Komil Avaz. Ichon qal’adagi oydin kecha (esse)

Xiva manzarasi, Ichon yoki Dishon qal’a xayoliy olamimda bo‘y tortar ekan, inson quvvai hofizasini anglatuvchi botin va zohir ila bo‘ylashgandek bo‘laman. Qadimiy, ammo hamisha navqiron bu ikki alp kelbat qal’a bir-biri bilan uzviy bog‘liqdek tasavvur uyg‘otsa-da, ularning har biri o‘zgacha bir tilsimiy ma’vodek mening nazarimda…
Yana bir qiyosiy manzara yodga kelaveradi. Hindning ulkan yozuvchisi Rabindranat Tagor shunday degan ekan: “Evropa kunduzga mengzaydi – shovqinli, Osiyo esa orombaxsh, sokin oqshomga o‘xshaydi”.
Xuddi shu manzarani Xiva misoliga ko‘chirsak, umrguzaronlik tashvishidagi odamlarning g‘ala-g‘ovuri, serqatnov ko‘chalardagi turfa xil mashinalar shovqini bilan – Dishon qal’a kunduzga mengzasa, Ichon qal’adagi sokinlikka hatto chigirtkalarning chirillashi ham daxl qila olmaydi. Ayniqsa, oydin oqshomlarda, Ichon qal’aning sokin salobati kishini sirli olam kabi o‘ziga chorlaydi. Bu purviqor qal’a bilan qalban muloqotga kirishmoq hammagayam nasib etavermaydigan ilohiy ne’mat desam, mubolag‘a bo‘lmas!
Alhola, so‘zlashish maromi, suhbat siylovida ham hikmat ko‘p. Goh-goh, kishi ba’zi birovlarning bir og‘iz kalimasidan bosh olib qochmoqqa imkon qidirsa, ba’zi suhbatdoshlarning dilkash lutfidan, botinida qaniydi suhbatimiz tugamasa deb o‘tiradi.
Men ana shunday suhbatijon fazilatli inson bilan oltmishinchi yillarning boshida, talabalik davrimda tanishganman. Bu zabardast rus adibi Vladimir Solouxin edi. Rossiyaning O‘zbekistonda bo‘layotgan adabiyot kunlari dekadasi (o‘n kunligi) yakuni Toshkentda, Alisher Navoiy nomidagi opera va balet teatrida o‘tkazilayotgandi. O‘shanda sahnaga chiqib kelgan shoir o‘zining “Kolodets” (“Quduq”) deb nomlangan she’rini shunday ko‘tarinki ruhda o‘qidiki, xuddiki, mening butun vujudimda chumolilar galasi o‘rmalayotgandek tuyuldi, hayajonga tushdim. So‘zning qudrati, uning ma’no-mazmuni, zalvori nafaqat inson qalbini, balki tili, dini o‘zga mamlakatlarni ham bir soniyada o‘ziga do‘stu qadrdon eta olishiga o‘shanda yana bir karra amin bo‘lganman. She’rning oxirgi bandlari hali hamon quloqlarim ostida jaranglayveradi: “Dushevnoy vlagi ne tai, No glubje cherpay i poi!”
Oradan yillar o‘tib, og‘am Erkin Samandar bilan Vladimir Solouxinning do‘stligini eshitib, ko‘nglimda bu adib bilan yaqindan suhbatlashib, o‘rtoqlashish niyati tug‘ildi va buni og‘amga aytdim. Shu taxlit bizning uchrashuvimiz, suhbatlarimiz qadrdonlik, do‘stlik sari eshik ochdi.
So‘nggi uchrashuvimiz 1984 yil oxirlarida, Xorazmda, Yangibozor tumanidagi Oyoqdo‘rmon qishlog‘ida kechgan edi…
Men u paytlar Yangibozor paxta tozalash zavodida ishlayman.
Ufqqa bosh qo‘yayotgan quyosh mehmonxona bog‘ining qibla javonibidagi tok ishkomi ortidan qizarib ko‘rinadi, bu go‘zal manzaradan kishi azbaroyi hayratlanib, “vallohu a’lam” deb yuboradi. Qoramtir-qizg‘ish “xirmoni” uzumining bo‘ldomli so‘lqimlari kechki quyoshning qizg‘ish nurlaridan yal-yal yonadi. Birortasini uzib olishga qo‘ling bormaydi.
Vladimir Alekseevich mening hayajonimni ko‘rib, o‘ziga xos Volgabo‘yi talaffuzida juda oddiy, biroq xuddi ishkom yukiday salobatli so‘z aytdi:
– Komiljon, sizlar bu yerda yashaysiz, bunday go‘zallikni har kuni ko‘rasiz. Aslida mening hayajonlanishim tabiiy. Chunki dunyoning ko‘p joylarida bo‘lganman, bunday uzumlarning xilma-xili, turfa turlaridan totinganman. Ammo, bunday nafis va lo‘ppi barmoqlarini ko‘z-ko‘z qilib turgan qizga o‘xshash uzumlarni ilk bor ko‘rib turishim. Bu rost!
Albatta, Vladimir Alekseevich so‘zlarini o‘zbekcha tarjimada bayon qilyapman. Uning so‘zlari o‘ziga xos talaffuzda juda boshqacha ohangda yangragan edi. Qishloq rahbari, mehmondo‘st, istarasi issiq Madrahim Ro‘zmatov miyig‘ida kulimsiragancha, atoqli yozuvchining so‘zlarini jonqulog‘i bilan eshitib, menga yuzlandi:
– Komiljon, mehmoningiz juda zukko, madaniyatli kishi ekan, unga tushuntiring, bunday uzumlarning “toifi”, “shivirg‘oni”, “maska”, “husayni”, “xirmoni” va boshqa turli xillari bizning yurtimizda hamma xonadonlarda yetishtiriladi.
