Farg‘ona vodiysidagi atrof muhitning holati haqida
Farg‘ona vodiysini tarixiy va iqtisodiy jihatdan o‘ziga xos noyob o‘lka deb atashga asos bor. «Boburnoma»da bu o‘lka qishloqlari shaharlarga tutashib ketgan, bepoyon bog‘-rog‘lari va yaylovlari, boy nabotot va hayvonot dunyosi bo‘lgan vodiy deb ta’riflangan. Asrimiz boshigacha bu vodiyning ana shu tabiati deyarli o‘zgarishsiz saqlanib keldi. Uning markaziy qismida — Sirdaryoning chap sohilida har yili takrorlanadigan suv toshqinlari davrida limmo-lim to‘ladigan ko‘p sonli ko‘llar bo‘lgan. Xalq Damko‘l deb atagan bu ko‘llar atrofida qamish va qiyoq o‘sib yotgan, hayvonot dunyosi ham nihoyatda boy bo‘lgan. Markaziy Farg‘onada Qo‘qon vohasidan Yozyovongacha bo‘lgan kengliklarda saksovul, cherkez qandim, qum qiyog‘i, yantoq kabi nodir o‘simliklar o‘sib, sho‘rxok maydonlar bilan birga o‘ziga xos manzara kashf etgan.
Sirdaryoning chap sohilida yuzlab chaqirim masofaga cho‘zilgan nabotot va hayvonot dunyosiga nihoyatda boy to‘qayzorlar vodiy tabiatining noyob yaratmalari sifatida yashnab turar edi. Boburning ta’rificha pistazor, zirazor va butazorlar, o‘ti belga uradigan yaylovlar bilan qoplanib yotgan adirlar o‘zining ko‘rkamligi bilan vodiyga husn baxsh etib turgan. Bu asliy, birlamchi yovvoyi tabiat qo‘ynida hayvonlar, parranda va darrandalar erkin yashab, ko‘payganlar…
Tog‘ tizmalaridan boshlanib, vodiyning tekislik qismiga tomon oqib keluvchi minglab katta va kichik jilg‘alar, soylar va daryolar o‘z obihayoti bilan vodiyni yashnatib, unga alohida husn va latofat baxsh etardi.
Nihoyat, Oktyabr inqilobi g‘alaba qozondi. Mamlakatimiz xo‘jaligini rivojlantirishning dastlabki besh yillik planlari amalga oshirila boshlandi. Bu planlarda mamlakat xalq xo‘jaligini rivojlantirish uchun tabiiy boyliklardan keng miqyosda foydalanish ko‘zda tutilgandi. Uzoq yillar davomida mamlakatimizda tabiat boyliklari bitmas-tuganmas degan aqidaga amal qilinib, insonning unga (er, suv, o‘simlik, hayvonot dunyosi va hokazolarga) o‘tkazayotgan salbiy ta’siri arifmetik progressiya asosida ortib bordi. Bunday holat, ayniqsa qadimgi madaniyat va dehqonchilik markazlarida tez namoyon bo‘ldi. Bunga Farg‘ona vodiysi yaxshi misoldir.
Vodiydagi uch jumhuriyatga qarashli bo‘lgan beshta viloyatda hozir 8 millionga yaqin aholi yashaydi. Bu Belgiyaning aholisidan ikki baravar, Mo‘g‘uliston aholisidan to‘rt baravar ko‘p, degan so‘zdir. Har kvadrat kilometrda o‘rtacha 160 kishi yashamoqda. Ayrim joylarda esa aholi har kvadrat kilometrga 400 kishidan ham ortiq. Bundan, Farg‘ona vodiysi aholi zichligi jihatidan SSSRda oldingi o‘rinda turadi, degan xulosa kelib chiqadi.
Sovetlar hokimiyati davrida bu yerdagi shaharlarda qudratli sanoat markazlari barpo qilindi. Hozirgi vaqtda vodiyda jami mingdan ziyod sanoat korxonasi ishlab turibdi. Ishlab chiqarish kuchlarini joylashtirishning ilmiy printsiplariga zid holda, ayrim shaharlarda ulkan sanoat korxonalari keragidan ortiq qurildi. Masalan, Farg‘ona-Qirguli, Marg‘ilon-Quvasoy, Andijon-Asaka va Ko‘kon sanoat tuguni ana shunday markazlardandir. Bu yerlarda yuzdan ortiq yirik sanoat korxonasi joylashgan. Bu sanoat korxonalarining ko‘pchiligi 1960 yilgacha bo‘lgan loyihada qurilgan bo‘lib, ular texnologik jihatdan me’yoriga yetkazilmagan va vodiyning atrof muhit holatiga salbiy ta’siri e’tiborga olinmagan. Oqibatda bugungi kunda vodiydagi ayrim shaharlarda ekologik tanglik avjiga chiqib, dehqonchilikning hamma tarmoqlarida uning zarari ortib bordi, odamlarning yashash sharoiti yomonlashdi, Farg‘ona shahri va uning atrofidagi rayonlarning havosi azot birlashmasi, Farg‘ona neftni qayta ishlash, sun’iy tola ishlab chiqarish, charm ishlab chiqarish, gidroliz va yog‘-moy zavodlari, lak-bo‘yoq ishlab chiqarish birlashmasi va boshqa korxonalarning chiqindilari bilan to‘xtovsiz bulg‘anib bormoqda.
Farg‘ona shahrining ekologik kundaligiga nazar tashlaylik: 1989 yilning iyun oyida shahar markazida va uning janubida azot ikki oksidining havodagi miqdori sanitariya normasidan 4 martagacha, shaharning aholi zich joylashgan Kalinin massivida esa 2,5 martagacha ortiq bo‘ldi. Bundan tashqari butun oy davomida uglevod oksidi gazining havodagi miqdori sanitariya normasidan 4,4 marta yuqori bo‘lgan. Bu ahvol bu yil ham takrorlanyapti. Shahar havosidagi fenol va ammiakning miqdori ham normadagidan yuqoridir.
Sanoat korxonalaridan havoga ko‘tarilayotgan zaharli gaz, chang, va boshqa chiqindilarning umumiy miqdori haqida hozircha aniq ma’lumot yo‘q. Chunki korxonalardan havoga chiqayotgan chiqindilarni statsionar usul bilan o‘lchash yaqinda boshlandi. Bu ish bilan vodiy bo‘yicha faqat birgina ilmiy laboratoriya shug‘ullanmoqda, xolos. Lekin ayrim korxonalar haqida ma’lumotlar bor. Masalan, Farg‘ona gaz apparat zavodida bir yil davomida havoga chiqayotgan chiqindilar miqdori 350 tonnani, organik sintez ishlab chiqarish birlashmasida 65 ming tonnani, yog‘ochni qayta ishlash zavodida 100 tonnani tashkil etadi. Shundan ko‘rinib turibdiki, vodiydagi korxonalardan havoga ko‘tarilayotgan chiqindilar juda katta miqdorni tashkil etadi. Xo‘sh, buning oqibatida vodiy tabiatida, ijtimoiy-sotsial hayotida qanday o‘zgarishlar sodir bo‘lyapti?
Farg‘ona vodiysining metereologik sharoitlari sanoat korxonalaridan havoga ko‘tarilayotgan har xil chiqindilarning keng maydonga tarqalishi va yoyilib-sochilib ketishiga imkon beravermaydi. Ayniqsa yirik sanoat korxonalari to‘plangan Farg‘ona shaharida va uning atrofida havoning turg‘un holati yil davomida ko‘p takrorlanadi. Oqibatda bir necha kun davomida shahar havosida chang va gazlarning to‘planishi, ularning quyuqlashishi yuz beradi. Bunday holat bu yerda takrorlanib turadigan g‘arbiy, janubi-g‘arbiy va janubi-sharqiy yo‘nalishdagi shamollar esgungacha davom etadi. Ba’zan shunday kunlar uzoq davom etib qolsa, Farg‘ona-Qirguli zonasi ustida tutun, qurum, chang aralashmasidan iborat zaharli havo muallaq turib qolib, tobora pastlay boshlaydi.
