Bir oy oldin momom qazo qildi. Otamning aytishicha, qabri boshiga har kuni bir uya asalari yo‘qlab kelarmish. Ular nayza tutgan mitti askarchalarga o‘xsharmish. Bilmasam, o‘zim ko‘rganim yo‘q hali. Maktabga chiqa boshlaganiga endi yetti kun bo‘lgan yetti yashar bolani kim ham mozorboshiga olib borardi.
Shularni o‘ylab, maktabdan kelayotgandim. Kun hali qaytmagan. Uyimiz tomonga qarab kampir borayotganini ko‘rib qoldim. Yaxshilab qarasam, momomning o‘zginasi! Egnida o‘sha yozgi yengi uzun ko‘ylagiyu qo‘shkissali xalati, boshida o‘sha uchi tugik oq ro‘mol. Qo‘lida tuguncha ham bor. Biznikiga qarab ketyapti. Biroz munkigan. Aniq, bu mening momom! Ie, momom o‘lganku! Qanday qilib yana kelishi mumkin? Yo‘q, momom hazillashgan. Meni aldash uchun shunday qilgan. Unday bo‘lsa, butun qishloq nima uchun to‘plandi o‘sha kuni? Yo‘q, ana, momom ketyaptiku biznikiga qarab. O‘tgan kuni onam bejiz: «Tabib momong o‘lmagan, u hech qachon o‘lmaydi!» – demagan ekanda. Demak…
Har xil fikrlar miyamdan tez-tez o‘tarkan, «Momojon!» deganimcha olg‘a yugurdim. Zipillab chopib borarkanman, bir oy oldingi voqealar birpasda ko‘z oldimdan zuvillab o‘tdi.
O‘sha kuni g‘ira-shira tong qorong‘isida g‘alati gap-so‘zlardan istar-istamas uyg‘onib ketibman. O‘rnimdan qo‘zg‘alib, cho‘nqayib o‘tirgan ko‘yi, chala yumuq ko‘zimni ishqalab, atrofga qaradim. Onam mehmonlik kiyimlarini kiyib olibdi. Otamning boshida do‘ppi. «Ie, hech kallapo‘sh kiymasdilarku. Mendan yashirincha qayoqqadir ketishmoqchi». Sezdimu ming‘irladim:
– Meniyam opketasila!
– Jim, – dedi onam past, ammo sirli va biroz vahimali ohangda. – U joyga bolalar bormaydi. Biz tez qaytamiz. Sen uxlayver. Uyg‘onguningcha kelamiz, xo‘p?!
– Yo‘-o‘q, – oyoq tirab oldim. – Menam boraman!
Onam yelkasiga tashlagan oq ro‘molini boshiga yoparkan, eshik tutqichini tutgancha kutib turgan otamga qaradi:
– O‘ziz bir narsa deng bunga, boraman deyapti.
– Mayli, kiyinsin, patinkasini kiyib chiqsin, olib ketamiz, – dedi otam eshikni ochib hovliga chiqarkan.
Tashqaridan tonggi salqin shabada xonaga yopirilib kirdi. Birgina kalta ishtoncha bilan turganim uchun etim tirishib, apil-tapil ko‘chalik kiyimlarimni izlay boshladim. Eshikka chiqarkan, onamning piqillab yig‘lagani, otamning «Tezlash, moshin kelib qoldi», degani quloqqa chalindi. Maktabga chiqqanda kiyasan, deb olib berishgan oq ko‘ylak, qora shimimni kiyib, qora botinkamni oyog‘imga ildimda, pala-partish bog‘ichini o‘tkaza boshladim. So‘ng shoshib hovliga otildim. Otam meni chuv tushiribdi: onam ikkovi allaqachon ketib bo‘lishgan ekan. O‘ksibgina xonaga qaytib kirdimda, «Balki, hozir kelib, tur, bolam, ketdik, deyishar», degan gumonda botinkamni ham yechmay issiqqina joyimga cho‘zildim. Kutib-kutib uxlab qolibman.
Hovlida sigir mo‘ragani, ketidan it akillagani va akamning so‘kingani, birozdan so‘ng deraza tagida tog‘amning g‘udrangan ovozini eshitib, uyg‘onib ketdim. Tashqari chiqib oftobadagi sovuq suvga yuzimni yuvdimu, tog‘amning quchog‘iga talpindim.
Tog‘am uyimizga qo‘riqchilikka kelibdi.
Akam qishloqqa ketishimiz kerakligi, u yerda ta’ziya bo‘lishi, qishloqdagi tabib momomiz – Maryam momo «o‘tib qolgan»ini aytdi. O‘tib qolish nimaligini bilmadimu, lekin qishloqqa ketayotganimizdan xursand edim.
– Ur-re-e! – deb qichqirib yuboribman quvonganimdan.
Quvonmay bo‘larkanmi?! Qishloqda bo‘yinsalarim ko‘-o‘p! O‘ynaymiz. Bu yer bo‘lsa… Aslida, bu yer ham qishloqdan qolishmaydi. Yarim shahar, yarim qishloq. Bu yerda ham bolalar bilan qo‘y boqish, lanka tepish, latta to‘p yasab, futbol o‘ynash, cho‘milishga borish mumkin. Lekin qishloq boshqacha! U yerda qarindoshlarimiz son-mingta. Hammasi yig‘ilsa, to‘y bo‘lyapti, deysiz. Ayniqsa, momomning uyi! Sirli va qiziqarli voqealarga to‘la. Momom ayvonda bir ayolni yelkalariga urayotgani, boshini ezib-ezib siqayotganini eslasam, o‘choqboshida o‘tirib tomosha qilganimdagi zavqni qaytadan his qilaman. Bir bolani yotqizib olib, oyog‘idan dast ko‘targancha tovonidan boplab mushtlaganlari hech esimdan chiqmaydi. Bir gal chiroyli kelinchakning boshidan guvillatib olovli matoni aylantirarkan, «Ko‘ch, ko‘ch! Ko‘lga ket! Sahroga ket! Cho‘lga ket!» deb qo‘shiq aytganlarida maza qilib raqs tushganman. O‘choqboshida momom har xil o‘tlarni yoyib qo‘yar, men har birining otini so‘rab chiqar, momom esa erinmay javob berar edi. Oxiri gapiraverib charchasa: «Bor, bolam, akangni uyg‘otib chiq, shomda uxlamasin, bedorlarni yuki tushadi», deb chalg‘itish uchun ish buyurardi. Uyda – ichkari xonada Mirhosil uxlab yotgan bo‘ladi. Rahmatli Zebi ammamning o‘g‘li. Ammam shu bolani tug‘ayotib, o‘lib qolgan ekan. Keyin otasi Mirhosilni o‘n kunlik chaqaloq paytidayoq momomga keltirib berib: «Qanday katta qilib olsangiz, oling, meni qo‘limdan kelmaydi», degan ekan. Momom bu chaqaloqni «Mirhosilim – Azroilim» deb, puf-puflab katta qilibdi. «Momo, nimaga uni Azroilim deysiz?» deb bir marta so‘raganimda, momom: «Zebi ammangni mendan ayirgan shu bolasida. Hali meniyam o‘ligimni ko‘radi bu. Ajalim shuni qo‘lida, bolam, meni kasalligam, qariligam o‘ldirolmaydi, shu bola o‘ldiradi. Ajalimni avaylaymanda, bolam», degandi. Bu gapni Mirhosilning o‘ziga aytganimda, u avval meni qulochkashlab urib yuborgan, keyin momomga «Ha, jalojin kampir! Sen o‘lmading, men qutulmadimda!» deb rosa so‘kkan. Momom yig‘lagan. Yig‘lab, xafa bo‘lgan esada, qo‘lida bir tova kartoshka qovurdoqni dasturxonga qo‘yib: «Eb