Darhaqiqat, Vladimir Alekseevich ko‘pni ko‘rgan, kirishimli, madaniyatli inson. Yoshi mendan ancha katta, qolaversa, ruslarda aksariyat sen deb murojaat qilish rasm bo‘lishiga qaramay men bilan sizlab gapirishyapti. Men Madrahim akaning yoqimli dil so‘zlariga tag‘in jindak “asal” qo‘shib tarjima qilib, mehmonimizni yanada quvontirgandek bo‘ldim. O‘z navbatida Vladimir Solouxin ijodi to‘g‘risida gapirib, qishloq rahbarlariga tanishtirdim. Menga o‘zining to‘rt jildlik “Saylanma asarlari”ni dastxati bilan tuhfa qilgan deya picha maqtandim.
So‘lim bog‘ sahnida, dasturxon tegrasidagi suhbatimiz bir maromda qishloq hayoti, dehqonchilik fayzi, adabiyot, she’riyat, san’at, madaniyat, ma’naviyat va ma’rifat xususida borar ekan, Vladimir Alekseevich qiziqarli, hayotiy voqealar haqida gapirdi, she’rlar o‘qidi. Men ham bir-ikki she’r o‘qidim. Gurungimizni tugatishga shoshilmas, balki tonggacha bo‘lsayam ado bo‘lmasa edi deya o‘ylardik.
Adib bilan ikki-uch kundan beri ijodiy uchrashuvlarga boryapmiz-u, o‘zimni ko‘pdan qiziqtirib yurgan, Vladimir Alekseevich hayoti bilan bevosita bog‘liq “Hukm” qissasi to‘g‘risida so‘z ochishga hech imkon bo‘lmayotgandi. Nazarimda shu oqshom mavridi keldi chog‘i, so‘rashga jazm etdim. Qissa bejiz “Hukm” deb atalmagan, deb o‘ylardim. Bu insonni hayotni bor muammolari, tashvish va g‘amlari bilan sevishga chaqiruvchi bir asar edi. Qissa qahramoni onkologik xastalikka uchragan, yashab qoladimi, yo‘qmi, bu katta bir savol. U o‘zi kabi dard chekayotganlar bilan, shifokorlar bilan muloqoti davomida inson umri va uning mazmuni borasida talay kashflar qiladi. Qissada mana shunday bir epizod bor (Qissa qahramoni muallif).
Bosh qahramon bir kuni o‘ziga shunday savol beradi.
– Qani, Volodya, ayt-chi, necha yil yashading?
– Qirq to‘qqiz.
– Bunga qancha vaqt bo‘ldi?
– Xuddi kechagidek, bir kun.
– Xudo senga yana qirq to‘qqiz yil umr bersa, qancha bo‘ladi?
– Sakson sakkiz, lekin xuddi ertadek – bir kun…
– Shu bir kun uchun shuncha azob chekib o‘tirishing kerakmi?
U savoliga javob kutmay, rejalagan ishlarini bajarish uchun o‘rnidan dast turib ketadi va Peterburg safaridan mashinada qaytishida, ruhiyatidagi horg‘inlikka o‘xshash holat yuragini eza boshlaydi. Shu miskin o‘ylar bilan Moskvaga yaqinlashganda mashina rulidan qo‘llarini olib, o‘ziga o‘zi shunday deydi: “Agar mashina Kuntsevo tomonga burilsa, demak jarrohlikdan qochib bo‘lmaydi. Agar burilmay, to‘g‘ri Moskvaga yo‘nalsa, operatsiya qildirmayman”. Taqdirni qarangki, mashina asta Kuntsevo tomonga buriladi va u operatsiya stoliga yotqiziladi. Quvonchli tomoni shundaki, undagi saraton kasalligi alomatlari yomon sifatli emas ekan, mana bugun bir davrada, gurunglashib o‘tiribmiz…
O‘ltirishimiz yakuniga yetay deb qolganda, o‘sha asar voqealarini bir chimdim eslaganimni aytib, sal tin olgach, so‘radim:
– Vladimir Alekseevich, sizning o‘sha qissangizda “Qora dengiz” sohilidagi sanatoriyga yo‘llanma hadya qilganingiz qiz, hayotda bormi?
U piyoladagi sharbatni ho‘playotgan joyida to‘xtab, bir nafas o‘ylab qoldi:
– Yozuvchimisan? – deb, birinchi marta meni o‘ziga yaqin olib, sensirab so‘radi va javobimni kutmay davom qildi. – O‘zing o‘ylab ko‘r-chi, Anna Karenina aslida bo‘lganmi?
Men indamadim. U yana asta tamaddi qilishda davom qilaverdi. Na u, na men bu borada boshqa gap-so‘z qilmadik. Xijolat bo‘lganim qoldi xolos, lekin ko‘nglim joyiga tushdi. Keyin suhbatimiz mavzuini o‘zgartirdim:
– Vladimir Alekseevich, havo nihoyatda sayrbob, to‘lin oy mana shunday balqib turganda Xivaga borsang… – o‘zimga-o‘zim gapirayotgandek davom qildim. – Ichon qal’ada jimgina odimlasang, odimlayversang…
– Unga nima to‘sqinlik qiladi? – deya so‘radi qo‘llarini sochiqqa arta turib Solouxin.
– Sizni shahardagi mehmonxonaga tashlab ketishga ko‘zim qiymayapti.
– Unday bo‘lsa, meni ham ola keting, – dedi u yana sizsirab.
– Borsangiz nihoyatda yaxshi, esingizda bir umr qolarli ish bo‘lar edi-da.
– Ketdik. – dedi.
Biz mezbonlarga quyuq tashakkur aytib, shu yerning o‘zidan Xivaga jo‘nadik.