Odam ayni shunday iflos havodan nafas olishga majbur bo‘ladi. U faqat o‘pka orqali emas, suv, oziq-ovqat mahsulotlari orqali ham inson tanasiga kirib boradi. Ana shuning uchun ham Farg‘ona viloyati aholisi orasida astma, oshqozon-ichak, o‘pka sili kabi kasalliklar ko‘paymoqda. Masalan, so‘nggi ikki yil davomida viloyatda bronxial astma kasalligi 13 foizga ortgan bo‘lsa, Farg‘ona shahrida 25 foizga, Quvasoy shahrida 90 foizga, Qo‘qon shahrida 59 foizga ortdi. Bolalar o‘limi ko‘pligining asosiy sabablaridan biri ham tabiiy muhitning iflosligi, ichayotgan suv sifatining yomonligidir. Jumhuriyat bo‘yicha har ming boladan 26 nafari, Farg‘ona viloyatida esa 45 nafari nobud bo‘lyapti.
Atrof muhit holati tashvishli bo‘lgan ikkinchi o‘choq Qo‘qon shahridir. Bu yerda sanoat korxonalari bilan birga shahardagi temir yo‘l va avtomobil transporti havoni kuchli ifloslantirayotgan manbalardir. Ulardan chiqayotgan zaharli moddalar miqdori yiliga 66 ming tonnaga yetmoqda. Bu belgilangan normadan o‘n marta ko‘pdir.
Vodiyda suv manbalarining bulg‘anayotganligi ham jiddiy tashvish tug‘dirmoqda. Sanoat korxonalarida ishlatilib, kuchli ifloslangan, tarkibi xilma-xil zaharli moddalar bilan boyigan oqavalar oqin suv manbalarini va yer ostidagi suvli qatlamlarni kuchli ifloslantirayotganligi hech kimni tashvishlantirmayapti.
Farg‘ona neftni qayta ishlash birlashmasi Qirgulida yer osti neft ombori qurib, unda ming tonnalab xom ashyoni saqlamoqda. Bu omborga neft oqib keladigan quvurlar va omborning poydevori eskirib, neftning ma’lum qismi yer ostiga singib, suvli qatlamlarni ifloslantira boshladi. Bunday holatga bir necha yillar davomida beparvo qarab keldilar. Natijada korxonada 7—8 kilometr masofadagi quduqlar suvi neft bilan ifloslandi va suvning sifati buzildi. Hatto suvli quduqlarda yong‘inlar paydo bo‘lib, odamlar jarohatlandi.
Farg‘ona sanoat markazidan janubiy Farg‘ona kanaliga tashlanayotgan oqava suv tarkibidagi neft mahsulotlari, mineral tuzlar va boshqa kimyoviy moddalar miqdori hamon kamayganicha yo‘q. Chunki suvni tozalaydigan inshootlarning ish unumi hozirgi talablarga umuman javob bermay qolgan.
Tabiiy muhitning bulg‘anishi sanoat korxonalarida texnika qarovi qoidalarining buzilishi oqibatida kelib chiqadigan avariyalar tufayli ham sodir bo‘lmoqda. Masalan, 1986—1989 yillar mobaynida Yangi Ko‘qon kimyo zavodida yetti marta avariya bo‘lib, tuproq va yer osti suvi katta hajmdagi fosfogips va oltingugurt kislotasi bilan bulg‘andi. Avariya sodir bo‘lgan kimyo zavodi nihoyatda toza ichimlik suv oqadigan So‘x soyining yoyilmasida — Qo‘qon vohasida joylashganligi natijasida katta suv havzalarining zaharlanishi xavfi tug‘ildi.
Farg‘ona viloyatida mineral o‘g‘it ishlab chiqaradigan ikkita ulkan korxona (Ko‘qon superfosfat va Farg‘ona azot o‘g‘itlari birlashmasi) ishlab turgani holda, bu yerda ana shunday uchinchi korxona qurilishini qanday baholash mumkin? Vaholanki gidrogeolog olimlar bu korxonaning Qo‘qon vohasi tabiatiga xavfi borligini ilmiy asoslab berishgan edi-ku! Hozir, do‘ppi tor kelgan paytda SSSR mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish ministrligi rahbarlari aybni jumhuriyat rahbarlariga, jumhuriyat rahbarlari esa yana kimlargadir to‘nkashyapti. Nahotki, Ittifoq ministrligi viloyatda ikkita mineral o‘g‘it ishlab chiqaradigan korxona borligini bilmasa? Mana, ministr N. M, Olshanskiyning O‘zTAG muxbiri bilan qilgan suhbatiga e’tibor bering: «Qo‘qonga safarga otlayotganimizda, masalaning tarixini o‘rganib chiqdik. Yarim tayyor zavod So‘x yer osti suv manbai ustida turganligi haqidagi dastlabki axborot ministrlikka 1982 yilda kelib tushganligini aytib o‘tmoqchiman. Lekin o‘shanda hech kim qurilishni to‘xtatishni talab qilgani yo‘q». Ministrning mulohazasini qarang. Odatda kimyo korxonasi qurilishiga mo‘ljallangan joy tabiiy va ekologik nuqtai nazardan kompleks o‘rganilib, uning tabiatga ko‘rsatadigan ta’siri ilmiy jihatdan asoslanishi lozim emasmi? Korxonani planlashtirish va joylashtirishda ko‘r-ko‘rona ish qilinganligi aniq. Ministrlikdagi mutasaddi o‘rtoqlar ham, jumhuriyat rahbarlari ham mazkur korxonani bunyod etishda har taraflama o‘ylab ish qilmadilar. Yangi Ko‘qon kimyo zavodi va superfosfat zavodi tabiatni bulg‘ashdan tashqari, xom ashyo manbalaridan juda olisda qurilganligini, zarur xom ashyoni 3,5—4 ming kilometrdan tashib keltirayotganligini qanday baholash mumkin? Bu ulkan korxonani noto‘g‘ri joylashtirilishida, hozir go‘yo hech kim aybdor emas. Lekin davlatga 120 millionga tushgan va hozir ishdan to‘xtash arafasida turgan bu korxona qurilishiga kimlardir fatvo bergan-ku! Nega hozir ular javob bermasliklari kerak? Aslida esa bunday katta ishlarga bosh-qosh bo‘ladigan kishilar yuksak darajadagi ekologik ongga va madaniyatga ega bo‘lishi, qurilishi mo‘ljallanayotgan korxonaning tabiatga ta’sir etish darajasini oldindan ko‘ra bilishi zarur.
Hozir esa, ifloslangan havo va oqava suvlar odamlar sog‘ligigagina emas, dehqonchilikka ham jiddiy zarar yetkazyapti, shahar atrofidagi dalalarda ekinlar hosildorligi kamayib ketyapti. Masalan, Qirguli posyolkasiga yondoshgan Toshloq rayonidagi Kuybishev nomli kolxozda 1976 yili bu ko‘rsatkich 25 tsentnerga tushdi, uzumzorlardan olingan hosil esa 43 tsentnerdan 13 tsentnerga tushib qoldi, sabzavot ekinlarining hosildorligi va sifati ham pasaydi. Quvasoy tsement kombinati atrofidagi qishloqlarga tsement changining ko‘p o‘tirishi oqibatida meva daraxtlari hosil bermay qo‘ydi. Qo‘qon superfosfat zavodi ta’siri doirasida bo‘lgan dalalarda esa tutlar qurib tamom bo‘ldi. Shaharlar atrofidagi xo‘jaliklarda asalari boqib bo‘lmay qoldi.