ol, keyin chiqarsan hovliga», degandi o‘shanda. Momom bu quloqsiz bolani nimaga urishib bermaganiga hayron bo‘lib qolaverganman. Bunda ham bir sir bo‘lsa kerak. Chunki, chindan ham, momomni butun qishloq odamlari «Qo‘lida siri bor bu kampirning», deyishar, hurmat qilishar edi. Yon qo‘shnilari Norboy asalchining aytishicha, qishloqda qaysi uyda kimdir kasal bo‘lib qolsa, hali birov xabar yetkazmasidan turib momom o‘sha uyga kirib boraverarkan. Bemorning yelkasiga qavargan, tomirlari bo‘rtib-bo‘rtib chiqqan qoqsuyak qo‘li bilan ikki marta qoqsa, tamom, zum o‘tmay otday bo‘lib qolarkan. Uy egalari dasturxon yozishga ham ulgurmay momom turib tashqari chiqar, qishloqning narigi chetidagi boshqa bir uyga ketarkan. O‘sha uydayam kimdir kasal yotgan bo‘larkan. Shuning uchun hamqishloqlar: «Tabib momoning yuragida ko‘zi bor, o‘sha bilan hamma narsani ko‘rib turadi», deyishardi. Momomning hovlisini o‘rab turgan paxsadevorga qanday qilib bir uya asalari kelib qolganiniyam qishloq ahli bir oy gapirib yurdi. Voqea bunday bo‘lgan: Norboy asalchining hovlisi to‘la quti, qutilar to‘la asalari. Bir kuni eng tepadagi qutida ikkita ona asalari urishib qolibdi. Qay biri zo‘r bo‘lsa, o‘sha onaboshi butun oilasi, ishchilari bilan qutiga joylasharkan. Ikki ona ari rosa kurashibdi. Bittasi yengibdi. U oilasiyu ishchi arilar bilan birga qutiga kirib olibdi. Makonsiz qolgan mag‘lub ona ari esa o‘z jamoasini olib, momomning hovlisiga ko‘chib kelibdi. Ularning hovli o‘rtasidagi qari tutning bir shoxiga koptokday bo‘lib qo‘nib olishganini ko‘rganman. Ular bir kechani shu yerda g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir qilib o‘tkazdilar. Keyingi kun Norboy asalchi qop keltirib, ularni tutib olib ketdi. Yangi qutiga joylashtiribdi. Ammo arilar qattiq arazlagan ekanmi, yana momomning uyiga qaytib kelib, kechalari guvillab g‘alati tovushlar chiqaradigan qari tut shoxiga qo‘nishdi. O‘sha kecha qistanib hovliga chiqqanimda qari tutning «Momomuvvv» deyayotganini eshitdim. Ayvondan tushmay choptirdimda, yugurib uyga – momomning quchog‘iga otildim.
– Momo! Momo! – dedim.
– Ha, jonim! – dedi momom.
– Anovi tutingiz gapirolarkan!
Momom qattiq quchoqladida:
– Qo‘rqma, o‘zim aytaman, senga gapirmaydigan bo‘ladi. Endi uxla! – dedi.
O‘sha tutning gapira olishini necha marta ota-onamga, akamga aytib berdim, hech qaysisi ishonmadi.
Ertasiga arilar paxsadevorga uya qurib, joylashishdi. Mirhosil ari uyasiga qaynoq suv quyib, barini yo‘q qilmoqchi bo‘ldi. Momom o‘rtaga tushib, bolasini jalloddan himoya qilishga uringan onaday dod-voy qildi, yig‘ladi-siqtadi, ishqilib, arilarni saqlab qoldi.
Yana qay birini aytay, momomning sirli harakatlariyu sirga to‘la hovlisi ko‘z oldimga keldida, o‘sha zavqli voqealarni yana tomosha qilishim mumkin, deb o‘ylaganimdan «Urreee!» deb qichqirib yubordim.
Ammo shodlik to‘la qichqirig‘im kalta qaytdi. Erta quvongan ekanman. Og‘zimga kelib tekkan tarsaki zarbidan keyin bir lahza merovsirab turib qoldim. Nega bunday bo‘lganini fahmlashga urinarkanman, ikki ko‘zim jiqqa yoshga to‘lib, katta bolalar urishib qolganda aytadigan gaplarini qalashtirib takrorlab tashladim:
– Aqli past govkalla! Ongsiz maxluq! Kallavaram xundi! O‘rkachsiz tuya! Lattachaynar atan1! Yangi qo‘zilagan sovliqqa o‘xshamay o‘l, g‘o‘linbashara!..
Biroz sovigach, boyagi tarsakidan yana bitta kelib tushishidan cho‘chib to‘rt-besh qadam nari qochdim. Jahlim hali to‘la bosilmaganidan to‘pir yerni paypaslab katta kesakni oldimda, akamga o‘qtaldim. Shunda akamning ko‘zida ham yosh aylanayotganini ko‘rib, jimib qoldim. Yap-yangi oq ko‘ylagimning oppoqqina yengiga burnimni sho‘lqillatib artarkanman, «Tarsaki yegan menku, nimaga o‘zi yig‘layapti bu xumboshni?» deya hayron bo‘ldim.
Tog‘am kelib, qo‘limdan tutdida, kesakni olib bedazorga otib yubordi. So‘ng tezgina akam bilan momomning uyiga yetib borishimiz, u yerda momomizni chiqarishda qatnashishimiz, chopon kiyib, belqars bog‘lab, hassakashlik qilishimiz kerakligini tushuntirdi. Tog‘am ikki yelkamdan baquvvat qo‘llari bilan tutib gapirardi. Avvaliga uning dum-dumaloq lo‘ppi yuzini onam osh suzadigan sopol la’liga o‘xshatib, kulgim qistagan bo‘lsa, so‘ng tog‘ archaning ignalaridek ko‘kimtir-qora soqol qoplagan bag‘baqador yuzining o‘rtasidagi burama mo‘ylabi vahima uyg‘otdi. Mo‘ylab ostidan pastki labigina ko‘rinib turgan sariq tishli og‘zidan gup etib urilayotgan nos hididan ko‘nglim aynib, qayt qilishimga ozgina qoldi. Shuning uchun o‘zimni tushunganday ko‘rsatib, tez-tez boshimni silkidim. U meni qo‘yib yubordi. Aslida, «chiqarish» nimayu «hassakashlik» nimaligini zig‘irchayam tushungan bo‘lsam, Rohila jo‘gi qopiga solib olib ketsin meni!
Indamay tezgina yo‘lga chiqdik.
To‘ppa-to‘g‘ri momomlarning hovlisiga kirib borarkanmiz, bir tup qari tut bilan ikki tup xurmo yashnayotgan ixchamgina eski hovli bu safar yuragimga vahima soldi. Har doim sirli bir sokinlik bilan bizni o‘z bag‘riga oladigan bu hovlida endi ayollar doira shaklida aylanishib, uv tortib yig‘lar, erkaklar halqa atrofidan yerga hassa urib bir maromda aylanishar, «Qishloqni yetim qilib tashlab ketgan onamizov!» deb ko‘kraklariga mushtlab urishar, o‘krab-o‘krab yig‘lashar edi. Otam ham to‘n kiyib olibdi, belida belqars, boshida ertalabki do‘ppisi. Qo‘lidagi ro‘molchani g‘ijimlagancha men tomonga qarab qo‘ydi, chuqur ko‘zlari yanayam chuqurlashganday ko‘rindi. Juda g‘amgin edi. Juda ma’yus edi.