* * *

Vladimir Solouxin bilan kech soat o‘nlardan oshganda Ichon qal’a oldiga keldik. Osmon tiniq, oydin. Otadarvoza berk ekan, qiyalab ochdim. Oy nuri tushmayotganidan kiraverishdagi ikki tomoni darvozali katta dahliz qorong‘ida andak vahimali ko‘rinadi. Ichkaridagi darvozani ham odam sig‘adigancha ochib, ichkariladik. To‘lin oy bir joyda to‘xtab, xayol og‘ushida bu ko‘hna zaminga boqayotgandek taassurot qoldiradi. Hammayoq nurafshon. Jimjitlik. Biron odam qorasi ko‘rinmaydi. Vaholanki, Ichon qal’ada odamlar istiqomat qiladi, to‘y-hashamlar bo‘ladi. Lekin bugun “jing” etgan sas yo‘q. Biror og‘iz gap ortiqcha. Vladimir Alekseevich jahongashta odam bo‘lganidan faqat “da-a” deya Ko‘k kalta minorga hayratlanib boqdi. Minoraning naqshlari oy nurida yanada ko‘kishroq tuslanib, tarix ichkarisiga tortqilaydi.
Yurib borayapmiz, qadamlarimiz “to‘qqildi”siyam qandaydir sirli eshitiladi. Madaminxon madrasasi, Ko‘k kalta minor yonidan o‘tayotib, Madaminxonning fojiali o‘limi bilan bog‘liq tarixni batafsil gapirib berdim. Va so‘zimning oxirida:
– 1855 yili Saraxs degan joydagi savashda Xiva xoni Muhammad Aminxonning qatl etilishi boisdan bitmay, qurilishi chala qolgan minora bu. “Ko‘k kalta minor” nomi bilan tarixga kirgan, – dedim.
– Ikki og‘iz bilan tushuniladigan emas bu tarix. Chamamda uni yaxshi o‘rganib, qog‘ozga tushirish kerak. Bu juda katta ish bo‘ladi, – dedi Solouxin.
– To‘g‘ri aytdingiz, Pyatigorskdan Kislovodskka borishda, qattiq yog‘ayotgan yomg‘irdan saqlanish uchun Lermontov yo‘l bo‘yidagi bir chaylada ikki soatlar chamasi to‘xtab o‘tgan ekan. Kavkaz sanatoriylarida, dam olish maskanlarida davolanayotgan, hordiq chiqarayotgan odamlarni ana shu chaylaga olib kelishadi. Men ham bir safar ana shunday sayyohlar orasida bo‘lganim uchun gapiryapman. O‘sha uy va ulug‘ shoir ijodi va hayoti to‘g‘risida tushuntiruvchilar maroq bilan shunday chiroyli gapirishadiki, uy yodingda mo‘jizaviy maskan bo‘lib muhrlanib qoladi.
– Siz ham menga gapirib berayotganingizdek, yozuvchining, shoirning to‘xtab o‘tgan emas, istiqomat qilgan uyi haqida yozing. Nazarimda, shunday qilinsa, ham tarix, ham ijodkorning ruhi shod bo‘ladi.
Solouxinning undovi ko‘p yillardan buyon ko‘nglimga tugib qo‘ygan ijodiy istakni uyg‘otib yubordi. Ziyoratga kelgan har bir ziyoratchiga manzirat ko‘rsatib, o‘tmishdan xotira bo‘lmish tarixiy sahifalarini ochayotgan va benazir ma’naviy boyligidan bahramand etayotgan tilsimiy qal’a va unda yashab o‘tgan mashhur siymolar borasida, alohida-alohida risolalar raqam etilishi nechog‘liq sharafli ish ekanini ayni shu damda yanada teranroq his etdim.
Chap tomonimizda Ko‘hna Ark. Oqshom chog‘idagi uning haybati, shukuhi boshqacha taassurot qoldiradi. Ko‘hna Ark maydoniga qaytishimizda kirarmiz degan fikr bilan o‘n-o‘n besh qadamcha o‘tib, o‘ng tomonimizdagi uy oldida to‘xtadik.
– Mana shu uyda ulug‘ shoir, O‘rta Osiyoda birinchi notani kashf qilgan olim, davlat arbobi Komil Xorazmiy yashagan.
Vladimir Alekseevich uyning tomigacha mehr bilan nazar soldi.
– Notalari saqlanganmi? – deb so‘radi.
– Ha, Xorazm olti yarim maqomini, “Xorazm tanbur chizig‘i” deb nomlangan kitobni boshlab bergan, keyin o‘g‘li Rasul mirzo va shogirdlari davom ettirishgan. Xattotlar tomonidan bir necha nusxada ko‘chirilgan…
Shuning bilan to Juma masjidigacha jim ketdik. Solouxin ham o‘z xayollari bilan band bo‘ldi chog‘i, biror savol bermadi. Men “Tanbur chizig‘i” kashfiyoti bilan andarmon bo‘lgancha, “Xiva xonishlari” she’rimni o‘yimdan o‘tkardim.

