Jamila Ergasheva. Yopiq derazalar (qissa)

Gul deganing nima sening?
Uch-to‘rt tikon, biroz yaproq,
Nedur sen sevgan bu hayot?
Uch-to‘rt nafas, so‘ngra tuproq…
Jaloliddin Rumiy

Ilyos onam yana ming yil yashaydi, butunlay ish topmay bekor qolgan kunim yo‘qlab borarman, deb yurganmidi, xizmat safaridan qaytib eshitgan xabardan ko‘z oldi qorong‘ulashib ketdi, kutilmaganda boshiga osmon qulab tushgandek bo‘ldi. Ichida nimadir yondi. Tanglayi qotib, xonasiga o‘tib ketdi. Shu topda na ayolini, na ikki haftadan buyon har kun qo‘ng‘iroq qilib, uni juda sog‘inishganini aytib charchamagan farzandlarini ko‘rishni istamadi. Qo‘lidagi paltosini karavot ustiga tashlab, deraza yoniga o‘tdi. So‘nggi barglarini ham to‘kib bo‘lgan daraxtlarning mahzun holati, osmonning irkit rangi yuragini ezdi, dunyo ko‘ziga tor va biqiq, ko‘chada yurgan odamlarning yuzi sovuq va begona bo‘lib ko‘rindi. Allaqayerlarga bosh olib ketgisi keldi. Dunyoga sig‘may borayotgan edi. Ammo qayerga boradi?! Bemalol borishi mumkin bo‘lgan bittagina ostona bor edi, bu ham ota uyining ostonasi. Bu ostonadan zarda bilan chiqib ketganiga o‘n uch yil bo‘ldi. O‘n uch yil!.. Beshafqat shahar­ning talato‘p ko‘chalarida diydirab yurib, har safar boshi devorga urilgan damda shu ostonani, o‘sha qadrdon uyni, unda yolg‘iz qolgan mushfiq onasini esladi. Dunyodagi hech bir koshona o‘sha uydek ko‘ngliga osoyishtalik, hech kim onasidek betama mehr bera olmasligini bildi. Har safar boshiga tushgan muammolari hal bo‘lgandan so‘ng birinchi qiladigan ishi – onasini yo‘qlash ekanligini o‘ziga uqtirardi. Ammo har safar boshidagi qorlar kuralib, hayoti izga tushib ketgach, o‘ziga bergan va’dasi­ni unutardi: «Eh, anov ish, manov ishni bir yoqli qilib olay… O‘zi bir mavridi kep qoladi, o‘shanda boraman», derdi. Doim ko‘ngli to‘q edi: «Onam meni tushunadi, ishim ko‘p, ilojsizman, onam hamisha kechirgan, yana kechiraveradi», der edi.
Mana, zap mavridi keldi. Endi bormasa bo‘lmaydi. Ammo qaysi yuz bilan, qanday qilib boradi? So‘nggi daqiqalarda boshida bo‘la olmagan, so‘nggi manzilga kuzatib, qabriga bir hovuch tuproq tashlay olmagan olim o‘g‘il!..
Shu kecha u sira uxlay olmadi. Oxirgi marta, ko‘chib ketishayotganda darvoza oldidagi shotutga suyanib qolgan onasi ko‘z oldidan ketmadi. Nonushta payti qarorini aytdi: «Men bolalar bilan qishloqqa ketaman». Ayolining rangi uchdi: «Menchi?», «Sen keyinroq, bir to‘g‘ri kelganda o‘zing borarsan». «Nega unday deyapsiz? Qishloqdagilar nima deydi, axir? Bolalar keyin borsa ham bo‘laveradiku», jig‘illadi ayol. «Yo‘q, men bolalar bilan ketaman», kesib gapirdi u. «Onam seni nima qiladi? Xo‘jako‘rsinga to‘kiladigan ko‘z yoshlaring, hamdardliging kimga kerak? Nabiralari ziyoratiga borsa, onaginamning ruhi shod bo‘ladi. Men gumroh, hech bo‘lmasa, shuni qilay! O‘zimdan, sendan, sening orzu-havas­laringdan orttirib onam uchun nima qildim, nima qila oldim, axir?» deb ayta olmadi. Aytgisi ham kelmadi.
Shu kayfiyat bilan uzoq yo‘lda mashina boshqara olmasligini bilar edi, bu yog‘i vaqt tig‘iz, allaqachon asosiy ma’rakalar o‘tib ketgan bo‘lsada, negadir tezroq, tezroq borib, onasining qabrini quchoqlab bo‘lsada, o‘kirib-o‘kirib yig‘lagisi kelayotgan edi. To‘g‘ri aeroportga bordi, odam juda ko‘p ekan, bir amallab chipta oldi. Chiqish yo‘lagida uch-to‘rt qishloqdoshini uchratib qoldi. Garchi ular Ilyosga hech narsa deyishmagan bo‘lsada, unga qandaydir achinibmi, nafratlanibmi qarayotganga o‘xshab tuyildi. Xijolat tortib, ular bilan durustroq so‘rashmadi ham, darrov nariroqqa borib turdi. Samolyotdan tushgandan keyin ham ular bilan birga ketishga to‘g‘ri kelmasin, deb birinchi duch kelgan mashinaga o‘tirib jo‘nadi.
Mashinaga o‘tirgach, ko‘nglidagi g‘ubor biroz tarqagandek bo‘ldi. Yutoqib atrofga qaradi, u qanchalar sog‘ingan edi bu yo‘llarni! Biroq sochlari to‘zg‘igan darveshdek havoda besunaqay bir holatda muallaq qotgan daraxtlar, osmonlarga tutashib ketgan yo‘llar, unda yurgan odamlar, biri o‘tib, biri qaytayotgan mashinalar – barcha-barchasi qandaydir begona, butun borliq xira va sovuq rangga burkangan. U atrofga boqib, o‘ziga juda ham ta­nish va qadrdon nimalarnidir izlar, xayolidan shu yo‘llarga bog‘liq xotiralarni titkilar, ammo izlaganini topolmay, hafsalasi pir bo‘lar, hamma narsa unga begonadek xomush va xo‘mrayib qarab turardi.
O‘n uch yil!.. O‘n uch yil ilgari mushtipar onasini katta hovlida yolg‘iz qoldirib, bola-chaqasi bilan shaharga yo‘l olganda ham, ehtimol, butun borliq aynan bugungidan ham sovuqroq, xo‘mrayibroq boqqandir. Ammo o‘shanda u buni his qiladigan holatda emasdi. «Besh kunlik dunyo», degan iborani «Umrning har daqiqasi, atrofingdagi har bir yaqining g‘animat», deb emas, «Dunyoga bir marta kelasan, rohat-farog‘atda yashab qol», deb yakunlashni ma’qul ko‘rardi. U bolalikdan yaxshi yeb-ichib, yaxshi kiyinishni, cho‘ntagida hamisha pul bo‘lishini, yangi do‘stlar orttirishni, sho‘x-shodon davralarda yurishni, sayohatlarni juda yaxshi ko‘rardi. Onasi ham, opasi ham nima topsalar, uning og‘ziga tutar, egniga ilar, qo‘liga berar, uyda uning aytgani aytgan, degani degan, edi. Ammo u odamlardan ham, yashab turgan muhitdan ham juda tez zerikardi. O‘rni kelganda maktabda ishlaydigan onasini ham boshqargisi kelib turar, mudom «Uni kiymang, buni kiymang, bu juda odmi. Sinfdoshlarim ustingizdan kulishlarini istamayman», deb onasining kiyim-boshiga, yurish-turishiga ham aralashaverardi. Ota-onasining kamtarona turmushidan uyalgani uchun uyga hech qachon do‘stlarini olib kelmas, o‘zi qancha qaysar bo‘lsa, shuncha arazkash edi – sal gapga araz urib, yeb o‘tirgan rizqidan ham, qadrdon do‘stidan ham bir lahzada voz kechib ketaverardi. Shuning uchunmi, og‘ir damlarda yon-atrofida suyansa bo‘ladigan biron do‘st topa olmay qolardi. Eng yomoni, u hamisha hamma narsadan norozi bo‘lib yurar, kambag‘al, miskin odamlarga achinib emas, g‘ashi kelib, g‘ijinib qarardi.
Bolaligida otasi bilan maktabda ham, institutda birga o‘qigan «shaharlik amaki»ga havas bilan qarardi. Bu odam institutni bitirgach, shaharda qolib ishlagan, bola-chaqa qilgan, yo‘lini topib, ke­yinroq alohida hovli-joy qilib, ota-onasi, ukalarini ham olib ketgan edi. Xizmat safari bilan viloyatga kelganda, albatta, ularning uyiga ham kirib o‘tar, onasi tayyorlagan oshni yeb o‘tirib, ko‘pincha otasidan gina qilardi: «E-ee-e, Shukurboy, shaharda qolmadingda… Sening bosgan izingga arzimaydigan allakimlar portfel ko‘tarib, professor bo‘li-i-ib, g‘o‘ddayib yuribdi. Sen bo‘lsang!.. G‘azna topgandek shu qishloqqa yopishding-qolding! Shunday iste’doding bilan o‘rta maktabda ishlab yuribsan. Esiz!..» Otasi beozorgina jilmayib bosh irg‘aydi: «Oshna, shaharning noni qattiq, uniyam epla­gan yeydi. U nonlarga bizning tishimiz o‘tmaydi». Mehmon norozi chimiriladi: «Bu nima dega­ning? Mana, yuribmizku ochdan o‘lmasdan. Sen ham och qolmasding». Otasi yana jilmaygan ko‘yi bosh irg‘aydi: «Oshna, sening yo‘rig‘ing bo‘lak. Sen omadli yigitsan. Qandingni ur. Sening bo‘lganing bizning bo‘lganimiz».
Ilyos dasturxonning bir chetida o‘tirib, peshona sochlari butkul to‘kilib ketgan, ovqat ustida ham ko‘zoynagini yechmaydigan qorindor mehmonga qiziqish va havas bilan qarar, otasi «tashlab kelgan» shahardagi hashamatli hayotni ko‘z oldiga keltirar, so‘ng o‘zicha otasidan xafa bo‘lib ketardi: «Shahar­ning noni qattiq emish!..»
Ilyos maktabni bitirib, institutga hujjat topshirish uchun otasi bilan shaharga borishganda, o‘sha jo‘rasining uyida ham bir kecha mehmon bo‘lishdi. Ana uy, mana uy! Naq qasrning o‘zi! Bu uyni ko‘rib, otasidan astoydil xafa bo‘ldi. O‘zlari­ning uyi g‘aribxonalardek befayz va sovuq ko‘rindi. Beixtiyor kambag‘alligidan uyaldi, yelkalarini qisdi. O‘shanda u «shaharlik amaki» bu hashamatlarga bir amaldorning yolg‘izgina qiziga uylanib erish­ganligidan, otasi «Sening yo‘rig‘ing bo‘lak, sen omadli yigitsan», degan so‘zlarida bir chimdim piching ham borligidan u, albatta, bexabar edi.
Qaytishayotganda amaki qayta-qayta ta­yinladi: «Yo‘q bo‘p ketma. Otang seni menga topshirib ketyapti. Istasang, biznikida tur, ko‘p emas, beshtagina qizim bor, beshta shaqildoq, onasi bilan oltita. To‘g‘risi, ular dars qilishingga qo‘yishmaydiyov, shunisi bor. Lekin yotoqxonada tursang ham, har yakshanba kelib, bir ko‘rinib ket».
Ilyos ularning uyiga bormadi. Nima deb, nima uchun borsin? Shaqildoq oypopuklarga tomosha bo‘lish uchunmi? Ammo kun kelib, mana shu katta shaharning o‘rtasidan ularnikidan ham hashamatliroq uyga ega bo‘lishni niyat qildi… Qabul e’lon qilingan kuni tumonat ichida tasodifan «shaharlik amaki»ni ko‘rib qoldi. Uning yonida «shaqildoq»laridan biri nimagadir qoshlarini norozi chimirib, tumtayib turardi. Amaki uni ko‘rib, ko‘rinmay ketganligi uchun biroz tanbeh bergan bo‘ldi, keyin natijani surishtirdi. Uning eng yuqori ball bilan kirganligini eshitib, qo‘lini siqib tabrikladi, so‘ng xomush tortib, «Bizniki esa bo‘lmadi», deb qo‘ydi.
Uni o‘qishga kirgizgan yuqori ball taqdiriga fatvo bo‘lganini o‘shanda bilmagan edi. Uyga borgach, otasi «Amakingning qiziga repititorlik qilasan, ularning uyida yashayversang ham bo‘ladi, ama­king shunday dedi», deb tayinladi. Ilyos haftada uch kun darsdan so‘ng borib, amakining «shaqildog‘i»ga saboq berdi. Bunisi o‘qishga kirgach, keyingi yili yana ikki qiziga repititorlik qildi…
O‘qishni bitirayotgan yili qandaydir yumush bilan viloyatga kelgan amaki otasi bilan onasiga quda bo‘lishni taklif qildi: «Shaharda men bilan quda bo‘laman, degan odamlar juda ko‘p. Shaharning talabi darajasida sarpo-suruq qilish ham qo‘limdan keladi, oshna. Ammo u yerlarda qaynonalarning tutumi juda qattiq. Ikki qiz uzatib, ko‘rib o‘tiribman. Qizlarim ezilib ketdi. Sen so‘rama, men aytmay, oshna. Qaynonalari o‘lmaguncha ularga kun yo‘q. Qaynonalar esa hali yana ming yil yashaydi… Shuuu, uchinchisini sizlar olib qo‘ya qolinglar. Nima deysana? Ilyos juda ajoyib yigit, kiroyi kuyoving bo‘lsa, shunday bo‘lishi kerak. Kamtar-kamsuqum, iqtidorli. Uni hammamiz yaxshi ko‘ramiz».
Ilyos shuncha yildan beri ularning uyiga kirib-chiqib yurgan bo‘lsa ham, bu qizlarga ola qarash emas, ular haqida o‘ylashga ham jur’at qilmagan edi. Butun a’zoyi badanidan olov chiqib ketganday bo‘ldi. O‘rnidan sapchib turib, oldidagi choynakni ko‘targancha, eshikka yo‘naldi. Ammo uzoqroqqa ketish uchun na majoli, va na xohishi yo‘q edi. Ochiq eshik ortida butun vujudi quloqqa aylanib, devorga yelka berdi. Ammo bo‘g‘ziga tiqilgancha, gupillab urayotgan yurak zarblaridan bo‘lak hech qanday sado eshitilmadi. Anchadan so‘ng onasi bir tomoq qirib, gap boshladi: «Endi, aka, bizniki yolg‘iz o‘g‘il, o‘lgunimizcha yonimizda bo‘lishi kerak. Uy-joyimizni ham ko‘rib turibsiz, kamtargina turmushimiz bor. Shaharda yashagan qiz bizning sharoitlarga ko‘nikishi juda qiyin. Bo‘lmasa, sizday odam bilan quda bo‘lishdan qocharmidik?». «E-ee, kelin, sharoitni insonning o‘zi yaratadi. Yaxshi sharoit kerak bo‘lsa, yoshlar­ning o‘zi, mehnatlari bilan yaratib olaverishadi. Mana, biz ham qarab turmaymiz. Yarimta non – huzuri jon, deyishadi. Qaniydi, narigi qizlarim ham shunday oddiygina ziyoli xonadonga kelin bo‘lib tu­shishganda edi!.. E-ee, mening yaramni tirnamang», «Bilmasam, ertaga qizingiz shaharni qo‘msab qiy­nalmasa…», «Bexavotir bo‘ling, siz bilan biz qayerni ma’qul ko‘rsak, shu yerda yashaydi».
Shunday degan odam «shaharga ko‘chish» mashmashasini birinchi bo‘lib o‘zi boshladi: «E-ee, qo­yil-e, na svet, na gaz, na suv bor. Jahannam­ning o‘zi-ey! Voh-voh, yozda terlab, qishda muzlab o‘ladi-e odam. Hammadan ham manavi bolaginalarga ichi achiydi odamning». Bu gaplar oshkor aytila boshlanganda otasi yurak xurujidan vafot etgan, nafaqa yoshiga yetgan bo‘lsa ham ishlab yurgan onasining tobi qochib, uyda o‘tirib qolgan, o‘zlari ikki farzand­li bo‘lgan edi. Onasi bu xil iddaolarni ko‘pincha eshitib, mehmonning yuzidan olmaslik uchunmi, eshitmaganga olar, quda esa ming‘ir-ming‘ir qilib, gapni chuvalataverardi: «Endi-i-i, qudag‘ay, yoshlar – bizning kelajagimiz. Ularga sharoit yaratib berish biz uchun ham qarz, ham farz. Manavi nabiralaringiz ham shaharda o‘ssa, bir alomat odamlar bo‘lib ulg‘ayardi, deymanda».
Bunday iddaolar boshlangan payt otasining do‘ndirib qo‘yishidan ko‘ngli to‘qligidanmi, kelin indamay hovliga chiqib ketardi. Ilyos esa arosatda jig‘ibiyron bo‘lardi. Garchi qaynotasi u bir umr orzu qilgan «jannat»ni targ‘ib qilayotgan bo‘lsa ham, kasalmand onasiga hadeb iddao qilaverishidan nafsoniyati og‘rir, shuning barobarida onasining qaysarlik bilan «kelgan davlatga kesak otib», menga hech qanday shaharning keragi yo‘q, ota-bobom saksovul yoqib, qora chiroqning yorug‘ida yashab o‘tgan, lekin hifzu tilovatda ularning oldiga tusha­digani bo‘lmagan, bizning sharoitimiz ularnikidan ming marta afzal, deb o‘tirishi battar asabini buzar edi. Ona-o‘g‘il andisha qilgani sayin xotinining ming‘ir-sing‘irlari, «uf-uf»lari ko‘payib borar, bu uni qancha bezor qilgan bo‘lsa, onasining diliga shuncha ozor berayotganini ko‘rib, ba’zan ohanrabodek chorlab turgan shahar hayotidan ham, xotinidan ham voz kechib yuborgisi kelar, ammo kundan kunga bo‘y yetib kelayotgan bolalarini o‘ylab, yana nafasini ichiga yutar, yana va yana onasini ayblay boshlardi: «Qaysarki, na qopga keladi, na ipga! Mening qiziqishlarim, mening ko‘nglim onam uchun sira ahamiyatsiz!»
Qaynotasi oxirgi marta kelganda Navro‘z arafasi edi. Kutilmaganda yoqqan qor hammani besarishta qilib qo‘ydi. Butun oila yana g‘ishtin pechli uyga tiqilishdi. Ilgari bu sira ham g‘ayritabiiy tuyulmasdi. Xonaning bir burchida opasi onasi bilan, ikkinchi tomonda esa u otasi bilan yotar, onasi to ular uxlab qolgunlaricha ertaklar aytib berar, ulg‘ayishgandan keyin ham ular pech ustida chovgum bozillab turadigan ertakli qish kechala­rini sog‘inch bilan eslab yurishardi. Bu, tabiiyki, xotiniga sira yoqmadi. Osh-ovqati shu xonada bo‘lsa ham, bolalarni momosi bilan qoldirib, o‘zlari uxlash uchun muzlab yotgan yotoqlariga chiqib ketadigan bo‘lishdi. Quda kelganda bolalar darsdan kelib, endigina ovqatlanib bo‘lishgan, o‘rtada dasturxon, papkalar, ustki kiyimlari xona yuzida yoyilib yotar, shamollab qolgan kelin esa burnini tortib, tinimsiz yo‘talib o‘tirar edi.
Uydagi besarishtalik va kelinining betobligidan onasi sho‘rlik ayb ustida qo‘lga tushgan boladek mulzam bo‘ldi: «Qishning kuni shuda, hammamiz bir xonada uymalashib o‘tkazamiz, qudajon. Uzrda endi. Kelinga ham shu xonada yotaver, deyman. Muzdek xonaga chiqib yotishadi. Keyin shamollab…»
Qaynotasi izzati uchun to‘shalgan yangi ko‘rpaning bir chetiga omonatgina o‘tirib, yuziga fotiha tortdi. Uning kayfiyati yo‘q edi. Onasi bilan bepisandlik bilan xushlamaygina til uchida so‘rashdi. Dasturxon ham yozdirmadi: «Hojati yo‘q. Xizmat safarida edim. Birrovga kirdim. Shoshib turibman», deya qovog‘ini ham ochmadi.
O‘ychan holda yerga biroz tikilib o‘tirib, so‘ng ilkis boshini ko‘tardida, ko‘nglidagi gaplarni shart-shurt aytib tashladi: «Endi-i, qudag‘ay, gap bunday. Bekor turgan bir uyimiz bor. Shuni avval boshdan Ilyosboy bilan qizimizga ataganmiz. Kunlar isigach, shunga ko‘chib o‘tinglar. Istasangiz, bu hovli ham turaversin, birov-yarimni ijaraga qo‘yib qo‘yasizmi, qulflab ketasizmi, u yog‘i o‘zingizga havola. Qishloq­ni sog‘inganda kelib, besh-olti kun dam olib ketaverasiz. Xafa bo‘lmangu, endi bolalarni qiy­nashingizga qarab turolmayman. Ilyosboy juda iqtidorli yigit, shaharda unga ish gapla­shib qo‘yganman, necha yildan beri kutib yotishibdi, ikki yilda olim bo‘ladi. Uni kollejda od­diy o‘qituvchi qilib qo‘yish uvol».
Ilyosning sho‘rlik onasiga juda rahmi keldi, lekin na qaynotasiga va na xotiniga «Bizning shaxsiy hayotimizga aralashmanglar», deb ayta olmadi. Qaynotasining hech qanday xizmat safari bilan kelmagani ham, xotini onasiga arzi-hol qilib, sharoit yo‘qligidan shamollab qolganini aytgani ham, qaynona qo‘yarda-qo‘ymay erini jo‘natgani ham aniq edi. Onasining yuziga qarashga uyaldi. Qaynotasini kuzatgan ko‘yi hovlida qolib ketdi. Havo juda sovuq edi. Birpasda ich-ichidan muzlab ketdi. Shu ahvolda qor bosgan bostirmaning tagida ancha o‘tirdi. A’zoyi badani uvisha boshlagach, hovlidan ham sovuqroq yotoqxonasiga kirdi…
Onasi kechki ovqat mahali go‘yo oradan hech gap o‘tmaganday ularga ochiq chehra bilan izn berdi: «Bolalar yilni tugatib, kitoblarini topshirib olsin. Sizlar ham birvarakayiga ta’til pullaringni olasizlar. «Bir kunga ho‘kiz o‘lmaydi, ikki kunga egasi bermaydi». O‘quv yili tugashiga ikki oygina vaqt qoldi. Shu o‘tsin. Keyin bemalol ko‘chavering­lar». Bu uzil-kesil «Men ko‘chmayman, hovli ham sotilmaydi, o‘zlaring ketaveringlar», degan gap edi. Unga javoban hech kim, hatto nabiralari ham hech narsa demadi.
Ilyos onasidan juda xafa bo‘ldi. Hammasini boshqacha hal qilishning iloji bor edi. Qaynotasi bermoqchi bo‘lgan uyga tiqilmasdan, hovlilarini sotib, o‘zlari uy olishlari, qaynotasining ko‘magisiz ham ishga joylashib, beminnat, beg‘alva, yelka qismasdan yashashlari mumkin edi. Shunday imkoniyat bo‘la turib, onasi… Shundan so‘ng ona-bola «salom va xayr»larni aytmaganda, ta’tilgacha deyarli gaplashishmadi. Ketadigan kunini ham jo‘rttaga onasining derazasi oldida kimningdir qo‘ng‘irog‘iga javob berayotgan kishi bo‘lib, ma’lum qildi: «Haa, oshna, ko‘chib ketyapmiz. Ertaga yuk mashinasi chaqirtirganman. Yuk-yopimizni jo‘na­tib yuborsak, keyingi kun bolalarni olib, o‘zimiz yengil mashina bilan yo‘lga tushamiz».