Ichkaridan katta ammam dodlab chiqib keldida, meni quchoqlab oldi. Kiftimga, ko‘kragimga yuzini bosib, ho‘ng-ho‘ng yig‘ladi. «Momoginangni berib qo‘ydikku, jonim bolam!» deb yig‘ladi. «Onam ketib, onasiz qoldimku!» deb yig‘ladi. Ammamning eri – Tosh buva kelib uni qo‘ltig‘idan ko‘tardi. Ayollar ammamni suyab ichkariga olib ketishdi. Tosh buva atrofga qaradida, Norboy asalchini ko‘rib qolib, uni imlab chaqirib oldi. Asalchi yoniga kelgach, bir nimalar deb do‘rilladi. Norboy asalchi hovli poygohidagi somonxona tarafdan yo‘nilgan tayoq ko‘tarib kelib, qo‘limga tutqazdi. Katta ammamning kenja qizi ichkari xonadan choponcha olib chiqib, menga kiydirib qo‘ydi, belimni qisib oq belqars boyladi. Tosh buva men bilan akamni ochiq darvozaning ikki chetida to‘n, do‘ppi kiyib, tayoq ushlab tikka turgan odamlar qatoriga olib borib qo‘shdi.
Shu payt yo‘lni to‘ldirib boshiga eski qalpoqlarini bostirib olgan bir guruh erkak, biqiniga tog‘oralarini qistirgan xotinlar kela boshladilar. Ayollar ichkariga kirib ketdi. Erkaklar darvoza oldida biroz turib qolishdi. So‘ng ular ham ichkariga kirdilar.
Oq yaktakli salla o‘ragan sersoqol amaki tayoq ushlab qator turgan odamlarga Muhammad alayhissalom qanday qilib osmonga chiqib-tushgani, Iso Masih degan kishi qanday qilib o‘liklarni tiriltirgani haqida hikoya qilib bera boshladi. Men Iso ismli karomatgo‘y kishini eslolmadim. Bu qishloqdan bo‘lmasa kerak. Balki, endi tanib olarman. Chunki momomning hovlisiga shuncha ko‘p odam yig‘ilgandiki, u ham shu yerda bo‘lsa kerak, deb o‘ylashim tabiiy edi. Ehtimol, o‘sha odam o‘zimning otamdir. Axir uning ismiyam Isavoyku. Yana dunyodagi eng kuchli odam ham otam! Uni hamma «Qo‘li gul usta», deydi. «Isa buvaning qo‘li mo‘jiza yaratadi», degandiku Botir chavandoz. Balki, hozir ham otam momomni tiriltirar. «Zo‘r bo‘lardida lekin!» – dedim ichimda.
Jimib qolgan hovli to‘la odamlarga qarab, Tosh buva do‘rillab baqirib berdi:
– Og‘zingga talqon solganmisan hammang, yig‘lamaysilarmi?!
Shundan so‘ng yana dod-faryodu ho‘ng-ho‘ng yig‘i boshlandi. Yangi odamlar kelib qo‘shilgach, g‘ala-g‘ovur battar avjiga chiqdi. Hamma momomning fazilatlarini aytib, oxirida «onam-ov», «xolam-ov», «ammam-ov», «opam-ov», «yangam-ov» deb qo‘shib qo‘yar, bir qo‘li bilan o‘zining ko‘kragini ayamay mushtlar, dod solar va ikkinchi qo‘lidagi ro‘molchasi bilan ko‘zlarini artardi.
Tosh buvaning buyrug‘idan keyin hamma yig‘lay boshlaganini ko‘rib, meniyam yig‘lagim keldi. Nimadir deb gapirib yig‘lashayotgani uchun menam biror gap aytib yig‘lashim kerakligini tushundim. Qo‘shnimiz Omontoy o‘lib qolganida otasi dod solib yig‘lagandagi gaplarini esladimda, shuni aytib yig‘layverdim:
– Voy g‘o‘ra ketgan momom-ov! Voy g‘o‘ra ketgan momom-ov!
Tuyqus hammaning nigohi menga qadalganini sezib, ko‘zimni ochib qarasam, odamlar men tomonga qarab kulishyapti. Hozirgina o‘zini urib yig‘layotgan kishilar qanday qilib birdaniga kula boshlashganiga hayron bo‘lib, tag‘in avjiga chiqdim:
– Voy g‘o‘ragina ketgan momom-ov!
Elkamdan bir tirsak kelib turtdi. Akam ekan. Enkayib sekin qulog‘imga pichirladi:
– To‘qson birga kirib o‘lgan odamni g‘o‘ra ketdi deyilmaydi, ahmoq!
– Nima dey bo‘lmasa? – dedim akamning bilag‘onlik qilganidan achchig‘im chiqib.
– Hech narsa demay yig‘layver, – dedida, safga turdi.
Marosim yana avvalgidek davom etaverdi.
Akam meni chalg‘itgani uchun endi yig‘lagim kelmay qoldi. Nima qilishimni bilmay jim turganimcha, odamlarni kuzatib o‘tiraverdim. Shunda baqirayotganlarning hammasiyam yig‘lamayotganini ko‘rdim. Ayrim erkaklarning qo‘llaridagi ro‘molchalari qup-quruq, shunchaki ko‘zini to‘sib turishibdi. Menam biroz ko‘zimni to‘sib o‘tirdim. Keyin paxsadevordagi eski ini atrofida bezovta aylanishib yurgan asalarilarning harakatlarini tomosha qila boshladim. Ular havoga ko‘tarilib, doira hosil qilib uchishar, bir guruhi iniga yaqin borib devorga qo‘nar, boshqa guruhi chiqib havoga ko‘tarilar va oldingi sheriklarining harakatlarini takrorlardi. Devorda turganlari bir-birlariga qarab, go‘yo gaplashayotgandek tuyulardi.
Kuzataverib zerikdim.
Yonimizda tik turgan hassakashlardan birovi qator boshidagi yig‘idan ko‘zlari qizarib ketgan Mirhosilni boshi bilan ko‘rsatib, akamga tomon egilib olib pichirlab bir nimalar haqida gapira boshladi. Uning pichir-pichirlariga biroz quloq tutib turdim. U o‘ta sirli bir ma’lumotni yetkazayotgan maxfiy ayg‘oqchi singari og‘zini ro‘molchasi bilan to‘sib, tanasining butun og‘irligini qo‘lidagi hassaga tashlab shivirlar, akam esa ko‘zlarini olaytirar, «Yo‘g‘-e, shunday bo‘ldimi?» der, besh-olti qadam narida darvoza kesakisiga belini tirab, hassasi uchiga chalishtirilgan ikki qo‘liga manglayini bosgancha sho‘lqillab yig‘layotgan Mirhosilga yeb qo‘ygudek qarab-qarab olardi. Biror qiziqroq voqeani aytib berayotgandir, degan umidda e’tiborimni ularga qaratdim.
– Keyin Mirhosil nimaga haliyam kelmadi, birov bilan urishib-netib qolmadimikin, piyonista jo‘ralari bolamni bir narsa qildimikin deb, momo yarim kechasi tashqariga chiqadi, – derdi akamning suhbatdoshi. – Shu payt momo Tolibboylarning uyi tarafdan Mirhosilning jonholatda baqirganini eshitadi. O‘sha yoqqa chopadi. Ketayotib oyog‘i chalishib qattiq yiqiladi. Lekin og‘riqni sezmay, irg‘ib o‘rnidan turadi. Ovoz kelgan yoqqa boradi. Tolibboyning o‘g‘illari Mirhosilni olaqoniga botirib urayotgan ekan. Momo nabirasini ajratib oladi. Yo‘lda yiqilganida boshi bilan qattiq tushgani yetmaganday, ajratayotgan paytidayam Jabbor nosfurushning kaltagi momoning chakkasiga kelib tegadi. Momo shundayam og‘riq sezmaydi. Mirhosilni uyga keltirib, yuzlarini yuvib, joyiga yotqizadi. Giyoh qaynatib, badanini artib chiqadi. Nabirasi uxlab qolgandan keyin bomdodni o‘qib bo‘lib, o‘ziyam joyiga cho‘ziladi. – «Ayg‘oqchi» amaki Mirhosil tomonga qahr bilan qarab oldi. – Shu bilan uyg‘onmadi momo.