Oydin oqshom…
Horg‘in xayollarga cho‘mgancha mudrar,
Ichon qal’adagi gumbazlar qator.
Bu ko‘hna tarixning qa’riga sudrar,
Moviy Kalta minor, huv, Xo‘ja minor.

“Chapandoz” avjlanib tun bag‘rin tilar,
Xayollarim to‘zg‘itib der: “oh”ingdurman”.
Hofizning dard to‘lug‘ nolasi kelar:
“Pajmurda bo‘lg‘on Ogahiydurman!”

Kuy tinglab qarayman minoralaru
Pahlavon Mahmudning maqbarasiga.
Kuylar yetaklaydi avjlangan sari,
Tarixning ichkari ichkarisiga…

X asrda qurilgan Juma masjidi yonidan o‘tib, Karvonsaroy oldi bilan Islom Xo‘ja minorasi oldiga keldik. Minora poyida turib, ro‘paradagi Islom Xo‘ja qurdirgan rus-tuzem maktabi haqida gapirishib turganimizda, Minoraning kun botish tarafidan yoqimli qiroat sasi eshitila boshladi. Biz darhol ovoz chiqqan tarafga qarab yurdik. Pahlavon Mahmud maqbarasi tomon burilishdagi uyda kimdir baland ovozda tilovat qilyapti. O‘sha davr din-u dindorlarga nisbatan o‘tkazilayotgan tazyiqqa ko‘ra, bu mutlaqo to‘g‘ri kelmaydigan voqea edi. Qabristonlarga borish, janoza o‘qitishlar ma’n qilingan bir vaqtda baland ovoz bilan Qur’on tilovat qilish jasorat edi. Lekin sokin, oydin oqshomda chiroyli qiroat bilan o‘qilayotgan oyatlar shu qadar sehrli ediki, beixtiyor qiroat egasini ko‘rgimiz keldi. Eshik qiya ochiq, chiroq nurlari qiyalab ko‘chaga mo‘ralar edi.
Vladimir Alekseevich, hayajonini bosolmay, uyga ishora qilib:
– Kirsak bo‘larmikan? – deya asta so‘radi.
Men eshikni sal kattaroq ochib, ichkariga razm soldim. Pastak ayvonchada, bejirim oq soqoli o‘ziga yarashgan keksa odam bu dunyo g‘alla-g‘ashliklariga beparvo, ilohiy bir jazba bilan tilovat qilayapti. Tasavvuf tarixidan ma’lumki, jazba – bu insondagi alohida ilohiysevarlik maylidir. Yana ham chuqurroq ichkarilasak, jazba – bandalarning Haqqa intilishi, irodani ilohga bog‘laydigan dard.
Nima bo‘lgandayam eshik ochildi. Uzun-qisqa bo‘lib ichkariga kirdik va supa chetiga o‘tirdik. Qariya bizni yo ilg‘amadi, yo hayiqmadi, ovozini bir chimdim ham pasaytmay, qaytanga ovozini sal balandlatdi. Va nihoyat tilovati so‘nggidagi fotihaga men ham qo‘shildim. Qariya xushlamaygina boshini biz tomon burdi. Bildikki, kirganimiz yoqmadi. Ertagayoq biz uni qamatadigandek taassurot bilan qahrli nazar tashladi. O‘rnimdan turib, salom berdim. Astagina “Vaalaykum” dedi.
– Kechirasiz, Moskvadan kelgan mehmon bilan Ichon qal’ani aylanib yurgan edik, chiroyli tilovatingizni eshitib, kirishga jur’at etdik. Yana bir bor uzr.
– Ha, hozir Moskvadan kelgan tergovchilar ko‘p odamlarni qamayotgan ekan…
Tanim “dirr” etdi. Shu kunlarda Moskvadan kelgan Gdlyan va Ivanovlar boshliq tergovchilar guruhi yurtga katta vahima solishayotgan, mening ustimda ham qora bulutlar quyuqlashib qolgan edi. Biroq, tanim qaltiraganini sezdirmay, muloyim ohang bilan qariyaning so‘zini bo‘ldim.
– Yo‘q, ota, bu kishi tergovchi emas, katta shoir… Vladimir Solouxin.
– Hm-m…
– Bu kishi dunyoning ko‘pgina mamlakatlarida bo‘lgan, boshqa dinlar tarixini ham yaxshi biladi… Men shogird shoirman. Ismim Komil, Komil Avaz… Sizning ismingiz nima?
U ancha jim o‘tirib, keyin boshini sal yuqori balandladi.
– So‘vir…
– Ismlari Sovur, Sobir ota, – deya tushuntirdim Solouxinga.
– Xorosho, – dedi, lekin o‘ng‘aysizligini yashirolmadi.
Sobir ota o‘rnidan turmoqchidek qo‘zg‘alib, uy ichkarisiga olib kiruvchi yon tomondagi eshikka nigoh tashladi. Biroq o‘zining bu harakatini adabsizlikka yo‘ydi shekilli, o‘rnashibroq o‘tirdi, lekin sovuqroq ohangda so‘radi:
– Unga nima kerak ekan?
– Hech nima. Faqat hayratini yashirolmayapti.
– Hech nimadan qaypinmay, baland ovoz bilan o‘qiyotganimdanmi?
Solouxin xuddi bizning suhbatimizni tushunayotgandek, ichkin bir mehr bilan mendan so‘radi:
– Qariya so‘fiymi?
Shoirning savolini tarjima qilishimga chidami yetmay, ota o‘ziga-o‘zi gapirganday, menga qaradi.
– Bu kishim so‘fiy dedimi? Nima, u so‘fiylar haqida bilarmikan?
Men otaning yuz-ko‘zlaridagi ravshanlikdan vaqtim xush bo‘lib, o‘zgacha mehr bilan tarjima qildim. Solouxin endi islom va so‘fiylar haqida ikki og‘iz fikr tashladi. Uning tarjimasi shunday: “Bir qator olimlar so‘fiylikni islom bilan bog‘laydilar, lekin boshqa bir olimlar Odam Atoning farzandi, Shisni ilk so‘fiy deb atashadi”.
Shis payg‘ambarning nomini o‘ris kishidan eshitgan odamning holatini shu suhbatda qatnashmaganga bir so‘z bilan tushuntirib bo‘lmaydi. Otaning bu botiniy jazbasi Solouxinga ham o‘tdi chog‘i, endi u to‘g‘ridan-to‘g‘ri otaga (xuddi u rus tilini yaxshi biladigandek) qarab so‘zlay boshladi.
– So‘fizmda turli yo‘nalishlar – oqilona, orifona, oshiqona oqimlar bo‘lganidek, so‘fiylar ham turli qarashlardagi har xil tabiatli insonlar bo‘lishgan, ya’ni zohidlar, oriflar, oshiqlar, devonalar, qalandarlar, donishmand faylasuflar.
Bu gapda ko‘p so‘zlar mutlaqo tushuniksiz bo‘lgani uchun ota menga xayrixohona tarzda yuzlandi. Men shoirning so‘zlarini borlig‘icha tarjima qildim. Otaning ahvoli endi ancha ravonlashdi va ichkariga ovoz berdi. Nevarasimi, o‘g‘limi non, choy ko‘tarib chiqdi. Ota qalbidagi xazinani kimga ochishini bilmay o‘tirgan saxovatli boydek, xushhollik ila tilga kirdi:
– Tashakkur, Komiljon, yaxshi insonni xonadonimizga olib kirib, meni bag‘oyat sevintirdingiz, boshim osmonga yetdi. Birov bilan suhbatlashmaguncha, uning kimligini bilish qiyin, Ollohning o‘zi kechirsin, – o‘rtaga xushmavzun jimlik cho‘kdi. Ota endi dil javharlarini bir-bir to‘ka boshladi. – Xudoga ming qatla shukr, imonim but, e’tiqodimga mustahkam yashadim. Bu yog‘ida Ollohim adashtirmagay. Bir boshga bir o‘lim barhaq, lekin hozirgi tutimda bejanoza ketishimdan qo‘rqaman… Men bu kishi aytganlaridek so‘fiy emasman. So‘fiylik tariqati og‘ir. Undan og‘ishmay yashash uchun piri komil murshidlar barhayot bo‘lmoqliklari kerak. Lekin ularni bolshavoylar yo‘q qilib yubordilar. Ular ko‘targan qatag‘on qilichi bugungi kungacha ustimizda yarqirab turibdi. Men allaqachon o‘lgan odamman. Huv o‘ttiz yettinchi yilning qatag‘onida, nufuzli eshonlar avlodi – padari buzrukvorimdan hamda bilimlar koni ustozimdan ayrilgan kunimdan beri ularning ruhi bilan yashayman… – sal tin olib, Pahlavon Mahmudning bir to‘rtligini o‘qidi:

Beilmu amal ravzai rizvon bo‘lmas,
Ro‘za, namoz bo‘lmasa, imon bo‘lmas.
O‘tmakka iloj topsa-da qil ko‘prikdan,
Kimki dilozor, musulmon bo‘lmas.
U yonidagi oq qiyiqqa namlangan ko‘zlarini artdi. Solouxin ko‘pni ko‘rgan donishmand odam-da, indamay otaga hamdardlik bildirgancha boshini quyi egib o‘tiribdi. Nazarimda o‘rnimizdan qo‘zg‘alishimiz kerakdek tuyuldi. Xorazmcha talaffuzda otaga murojaat etdim:
– So‘vir ota, bir potiya qiling…
Ota ilk qadam qo‘yib kirganimizdagiday lojaram ahvolda emas, balki horg‘inliklaridan forig‘ bo‘lgan, umrining oxirigacha biror kimsadan dakki eshitmaydigan, ozod ruhi bilan boshini baland ko‘tarib yashashga ishtiyoqli alfozda:
– O‘tiribsizlar-da, Komiljon. Mehmoningiz birgina Shis alayhissalomni tiliga oldiki, ko‘p o‘qimishli, adabli, madaniyatli odam ekan, barakat topsin.
Shu payt ichkaridan choy-non olib chiqqan yigit patnisda uch kosa mastava ko‘tarib chiqdi. Ota yanada ochilishib:
– Barakallo, o‘g‘lim, kam bo‘lmang, – dedi.
Xullas, mastavani ichish davomida suhbati jononni davom qildirib, otanikidan chiqqanimizda soat tungi o‘n ikkilarga yaqinlashib qolgan edi. Sherg‘ozixon madrasasi haqida bilganlarimni so‘zlab, o‘ng tomonimizdagi bir umr yelkasi yerga tegmagan mashhur pahlavon, falsafiy she’rlar yaratib, o‘zbek adabiyotiga bebaho mulk qoldirgan Pahlavon Mahmud maqbarasi oldida bir lahza sukut saqlab, ushbu to‘rtligini o‘qidim-da, tarjimasini ruschalab aytib berdim.