* * *

Ayni shu daqiqalarda Fotima derazaning bu tomonida nafis pardadan to‘kilayotgan oqish nurga tikilgancha xayol surib yotgandi. O‘g‘lining gapini eshitib, ichiga muzdek ilon kirib olgandek seska­nib, o‘rnidan sapchib turib ketdi. Ilyos telefonga gapira-gapira derazadan nari ketdi…
O‘zi rozi-rizolik bilan, «ta’tilga chiqib oling­lar», deb muddat belgilab qo‘ygan bo‘lsa ham, ko‘nglining qaysidir burchagida Xudoning adolatiga, o‘g‘lining insofiga umid bor edi. «Bir hovliga boyo‘g‘lidek yolg‘iz o‘zimni tashlab keta olmaydi», derdi. Mana, mashina aytibdi, ertaga yuki ketadi, indin o‘zi, bolalari bilan… Lekin endi Fotima qan­day yashaydi? Ertalab ishga ketsa, kechgacha sog‘inib qoladigan bolasini ming chaqirim olis joylarga yuborib qo‘yib, qanday yashaydi?! Nevaralarichi? Ularsiz qanday yashaydi?! Ko‘zlari­dan duvullab yosh quyildi. Bo‘kirib yubormaslik uchun og‘ziga kaftini bosdi. Xonaga nevaralari kirib, yig‘layotganini ko‘rib qolishlaridan cho‘chib, to‘shakni ochib, ichiga kirdi va boshigacha burkanib oldi. Ko‘z yoshlari tugaguncha yig‘ladi. So‘ng o‘ziga kelib olishi uchun boshini ko‘rpadan chiqarib, ancha vaqt tek yotdi. Haa, endi bu yog‘iga taqdirda borini ko‘radi. O‘g‘li, to‘qqiz oy yuragining tubida ko‘tarib, jonidan jon, ko‘ksidan sut bergan o‘g‘li onasining ko‘nglidan shahar hayotini afzal ko‘rdi. Na iloj!..
U o‘rnidan turib, ko‘chalik kiyimlarini kiydi. Hovliga chiqib, oshxonada kuymalanib yotgan keliniga «Bir dugonamning to‘yi bor edi. Maslahatli gaplari bor ekan, shunga chaqiryapti. Kelmasam, xavotirlanmanglar», dedi. Kelin oshxona eshigidan mo‘ra­lab, «Yaxshi borib keling», deganida, u allaqachon darvozaga yetay deb qolgan edi. Kelinga yig‘idan qizargan ko‘zlarini ko‘rsatgisi kelmadi.
Bozor juda gavjum edi. Hamma qayoqqadir shoshgan, katta darvoza kirib-chiqayotgan odamlaru po‘sh-po‘shlagan aravakashlar bilan tirband. Ichkariga kirib olguncha, ko‘ngli behuzur bo‘ldi. U ho‘l mevalar sotiladigan rastalar tomon yurdi. Uyib qo‘yilgan giloslar, har donasi boshbarmoqdek keladigan qulupnaylar, qoramtir qizil shotutlar, bulturgi, bu yilgi olmalardan taralayotgan totli hidlar ko‘ngliga xush yoqdi. Birontasidan kursi so‘rab, shu rastalarning bir chetida biroz o‘tirgisi keldi. Ammo shu zahoti niyatidan qaytdi. Odamlar erta-indin o‘g‘li ko‘chib ketganini eshitsa, uning xayolga cho‘mib o‘tirganini ko‘rgan birov-yarim, «Haa, bozorda o‘tirgan edi. Xayoliyam joyida emasdi. Uyiga sig‘may qolganda, sho‘rlik», deyishi aniq. Chiroyli gilos, qulupnay oldi. Bu mevalarni u hamisha yaxshi ko‘rgan, ayniqsa, qulupnayga shakar sepib yeyishni yaxshi ko‘rardi. Lekin u bir umr pulni tejab-tergab ishlatgan, masalan, yo gilos, yoki qulupnay olgan. Bugun ikkalasini ham oldi. «Nima uchun, kim uchun tejayman?»
Keyin go‘sht rastaga o‘tib, yumshoqqina qo‘y go‘shti xarid qildi. Sal narida suzmalar sotilayotgan ekan, tanlab-tanlab qaymoqdek shirin suzma ham oldi. Guruch, sabzi-piyoz, kartoshka, ko‘katlar, yangi pomidor bilan bodring, xullas, xaridlarini aravaga ortmasa, darvozadan sog‘-omon chiqa olmaydigan darajada bozorlik qildi. Tumanning narigi boshida bir qadrdon dugonasi bor. Mash’um qirq to‘rtinchi yili Qrimdan birga kelishgan. Bir po­ezdda. Onasi tikuv mashinasini ham olib olgan edi, ikkalasi shu mashina qopqog‘ining ustiga o‘tirib kelishgan. O‘shanda Fotima besh yoshda, Ziynat to‘rt yarim yoshda edi. Ikkalasining ham onalarining qo‘li yosh bola bilan band. Vagon odamlar bilan tirband, issiq va dim. Badbo‘y hiddan nafas bo‘g‘iladi. Kim yig‘lagan, kim baqirgan, so‘kingan. Uning ukasi endigina ikki yoshga to‘lgan, yo‘lga chiqqunlaricha isitmalab yotdi. Onasi tikuv mashinani ham olishni istadi. «Axir, begona joylarda nima bilan tirikchilik qilamiz? Uyimda erkagim bo‘lmasa… Birov-yarimning kiyimini tikaman, juda bo‘lmasa, sotaman, pul bo‘ladi», – dedi Ziynatning onasiga. «Bechora erkaklarimiz urush tugagach, bizni qanday topisharkin?»– xo‘rsindi Ziy­natning onasi. Birov-birovga yordamlashadigan payt emas edi, hamma o‘zi bilan ovora, onasi ham bir qo‘liga ukasini, ikkinchi qo‘li bilan tikuv mashinasini ko‘tarib oldi.
Avval usti yopiq mashinada, keyin poyezdda, so‘ng yana usti brezent bilan yopilgan mashinada necha kecha-kunduz och-nahor yo‘l yurishdi. Va nihoyat kechki payt eshik-derazasi yo‘q, hamma joyi go‘ng bo‘lib yotgan bir tashlandiq binoga kel­tirib tashlashdi. Otxonaga o‘xshash bu binoning orti shovullagan daraxtlar ichidagi qandaydir nota­nish qishloq, oldi bepoyon qumloq, unda dikkaygan biron cho‘p ko‘rinmasdi. Uzoq davom etgan yo‘l mashaqqatlaridan tinkasi qurigan odamlar endi go‘ng sochilib yotgan xonalarga kirib, yig‘lab-siqtab, taqdirlarini qarg‘ab-qarg‘ab, o‘zla­riga boshpana hozirlashga tushib ketishdi. Ularga ham kichkinagina bir xona tegdi. Onasi ukasini bir chetga yotqizib qo‘yib, tashqaridan terib kelgan uch-to‘rt cho‘pni birlashtirib, supirgi yasadida, xonani supirgan kishi bo‘ldi. So‘ng xonaning to‘riga tikuv mashinasini qo‘yib, qo‘shni xonaga joylashgan bir kampirni chaqirib keldi: «Jonim opam, men sherigim bilan hozir qishloqqa borib kelishim ke­rak. Bolam poyezdda kelayotganimizda o‘lib qoldi. Mirshablar bilsa, derazadan uloqtirib yuborisha­di, deb bag‘rimga bosib kelaverdim. Hech kimga bildirmadim. Manavi qumloqqa ko‘mib bo‘lmaydi. Qishloqning qabristonini topib, yerga qo‘yib kelaylik, uni juda qiynab yubordim. Siz qizchalari­miz bilan mana bu mashinkamizga qarab turing, iltimos». Kampir qoqsuyak qo‘li bilan og‘zi-burnini berkitib, bosh chayqadi: «Ay, sho‘rlika!.. Bor, bora­ver! Bolalaringga o‘zim qarab o‘tiraman». So‘ng onasi ukasini ko‘tarib olgancha, yig‘lab chiqib ketdi. Uning izidan Ziynatning onasi chiqdi…
Kampir xonasidan yupqagina ko‘rpa olib chiqdi. Uning ko‘zlari ham jiqqa yosh edi. Ko‘rpani bir chetga yozib, qizlarni ikki yoniga olib, cho‘zildi. Ancha vaqtgacha ko‘zlarini artib, burunlarini tortib yotdi.
Fotima Ziynat bilan o‘sha kunlardan buyon birga. Birga yashashdi, birga ko‘chishdi, birga o‘qishdi, to turmush ularni o‘zga-o‘zga oilalarga ajratib yubormaguncha birga bo‘lishdi. Ammo turmushga chiqqanlaridan keyin ham bordi-keldilari uzilmadi, onalari esa opa-singildek umrlarining oxirigacha bir uyda yashashdi, birgalikda erlarini kutishdi, birgalikda izlashdi, birgalikda aza ochishdi.
Ziynat unga ana shunday do‘st. Ziynatning yolg‘iz qolganiga ancha bo‘lgan. Eri avtohalokatdan vafot etganda qiziga homilador edi. O‘g‘li chet elga o‘qishga ketib, o‘sha yurtlarda bola-chaqa qilib, qolib ketdi. Qizi Ukrainaga o‘qishga ketib, u ham o‘sha yerda birovni yaxshi ko‘rib… Ammo Ziy­nat na bolalaridan, na turmushidan hech qachon nolimasdi. «Bu hayot qonuni, jonginam! Yoshlar hech qachon sen chizib bergan chiziqdan yurmaydi. Ular sen bilan mendan ko‘ra ko‘proq narsani bilishadi. Ularning qonlari gupirib turibdi, dunyo ko‘rgilari keladi. Ularni g‘aribona kulbangda yashashga majbur qilishing nomardlikdir. Indama, yursin, ko‘rsin, hayotdan zavqlanib yashasin», der edi doim. «Yo‘q. Men bunga chiday olmayman. Bolalarim hamisha yonimda, ko‘z oldimda bo‘lishlari kerak. Sog‘inch bilan xavotir meni adoyi tamom qiladi», bosh chayqardi Fotima.
Ularning fe’l-atvorlari, hayotga munosabatlari, qarashlari har xil bo‘lsa ham bir-birilarisiz yashay olishmasdi. Fotimaning onasi ham o‘ziga o‘xshagan juda ta’sirchan, har narsani yuragiga yaqin oladigan kuydi-pishdi ayol edi. Ziynatning onasi esa ortiga qarayvermaydigan, borini boricha qabul qiladigan, gapga chechan, bir gapirib o‘n kuladigan sho‘x-xandon xotin edi. Fotimaning onasiga «Biz plyus-minuslarmiz. Bir-birini suyab yursin, deb Xudo bizni shunday yaratgan», derdi doim. Ular birga bo‘lgan damlar ko‘pincha Fotimaning onasi «O-o-o, Qrim! Bizning nima gunohimiz bor ediki, kindik qonimiz tomgan yurtdan, qondoshlarimizdan, mehr qo‘ygan uy-joyimizdan, jonbaxsh mevayu soya beradigan daraxtlarimizdan, qo‘shiq aytib oqadigan suvlarimizdan, ota-bobolari­mizning xoki yotgan mozorimizdan ajratdilar? Bizning osmonimiz, oyu quyoshlarimiz ham juda boshqacha edi. Har doim tushlarimga kiradi ular. Bizlarni ovorayu sarson qilishdi, xo‘rlashdi, bular hammasi menga juda alam qiladi. Balki, erlarimiz dunyo bo‘ylab bizni izlab yurishgandir. Biz bechoralar esa qilmagan gunohlarimizga tovon to‘lab o‘tdik», deb yig‘lardi ba’zan. Ziynatning onasi esa mijjalarini artib-artib, o‘zicha uni urishardi: «Tavbaaa! Boshqacha osmon, boshqacha oy-quyosh emish. Bunday gapni birinchi marta eshitishim. Ey noshukr! Ko‘zing ko‘rib, yuraging urib, oyoqlaring yurib turganligi uchun Allohga hamdu sano ayt. Bu yerda birov seni turtayotgan, haydayotgan bo‘lmasa! Qrimni sog‘ingan bo‘lsang, yozda yo‘llanma olib, bir aylanib kelamiz. Bozoriga ham, mozo­riga ham boramiz». Aslida, Fotima bilan Ziynat aynan pl­yus-minus edilar. Goh unisi, goh bunisi bir-birining eshigini qoqib kelaverar, ba’zan kulib, ba’zan yig‘lab tongotari gurung qilishardi.
…U mashinani darvozaning yoniga to‘xtatdi. Haydovchi yigit uning yuklarini olib, darvoza yoniga qo‘ydi. Eski mashina shaldirab jo‘nab ketgandan keyin ham Fotima bir muddat darvoza oldida turib qoldi. U o‘zini qo‘lga olib kirmoqchi edi. Nima bo‘lganda ham qadrdon dugonasini ko‘rganda yig‘lab yubormasligi kerak… U holda gap eshitishi aniq. Shunday, biroz tobim bo‘lmadi, seni sog‘indim, deydi. U hali xayollarini yig‘ib olmasidan kichkinagina daricha g‘iyq etib ochilib, ichkaridan Ziynat chiqib keldi. Hovlichasida g‘imir-simir qilib yurgan, shekilli, chang qo‘llarini peshbandiga artib, unga quchoq ochdi: «Voooy, men kimni ko‘ryapman? Ertalabdan buyon qovoqlarim pir-pir uchadi. Hayron bo‘laman. Kim meni suyuntirar ekan, deyman. Bu senmiding qovoqlarimdan tortqilayotgan, Fotima? Fotimam mening!..» Fotima o‘ylab turgan gaplarini aytib chaynaldi: «Tobim bo‘lmadi, seni sog‘indim» va birdan xo‘rligi keldi, ovozi titrab, ko‘zlarida yosh qalqdi. «Obbo, yana qanday burga tepa qoldi mening erkagina dugonamni? Qani, ichkariga kirchi! Voy-bo‘, nimalar ko‘tarib yuribsan? Bozorni ko‘chirib kelibsanku.»
Fotimaning rostdan ham tobi yo‘q edi: «Menga qizingning xonasidan joy qilib ber. Bugun sen bilan yotolmasam kerak, juda mazam yo‘q. Bir choynak choy bilan, bir likopchaga shakar sepib, qulupnay olib kel. Nimagadir ko‘nglim behuzur bo‘lyapti. Bir o‘ranib yotay. Sen yumshoqqina, achchiqqina bir ovqat qil».
Ziynat uni masxaraladi: «Bu kishim kasal ekanlar, lekin qulupnayni shakar sepib yeydilar. Erkalik ham evi bilan deptida».
Kulib, erkalab, ko‘chalik kiyimlarining o‘rniga yumshoqqina uy kiyimlari keltirib berdi. So‘ng patnisni to‘ldirib likopchalarga shakar sepilgan qulupnay, gilos, oq-qizil aralash tutmayiz, o‘rik keltirib qo‘ydi: «Sen yoti-i-ib yeyaver. Mana, qoshiqcha ham obkeldim. Men ovqatni osib qo‘yamanda, so‘ng yoningga kelaman».
Ovqat tayyor bo‘lgach, Ziynat shu xonaga dasturxon yozib qo‘ya qoldi. U juda pazanda edi, sho‘rva juda shirin bo‘libdi. Fotima odatdagidek qoshiq ham urib o‘tirmadi, kosani ko‘tarib, ho‘plab-ho‘plab ichib qo‘ydi. So‘ng laganda yaltirab turgan go‘shtga qo‘l uzatdi. Ziynat kuldi: «Necha kun bo‘ldi ovqatdan qolganingga?» Fotima ichiga kirgan issiqdan peshonasiga tepchigan terni sidirib kuldi: «Ancha bo‘ldi. Yo‘l ozuqasini sening qo‘lingdan yeb ketay, degandim», «He, nafasingni yel uchirsin se­ning! Qizim uzoqda, o‘g‘lim uzoqda, ishonganim bir sensan. Yo‘q joydan bahona topib, unaqa qiyshayaverma!»
Ovqatdan so‘ng Ziynat dugonasiga qizining karavotiga guldor choyshablar to‘shab, joyni hozirlab berdi. Uning juda toliqqanini ko‘rib, «Endi bir uxlab ol, ertalabgacha otdek bo‘lib ketasan», deya xonadan chiqib ketdi. Fotima ichi to‘lib turgan bo‘lsada, dugonasiga hech narsa demadi. Sho‘rlik kulib-kulib yursa ham, bolalarini juda sog‘inishini, yolg‘izlik azobi suyak-suyagidan o‘tib ketganini u yaxshi bilardi. Fotima ham yolg‘iz qolayotganini eshitsa, «Shuning nimasiga xafa bo‘lasan? O‘g‘lingning kelajagini o‘ylasangchi!» deb urishib, ich-ichidan yig‘lashi aniq.
Shomdan so‘ng boshlangan shamol tuni bilan bolasini yo‘qotgan bo‘ridek uvullab chiqdi. Zim-ziyo tun qa’ridan goh yirtqich hayvon bo‘kirayotgandek, goh go‘dak yig‘layotgandek vahimali tovushlar eshitilar, Fotima eski karavotning bir chetida de­razadan tushib turgan ko‘cha chirog‘ining xiragina yog‘dusiga termilgancha qunishib o‘tirardi. Aslida u hech narsani ko‘rmas, hech narsani eshitmas, ich-ichida uvullab yotgan bo‘ronning zahridan a’zoyi badani tobora muzlab borar, buni ham deyarli his etmas edi.
O‘ylab qarasa, uning butun umri yo‘qotishlar bilan o‘tdi. Otasi urushga ketganda u juda kichkina bo‘lgan, otasini eslay olmaydi, ammo hayotida biron muammoga duch kelsa, qiynalsa, hamisha otasiz ekanligi yodiga tushdi. «Otam bo‘lgandami…», deb armon qildi. U Qrimni ham onasining armonli hikoyalari orqali tanigan, lekin kimdandir nohaq jabr ko‘rsa, ona qishloqlaridan nohaq haydalganlarini, dim va issiq, badbo‘y vagonni, onasining allaqachon joni uzilgan bolasini uch kun bag‘riga bosib kelganini esladi. «Nima gunohimiz bor edi?», deb yuragi kuydi o‘sha damlar. Qizi juda chiroyli edi. Sarvi sanovvar!.. Sinfdoshlari bilan bitiruv kechasidan qaytib kelayotganda… Qizning o‘zidek navqiron g‘ussasi ko‘nglidagi bor armonlarni siqib chiqardi. Bu dunyoda Fotima uchun qizining g‘amidan katta g‘am-armon qolmadi. O‘ngga boqib ham, so‘lga boqib ham, osmonlarga tikilib ham, yerga, poyonsiz yo‘llarga termulib ham ko‘zlari faqat qizini ko‘rdi. Kecha-kunduz juvonmarg ketgan qiziga qilolmaganlarining kamini to‘ldirish yo‘lini izladi. Katta-katta ma’rakalar o‘tkazdi, sadaqalar berdi, eri bilan Samarqandga borib, eshikday keladigan qora marmartoshga suratini o‘ydirib, qabrtoshi yasatib keldi: «Qizim bechora bu dunyoda nima ko‘rdi? Boradigan joyi faqat maktab bo‘ldi, eng qimmat libosi maktab formasi bo‘ldi… Hech bo‘lmasa, arziydigan tosh qo‘yaylik».
Eri usta bilan o‘g‘lini olib qabristonga ketgan kun sira vaqt o‘tmadi. Yotdi-turdi, uyga kirib soatga qaradi, hovliga chiqib quyoshga qaradi, nazarida soat millari ham, quyosh ham uning sabrini sinash uchun bir joyda qotib qolgandek edi. Nihoyat quyosh mag‘ribga qarab og‘a boshladi, soyalar ikki hissa uzaydi. Qishloq masjidida asr azoni aytildi. Shu payt horib-tolib, usti-boshi chang-g‘ubor ota-o‘g‘il kirib kelishdi. Fotima ishni tugatib qaytishsa, men ham borib kelaman, deb o‘tirgandi. Avvaliga eri rozi bo‘lmadi: «Ikki namozshomning orasida qab­ristonda nima qilasan? Ertaga ertalab oborib kelaman». Ammo Fotima «Besh daqiqaga bora­mizu, kelamiz. Iltimos», deb yalinavergach, rozi bo‘ldi.
