Chingiz Aytmatovning “Asrga tatigulik kun” asaridagi manqurt haqidagi rivoyat esingizdami? O‘zining kimligini unutgan, ajdodlari tarixidan bexabar yigit o‘zini izlab kelgan onasini o‘ldiradi. Bu rivoyat zamirida “O‘z xalqi o‘tmishini unutgan, yuragida ajdodlar yodi o‘chgan odam ma’naviy tanazzulga, ma’naviy o‘limga mahkumdir”, degan buyuk hikmat bor.
Har bir inson o‘z xalqini sevishi tabiiy. O‘z onasiga, o‘z yurtiga xiyonat qilgan farzand hamma zamonlarda onalar qarg‘ishiga uchragan. Hamma zamonlarda otalar o‘z xalqiga xiyonat qilganlarni oq qilgan, la’natlagan. Hamma zamonlardayam Vatan ustida xavf-xatar paydo bo‘lganida uni jonidan ortiq ko‘rgan Shiroq, To‘maris, Spitamen, Mavlonozoda, Mahmud Torobiy, Temurmalik, Bobon, Qurbonjon, Nomozga o‘xshagan xalqning nomusli farzandlari yurt muhofazasiga, qonli janggohlarga chiqib borganlar. Hamma zamonlarda Vatan daraxti bu olijanob kishilarning tarix yo‘llarida, ozodlik janggohlarida to‘kkan muqaddas qonlarini ichib o‘sgan va quvvatga to‘lgan.
Ushbu mulohazalar orqali millat haqida, uning asosi bo‘lmish tarix, til, ularga quvvat bag‘ishlovchi ma’rifat xususidagi fikrlarga, bu fikrlardan kelib chiqib ayrim talablarga diqqatingizni tortmoqchiman.
* * *
Til – millat ijodining ko‘rinishlaridan biri. Yana aniqroq aytadigan bo‘lsak, til millat mohiyati, millat dili, millat ustunidir. Til faqat so‘z yoki so‘zning shakli emas, Til – ijtimoiy hayot, falsafa, ahloq, ruh, hayajon. Millat ijodidagi, ya’ni uning adabiyoti, san’ati, ilm-fanidagi har qanday to‘siq yoki inqiroz eng avvalo tilda aks etadi. Tilga nisbatan qilingan har qanday zug‘um ham o‘z navbatida millatning ijodkor tafakkurida namoyon bo‘ladi, uni turg‘unlikka boshlaydi. Turg‘unlik esa bugun hammamiz anglab yetganimizdek, tanazzuldir. Tanazzul bor joyda esa o‘lim hukmrondir. Demak, o‘zbek tilining kelajagi shu tilda so‘zlovchi xalq ijodiy tafakkurining quvvatiga bog‘liq. Bu tafakkur harakatda bo‘lgandagina muvaffaqiyatga erishadi.
Til ishlatiladigan o‘n uchta soha mavjud: xo‘jalik ishlari, siyosiy-ijtimoiy soha, badiiy adabiyot, fan, hujjatlarni yuritish, axborot, estetik ta’sir vositalari (teatr, kino…), xalq ijodi, maorif, turmush, o‘zaro yozishmalar, diniy marosimlar, harbiy soha. Mana shu sohalarning hammasida til harakatda bo‘lgandagina uning kelajagi haqida gapirish mumkin.
O‘zbek tilining bugungi ahvoli inobat bo‘lib, unga davlat tili huquqi berilishi shart. Zero, birinchidan, tub aholi tilining davlat tili deb qabul qilinishi Sovet Respublikasi bo‘lish printsiplaridan biri; ikkinchidan, o‘zbek tilining davlat tili deb e’lon qilinishi uning o‘z imkoniyatlarini to‘la namoyon etishi uchun sharoit yaratadi; uchinchidan, Konstitutsiyaga binoan har bir odam qonun himoyasiga olingani kabi, insonlikning birinchi fazilati bo‘lmish til ham qonun himoyasida bo‘lishi kerak. Buning uchun bir jumla: “O‘zbekiston SSRning davlat tili o‘zbek tilidir” deb yozilishi kifoya emas, albatta. Eng avvalo, o‘zbek tili ravnaqi haqida uzoq yillarga mo‘ljallangan davlat programmasini ishlab chiqish zarur.
Odam go‘dakligidanoq ona tili ta’sirida bo‘lishi muhim ijodiy omildir. Bu muayyan sharoit ta’sirida go‘dak dunyoni to‘la va aniq qabul qilishi, buyumlar xususida har tomonlama puxta tasavvurga ega bo‘lishi mumkin. Agar go‘dak ikki til ta’sirida tarbiyalansa, albatta unda so‘z boyligi bir til ta’sirida shakllangan go‘dakka nisbatan ko‘p bo‘lishi mumkin. Biroq, ikki til vositasida voyaga yetgan bolaning ma’lum tushunchalar va bu tushunchalarni anglashdagi imkoniyatlari juda past saviyada bo‘ladi. Bu esa oqibatda chala bilimga ega kishini tarbiyalashga xizmat qiladi.