Akam ham o‘sha tomonga nafrat to‘la nigohini qadadida:
– Yo‘g‘-e! Shunday bo‘ldimi? Oxiri boshiga yetibdida, bu atan! – dedi ro‘molchasini qattiq g‘ijimlab. Keyin chuqur nafas olib chiqardi.
Ular jimib qolgach, yana yon-atrofni kuzata boshlagandim, Tosh buvaning do‘rildoq ovozi cho‘chitib yubordi:
– Kechgacha buxoroliklar ham yetib kelishadi. Norboy, mehmonlarni yarmi senikiga yotadi. Toshkanliklar ertaga kelolsayam – katta gap.
Tosh buva nega bunday deganini bilaman. Otam aytib bergan. Uning aytishicha, momom amir zamonida mana shu qishloqda tug‘iladi. Momomning otasi dong‘i ketgan polvon bo‘lib, bir kuni Isfahon degan joyda katta kurashda qatnashadi. U yerda to‘qson to‘qqizta polvonni yer tishlatadi. O‘zining kuragi yer ko‘rmaydi. Buni ko‘rib o‘sha shaharning hokimi pahlavon bobokalonimizga to‘n kiydirib, bir tovoq tillo beradi. Peshonasidan o‘pib: «Qaniydi, shunday o‘g‘lim bo‘lsaydi!» deydi. Bobokalonimiz uyiga qaytgach, yelkasidan kattakon yara chiqadi. Momom yetti yoshga to‘lganida otasi o‘lib qoladi. Shundan so‘ng momom tabiblik qila boshlagan ekan. Ko‘p o‘tmay momomning nomini tutib, dardmandlar dardiga darmon izlab kela boshlaydilar. U paytlari bu joylar amirlikka qaragan deyishadi. Ana shu amirlikning baland-baland minoralari bulutlarga tegib, oftobni ko‘tarib turadigan ko‘rkam poytaxti bor ekan. Uni Buxoro deyisharkan. O‘sha yoqdan boy bobomiz ko‘ynakasal xotinini davolatgani keladiyu, momomniyam kenja xotin qilib olib ketadi. Buxoroda ammalarim va otam tug‘iladi. Bobomning katta xotinlaridan tug‘ilgan o‘g‘illari ammalarimni, otamni va hatto momomniyam urib-so‘kib azoblashadi. Bungacha zamon o‘zgargan, bobomning qozoq ovuldagi minglab qo‘ylarini yangi davlat kolxozga deb tortib olgan bo‘ladi. Yetmaganiga, odamlarni yer ochgani uzoq-uzoqlarga ko‘chirib keta boshlashadi. Ana shunda momom ammalarim va otamni olib, Toshkent degan joydagi bir qishloqqa borib qoladi. Otam katta bo‘lib, zo‘r quruvchi bo‘ladi. Cho‘l tomonlarga kelib, qo‘shqavat uylar quradi. Momom tug‘ilgan joylargayam borib, u yerdan uy olib, opa-singlisiyu onasini ota yurtiga olib keladi. Tosh buva kelib qolishlarini tusmollayotgan mehmonlar ana o‘sha joylarda momom davolagan do‘st-birodarlari va orttirgan qarindosh-urug‘lari edi.
Tosh buva darvoza tomon yurarkan, har biri rapidaday keladigan kaftlarini bir-biriga qarsillatib urdida, qulochini keng yoydi va do‘rilloq ovozda:
– Ie, iye! Kekchilaram kelibdiku! – deya kirib kelgan erkaklar jamoasiga peshvoz chiqdi. – Qaynonamni hamma yaxshi ko‘radi-e!
– Ko‘rdingmi, momongni ta’ziyasiga o‘zbegam, tojigam, arabam, eroniyam, mushqoqiyam, kekchiyam «onamizdan ayrilib qoldik» deb kelyapti, – deya pichirlay ketdi boyagi «ayg‘oqchi» amaki yana akam tomonga boshini egib. – Bironta to‘ydayam, azadayam bularni boshi bir joyga bo‘lib, birga o‘tirganini ko‘rmovdim. Bulturgi janjaldan xabaring bordir? Eronilar bilan arablarni mojarosichi? Juda qirpichoq bo‘lishdi-e! Jabr ko‘rgan bechora kekchilar bo‘ldi. Ajrataman deb o‘rtaga tushgan Suyunqul juvozkashni to‘shiga panshaxa urib o‘ldirib qo‘yishdi! Juvonmarg bo‘ldi. Endiyam bular bir dargohga to‘planmaydi, devdim. Mana, tabib momo hammasini boshini birlashtirdi.
Ha, – xo‘rsindi amaki, – xudorahmati momo odam ayiradigan odammasidi! Odamlar ham uni ayirmadi. Hamma o‘zbirim deb kelyapti. Elni odami o‘lgandayam elga yaxshilik qilaverar ekanda, a?! Qishloqning onasi edi xudorahmati. Bilindi. Mana shunday paytda hamma odam bir ota-onadan to‘raganiga ishonar ekansan…
Yuzi qozonning tagidek quyqalanib, chuqur botgan ko‘zlari milt-milt yoshga to‘lgan «ayg‘oqchi» amaki hali-beri gapdan to‘xtamasdiku, lekin oq sallali sersoqol chol yoqimli ovoz bilan xirgoyi qilayotganday Mansur Halloj degan kishini qanday qilib zindonga tashlaganlari, kechqurun zindondan uni topolmaganlari, ikkinchi kecha zindonniyam topisholmagani, uchinchi kechada zindon ham, Mansur Halloj ham joyidaligini ko‘rishgani haqidagi eski ertakni aytib bera boshlaganda uning uni o‘chdi. Men bu ertakni momomdan eshitganman. Bilaman. Undan «Izlab topolmadik seni, birinchi kecha qayerda eding?» deb so‘rashganida, u: «Birinchi kecha Olloning huzuriga boruvdim», deydi. «Ikkinchi kechachi, seniyam, zindonniyam topolmadik», deyishadi. Mansur Halloj: «Unda Ollo shu yerda edi», deydi. Ana shunaqa. Men bu ertakni bilganim uchun ortiq quloq solmadim.
Nega qarindoshlarimizning men tengi bolalari kelishmaganini tushunolmay, taxmin-tusmollarim bilan andarmon bo‘lib o‘tirdimda, so‘ng o‘rnimdan turib, yoyilib kerishdim, og‘zimni o‘raday ochib esnadim. Zerikkanimdan qo‘limdagi hassani ermak qilib o‘ynay boshladim. Uni avvaliga miltiq sifatida ishlatib ko‘rdim, keyin dutor qilib chertdim, oxiri otcha qilib mindimda, shataloq otib hovli aylanib yugurib o‘ynayverdim. Ta’ziya bo‘layotganiyu yig‘i-sig‘iyu dod-voylarga ortiq e’tibor bermay qo‘yibman. Shu asno ichkaridan uzun yog‘och quti ko‘tarib chiqishganini ko‘rib, o‘yinni to‘xtatdimda, yana odamlarning harakatini zo‘r film tomosha qilayotganday kuzatishga tushdim. Karavotga o‘xshash qutining dastaklari bo‘lib, odamlar ikki tarafidan yelkalarida tutib ko‘tarib borishardi. Hamma erkaklar birma-bir almashinib darvozadan tashqariga chiqishayotganda o‘sha yoqqa qarab chopqillayman, deb turgandim, onam yengimdan ushlab to‘xtatib qoldi.
Gap-so‘zlardan bildimki, tobut olib chiqilibdi. Endi buni qabristonga eltisharkan.
Bir to‘p ayol orasida tobutkashlarni kuzatib qolaverdim.