Umrning ma’nisi ne, menga de, – dedim,
Yo sha’m, yo chaqmoq, yoki parvona, – dedi.
Dunyoga umid bog‘lasa kimki ne, – dedim,
Yo mast, yo ahmoq, yoki devona, – dedi.

Shuning bilan qadimiy tosh yo‘lak bo‘ylab tepaga, Rasul Mirzoning uyi oldiga keldik.
– Mana bu uy Komil Xorazmiyning o‘g‘li Rasul Mirzo yashagan xonadon. Rasul Mirzo ham katta shoir, mohir sozanda. Ichon qal’aga ilk qadam qo‘yib, Ko‘k Kalta minor yonidan o‘tgach, Komil Xorazmiy xonadoni oldida aytganimdek, dadasi boshlagan “Tanbur chizig‘i” asosida Xorazm olti yarim maqomlarini notalashtirgan zukko musiqiy olim.
So‘ng shu yerdan o‘ngga burilib, Komil Xorazmiyning uy-muzeyi oldida oyoq ildik.
– Vladimir Alekseevich, mana bu xonaqoh, Komil Xorazmiyning uy-muzeyi. Bu allomai zamon shoirning davlat arbobligi haqida ikki og‘iz gapirmasam bo‘lmaydi. Siz yaxshi bilasiz, 1873 yilning 12 avgustida Rossiya davlati bilan Xiva muzofoti o‘rtasida kirish so‘zi bilan 18 bobdan iborat Gandimyon sulh shartnomasi imzolanadi. Shartnoma podsho hukumati nomidan fon Kaufman va Xiva xoni Sayyid Muhammad Rahimxon imzosi bilan tasdiqlandi. Shartnomani oqqa ko‘chirgan inson Komil Xorazmiydir.
Kaufman uni xon Feruzga maqtagan va vazirlik vazifasiga tavsiya qilib, jumladan shunday degan: “Mirzaboshi ruschaga ham ixlosli ekanki, tili anchagina kelishib qoldi. Hozirda uni tilmochsiz tushunsa bo‘ladi. Bu judayam yaxshi. Shu boisdan u kishi bizga ma’qul bo‘ldi. Qolaversa, qayinotangiz ekan. O‘ylaymanki, sizga ham vazirlik vazifasida sodiqlik bilan xizmat qiladi. Bizning u kishi to‘g‘risida to‘xtalishimiz bejiz emas. Arkoni davlatda shunday sadoqatli, ishbilarmon kishilar bor ekan, bundan bu yoniga Xiva bilan Rossiya o‘rtasida siyosiy kelishmovchilik chiqmaydi deb o‘ylayman. Qolaversa, xon janoblari, Rossiya davlatining, ayniqsa imperator janobi oliylari Aleksandr II ning hali so‘zimda aytganimdek, sizdan umidi katta. Bu yerlarni obod etishda, savdo-sotiq ishlarini yuqori do‘stona darajada amalga oshirishda, madaniyat va maorif sohasida, rus tiliga moslashgan maktab­lar ochishga, malakali muallimlar bilan ta’minlashga sa’y qilurmiz. Istardikki, ko‘p ham paysalga solmay, biz rahbariyat bilan qisman kelishib oldik, yangi vaziringiz Pahlavonniyoz Komil rahbarligida bir guruh xodimlaringizni delegatsiya qilib Sankt-Peterburgga jo‘natsangiz, ishlaringiz tez rivojlanib ketadi”.
Xon Feruz o‘z navbatida generalga shunday degan: “Yangi devonbegini dilalg‘iyosg‘a bosh qilib oyoqlantirgaymiz”.
Fon Kaufman xonning delegatsiya so‘zini tushunmay buzib aytsa-da, yangilikka, qolaversa, rus tilini o‘rganishga rag‘bat qildi, deb o‘ylabmi, miyig‘ida kulimsiraydi. Xon uning kinoyaomuz kulimsiraganini bee’tibor qoldiradi. Chunki, xon delegatsiya so‘zini atay buzib, forsiydagi dilalg‘iyosga (dil dodiga) mengzagan edi. Axir, davlatlar aro elchilar tayin etmoq, arkoni davlat a’zolarini o‘zga mamlakatlarga jo‘natib, boshqa davlatlarning rasmiy mehmonlarini kutib olmoq ishlarini atoi-boboi ajdod hukmdorlar ham ne-ne asrlardan beri yuqori darajada ado etganlar, bu borada Xiva xoniga ko‘rsatmaning keragi yo‘q, ammo bu mahmadona general Xorazm tarixidagi qadim an’analarni yo bilmagan, yo atay mensimagan edi.
Pahlavonniyoz Komil delegatsiyaga rahbar bo‘lib, 1874 yil Sankt-Peterburgga tashrif buyurgan. Imperator Aleksandr II huzuridagi qabuldan keyin ularning sharafiga uyushtirilgan ziyofat vaqtida Pahlavonniyoz Komil ham tanbur, ham g‘ijjakda Xorazm maqomlaridan bir-ikki kuyni badastur ijro etgan. Imperator boshliq mezbonlar uning ijrosidan nihoyatda hayratlanishgan. Imperator Pahlavonniyoz Komildan Feruzning zabardast shoirligini, musiqaga havasmandligini, musiqa asboblarida yaxshigina kuylar ijro qilishini eshitib, xonga o‘zgacha mehr bilan munosabat bildiradi va shu bazm chog‘i sozu nota tarixi bois gap-so‘z bo‘layotganidan o‘tirganlarni hayratga solish uchunmi, yo birdan saxovatpeshaligi tutibmi, unga eman daraxtidan ishlangan pianinoni hadya qiladi. Komil Xorazmiy imperator sovg‘asi – pianinoni Peterburgdan olib kelgan. Hozirda u shu yerda, shoirning uy-muzeyida saqlanmoqda”.