Qabriston qorovuli juda savobtalab mehnatkash odam edi. Katta qabristonning atrofiga aylantirib archa ekilgan, chinnidek sip-silliq yo‘laklar girdida atirgullar yashnab yotibdi. Yaqindagina suv qo‘yilgan sadarayhonlar shabadada mayin teb­ranib, atrofga xushbo‘y ifor taratadi. Fotima hayoti bardavom bu yashillikni ko‘rganda hamisha ezilib ketadi: «Mening qizim bir archachalik yashay olmadi. Atirgullar ham undan baxtiyor. Rayhonlar har yil gullab, urug‘ tugadi, keyingi yil yangi hayot boshlaydi. Mening qizim esa shu rayhonchalik ham bo‘la olmadi».
Ammo bugun na gullarga va na rayhonlarga qaramadi. Qabr oralab yotqizilgan tor yo‘laklar bo‘ylab qizining boshiga yugurdi, xuddi hashamatli qabrtoshidan so‘ng uni qizi minnatdor kutib oladiganday… Ammo qabr boshida savlat to‘kib turgan qoratoshdan bo‘lak hech narsa o‘zgarmagan edi u yerda. Yig‘lab-yig‘lab Qur’on tilovat qildi, ko‘z yoshlaridan nam bo‘lgan kaftlari bilan qoratoshda jilmayib turgan suratning yuzlarini siladi. Sekin qabr boshidagi yog‘och o‘rindiqqa o‘tirdiyu, dunyoni unutdi. Ayolining ahvolidan diqqat bo‘lgan eri nihoyat yelkasiga ohista turtib, «Bo‘la qol, ketdik», deganida allaqachon ufqning rangi uchgan, qosh qoraya boshlagan edi. U yana bir marta tilovat qilib, yuziga fotiha tortdi. Bor-yo‘g‘ini boy bergan bechoradek o‘zini behol, bemador his qildi. O‘ziga ishonmay, beixtiyor eriga qo‘l uzatdi. U ham bir so‘z demasdan, bilagidan ushlab o‘rnidan turg‘azdi. Ketayotib, ortiga burilib, qizining suratiga qaradi: «Yaxshi qol, qizim…» Unga qizining kulib turgan ko‘zlarida qandaydir qo‘rquv, vahima hissi qalqib turganga o‘xshab ko‘rindi. To‘xtab, atrofga qaradi. Archalar soyasida qolgan qabristonga allaqachon qorong‘ulik cho‘kkan edi. Asrdan buyon tinmasdan chag‘illab yotgan qushlar ham sukutga cho‘mgan. Kimsasiz qabriston qandaydir vahimali bo‘lib ko‘rindi. Ana shu qo‘rqinchli borliq ichra kechasi o‘z hovlisiga chiqishdan ham qo‘rqadigan qizi qabrtoshi yuzida ko‘zlari pirpirab yolg‘iz qolayotgan edi… Uning yuragi seskanib ketdi.
Shu kecha umuman uxlay olmadi. Qoratoshning yuziga chizilgani shunchaki surat ekanligiga hech o‘zini ishontira olmadi. Har kecha, qorda ham, yomg‘irda ham, momoqaldiroq guldirab, chaqmoq chaqqanda ham kimsasiz qabristonda qizginasi ko‘zlarini jovdiratib, vahima bilan atrofga tikilib turishini tasavvur qilib, o‘zini yeb-yutib qo‘ydi. Endi bu toshni olib, ko‘mib tashlasa, qizini qayta ko‘mgandek bo‘ladi. Suratni qirdirib tashlasa, yana qizining joni ozor topadigandek tuyuladi. Xullas, shu hashamni niyat qilgan kunga ming-ming la’natlar o‘qidi.
Keyin erini yo‘qotdi… Eri sho‘rlik qizini juda yaxshi ko‘rardi. Bir marta «oh-uf» demadi, hech kimga ko‘z yoshini ko‘rsatmadi, ammo ich-ichidan kuyib, o‘zini adoyi tamom qildi.
Bu yo‘qotishlarini Allohdan ko‘rdi. Taqdir-peshona, dedi. Ammo navbatdagi yo‘qotishni kimdan ko‘rsin? Ona rizoligi va duosidan shahardagi ohanjama turmushni afzal ko‘rgan o‘g‘lining xudbinligidanmi? Ammo Fotima o‘zini ham oqlay olmaydi. O‘g‘li qancha yalinib-yolvordi: «Onajon, shu hovlini sotib, puliga shahardan bir uy olaylik. Meni qaynotamning uyiga tiqilishga, o‘shalarning oldida yelka qisib yurishga majbur qilmang. Qari­gan chog‘ingizda sizga ham sharoit kerak». U o‘zini majburlay olmadi. Onasi, eri, qizi shu yerda… Umri o‘tgan hovli-harami, ko‘chalari, o‘zangi yo‘ldosh yoru birodarlari… Qanday ham tashlab ketsin?! Odamzot o‘n kun yotib davolangan shifoxona­ning yonidan o‘tayotib, shu yerda nimasidir qolib ketgandek beixtiyor ortiga burilib qaraydi. Butun umri o‘tgan bu joylardan ketar bo‘lsa, qolgan umri yo‘l qarab o‘tsa kerak. Yo‘-o‘q, u ketmaydi, ketolmaydi.
Ziynatni ham o‘g‘li yuz marta Amerikaga taklif qildi. «Hech bo‘lmasa, borib, bir ko‘rib keling. Yoqsa qolasiz, yoqmasa, yana uyingizga olib kelib qo‘yib ketaman», deb olib ham ketdi. O‘sha yoqlarda yurib ham, Fotimaga har oqshom qo‘ng‘iroq qilardi, hovliqib taassurotlarini bo‘lishardi: «Zo‘o‘r!». U bilan gaplashib turib, Fotimaning yuragiga vahima tushib ketardi: «Nahotki, u Amerikada qolib ketsa?!» Ammo u ikki oyda qaytib keldi. Kelishidan uch kun avval unga qo‘ng‘iroq qildi: «Men qaytyapman. O‘g‘lim xafa bo‘ldi. Men unga, meni qarigan chog‘imda sarson qilmagin. Qishloqda yashasam ham, Amerikada yashasam ham, menga tegishli narsa – bitta karavot bilan bittagina deraza, dera­zadan ko‘rinib turadigan bir parcha osmon. Bir marta yurtdan ayrilib ko‘rganman, endi bunday zulmni ko‘tara olmayman, dedim. O‘g‘lim bari­bir meni tushunmadi. Lekin sen xafa bo‘lmagin, senga hech narsa ololmadim. Do‘konlarida shortik bilan maykadan boshqa narsa yo‘q. Sen shortik kiymasang… Ha, aytmoqchi, ikkovimizga bir xil qilib olmos ko‘zli isirg‘a oldim. Birga-birga taqib yuramiz. Qilgan bor-yo‘q xaridim shu bo‘ldi». O‘shanda Fotima so‘nggi ikki oy hisobiga birinchi marta o‘pkasini to‘ldirib nafas oldi. Yelkasidan yuk ag‘darilgandek yengil tortdi.
Bugun Ilyosning uni tashlab shaharga ko‘chib ketayotganini aytsa, «Yoshlarning yo‘liga to‘g‘onoq bo‘lma», deb urishsa ham, ich-ichidan ezilishini biladi. Shuning uchun indamay qo‘ya qoldi. Besh-olti kun o‘tib uyiga borsa, o‘zi ko‘radi. Shunisi ma’qul.
Keliniga ham indamadi. Faqat har birini ne bir orzu-havas bilan qilgan jihozlarning bo‘linishini ko‘rmaslik uchun emas, o‘g‘il bilan kelinning bemalol, bexijolat, ko‘ngillariga nimani mulk qilgan bo‘lishsa, shuni yuklab ketaverishlari uchun sharoit yaratib bergisi keldi. «Nimani xohlashsa, olib ketaverishsin, menga hech narsa kerak emas!..» Shamolda salanglab chayqalayotgan daraxt shoxlariga qarab, o‘z-o‘ziga gapirdi, duvullab ko‘zlariga yosh keldi. Ziynat allaqachon pinakka ketgandir, kelganidan beri tingani yo‘q, oshxonasini chiqargan ekan, charchadi sho‘rlik. Butun borliq shamol­ning izmida. Doim uni izlab yurguvchi iztiroblarga o‘xshab, o‘zini to‘rt tomonga urib, topa olmaganidan «dod» soladi. U yana ko‘zlariga erk berdi.
Fotimaning qaysarligi tufayli o‘g‘il ichkuyovlikni bo‘yniga olib ko‘chib ketmoqda. U onasidan qattiq ranjigan edi. Fotimani ikki kun davomida bir marta ham izlamadi. Uchinchi kuni choshgoh payti qo‘ng‘iroq qildi: «Onajon, bittagina duoingizni bizdan qizg‘onmang. Uyga keling, biz ketyapmiz». Fotimaning go‘shakni tutgan qo‘llari qaltirab ketdi: «Xo‘p, bolam. Hozir yetib boraman». Go‘yoki, ular noshukrlik qilib, onani yolg‘iz tashlab ketayotgan emas, Fotima ota uyini sotib, ularga ergashmaganligi uchun ichkuyov bo‘lishga majbur bo‘lib ketayotgandek, bir iddao bor edi o‘g‘ilning ovozida.
Fotima kelganida hamma narsa taxt, mashina darvoza oldida turar, hovli supurilib, suvlar sepilgan, go‘yo hamma narsani chirpirak qilib uchirgan kechagi shamol bu hovlida umuman bo‘lmagandek edi. «Yoshda… Supurgini to‘rt sermasa, hamma yoq chinnidek yaraqlab qoladi», o‘yladi u. Ilyos bolalari bilan kiraverishdagi yog‘och supada uni kutib o‘tirishgan ekan. Nabiralari yugurib kelib uni quchoqlab olishdi: «Momojon, biz ketyapmiz. Toshkentga ketyapmiz! Siz ham biz bilan yu­ring». Fotima ularni uzoq bag‘riga bosib turdi. Bu bolalarni har kuni maktabdan qaytgunlaricha sog‘inib qolar edi… Endi qanday qiladi?
Ilyos o‘rnidan turib, unga salom berdi. So‘ng yonidan joy ko‘rsatdi: «Kelingchi, onajon». Shu orada kelin ham kelib, ularning davrasiga qo‘shildi.
– Qani, – kaftlarini ochdi o‘g‘li – bizga bir duo bering, onajon. Vaqt ketyapti. Qorong‘i tushmasdan yetib olaylik degandim.
Fotima ham kaftlarini ochdi. Uning tomog‘iga nimadir tiqilib, dimog‘i achishdi. Bir muddat gapira olmay qoldi, so‘ng bir yutinib, duo berdi:
– Yo‘llaring bexatar bo‘lsin. Eson-omon yetib olinglar.
Ilyos chaqqonlik bilan o‘rnidan turdida, uning yelkasidan olib, yuzlaridan o‘pdi:
– Onajon, biz urushga ketayotganimiz yo‘q. Fojia yasash umuman shart emas. O‘ylaymanki, besh-olti kundan so‘ng meni sog‘inmasangiz ham, nabiralaringizni sog‘inib, izimizdan yetib borasiz.
Fotima nimtabassum bilan horg‘in bosh irg‘adi:
– Qayerda bo‘lsanglar ham, Xudo boqsin…
– Rahmat.
Ilyos shoshib mashina tomon yurdi. «Bo‘l! Ey, tez!» deb bolalarini ham shoshirdi. Fotima ular­ning ortidan izma-iz yurib, darvozadan chiqqanida mashina allaqachon g‘irillab, o‘t olib turardi. O‘g‘il mashinani burib olayotib, unga qaramasdan xo‘shlashgandek bosh silkib qo‘ydi. Fotimaning ko‘ksidan yuragi uzilib tushgandek, o‘zini to‘kilib ketayotgandek his qildi, yiqilib ketmaslik uchun darvoza oldidagi keksa tut daraxtiga ohistagina suyandi. Daraxt tanasidek quruq va serajin qo‘llarini yuziga bosdi: «Ey karami keng Alloh, men ranjisam ham, sen ranjimagin bolamdan. Yo‘llarini bexatar qilgin. Boshlarida o‘zing panoh bo‘l».
So‘ng mashina oyoqlaridan ko‘tarilgan chang sekin-asta bosilayotgan ko‘chaga biroz termilib turdida, sudralib hovliga kirdi. Yaqindagina suv sepib, supurilgan sarishta hovlisi huvullab qolgandi. Sudralib oshxonaga kirdi. Dimog‘iga yangi pishgan taomning totli hidi urildi. Beixtiyor gaz o‘choq ustida turgan qozonchaning qopqog‘ini ko‘tarib ko‘rdi. Ovqatning tagi yaqindagina o‘chirilgan, shekilli, qozon issiqqina edi. Qozonni yarimla­tib turgan taomning masalliqlari suviga sig‘masdan ovqatning yuzini to‘ldirib turardi. Fotima ovqatga qarab, beixtiyor yutindi. Tokchadan kosa bilan qoshiq olib, ovqat suzdi. Xona o‘rtasidagi xontaxta yoniga o‘tirib, ovqatlana boshladi. Azaldan shunday odati bor, kayfiyati buzilganda, ishtahasi ochilib ketadi. Taom juda mazali bo‘lgan edi. O‘zi­ning qozon-o‘choq­qa urinmaganiga ko‘p yillar bo‘lib ketgan. Endi… kelin yo‘q, hammasini o‘zi qilishi kerak.
Kelin hamisha ishga ketishdan oldin kechki ovqatni tayyorlab ketar, lekin u hech qachon yolg‘iz ovqatlanmas, o‘g‘lini, nabiralarini kutib o‘tirardi. Bugun… oshxonaning ochiq qolgan eshigiga qarab, beixtiyor qaroqlari namlandi. Og‘ziga olgan luqmani zo‘rg‘a yutdi. Endi u yolg‘iz ovqatlanadi, har kun, har doim… Har qancha kutmasin, na o‘g‘li, na nabiralarining bu eshikdan kirib, unga hamtovoq bo‘lishlari ko‘p qiyin.
O‘g‘li «ko‘chamiz»ga tushgandan buyon onasi­ni tashlab, tengdoshlari bilan Buxoroga ketgan yolg‘iz o‘g‘il haqidagi rivoyat qayta-qayta yodiga tushadi. O‘g‘il onasiga «Hamma jo‘ralarim ilm olish uchun Buxoroyi sharifga ketishyapti. Ular hali zamon Hofizi Qur’on bo‘lib qaytishadi. Men esa savodsiz bo‘lib qolaman», deya yalinib-yolvorib ruxsat oladi, yo‘lda bir joyga yetib, tahorat olayotganda ustiga najosat tegib, shusiz ham xijil bo‘lib turgan ko‘nglini xit qiladi. Keyin u yo‘ldoshlariga «Kechirasizlar, men izimga qaytmasam bo‘lmaydi. Keksa va yolg‘iz onamning yakka o‘zini tashlab qaytgandim. Bu ishim Xudoga ma’qul kelmayapti, shekilli. Ustimga najosat yuqdi, balki noto‘g‘ri yo‘ldaligim ishoratdir», deb ortiga qaytadi.
Sho‘rlik onaizor o‘g‘lini kuzatish uchun ko‘chaga chiqqanicha uyga qaytib kirmasdan darvoza oldi­dagi katta tosh ustida o‘tirib, o‘g‘li ketgan tomondan kelayotgan har bir odamdan «O‘g‘limni ko‘rmadingizmi?», deb so‘rab o‘tiraveribdi. O‘g‘il uyi­ga yetib kelganida tun yarim bo‘lgan edi, darvoza oldidagi tosh ustida oqish sharpaga qarab hayron bo‘libdi. Sharpa esa uni ko‘rib, tilga kiribdi: «Hay, yaxshi odam! Mening o‘g‘limni ko‘rmadingizmi?» O‘g‘il onasini shunchalar iztirobga solganligi uchun qayta-qayta uzr so‘raydi va onasini tashlab, hech qachon hech qayerga ketmasligini aytadi. Tong payti yigitning tushiga Xizr alayhissalom kiradi: «Ona rizoligi uchun yo‘ldan qaytgan o‘g‘lon senmi­san? Alloh taoloning izni bilan endi men senga saboq beraman», deydi. Yigit Xizr alayhissalomdan o‘n ikki yil ilm o‘rganadi va Allohning oldida martabasi oshib, ilmli inson bo‘lib yetishadi.
Fotima oshxonada o‘tirib, yana shu rivoyatni esladi, ko‘zlari jiqqa yoshga to‘ldi: «Haa, ularning vaziyati butunlay boshqacha. Uning o‘g‘li rivoyatdagidek ilm istab, vaqtinchalik safarga ketgani yo‘q, yaxshi sharoit izlab, joniga rohat-farog‘at izlab, bir umrga ketdi. O‘zi ham rivoyatdagidek yarim tungacha ko‘chada o‘tgan-qaytgandan o‘g‘lini so‘roqlab o‘tirgani yo‘q, mana, ichkariga kirib, qorin g‘amini yeb o‘tiribdi».
Fotima aslida o‘g‘li bilan bab-baravar o‘zini ham yozg‘irib o‘tirgan bo‘lsada, ayni damda ahvoli yarim tungacha tosh ustida o‘tirgan o‘sha mushtipar onaning ahvolidan tuzuk emas edi. Ovqatlanib bo‘lgach, savqi tabiiy odat yuzasidan dastur­xonini yig‘ishtirib, kosasini yuvib qo‘ydi. So‘ng sudralib ichkariladi, hamma xonaga bir-bir bosh suqdi. Xuddi kimdir uni deb, uni yolg‘iz qoldirgisi kelmay, uyning bir burchagiga yashirinib qolib ketgandek… Hamma xonaga birma-bir kirib chiqdi. Ammo uyda hech kim yo‘q edi. Ular uyni go‘yo hech narsa olinmagandek qoldirishga ancha uri­nishgan, shekilli. Lekin bir emas, to‘rt kishiga zarur ashyo chiqqan uyda bunga erishish mumkin emas edi, albatta. Er-xotinning, bolalarning xonalari butkul yalang‘ochlangan, mehmonxonadagi idishlari… Xullas, bir ro‘zg‘ordan ikkinchi bir ro‘zg‘or chiqqani shundaygina sezilib turardi.
Fotima eng oxirida sharpadek sudralib, o‘zi­ning xonasiga kirdi, albatta, bu xonadan hech narsa olinmagan, hech narsa o‘zgarmagan. Faqat juda hafsala bilan yig‘ishtirilgan. «Ha, kelin rosa ko‘nglimni olishga harakat qilibdi… Yoki ro‘zg‘or­dagi o‘rnimni bilib qo‘ying, qadrimga yetmasdingiz, demoqchi bo‘lganmi bu harakatlar bilan… Balki rahmi kelgandir, bechora kuch-quvvatdan qolgan keksa ayol, oxirgi marta yig‘ishtirib ketayin, keyin kunini ko‘raveradi, degandir. Nima bo‘lganda ham ko‘ksimdagi jon tomirimni yulib ketdi. Pismiq… Shaytonning urg‘ochisi!..»
Ilgari «ko‘cha ko‘rmaganginasidan kelin qil», deyishardi. Uning kelini esa shahar ko‘rgan qiz. U qattiq adashdi. Kitob ko‘rgan odamlarning bolasi diyonatli bo‘ladi, degan edi. Kelin esa shaharni, shaharda qolgan onasini, opa-singillarini qumsadi, bu uyga hech mehr qo‘ymadi, istamadi, o‘g‘lini ham yo‘ldan urdi. Tog‘aginasining qizini olib qo‘yganda, o‘g‘liga ham, o‘ziga ham avliyoga sig‘ingandek sig‘inib, bor sharoitdan minnatdor bo‘lib, shukur qilib yashardi.
Lekin o‘g‘li ham… Noshukrlik qildi. Nomardlik qildi. Onasini o‘ylamadi. O‘zi esa… Ularga ergashib keta olmadi. O‘g‘li «Onajon, odamzot o‘tmish bilan emas, buguni bilan yashashi kerak. Shu hovlida emas, qabristonga borib yotsangiz ham, endi qiyomatgacha otam bilan opamni ko‘ra olmaysiz. U dunyoda esa birimiz qishloqda, birimiz shaharda bosh ko‘tarmaymiz, u joyda shahar-qishloq degan gap yo‘q, chegara degan narsalar yo‘q, ona, hammamiz bir joyda bo‘lamiz, Xudo xohlasa», deb qancha jig‘ibiyron bo‘ldi. Bu esa hamisha qo‘l sil­tadi: «Sen ketaver, mendan alag‘da bo‘lma». Mana, ke-e-etdi…