Shu payt yozning qaynoq taftini qiyib mayin shabada esa boshladi. Shamol avvaliga darvoza oldida tizilib turgan ayollarning etaklarini uchirib o‘ynadi, keyin tobutkashlarning yuzlarini silab o‘tdida, borib tobut ustiga yopilgan harir matoni mayingina silkitdi. Bu xayr deya silkinayotgan ulkan qo‘lga o‘xshar edi.
Jimir-jimir yomg‘ir yog‘a boshladi. Yomg‘ir yog‘ayotgani seziladiyu, hech kimning usti ho‘l bo‘lmaydi. Mayin, yoqimli havo momomning o‘choqboshiga yoyib quritib qo‘ygan giyohlarining xushbo‘ylarini chor atrofga sochib yubordi.
Paxsadevordagi asalarilar guvillab havoga ko‘tarildida, oxiri hali darvoza bo‘sag‘asidan uzilmagan do‘ppili erkaklar ustidan bir maromda guvillab uchib o‘tib, uzoqlashib ketgan tobut ustida to‘xtab aylanishga tushdi. Ular havoda katta shar hosil qilib, tobutni qo‘riqlab ketaverdi. Tobut ham daryodek oqib borayotgan odamlar ustidan yolg‘iz qayiqdek lapanglab suzib boraverdi. Uzoqlashaverdi.
Shunda momomni sog‘inganimni, uni ko‘rgim kelganini his qildim.
His qildimu, qichqirib yubordim:
– Momomga boraman! Momom qani-i?!
Kimdir qo‘limdan ushladi. Katta ammam ekan.
– Jonim bolam, – dedi u meni qattiq quchoqlab. – Momong endi kelmaydi. Endi hammamizam momongga boramiz. U bizni kutib oladi.
– Paxtapalov damlaydilami biza uchun o‘sha yerdayam?
– Ha. U palov bu yerdagidan ming marta shirin bo‘ladi.
– Yo‘g‘-e, qachon boraman momomning oldiga?
Suhbatimizni eshitib turgan onam shart kelib, ammamning quchog‘idan meni tortib oldida:
– He, nafasingni yel uchirsin seni! – deb yuzimga sharaqlatib tortib yubordi.
Nima gunoh qilganimni bilmay chinqirib yig‘lab berdim.
– Nimaga urasan, hali bolada, bilmay gapiraveradida, – dedi ammam onamni urishib. So‘ng meni qaytadan quchoqlab oldi. – Yig‘lama, bolam, uyat bo‘ladi, o‘g‘il bolaga yarashmaydi, – dedi yuz-ko‘zim, og‘iz-burnimni ko‘k ko‘ylagining etagi bilan artarkan.
O‘g‘il bola yig‘lamasligi kerak ekan, deb to‘g‘risi, zo‘rg‘a chidadim.
Menga momomni ko‘rsatishmadi. Chunki u hozirgina olib chiqilgan uzun qutining ichida ketibdi. Endi uni ko‘mib kelisharkan. Momomning bir o‘zi zerikmaydimi, qo‘rqmaydimi, degan xavotirli o‘ylar miyamga keldi. Bular haqda ammamdan so‘rardimkuya, lekin yana onamning jahli chiqib ketadimi deb qo‘rqqanimdan tilimni tishladim.
Otam boshliq tumonat odam momomni qo‘yib qaytishdi.
Darvoza oldida yana bir dunyo odam yig‘ilib qoldi. Erkaklar tizilgancha cho‘kkalab o‘tirdi. Oqsalla chol O‘ljavoy palag‘da degan qo‘shnimizning Omontoy ismli men tengi bolasi o‘lib qolganida mulla Xurram aytgan qo‘shiqni ayta boshladi:
– Auzibillohi minash shaytonir rojiym. Bismillohir rohmanir rohiym. Alhamdulillahir robbil olamiyn. Ar rohmanir rohiym. Maliki yavmid-diyn…
Bu qo‘shiqni ilgari tong saharlab uyg‘onib ketgan paytlarimda ko‘p eshitganman. Momom xirgoyi qilardi. Ammo u ora-orada o‘tirib-turib, cho‘kkalab, boshini yerga qo‘yib mashq qilib olar va yana qo‘shig‘ini davom ettirardi. O‘shanda bu qo‘shiqni yodlab olganim uchun odamlarga men ham buni bilishimni ko‘rsatib qo‘ygim keldida, oq sallali sersoqol cholga qo‘shilib aytaverdim:
– Iyyaka na’budu va iyyaka nasta’iyn. Ihdinos sirotol mustaqiym. Sirotol loziyna an’amta alayhim g‘oyril mag‘zubi alayhim valazzolliyn…
Ayrim odamlar hayratlanib, qoyil qolib qarab qo‘yishdi menga. Aftidan, shunday oson qo‘shiqni ular bilishmasdi. Bo‘lmasa, shuni aytishga ham manovi oq sallali cholni olib kelisharmidi?!
Onam bilan otam o‘sha yerda qoldi.
Akam ikkovimiz mashinaga chiqib, uyga qaytdik. Shunday qilib, qishloqda jo‘ralarimdan hech birini ko‘rmadim, momomning qo‘lidan «paxtapalov» ham yemadim.
Uch kundan so‘ng otam bilan onam uyga kelishdi.
Yana uch-to‘rt kundan so‘ng qishloqqa borib-keldilar. U yerda nima qilishdi, bilmayman.
Otam ham, onam ham kamgap bo‘lib qolishgandi. Akam endi huda-behuda gapiravermas, ota-onam buyurmasdan turib, hamma ishlarni saranjom qilib qo‘yayotgandi. Ular aytgan ishni menga buyurib, o‘zi yallo qilib yuradigan akamizga aql kirib qolganidan xursand edim. Bitta momom o‘lganiga shuncha o‘zgardi, agar shaharlik momom ham o‘lsa, menga maza bo‘larkanda, deb o‘ylardim. Mayli, u ham o‘lib qolar…
Kuz kelishi bilan maktabga chiqa boshladim. O‘rtoqlarim bilan andarmon bo‘lib, o‘tgan voqealar esimdan chiqib ketibdi.
Ota-onam ancha o‘zlariga kelishgan, akam esa allaqachon avvalgi holiga qaytgandi. Har-har zamon otam dasturxon ustida momom haqida gapirib qolar, onam uning tuguncha to‘ldirib bizni ko‘rgani kelganlarini bot-bot eslar, akam qishloqda yashagan paytimizda momom bilan bo‘lgan hangomalarni aytib berib, hammamizni kuldirardi.
Qishloqda yashagan paytlarimizni eslasam, yuragim hapriqib ketadi.
Momom biz bilan devor-darmiyon hamsoya bo‘lib, o‘rtadan o‘tib-qaytishga yo‘l qilingan, biz momomning hovlisiga, momom bizning hovlimizga borib-kelaverardik.
Ko‘pincha otamning jo‘ralari uyimizda to‘planishar, o‘tgan-ketgandan, har xil jang-jadallardan, Boris amaki bilan Bill tog‘aning qilayotgan ishlaridan gaplashib o‘tirishar, qip-qizil shishalarni ketma-ket bo‘shatishar edi. Gap Xayyom boboga kelib taqalganida otam yarim piyola qirmizi ichimlikni oldimga surib qo‘yib:
– Qani, o‘g‘lim, kecha yodlagan she’ringni amakilaringga aytib berchi! – derdi yelkamga yengilgina shapatilab.
Men avvaliga uyalganday bo‘lib, tanish qiyofalarga bir-bir qarab chiqaman, so‘ng ko‘zim bilan yer chizib, konfet qog‘ozini o‘ynab o‘tiraveraman.
– Agar she’r aytib bersang, mana shu senga! – deydi otam piyolani ko‘rsatib.
Bu ichimlikni o‘tirganlar nega yaxshi ko‘rib ichishlarini bilmasdimu, ammo bir ichib ko‘rishga qiziqqanim rost. Shuning uchun ko‘zimni yerdan uzmay otamning og‘zidan eshitib yodlab olgan she’rimni tez-tez aytaman:
– Kimningki bor bo‘lsa bir burda noni,
O‘ziga yarasha uy-oshiyoni,
Na birov unga qul, na u birovga,
Ayt, shod yashayversin, xushdir zamoni!