Shundan keyin xon Feruz madrasasi, Ko‘hna Ark maydoni sahni bilan asta odimlab ketdik. Shu jimlik asnosida Xivada 47 yildan ziyod xonlik taxtida o‘tirgan ulkan davlat arbobi, Xorazm adabiy muhiti rivojiga beqiyos katta hissa qo‘shgan, ayniqsa hazrat Navoiy ijodini katta targ‘ibotchisi (1876 yilda Xivada barpo qilingan toshbosmada Alisher Navoiyning “Xamsa”si va “Chor devoni”ni bosmadan chiqishiga rahnamolik qilgan) zabardast shoir, mohir sozanda Muhammad Rahimxon soniy – Feruz siymosi oldida bosh egdik.
Kechasi soat o‘n ikkilardan o‘tganda Ichon qal’adan chiqib, Otadarvoza oldida bir fursat to‘xtadik. Vladimir Alekseevich qal’a tomonga o‘girilib, asta darvoza yuqorilab boshini ko‘tardi va yaqinginadagi katta-katta yulduzlarga qarab turdi-da, men tomonga qiyo boqib:
– Shuncha tarixiy voqealar, tarixiy shaxslarni kuyinchaklik, yukinish mehri bilan gapirib berdingiz… Nima qilasiz paxta zavodida ishlab, tashlasangiz-da, tarixiy asarlar yozish bilan shug‘ullansangiz bo‘lmaydimi? – dedi va mening javobimni ham kutmay so‘zida davom qildi. – Rus tilida chiqqan kitobingizni (“Xivinskiye napevы”) o‘qidim, yaxshigina qalamingiz bor ekan. Sizning o‘rningizda bo‘lganimda va sizchalik tarixiy materiallar bilan ishlash, yozish imkoniyatim bo‘lganida, o‘zingizni fido qilayotgan zavodda bir daqiqa ham ishlamasdim. Yana o‘zingiz bilasiz…
– Vladimir Alekseevich, men sizga qanday qilib aytishni bilmay yurgan edim. Meni shundaylikcha zavod direktorligidan bo‘shatib yubormaydilar. Viloyatda ikkita zavodda qariyb o‘n besh yildan ziyodroq davr direktorlik qilyapman, to‘rt yilcha viloyat xloptrestida bosh muhandis bo‘lib ishladim. Hozir bizning respublikamizda “Paxta ishi” deb nomlangan qatag‘on boshlandi. Yaxshi rahbarlar safida meni yo qamashadi, yo balandroq vazifaga o‘tkazishadi. Lekin men iloji bo‘lsa, bu ishlardan voz kechib, Moskvada Oliy adabiyot kursida o‘qigim bor. Bu orzuim necha yildan beri armon bo‘lib kelyapti. Viloyatimizning bosh rahbariga aytsam, zavod, ishchilar hayotidan kitob yozib yuravering, nafaqaga chiqqaningizda, vaqt ham, mavzu ham ko‘p bo‘ladi deya, yumshoqqina qilib, rad javobini berdi. Agar siz, Vladimir Alekseevich, meni Moskvaga Oliy adabiyot kursiga kirishimga yordam bersangiz, bir umr sizdan shod bo‘lar edim.
– I-e, unga qanday yordam kerak?
– Avvalo, kursga qabul qilish yoshi chegaralangan ekan, ya’ni qirq yoshgacha olisharkan. Mening yoshim hozir qirq ikkida. Ikkinchidan, tavsiyanoma kerak. Yozuvchilar uyushmasi aralashuvi kerak bo‘lar deb o‘ylayman.
– Mayli, agar shunday orzuingiz, o‘qish havasingiz bo‘lsa, men Moskvaga borgach, shug‘ullanib ko‘ray-chi. Sizni qabul qilishlari lozim va zarur deb o‘ylayman.
– Rahmat, tashakkur, Vladimir Aleseevich.
Shu gapdan keyin mashinaga o‘tirib, Urganchga yo‘l oldik. Lahzalarda o‘tib ketgan shu ikki soatdan ortiq vaqt, Ichon qal’adagi sayru suhbatimiz bir umrga tatigulik tarix bo‘lib qoldi, chamamda.
Vladimir Solouxin ko‘p kutdirmay javob xati yo‘lladi.
“Komil Avazga! (xat rus tilida yozilgan)
Qadrli Komil!
Biz yaxshi uchib keldik. Moskvaga qaytib kelishim bilanoq, bizga ko‘rsatilgan xush iltifotlar va mehmondorchiliklar uchun Sizga yana bir karra dil izhorimni yo‘llayman.
VLK (Oliy adabiyot kursi) bo‘yicha, men obdan surishtirdim. Shu yilning aprel oyidan qabul e’lon qilinar ekan. Haqiqatan yosh chegaralangan – qirq ekan. Lekin Siz bemalol hujjatlaringizni to‘g‘rilayverishingiz mumkin, keyinchalik, zarur vaqtda rektor oldiga o‘taman. Masala hal bo‘ladi deb o‘ylayman.
Erkinga (Erkin Samandar) chin yurakdan tashakkurim va ulkan salom.

Salom bilan V.Solouxin
Moskva, 5 yanvar, 1985 yil”.