* * *

O‘sha kuni har qancha harakat qilishsa ham, choshgohgacha yig‘ishtirib ulgurismadi. Buning ustiga onasini ozroq kutishga to‘g‘ri keldi. Yo‘l-yo‘lakay tanish ustaga mashinasini ko‘rsatdi, harqalay uzoq yo‘l. Ustaning ham ishi ko‘p ekan. U yoq bu yog‘ini ko‘rgan bo‘ldi, «Yog‘i kamayibdi, bira-to‘la filtrini almashtirayin» deb, filtrni almashtirib, yog‘ quydi. So‘ng qop-qora dastpanjalarini yog‘ yuqi o‘rnab ketgan lattaga artib, «oq yo‘l» tiladida, yana chala qoldirgan ishiga unnab ketdi. Ular «Pachkamar»ga borib, ovqatlanish uchun to‘xtashdi. Ilyosning bolalikdan hamma narsadan tez zerikadigan odati bor, ishidan ham, sharoitidan ham, hatto atrofidagi odamlardan ham. Yo‘lga chiqishni, yangi tanishuv­larni, sarguzashtlarni yaxshi ko‘radi. Institutni bitirib, ish boshlashni rosa orziqib kutgan edi. Ammo maktabdan juda tez zerikdi. Atrofi to‘la g‘iybatchi ayollar, mayda-chuyda gap. Turganni ham gapirishadi, yurganni ham… Direktor xonimning yugur-yuguri sira tugamadi: «Ilyosjon, yuring, sizga bir ish bor», «Ilyosjon, bir hokimiyatga borib kelsangiz, xafa bo‘lmang yana, ishonganim, o‘zimga yaqin olganim uchun sizga buyuraman», xullas, u direktorning norasmiy haydovchisiga aylangan edi. Otasining eskiroq mashi­nasini hech tindirmadi. U avvaliga ertayu kech direktorning yonida bo‘lganidan suyunib-faxrlanib yurdi, ammo boshi-adog‘i yo‘q bir xil mashg‘ulot uni tezda zeriktirdi. Bora-bora direktorning topshiriqlarini yuzing-ko‘zing demay, rad qiladigan bo‘ldi. Ishidan biron kamchilik topsalar, direktorga yugurdaklik qilmaganim uchun siqishyapti, degan xayolda asabiylashadi­gan bo‘ldi. Shunday qilib maktab uning uchun faqat asabini buzadigan azob-uqubat maskaniga aylandi. Keyin kollejga o‘tdi. Kollejdan ham tez zerikdi. Agar Toshkentga jo‘nasa ham, kollejdan allaqachon ketishi kerak edi. Ammo yon-atrofda to‘rtta kollej, to‘rtta maktab, to‘rtta bog‘chadan boshqa hech qanday tashkilot yo‘q, hamma ro‘zg‘or tebratish uchun shularga yopishgan. Kollej­da ishlamasa, boshqa ish topishi dushvor edi. Shu bois onasi qovoq-tumshug‘ini osib olgan bo‘lsada, yo‘lga chiqishayotganligi uchun ich-ichidan xursand, kuydi-pishdi onasi Ilyos va nabiralarsiz bu katta hovlida uzoq vaqt yolg‘iz qolib ketmasligiga ishonchi komil edi. Jo‘rttaga o‘zini onasidan ginadordek tutdi, mushtiparining aftoda holatini ko‘rib turib, ko‘rmaslikka oldi. Ammo ko‘nglining tub-tubida cho‘kib yotgan xijillikka o‘xshash bir tuyg‘uga e’tibor bermaslikka har qan­cha urinsa ham, buning hech ilojini topa olmas, to‘g‘risini aytganda, dunyoning yuziga parda tortilgandek ko‘z oldida bir xiralik soya solib turardi.
Ular mashinalarini to‘xtatgan joydagi bo‘sh stollarning biriga o‘tirishdi. Yo‘l anchagina toliqtirgan, qorinlari ochib ketgan edi. Ilyos tez-tez ovqatlanib, nafsi orom topgach, bolala­rining ovqatlanishini biroz tomosha qildi, so‘ng yon-atrofini kuzatayotib, beixtiyor mashinasi­ning tagidagi qoramtir dog‘ga ko‘zi tushdi. O‘rnidan turib, mashi­na yoniga bordi, egilib mashinaning ostiga qaradi, engashgan payti dog‘ ustiga yana bir tomchi qoramtir suyuqlik tomganini ko‘rdi. Shoshib mashi­nani orqaga haydab, dog‘ga yaxshilab qaradi, bitta barmog‘ini tegizib, hidlab ham ko‘rdi. Uning yog‘ ekanligiga amin bo‘lgach, kapotni ochib, yog‘ning miqdorini ko‘rsatadigan simni tortib ko‘rdi. Uzun temir simning uchginasida yog‘ yiltillab turardi, xolos. Bir chetda turgan latta bilan simni artib, yana yog‘ miqdorini tekshirdi. Yana o‘sha holat. U hayron bo‘ldi, axir, yo‘lga chiqqunlaricha filtr bilan yog‘ini almashtirgan ediku. Tashvishlanib, shu yerda yurgan xizmatchi yigitlardan, yaqin o‘rtada yog‘ almashtirish mumkin bo‘lgan biron ustaxona bor-yo‘qligini surishtirdi. Biri yelka qisdi, birovi «Endi Qarshiga bormasangiz…», dedi, yana birovi «Dovonda ham bor, lekin kun botib borayapti, tezroq harakat qilmasangiz yopib ketishadi», dedi. Ammo o‘lchagichning uchida yiltillab turgan yog‘ bilan dovonga chiqish aqldan emas edi. Uning tashvishlanib qolganini ko‘rgan xizmatchi yigitlardan biri ohista yengidan tortdi: «Aka, xo‘jayin tandir-o‘choqqa tutantiriq uchun ustaxonalardan ishlatilgan yog‘lardan olib kelib qo‘yadilar. Agar ruxsat so‘rasangiz, shundan ozroq berishimiz mumkin. Butunlay yog‘siz yurib, motorni eritib qo‘yguncha, harqalay ishlatilgan bo‘lsa ham yog‘da». «Xo‘jayin» rosa ziqna odam ekan, o‘zini taroziga solib, traktorning yog‘iga o‘xshash ishlatilgan qop-qora yog‘ni yangi yog‘dan ham qimmatroq narxda sotdi. «Ixtiyor sizda. Bizga ham shu narxda olib kelib berishadi. Sizga rahmim kelganidan berayapman, mashinasi erib ketmasin, deb. Bo‘lmasa turgan narsa edi…» Ilyos ayni paytda bu odamni bo‘g‘ib qo‘yishga tayyor edi, katta shaharga hisobli pul bilan yo‘lga chiqqan, qaynotasi «Ha-huv» deb turgan bo‘lsada, qachon ishga joylashadiyu, qachon qo‘liga maosh tegadi noma’lum. Bu yog‘i onasi ham hovlini sotib, birga yura qolmadi. Onasi birga bo‘lganida ishga joylashgunicha, uning nafaqasi bilan amallab kun kechirib turishardi. Endi bo‘lsa, tupuklab yuz marta sanab, cho‘ntagi­ning tubiga solib qo‘ygan puli hech rejada bo‘lmagan narsalarga ishlatilib ketmoqda. «Hali ustaxonaga borishgach, yana chiqim bo‘ladi. Uff!..»
Ammo ustaxona yopilib bo‘lgan ekan. To‘xtab mashinaning yog‘ini o‘lchab ko‘rib, kayfiyati battar buzildi: yog‘ yana kamayib ketgan, kun esa botib borardi. Yo‘l chetidagi ustaxonalarning biridan traktorga quyiladigan yog‘ olib, quyib oldi. Usta yigit Samarqandda kecha-kunduz ishlaydigan ehtiyot qismlari sotiladigan «24 soat» degan ikki qavatli do‘kon borligini aytdi. Ammo bu do‘kondan ham qorovuldan boshqa hech kimni topa olishmadi. Qorovul qo‘shni ko‘chada yaxshi bir usta borligini, uncha-muncha ehtiyot qismlar o‘sha ustaning o‘zidan topilishi aytdi. Ustaning uyini bir amallab topishdi. Usta mashinani chuqurga haydatib, filtrni yechib ko‘rdida, «Qanday ahmoq bu filtrni qo‘ygan, bu butunlay boshqa mashinani­kiku. Yaxshi qotira olmagani uchun yog‘ oqib ketavergan», dedi. «Endi borib, boyagi do‘kondan filtr olib keling. Yog‘ o‘zimda bor. Shu bilan muam­molaringiz hal bo‘ladi», dedi. Ilyos ikkilanib qoldi, piyoda borsa, do‘kongacha ancha yo‘l, vaqt yarim tundan oshgan, begona joy. Mashinani bu ahvolda haydab bo‘lmaydi… Usta uning ko‘nglidan kechayotganlarini tushundi, shekilli, «Aka, bu bo‘lmaydigan ish emas, sizlar ichkariga kirib, biroz mizg‘ib olinglar. Hali zamon tong otadi. Ertalab mashinani tuzatib, bemalol yo‘lga chiqasiz. Juda charchaganingiz ko‘rinib turibdi, bu ahvolda kechasi mashina boshqarish durust emas. Oldinda qancha past-baland yo‘llar bor», deb qoldi. Bolalar allaqachon mashinada uxlab qolishgan edi. Savol nazari bilan xotiniga qaradi. U esa yelka qisdi. O‘zining bo‘lsa «Ha» demoqqa holi yo‘q, asablari buzilgan, juda charchagan edi…
Usta ularni darvoza oldidagi choqqina xonaga kirgizdi, u yerda to‘rdagi kichkina televizoru, taxmonda turgan to‘rtta ko‘rpadan bo‘lak hech qan­day jihoz yo‘q edi. Uy egasi, «Yangangizni bezovta qilib o‘tirmaylik. Kelin joy tashlab ola qolsin», deb chiqib ketdi. Ilyos har qancha toliqqan bo‘lsada, negadir uxlay olmadi. Ko‘zlarini katta-katta ochgancha pishillab uxlayotgan xotini va bolalari­ga qarab yotaverdi, har zamonda derazadan oy shu’lasida oqarib turgan mashinasiga ham qa­rab-qarab qo‘yardi. Tongga yaqin ko‘zi ilingan ekan, xotini turtib uyg‘otdi. «Turing endi, mashinani tuzatib yo‘lga chiqa qolaylik. Onam bilan dadam ham xavotir olib o‘tirishgandir. Bu yerlarda antenna yo‘q ekanmi, hech telefon qila olmadim». Uning butun a’zoyi badanini yoqimsiz lohaslik egallab olgandi. Ko‘zini yirtgandek ochib, zo‘rg‘a o‘rnidan turdi. Usta do‘kondan kerakli narsalarni keltirib qo‘ygan ekan, u yuz-qo‘lini yuvguncha, filtrni qo‘yib, yog‘ quyib berdi. Ularning otlanayotganini ko‘rgan usta, «Bir piyola choy ichib ketinglar», deb manzirat ham qildi. Ammo choyga o‘tiradigan kayfiyatda emas edilar, rahmat aytib, usta bilan hisob-kitob qildida, yo‘lga tushishdi. Go‘yo endi hamma muammolar yechimini topgandek edi, tahlikali tun ortda qoldi, qarshilarida oftob ma­yingina nur taratmoqda, hamma yoq yop-yorug‘, hademay bir umrlik orzusi bo‘lgan azim shaharga kirib bori­shadi, lekin Ilyosning ko‘ngli hech yori­shay, demasdi.
– Endi choyni Toshkentga borib ichamiz, – dedi ming‘irlab xuddi o‘ziga gapirayotgandek. – Kutilmagan xarajatlar ko‘payib ketdi.
Hammaning qorni och bo‘lsa ham, unga hech kim e’tiroz bildirmadi: «Tezroq yetib olishsa bo‘ldi».
Qaynonasi ularni bir ahvolda kutib oldi: «Shunday ham qilasizlarmi? Kechasi bilan kiprik qoqqanim yo‘q. Ko‘nglim qayerlarga borib kelmadi. Bir og‘iz telefon qilib qo‘ysanglar bo‘lmaydimi?» Ilyos indamadi, ayolining ham uzoq izoh berib o‘tirishga holi yo‘q edi. Qaynona yordamchi chaqirganmi, yuborilgan jihozlarni ikki kunda joylashtirib, uyni kirib dam olsa bo‘ladigan holatga keltirib qo‘ygan edi.
– Ovqat tayyor, kecha qaynatma osib qo‘ygandim, qayta-qayta qaynayverib, go‘shtlari hil-hil bo‘lib ketdi. Bir yuvinib, ust-boshlaringni almashtirib chiqsanglar, issiqqina ichib olardinglar.
Ilyos toza kiyimlarini olib, yuvinishga kirib ketdi. Iliqqina suv toliqqan vujudiga xush yoqdi. Suvning tagidan chiqqisi kelmay ancha qolib ketdi. Kiyinayotib beixtiyor mashinaga qo‘ygan pullari yodiga tushdi: «Shuni olib qo‘yishim kerak. Birov-yarim mashinaga kirib qolsa, bor-yo‘g‘imizdan ajralib, begona shaharda bir so‘msiz qolib ketmaylik yana». Hammomdan chiqib, to‘g‘ri tashqariga yo‘l oldi. Pul mashinada yo‘q edi. «Xotin olib qo‘yibdida», degan xayolga borgan bo‘lsada, negadir ko‘ngliga notinchlik oraladi. Ichkariga kirib, hammomning eshigini qoqdi: «Manzura, bardachokdagi pulni uyga olib kirdingmi?» Ichkaridagi suvning ovozi pasayib, xotinining xavotirli ovozi eshitildi: «Qanday pul? Men hech qanday pulni ko‘rganim yo‘q». Ilyosning joni chiqib ketgandek bo‘ldi: «Qan­day pul bo‘lardi? Bardachokka qo‘yilgan pulda. Hamma pulimiz!». Xotin bir zum jim qoldi, suvning ovozi ham batamom tindi: «Bu nima deganingiz? Qo‘ygan joyingizni yaxshilab qaradingizmi?»
«E-e!..», Ilyos qo‘l siltab, yana tashqariga chiqib ketdi. Er-xotin ro‘zg‘ordan qisib-qimtib anchadan buyon yig‘ib qo‘ygan pullarini ketish oldidan yiriklatib, yo‘lga chiqish chog‘i o‘z qo‘li bilan ma­shinaning old qutichasiga solib qo‘ygan edi. Mana endi!.. U mashinaning ichiga kirib, qutichadagi hamma narsani chiqarib tashlab, bir boshdan ko‘rib chiqdi. Pul solingan salafon xaltasi bilan yo‘q edi. Uning og‘zi qurib, tanglayi qotib qoldi. Endi uyga kirishga majoli yo‘q. Og‘ir sudralib, kiraverishdagi uzun o‘rindiqqa o‘tirdi. Birpasda ichkaridan boshiga paxmoq sochiq o‘rab olgan xotini chiqib keldi: «Ha, nima bo‘ldi? Rangingiz oqarib ketibdi, topilmadimi?». U horg‘in bosh chayqadi: «Yo‘q». Manzuraning ham rangi oqarib ketdi: «Vooy, kim olgan bo‘lishi mumkin?» Ilyos unga qaramasdan javob qaytardi: «Yog‘ quydiramiz deb, necha kishini mashinaga aylantirdik. Qaysi biri halollab ketganini qayerdan bilamiz endi?» Ular ancha vaqt jim qolishdi. Qishloqda pulsiz qolishsa ham, bir-ikki oy bemalol yashashlari mumkin, ishga piyoda bo­rishsa, bir xalta unni do‘kondan qarz olib turishsa ham bo‘ladi, kartoshka-piyoz, go‘sht ham shunday – hamma tanish. Bu yerda kimdan qarz so‘rashadi? Pul topib kelay deb, ishga borish uchun ham yo‘lkira kerak. Hali o‘sha ishni topish kerak. Ammo pulsiz bir qadam tashlashning iloji yo‘q.
Kechga yaqin qaynotasi keldi. Pul yo‘qotishganligi haqidagi sovuq xabarni u allaqachon eshitgan ekan. Bu xabar malol kelganini yashirib ham o‘tirmadi: «E, qanaqa odamsilar o‘zi? Yo‘lga chiqishdan oldin mashinani ishonchliroq ustaga ko‘rsatmaysilarmi? Ha, shunday bo‘pti, mayli, shuncha katta pulni ham bardachokka solib qo‘yadimi odam? Yuzaga pul qo‘ygan ekansilar, birov-yarim mashinaga aylanganda, o‘sha puldan boxabar bo‘lib turmaysilarmi? Odam ham shunday landavur bo‘ladimi? Og‘zidagi oshini oldirib, shalpayib yurgan­ning shaharda yashashi oson emas». Ilyosning rangi oqarib ketdi. Qaynotasining gapi shusiz ham mung‘ayib turgan ko‘nglini tilka-pora qilib tashladi. Shartta o‘rnidan turib, «Rost aytasiz, menga o‘xshaganlar shaharda yashay olmasligi aniq», deb yelkasiga kostyumini ilgancha chiqib ketgisi keldi. Bir amallab o‘zini bosdi. Ammo qaynotasining oldida ortiq o‘tira olmadi. Bir so‘z demay o‘rnidan turib ketdi. U azaldan qancha jizzaki bo‘lsa, shuncha irodasiz edi. Uning sumalak misol sinib, parchalanib ketishi uchun juda ko‘p narsa kerak emas. Katta shaharda hali ishga joylashmasdan pulsiz qolib, o‘zicha orqa qilib kelgan, yagona suyanchig‘i hisoblagan qaynotadan gap eshitishku, katta fojia edi uning uchun. «Ahmoq, kelib-kelib xotinning urug‘iga suyanamanmi? Undan ko‘ra, o‘sha qishloqda qishda muzlab, yozda terlab, irib-chirib yuraversam bo‘lmasmidi? Mol boqsayam kuni o‘tardi. Bu esa orzularga berildi. O‘zicha fan doktori bo‘lib, professorlik portfelini ko‘tardi. He-e!..» Deraza oldida turib, ko‘chani kuzatdi. Odamlar tinmay u yoqdan bu yoqqa yuradi, hamma qandaydir xayolga berilgan, tashvishli, bir-biriga beparvo ko‘rindi ko‘ziga. Qishloqda birov tashvishli ko‘rinsa, hech bo‘lmasa ahvol so‘rashadi: «Nima bo‘ldi? Tinchmisiz?» deb. Oyoqlari tolib endi karavotga cho‘zilgan edi, xotini kirdi: «Sizni otam chaqiryapti». U ming malol bilan, bor zahar-zaqqumini ichiga yutib o‘rnidan turdi. Mehmonxonaning ostonasida turib, qaynotaga savol nazarida qaradi. Qaynota ham oshiqcha gapirib yuborganini tushungan shekilli, Ilyosni yoniga chaqirdi:
– Qani, munday kelingchi, Ilyosboy. Ha, durust. Lekin siz sal narsaga bunday arazlashni yig‘ishti­ring. Nimaga gapirdim? Sizni bolam o‘rnida ko‘rganim uchun, ichim achigani uchun gapir­dimku.
– Endi… Men ham bir amallab yiqqan pulimdan ayrilayin deb yo‘qotganim yo‘qku. Birov «ma, ol» deb qo‘sh qo‘llab berib turgan puldan ko‘ra o‘zim­ning pulimni cho‘ntakdan olib ishlatganim yaxshimasmidi?
Qaynota uning yelkasiga qoqdi:
– Mayli, o‘g‘lim. Ketgan molga achinmang. Hali bu o‘rtada sizdan boy odam bo‘lmaydi. Ungacha mana biz bor, o‘zimiz qarashib turamiz. Xo‘-o‘sh, ertaga ertalab mening yonimga o‘tasiz. Birgalikda rektorning yoniga kiramiz. Gaplashib qo‘yilgan. Bir ko‘rishib, tanishib chiqasiz.
O‘rtadagi g‘ubor tarqagandek bo‘lsa ham, Ilyosning ko‘nglida zilday og‘ir bir tosh qoldi. Kimsasiz dashtu biyobonda yolg‘iz qolib ketgandek abgor his qildi o‘zini. Otasi, opasi bevaqt o‘lib ketishganini o‘kinch bilan esladi. Ular hayot bo‘lishganda uni hech qachon qaynotaning yordamiga muhtoj qilib qo‘ymas edi. Otasi juda g‘ayratli inson edi. Onasi­ning ham qo‘lidan kelmaydigan ish yo‘q. Shaharga intilish tabiiy holat ekanligini ham tushunadi. Agar otasi bilan opasi hayot bo‘lganida onasining o‘zi ko‘chmasa ham, uning oldiga tushib, shaharga joylashtirib ketgan bo‘lardi. Hozir go‘daklarcha qaysarlik qilib, otang bilan opangni tashlab keta olmayman, deb oyog‘ini tirab turib olgan. Bu qaysarlik uning butun ongini shunchalik qamrab olganki, yolg‘iz o‘g‘lini qaynotaning qo‘liga muhtoj qilib qo‘yayotganligini ham o‘ylamayapti.

* * *

O‘sha yili qish erta keldi. Fotima birinchi qor yoq­qan kecha g‘alati tush ko‘rdi. Emishki, uning uyi bir tepalikda joylashgan, atrof oppoq qor emish, uydan ko‘chaga olib chiqadigan yagona yo‘lni qor qoplagani yetmagandek, qandaydir buldozer kelib, yon-atrofdagi qorlarni ham surib, uning hovlisi atrofiga uyib tashlayotganmish. U esa ostonada yo‘l axtarib hayron turarmish. Ertalab turib qarasa, haqiqatan ham, ostonasida oyoq bosgudek joy yo‘q, hamma joy oppoq qor, hatto e­shik oldida turadigan kovushi ham qorga ko‘milib qolgan edi. Qorga qarab, beixtiyor ko‘rgan tushini esladi. Ich-ichida qaysarlik hissini tuydi. Ichkariga qaytib, qalin ki­yimlarini kiyib chiqdi. Qo‘nji baland etigini ham unutmadi, bostirma tagidan belkurakni olib, qor kurashga tushib ketdi. Qor to‘xtamay yog‘ayotgan bo‘lsada, bir soatlardan so‘ng hovli­ning yuzi ochilib qoldi.
Qor tinimsiz o‘n kun yog‘di. Fotima hali xurmo, anorlarini uzmagan edi. Hammasini sovuq urib ketdi. Burushib qolgan xurmolarga, tars-tars yorilib, ayozdan qorayib ketgan anorlarga qarab, ichi achish­di. Nabiralari uyda bo‘lganda, shuncha rizq hech qachon uvol bo‘lib qolmasdi. Yeyishardi, ortganini bolalarga terdirib, qishga g‘amlab qo‘yishardi, ba’zan bozorchilar olib ketishardi. Bu yil, avvaliga nabiralarim kelib qolar, daraxtning o‘zidan uzib yeyishning gashti o‘zgacha, deb nabiralarini kutdi, ular kelavermagach, ko‘ngli o‘ksidi. Sotish nari tursin, uch-to‘rttani o‘zi uchun ham uzib qo‘ymadi. Endi esa butoqlarda qolib ketgan shuncha rizqqa qarab, arazkashligidan nadomat chekib o‘tiribdi. Lekin u qor bilan mardlarcha kurashdi. Ostonadan darvozagacha, bu yog‘i bostirmagacha kuniga ikki mahal kurab tashlayverdi. Kuralgan qorlar xuddi tushida ko‘rgandek tog‘ bo‘lib uyilib ketdi, faqat yo‘lida emas, dov-daraxtlarning tagiga yig‘ildi.
Erta kelgan qish Navro‘zgacha cho‘zildi. Yilt etib chiqqan quyoshni ko‘rib, yanvardayoq gullab yuboradigan bodomlar ham ancha kech gulga kirdi. Ammo keyin kunlar birdan yumshab qoldi. Fotima ne bir havaslar bilan hovlisidagi mo‘jazgina bog‘ga har daraxt turidan ikki tupdan o‘tqazgandi. Ular ham qishdan sog‘-omon chiqib olgan bekalarini qutlab, birin-ketin gulga burkandi. Avval bodomlari, so‘ng nok, o‘rik va shaftolilar, keyin ertapishar olmalari, keyin kuzgi olmalar, behilari… Xullas, ularga qarab, Fotima chuqur xo‘rsinib qo‘yardi ba’zan: «Ha, hayot davom etyapti. Sen nima deb o‘ylaganding? O‘g‘lim ketsa, hayot to‘xtab qoladi, men yashay olmayman, deb o‘ylaganmiding? Shunday mehribon qizing o‘lib ketdi, o‘lmading, o‘lolmading. Ering o‘ldi, sen yig‘lab-siqtab yursang ham, issiq oshingni ichding, sovuq noningni yeding, tirik odam tirikchiligingni qilaverding. O‘g‘lingku, xudoga shukr, katta shaharda, boy qaynotaning soyasida soppa-sog‘ yuribdi. Ha, sen yolg‘izlikdan qo‘rqqanding. Bunga ham ko‘nikding. Ko‘nikmay nima ham qilarding, bu o‘zing tanlagan qismat emasmi axir? Yolg‘izgina o‘g‘lingni bir chaqasiz begona shaharga jo‘natding. So‘ng undan xafa bo‘lding. Lekin undan o‘pka-gina qilishga haqqing bormi sening?»
Haa, birga ketishi kerak edi, o‘g‘lini juda yaxshi ko‘rardi, eri va qizidan keyin bu yorug‘ olamini yoritib turgan yagona shamchirog‘i shu o‘g‘li edi. Ammo u ketmadi, keta olmadi. O‘g‘lining shaharga intilishini ayblamagani barobarida, ichidagi gina­gami, norozilikkami o‘xshash bir narsa uning izidan borishga, hech bo‘lmasa qo‘ng‘iroq qilishga ham izn bermaydi. Bo‘g‘ziga toshdek bo‘lib tiqilib, na nari, na beri kelguvchi sog‘inch ba’zan ko‘zlaridan jola bo‘lib to‘kiladi… Shunday paytda eshik-derazalari ichkarida bo‘lgan qorong‘i xonaga kirib bo‘kirib-bo‘kirib yig‘lab oladi. Biroz yengil tortib, o‘tiradigan xonasiga chiqqanda, birinchi bo‘lib telefonga qaraydi. Lekin telefon qilmaydi: «O‘zi izlamayaptiku». Biladi, katta shaharning tashvishlari ham ko‘p. Yangi ish. Ilmiy ishini ham boshlab yuborgandir. Bu yog‘i erka xotiniyu qaynopayu, qaynsingilning tashvishlari ham bechora bo‘shang bolamning boshidadir… Ularning orzu-havasi hech bitmaydi. Boradigan joylari bo‘lmasa, biron restoranda choy tashkil qilishadi. Bir-birini yo‘qlaydi. Xullas, uylarida tinchgina o‘tira olishmaydi. Yurib, pul sarflab turishmasa, hisobmas. Bo‘sh-bayov Ilyos ularga tekin shofyor bo‘lib qolgandir. Otalari uy berib qo‘yibdi, ishga joylab qo‘ygan. Qizlarining xizmatini qilmay iloji bormi? Shularni hisob-kitob qila turib ham Fotimaning ko‘ngli yumshamaydi: «U meni tushunmadi. Ikki farzandning biri bo‘lsa ham, otasi hayot bo‘lganida ham mayli edi. U o‘zi­ning hoyu havaslarini mendan yaxshi ko‘rdi, menga nisbatan beshafqatlik qildi».