O‘tirganlar tizzalariga shapatlab: «Dod!» deb yuboradilar.
Otam haligi piyolani qo‘limga tutqazadi. Men uni xuddi otam kabi bir ko‘tarishda yutib yuboramanda, tomog‘imni kuydirib o‘tgan ichimlik tanamga qanday yoyilib borayotganini his qilib turaman.
Otam yana yarim piyola quyadida, oldimga qo‘yib:
– Yana bitta! – deydi.
– Yana bitta bo‘lsin! – deyishadi otamning jo‘ralari ham.
Endi yodimdan biroz ko‘tarilgan she’rlar ham quyilib kelaveradi:
– Qazo chavgonida koptokdek nuqul
Chapu o‘ng yumala, dema noma’qul.
Seni yumalashga solgan kim bo‘lsa,
U bilgay, u bilgay, u bilgaydir, ul!
Yana hammasi qiyqirib yuboradi.
– Yana-yana! – deyishadi birvarakayiga.
Oldimdagi yarim piyolani bo‘shatamanda, endi qiyqiriqlaru «yana-yana»larga qarab o‘tirmay, yarim piyolamni sipqoraman va she’r aytaman:
– Bir qo‘lda Qur’onu bittasida jom,
Ba’zida halolmiz, ba’zida harom.
Firuza gumbazli osmon ostida
Na chin musulmonmiz, na kofir tamom.
O‘tirganlar chinakamiga dodlab yuboradilar. «etar, bas!» – deyishsayam aytaveraman:
– Keksa, yosh – hayotga har kimki yetar,
Hammasi izma-iz, birma-bir o‘tar.
Bu dunyo hech kimga qolmas abadiy,
Ketdilar, ketamiz, kelishar, ketar.
Kap-katta erkaklarning ko‘zlarida yosh aylanganini ko‘rib, zavqim toshadi. Zo‘r ishni do‘ndirib qo‘ygandek, bir chetida bo‘sh shishalar qalashib qolgan dasturxon atrofida o‘tirgancha qip-qizil yuzlariga tabassum yoyilib, menga allaqanday mehr va havas bilan termilib turgan amakilarga bir-bir qarab olaman. Otamning aytishini kutmay piyolani bo‘shatayotganimda sopol la’lida bug‘i chiqib turgan go‘sht qovurdoqni ko‘tarib onam kirib keladi. La’lini otamga berarkan:
– O‘zlarizku, mayli, bolaga ichirmanglar shu savil qolgurni! – deydida, menga «Hozir go‘shtingni yeyman!» deganday qaraydi: – Qani, tez chiqchi tashqariga!
Qo‘rqqanimdan shap o‘rnimdan turib, hovliga otilaman. Shunda eshik yonidagi eski kursida o‘tirgan momomga ko‘zim tushadi. Uning ko‘zlaridan duv-duv yosh oqayotgan bo‘ladi.
– Nimaga yig‘layapsiz, momo? – deyman yoniga borib, cho‘nqayib o‘tirib olarkanman. – Kim xafa qildi sizni?
– Nimalar deganingni o‘zing tushunganingda edi, – deydi momom ro‘moli uchi bilan ko‘z yoshlarini artib. So‘ng meni tizzasiga olib, mahkam quchoqlaydi, ko‘zlarimdan o‘padi. – Xuddi bobosining o‘ziya! Qorako‘zim o‘zimni! – deydi ikki yuzimni toshday qattiq kaftlari orasiga olib.
Men kulaman.
Ichkaridan onam bo‘sh shishalar va piyoz po‘chog‘i to‘la taqsimcha ko‘tarib chiqib keladi. Momomning qo‘ynidaligim uchun indamaydida, bir o‘qrayib qarab, oshxonaga o‘tib ketadi. Ochiq qolgan eshikdan otamning jo‘ralaridan birovining «Chuq-chuq! Ko‘z tegmasin! Zap o‘g‘ling borda!» degani, otamning «Bobosiga tortganda. Xudorahmati otam ham uch kechalab «Shohnoma»ni yoddan aytib berardilar. Likopcha chertib qo‘shiq aytganlarini bir ko‘rsangizlar edi!» deya chuqur nafas olib chiqargani eshitiladi.
– Otang o‘tib qolganida nechinchi sinfda edik? – deydi jo‘ralaridan birovi.
– Yettinchida, – deydi otam.
– Shunday odamlaram o‘tdi-ey! – deydi yana kimdir.
Jimib qolishadi.
Otamning g‘amgin nigohlarini papiros tutunidan sarg‘aygan shiftga qadagancha, bolalarni olib Toshkentga ketib qolgan momomni ko‘rgani kelgan bobom haqida aytgan mungli hikoyasini eslayman. Bobom ammalarim va otamga bir dunyo sovg‘a-salomlar berib, o‘zi tuman markaziga ketibdi o‘shanda. U yerda hammomga tushibdi, soch-soqolini tartibga solibdi. Keyin uyga kelib, momomni yoniga o‘tqizib olgancha likopcha chertib qo‘shiqlar aytib beribdi. So‘ng ozgina dam olayin, deb ichkari xonaga kirib ketibdi. Yotgani kirayotib: «Maryam, bolalarni xonaga kiritma!» debdi sekin. Gilam to‘qiyotgan momom: «Xo‘p», deb qo‘yibdi boshini ko‘tarmay. Shu bilan namozshomda ovqatga chaqirgani kirgan momom shiftning qiyshiq-qing‘ir bolorlariga tikilgan ko‘yi jon bergan bobomni ko‘ribdi. Bu voqea juma kuni bo‘lgan ekan.
Bobom jonini kimga bergani haqida so‘rayman, deb qarasam, haligina ovunib, ko‘z yoshlarini artgan momom yana yig‘lashga tushgan bo‘ladi. Savolga tutishga botinmayman.
Bu voqealar qishloqda bo‘lgan.
Manavi yarim shahar, yarim qishloqday joyga ko‘chib kelganimizdan so‘ng momom tez-tez biznikiga kelib-ketadigan bo‘ldi.
Dasturxon boshidagi yo‘qlovlarimiz chog‘ida mening ko‘z oldimdan nuqul momomning yo‘liga chopib chiqqan ko‘chamiz bolalariga shirinlik ulashgani xuddi kinoday lip-lip o‘tadi. Uning uniqqan pistoqi xalatiyu istagan paytda konfetmi, parvardami, sho‘rdonami, ishqilib, nimadir yegulik topiladigan ikki cho‘ntagi, uchiga pul tugib qo‘yadigan oppoq ro‘moli, yurganda qasir-qusur tovush chiqaradigan qop-qora tosh kalishini eslayman. Uning yo‘l-yo‘lakay uchragan men tengi bolalarga ham «Assalomalayko‘m» deb salom berib kelishlarini juda-juda sog‘ingandim. To‘g‘ri, bu akamga yoqmas, «Nimaga siz kichkinalargayam salom beruvrasiz, ular sizga salom bersin!» deb urishib berardi. Momom esa:
– Ie, bolam, odam ajratib salom beriladimi? Hazrati Muhammadi Mustafoyam birinchi bo‘lib o‘zlari salom bergan ekanlar. Payg‘ambar, katta-kichikni ajratmay o‘zi salom berganda, men kim bo‘libmanki, kibr qilsam? – deya uzundan-uzoq hikoyalar aytib berardi.