Vladimir Solouxinning ushbu xatidan boshim osmonga yetdi. Lekin bir oydan keyin, aniqrog‘i, 1985 yilning 12 fevralida meni Moskvaga chaqirishdi, SSSR prokuraturasining maxsus ishlar bo‘yicha katta tergovchisi Maydanyuk meni hibsga oldi va Butirka turmasiga jo‘natdi. Moskvada hatto Vladimir Solouxin bilan qo‘ng‘iroqlashishga ham fursat bo‘lmadi. Ana shunday vahimali, alg‘ov-dalg‘ovli davr bois, Oliy adabiyot kursida tahsil olish qalbimda armon bo‘lib qoldi…
Hibsdan uch yil o‘tgachgina ozod etilganimdan keyin Vladimir Solouxin bilan qo‘ng‘iroqlashganimizda, u mening Oliy adabiyot kursiga kelmaganimga hayron bo‘lganini, asl sababini esa, og‘am Erkin Samandardan eshitganini aytdi. “Paxta ishi” deb nomlashgan bu kampaniyalari butun bir millatga otilgan toshdan boshqa narsa emas, Komil. Bu kulfat sizni ham chetlab o‘tmabdi. Hamdardligimni qabul qiling, do‘stim, – dedi u. – Qirq besh yosh Oliy adabiyot kursi uchun kattalik qilar, lekin ijod uchun ayni avj palla. Yozing, do‘stim, vaqtni boy bermang!”
Ming afsuskim, Vladimir Alekseevich bilan boshqa uchrasholmadik, men Mos­kvaga borganlarimda u chet el safarlarida bo‘lardi. Keyin vafot etganini eshitib, eng yaqin odamimdan ayrilgandek, qattiq ezildim. Yaxshiyamki, menga tuhfa qilgan kitoblari bor.
…“Quduq” she’rini ilk bor eshitgan paytimdan beri ellik yildan ziyodroq vaqt o‘tibdi. Nihoyat, shoirning shu she’rini tarjima qildim. Xudo umr bersa, “Hukm” qissasini ham o‘zbekchaga o‘giraman. Iloho, shoirning ruhi bizdan shod bo‘lg‘ay.

Єuduє

Tub-tubiga tosh yotqizilgan.
Bu quduq ko‘p qadim qazilgan.
Kesik yog‘och g‘o‘lalar bilan
Teng yonlari mahkamlanilgan.
Etti ko‘chat chuqurligida,
Ko‘rinadi toshlar tubida
Sayoz lekin, qop-qora uyuq,
Go‘yoki, suv yelimdek quyuq.
Paqir tashlab, entikdim birpas…
Suv shovuri, huv, elas-elas.
Jimirlaydi paqirdan osha,
Billur shisha kabi top-toza.
Zilol suvdan qondi chanqog‘im,
Ravshanlandi ko‘zim-qarog‘im.
Atrof jonib, quyosh, giyohlar,
Chashma obin birga icharlar.
O‘ylab qoldim, bu haqir ko‘nglim
Keng emasdir unchalik, balkim.
Himmat otin minsammikan yo,
Torga tordir, kengga keng dunyo!
Suv ulashib, topsammi sharaf,
Yo qulf urib, qilmasam-chi, sarf.
U qorong‘i tubdan shabnamni,
Olsammikan tomchi-tomchilab.
So‘ng beraymi xasislik ila,
Ozroq she’rga, ozroq sevgiga.
Bu mash’um sir meni ko‘p zamon
Xavf-xatardan asragay omon.
Tub-tubiga tosh yotqizilgan.
Bu quduq ko‘p qadim qazilgan.
Yon g‘o‘lalar to‘kilgan chirib,
Yopishqoq loy bo‘ylatgan irib.
Qichitqi o‘t bosgan atrofin,
O‘rgimchak ham to‘rlagan og‘zin.
O‘rgimchakning buzib oshyonin,
Ofiyatin qo‘zg‘ab har yonin.
Sassiq o‘tlar ustidan paqir,
Tashladim-u, so‘ng tortdim, og‘ir…
E, voh, anqib, achchiq badbo‘y is.
O‘rtadi yuragim, ajib, g‘amli his.
Men bilganmas, bu suv notanish…
O‘tdi shu payt keksa bir donish.
– Nega quduq to‘zgan, chirigan?
– Turib qolgan, shundan aynigan,
Nega chirimasin, o‘ylab ko‘r,
Shaffof edi, tubi ko‘p chuqur,
Ne bo‘ldi-yu, mana necha yil,
Xalqda yo‘qdir bu suvga mayl.
Mehr suvin ulashib xalqqa,
Ezgulikdan tizgandi halqa.
Go‘yo unutdimi odamlar
Quduq tomon yetmas qadamlar.
Shundan suvi salqigan uning,
Arosatdir kuni quduqning…
– Men tushundim, mangu haqdir bu,
Buyuk hayot qonuni ham shu:
Ezgulikni ulashsang elga,
Abad tirik, azizsan elda.
Keng ham nurli bo‘lsa quchog‘ing,
Mayli, katta emas, bulog‘ing –
Boshidasan, pand senga ming bor,
Xalq oldiga qulf urma zinhor.
Mehr suvin ko‘rmagin malol,
Ko‘p chuqurroq botirib, suv ol.
Uzaysin xo‘p umring ko‘p, illo,
Lek, qilma o‘zingdan mosuvo –
Ilhom, sevging topmasin zavol.
Lek chuqurroq botirib suv ol.

“Sharq yulduzi”, 2017 yil, 7-son