* * *

Yo‘g‘on cho‘zilib, ingichka uziladigan payt Sabo­hat hamisha momoning nazoratida bo‘lardi. Momosi hamma ishini qo‘yib, faqat shuning tomog‘ini parvarishlash bilan band bo‘lardi. Shu qiz uchun har yili hovlida sumalak qaynatilar, so‘ng Sabohat yeydi, deb ancha-munchasi bankalarga solinib, sovutkichga tiqib tashlanardi. Hali ko‘k somsa, hali ko‘k chuchvara, asal, yong‘oq, soyaki mayiz… Momo «Manavini yemapsanku», deb doim uning izidan yurardi. Hech qachon u bilan na otaning, na onaning ishi bo‘lmagan, yotib qolsa, do‘xtir chaqirib, dori tashigan, boshida turib, muolaja qilgan ham shu momo edi. Ota-ona bolasi qachon og‘ridi, qanday dori ichib, qachon tuzaldi, bilmay ham qolardi. Shaharga ko‘chib kelishgan yili Sabohat qishning adog‘ida qattiq shamollab qoldi, aslida butun oila shamollagandi, hamma besh-olti kun yotib, yengil-elpi muolaja bilan turib ketdi. Sabohat esa yotib qoldi. Tuni bilan yo‘talib chiqar, u yo‘talganda uyning beton devorlari zirillab ketgandek bo‘lar, deyarli hech narsa yemas, bora-bora kunduzlari ham o‘rnidan turmay yotadigan bo‘lib qoldi. Kechalari yo‘tala-yo‘tala bo‘g‘ilib qolgan damlar Ilyos yotog‘idan chiqib, qizining boshiga kelar, uyqusini ocholmasdan bo‘g‘ilib yo‘talayotgan qiziga qarab, yuraklari achishib ketar, oshxonadan issiq suv olib kelib, yig‘lab yubormaslik uchun lablarini qattiq tishlab olgancha, suvni qizining og‘ziga tutar, yo‘tal esa shunda ham to‘xtamas, u ilojsiz karavotga o‘tirib, qizini bag‘riga bosar, shu bilan qizaloqning dardini yengillatishga urinar edi. Ammo qizgina ko‘zlarini ham ochmasdan bo‘g‘riqqancha quv-quv yo‘talaverardi. Shunday paytlar Ilyosning yodiga onasi tushardi. Sabohat boshdan juda nimjon bo‘lib ulg‘aydi, tez-tez shamollab qolar, hamisha qiyin tuzalardi. Ilgari shamollab, yo‘talib qolsa, tunlari Ilyos bolasiga ichi achishsa ham o‘z xonasida indamay yotaverardi. Chunki unda onasi bor edi. Xotini uchun eri ovoragarchilikdan erinmay, bolalarini dong‘i ketgan do‘xtirlarga olib borsa, puliga qizg‘anmasdan qimmat-qimmat dorilarni olib kelib bersa, bo‘ldi. Bola bu dorilarni ichyaptimi-yo‘qmi, ular o‘zi qanday dori ekan, qanday foyda-ziyoni bor, bu bilan qiziqib ham o‘tirmasdi. Ba’zan Ilyos jig‘ibiyron bo‘lib, xotinini urishib tashlardi: «Hey, onasanku sen ham, dorilarini vaqtida ichyaptimi-yo‘qmi, qarasang bo‘lmaydimi? Bolang ichayotgan dorilarning nomini ham bilmaysan hatto!» Xotini esa to‘ng‘illab uni qaytarib tashlardi: «Dadasi, buningiz yosh bola emas, o‘n ikkiga kirdi. Bir marta tushuntirgandan keyin o‘zi bilib-bilib ichaversinda. Men bekorchimasmanku, men ham siz bilan baravar ishga borib kelyapman», «Menga sening ishing umuman kerak emas. Bolaga qara, sening ishing – shularni sog‘-salomat katta qilish». Xotin shaharga kelgandan beri juda o‘zgargan, ba’zan erining tanbehlariga javob ham berishni istamay, qo‘l siltab qo‘ya qolardi. Dori, muolaja haqida gap ketganda ham, jerkib tashlab, nari ketardi: «Podumayesh, men sizga duxtirmanmi? Ana, kasalxonaga yotqizing» O‘ylab ko‘rsa, ayoli hech qachon bolalarga joni achib qaramagan ekan. Ishga borgan-kelgan. Kelib, qora qozonini qaynatgan. So‘ng seriallariga termulgan, seriallar bo‘lmayotgan payt biron odam yo‘q joyni topib, masalan, mehmonxona yoki og‘ilxonagami borib, soatlab o‘tirib, onasi, opa-singillari bilan gaplashgan. Uning har bir kuni, Ilyos bilan birga kechgan, kechayotgan butun umri shunday o‘tgan. Bolalarga esa hamisha onasi, faqat onasi qaragan. Maktabga kuzatgan, kutib olgan, ovqatlantirgan, darsini qildirgan, gurunglarini eshitgan, kasal bo‘lsa, davolagan. Ammo bu safar kun o‘tgan sayin bolaning ahvoli og‘irlashib borardi. Shifoxonaga yotqizib davolatmasa bo‘lmaydigan bo‘ldi. Ayoli «Bir bolaga ikki kishi sarson bo‘lib yuramizmi? O‘zingiz olib boringchi, nima deyisharkin? Shunga qarab, harakatimizni qilaveramiz. Siz bilan yetaklashib yurishga hozir sira vaqtim yo‘q, yaqinda attestatsiya bo‘ladi, hujjatlarimni taxlab chiqishim kerak», deb ishiga ketdi. Viloyatda savodi o‘ziga yarasha duxtir bo‘lsa ham hamisha «E-ee, falonchi ustozning nabirasimi bu qizaloq?» deb hurmatini o‘rniga qo‘yar, yelib-yugurib, qo‘llaridan kelgancha xizmatlarini qilishar edi. Ammo shaharning chiroyli duxtirxonalarida esa, hamma qandaydir jiddiy va tund, xuddi yaltillagan temir odamdek dardu ahvolingizga butkul befarq va beparvo, qizining bosh ko‘tara olmay o‘tirganini ko‘rib turib ham, qo‘liga bir dasta qog‘oz tutqazishdi: «Mana shu analizlarni topshirib keling. Natijasiga qa­rab yotqizamiz». «Axir, bola yura olmaydiku. Shu analizlarni yotqizgandan keyin bafurja duxtir nazoratida olsa bo‘lmaydimi?», «Yo‘q, bolangizda biron yuqumli kasallik bo‘lsa, boshqalarga yuqib qo­lishi mumkin. Kutib turing, arava bo‘shasa, arava bilan olib yurasiz», hamshira qoshlarini chimirib keyingi bemorga yuzlandi. Arava o‘lgur ham hadeganda bo‘shayvermagach, Ilyos qizini opichlab yurib, qon, siydik analizlari topshirdi, ostonasida odam uymalashib yotgan tekshiruv apparatlaridan o‘tkazdi. Qovog‘idan qor yog‘ib turgan semiz duxtir ayol, tahlil natijalariga qarab, ularni «gemog­lobini tushib ketibdi», deb gemotologiya bo‘limiga yubordi. Xotiniga qo‘ng‘iroq qilgan edi: «Dadasi, o‘zingiz bir ilojini qilmasangiz bo‘lmaydi. Men hozir ishdan keta olmayman», dedi. U «Onang qarasachi?» degan edi, «Bilasizku, dadam juda injiq bo‘lib qolgan, onam uyda bo‘lmasa, qiynalib qoladi», degan javobni oldi. Ilyosning ko‘ziga dunyo tor ko‘rinib ketdi. Ishi bir gap bo‘lar, kasallik varaqasi olib borsa, hech kim hech narsa demaydi. Kechki payt saboq beradigan o‘nta abuturiyenti bor, ikkita nashriyotdan tarjima uchun ish olgan. Axir bular oila uchun osh-non, qizi uchun dori-darmon ediku. Xotini bo‘lsa!.. Ammo xotini hisob-kitobdan yanglishadiganlar toifasidan emas edi: «Hozir taksiga chiqib, zing‘illab uyga boringda, choynak-piyola, kosa-likopcha degandek, kerakli narsalarni olib keling. Dorixonalar kasalxonaning oldida. Birato‘la tarjimangizni ham olvoling, bola yotganda ishingizni qilaverasiz. Kechki payt ovqat olib borganimda, men o‘tirib turaman, siz biron ikki soatga repititorligingizga borib kelarsiz». Ilyos so‘kinib yuborishdan o‘zini zo‘rg‘a tutib qoldi. Oldida munchoqdek ko‘zlari jovdirab qizi yotibdi. Xonada yana bir bemor bor. Shularning oldida o‘zidan o‘tganni o‘zi bildi. «Mayli, qizi sog‘ayib ketsa bo‘ldi». Avval boshda bir ko‘ngli shu qizni onasiga qarashib yurishi uchun qishloq­qa tashlab kelmoq­chi edi. Xudbinlik qildi. Sog‘inib qolaman, dedi. Tashlab kelgandaku, onasi rosa xursand bo‘lardi, o‘zi ham savobga qolardi. Shu qiz momosi bilan bo‘lganda bunday holga tushib qolmasdi…
Shifoxonada qizchaning ahvoli yana ham og‘irlashdi. Uch-to‘rt kun o‘tib ranglari sarg‘ayib ketdi. Duxtirlar «Bola nimadandir zaharlangan bo‘lsa kerak, bu gemoglobini bilan bunchalik sarg‘ayib ketishi mumkin emas», deb yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yuborishdi. Bu shifoxona shahar­ning olis bir chekkasida ekan, yetib borgunlaricha bola inqillab, ingrab bordi. U yerda ham boshqatdan tahlil uchun qon-peshob olishdi, bir boshdan tekshiruv apparatlaridan o‘tkazishdi, nimadan zaharlanganini aniqlay olmagan bo‘lsalar ham qonini yuvamiz, deb tomchi ukol ulab qo‘yishdi. Ilyosning qo‘liga ham ikki varaq dorilar ro‘yxati berdi. Oradan uch kun o‘tib, qizning ahvoli o‘nglanavermagach, sarg‘ayish zaharlanish alomati emas, buyrak faoliyati buzilganligidan, ya’ni buyrak peshob hayday olmayotganligi tufayli, peshob badanga tarqa­lib, uni zaharlayapti, degan xulosa bilan buyrak kasalliklari bo‘yicha mutaxassis chaqirishdi, u ham bir dunyo dori-darmon yozib berdi… Ilyosning cho‘ntagida esa bir chaqa ham qolmagan edi. Katta shaharda qaynotasidan bo‘lak qarz olib turishi mumkin bo‘lgan biron yaqini ham yo‘q. Qaynotadan so‘rash esa o‘limdan ham og‘ir. Eh, qishloqda yashayotganidami!.. Dorixonalarga borib, dunyo-dunyo dorilarni qarzga yozdirib olsa ham bo‘lardi. Ammo bu yer shahar… Shaharning o‘z qonunlari bor. Bu beshafqat qonunlarga dosh bera olmaganlar­ning beli sinib ketadi.
– Otangdan ozroq qarz olib turmasak bo‘lmaydi, shekilli, – umid bilan kechki payt ovqat olib kelgan xotiniga termildi u. – Yana qancha dori kerak bo‘lishini bilmaymiz. Sa­boning ahvoli yaxshi emas. Boshqa mutaxassis chaqirishimizga to‘g‘ri keladimi, deyman.
Xotin chuqur xo‘rsinib, yelka qisdi:
– Ha, pul ham tugadi. Bu hafta mashinani bozorga chiqarmasangiz bo‘lmaydi. Dadamga oldin olgan qarzlaringizni ham berganingiz yo‘q.
– Hali ko‘p pul kerak bo‘ladiganga o‘xsha­yapti. Sabodan shu temir qutini qizg‘onarmidim? Albatta, sotaman. Lekin yakshanbagacha to‘rt kun bor. Shu uchun dori xarajatlarini otang berib tursa, mashi­nani sotishimiz bilan avvalgi qarzlarimizni ham qo‘shib qaytarardim.
– So‘rab ko‘ring, beradi menimcha, agar biron kattaroq xarajat qilib qo‘ymagan bo‘lsa.
Bolaning ahvoli, o‘zining pulsiz qolib ketgani ustiga xotinining sansalorlik qilayotgani asabini buzib yubordi:
– Ota senikimi? O‘zing so‘rasang o‘lib qolasanmi? Yoki bermay ketadi, deb o‘ylayapsanmi? Beraman, hech qayerga qochib ketmayman, to‘rt kunda mashinani sotib hamma pulini qaytaraman, – nafrat bilan bosh chayqadi. – Shu qadar bexayrsanki, bolangdan ham bir og‘iz suxaningni qizg‘anasan. Odammassan!
– Nimalar deyapsiz? – xotinining rangi gezarib ketdi. – Erkak odamdan erkak kishi so‘rasin, deyapmanda. Otam ham bizning pul-mulga aralashganimizni yomon ko‘radi. So‘ra desangiz, so‘rayveraman.
– E-ee, ming lan’at senday onaga! Shu bolaga tuzukroq qaraganingda bu ahvolga tushib qolmagan bo‘lardi. Onam sho‘rlik «Buning juda zaif», deb nima topsa, shuning og‘ziga tiqardi. Sen esa obkeb bergan dorini ichayotgani-ichmayotgani bilan ham qiziqmading. Agar shu qizga bir narsa bo‘lsin, bu shaharda bir soniya ham qolmayman. Uyingni ham, sharoitingni ham, pulingni ham bag‘ringga bosib o‘tiraverasan keyin!
U ortiga burilib, zarda bilan palataga kirib ketdi. Izidan xotini kirdi. Palatadagi begona ayol oldida otasidan pul so‘rab, qo‘ng‘iroq qilmasligi aniq edi. U tishlarini g‘ijirlatib, yana xonadan chiqdi. Yo‘lak derazasi yoniga kelib, cho‘ntagidan telefonini oldi va qahr bilan qaynotasining raqamini terdi:
– Assalomu alaykum…
– Vaalaykum assalom. Ha, Ilyosboy, yaxshimisiz­lar? Sabohat yaxshimi?
– Ha, dada, hozir nefrolog kelib ko‘rib ketdi. Ancha dori yozib berdi. Buyragi peshob haydamayotgan ekan, shuning uchun rangi sarg‘ayib ketibdi. Shu yakshanba mashinani bozorga chiqaraman, puldan qiynalib qoldik. Yakshanbagacha dori-darmonlarimizga qarashib turasizmi, degandim. Mashinani sotib, hamma qarzlaringizni birdan qaytaraman.
Aloqa uzilib qolgandek orada jimlik paydo bo‘ldi. U hayron bo‘lib, o‘chib qoldimikin, deb telefon apparatiga qarayotgan edi, qaynotasining ovozini eshitdi:
– Shundaymi? Mayli, qancha kerak o‘zi?
– Ancha-muncha… Bilasiz, dorilar juda qimmat, yakshanbagacha hali yana to‘rt kun bor.
– Men ham bir xarajatni rejalashtirib turgan edim. Endi to‘xtatib turamizda. Sizni bir amallab xorijda o‘tadigan ilmiy simpoziumga yozdirib qo‘ydim. Agar ma’ruzangiz anjuman ishtirokchilariga ma’qul kelsa, siz ularning doimiy ishtirokchisiga aylanasiz. Bu degani pulning tagida qolib ketishingiz mumkin, degani. Tak chto, moshin sotilayotganiga ko‘pam siqilmang. Mol-dunyo kelaveradi-ketaveradi. Bolalar sog‘ bo‘lsin. Bir kep keting, bo‘lmasam…
«O‘zi va’da qilgan mol-dunyoga o‘zi ishonmaydi. Bo‘lmasa, moshinni sotmay tur, erta-indin boyib ketsang, pullarimni qaytarib beraverasan, demaydimi? Yo‘q, bu kishimga shaharning nuqsi urib qolgan, nasiyaga yurmaydi. Mayli, moshinni sotadi, piyoda yursa ham, qizi sog‘ayib ketsa bo‘lgani».
Onasi bo‘lganida… So‘rashiga hojat qoldirmasdi, borini Ilyosning qo‘liga tutqazib, o‘zi Sabohatning yonidan bir qadam ham qimirlamasdan o‘tirardi. Hamisha shunday bo‘lgan. Shu uchun xotini bolalarini onasidan qizg‘anib yurardi. Bolalar biron erkalik yoki tartibsizlik qilib qo‘ysa, «Bularni endi tartibga olishning sira iloji yo‘q. Momosi erkalayverib, qattiqquloq qilib qo‘ygan. Bularingiz endi odam bo‘lmaydi», derdi andisha ham qilib o‘tirmay. Uning bu andishasizligiga javoban onasi ko‘pincha indamay qo‘yar, ba’zan esa «Tavba, buvim­ga jun tutgan ham yoqmaydi, deyishganlaridek bo‘ldi bu yog‘i. Ham bularning bolasiga qara, ham malomatga qol. Noshukrlar», deb qayirib tashlardi. Mana, tekinga «jun tutguvchi» xizmatkor ham yo‘q. Bola­sining ahvoli esa…
U palataga kirib, qizining yoniga o‘tdi. Sochlarini silab, ohistagina peshonasidan o‘pdi:
– Sen bexavotir yotib tur, qizim, hozir men senga dori olib kelaman.
Xotini unga savol nazari bilan qaradi. U esa indamay xonadan chiqib ketdi.
Qaynotasi uyda ekan. Qo‘liga bir dasta pul tutqazib, birga-birga ko‘chaga chiqdi. Kuzatish bahonasida zimdan mashinaga razm soldi. Unga qarab, Ilyosning g‘ashi keldi: «O‘zi sotib olmoqchimi? Yoki mashinaning puli u xarjlashi kerak bo‘lgan to‘rt kunlik xarajatni qoplaydimi-yo‘qmi, shuni bilmoqchi bo‘lyaptimi?..» Yodiga endi turmush qurgan kezlari xotinining «Viloyatning duxtirlariga ko‘rinmayman, shaharga ketamiz, otam yaxshi duxtirlarga ko‘rsatadi» deb qilgan injiqliklari uchun azza-bazza Toshkentga kelib, qaynotasi bilan duxtirga borganlari, boy qaynotasi esa duxtir yozib bergan dorilar ro‘yxatini uning qo‘liga tutqazgani yodiga tushdi. Aslida, bu hech narsa emas, xotin o‘ziniki bo‘lgach, dori-darmonini ham o‘zi olishi kerak. Ammo dorilar ro‘yxatini unga bergan odam boyvachcha, bemorning otasi, ular esa, kunda topganini kunlik xo‘rakka sarflovchi oddiy odamlar, shu odamni qora tortib ming chaqirim joydan kelgan mehmon edilar. Bir ko‘ngli ortiga shartta burilib, «Yo mashinani o‘zingiz olib qo‘ya qolasizmi? Juda asrab minganman. Pulingiz o‘zingizda qoladi. Menga qizim tuzalguncha qarashib tursangiz bo‘ldi», deb chaqib olmoqchi bo‘ldi. Ammo qo‘l siltadi, bunday piching uchun na vaqti, na kuchi bor edi hozir. U mashinaga o‘tirgach, qaynotasi yoniga kelib, go‘shtdor qo‘llari bilan yelkasiga qoqdi: «Bugungi ahvol sizga bir umrlik saboq bo‘lsin. Har bir odamning qancha topishidan qat’i nazar, o‘zidan ham yashirib qo‘ygan besh-to‘rt so‘m puli bo‘lishi kerak. O‘zim­ning qizim bo‘lsa ham aytay, topayotgan hamma pulingizning hisobini ayolingizga aytishingiz shart emas. Ayollarning orzu-havasi tugamaydi. Bugungiday qiyin kunlar boshingizga tushsa, yana o‘zingiz yugurishingizga to‘g‘ri keladi. Shu moshin bor ekan, sotaman, deyapsiz, u yo‘q bo‘lsa, nima qilardingiz? Moshinni sotib yurmang, kuningizga yarab turibdi, puldor bo‘lgan kuningiz uzarsiz qarzingizni. Bo‘lmasa ham, roziman».

