gap boshladi:
– U ketdi, aytadigan gapini senga o‘zi aytmoqchi edi, ammo atrofingga nafratdan shunchalik baland devor tikibsan-ki, o‘tolmadi, aytolmadi…
– Kim? Qanaqa nafrat? Nimalar deyapsiz?
– Mamduh keldi, kapitan Turg‘ut afandi…
– Qachon keldi? Men nega ko‘rmadim? Siz uni qayoqdan taniysiz?
– Orangizdan nima gap o‘tganini bilmayman. U sendan uzr so‘radi. Ishxonasiga borishingni tayinladi. Rizolik istadi. Undan qattiq xafa bo‘lganmiding?
– Ha…
– O‘lim barhaq, hammamizga ham navbat keladi. Yo‘lga chiqishdan oldin ortiqcha yuklarni tashlab yuborgan ma’qul. Ruh uchun eng og‘ir yuk nafrat bo‘ladi. Nafratdan qutilmagan siroti mustaqimdan o‘tolmaydi, bolam. Kechirimli bo‘lki, seni ham yaratgan egam kechirsin…
– … Sizga nimalar deb shikoyat qildi? Nega menga uchramadi? Qachon keldi o‘zi?
– Bilmadim, bolam, bilmadim, tush ko‘rdim shekilli…
Qariya ko‘zini yumib chuqur nafas oldi. Qaytib og‘iz ochmadi. Ertalab kapitan Turg‘ut Tunchqoyao‘g‘li boshchiligidagi bir guruh askarning terroristlar bilan qilgan mardonavor jangi haqida xabar ko‘rsatishdi. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, qurbon bo‘lgan harbiylar ro‘yxatining boshida mayor Turg‘ut Tunchqoyao‘g‘li ismi turardi. O‘zimga kelolmadim. Bo‘lishi mumkin emas, dedim. Bu dahshatli tushdan tezroq uyg‘onishni istadim. Qo‘ltiqtayog‘imni yerga urib-urib yig‘ladim. Alamdan qaqshab-qaqshab yig‘ladim. Mamduaaa, Mamduh deb yig‘ladim… Nega yig‘ladim, bilmayman. Nega yig‘lashim kerak? Kim u menga? – deb yig‘ladim.
Muolajalar tugab uyga ruxsat berishdi. Qariya bilan ham xayrlashdim. U yalinchoq ovozda ta’kidladi:
– Uni kechirgin-a, bolam! Ishxonasiga borishni ham unutma. Uni oppoq nur ichida ko‘rdim. Rozi bo‘lib qo‘ygin…
Kasalxonadan chiqib, uyga emas, to‘ppa-to‘g‘ri Mamduh xizmat qilgan harbiy qismga yo‘l oldim. Navbatchi askarga do‘stimning xizmat xonasiga kirishim kerakligini aytdim. Meni qism komandiri oldiga boshlab bordi. Unga bor gapni aytdim. Birga uning xonasiga kirdik. Fotiha o‘qib uni yodga oldik. Stoli ustida yog‘och bo‘lagiga qotirilgan qizil metal mashinachaga ko‘zim tushdi-yu, titrab ketdim. O‘sha qizil metal mashinam. Eshiklari ochilib yopiladi. Bitta eshigi tushib qolgan lekin g‘ildiraklari joyida. Faqat endi bosibroq ortga tortib qo‘yib yuborsang g‘izillab ketolmaydi. Chunki taxta taglikka qotirib qo‘yibdi. Berganimda oldiniga “nima qilaman buni?” – deb olgisi kelmagandi. Keyin “mayli eslab yuraman” deb kulimsiragani yodimda. Men bitta jon qarzimni uzgandek yengillagandim o‘shanda… Mashinachani olib xonadan chiqdim. Eshikni yopayotib ko‘z qirim bilan ichkariga qaradim. Kresloda yon burilib gazeta o‘qiyotgan Mamduhga, ha, ha, o‘sha o‘zimizning Mamduaaaga ko‘zim tushdi.
Agar imkoni bo‘lsa edi… Istamagan kishilaringni bolaligingdan ham, xotiralaringdan ham butunlay chiqarib tashlay olsang edi. Men, bu imkondan butunlay voz kechgan bo‘lardim. Chunki mening hayotimdan, bolaligimdan, xotiralarimdan o‘chirib tashlaydigan kishim yo‘q.

2016. Izmir, Turkiya