Shaharlar havosi va tabiati faqat sanoat chiqindilari bilan emas, balki avtomobil transporti harakatidan ham ifloslanmoqda. Avtotransport korxonalarida avtomobillarning texnik qarovi, sozlanishi va avtomobillarning zararsiz yoqilg‘i bilan ishlashga o‘tishini ta’minlash qoniqarsiz ahvolda. Buning ustiga yo‘llar sifati ham talablar darajasida emas. Yo‘llardagi avtotransport qatnovi esa tobora tig‘izlashib boryapti. Bunday sharoitda avtomobil transporti korxonalari rahbarlari avtomobillarning asosiy qismini quyiltirilgan gaz bilan ishlashga o‘tkazish uchun chora-tadbirlar ko‘rishlari zarur.
Sanoat korxonalarini joylashtirishda sanitariya-himoya zonalarini barpo qilish uchun qoida bo‘yicha ma’lum maydon ajratilishi talab qilinadi. Vaholanki, ko‘pgina sanoat korxonalarida ana shunday zonalar yo‘q, borlari ham zamon talabiga javob bermaydi.
Har bir korxonaning sanitariya-himoya zonasini tashkil etishda shu korxonaning havoga chiqarayotgan gaz va changining kimyoviy tarkibini hisobga olish talab qilinadi, chunki himoya zonasiga ekiladigan daraxt turi, buta yoki boshqa manzarali o‘simliklar shu gaz va changga chidamli bo‘lishi kerak. Bu ishlarni amalga oshirishda ilmiy muassasalarning tavsiyalariga amal qilish lozim.
Shu o‘rinda Farg‘ona vodiysi shaharlarining manzarali daraxt va yashil ko‘katlar bilan bezalganlik darajasiga alohida to‘xtab o‘tishni istardik. Tarkibi turli-tuman kimyoviy moddalar, gazlar va chang bilan to‘yinib borayotgan shahar havosining tozaligi va kislorodga boyligi birinchi navbatda yashil o‘simliklar dunyosiga bog‘liq. Chunki yashil o‘simliklar tabiatning sanitari hisoblanib, havoni gaz va changdan tozalaydi, havo haroratini va namligini ma’lum me’yorda ushlab turadi, kislorod bilan boyitadi, nihoyat, odamning yashashi uchun eng qulay sharoit yaratadi. Kim yashil o‘simlik va gullar qo‘ynida bo‘lishni istamaydi deysiz. Axir odam uchun hamma ma’naviy ozuqa shu saxiy dunyo qo‘ynida-ku. Shunday ekan, barcha vositalarimizni ishga solib, shaharlarimizni ko‘kalamzorlashtirish haqida o‘ylashimiz kerak. Namangan shahrini bog‘lar va gullar shahri deb ta’riflanishi bejiz emas. Vodiyning boshqa shaharlariga taqqoslaganda xuddi shunday. Biroq shaharning ko‘pgina ko‘chalari kengaytirilgandan so‘ng yalang‘och bo‘lib qoldi. Aholi jon boshiga hisoblaganda har bir yashovchiga to‘g‘ri keladigan yashil maydon Namanganda ham vodiyning boshqa shaharlarida ham normadagidan birmuncha oz. Masalan, yashil shahar deyilishiga qaramasdan, bu yerda aholi jon boshiga 5—6 kvadrat metr yashil maydon to‘g‘ri keladi, xolos. Bu mutlaqo yetarli emas. Vaholanki, nam va mo‘tadil iqlimli Moskva shahrida har bir kishiga 40 kvadrat metr, Riga shaharida 80 kvadrat metr yashil maydon to‘g‘ri keladi. Bu shaharlardagi bog‘lar bevosita shahar tashqarisidagi o‘rmonlarga tutashib ketgan. O‘ylab ko‘ring, qaysi shaharning havosi toza bo‘lishi mumkin? Asfalt-beton zamoni kelib, shaharlarda asfalt yotqizilmagan ko‘cha va maydonlar qolmadi. Nima uchun yo‘laklar bilan avtomobil yo‘llarini ajratib turadigan butazor va maysazor (gazonlar)ni yo‘qotib yubordik. Farg‘ona shaharida biror qarich ham maysazor qolmadi, adashib chiqib qolgan ariq chetidagi ko‘katlarni ham o‘t bosib ketibdi bahonasi bilan qirib-chopib tashlayapmiz.
Vodiydagi birorta shahar atrofida yoki ularga tutash joylarda o‘rmon-bog‘larni ko‘rmaymiz. Hatto hozirgi davrda qurilayotgan yo‘ldosh shaharlar yoki massivlarda ham o‘rmon-bog‘lar uchun maydonlar ajratilayotgani yo‘q. Nima uchun? Sababi, biz yerni tejashni o‘ylayapmiz-u, lekin inson salomatligi haqida durust qayg‘urmayapmiz.
Yuqorida qayd qilinganlardan ko‘rinib turibdiki, Farg‘ona vodiysi tabiatiga industriyaning tazyiqi beqiyos bo‘lib, undan ko‘rilayotgan ekologik zarar hajmi kundan kunga ortib bormoqda.. Jumladan, tadqiqot orqali olingan hamma ma’lumotlarni ma’lum programma asosida elektron hisoblash mashinasiga havola qilganimizda, Farg‘ona shahridagi o‘rtacha kattalikdagi yettita sanoat korxonasining tabiatga keltirgan zarari 3,5 million so‘mni tashkil qildi. Bu zararning ma’lum qismini umuman tiklab bo‘lmasligiga e’tibor bersak, biz qisqa vaqtda ko‘p narsani yo‘qotganligimiz ravshan bo‘ladi.
Endi suv manbalarining ahvoli, ulardan foydalanish va muhofaza qilish masalalari haqida fikr yuritamiz.
Farg‘ona vodiysini o‘rab olgan tog‘ tizmalaridan ko‘p sonli soy va daryolar oqib kelib Sirdaryoga quyiladi. Ularning hammasini birgalikda Sirdaryo sistemasi deb ataladi. Biroq aslida Sirdaryo va uning ko‘psonli irmoqlari Qirg‘iziston va Tojikiston yerlarida shakllanib, katta masofani bosib o‘tib, O‘zbekiston territoriyasiga kirib keladi. Suv boyliklari nuqtan nazaridan tabiat Farg‘ona vodiysida uch jumhuriyatni bir qon tomiriga bog‘lab qo‘ygankim, tabiatning bu mo‘jizasidan o‘zbeklar, qirg‘izlar va tojiklar hamkorlikda, oqilona foydalanishlari zarurligini tabiatning o‘zi aytib turibdi. Sirdaryo havzasidagi soy va daryolarda to‘plangan suv zapasi vodiy aholisi, xo‘jaligi va boshqa hamma ehtiyojlarni qanoatlantirib, ortgan qismi Orol dengizigacha bo‘lgan yerlarni ham suv bilan ta’minlaydi.
Farg‘ona vodiysidagi viloyatlarda sovetlar hokimiyati davrida barpo etilgan va hozirda yana rivojlanib borayotgan sanoat, qishloq xo‘jaligi, aholi ehtiyoji hamda shahar va qishloqlarning obodonchiligi uchun sarf bo‘layotgan yeuv kun sayin emas, soat sayin ortib borayotganligi ham ajablanarli emas.