* * *

Qish cho‘zilib ketgani kamdek, bahor ham seryog‘in keldi. Uncha-muncha eski devorlar ag‘anab ketib, yotgan joyida loyga aylanib qoldi. Quyosh nuri yaxshi tushmaydigan pana-pastqam burchaklar, tarnov suvlari quyilib turadigan ariqchalar po‘kanak otib, boznab ketdi. Ilyos uyda bo‘lgan paytlarda ham na o‘g‘ilning va na kelinning tomorqa bilan sira ishi bo‘lgan emas. Fotimaning o‘zi har bahor yer chopadigan, ekadigan, daraxtlarga shakl beradigan odam topib, tomorqaga bir boshdan zeb berib chiqardi. U paytlar o‘g‘li va kelinining ishyoqmasligidan ko‘ngli ranjisa ham, yuragida bir havas, ishtiyoq bor edi. Odam olib kelib, erinmasdan o‘zi boshida turib, boshdan-oyoq hamma joyni tartibga oldirar, gullar ektirar, keyin yashnab ketgan tomorqasiga qarab o‘zi quvonib yurardi. Endi u hafsalalar yo‘q. Qarovsizlikdan xarob bo‘lib yotgan bog‘i bilan gulzoriga birov-yarim kelganda uyalmaslik uchun odam axtarib ko‘chaga chiqdi. Ko‘chaning boshida qo‘li kaltaroq bir oila yashaydi. O‘g‘illari ham mehnatkashgina. Ota yaxshigina bog‘bon. Ikki-uch yildan beri o‘sha ota-bolalar kelib, hamma yoqni tartibga solib yashnatib ketishardi. Sekin-sekin yurib, bog‘bon qo‘shninikiga bordi. Uni ko‘rib qo‘shni biroz xijolat bo‘ldi: «Opajon, yiqilib qo‘limni sindirib qo‘ydim. O‘ziyam o‘ng qo‘l, deng. Bo‘lmasa, jonim bilan edi. Gulzoringizni yakshanba kuni o‘g‘illar borib, qilib berishadi. O‘zingiz aytib-ko‘rsatib turasiz, ko‘nglingizdagidek qilishadi. Ammo daraxt kesishni bular eplay olishmaydi. Boshqa odam topmasangiz bo‘lmaydi».
Shugina gap ham uning ko‘ngliga botdi. Xuddi qo‘li tsingani uchun emas, o‘g‘li bilan kelini ketib, keraksiz buyumdek yolg‘iz qolgani uchun bahona topib, uning ishini qilmayotgandek tuyuldi. Oyog‘ini zo‘rg‘a sudrab, uyiga yo‘l oldi. Hamma joy ko‘ziga besarishta ko‘rindi, behafsala, ishyoqmas odamlardan o‘zicha koyindi. So‘rashmaslik uchun qarshisidan kelayotgan odamlarga qaramaslikka harakat qilib, yerga qarab ketayotgan edi.
– Assalomu alaykum, ustoz!
Ovoz nihoyatda tanish tuyulgan bo‘lsada, daf’atan uning egasi kimligini anglamadi. Hatto boshini ko‘tarib, kulib turgan yosh yigitga qarab ham kimligini eslay olmadi.
– Vaalaykum assalom, o‘g‘lim. – U shundaygina sidirilib yo‘lida davom etmoqchi edi. Biron o‘quvchisidirda. Bir umr muallimlik qildi, qancha bolaga dars berdi. Hamma o‘quvchini eslab qolish oson emas.
Ammo yigit uning indamaygina o‘tib ketishiga yo‘l qo‘ymadi:
– Ustoz, yaxshigina yuribsizmi? Meni tanimadingiza? Men Dovudman. Dovud. Oygul, Olimjon, Eshpo‘latlar bilan birga o‘qiganman.
– E-e, haa, – eslay olmagan bo‘lsa ham o‘zini taniganga soldi. – Dovudjon, yaxshi yuribsanmi? Onang yaxshimi? Sen bu yoqlarda nima qilib yuribsan?
– O‘zim, ustoz, shu yerdan o‘tib ketayotgan edim. Uzoqdan sizni ko‘rib, bir salomlashay deb burildim.
Dovud Fotima bilan darvozagacha birga keldi. Uning nimadir demoqchi bo‘lib taraddudlanayotgani ko‘rinib turardi. Ammo Fotima shu darajada behafsala ediki, hech kimni eshitishga kuch topolmasdi.
– Xo‘p, o‘g‘lim, ishlaringga omad tilayman. Kep tur.
– Ustoz…
Darvoza ortida qolgan Dovud ustozini qayta chaqirganda u allaqachon boshqa bir xayolot dunyosiga kirib bo‘lgan edi.
– Labbay, – hayron ortiga qayrildi u.
– Men… Men ijaraga uy izlab yurgan edim…
– Nega? – bu Fotima uchun hech kutilmagan gap bo‘ldi. – O‘zlaringning uylaringchi?
– Uni sotdik. Onam sotib, Isroilga ko‘chib ketdi. Men ketmadim. – Dovud yerga qaradi. – Shunga… uy olgunimcha bir ijara uy izlab yurgan edim. Bolalar siznikida joy borligini aytishdi.
Fotima daf’atan eshitib turgan gaplariga tu­shunmadi. Lekin yigitning miskin siyog‘iga qarab, yelkasida juda og‘ir yuk turganini his qildi:
– Qani, ichkariga kir, bolam.
Uni oshxonaga olib kirdi. Hozirgina o‘rab qo‘ygan dasturxonini qayta yozdi, tokchadan ikkita taqsimchaga qand-qurs olib qo‘ydi, piyola to‘ntarilgan choynakdan choy quyib uzatdi.
– Tinchlikmi, sen nega onang bilan ketmading?
– Ketgim kelmadim, – yerga qaradi Dovud. – Institutda o‘qiyotgan edim, shu yerda o‘sib-ulg‘ayganman. Do‘stlarim ham shu yerda. Ketmayman, desam, onam menga zarda qilibmi, yoki pul kerakligi uchunmi, hovlini sotib, singlim bilan ketib qoldi. U yoqda opam bor, u tinimsiz qo‘ng‘iroq qilib chaqiraverdi, chaqiraverdi. So‘ng onam ketaman, deb turib oldi. Men ketmayman, dedim. Ketgim kelmadi. Institutni bitirishimga oz qolgandi, shuncha mehnatimni kuydirib yuborgim kelmadi.
Fotima uning gaplarini eshitib, tikilib turarkan, qachon qaysi sinfda kimlar bilan o‘qiganini esladi. Sinfda yaxshi o‘qir ediyu, lekin juda bo‘shang bola edi. O‘sha bo‘shangligi bilan yolg‘iz o‘zi uysiz-joysiz qolib, institutlarni o‘qib, oila ham qurganligiga qoyil qoldi. Qat’iyatli ekan.
– Institutni bitirdingmi?
– Ha, ishga ham joylashdim. Bu yil uylangan edim, ijarada turgan joyim oilali odam uchun biroz noqulayroq. Shunga boshqa joy izlab yurgandim. Bolalar sizni aytishdi, – u xijolat bo‘lib yerga qaradi. – Kelinni ham taniysiz, bizdan ikki sinf past o‘qirdi, Sora. Hamma ishlaringizga yordam bera­miz, ijara haqini ham to‘laymiz.
Fotima ikkilanib qoldi. Dovud ham, Sora ham o‘zining o‘quvchilari. Maktab paytlarida o‘z farzandiday ko‘rib, ta’lim bergan, mehr qo‘ygan. Ammo bu degani butunlay boshqa dindagi odamlar bilan birga yashash, hamtovoq bo‘lish degani emasda. Qo‘ni-qo‘shni nima deydi? Yo‘q desa, jovdirabgina ko‘zlariga termulib turgan Dovuddan xijolat… Umumiy uyning qarshisidan qurilgan ikki xonali mehmonxona borku. O‘sha yerda yashayveri­shadi. Osh-ovqatini yozgi oshxonada pishiri­shadi…
– Sora ham institutni bitirgan. Asta-asta pul yig‘ib boryapmiz. Uch-to‘rt yilda kichkinaroq biron boshpana ham olib qolarmiz. O‘shangacha…
– Bo‘pti, bolam, – bosh irg‘adi Fotima. – Anavi uy bo‘sh turibdi, gilamlarini yig‘ishtirib tashlagan edim. Kelaveringlar.
– Rahmat, ustozjon, – Dovud sevinib ketdi. – Yo‘q, demasligingizni bilardim. Sora juda yaxshi qiz, qo‘lidan hamma ish keladi, barcha ishlaringizni bajaradi, qo‘lingizni sovuq suvga urdirmaymiz.
Fotima unga javoban miyig‘idan kulib qo‘ya qoldi.
– Ustozjon, shu bugunoq ko‘chib kelsak, maylimi? Xonamizga uy egalari bilan bitta eshikdan kirib chiqamiz, deng, biram noqulay. O‘zi to‘rttagina narsamiz bor, hozir olib kelamizda, uylarni artib-surtib joylashib olamiz.
– Xo‘p, bolam.
Sevinganidan deyarli uchib chiqib ketgan yigitning ortidan qarab beixtiyor o‘g‘lining ko‘chib ketgunicha «Jonga tegdi, bu uyda bir sharoit yo‘q, qishda muzlab o‘lasan, yozda terlab o‘lasan», deb tinimsiz to‘ng‘illashlarini esladi. Ha, Dovud ham xuddi mening bolamdek, o‘g‘lim bu uydan onasini yolg‘iz tashlab, qochib ketdi, bu yalinib-yolvorib, pul to‘lab, ham xizmatimni qilib yashashga rozi. Eh, noshukr odamzota, hech qachon oldidan oqqan suvning qadriga yetmaydigan odamzot!.. U o‘g‘lidan koyinib turib, uni, nevaralari­ni, hatto yuragining jon tomirlarini yulib ketgan o‘sha kelinni ham juda-juda sog‘inganini his qildi. Keyingi paytlarda asablari bo‘shashib ketdi, hatto serial ko‘rayotib ham ko‘z yoshlarini tiya olmaydigan bo‘lib qolgan. Yana ko‘zlariga duvullab yosh keldi. Yurak-bag‘ri o‘t bo‘lib yondi. Osmon o‘sha, yer o‘sha. Uy, hovli-joy, bog‘u gulzor o‘sha. Tong otyapti, kun botyapti, hammasi o‘sha-o‘sha, faqat uning yuragi huvullab yotibdi. O‘g‘li, nabiralari yonida emas. Kafti bilan og‘zini berkitib yig‘lab yubordi…
Ochiq qolgan eshikdan hovliga qaradi. Yo‘lak bo‘ylab bir tekis saf tortib turgan daraxtlar uzra bir parcha osmon osilib turardi. Eshik, daraxt, osmon qayerda yo‘q, shaharda yo‘qmi? Bor… Lekin shu eshik, shu daraxt, shu daraxtlar uzra unga termilib turgan osmon hech qayerda yo‘q. Fotima dunyoni faqat shu eshik orqali ko‘rishga o‘rga­nib qolgan. Boshqa eshik ortida o‘tirib, dunyoni kuzata olmasa kerak. «Ha, birga ketsam bo‘lardi… O‘zim yomonman, injiqman, qaysarman. Bolaginam qaynotaning uyida qanchalar qisinib yashayotgandir. Qaynsingillariyu qaynota-qaynonasi biri qo‘yib, biri «Laylak uchdi, g‘oz qo‘ndi» bo‘lib yotishgandir. Dasturxoni kun uzun yig‘ilmasa kerak. Bolalari ham katta bo‘lib boryapti. Daromadi buromadiga to‘g‘ri kelyaptimikin? Ona qum, bola tosh, deganlari shuda, bu qumday to‘kilib, sog‘inib ketyapti, ammo o‘g‘li bir qo‘ng‘iroq qilay, demaydi nomard!» Ba’zan Fotimaning ham tosh kabi diydasi qotib qoladi: «O‘zingga yaxshi hayot izlab, mushtipar onangni tashlab ketding, mayli, lekin, unda munda, ona qandaysan, deb qo‘ng‘iroq qilib turish ham qo‘lingdan kelmaydimi?». Yo‘q, qilmaydimas, uch-to‘rt oyda bir-bir yo‘qlab qo‘yadi, shunda ham ovozida ketgan paytidagi arazining soyasi ko‘ri­nib turadi: «Onajon, yaxshigina o‘tiribsizmi? Meni sog‘inmasangiz ham nabiralaringizni sog‘inmadingizmi? Nima kamchiligingiz bor? Biron xizmat bo‘lsa ayting». Shu bilan muloqot tugaydi. Bunday qo‘ng‘iroqlardan keyin Fotima necha kun o‘ziga kela olmay yuradi. Uydaligida ham shunday edi, ona-bolaning orasida ertalab, «Assalom, onajon. Yaxshi yotib turdingizmi? Men ishga ketayapman», kechqurun «Assalom, onajon. Yaxshi o‘tiribsizmi? Men keldim. Juda charchaganman, ovqatla­nib uxlamoqchiman»dan boshqa gap bo‘lmasdi. Mabodo, yonida ikki-uch daqiqa hayallab qolsa, darhol kelin chaqirib olardi: «Tezroq keling, dadasi, ovqatingiz sovub qoladi», «Tezroq bo‘ling, dadasi, ishga kechikyapmiz» kabi gap-so‘zlar bilan. Nima bo‘lganda ham o‘sha kunlar dorilamon kunlar ekan, harqalay, bolasini erta-kech bir-bir ko‘rardi, o‘zini ko‘rmasa ham, qadam tovushlarini, ovozini, aksirganlarini eshitib turardi, sog‘-omonligini bilib turardi. Endi esa qo‘shiqdagidek: «Soylar toshqin, suvlar shoshqin, o‘tolmayman-o-o, Otim oriq, manzilimga yetolmayman-o-o!».
…Sora o‘quvchilik davrida jikkakkina, yuzlari bir burda, qo‘ng‘iroq sochlari husnini ochishdan ko‘ra o‘g‘il bolaga o‘xshatib turadigan, burni so‘ppaygan oriq qiz edi. Ulg‘ayib, juda xushsuvrat kelinchakka aylanibdi. Kelib, Fotimani quchoqlab, yuzlaridan o‘pib ko‘rishdi, uyidan joy bergani uchun qayta-qayta minnatdorchilik bildirdi. Kulib turgan ko‘zlariga qarab, uning nihoyatda xushbaxt ekanligini anglab olish qiyin emas edi. Er-xotin birpasda xonalarini supurib-sidirib, o‘zlari bilan olib kelgan narsalarini joylab olishdi. Ungacha Fotima quyuqqina mastava qilib qo‘ydi, choy damlab, ularni uyiga chaqirdi. Choydan so‘ng, yoshlar yer chopishga tushib ketishdi. Kechgacha o‘tgan yilgi gul poyalari qurib, chirigan xazonlar to‘zg‘ib yotgan yerlar chiroy ochib, jovdirabgina qoldi: «Onam gulga juda ishqiboz. Hovlisida qish bo‘yi salafanning tagida turgan bir dunyo geran bor. Yana chinnigulga o‘xshashlari… aslida ular ham chinnigulning bir turi bo‘lsa kerak. Ertaga shulardan olib kelib, hamma joyga ekib tashlayman», dedi Sora tuproq bo‘lgan kafti orti bilan peshonasidagi terlarni sidirarkan.
Dovudning dov-daraxtlarga ham uquvi bor ekan, usta izlashga hojat qoldirmadi. Ertasi kuni ishdan qaytib kelgach, hamma daraxtlarni kesib, shaklga solib chiqdi. Bu safar Fotima «Katta ish bo‘ldi, tuzukroq ovqat qilay», deb sabzi to‘g‘ray boshlagan edi, Sora kelib, pichoqni qo‘lidan oldi: «Siz o‘g‘lingizga maslahat berib turing, oshni o‘zim eplayman».
Fotimaning hovli-joyi ikki-uch kunda saranjom-sarishta bo‘lib, juda g‘ala-g‘ovur bo‘lib qolmagan esada, har holda inson shovuri, tiriklik nafasiga to‘lib qoldi. Ijarachilari o‘z o‘quvchilari bo‘lsa ham, Fotima ular bilan qozon-tovog‘i bitta bo‘lishini sira istamagan edi. Ammo birinchi kundan yig‘-ter, supur-sidir bahona bo‘lib, bitta dasturxon atrofiga o‘tirib qolishdi. Keyingi kuni Dovud «Ustoz, uchovgina bo‘lsak, qozonni alohida qilib o‘tirmaylik. Biz ham o‘zbek milliy taomlarini juda yaxshi ko‘ramiz. Bozorlikning ro‘yxatini berasiz, o‘zim boraman. Sora­ga qarab, o‘rgatib tursangiz bo‘ldi, anchagina uquvi bor, keyin o‘zi eplab ketadi. Bozorga boraman, ovqat qilaman, idish-tovoq yuvaman, deb boshingizni og‘ritmang», dedi. Shu bilan hammasi hal bo‘ldi-qo‘ydi. Fotima kechki payt televizor ko‘rib yotgan joyida o‘zining ustida kulib qo‘ydi: «Fotima­xon, yo‘q joydan o‘g‘illi-kelinli boybichcha ham bo‘lib oldingiz. Faqat… ularning yahudiy ekanligini aytmasa, hammasi ajoyib!»
Ha, hammasi ajoyib edi. Yosh narsa baribir yoshda, Fotima inqillab-sinqillab kun-uzun qiladigan yumushni Sora o‘ynab-o‘ynab birpasda qilib tashlaydi. Uy-joyiga birdan fayz kirdi. U osh-ovqat, kir-chir, yuv-chay tashvishlaridan butkul qutuldi. Ko‘pincha kechqurunlarini chiroqni ham, televizorni ham yoqmay qorong‘i tun qa’riga tikilgancha jim o‘tiraverardi, tunlarida uyqu, kunlarida halovat yo‘q edi. Bitta narsa – sog‘inch va yolg‘izlik otlig‘ bir azob bemador yuragini g‘ijimlayverardi, g‘ijimlayverardi. Hamon yuragida sog‘inch simillab turgan bo‘lsada, Dovud bilan Sora hayotiga nur olib kirdi, og‘riqlar, iztiroblar biroz chekingandek bo‘ldi. O‘quv­chilik paytlari boshini yerdan ko‘tarmay o‘tiradigan Dovud juda dilkash yigit bo‘lib ulg‘aygan edi, allamahalgacha Fotima bilan Soraning o‘rtasiga o‘tirib olib, bir-biridan qiziq latifalar so‘zlab berar, u yoq bu yoqdan gurunglashib o‘tirardi.
Hammasi yaxshi edi…
Lekin bir kuni kechki payt Dovud qo‘lida allaqanday qog‘oz bilan uning yoniga kirdi. Nimadandir tashvishlanib, ham xijolat bo‘lib turgani yuz-ko‘zlaridan sezilib turardi.
– Ha, tinchlikmi? Nega kayfiyating yo‘q?
Dovud unga qo‘lidagi qog‘ozni uzatib, o‘zi bir chetga o‘tib o‘tirdi.
Fotima xavotir bilan shoshib qog‘ozga ko‘z yugurtirdi: «O‘g‘lim Dovudjon, sog‘-salomat yuribsanmi? Kelinim, Fotima ustoz yaxshimi? Mendan so‘rasang, anchadan beri tobim yo‘q. O‘n yetti kilo vazn yo‘qotibman. Kasalimning uchi chiqmayapti. Atrofimda ajal sharpasi izg‘ib yurganga o‘xshaydi. Hayotim poyoniga yetayotganini sezib turibman. Ming bir istihola bilan sendan bir narsani iltimos qilmoqchiman. Agar Fotima ustoz rozi bo‘lsa, umrimning so‘nggi kunlarida O‘zbekistonga qaytib, men uchun qondoshlarimdan ham qadrliroq bo‘lib qolgan insonlar bilan ko‘rishib, besh-olti kun suhbatlarini olsam, degandim. Sezib turibman, bu yog‘i juda kam qoldi. Alloh o‘sha yurtlarning tuprog‘i nasib qilgan bo‘lsa, balki omonatini ham sening yoningda olar. Xudodan kecha-kunduz so‘raganim ham shu aslida. O‘g‘lim, men uchun oyoqlariga yiqilib, tavallo qilib bo‘lsada, Fotima ustozning roziligini olib, menga zudlik bilan qo‘ng‘iroq qil. Qo‘ng‘irog‘ingni betoqatlik bilan kutaman».
Fotima maktubni o‘qib bo‘lgandan so‘ng ham ancha payt undan ko‘zini uza olmay qarab qoldi: «Buyog‘i qanday bo‘ldi endi? Kelsa, kasal kampir, shubhasiz, o‘g‘li bilan kelinining o‘rtasiga kirib yotmaydi. Fotima yoniga olishi kerak. Mabodo o‘lib-netib qolsa… Yahudiychasiga ko‘mish, marosimlar o‘tkazish kerak bo‘ladi. Qo‘ni-qo‘shni nima der ekan?» – u sekin boshini ko‘tarib, qarshisida jovdirab turgan yigitga qaradi. Unga achinib ketdi: «Haa, buyam taqdirida bor ekan, qismatdan qochib qayoqqa ham borardi? Odamlar nima desa, der. Bir bechoraga boshpana berib, o‘lim oldidagi so‘nggi orzusini amalga oshirish gunoh emasku axir! Yahudiy ham xudoning bandasi».
– Roziman, o‘g‘lim. Kelaversin.
Dovudning qo‘y ko‘zlari chaqnab ketdi, o‘rnidan sapchib turib, Fotimaning yoniga kelib cho‘kkaladida, qo‘lini olib, lablariga bosdi, ko‘zlariga surtdi:
– Yo‘q, demasligingizni bilar edim. Rahmat, ustoz. Ehtimol, bu onamning so‘nggi iltimosidir. Uni bajarishimga siz yordam berdingiz. Bu yaxshiligingizni hech qachon unutmayman. To‘g‘ri, onam xato qildi, ketmasligi kerak edi. Opam chaqiraverib qo‘ymadi, u majbur bo‘ldi. Lekin u o‘zbeklarni, O‘zbekistonni juda yaxshi ko‘rardi.
So‘ng u yugurib, hovliga chiqib ketdi: «Men tezroq onamga qo‘ng‘iroq qilayin».
To‘g‘risini aytganda, Fotima ustozning uyiga yahudiy ayolning joylashib olganiga hech kim hayron bo‘lmadi. Fotima yoshlarga xalal bermasin, deb kampirga o‘zi yashayotgan uydan bir xonani ajra­tib bergan edi, butun uyi mehmonni izlab keluvchi sobiq qo‘shnilari bilan to‘lib ketdi. O‘g‘li bilan kelinini, qo‘shnilarini ko‘rib, kampirning ham chiroyi ochildi, undan-bundan totinib, sekin-asta ovqatga kirdi. Biri qo‘yib, bir izlab kelayotgan qo‘shnilarga qarab, bu ayolning yahudiy ekanligi Fotimaning ham yodidan ko‘tarilib ketdi. Bemor uch-to‘rt kunda oyoqqa turib, hovliga chiqdi. O‘g‘lidan mashi­na topib, o‘zlari yashagan ko‘chalarni aylantirib kelishni iltimos qildi. Shu bo‘yi bir hafta yo‘q bo‘lib ketdi. Dovudning aytishicha, qo‘shnilar qo‘yarda-qo‘ymay olib qolgan emish. Bir haftadan so‘ng kampir g‘altakday bo‘lib, burushib yotgan ajindor yuzlari­ga rang yugurib, uyga qaytdi: «Qarasam, ular sira qo‘ymaydigan. Shoshmay turinglar, ikki kungina Fotima ustoznikiga borib, bolaginamning diydoriga to‘yib kelayin, keyin sizlarnikiga o‘taman, deb qochib keldim». «Juda ajoyib qo‘shnilaringiz bor ekan», «E-e, nimasini aytasiz? Bahosi yo‘q insonlar!», «Haa, o‘zingiz ham yaxshi ayolsiz. Xizmatlarini qilgandirsiz, yaxshiliklaringiz o‘tgandir. Bo‘lmasa, izlasharmidi?», «Bilmasam, shuncha yil bordi-keldi, oldi-berdi qilib, biron marta o‘rtada seniki-meniki, degan hisob-kitoblar bo‘lmagan».
Shu bilan kampirning bemorligi deyarli hammaning yodidan ko‘tarilib ketdi. Fotimaga ko‘pam ziyoni tegmadi, mehmondorchilikda yurdi, uyda bo‘lganida gurunglari bilan ko‘nglini oldi. Bir erta yoshlarni ishga kuzatib, ikki kampir choy ichib o‘tirishgan edi.
– Fotima ustoz, endi nima qilaman? – deb qoldi kutilmaganda mehmon.
Fotima unga qarab, ko‘zlarida qandaydir og‘riqqa o‘xshash ifoda ko‘rdi:
– Nima bo‘ldi?
– Men… – kampirning ko‘zlariga yosh qalqdi. – Men bu yerga omonatini topshirish uchun kelgan edim. Ikki oylik muddat tugab borayotir, lekin men o‘lmadim, aksincha sog‘ayib ketdim.
Fotima kulib yubordi:
– Shunga xafa bo‘lyapsizmi? Sog‘ayib ketganingiz yaxshiku…
Kampir g‘amgin bosh chayqadi:
– Ketish haqida o‘ylasam, yuragim bandidan uzilib, poyimga tushayotgandek behol bo‘lib bor­yapman. Borgach, yotib qolishim… aniq.
– Yaxshi niyat qiling, opa, dard chekindi, sog‘a­yib ketdingiz. Endi sog‘ingan paytingiz kelib-ketib yuraverasiz.
– Qiyindir-ov…
Ayol haqiqatan ham g‘amga botgan edi.
– Istaganingizcha qolishingiz mumkin. Uyim­ning to‘ri sizniki, ana, baribir bo‘sh yotibdi.
– Yo‘q, elchixonadan faqat ikki oyga ruxsat olganman…
Ikki oy to‘lgan kuni uni aeroportgacha kuzatib qo‘yishdi. U nihoyatda horg‘in, rangi-ro‘yi bir ahvolda, havo yetmayotgandek, harsillab, yelkasidan nafas olardi. Onasining ahvoliga qarab, Dovudning ham kayfiyati tushib ketdi. Ammo uning tasalli berishdan o‘zga chorasi yo‘q edi: «Mam, mame, o‘zingizni qo‘lga olsangizchi! Hali hammasi yaxshi bo‘ladi, hali yana kelasiz, o‘zim sizni ko‘rgani boraman». Kampir o‘g‘liga javoban serajin yuzlari­da yiltillab turgan botiq ko‘zlarini ohista yumib, rozilik ishorasini bildirdi, lekin gapirmadi.
Oradan bir hafta o‘tib, sovuq xabar keldi, kampir qazo qilgan edi. Fotima bilan Dovud dasturxon yozib, qo‘ni-qo‘shnilarga ehson tarqatdi… Odam ko‘p bo‘ldi, Fotimaning yaqinlari, Dovudning, Soraning ishxonasidagilar, narigi qo‘shnilar, bu qo‘shnilar… Dovud armon qildi: «Bir haftaginaga olib qolsam, bo‘lar ekan…». Fotima unga tasalli bergan bo‘ldi: «Allohning irodasi, o‘g‘lim. Omonatini qachon, qayerda olishni faqat o‘zi bilguvchidir», «Agar ketmaganlarida… hali-veri o‘lmasmidilar, deymanda», «Balki…».
Kampir kelgan kunlar Ilyos bilan birga shaharga ketmay, o‘zicha qahramonlik qilgandek his qilib yurdi. Avval ham mabodo o‘g‘li shahardan bezib, ortiga qaytmoqchi bo‘lsa, shu uy, shu hovli unga tegishli mulk bo‘lib turishi, har qanday vaziyatda uni quchoq ochib kutib olishi mumkinligini juda ko‘p marta ko‘nglidan o‘tkazgan edi. Yahudiy kampir­ning Isroildan kelib, o‘g‘li ijarada turgan uyga ming xijolat bilan omonatgina qo‘nganligi uyni Ilyos uchun saqlab juda ma’qul ish qilganligiga bo‘lgan ishonchni oshirdi: «Hozir bilinmaydi. Yosh, yelib-yugurib ishlab yuribdi. Bugun yo‘qotganining o‘rnini ertaga to‘ldiradi. Ammo vaqti kelib, shahar shovqinlari, soxta mulozamatlari, tinka quritar hashamlari, beshafqat tartiblari uni batamom bezdiradi, shunda ko‘ngli bir sokinlik, beminnat, betama mehr ko‘rsatuvchi sodda odamlar davrasini qumsaydi. Ana o‘shanda bu uy unga kerak bo‘ladi».
