Yormat Tojiyev. Shevalarimizni unutmaylik (1990)

Xalq tilidagi, shevalardagi so‘zlarni ishlatish, eski so‘zlarning ma’nolarini izohlash, shu orqali ularni targ‘ib qilish til boyligimizni saqlashning eng yaxshi yo‘li. Har bir so‘zning barcha tovlanishlarini, uslublar bo‘yicha tarmoqlanish imkoniyatlarini, til vositalaridan mohirona foydalanish yo‘llarini ilmiy asoslash kerak. Ya’ni tarovat so‘zini qayerda, nima maqsadda ishlatish keragu, tozalik, yangilik, soflik so‘zlarini qayerda, nima maqsadda ishlatish kerakligini ko‘rsataylik. So‘zlarning parallel qo‘llanishlari tanlashning birinchi belgisi bo‘lib, tilning sayqallanishida ahamiyati kattadir. Bir vaqtlar qomus, dorilfunun, jumhuriyat, favvora, domla kabi so‘zlarning ishlatilishini cheklamoqchi bo‘ldik. Xayriyatki, u davrlar o‘tdi.

Endi xalq tilida hozir ham keng qo‘llanayotgan juda ko‘p so‘zlarga hayot bag‘ishlasak bo‘ladi. Mana, ularning bir nechtasi: cho‘kaldak (ayripanshaxaga o‘xshash, ikki uchli ish quroli); ayri (tirgak — yog‘ochni ko‘tarib turuvchi ikki uchli yog‘och ustun); otashkurak (cho‘g‘ni, chala yongan tarashani qisib oluvchi asbob); olovkurak — cho‘g‘ solinadgan idish; g‘onadak — xozanak (poliz, uzumzor, mevazorlarda yig‘ishtirilmay qolib ketgan meva yoki sabzavot qoldig‘i); chegana — asosan, echki podasi; quroq: I — qamish turi, II — yakandozning chetidagi kungura, qoplama; III — parcha, laxtaklardan tikilgan qoplama, evra (yostiqniki yoki ko‘rpachaniki); laxta (k) — qiyqim, gazlama parchasi, tashlandiq yer; paxtaxona — shiypon, o‘nboshi — brigadir; so‘kichak — qurt boqiladigan so‘ri; qil — yung (qilni qirq yormoq); qilchi — sartarosh; alak — bo‘zning bir turi (gazlama); bolish — yostiq; gungura — qiyiqning guli; suv — qiyiqning guli; chambarak — qaymoq, qatiq, sut idishlari saqlanadigan osma idish turi; kandik — katta, ichi bo‘lingan sandiq; lingcha — kichikroq qop, mayin, jun qop, paxta qoplardan farq qiladi —asosan, un, shakar uchun ishlatiladi; to‘qol — shohi yo‘q mol; qiltanoq — sholining tuklari; ola — guruch ichidagi oqlanmay qolgan sholi; durra — ayollarning yengil ro‘moli; gupchak — arava g‘ildiragining tashqi tomoni bilan o‘rta qismini, o‘qni birlashtiruvchi yog‘ochlar; niyat — aravaga qo‘shiladigan ot bo‘yniga osiladigan asbob-moslama; bo‘yincha — ot bo‘yniga niyatdan oldin taqiladigan abzal; ayil — ot, eshak beliga to‘qim yoki egarni mahkamlovchi qayish; duvarak — ikkinchi, pishmay qolgan hosil; o‘tovich (o‘tog‘ich — o‘t olg‘ich) — ekin yeridagi o‘tlarni qirqib, kesib oluvchi asbob; bosma — dimlama; bosma — ekish yo‘li (chigit bosma qilib ekildi); pechak — qant turi (parvarda); marza — yerni (ekin yerini) bo‘laklarga ajratib turuvchi suv to‘siqlari; uvvat — marzaning ustki qismi; xat — ekinni sug‘orish uchun har bir qator orasida ochilgan ariq; buvak — chaqaloq.

Shuningdek, lippa, jiyak, to‘g‘nog‘ich, qichima (ekzema), tepki (bo‘yinga chiqadigan shish (svinka), kelisop, yaxlov, sarrop, hangi, taglik, suvxo‘rak, loyxo‘rak, belkurak, yog‘och kurak, paxta kurak, yalaq (qush — zog‘cha turi), zog‘cha — qush turi, hakka (ola hakka), olaqarg‘a, ko‘k qarg‘a, go‘ng qarg‘a, g‘ulu‑g‘ulu tovuq — eng katta tovuq (kurka emas), kurk tovuq, poynak (pichoq qini oxiriga taqiladigan mis g‘ilof), moyak (tovuq bosib yotishi uchun qo‘yilgan tuxum), osh vaqti, ikki xufton, kesatqi (sinch turi yoki qoplama yog‘och), chuchimiya (achimiya turi) kabi yaqin kunlarda ishlatilib yurgan so‘zlarga hayot bag‘ishlash lozim. Bularning o‘rnida ko‘p hollarda ruscha so‘zlar qo‘llanyapti; qichima — ekzema, belkurak — lopatka kabi. Shevalardagi so‘zlar har bir narsani o‘z nomi bilan atash, tushunchalarni aniq ifodalash xususiyatlari bilan, ayniqsa, ahamiyatlidir. Masalan, archmoq so‘zi narsaning ustki qismini olib tashlash harakatini ifodalasa, artmoq tozalash ma’nosini bildiradi. Hozirgi kunda g‘ulu‑g‘ulu tovuq o‘rnida ba’zan kurka, qil o‘rnida yung, lingcha o‘rnida qop yoki xalta kabi so‘zlar ishlatilganini ko‘ramizki, bu narsa nutq aniqligiga putur yetkazadi, tushuncha haqida to‘la tasavvur bermaydi. Aksincha, tinglovchini chalg‘itadi.

Eski o‘zbek tilidagi va shevalardagi so‘zlarni to‘plash, saralash, izohlash kabi ishlar bo‘yicha aniq reja ishlab chiqilmog‘i, ma’lum muddat ichida, barcha imkoniyatlarni ishga solib (so‘zlarni yig‘ish uchun olimlar, talabalardan iborat maxsus ekspeditsiyalar uyushtirish kabi), ularning lug‘atini tuzish, 1—2 yil ichida hamma sohalar bo‘yicha atamalarni o‘rganib chiqish, atamalar lug‘atini tuzish uyushmalari (gruppalari) tashkil etish, ularni yo‘lga qo‘yish choralarini belgilash lozim. Demak, shevalardagi boyliklarni to‘plash, asrash, to‘laligicha, barcha nozikliklari, qirralari, imkoniyatlarini saqlagan holda avlodlarga yetkazish bizning asosiy burchimizdir. Bu jihatdan tilimizda aslida mavjud bo‘lgan hamma unlilar, hamma undoshlar, barcha so‘zlar formalari, qo‘shimchalar variantlarini saqlab qolishga e’tibor yanada kuchaytirilishi lozim. Ularni adabiy til doirasida qoidalashtirish ko‘p chalkashliklarning oldini oladi, o‘zbek tilining boyliklaridan barchani bahramand qiladi, sun’iy ravishda boshqa tillardan so‘zlar qabul qilinishiga chek qo‘yadi. Nihoyat, xalqimizning nutq madaniyati yuksalishiga yordam beradi. Agar bu ishlarni vaqtida amalga oshirmasak, keyingi avlod uchun barcha nozikliklaridan mahrum bo‘lgan bir sakta til qoladiki, ular hozirgi avlodni kechirmaydilar.

Yormat Tojiyev, ToshDU dotsenti

“Yoshlik” jurnali, 1990 yil 9son