Sanoat korxonalarida texnologiya jarayonlari uchun katta hajmda suv ishlatiladi, u turli xil zararli va zaharli moddalar bilan ifloslantirilib, chiqarib tashlanadi. Birgina Farg‘ona shahridagi sanoat korxonalari bir sutka davomida texnologiya ehtiyojlari uchun yuz ming kubometrdan ortiq suv ishlatadi va taxminan shuncha miqdordagi suvni ifloslangan holda tashlaydi. Vodiydagi 30 dan ortiq shaharning har birida 50 mingdan 200 minggacha aholi yashaydi, ularda ham sanoat korxonalari bor. Demak, bu shaharlarning har biri suv iste’moli jihatidan Farg‘ona shahriga yaqinlashib qoladi. Shaharlardagi kommunal xo‘jaligining suv iste’moli miqyosi ham sanoatdagi suv iste’molidan qolishmaydi. Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida bir yilda Sirdaryoga 7,5 milliard kubometr yoki hozir Qayroqqum suv omborida to‘plangan suvdan ikki baravar ko‘p suv chiqarib tashlanadi.
Suv tabiatning hech narsaga taqqoslab bo‘lmaydigan mo‘jizasi bo‘lib, hayotimizda uni ishlatmaydigan soha yo‘q. Biroq, shunday mo‘jiza bo‘lgan suvdan foydalanishda tejamlilik yo‘q. Suvdan sanoatda texnologiya jarayonlarida aylanma usulda takror va takror foydalanish 30 foizga ham bormaydi. Ifloslangan suvni tozalash inshootlarida tindirma va biologik usullar bilan tozalab, qaytadan xo‘jalik ehtiyojlari uchun ishlatish hali qoniqarli emas. Juda ko‘p hollarda suvni texnologiya maqsadlarida bir marta ishlatib, chiqarib yuboriladi. Andijon, Farg‘ona va Namangan shaharlaridagi yirik kimyo va oziq-ovqat korxonalaridan chiqayotgan suvning tarkibidagi zararli moddalar normadan bir necha marta ortiq, yog‘-moy kombinatlarida ishlatilgan suvda esa yog‘ aralashmalari bir necha o‘nlab tonnani tashkil etmoqda.
Qanchalar chora-tadbirlar ko‘rilmasin, bu chiqindi suvlar soy, kanal va ariqlardagi suvlar bilan aralashib, ularning kuchli ifloslanishiga olib kelmoqda. Shohimardonsoy suvi Qadamjoy va Vodil posyolkalari atrofida ammoniyli azot bilan ifloslanib, u sanitariya normasidan ikki baravardan ziyod ortib ketmoqda, nitratli azot miqdori esa 1,5 marta ortib ketmoqda. Bu moddalar salmog‘i Sirdaryoga borgan sari yanada ortadi. Masalan, Shimoliy Bog‘dod kollektorida nitratli azot miqdori normadagidan 9,5 marta, Janubiy Farg‘ona kanalida esa 6 martaga yaqin ortadi. Isfayramsoy va Shimoliy Bog‘dod kollektoridagi suvda xromning miqdori 3,5 martaga ortgani aniqlandi. Oqin suv manbalarini ifloslantiradigan o‘choqlarning ko‘pligi orqasidasuvda murakkab kimyoviy birikmalar ham uchraydigan bo‘lib qoldi.
Sanoat va kommunal xo‘jaligi tomonidan suv manbalarining ifloslanishi va sifatining yomonlashuvining asosiy sababi ayrim korxonalarda va umumam shaharlarda suv tozalaydigan inshootlar mutlaqo qoniqarsiz ishlashi yoki ko‘pchilik korxonalarda shunday uda ko‘p inshootlarning yo‘qligidir. 1980 yilgacha qurilib ishga tushirilgan korxonalarda loyihada ko‘zga tutilgan suv tozalaydigan inshootlar yoki butunlay qurilmagan, yoki ular loyiha bo‘yicha qurib bitkazilib, ishga tushirilmagan. Suv tozalash inshootlari qurilishiga ajratilgan mablag‘ foydalanilmasdan qolib ketgan yoki boshqa maqsadlarda foydalanilgan. Atrof muhit muhofazasi va suv manbalarining ifloslanishi oldini olish masalasida hech kim bosh qotirmagan. Shunday munosabat hozirgacha davom etib kelmoqda.
Farg‘ona — Marg‘ilon sanoat zonasida xuddi shunday holat yuz berdi. Bu yerdagi ko‘pgina sanoat korxonalari 1986 yildan buyon suv tozalash inshootlari qurilishini planlashtirish bilan shug‘ullanib kelmoqdalar. Shu maqsadlar uchun ikki yarim million so‘m pul ajratilgan. Ana shu plan bo‘yicha suv tozalash inshootlari 1990 yilda bitkazilishi va sutkasiga 60 ming kubometr suvni tozalab berishi kerak edi. Afsuski, bu umumshahar suv tozalash inshooti ishga tushguncha bu yerdagi sanoat tarmoqlarining suv iste’mol qilishi kamida 1,5 barobar ortishi kutilmoqda.
Orol dengizini saqlab qolish muammosini hal qilishda Sirdaryo havzasidagi suv boyliklaridan nihoyatda tejab-tergab foydalanishning ahamiyati katta. Suvdan xo‘jaligimizning hamma tarmoqlarida foydalanishni qat’iy tartibga keltirilsa, ishlab chiqariladigan har bir mahsulot birligiga sarf qilinadigan suv miqdori aniqlanib, suv iste’mol qilishning qat’iy normasi belgilansa va uning bajarilishi qattiq nazorat qilinsa Sirdaryodagi yillik suv sarfining (14 kubokilometr) kamida yarmi Orol dengiziga quyilishiga shubha qilmasa bo‘ladi. Bu umuminsoniy muammoni hal qilish uchun har bir oila, har bir korxona rahbari va suv xo‘jaligi mutaxassisi o‘z vazifasini hamda fuqarolik burchini sidqidildan bajarishi talab qilinadi.
Er osti suv boyliklaridan foydalanishdagi qoloqlik va xo‘jasizlik hozirgi taraqqiyot darajamizga mutlaqo mos kelmaydi.
Farg‘ona vodiysi yer osti suvi shakllanadigan o‘ziga xos gidrogeologik rayon hisoblanadi. Bu yerda turli chuqurliklarda bir necha suvli qatlamlar hosil bo‘lgan, Bu qatlamlardagi suv million yillar davomida yer yuzasidagi namlikning tuproqqa shimilishi va atrofdagi tog‘larda erigan qor va muz suvlarining sizib kelib to‘planishi natijasida hosil bo‘lgan. Ular ma’lum zapasga ega va u tartibsiz foydalanish oqibatida ado bo‘lishi mumkin.
Biroq yer osti suvidan foydalanishni tartibga soladigan va uni planlashtiradigan biror bir rahbariy idora yo‘q. Shuning uchun xohlagan tashkilot yoki korxona yaylov melioratsiya boshqarmasi bilan kelishib xo‘jalik bitimi orqali xohlaganicha artezian qudug‘i qazib olishi mumkin. Bunga hech qanday davlat tashkiloti qarshilik ko‘rsatmaydi va artezian quduqlarining ishini nazorat ham qilmaydi. Xullas, yer osti suvi egasiz. Birgina Farg‘ona viloyatining o‘zida 2500 dan ortiq artezian qudug‘i ishlab turibdi. Ular yil davomida to‘xtovsiz ishlab, har sekundda bir necha o‘nlab litr suv beradi. Ilm-texnika taraqqiy etgan hozirgi davrda artezian quduqlariga jo‘mrak qo‘yish va uning suvidan tejab foydalanish masalasi hal etilmagan. Ulardan suv doimiy oqib yotishi oqibatida atrofidagi yerlar botqoqqa aylanmoqda yoki sho‘rlab ketmoqda, yer osti suv zapaslari esa keskin kamayib bormoqda. Shuning oqibatida bundan 10—15 yil muqaddam burg‘ilangan artezian quduqlari hozirga kelib suv bermay qo‘ydi.