Ma’rakadan so‘ng birdan g‘alati kayfiyatga tushib qoldi. Shuncha yildan beri har zamonda bir telefon orqali yo‘qlaganlarini aytmasa, bir marta ham yo‘qlab kelmagan o‘g‘il so‘nggi nafa­sini olayotgan damda yetib kela olarmikin? O‘zi tuproqqa qo‘yib, qabriga bir kaft tuproq tashlay olarmikin, ma’rakalarining boshida turarmikin? Shularni o‘ylarkan, ichida nimadir «chirt» etib uzildek bo‘lardi.
Keyingi kuni erta turib, sangtarosh ustaning do‘koniga bordi. Do‘konning chor tarafiga taxlab tashlangan turli o‘lchamdagi oq-qora, ko‘kish rang­li toshlarni ko‘rdi. Ixchamgina qora toshni tanlab, sumkachasidan to‘rt buklog‘lik qog‘oz olib, ustaga uzatdi:
– Shu yozuvlarni sig‘dira olasanmi toshga?
Usta yigit Fotimaning o‘quvchisi edi, yozuvni ko‘rib hayron bo‘ldi:
– Bu nima, ustoz?
Fotima xijolatomuz jilmaydi:
– Buyam musulmonchilikda, o‘g‘lim. O‘limni bo‘yinga olish yaxshi, deyishadiku. Yana… Ko‘nglimdagidek, kamtargina qilib yasatib qo‘yayin, deyapman. Akangga qo‘ysam, Toshkentdan eshikdek keladigan qora toshga suratimni o‘ydirib, bir vahimani ortmoqlab keladi. Menga esa bunday dabdabaning hech keragi yo‘q, bir umr kamtargina yashadim, belgim ham kamtarin bo‘lgani ma’qul. Oxirgi sana yozilmagan. Keyin… o‘zing borib to‘ldirib qaytasan. Pulini hozir to‘lab ketaman.
Usta qo‘lidagi uskunani taraqlatib yerga tashlab, o‘rnidan turib ketdi:
– Ustoz-ey, unday qilmang, iltimos sizdan. Men hech qachon tirik odamga tosh yo‘nmaganman. Hech kimga qilmagan ishimni sizga qilamanmi? Mayli, ko‘nglingizdagi toshni tanlab, nima deb yozishimni aytib keting, o‘n yil o‘tadimi, yigirma yil o‘tadimi, vaqti-soati kelganda o‘zim yozib, o‘zim… qo‘yib kelaman.
Fotima bosh chayqadi:
– Bo‘lmaydi. Kambag‘alning moli yonida tursin, deyishadi. Men o‘lgan payt, kim biladi, boshqa kasbning etagidan tutib ketgan bo‘lasanmi, erta uchun hech kim kafolat bera olmaydi. Sen tayyorla, men bir qopga solib, uyga eltib qo‘yaman. Bir kun omonatini topshirar bo‘lsam, uyga borib ishingni oxirigacha yetkazasanda, akang bilan birgalikda boshimga qo‘yib qaytasanlar. Ma’qulmi, o‘g‘lim?
Usta qoshlarini chimirib, qo‘lidagi qog‘ozga qaradi:
– Nima bu? She’rmi? – u hijjalab o‘qiy boshladi. – Suv kelar, oqar-ketar. Toshlarni yuvar ketar. Dunyo bir derazadir, Har kelgan boqar-ketar. Bu nima degani, ustoz?
– Bir she’rda, bolam. Menga yoqadi. Boshimga kelgan har odam bir o‘qisa, yotgan joyimda eshitib, maza qilamanda, o‘g‘lim, – kulib qo‘ydi Fotima.
– Haa, shundaymi? – usta yigit hech narsani tushunmagan bo‘lsa ham she’rning mag‘zini ang­lagandek bosh irg‘ab qo‘ya qoldi. – Sizga ma’qul bo‘lsa, bo‘pti. Suratingizni ham chizayinmi?
– Yo‘q, shart emas.
Tosh tayyor bo‘lgan kun qalin matodan tikilgan qop olib keldi. Bir mashina kira qilib, uyiga olib bordi. Dovud uyda ekan, haydovchi bilan birga mayda-chuyda saqlanadigan omborxonaning bir burchagiga qo‘ydirdi. Kechki payt Dovudni yoniga chaqirtirdi:
– O‘g‘lim, o‘zimga tosh tayyorlatib kel­dim. So‘nggi sanasi qo‘yilmadi, xabar qilsang, Oqqo‘rg‘ondagi usta bola kelib, yozib ketadi. Uyam o‘zimning o‘quv­chim ekan. Shunday deb kelishdik.
Onasi qazo qilgandan buyon parishon bo‘lib yurgan yigit bu gapni eshitib, bir zum Fotimaga tikilib qoldi. Omborxonaga joylashtirilgan qopning og‘zi berk bo‘lganligi uchun nimaligi bilmagan, unga qiziqmagan ham edi. So‘ng chuqur xo‘rsinib, bosh irg‘adi:
– Menga shuni ham ishonmadingizmi, ustoz?
– Buning ishonib-ishonmaydigan hech narsasi yo‘q, bolam. O‘g‘limga, yoki senga qo‘ysam, o‘zla­ringcha ruhimni shod qilish uchun dabdaba qilib, ancha pulga bir vahimali narsa tayyorlar edinglar. Tosh esa dabdaba uchun emas, izlovchilar adashib ketmasliklari uchun bir belgi, xolos. Ko‘nglimdagidek kamtargina qilmasliklaringni bilganim uchun o‘zim tayyorlatdim.
Dovudning nigohidagi norizo ifoda baribir o‘zgarmadi:
– Qayoqqa shoshyapsiz, ustoz? Sizdan bunday gaplarni eshitish men uchun qanchalar og‘ir ekanligini bilmaysizmi? Ayniqsa, hozir…
Fotima g‘amgin bosh irg‘adi:
– Uzr, o‘g‘lim, bu narsa sening ko‘nglingga tegishini o‘ylamapman. Onangdan so‘ng, o‘lim qoshu qoboqning orasida, degan gapga yana bir bor amin bo‘ldim. Hali bu dunyoda qiladigan ishlarim ko‘p, shunday bo‘lsada, tayyorgarligimni ko‘rib qo‘ya­yin, dedim.
Dovud uning poyiga cho‘kkaladi:
– Iltimos, onajon, ikkinchi bunday ishlar qilmang. Zarurat bo‘lsa, o‘zimga ayting. Nima xiz­matingiz bo‘lsa, doim tayyorman.
Fotima uning boshini siladi:
– Shuncha qilib o‘tirganlaring uchun ham rahmat. Biror kun, vaqting bemalol bo‘lganda notarius bilan mahalla raisini olib kelsang, Ilyosning nomiga vasiyatnoma yozdirib qo‘yardim.
Dovud indamay bosh irg‘adi.
– Menga biron gap bo‘lib qolsa, o‘zingni dadil tutib, darhol Ilyos akangga qo‘ng‘iroq qil. So‘ng Minordan keladigan Jovdat amakingga xabar qil. U kishi menga tog‘a, o‘g‘illari ham menga tog‘a qavm, tog‘a o‘rnidagi odamlar hisoblanadi. Bir tog‘a yetti otadan ulug‘ hisoblanadi. O‘zlari uzoq-yaqindagi qarindosh-urug‘larga xabar qilishadi, urf-odatlari­miz bo‘yicha dafn qilishadi. Jovdat amakingdan so‘ng mahallaga, ishxonamga, dugonalarimga, qo‘shnilarga, o‘zingning ishxonangga xabar qila­san. Kalit, pullar qayerda turishini bilasan, Jovdat amaking bilan maslahatlashib, xarajat qila­verasan. Ilyos akangning qo‘liga qarab o‘tirma, u shaharda yashaydi, puli bo‘lmasligi ham mumkin. Ma’rakalarni juda to‘kib-sochib o‘tkazmasanglar ham, el qatori dasturxon tuzanglar. Ortib qolgan pullarning uchdan birini o‘zingga ol, qolganini Il­yosga berasan. Bu senga omonat vasiyatim. Keyin hovlining egasi Ilyos bo‘ladi, istasa, sotib ketadi. Ko‘zi qiymasa, seni ijaraga qo‘yib ketadi. Bu yog‘i o‘ziga havola.
– Xo‘p, onajon, xizmatlaringiz bosh ustiga. Lekin bu tayyorgarlik, bu vasiyatlar ehtiyot sharti bilan qilinyapti, deb umid qilaman. Siz hali Ilyos akamga, nevaralaringizga, menga juda keraksiz. Onamni ham berib qo‘ydim, opam bilan singlim dunyoning narigi burchida. Bu dunyoda sizdan bo‘lak suyanchig‘im, mehribonim yo‘q. Onamning o‘limi sizga juda qattiq ta’sir qildi, shekilli. Bir-ikki kun u yoq-bu yoqqa aylanib keling. Ilyos akamnikiga boring, nevaralaringizni ko‘rib, ko‘nglingiz yoziladi. Menimcha, Ilyos akamning kelmaganiga xafa bo‘lib yurganga o‘xshaysiz. Katta shahar, yugur-yuguri ko‘p, vaqti ham bo‘lmayotgandir. Bundan tashqari, biz erkaklarni bilasiz, siz ayollarga o‘xshab, mayda-chuyda narsalarga vaqt ajratib o‘tirishmaydi. Bekorga beli bog‘liqning ko‘ngli bog‘liq, deyishmaydi. Men ham onamga kamdan-kam hollarda qo‘ng‘iroq qilar edim, qachon bo‘lsa, onamning o‘zi izlab turardi. Agar o‘zi izlamaganda hovlini sotib, meni ko‘chada qoldirib ketdi, deb araz­lab yuraverardim. Mana keldi, ko‘p bo‘lmasa ham ikki oy maza qilib, qadrdonlari bilan diydorlashib yurdi, kelinini ko‘rdi, ozmi-ko‘pmi, xizmatlarini qildik. Bir yaxshi xotiralar qoldi. Bir-birimizdan araz urib yuraverganimizda nima qolardi?
– Rost… – uni ma’qulladi Fotima. – O‘zimam bir boraman, deb yuribman. Nabiralarimni juda sog‘inganman. – Yosh qalqqan mijjalarini artdi, keyin kulimsirab qo‘shimcha qildi. – Agar ular meni unutib yuborishmagan bo‘lsa…
– Qo‘ysangizchi? Ular hali kichkinada, yaqin-o‘rtada yashashganda ota-onasidan so‘rab o‘tirmasdan yoningizga uchib kelishardi.
– Odamzod qiziq mavjudotda, uni hayvondan farqlaydigan jihati ham tuyg‘ulari, ezib, azoblaydigan uqubati ham shu tuyg‘ular tufayli. Mana, qushlarni qara, tuxum qo‘yadi, ularga issiq bag‘rini berib ochadi, bir joylardan halqumida rizq olib kelib boqadi, ulg‘aytiradi. Uchishni o‘rgatadi. Po­laponlarini uchirma qilganidan so‘ng, onasi bizga o‘xshab siqilmaydi, bolam meni tashlab ketdi-yov, deb. Bolasi ham xijolat bo‘lmaydi, onamning holi ne kechdi ekan, men o‘z tashvishlarimdan ortma­yapman, deb. Shu tuyg‘ular bo‘lmasa, odamzodning hayoti ham ancha sodda, beg‘am-betashvish bo‘larmidi, deymanda. Qush bo‘lib yaratilmaga­nimga afsus qilyapman, o‘g‘lim.
– Xudo saqlasin, ustoz. Siz qush bo‘lganingizda bizga kim boshpana berardi? – kuldi Dovud.
– Aytamanda, endi. O‘rni kelganda qushlar bizdan ko‘ra mard ekan, deymanda. O‘g‘limni, nabiralarimni qancha sog‘insam ham, ich-ichimdagi minnatgami, ginagami o‘xshash tuyg‘ular ular­ning oldiga borishga yo‘l bermaydi. O‘tiraveraman o‘zimni yeb-yutib!..
Fotima bolasidan ham kichik bolaga beixtiyor hasrat qilganidan xijolat tortdi. Ma’yus jilmayib, bosh irg‘adi:
– Uzr, o‘g‘lim, odam keksaygandan so‘ng sergaproq bo‘lib qoladi, sening boshingni ham og‘ritib yubordim.
– Unday demang, ustoz. Menga ko‘nglingizni ochganingizdan xursandman. Axir, men sizni o‘z onamdek ko‘raman. Hech narsa demasangiz ham, ularni sog‘inib yurganingizni juda yaxshi bilaman. Hozir hamma narsa pishib yotibdi. To‘rt-besh quti olib kelib, chiroyli qilib joylab beraman. O‘zim poyezdga chiqarib qo‘yaman. Agar syurpriz qilaman, desangiz, poyezddan tushgach, bir aravaga orttirib, taksigacha yetib olasiz. Keyin haqiqiy Qormomo bo‘lib uylariga kirib borasiz. Ular ham, o‘zingiz ham mazza qilasiz.
Odam keksaygandan keyin atrofdagilar­ning og‘ziga qarab qolarkanmi yoki Dovud uning ko‘nglidagi gapni aytdimi, harqalay bu gaplar unga ma’qul tushdi. Ammo ko‘nglida yana qandaydir bir xavotir ham bor ediki, ich-ichida bir ha­dik uni shoshiltirayotgan, imkoni boricha barcha narsaga ulgurib qolishga undayotgan edi.
Dovud shu kuniyoq katta ko‘chadagi oziq-ovqat do‘konidan to‘rtta qog‘oz quti olib kelib, jo‘naydigan kunlari biriga uzum, biriga olma, biriga xurmo, biriga ertapishar anor joylab, qutilarning og‘zini yelimlab, ko‘tarishga qulaygina qilib, kanop ip bilan bog‘lab berdi. Qutilarni ko‘rib, Fotima kulib yubordi: «Buncha yuk bilan poyezdga chiqarmaydi meni, qutilaringning o‘zi sakson kilo chiqadi kamida, hali kiyim-kechaklarim solingan kattagina sumkam ham bor ”, «G‘am yemang, ustoz, provodnik bilan o‘zim gaplashaman», «E-e, sen ham gapirasanda, ustoz-ustoz! Axir? biz maktabda emasmizku! Xola, de! Amma, de!», yo‘lga chiqayotganidan kayfiyati xush edi uning, sharaqlab kuldi. Unga qarab, Dovud bilan Sora ham kulishdi. «Yo‘q, siz men uchun bir umr, hamma sohada ustozsiz. Ustoz! Ustoz, bo‘lib qolaverasiz», o‘zinikini ma’qulladi Dovud.
Vokzal har doimdagidek g‘ala-g‘ovur, shovqin. Jo‘novchilardan kuzatuvchilar, kutib oluvchilar ko‘p. Dovud ham ikkita jo‘rasini aytgan ekan, poyezd kelmasidan yuklarni bo‘lib-bo‘lib olishdi, bu ham kamlik qilgandek, temir yo‘l ishchilaridan ularning vagoni qayerda to‘xtashini ham aniqlab keldida, yuklar bilan Fotimani o‘sha yerga olib borishdi. Bir emas, uch barvasta yigitning mehribonligini ko‘rib, vagon xizmatchisi ham erib ketdimi, uning yuklari ko‘pligiga e’tibor ham berib o‘tirmadi, aksincha choylar damlab berib, yo‘l bo‘yi hurmatini qilib bordi.
Ammo Fotima tuni bilan uxlay olmadi. Yillar mobaynida tishini tishiga qo‘yib, eng aziz insonlari – dilbandlaridan yuzini burib yashashga kuch topa olgan bo‘lsada, endi ko‘ksidagi ginador kishanlar parchalangan, o‘g‘li bilan nabiralarini bir daqiqa bo‘lsa ham ertaroq ko‘rishga oshiqar, diydor lahzalarini o‘zicha tasavvur qilib, hayajonlanar, «taqa-tuq» qilib ketib borayotgan poyezd derazala­ridan «lip-lip» etib, ortda qolayotgan chiroqlarga termilib, o‘zicha lab-lunjini yig‘ishtira olmay, tabassum qilar edi: «Ilyosni ham behuda hayajonlantirmayin. Taksiga o‘tirgandan keyin qo‘ng‘iroq qilib, uy manzilingni tushuntir, deb telefonni haydovchiga beraman. Bolaginam o‘zini yo‘qotib qo‘ysa kerak».
Tiqilinch vokzaldan bir amallab chiqib, taksiga o‘tirgach, takror-takror eslanaverganidan yod bo‘lib ketgan raqamni qayta-qayta tersa ham, hech kim javob bermadi. Birdan tarsaki yegan boladek shumshayib qoldi: «Iya, telefoni javob bermayaptiku». Haydovchi ham betoqat bo‘ldi: «Taxminan bo‘lsa ham manzilini ayting, xola». «Manzili… Chorsu bozorining yonginasida, degan edi…», «E-e, tavba, bu bozor qanday katta bozor ekanligini bilasizmi, xola. O‘zi katta bo‘lgach, uning yonidagi uylar ham behisob bo‘ladida. Uydan ishni pishiq qilib chiqmaysizmi? Begona shaharga kelayotgan bo‘lsangiz». «Hozir…», uning yodiga qudasining uy telefoni tushib qoldi. Go‘shakni xotin quda ko‘tardi. Viloyatdan qo‘ng‘iroq qilyapti, deb o‘yladi shekilli, uzoq so‘rashdi. Uning shaharga kelganini eshitib, bir nafas jim bo‘lib qoldi: «Shunaqami? Shaharga kelganmidingiz? Ilyosjon kechagina Yaponiyaga xizmat safariga ketgan ediya, katta bir ilmiy simpoziumda ma’ruza qilishi kerak ekan», uning xuddi o‘z farzandi haqida gapirayotgandek ovoziga egalik ohangini berib mijg‘ovlanishi Fotimaning ensasini qotirdi: «Qudag‘ay, o‘zi ketgan bo‘lsa ham uyi, bolalari qolgandir axir. Uy manzilini taksistga tushuntirib yuboring, kutib qoldi», «A, xo‘p, xo‘p. Biznikiga ham keling, opa».
Birinchi kuni nabiralarning shovqin-suroni bilan sarmast bo‘lib, o‘g‘lining uyda yo‘qligi ham bilinmadi. Ertasi kuni kelin ishga ketdi. Nabiralar ikki biqiniga tiqilib olishgan bo‘lsalar ham, ko‘zlari emas, ko‘ngli olazarak bo‘lib o‘g‘lini izlay boshladi. Momo-nabiralarning gurunglari faqat mehribon, lekin qattiqqo‘l, hamma narsani biladigan, hamma narsa qo‘lidan keladigan, qudratli, himmatli lekin har doim band otalari – Ilyos haqida bo‘ldi:
– Ustozimiz bolalardan pul yig‘ib, 6,5 litr suv ketadigan tefal-termos olib bermoqchi edi. Dadam, bolalarni ovora qilmang, deb, o‘zlari olib berdilar. Hamma qoyil qoldi.
– Bilasizmi, Yangi yilda Qorbobo menga katta bir quticha berdi, ochib qarasam, ichida chiroyli qo‘g‘irchog‘i bor ekan. Hammaning havasi keldi. Hech kim aytmagan bo‘lsa ham, bu qo‘g‘irchoqni Qorboboga dadam berib qo‘yganini bildim.
– Dadam o‘zi sizni juda ham yaxshi ko‘radi, qishloqqa momomning yoniga boraylik, desak, men ham sog‘inganman momongni, ishlarimni bir joylashtirib olay, keyin boramiz, deb yurgandi. O‘zi yaqinda bormoqchi edik.
– Qanaqa sovg‘alar olishni ham o‘ylab qo‘ygandik…
Keyingi kuni ular shahar aylanishga chiqishdi. Havo issiq va dim. Bolalar maqtagan istirohat bog‘iga borishdi, u qari eman daraxti soyasiga qo‘yilgan uzun yog‘och o‘rindiqqa o‘tirib, bolalar­ning arg‘imchoq uchishlarini tomosha qildi. Bu mashg‘ulot har qancha zerikarli bo‘lmasin, kun uzun gugurt qutisidek tor, diqqinafas uyda televizorga tikilib o‘tirishdan ko‘ra afzal edi. Shu sababli keyingi kuni yana boshqa istirohat bog‘iga borishdi. Sabohatning xonasida keyingi kunning rejasini tuzishayotgandi, eshik ochilib, ostonada kelin ko‘rindi: «Oyi, men ishga ketyapman. Iltimos, bolalarni istirohat bog‘iga olib bormang. Havo juda issiq, issiq urdirib qo‘ymaylik yana. Bilasiz, bular juda nimjon», bolalar norozi xo‘mrayib onalariga qarashdi. Fotima bosh irg‘adi: «Xo‘p, nima desang, shu», «Agar o‘zingiz zerikayotgan bo‘lsangiz, shahardagi dugonalaringiz, qarindoshlaringiznikiga borib kelishingiz mumkin», Fotima behafsala qo‘l siltadi: «Men o‘g‘limni kutyapman. Menga hech qanday dugona ham, qarindosh ham kerakmas. Nabiralarim bilan uyda o‘tiraveramiz», «Eh-he, o‘g‘lingiz ikki haftadan keyin keladiku. Shuncha vaqt kuta olasizmi? Mengaku baribir, turgingiz kelsa, turavering. Menga hech og‘iringiz tushayotgani yo‘q. Lekin bayram arafasida milisalar uyma-uy yurib, propiskasi yo‘q odamlarni shahardan chiqarib yuboradi. Sarson bo‘lib qolmang yana deymanda».
Fotimaning ko‘ksiga xanjar sanchilgandek bo‘ldi. Ammo daf’atan ostonada «Bopladimmi?», deb turgan beandisha keliniga munosib javob aytishga biron so‘z topa olmadi. «Xo‘p, yaxshi o‘ti­ringlar», kelin hech narsa bo‘lmagandek nimtabassum bilan bosh irg‘ab, eshikni yopdi. Fotima esa o‘tirgan joyida karaxt bo‘lib qolgandek ancha vaqt ruhsiz qotib qoldi: «Ay, osiy bandaya! Jonimga jon, belimga darmon bo‘ladigan arslondek bo­lamni ol­dingga solib jo‘natdim. «Shahar, shahar!», deyaverib, xunobini xun qilgan sen, yo‘ldan urgan sen. Buni men bilmasmidim, bilar edim, lekin indamadim. Men ham yo‘llaringga ko‘ndalang bo‘lib, bor makkorligimni ishga solib, yig‘lab-siqtab, ketmaysan, ketma, bolam, deb yonimda olib qolsam bo‘lardi. Yo‘q, hamma og‘irlikni o‘zimga oldim, Amu bilan Sirni ko‘zimning qaroqlariga joyladim, tog‘lardan og‘ir ayriliq yukini yelkamga oldim, osmonlardek poyonsiz sog‘inch o‘tini mushtdek yuragimga taxladim. Bor, boraver, bolam, dedim. Xudoyim, bolamdan men ranjisam ham, sen ranjimagin, boshida o‘zing panoh bo‘l, dedim. O‘zim sog‘inch o‘tida kuyib kul bo‘ldim, qon yutib, qon yig‘ladim, lekin bolamning yo‘lini to‘smadim. Sen… bir hafta ostonangdan joy berging kelmayapti». Bir payt Sabohat kelib yelkasidan quchdi: «Ketib qolmang, momojon! Sizni juda qattiq sog‘ingan edik. Hali sizga sirayam to‘yganimiz yo‘q», Sarvarbek ham etagiga yopishdi: «Siz ketmoqchimisiz? Sizni hech qayerga yubormayman. Hech qachon yubormayman. Ketsangiz, bizni ham olib keting». Ularni aldash, ko‘ndirish juda qiyin bo‘ldi: «Bitta dugonam juda og‘ir kasal, bu yoqqa kelishdan oldin, seni ko‘rgani boraman, deb va’da bergandim. Mana, sizlarni ko‘rdim, dadalaring kelgach, yana kelaman, sizlar bilan birga turaman, birga aylanishga chiqamiz. Hozir esa mening yo‘limni to‘smanglar, ketmasam bo‘lmaydi».
Ha, ketmasa bo‘lmas edi. Bundan o‘n besh yillar avval maktab tomonidan malaka oshirish uchun kelganida bir muallima ayol bilan yaqin bo‘lib qolgandi. Ayol befarzand ekan, eri bilan katta hovlida yolg‘iz turisharkan. Fotimani qo‘yarda-qo‘ymay ikki marta uyiga olib borib, mehmon qilgan edi. O‘shandan buyon ko‘rishmagan bo‘lishsada, har bayramda qo‘ng‘iroq qilib, bir-birlarini yo‘qlab tu­rishardi. O‘zi o‘g‘linikiga kelganidan buyon dugonasini bir yo‘qlab borishni ko‘ngliga tugib yurgan edi. Haydalgandan keyin… dugonani izlashdan bo‘lak iloji qolmadi: «Nima bo‘lganda ham o‘g‘limni bir ko‘rib ketmasam bo‘lmaydi. Kelinga achchiq qilib, uyga ketib qolsam, keyin… o‘g‘li bilan ko‘rishmoq nasib qiladimi, yo‘qmi? Dovud aytganidek, beli bog‘likning ko‘ngli bog‘lik, bu o‘g‘il yuraveradi, ishning ketidan quvib. Qachon «onang ketdi», desalar, eh, deb yig‘lab yo‘lga tushadi… O‘shanda ham uzoq yo‘l, yetib bora oladimi, yo‘qmi?»
Dugona juda yaxshi kutib oldi. Aytmayman, degan edi, o‘zining bechoraligi, qaysi zamonda bir uchrashgan begona ayolning iltifoti ko‘nglini bo‘shatib yubordi. Kechki payt chorpoyada achchiqqina ko‘k choy ichib o‘tirib, achchiq-achchiq yig‘lab, necha yildan buyon yolg‘iz o‘g‘lini sog‘inib, yolg‘iz yashayotganini, bir izlab kelganida o‘g‘lini topa olmay, kelinining iddoasiga uchraganini, nabiraginalari izidan yig‘lab qolganlarini, hamma-hammasini gapirib berdi… Dugona yelkasidan quchib, unga tasalli berdi: «Kelinning gapiga e’tibor bermang. Agar o‘zi qo‘ng‘iroq qilib, chaqirmasa, bormaysiz. O‘g‘lingiz kelgunicha, mehmonim bo‘lasiz».
Oradan o‘n kun o‘tib, kelini qo‘ng‘iroq qildi: «Oyi, nimaga dom-daraksiz bo‘p ketdingiz? Bugun kelar, deyman, yo‘qsiz. Erta kelar, deyman, yo‘qsiz. Nabiralaringiz dadasiga «Momom kelgan», deb qo‘yishgan ekan, o‘g‘lingiz ham har kun qo‘ng‘iroq qilib so‘rab yotibdi. Ertaga kelar ekan, uyga ke­ling-e, mehmondorchiliklaringiz tugagan bo‘lsa. Yoki o‘zim borib olib kelayinmi?». O‘g‘lining kelishi haqidagi xabardan yuragi entikib ketdi. Kelinning yolg‘on manziratlariga ham e’tibor bermadi. Dugonasiga qayta-qayta minnatdorchilik bildirib, o‘zi yo‘lga tushdi. Dunyoda undan baxtiyorroq inson yo‘q edi ayni damda!
…O‘g‘li ancha ulg‘ayib qolgan edi: sochlariga kumush qirovlar tushib, biroz ozg‘inlaganidanmi, yuzlarining terisi osilib, ranggi ham siniqibroq turar, lekin ovozi dadil, onasini uzoq vaqt bag‘ridan bo‘shatmadi: «Onajon, onajonginam o‘zimning!». So‘ng darhol sumkasini kovlab, salafan xaltadan bir palto chiqarib, yelkasiga ildi: «Qarang, sizga juda yarashdi. Issiqqina. Qishda mazza qilib kiyasiz».
Shu bilan hammaning nigohi sumkaga qadaldi. Ilyos bolalikdan qo‘liochiq, hammani xursand qilishni yaxshi ko‘rardi. Xotiniga, bolalariga atab bir dunyo narsa olib kelgan ekan. Hatto qaynotasi bilan qaynonasini, qaynsingillarini ham unutmabti. Ularga atalgan sovg‘alarni olarkan, kelin norozi chimirildi: «Onamgayam bittagina palto olmapsizda». Ilyos «yalt» etib, onasiga qaradi, u ayolining beandisha va ochko‘zligidan uyalib ketgan edi. Keyin g‘ijinib, ayoliga yuzlandi: «Uyatsiz! He-e!..». Kelin burilib xonadan chiqib ketdi.
Shu bilan Fotima yuzini qattiq qilib, o‘g‘li bilan nabiralarining yonida bir hafta qolib ketdi…