Men esam bunday narsalarni ko‘pam tushunavermas, momomning kelganidan xursand bo‘lib, xuddi qochib ketadiganday qo‘lidan mahkam ushlab kelaverardim. Chunki momom biznikiga kelganda menga hech kim ish buyurolmasdi. «Meni nabiramga gapirmanglar, o‘zlaring opkelinglar nima kerak bo‘lsa!» derdi u. Maza qilib tizzasida o‘tiraverardim, shirinlikka to‘yardim. Hammadan ko‘p meni erkalar, suyar, «Qorako‘zim, buvasining o‘ziya!» deb quchoqlab o‘pardi.
Bir oy o‘tgan bo‘lsayam, haligacha momomning chindan endi yo‘qligiga ishonmasdim. Ishonardimki: u yana bizni ko‘rgani keladi! Qo‘lida tuguncha. Tugunchaning ichi to‘la shirinlik va piyozpatiru jizpatir bo‘ladi. Shirinlikning eng ko‘pi har galgidek menga!..
Mana, hozir ham oldinda qo‘lini orqaga qilib, bukchayib ketayotgan kampir uyimiz tomonga qarab boryapti. Momomning o‘zginasi! Ishonmaysiz, egnida o‘sha yozgi yengi uzun ko‘ylak, qo‘shkissa xalat, boshida o‘sha uchi tugik oq ro‘mol, qo‘lida o‘sha tuguncha. Aniq, mening momom bu!
Momom sari shunday tez yugurdimki, zum o‘tmay unga yetib oldim. Ortidan borib, momomning qo‘lidan qattiq ushlab oldim:
– Momojon!
Momom yalt etib qaradi menga.
– Assalomalayko‘m, – dedi so‘ng bukchaygan qaddini yanada bukib.
Yo‘q, bu kampir boshqa birovning momosi ekan.
Nima deyishni bilmay tikilib turib qoldim. Bu kampirning ko‘zlariyam xuddi momomning ko‘zlari kabi chuqur, kirtaygan. Bu kampirning yuzlariniyam momomniki kabi yo‘l-yo‘l ajin qoplagan. Bu kampirning qo‘llariyam qavariq, tomirlari bo‘rtib-bo‘rtib turibdi. Hayron bo‘lib kulib turishlariyam quyib qo‘yganday bir xil. Go‘yo chindan ham bu mening momomu, ammo negadir meni tanimayotgandi. Nahotki?! E, yo‘q, allaqanday bir sezgi bilan uning haqiqatan begonaligini his qilardim. Biroq o‘sha sezgi bilan uning momom ekaniga ishonayotgandim. U momom emasdi. Lekin u momom edi.
Kampirning qo‘lini qo‘yvorib, oq ko‘ylagimning yengiga burnimni sozlab artdim. Keyin boshimni egib, ko‘zimni yerdan uzmay keta boshladim. Kampirning o‘zi gap qo‘shib meni to‘xtatdi:
– Menga qara, sen Isavoyning o‘g‘limasmisan?
– Hmm, – dedim sumkamni qo‘limga olib, qaytadan yelkamga ilarkanman.
– Ha, bolam, momongga o‘xshatdingmi meni? – dedi kampir jilmayib.
Nima deyishimni bilmay:
– Assalom alekum, – dedimda, kecha Shukufa muallim o‘rgatganday qilib qo‘limni ko‘ksimga qo‘ydim.
– Adashmabsan, menam momongmanda, bolam, – kampir boshimni silab, peshonamdan o‘pib qo‘ydida, bir hovuch parvarda berdi. – Rahmatli Chumchuq buvaning o‘g‘li Halimjon qo‘shnilaringizmasmi?
Kampir, hoynahoy, Quyon kimligini bilmas, degan xayolda tengdoshimning laqabiga ismini qo‘shib so‘radim:
– Rizamat quyonni dadasimi?
Aytgancha, Rizamatga quyonyuraklik bobosidan o‘tgan, deyishadi. Shuning uchun hamma uni Quyon deydi.
– Ha, o‘sha, – dedi kampir, – Halimjonning kenjasi. Tushimga kiribdi. Yuragimni hovuchlab kelyapman.
Shu lahzada bo‘yi uzun, qorni katta, lekin boshi piyoladay kichkinagina qo‘shnimiz, Quyonning otasi Halimjon aka ko‘z oldimga keldiyu, uni nega Chumchuq buvaning o‘g‘li deyishlari esimga tushib, kulgim qistadi. Aslida, Chumchuq buvaning oti Chumchuq buva bo‘lmagan, Arslonqul bo‘lgan ekan. Urush boshlanib qolganda hamma yigitlar qatori Arslonqulniyam poyezdga solib, frontga olib ketishadi. Qo‘rquvdan tizzalari dir-dir titragan Arslonqul boshi-keti yo‘q ulkan sahroga yetganda o‘qday uchib ketayotgan poyezddan o‘zini qumga otadi. Buni ko‘rganlar frontga yetmay o‘ldi bechora, deya yuzlariga fotiha tortishadi. Ammo Arslonqul o‘lmay qoladi. Qishlog‘iga sog‘-omon qaytib kelib, urug‘-aymoqlariga bo‘lgan voqeani aytib beradi. Shunda Farmonqul cho‘loq degan keksa ovchi: «O‘, chumchuq bo‘lib ket-e!» deydi. Ana shundan beri uning oti Chumchuq ekan.
– Mayli, bora qol, bolam, – dedi kampir qadamimni sanab jim ketayotganimni ko‘rib. – Mani yurishimga sani sabring yetarmidi!
Men haliyam shu momom emasmi yo momommi, deb ishonib-ishonmay qayta-qayta ko‘ziga qarardim. U esa meni umuman tanimas, ikki qo‘lini orqasiga qilib qovushtirgancha bukchayib, Rizamatlarning uyi tomon kelardi.
Kampirni ortda qoldirib jadallab ketdim.
Uning momom emasligini bilgandimu, lekin ishongim kelmayotgandi. U o‘zimning momom bo‘lishini juda-juda istardim. Biroq buning iloji yo‘q. Ana shu ilojsizlikni his qilgach, tomog‘imga achchiq bir narsa kelib qadalganday bo‘ldi. Yutindim. Ich-ichimdan ulkan bir to‘fon ko‘tarilib kelayotganday tuyuldi. Shosha-pisha uyimizga kelib, darvozaning darchasini ochayotganimda Rizamatlarning uyiga boyagi kampir kirganini ko‘rib qoldim. «G‘alati, haligina mendan orqada qolib ketgandiku!» – biroz hayron bo‘lib qarab turdimda, so‘ng uyga kirasolib kiyimlarimni shapir-shupur almashtirdim. Choy ham ichmay, qo‘radan qo‘ylarni haydab chiqdim.
– Biron narsa yeb ol! – deya qichqirib qoldi onam ortimdan.
Indamay qo‘ylarni zovur labiga haydadim. Bolalarga qo‘shilmadim. Uchlari sarg‘ayib qolgan qiltiqli pishago‘tlar ustiga o‘zimni tappa tashladimu, o‘pkam to‘lib, yig‘lab yubordim. O‘kirib-o‘kirib yig‘ladim. Momomning chindanam o‘lganiga endi ishongandim. Ishondimu, chidolmadim. Chunki endi momom bizni ko‘rgani kelmaydi, shirinlik bermaydi, erkalamaydi, biz uni ko‘rgani borganimizda «paxtapalov» damlamaydi, jizzali non ham pishirmaydi endi, peshonamdan o‘pmaydi, «Mani nabiramga gapirma hech qaysing!» demaydi. Shularni o‘ylaganim sari ichimda nimadir portlab, ko‘zlarimdan yosh bo‘lib chiqib kelaverdi. Yig‘layverdim. Shaharlik momom ham o‘lishini xohlaganimni eslab, o‘zimni o‘zim so‘kdim:
– He, jinni, jalojin!..
Birdaniga yig‘lash o‘g‘il bolaga yarashmasligini eslab, ilkis boshimni ko‘tardimu, atrofga alangladim: «Xudoga shukr, hech kim yo‘q ekan!» Hech kim ko‘rmabdi.