Atrof-muhitni muhofaza qilish laboratoriyasi xodimlari Farg‘ona shahridagi ipak o‘rash, gazoapparat, yog‘-moy kombinati kabi o‘ndan ortiq korxonalarning injener-texnik xodimlari va iqtisodchilari bilan bo‘lgan savol-javobda yer osti suvidan foydalanish sohasidagi xo‘jasizlik ochiq-ravshan ko‘zga tashlanib qoldi. Bu xodimlarga, korxonangizda mahsulot birligiga necha litr suv sarflaysiz, degan savolga hech qanday javob olinmaganligi ajablanarli bo‘ldi. Bu korxonalarda suv tekin bo‘lganligi uchun istaganlaricha foydalanishadi. Yer ostidagi suv birdan bir toza suv manbai ekanligini, undan tejab foydalanish lozimligini tushunib yetishmagan.
Farg‘ona vodiysi va uning tog‘laridagi o‘simliklar dunyosi farmatsevtika, oziq-ovqat sanoatiga va qurilish industriyasiga xom ashyo, chorvachilik uchun yem-xashak bo‘lishidan tashqari, havo namligi va haroratini bir me’yorda tutib turadi, tabiatni bezaydi, odamlarga tetiklik baxsh etadi. Bu jihatdan o‘simliklar dunyosi tabiatning tengi yo‘q yaratmasidir. Vodiyning tekislik qismi va adirlari issiq, quruq iqlimga ega bo‘lishiga qaramay o‘simliklar dunyosiga bir muncha boy. Ular orasida qimmatli, noyob turlari ham kam emas. Vodiyda dehqonchilikning rivojlanishi va yerlarni keng miqyosda o‘zlashtirilishi o‘simliklarning kamayishiga yoki butunlay yo‘qolib ketishiga olib keldi. Biz ongli va ongsiz ravishda o‘simliklar dunyosi tarozisining posangisini buzdik. Bobur zavq bilan ta’riflagan yovvoyi hamda manzarali, tanasi qizil va nihoyatda qattiq buta hisoblangan tobulg‘aning bir turini o‘simlikshunos olimlar hozir vodiyning hech qayeridan topolganlari yo‘q. Tobulg‘a yog‘ochidan o‘tmishda qamchi dastasi va mayda naqshli ro‘zg‘or asboblari, koshonalarga ixcham qosh tayyorlangan.
Bundan 20—30 yillar avval bir necha yuzlab gektar yerlarda zira o‘sib yotar edi. Ularning hidi nihoyatda kuchli bo‘lib to‘q sariq rangda meva berar edi. Adirlarni o‘zlashtirish va sug‘orish oqibatida bu zirazorlar tamoman yo‘qolib ketdi. O‘sha yillari zirazorlarni ehtiyot qilish va mevasini tayyorlashni biror tashkilotning zimmasiga topshirish haqida aytilgan maslahat va takliflarga hech kim quloq solmadi. Zirazorlar hozir o‘rta tog‘ mintaqasida salqin va seryog‘in yonbag‘irlardagina oz maydonlarda saqlanib qoldi, ularning mevasi adirlardagidek sifatli va kuchli emas. Zira singari yana o‘nlab o‘simlik turlari hozir yo‘qolish arafasida turibdi, ularning ayrimlari O‘zbekistonning «Qizil kitob»iga kiritilgan.
Markaziy Farg‘onadagi qumliklarda va sho‘rxok maydonlarda yerlarning sho‘rini kamaytiradigan, tuproqni eroziya (emirilish)dan saqlaydigan va chorva mollari uchun yem-xashak, ro‘zg‘orda yoqilg‘i sifatida foydalansa bo‘ladigan o‘simliklar ko‘p bo‘lgan. Bu yerlarning shiddat bilan o‘zlashtirilishi mazkur o‘simliklarning keskin kamayib ketishiga olib keldi. Oqibatda vodiy tekislik qismining yaylov sifatida ahamiyati qolmadi. O‘tmishda bu yerlarda yashil qoplam hesil qilgan o‘simliklarni hozir zovurlarning chetlaridagina uchratish mumkin.
O‘simliklar qoplami tabiiy holda ozmi-ko‘pmi yaxshi saqlanib qolgan joy esa Sirdaryoning chap sohilidagi to‘qayzorlardir. Bu to‘qayzorlarda tollar, terak, yovvoyi jiyda va buta, sernam yoki botqoqzor maydonlarda qamish, qiyoq kabi bir necha tur o‘simliklar uchraydi. Bu to‘qayzorlarni vodiy iqlimini yumshatuvchi va mo‘tadillashtiruvchi tabiiy kondintsioner desa bo‘ladi. Biroq, Qo‘qon o‘rmon xo‘jaligi qaramog‘ida bo‘lgan bu to‘qayzorlar maydoni yaxshi nazorat qilinmaganligi oqibatida, kolxoz va sovxozlar anchagina qismini o‘zlashtirib, ekin maydonlariga aylantirib yuborishdi. Hozir esa bu to‘qaylarda yetilgan tol va teraklar shiddat bilan kesilib, qutilar tayyorlanmoqda. Qarangki, o‘rmon xo‘jaligini idish tayyorlashga ixtisoslashtirib olishibdi! Aslida bu yerda tabiiy o‘simliklarni madaniylashtiradigan va ko‘chat yetishtiradigan pitomnik maydonini kengaytirish lozim edi.
Vodiyni o‘rab turgan tog‘ tizmalarida 1500—1600 metr balandlikdan siyrak bo‘lsa-da archazor o‘rmonlar boshlanadi. Bu o‘rmonlar nazoratsiz va qarovsiz bo‘lganligidan dam oluvchilar archa daraxtlarining shoxini sindirib, to‘mtoq tanasini qoldirishmoqda. Buni ayniqsa Hamzaobod, Ko‘liqubbon va Poshshoota atroflaridagi tog‘ yonbag‘irlarida kuzatish mumkin. Ana shunday balandlikda o‘sadigan dorivor, chiroyli gullaydigan bo‘rigul va piyongul ham yovvoyi dam oluvchilarning shafqatsizligi orqasida kamayib, ba’zi maydonlarda mutlaqo qolmadi.
Farg‘ona vodiysida bittagina qo‘riqxona — Chotqol tizmasidagi Sarichelek (Qirg‘iziston jumhuriyati) qo‘riqxonasi bor. Sirdaryo bo‘yidagi Qo‘qon o‘rmon xo‘jaligiga qarashli to‘qayzorni qo‘riqxonaga aylantirish haqidagi Farg‘ona viloyat mehnatkashlarining talabi O‘zbekiston o‘rmon xo‘jaligi ministrligi rahbarligining loqaydligi tufayli amalga oshmay qoldi. Maydonining kattaligi jihatidan ba’zi Yevropa mamlakatlariga teng keladigan vodiyda bittagina qo‘riqxona bo‘lishi mutlaqo yetarli emas. Tabiatga inson taziyqi behad kuchayib borayotgan hozirgi davrda o‘lka nabotot, hayvonot olamini saqlab qolish va muhofaza qilishning asosiy yo‘llaridan biri — qo‘riqxonalar uchun maydonlar ajratishga xasislik qilmaslikdir. Yer maydoni nihoyatda chegaralangan Yaponiyada 4 foiz maydon qo‘riqxonalarga ajratib berilganligi bizga namuna bo‘lishi lozim.