* * *

Anjuman kunlarining har bir daqiqasi qat’iy dastur asosida bo‘lib chiqilgan, ishtirokchilar ertadan-kechgacha tashkilotchilar ixtiyorida bo‘lishar, faqat kun nihoyasidagina horib-tolib, mehmonxonaga qaytishar edi. Kechki ovqatdan so‘ng madaniy tadbirlar uyushtirilar, xullas, na zerikishga, na g‘am chekishga umuman vaqtlari yo‘q edi. Ilyos ketma-ket uch kecha onasini tush ko‘rdi. Onasi o‘sha oxirgi marta uni kuzatganidek darvoza oldidagi tut daraxtining g‘adir-budur tanasiga yelkasini bergancha yig‘lab turganmish. «Nega yig‘layapsiz?», desa, bir og‘iz ham javob qaytarmasmish. Bu tushdan so‘ng u har safar cho‘chib uyg‘onib ketar, ancha vaqtgacha o‘ziga kela olmay yotar, onasiga qo‘ng‘iroq qilib, ahvol so‘ray, desa, onasining telefon raqami yo‘qolgan telefonda qolib ketgan edi. Bir oqshom maktabda birga ishlagan jo‘rasiga qo‘ng‘iroq qilib, gap orasida «Biznikiga ham o‘tib, onamga qarashib qo‘y. Yuring, desam, shaharga kelgilari kelmadi. Bu yerda ish ko‘p, mana hozir ham Xitoyda yuribman. Vaqti-bevaqt xabar ololmayman», dedi. Gap orasida jo‘rasidan onasi haqida biron xabar kutdi, u esa «Eh-he, muncha zo‘r! Xitoydamisan? Onangni ham unda-munda ko‘rib qolaman. Yaxshigina yuribdilar. Zo‘r qildingda ketib, mana, biz yuribmiz yag‘irimiz chiqib» deb, unga havas qilishdan nariga o‘tmadi. Unga onamning telefon raqamini bilib kel, deyishdan tortindi. «Haa, yurgan ekanku. U kishiga shu qishloq bo‘lsa bo‘ldi, o‘g‘il ham, nabiralar ham ke­rak emas. Shuncha qiyin kunlar boshimdan o‘tdi, necha o‘lib, necha tirildim. Ona bo‘lib bitta tush ham ko‘rib, bezovta bo‘lmadi. Bolalarim kuniga «momom» deb necha eslaydi, shularni ham sog‘inmaydi», gina qilib qo‘ydi o‘zicha.
Deraza yoniga borib, tashqariga qaradi. Uning o‘ninchi qavatdagi xonasidan turli-tuman chiroqlar lovullab turgan go‘zal shaharning katta qismi ko‘rinib turardi: «O‘h-ho‘, xitoylar shaharni yoritish uchun ham juda katta mablag‘ sarflashsa kerak». Yana beixtiyor onasini esladi. Onasi juda tejamkor ayol edi. Kechasi yotishdan oldin hamma chiroqlarni o‘chirib chiqardi, bolalar «qo‘rqamiz», deb g‘ingshisa, oyga ishora qilib, «Ana, Xudoyim taolo osmonga tekin fonus osib qo‘yibdi», derdi. U zamonlarda hovlida ko‘pchilik edi, endi yolg‘iz o‘zi qolgan. Buning ustiga inson keksayganda qo‘rqoq bo‘lib qoladi, deyishadi. Endi avvalgi tejamkorliklarni qila olmayotgandir. Ilgari bitta chiroqni yoniq qoldirishga qo‘ymasdi, endi uch-to‘rt chiroqni o‘chirmayotgandir. Ilyosning ich-ichida nimadir simillab azob berdi, burunlari achishib, ko‘zlariga yosh qalqdi. Lablarini tishlab, yana rang-barang chiroqlar ichra lovullab yotgan shaharga qaradi: «Safardan so‘ng hamma ishni bir chetga yig‘ishtirib qo‘yib, onamni ko‘rgani boraman. Yalinib-yolvorib bo‘lsa ham, shaharga olib qaytaman. Qarib qoldi, Xudo ko‘rsatmasin, bir narsa bo‘lib qolsalar, yolg‘iz o‘zi… Keyin bosh ko‘tarib yurgiligim qolmaydi».
Bu o‘tgan yillar davomida o‘ziga bergan nechanchi va’dasi ekanligini bitta Xudo biladi. Uning bilgani shuki, shaharga borgach, yana doimiy yugur-yugurlar boshlanadi. Yigirma vagon tirkalgan paravozga o‘xshab, hansiragancha u tomondan bu tomonga, bu tomondan u tomonga qarab yugura­veradi-yuguraveradi. Bu harakatni faqat xotini­ning qo‘ng‘iroqlari, bolalarining tashvishlarigina bo‘lishi mumkin. Aslida, barcha­sini boshqaruvchi ham xotin va bola-chaqa tashvishlaridir. Shular eldan kam bo‘lmasin, ko‘ngli o‘ksimasin, otam qilib bermadi, demasin deb bir umr yugurdi. Bu jarayonda na tug‘ilib o‘sgan qishlog‘ini, na shuncha tavallolar bilan ham ko‘chib kelishga rozi bo‘lmagan onasini eslashga umuman vaqti bo‘lmaydi. Har zamonda bir marta Jovdat tog‘a qo‘ng‘iroq qilib qoladi: «Ilyosboy, qalaysiz?» yoshi ancha ulug‘ bo‘lsa ham shaharga ko‘chib ketganidan beri unga sizlab murojaat qiladi. Shubhasiz, Ilyosning hamisha vaqti tig‘iz bo‘ladi, vaqti bo‘lgan payti ham tog‘a­ning ovozini eshitishi bilan ensasi qotadi. O‘zidagi holat uchun o‘zini yozg‘iradi: «Bechora, bir qishloq odamida, unga hech qachon ishing tushmaydi. Shuning uchun u bilan so‘rashging ham kelmaydi». Imkon darajasida xushmuomala bo‘lishga harakat qiladi: «Assalomu alaykum, tog‘ajon! Ahvolingiz yaxshimi? Yangamlar sog‘-omon yurishibdimi?», narigi tomondan gulduragan ovoz eshitiladi: «Rahmat, jiyan! O‘zingiz yaxshimisiz? Ishlar yaxshimi? Kelin ham gurullab yuribdimi?..», tog‘a bir boshdan hammani nomma-nom so‘rab chiqadi. Umuman olganda, aytadigan tayinli bir gapi bo‘lmaydi, lekin har zamonda qo‘ng‘iroq qilishini sira qo‘ymaydi. Ana shunday qo‘ng‘iroqlardan keyin Ilyos qancha vaqt o‘zidan koyinib yuradi: «Nega bunchalar xudbin, bunchalar tor bo‘lib qoldim ekan? Ishim tushmaydigan, biron manfaatim bo‘lmagan odam bilan umuman gaplashgim kelmaydi. Nega? Qachon bunchalar beshafqat bo‘lib ulgurdima?» O‘zini yozg‘irib turib, beixti­yor onasini eslaydi. Onasini izlamaganining bosh sababi ham asli shunda emasmi? Endi… onasiga hech qachon ishi tushmaydi. Endi onasining uyi ham kerak emas. Hamma ishi yo‘lga tushib ketdi. Dang‘illama uchastka oldi, eng so‘nggi rusumdagi mashinasi bor, qaynotasining uyini qaytarib berdi. Navbat – o‘g‘li bilan qizini o‘qitish, ko‘ngildagidek sarpolar bilan uzatish, uylanti­rishga. Shahar joyning bordi-keldilari ham o‘ziga yarasha. Biron yakshanba yo‘qki, qaygadir borish zarurati bo‘lmasa. Borishning esa o‘zi bo‘lmaydi, ayoli «Tog‘oramiz obro‘yingizga yarasha bo‘lishi kerak, dadajonisi. Siz ko‘chada yurgan bir bechora odam emassizku», deb qo‘ymaydi. Ha, ishlari yaxshi, daromadi, obro‘yi ham shunga yarasha yoru birodarlar ham bor. Onasi, o‘zini bilsa, kelib bir yonida, duo qilib o‘tirishi kerak edi. Kelmadi.
Ilgari onasining birga kelmaganini eslasa, yu­ragi achishib ketardi. O‘shanda unga ham, bolala­riga ham juda kerak edi. Endi esa uning uzoqda, alohida yashashiga ko‘nikdimi yoki hayoti to‘kis bo‘lib, onaga unchalik zarurati qolmaganidanmi, onasining o‘sha yoqlarda yashashi odatdagi hol bo‘lib ko‘rinar edi. Ba’zan bayramlarda xotini va bolalariga sovg‘a-salom olishni rejalashtirayotganda, onasiga ham nimalardir olib, biron yo‘lovchi mashinadan jo‘natib yuborishni o‘ylar, ammo ayoli ro‘yxatga o‘z ota-onasini, opa-singillarini qo‘shib, cho‘ntagini quritib qo‘yar, shunday qilib, Ilyosning ko‘nglidagi reja rejaligicha qolib ketaverardi.
Ba’zan har oyda pul jo‘natib, «Onajon, osh-ovqatingizga, hovli-joyingizga qarashib turadigan bir xizmatkor oling. Xizmatkorning maoshini o‘zim to‘layman», demoqchi bo‘lar, ammo yana xarajat ustiga xarajatlar, tashvishlar ustiga tashvishlar qo‘shilib, ko‘nglidagi niyatlar ko‘nglidan tashqariga chiqmaydi.

* * *

Fotima kechga borib, alaxsiray boshladi. Dovud Fotimaning telefonidan topgan raqam bo‘yicha Ilyosga qayta-qayta qo‘ng‘iroq qildi, ammo qo‘ng‘i­roqlariga hech kim javob bermadi. Ilojsiz qolib, Toshkentda yashaydigan bir do‘stiga qo‘ng‘iroq qildi, Ilyosning uy manzilini, ish joyini tushuntirdi: «Zudlik bilan yetib kelsin. Onangizning mazasi qochib qolibdi, deb aytgin», dedi. So‘ng Jovdat amakiga qo‘ng‘iroq qildi. Jovdat amaki ayoli, qizi, o‘g‘illari bilan birpasda yetib kelishdi. Yarim tunda do‘sti qo‘ng‘iroq qildi: «Aytgan odaming u manzildan ko‘chib ketgan ekan. Yangi manzilini topa olma­dim. Sen aytgan institutda bir tanishim ishlaydi, surishtirsam, Ilyos aka Xitoyga ilmiy simpoziumga ketgan ekan. Bir haftadan so‘ng kelarmish».
Fotima tuni bilan alaxsirab chiqdi. Goh erining, goh qizining, goh o‘g‘lining ismini aytib, o‘zini har yonga tashlar, boshida turganlar unga nima de­yishni bilmay hayron edilar. Tongga yaqin Jovdat amaki Fotimaning boshiga borib, «Jiyan, mana, Ilyos keldi», deb o‘g‘li Farruxning qo‘lini bemorning qo‘liga tutqazdi: «Ilyos keldi, jiyan», uning ovozi titrab ketdi. Fotima qizarib ketgan ko‘zlarini katta-katta ochib, atrofga qaradi, nigohlarida azobli intiqlik bor edi, nigohi boshida turgan Farruxga kelib to‘xtadi, unga biroz tikilib turib, chuqur «uf» tortdi va uning qo‘llarini qattiq siqdi. Shu damda uni aldashayotganlaridan o‘ksindimi yoki Farruxni haqiqatan ham o‘g‘li deb o‘yladimi, bu bir xudoga ayon edi. So‘ng ko‘zlarini yumib, ohistagina shivirladi: «Men… s…ss…sen…dan… rroziman, o‘o‘g‘g‘lim…». Bu gapni u yonidagi yigitni Ilyos deb o‘ylagani uchun aytdimi, Allohning roziligi uchun aytdimi, bu ham noma’lum bo‘ldi. Ko‘p o‘tmay, Farruxning qo‘llarini tutib turgan barmoqlari o‘z-o‘zidan ochilib qoldi. Farrux otasiga qaradi. Jovdat amaki bosh chayqadi: «Alloh rahmat qilsin jiyanimni!..» Engashib, Fotimaning yelkalaridan quchdi, peshonasidagi siyrak sochlarini hidladi. Yelkalari silkinib, ovozsiz yig‘ladi. So‘ng yigitlarga «ketdik» ishorasini qilib, xonadan chiqdi. Endi bu yerda erkaklar qiladigan yumush qolmagan edi. Sora Jovdat amakining ayoli bilan qizlariga qaysi zamonlar Fotima ustoz joyini ko‘rsatib, qayta-qay­ta tayinlab qo‘ygan tugunlarni keltirib berdi va o‘zi hovliga chiqib ketdi…

* * *

…Darvozalari oldida ikkita mashina turgan ekan. Boshqa payt bo‘lganda bolalari o‘zidan avval yugurib, hovliga kirib ketishgan bo‘lardi. Ammo ular ham yelkalarida og‘ir yuk bordek engashibgina otaning ortidan borishardi. Osh­xonadan choynak ko‘tarib chiqqan ammasi uni ko‘rib, turgan joyida qotib qoldi. Ilyos yoniga borgandan keyingina qo‘lidagi choynakni yerga qo‘yib, uning yelkasidan oldi: «Og‘ajonimdan qolgan yodgorima!.. Enangni ham berib qo‘ydikku, bolam!.. Endi qanday qilasan, duogo‘yingdan ajralib qol­dingku?..» Ammaning ovozini eshitib, ichkaridan Jovdat tog‘asi bilan katta ammasi chiqib kelishdi. Uni bag‘riga bosgancha, sel bo‘lib yig‘lab yotgan ammani sekin chetga surib, birin-ketin Ilyos bilan ko‘rishishdi.
Onasining xonasida hech narsa o‘zgarmagan edi. To‘rda turgan karavot ustidagi yostiqlarga onasi to‘qigan chiroyli yopinchiq tashlab qo‘yilgan. Yonboshdagi javonda onasi tez-tez mutolaa qilib turadigan kitoblar. Deraza oldidagi qizil baxmal yopilgan ixchamgina stolning bir chetida qandaydir kitob ustida onasining ko‘zoynagi… Onasi qalampirmunchoqni yaxshi ko‘rardi, har doim bozordan uch-to‘rt shoda qalampirmunchoq olib kelib, ko‘zga tashlanmaydigan bir joylarga ilib qo‘yardi. O‘tgani­ga shuncha vaqt bo‘lgan, bu xonaga qancha odam kirib-chiqqan, ammo o‘sha tanish hid xuddi onasi hayot paytlaridagidek xonani to‘ldirib turardi.
Tog‘a juda uzun oyat o‘qidi. Ilyos duoyi fotiha va ko‘ngil so‘rashuvlardan so‘ng ta’nayu dashnomlar eshitishga chog‘lanib, boshini yanada qu­yiroq egdi. Ha, u hammasiga rozi edi. Ta’ziyali uyni yolg‘iz qoldirmaylik, deb uning o‘rnini bildirmay, eshik ochib o‘tirgan bu insonlar har nima desa, haqli edilar. Ammo ular hech narsa deyishmadi. Qop-qora qo‘ng‘iroq sochlari ro‘mol chetidan chiqib turgan ko‘zlari katta-katta, qirra burun qiz boya ostonada ammasi qoldirib kelgan choynakni ko‘tarib keldi. Amma choy quyib uzatdi. Haligi qiz ularga yarim kosadan suyuq ovqat suzib keldi. Jim-jit xonada Ilyos qoshig‘ini kosa ichida bir-ikki aylantirib, totingan bo‘ldi. Keyin yuziga fotiha tortib, Jovdat tog‘asiga qaradi: «Boshlariga borib kelsak, devdim, tog‘a…». Tog‘a unga bir qarab qo‘ydida, kichik ammaga yuzlandi: «Qarachi, Dovud uydamikin?». Amma indamay xonadan chiqib ketdi, bir pasdan keyin baland bo‘yli, qotmagina yigit bilan kirib keldi. Yigit o‘tirganlarga salom berib, ostonaga cho‘kkaladi. Yigitning qiyofasi juda tanish ko‘rindi, ammo xotirasining puchmoqlarini har qancha titkilamasin, uni qayerda uchratganini sira eslay olmadi.
– Dovudboy, Ilyosboyni bolalari bilan ustozingning boshiga olib borib kelsang, devdim.
Yigit «yalt» etib, Ilyosning yuziga qaradi, aftidan uni ta’ziyaga kelib-ketuvchilardan, deb o‘ylagan, shekilli. Darhol qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi:
– Xo‘p bo‘ladi, amaki.
Keyin Ilyosga yuzlandi:
– Yaxshi keldingizmi, aka? Bandalik… Sizga odam yuborgan edim, Xitoyga ketgan, deyishibdi.
Ilyos ne bir xijolat va g‘am bilan, qarindoshlar orasida izza tortib o‘tirgan bo‘lsada, begona bir yigitning «Aka», «Odam yuborgan edim», deya onasiga nisbatan qandaydir yaqinlikkami, egalikkami o‘xshash bir ohangda gapirayotganidan beixtiyor hushyor tortdi: «Bu yigit kim o‘zi? Nega shuncha qarindosh-urug‘ turib, u odam yuboradi menga?» Nafsoniyatiga tegdi, ammo hozir muno­sabat bildiradigan vaqt emas edi.
Qabristonga yetgunlaricha bir og‘iz gaplashishmadi. Begona birovning ularga yo‘ldosh bo‘lgani Ilyosga yoqmayotgan edi. Kechadan buyon yuragi to‘lib ketdi. Tuni bilan ilondek to‘lg‘onib chiqdi, ammo ko‘zidan bir tomchi ham yosh chiqmadi. Hozir onasini izlab kelib, do‘ppaygan bir uyum tuproqqa duch keladi, o‘zini to‘xtata olmay, bo‘kirib yuborishi aniq. Ammo shu begona birov oldidami?.. «Ha, shu «begona birov» bo‘lmasa, qaysi uyum tuproqning tagida onang yotganini qanday topasan, o‘g‘lon?»
Qabristonga kirishgach, oyoqlari uni beixtiyor opasi bilan otasi yotgan tomonga boshlab ketdi. Ko‘ngli adashmagan ekan. Opasi, otasi… Ularning yonida yana bir qabr duppayib turar, usti yangidan somonsuvoq qilingan, boshiga kichkinagina qora tosh qo‘yilgan: «Fotima Mustafo qizi. 1938 – 2011 y.y. Suv kelar, oqar-ketar. Toshlarni yuvar-ketar. Dunyo bir derazadir. Har kelgan boqar-ketar». U rostdan ham adashmagan edi, yonidagi bolalarini ham, «Begona birov»ni ham, u butun dunyoni unutdi. Bo‘kirib yubormaslik uchun barmoqlarini qattiq tishlagancha, duvullab to‘kilayotgan ko‘z yoshlariga erk berdi: «Ona!.. Onajon! Onajonim! Meni kechiring! Meni kechiring, onajon!» Cho‘kka tushib, boshini toshga urdi: «Meni kechiring, onajon…» Qani, onasi hayot bo‘lganida, toshga emas, uning bod chalgan og‘riqli oyoqlariga bosh urib, shu so‘zlarni ayta olganida edi!.. Endi kech… Ming afsus… Qayerdandir qar­g‘alarning yoqimsiz «qag‘»illagan ovozi eshitildi, uning eti junjikib ketdi. Cho‘kkalab o‘tirgan holida bilganicha Fotiha surasini o‘qidi, duo qilayotib, yana yig‘lab yubordi. Bolalarini uyga tashlab, keyinroq yolg‘iz o‘zi yana qaytib kelishni ko‘ngliga tugib o‘rnidan turdi.
Uyda ularni bir dunyo odam kutib oldi, uning kelganini eshitib chiqqan qo‘ni-qo‘shnilar, qarindosh-urug‘lar. Ilyosning yarasi hali juda ham yangi, ularning og‘ziga qarab, bosh irg‘ab o‘tirishga umuman holi yo‘q edi. Osh qilishayotgan ekan. Oshdan keyin Ilyosning tund ahvoliga qarab, duoyi fotiha bilan birin-sirin turib ketishdi. Uyda katta ammasi, Dovud va haligi qirraburun qiz qoldi. Dovud bilan qizning gap-so‘zlaridan ular­ning er-xotinligini, hovli chetida so‘ppayib turgan mehmonxonaga erkin kirib-chiqishlaridan esa shu yerda yashashlarini tushundi. Ikkalasi idish-tovoq­larni yig‘ishtirib, yuvib-chayib olishdi.
Amma qorong‘u; tushishi bilan xufton namozi­ni o‘qidida, oyoqlariga yopilgan odeyolni ustiga tortib, o‘tirgan joyiga yonboshlab uxlab qoldi. Ilyos qizini ammaning yonida qoldirib, o‘g‘li bilan mehmonxonaga o‘tdi. Hovlida alohida mehmonxona qurgunlaricha, ular shu xonada mehmon kutishardi. Eshikning o‘ng tomoniga uzalib chiroqni yoqdi. Shipning o‘rtasidagi billur qandil xonani yaraqla­tib yubordi. Onasi bu xonani juda yaxshi ko‘rardi. Keng, yorug‘, kamdan-kam kirilganidan jihozlari hamisha ohorli bo‘lib turardi. Qo‘sh qavatli darpardalar, kungurador gulli qizil gilam, xona o‘rtasidagi uzun xontaxta, bir chetga qo‘yilgan divan va ikkita kursi, hammasi o‘sha-o‘sha, qaysi zamonlarda Il­yos qanday joylashtirgan bo‘lsa, shu holida saqlangan, faqat ancha ohori to‘kilib, hammasi bekasiga aza ochganday mung‘ayibgina turardi. Ilyos xona chetidagi taxmondan ko‘rpa olib, ikki kishilik joy tashladi. Yo‘l bosib, keldi-ketdi bilan bo‘lib yaxshigina toliqqan o‘g‘li birpasda pishillab uxlab qoldi. Ilyos esa sira uxlay olmadi. Yonbosh yotsa, yuragi siqilayotgandek bo‘laverdi, chalqancha yotsa, o‘pka-jigari bo‘g‘ziga tiqilayotganday qiynaldi. Oxiri ustidagi ko‘rpani chetga surib qo‘yib, o‘tirib oldi. Baribir bo‘lmadi, qancha chuqur-chuqur nafas olmasin, o‘pkasining qaysidir kunjaklari havosiz qolayotgandek nafasi siqilaverdi. U yelkasiga kamzulini ilib, hovliga chiqdi. Yuziga muzdek havo urildi. Bir-bir bosib, ayvoncha tagiga qo‘yilgan yog‘och supaga borib o‘tirdi. Ayvonning bir chetida yoqig‘lik qolgan yagona chiroq atrofga zaifgina nur taratib turar, olis osmon toqida yulduzlar sovuqqina miltirar, oyning o‘ychan sukuti uning mahzun holatiga juda mos, nimqorong‘u hovlida kishini seskantiradigan sukunat hukmron edi. Uning badani junjikdi, kelgan payti ammasi yelkasiga tashlagan to‘nning yenglarini kiyib, o‘ranib oldi. Baribir isimadi. Ro‘paradagi mehmonxonaning eshigi ochilib, ostonada qora to‘n kiyib olgan Dovud ko‘rindi. U kelib, Ilyosning yoniga o‘tirdi. Har ikkalasi boshlarini quyi solgancha ancha vaqt jim o‘tirdilar. Nihoyat Dovud o‘rnidan turdi: «Aka, havo juda sovuq. Bu yerda shamollab qolishingiz mumkin. Oshxonaga kiraylik. Sizga aytishim kerak bo‘lgan gaplarim bor edi». Ilyos unga so‘zsiz ergashdi.
Oshxonaning chirog‘i ham juda xira edi. Dovud uni to‘rga o‘tqazib, o‘zi gaz o‘choqqa choy qo‘ydi. Stol ustida turgan choynaklardan birini olib, quruq choy soldi va uchta piyola bilan xontaxtaxta yoniga cho‘kdi:
– Aka, siz meni eslay olmaysiz. Sizlar maktabni bitirgan yilingiz biz to‘rtinchi sinfda o‘qiganmiz. Bizning sinfga Fotima ustoz dars bergan. Hammamiz ustozni juda yaxshi ko‘rardik. Maktabni bitirgach, institutda o‘qidim. Yotoqda, ijarada turdim, repititorlik qildim, bir amallab o‘qishni bitirib oldim. Keyin siz ishlab ketgan kollejga ishga joylashdim. Bir boshim har joyga sig‘ib ketaverardi, lekin uylanganimdan so‘ng qiyin bo‘lib qoldi.
Chovgum vijillab qaynay boshladi. Dovud chuqur xo‘rsinib, o‘rnidan turdi. Choyni damlab, yana joyiga cho‘kdi va Ilyosga choy quyib uzatdi:
– Ijara uy axtarib, ko‘p sarson bo‘ldim. Hech kim yomon gapirmasdi, lekin bizdan qandaydir o‘zlarini tortishlari ko‘rinib turardi. Bo‘sh uylar ham uchradi, egasining boshqa hovli joyi bor, lekin ular biz uchun juda qimmatlik qildi. Shunday payt­da Fotima ustoz bizga boshpana berdi. O‘n bir yil shu yerda yashadik.
Yigit piyola tagidagi choyni ho‘plab, tomog‘ini qirdi va ancha payt piyolasiga tikilgancha jim qoldi.
– Ustoz o‘n yillar avval so‘nggi sanani ko‘rsatmay o‘zlariga qabrtoshi tayyorlatdi. Uyni ham guvohlar chaqirib, sizning nomingizga rasmiylashtirgandi. Biron narsa bo‘lib qolsa, kimlarni chaqirish kerakligini, pullari, kalitlari qayerda turishlarini ham o‘sha paytda aytib, tayinlab qo‘ygandi. Qarasangiz, soppa-sog‘ odamdek turardi, yurardi, lekin hech o‘ziga ishonchi yo‘qmidi, harqalay, ko‘zlarida, harakatlarida hamisha xavotirga o‘xshash bir narsa bor edi. U kishiga qarab ezilib ketardim. Ko‘nglini olishga rosa harakat qilardim. Men ustozni o‘z onamdek yaxshi ko‘rdim, – Dovud yelkalari silkinib yig‘lab yubordi. – Chinakam o‘g‘il bo‘lishni istardim, ishdan horib-tolib kelsam ham oldiga kirib, gurunglashib o‘tirardim, hovlini aytganlaridek qilib yashnatib qo‘yardim, qo‘limdan kelgancha sovg‘a-salomlar olib kelardim, lekin hech qachon sizning o‘rningizni bosa olmaganimni bilaman. Kulgilarida ham, minnatdorchiliklarida ham qandaydir ayanch borligi ko‘rinib turardi.
U boshini ko‘tarib, ko‘zini noma’lum nuqtaga tikkancha jim o‘tirgan Ilyosga qaradi:
– Ertaga uyning hujjatlarini, ma’raka xarajatlaridan ortgan pullarni beraman. Ustoz qo‘yarda-qo‘ymay kreditga uy oldirgan edi. Kreditni allaqachon to‘lab bo‘lganman, uyim tayyor. Faqat… yolg‘iz o‘zlarini qoldirib ketishni istamaganimiz uchun bu yerda turgandik. Bolala­rimga ham o‘rga­nib qolgandi. Ular bir yoshga yetar-et­mas, xotinimni ishga chiqarib yuborib, farzandlarimizga o‘zi g‘amxo‘rlik qildi. Tez-tez uyga pul yig‘inglar, menga ishonch yo‘q, derdi doim. – U yana lablarini tishlab yig‘lab yubordi. – Agar… uyni sotaman, desangiz, bizdan hech xijolat bo‘lmang.
Ilyos bir kun kelib, bu qadrdon uy unga qolishini, uni sotib, pulini olishini bilardi. Ammo ayni payt­da o‘zi ham tushunmaydigan g‘alati bir holatga tushib qoldi. Bu hovliga o‘zidan ham ko‘ra ko‘proq qarshisida o‘tirgan yahudiy yigit haqliroqdek tuyildi. Ammo onasi, bir umr uning yo‘llariga intizor bo‘lib, qaroqlariga Amu bilan Sirni berkitgan, yelkalariga tog‘dek ayriliq yukini ortgan, yuraklariga osmonlardek bepoyon sog‘inch dardini joylagan onaizori hayotligida undan har qancha ranjigan bo‘lsa ham, o‘zi uchun nihoyatda qimmatli bo‘lgan bu uyni sotib, o‘g‘li biron-bir bitmay turgan ishiga xarjlashini istagani aniq va ravshan edi. Ilyos xontaxtani aylanib o‘tib, Dovudning qo‘llaridan tutdi: «Rahmat, uka!..».
Tashqarida tiyromohning etni junjiktiruvchi ayozli tuni xayolga cho‘mgancha qotib qolgandi…

«Yoshlik» jurnali, 2019 yil, 3-son