Zovurga tushib, yuzimni yuvib oldim. Keyin bolalar lanka o‘ynayotgan tarafga qo‘ylarni haydadim…
Kechqurun charchab, uxlay-uxlay deb turganimda otam:
– Tur, tungi sayrga chiqamiz! – deb qoldi.
Menga jon kirdi. Otam bilan kechki sayrga chiqish degani – maza qilib shokolad yeyish, muzqaymoqxo‘rlik qilish deganida! Shappa turdim. Ko‘chaga chiqdik.
Tanish do‘konchidan otam menga muzqaymoq olib berdi. Uni yegunimcha do‘konchi amaki bilan gurunglashib o‘tirishdi. Keyin menga qarab:
– Xohlagan shikalatingni tanla! – dedi otam. – Faqat bitta.
Tanlagan shokoladimni do‘konchi amaki olib, ochib berdi. So‘ng otamga qaradi. Otam:
– Yana ellikta quy! – dedi. – Yetadi.
Do‘kondan chiqib, atayin aylana ko‘chadan uyga yo‘lni soldik. Kecha oydin. Bunday kechalarni momom: «Erga igna tashlasang ko‘rinadigan kecha», derdi. Yo‘l-yo‘lakay otamning yig‘lab borayotganini payqab qoldim.
– Dada, sizga nima bo‘ldi? Biron joyiz og‘riyaptimi? – dedim qo‘rqib.
Shu paytgacha otamning yig‘laganini ko‘rmagandim.
Otam yelkamga qo‘lini qo‘ydi:
– Hech kimga aytish yo‘q!
Bosh qimirlatib: «Xo‘p», dedim.
Kunduzi o‘zimning ham o‘kirib-o‘kirib yig‘laganimni otamdan sir tutdim. Men sir tutishni bilaman. Endi otamning yig‘laganiniyam hech kimga aytmayman.
O‘sha notanish kampir cho‘ntagidan chiqarib bergan parvardalardan bittasini olib og‘zimga solganimda otam bir qarab qo‘ydiyu, qayerdan olganimni so‘ramadi. Balki, onam mehmonga deb anvoyi shirinliklar solib qo‘yadigan sandiqdan gum «qilgan», degan gumonga borgandir.
– Momongni tobutini ko‘tarib borayotganimizda, – dedi otam to‘g‘riga, bo‘shliqqa termilib borarkan, – bir uya asalari tepamizdan guvillab aylanishib borishdi, onamni qabristongacha kuzatib qo‘yishdi jonivorlar.
– Momom ularniyam davolagan bo‘lsa kerakda, a?
– Bilmadim. Lekin onamni tuproqqa berib qaytganimizda, asalarilar devorga bir qator bo‘lib tizilishib, asokashlarni kutib olishdi.
– Ularam yig‘ladimi keyin?
– Yo‘q. Ular ko‘z yoshlarini ko‘rsatmay yig‘lasa kerak.
– Hmm. Menam shuncha qaradim, ularning yig‘laganini ko‘rmadim lekin.
Yo‘lda Rizamatning otasini uchratdik. U otam bilan hol-ahvol so‘rashgach, men bilan qo‘l tashlashdi.
– Ha, polvon! – dedi Halimjon aka enkayib, katta qorniga yarashmagan kichkina boshini yuzimga yaqin olib kelarkan. – Beshga o‘qiyapsanmi? Yasha! Rizamat oshnang isitmalab qoluvdi bugun. Maktabgayam borolmadi. – Halimjon aka qaddini ko‘tarib otamga yuzlandi: – Qaltirab yotibdi deng bola bechora. Yuragim taka-puka bo‘p ketdi. Soliha momoni chaqirtiramizmi deb turuvdik. Qo‘lida bir siri borda shu kampirning. To‘satdan o‘zi uyga kirib kelsa bo‘ladimi! Rizamatni yelkasiga ikki qoquvdi, bola besh daqiqadan keyin yugurib o‘ynab ketdi. O‘zimiz bilan o‘zimiz ovora bo‘libmiz, kampir imi-jimida ketib qolibdi. Keliniz qo‘ymadi. Uyiga borib, kampirni kissasiga besh-to‘rt so‘m solib kelsam, deb ketayotuvdim.
– Shunday qiling, – dedi otam Halimjon aka bilan qo‘l olishib xayrlasharkan. – Yuragida ko‘zi bor, deyishadi, bu kampirning. O‘sha bilan hamma narsani ko‘rib turadi.
– Shunday deng, shunday deng! – qurutdek boshini ikki yonga likillatdi Halimjon aka. So‘ng katta qornining ustiga qo‘lini qo‘yib xayrlashdi: – Mayli, Isa buva, o‘ting uyga.
U shippagini yerga sudragancha to‘pir yo‘lni changitib yurib ketdi.
– Onamni xurmolariyam uch kunda qurib qoldi, – dedi otam Halimjon akaning ortidan qarab qo‘yarkan.
– Ularniyam mozorga oborib, ko‘mib kelasizmi endi? – deya so‘radim og‘zimga yana bitta parvarda solib.
Otam ilkis burilib, ikki bukildida, yelkalarimdan qattiq siqib:
– Qora tunda qora tosh ostida o‘rmalagan qora chumolini ham ko‘rib turguvchi zotga qasamki, men kecha tushimda ko‘rgan ariqlaridan suv emas, asal oqib turgan yam-yashil bog‘ onamni bag‘riga oldi, – deya jilmaydi. Mo‘ylabiga ilashib qolgan qatra durdek yaltiroq yosh tomchisi qaymoqrang ko‘ylagining yoqasiga tushdi. – U juda chiroyli bog‘ edi. Ha, juda!
U ko‘zlarini olib qochdi. Yelkamni qo‘yvorib, qaddini rostladi. Yana oldinga qarab tez-tez keta boshladi.
Anqayib qolaverdim. Uning hozirgina aytgan gaplaridan biror nima tushungan bo‘lsam, Rohila jo‘gi qopiga solib olib ketsin meni!
Otam ildamlab ketaverdi.
Ortidan o‘ylanib boraverdim.
Endi ta’ziyaxonadagi ayollarning uvvos tortganlarini eslab, shu haqda so‘rayman deb qarasam, oldinda borayotgan otamning yelkalari bilinar-bilinmas silkinib ketayotgan ekan. Indamadim. Keyin asalarilar o‘zlarining tilida nimalar deb momom bilan xayrlashishdiykin, deya o‘yladim. O‘zimcha ularning nimalar deyishganini taxmin qila boshladim. Aytgancha, momomning uyi shiftiga uya qurib, har yili tuxum qo‘yadigan, polaponlarini shu uy tomidan uchiradigan, issiq yoz kunlari hadeb qurillayveradigan musichalar ham bor edi. Balki, ular ham momomni kuzatgani chiqishgandir. Nega ularga e’tibor bermadima? Daraxt shoxlariga qo‘nmay, doim ayvonga kelib tizilishib turadigan somonxona kaptarlarichi? Nahotki ular chiqmagan bo‘lsa, axir momom ularni bolalardan asrab, somonxonaning eshigidan bizni kirgani qo‘ymas ediku! O‘choqboshidagi chumolilarchi? Bir gal uyasiga suv quyganimda momom meni urishib bergandi. Ular ham rosa yig‘lagan bo‘lsa kerak. Bugun uchratgan momom ham qo‘lida siri bor momo ekanmi? Rizamat quyonning kasal bo‘lib yotganini hech kim aytmasayam, o‘zi bilib kelgan Soliha momoni aytaman. Yuragida ko‘zi bor, dedimi otam? Quyonning yelkasiga ikki marta qoqib, tuzatib yuboribdimi?! Balki…
Boshimda bir dunyo savol bilan chopqillab otamga yetib oldim:
– Dada-dada!..
2019 yil, Toshkent.
«Yoshlik» jurnali, 2019 yil, 11-12-son