O‘zbekiston SSR Ministrlar Soveti jamoatchilik talabini inobatga oolib, Markaziy Farg‘ona qumliklaridan 144 gektar yerni «tabiat yodgorligi» uchun ajratib berdi. Bundan kutilgan maqsad esa qumlik tabiat olamini atroflicha o‘rganishdan hamda uni muhofaza qilishdan iborat edi. Mana to‘rt yil bo‘ldiki, bu yerda hech bir ish amalga oshirilgani yo‘q. Sababi, bu ishga mutaxassis bo‘lmagan odam rahbar qilib qo‘yilgan. Aslida «tabiat yodgorligi» maydonini allaqachonoq kompleks o‘rganib, Markaziy Farg‘ona tabiatining etaloni sifatida pasport tuzilishi zarur edi.
Hali sodda va har tomonlama bilimga ega bo‘lmagan ota-bobolarimiz tabiatni e’zozlashni bilganlar, u bilan nihoyatda ehtiyot bo‘lib muomala qilganlar, tabiatdan foydalanish bilan birga uni boyitishga intilganlar. Ekinzorlarning atrofiga issiq va qurg‘oqchilikka chidamli manzarali va mevali daraxtlar ekib, dalalarni shamoldan himoya qilganlar. Daraxtlarning ko‘pchiligi yarim yovvoyi va yarim madaniy bo‘lib, ham meva, ham qurilish materiali va o‘tin bergan. Shunday qilib ihotazorlar vujudga kelib, ular orasidagi maydonlarda o‘t-ko‘katlar yashnab turgan. Chorva mollari mana shu yaylovlarda boqilgan.
1939—1950 yillar davomida vodiyda xalq hashari yo‘li bilan kanallar qurish tashabbusi boshlandi. Kanallar qurilishi ularning ikki sohiliga mevali va mevasiz daraxtlar o‘tqazish bilan yakunlandi. Xalq bu olijanob ishni davom ettirib, deyarli ko‘pchilik soy va ariqlarning sohillarida daraxtzor barpo qildi. Shunday qilib, obodonchilik belgisi bo‘lgan yong‘oqsoy, Bodomsoy va Jiydalisoy kabi jannatmakon sohillar vujudga keldi, vodiy yashil lentalar to‘riga burkandi. Jazirama quyosh nurlari ostidagi daladan bir qadam chiqsangiz, o‘zingizni mevali daraxtlarga burkangan soy sohilida ko‘rar edingiz. Ketmon asosiy mehnat quroli bo‘lgan sharoitda odam mehnat qilib charchamas va toliqmas edi. 1948—1953 yillarda vodiyning g‘arbida Qo‘qon atrofi rayonlari yerlarini shamoldan, yemirilishdan saqlaydigan, har biri 6—10 qator daraxtdan iborat ihotazorlar barpo qilindi. Ammo bu yaratuvchilikning umri qisqa bo‘ldi. Ming afsuski, g‘o‘zani kvadrat uyalab ekib, mexanizatsiyadan keng foydalanish, yetishtiriladigan paxta hosilini arzonga tushirish, sug‘orish inshootlari quvvatini orttirish, har qarich ekin maydonidan unumli foydalanish bahonasida ihotazorlar yo‘q qilina boshlandi. Sug‘orish kanallarini betonlashtirish harakati boshlangach, uning chetidagi daraxtlar qurib bitdi. Yerlarning chetidagi zovurlarning sohillarini nurashdan himoya qilib turgan tut, tol va jiyda kabi daraxtlar ham kundakov qilib tashlana boshlandi. Bunday «qo‘poruvchilik» ishlari o‘n yillar davom etdi. Bu da’vomizni isbotlash uchun dalillar keltiramiz.
1970—1980 yillar oralig‘ida So‘x-Shohimardon, Janubiy Farg‘ona va Lag‘on kanallarini betonlashtirishga kirishildi. Betonlashtirish loyihalarini «Uzgiprovodxoz»ning tabiatga bir tomonlama qarovchi mutaxassislari tuzdilar. Loyiha jallodning qilichidek daraxtlarga qiron keltirdi. So‘x-Shohimardon kanalining o‘zanidan 150—200 ming tup, ikki yuz kilometr uzunlikdagi Janubiy Farg‘ona kanali o‘zanidan 1,5—2 million tup. Katta Farg‘ona kanali o‘zanidan 2,5—3 million tup. shuningdek Fayziobod, Jahonobod kabi sug‘orish tarmoqlari sohillaridan 15—20 million tup mevali va mevasiz daraxtlar ko‘chirib tashlandi. Xasis yeb ham, yalab ham to‘ymaydi, deganlariday kolxoz va sovxozlarning rahbarlari ko‘ziga ihotazorlar ishg‘ol qilib yotgan maydonlar ko‘p ko‘rinib, o‘n birinchi besh yillik davomida Kirov rayonining o‘zida 250 gektar davlat ihotazorlari paxta maydonlariga qo‘shib yuborildi. O‘zbekiston, Yozyovon va Oltiariq rayonlaridagi ihotazorlarning taqdiri ham shunday bo‘ldi. Qum ko‘chishiga asosiy qalqon bo‘ladigan Oltiariq — Uch uy ihotazorlari yangi yerlarni o‘zlashtirish bahonasida ko‘chirib tashlandi.
Kichik suv ombori qurilishi ham vodiy tabiatiga g‘orat keltirdi. Oltiariq rayonidagi Qo‘rg‘ontepa suv omborining qurilishi munosabati bilan Xonqiz soyining yetti kilometrlik o‘zanida besh ming tupdan ortiq mevali va manzarali daraxtlar yo‘q qilinib, shu territoriyada 250—300 gektarlik yalang‘och qo‘riq yer hosil qilindi. Bu shu atrofdagi adirlar tabiatida yanada noqulay sharoitlarni yuzaga keltirdi. O‘zbekiston daraxtzorlar maydoni bo‘yicha ittifoqda eng oxirgi o‘rinlardan birini egallab turgan sharoitda (atigi 3 foiz) yashil boyligimizni surunkali yo‘q qilish bilan shug‘ullanish jinoyat emasmi? Bu kamchiliklarga aslida tabiatning asliy holatini saqlab qolish hayotiy ahamiyatga ega ekanligini tan olmaslik va rahbarlarning kaltabinligi oqibatida yo‘l qo‘yilmoqda.
Tadqiqot natijasida shu narsa aniqlandiki, atrofida ihotazorlar bo‘lgan paxta maydonlarida havo harorati ko‘klam kezlarida 0,5—3,5 daraja yuqori, jazirama issiq kunlari esa 2,0— 3,5 daraja past bo‘ladi. Ihotazorlar bor joyda havoning nisbiy namligi 3—20 foizgacha, shudgor namligi esa 1,5—3 foizgacha ortadi. Bu hol esa bizning keskin kontinental iqlimimizda g‘o‘zaning yaxshi o‘sishi uchun ayni zarur holatdir.
Farg‘ona qadimdan sug‘orilgan dehqonchilik vohasi hisoblanadi. Shuning uchun ham bu territoriyaning o‘zlashtirilganlik darajasi juda yuqori, tabiiy holdagi maydonlar esa keskin qisqarib bormoqda. Maqolamizning kirish qismida qayd qilingan noyob tabiiy maydonlar allaqachon yo‘q bo‘lib ketdi. Ming yillar davomida insonning tuproq qoplamiga salbiy ta’siri benihoya ortib, uning tarkibi va unumdorligi yomonlashdi, sho‘rlanishi kuchaydi, boshqa salbiy o‘zgarishlar ham yuz bera boshladi.
Vodiyning O‘zbekistonga qarashli uchta viloyatida 1,5 million gektar maydon sug‘orilib, 75 foyiziga paxta ekiladi. Bu maydonlar muhofaza qilinmasa, u yoki bu darajada shamol va suv eroziyasiga tortiladi. Eroziya esa tuproq tarkibini buzadigan va unumdorligini keskin pasaytiradigan tabiiy ofatdir.
Farg‘ona vodiysining g‘arbiy rayonlari nihoyatda sershamol. Bu shamollar ayniqsa bahorda va kech kuzda ko‘p esadi va tezligi sekundiga 30—35 metrdan ham ortib ketadi. Ba’zan uzluksiz va sutkalab davom etadi. O‘simlik bilan qoplanmagan yoki chala qoplangan maydonlardagi tuproqning yuzidagi eng serunum qatlamini shamollar osongina uchiradi, oqibatda u yupqalashadi va unumdorligi keskin kamayadi. Bir faslda shamol bir necha millimetrdan bir santimetrgacha bo‘lgan tuproq qatlamini olib ketadi. Shunday qalinlikdagi tuproq qoplamining tabiiy ravishda hosil bo‘lishi uchun 300 yil vaqt kerak bo‘ladi.
Tuproq dehqonchilikda asosiy ishlab chiqarish vositasi ekan, uni butun choralar bilan ehtiyot qila bilishimiz zarur. Buning uchun ilmiy tavsiyanomalar yetarli. Faqat gap ularga qat’iy amal qilishda qolgan. Tuproq eroziyasiga qarshi asosiy qalqon esa o‘rmon ihotazorlaridir. Shuni hisobga olib, yuqorida qayd qilib o‘tganimizdek, 1948—50 yillarda vodiyning g‘arbiy qismida millionlab so‘m mablag‘ sarflab davlat o‘rmon ihotazorlari barpo etilgan. Ulardagi daraxtlar voyaga yetgandan so‘ng 10—15 yil davomida shu rayonlarda tuproq uchdi yoki g‘o‘zani shamol olib ketdi, degan ga eshitilmadi. Faqat ihotazorlar asossiz ravishda kolxoz va sovxozlar ixtiyoriga berilganidan so‘ng ish teskarisiga ketdi. Ihotazorlardagi yetilgan daraxtlar sekin-asta kesilib, “yangi yerlar” ochila boshladi va yuqorida aytganimizdek, bir necha yil davomida ular kesib tamomlandi. Shundan keyin shamolning kuch-quvvati ortib, tuproqning ko‘chishi kuchaygandan-kuchaydi. Har yili bahorda shamol 150—200 ming gektardagi g‘o‘zani uchirib ketib, shuncha gektar yerga qaytadan chigit ekish odat tusiga kirib qoldi, hosildorlik ham pasaydi. Shu o‘rinda bir misol keltirishga to‘g‘ri keladi. 1984 yil bahorida bir necha marta esgan shamol ta’sirida Farg‘ona viloyatidagi katta maydondagi g‘o‘zalar va mevali bog‘lar zararlandi, g‘o‘zani qayta ekishga to‘g‘ri keldi. Bu masala xalq deputatlari viloyat Sovetining navbatdagi sessiyasida muhokama qilindi. Viloyat Sovetining raisi shu sessiyadagi dokladida shunday dedi: «O‘rmon ihotazorlari taqdiri masalasiga alohida to‘xtalib o‘tmoq kerak. Viloyatning Qo‘qon atrofi rayonlarida va Markaziy Farg‘ona yerlarida kuchli shamollar katta maydondagi g‘o‘zalarni uchirib ketdi, mevali bog‘lar ko‘p zarar ko‘rdi. Faqat keyingi ikki oy davomida (aprel-may) 117 ming gektardagi g‘o‘zani qayta ekishga to‘g‘ri keldi. Agar avvalda barpo qilingan ihotazorlar saqlab qolinganda va yangilari barpo qilinganda shamoldan ko‘rilgan zarar bir muncha oz bo‘lar edi». Ajoyib fikr, har holda o‘z aybini ochiq tan olish insonning yaxshi fazilatlaridan sanaladi.
Farg‘ona vodiysida tuproq unumdorligini pasaytirayotgan ikkinchi ofat yerlarni noto‘g‘ri sug‘orish oqibatida kelib chiqadigan eroziyadir. Ma’lumki, yerlarning sho‘rini yuvish va tuproqdagi namlikni ko‘paytirish uchun qishda yaxob beriladi. G‘o‘zani parvarishlash davrida 6—7 marta sug‘oriladi. Yaxob berish vaqtida va g‘o‘zani sug‘orish jarayonida barcha suvchilar sug‘orish texnologiyasiga amal qiladilar deb bo‘lmaydi. Ularning ko‘pchiligi suvning oqavasini zovurlarga tashlab qo‘yishadi.
Oqava yoki to‘planib qolgan suv zovurlarga quyiladigan joylarni yuvib, avval kichik-kichik jo‘yakcha, kichik jarlik, so‘ng rosmana jarlik hosil qiladi. Navbatdagi sug‘orish jarayonida jarliklarning yonbag‘irlari qulab tushib, kengayadi. Shu tariqa har bir ekin maydonida bir yoki bir nechtadan jarliklar hosil bo‘ladi. Biz qator yillar davomida jarliklarning hosil bo‘lishi va rivojlanishini o‘rgandik. Jarliklarning har biri o‘rtacha yarim so‘tixgacha maydonni ishg‘ol qilishi hisoblab chiqildi. Butun Farg‘ona viloyati paxta maydonlaridagi jamlangan jarliklar kamida 2000 gektar maydonni tashkil etadi. Demak, shuncha yerdagi paxta hosili ham yo‘qoldi. Shunday bo‘lishiga qaramay, viloyatdagi hech bir xo‘jalikda jarlik hosil bo‘lishining oldini olish uchun hech qanday chora-tadbir amalga oshirilgani yo‘q. Ko‘pchilik zovurlarning qirg‘oqlari daraxtlar ekib mustahkamlanmagan, undagi suvning ayrim fasllarda ko‘tarilishi va oqim tezligining ortishi bilan yonbosh eroziyasi kuchaygan joylar ham kam emas. Buning oqibatida zovurlarning o‘zani ekinzorlar hisobiga kengayib, ulardan foydalanish koeffitsenti bir muncha pasayib ketmoqda.
Nihoyat, ekin ekiladigan yerlarning takror sho‘rlanishi yerdan foydalanish imkoniyatlarini cheklaydigan yana bir omildir. Ekinlarni tartibsiz sug‘orish, sug‘orish normasiga qat’iy amal qilmaslik tufayli yer osti suvlari yuzasi ko‘tarilib, o‘zi bilan yuqoriga tuzlarini olib chiqyapti. Shu tariqa tuproqlarning sho‘rlanishi kelib chiqyapti. Hozir Farg‘ona vodiysidagi ekinzorlarning 47 foizi sho‘rlangan yerlardir. Keyingi o‘n yillar davomida tuproqning sho‘rlanishiga qarshi samarali chora-tadbirlar ko‘rilmayapti. Buning asosiy sababi zovurlar har yili tozalanmayapti, sho‘r yer osti suvining chiqib ketadigan yo‘li ochilmayapti. Oqibatda yer osti suvi katta maydonlarda butun yil davomida tuproq yuzasiga yaqinligicha qolmoqda.
Markaziy Farg‘ona yerlarini o‘zlashtirib, ekin ekishga tayyorlab beradigan kolxozlararo kengashning tashkil bo‘lganiga 40 yildan ortib ketdi. Bu davr mobaynida necha yuz ming gektar yer tayyorlanib kolxoz va sovxozlarga topshirildi, shu yerlar hisobiga bir nechta yangi sovxozlar tashkil etildi. Endi qum barxanlar va qum tepalarini tekislab, uning ustiga tashqaridan tuproq tashib keltirilib, chigit ekmoqdalar. Bor-yo‘g‘i 6—7 tsentnerdan paxta hosili olinmoqda. Bu Markaziy Farg‘ona qumliklari tabiatini buzishga arzimaydigan hosil-ku! Buning o‘rniga mavjud sho‘r bosgan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bilan shug‘ullanish oqilona tadbir bo‘lmaydimi?
Yangi yerlarni o‘zlashtirish shiori ostida adirlarga hujum boshlandi. Ba’zi mahalliy rahbarlar adolat yuzasidan adirlarda meva bog‘lari, dam olish zonalari tashkil qildilar va shunday harakatlar davom etmoqda. Bu yaxshi ish. Uzoq emas, bundan bir necha yillar avval Namangan viloyatidagi rahbarlar Chust-Pop oralig‘idagi adirlarning cho‘qqisigacha paxta ekkan edilar. Hozir esa bu boradagi «estafeta»ni andijonliklar davom ettirmoqdalar. Nodon rahbarlar zamonida qudratli texnika izlari adirlar tabiati husnida qora dog‘ bo‘lib ko‘rinmoqda.
Hozir Farg‘ona vodiysidagi maktab o‘quvchilaridan, qanday yovvoyi hayvonlarni bilasiz, deb so‘rasangiz javob berishga qiynalishadi. Sababi, ular birorta yovvoyi hayvonni ko‘rmaganlar. Darhaqiqat, hamma yeri o‘zlashtirilib, ekinlar ekilgan, odim joyda texnika shovqin solib ishlayotgan maskanda yovvoyi hayvonlar nima qilsin?
Hozir Farg‘ona viloyatida hayvonlar va qushlar makon topib yashab kelayotgan birdan-bir maskan — Qo‘qon o‘rmon xo‘jaligiga qarashli to‘qayzordir. Qo‘riqxona statusini ololmagan bu to‘qayzorda keyingi hisoblarga qaraganda 150 bosh tulki, 300 bosh chiyabo‘ri, 500 boshdan ortiq quyon, 200 boshga yaqin tustovuq yashab turibdi. 1970 yillarda oxirgi to‘ng‘izni otib yeyishdi, o‘tmishda har qadamda uchraydigan bo‘rsiq batamom qirilib bitdi.
Xullas, vodiydagi umumiy atrof muhit holati tanazzul tomon bormoqda. Havo tarkibi ba’zi joylarda (Farg‘ona-Qirguli—Marg‘ilon, Quvasoy, Qo‘qon) fojiali holatda ekanligini tan olish kerak. Shunday ekan, ekologik vaziyatni hech bo‘lmaganda muvozanat holatida tutib turish imkoniyatlari bormi? Bu nihoyatda murakkab va ko‘p qirrali ishni bajarish ma’muriy idoralarning qo‘lidan keladimi?
Vodiydagi beshta viloyatda tabiatni muhofaza qilish komitetlari bor. Bu komitetlar ishlarini bir-biriga muvofiqlashtirib, barcha imkoniyatlarini safarbar qilib, barbod bo‘layotgan tabiatni hech bo‘lmaganda hozirgi holatda tutib turadigan rejalar asosida ish yuritmoqlari talab qilinadi. Komitetlar o‘zlariga berilgan vakolat doirasida dadil harakat qilishlari lozim.
KPSS Markaziy Komiteti va SSSR Ministrlar Sovetining 1988 yil yanvarda qabul qilingan «Mamlakatda tabiatni muhofaza qilish ishini tubdan qayta qurish to‘g‘risida»gi qarorida tabiatni muhofaza qilish komitetlarining asosiy vazifasi va huquqlari belgilab berilgan. Bu qarorda komitetlar zimmasiga mamlakatda tabiatni muhofaza qilish faoliyatini kompleks boshqarish, shu soha uchun yagona fan-texnika siyosatini ishlab chiqish va o‘tkazish, ministrliklar va idoralarning bu boradagi faoliyatini muvofiqlashtirish va hokazo vazifalar yuklanishi bilan birga, SSSR tabiatni muhofaza qilish Davlat komitetining vazifasi doirasida qabul qilingan qarorlarni barcha ministrliklar, idoralar, birlashmalar va tashkilotlarning bajarishi majburiy deb uqtirib o‘tiladi.
Endigina shakllanib bo‘lgan tabiatni muhofaza qilish komitetlarining xodimlari kimlar, tabiat uchun jon kuydirib yugurib-eladigan mutaxassislarmi yoki bu ham shunchaki bir ish-da, deb o‘tadigan loqayd odamlarmi? Buni kelajak ko‘rsatadi. Ayting-ayting, bu hayotiy zarur idora rahbarlari orasiga loqayd, moyanaxo‘r odamlar kirib qolgan bo‘lmasin. Mashhur yozuvchi Yasenskiy Bruno ta’kidlaganidek, «Loqayd odamlardan qo‘rqqin, ular hech kimni o‘ldirmaydilar va hech kimni sotmaydilar, lekin ularning loqaydliklari panasida yer yuzida xoinlik va qotillik yotadi».
Tabiatni muhofaza qilish viloyat komitetlari va ularning rayonlardagi bo‘limlari xodimlari birinchi navbatda keng jamoatchilikni jalb qilib o‘zlarining territoriyalaridagi eng muhim va noyob tabiat ob’ektlarini hozirgi holatini tekshiruvdan o‘tkazib qayd qilishlari va ularning tabiiy tasvirini aks ettiruvchi pasportlar tayyorlashlari lozim. So‘ng. ayni tabiatda yilma-yil qanday o‘zgarish va yangiliklar paydo bo‘layotganini shu pasportga qayd qilib borish zarur. Ana shu o‘zgarishlarga qarab tabiatni boshqarish planlashtirilsa to‘g‘ri bo‘ladi. Bu albatta oson va tez bajariladigan ish emas, ma’lum bir vaqtni, sa’y-harakatni talab etadi. Shu yo‘l bilan to‘plangan materiallarni, masalan, 10, 20 va hokazo yillardan so‘ng tahlil qilib, ma’lum xulosalar chiqarib turishni odat tusiga kiritish kerak.
Shunday ishlarning sifatli bajarilishi unda ishtirok etadigan kishilarning ekologik saviyalari qay darajada ekanligiga bog‘liq. Ekologik saviya va ekologik bilimdonlik esa o‘rta va oliy maktabdagi ta’lim va tarbiyaga bog‘liq. Majburiy o‘rta ta’lim amalga oshirilgan bizning jamiyatda har bir o‘rta ma’lumotli fuqaro o‘zini tabiatning ajralmas bir qismi ekanligini, asrash hamda boyitish burchi ekanligini tushunib yetgan bo‘lishi kerak.
Sanoat va qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida hamda boshqaruv idoralarida ishlayotganlarning ko‘pchiligi oliy ma’lumotli mutaxassislardir. Ular o‘z mehnat faoliyatlari va hatti-harakatlari bilan tabiatga qay darajada ta’sir ko‘rsatayotganliklarini yaxshi bilishlari lozim. Bu demak, butun choralar bilan jamoatchilikning tabiat haqidagi bilim saviyasi va faolligini oshirishimiz kerak. Faqat shunday sharoitdagina bu borada sezilarli yutuqlarga erishish mumkin.
“Sharq yulduzi” jurnali, 1990 yil, 7-son