Mutaxassislar e’tiroficha, go‘dak 10-12 yoshga yetgandagina chet tilni o‘rganishga kirishsa ma’lum muvaffaqiyatlarga erishishi, eng muhimi dunyoqarashi shakllanishiga salbiy ta’sir yetmasligi mumkin. Buni yaqinda xalqaro simpoziumda nutq so‘zlagan moskvalik olim L.Izvekov olib borgan tadqiqotlar tasdiqlaydi. Uning yozishicha, ikki til ta’sirida tarbiyalangan go‘daklar dunyoqarashi bir tilda shakllangan bolalar dunyoqarashidan orqada qoladi, hatto ba’zan salbiy oqibatlarga, jumladan, uning duduqlanishiga sabab bo‘larkan. Yoki ikki tillilik masalasini davlat programmasi sifatida o‘rgangan shved olimlari tadqiqoti natijalari “Ikki tillilik? Chala tillilik!” deb nomlangan to‘plamdagi maqolalarning qisqacha sharhida yozilganidek,go‘dak eng avvalo ona tilida tarbiyalansa, tilning butun xususiyatlarini egallab, ikkinchi tilni o‘rgana boshlasa, yetuk natijalarga erishishi mumkin ekan. Shved olimlarining bu masalaga bo‘lgan munosabati to‘plam nomida o‘z aksini topgani diqqatga sazovor. Hatto YuNESKO e’lon qilgan madaniy programmalardayam zamonaviy psixolingvistika va pedagogika talablaridan kelib chiqqan holda bolaning ona tilida savod chiqarishi juda muhim deb ta’kidlanadi.
Qadim bitiklarda “hifzi lison” degan ajib bir so‘z uchrashiga e’tibor berganmisiz? Hifz – saqlash, qo‘riqlash, lison – til ma’nosini bildirishini ham bilasiz. Bu so‘zni XX asr mutafakkiri Abdulla Avloniy shunday sharh etadi: “Hifzi lison har bir millat o‘z ona til va adabiyotining saqlamagini aytilur. Har bir millatning dunyoda borlig‘in ko‘rsatadurg‘on oinai hayoti til va adabiyotidir. Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdir. Hayhot, biz turkistonlilar milliy tilni saqlamak bir tarafda tursun, kundan-kun unutmak va yo‘qotmakdadurmiz. Tilimizning yarmiga arabiy, forsiy ulangani kamlik qilub, bir chetiga rus tilini ham yopishdurmakdadurmiz. Durust, bizlarga hukumatimiz bo‘lg‘on rus lisonin bilmoq hayot va saodatimiz uchun osh va non kabi keraklik narsadur. Lekin, o‘z yerinda ishlatmak va so‘zlamak lozimdur. Zig‘ir yog‘i solub, moshkichiri kabi qilub, aralash-quralash qilmak, tilning ruhini buzadur”.
Til mustaqilligini saqlovchi vositalarning biri tarjimadir. Begona madaniyatga mansub asar tarjima yo‘li bilan milliy madaniyatimiz qatlamiga singadi. Lekin bu o‘rindayam haqiqiy ijodkor tarjimongina bu vazifani uddalay olishi mumkinligini ta’kidlash lozim. Chalasavod tarjimon bajargan ish tilimizga, demak, madaniyatimizga faqat zarar keltiradi. Agar Maks Frishni savodsiz, tilbilmas odam tarjima qilsa, bizga Maks Frishniyam savodsiz qilib ko‘rsatishi mumkin. Agar tilimiz faqat boshqa tilda paydo bo‘layotgan yangi so‘zlarning tarjimasi bilan to‘lar ekan, tilimiz boyimoqda deb gapirish haqiqatga zid bo‘ladi. Taraqqiyot davomida yangi so‘zlar (neologizmlar) tabiiy ravishda paydo bo‘lishi uchun til hayotimiz uchun xizmat qilayotgan hamma sohalarda faol harakat qilishi shart.
Tarjima har bir milliy madaniyatning o‘z-o‘zini chet ta’siridan himoya qilish quroli ekanini unutmagan tarzda, bugunga kelib respublikamizda 50 ga yaqin qardosh va chet tillardan tarjima qiluvchi mutarjimlar maktabi shakllanganini tan olgan holda tarjima asarlari bosiladigan “Er yuzi” nomli jurnalni tashkil qilish kerak. Bugun jamiyatimizda millatlararo munosabatlar va aloqalar bosh masala bo‘lib qolganini tan olmasdan iloji yo‘q. Shunday ekan, bo‘lajak jurnal xalqlar do‘stligi ishi uchun xizmat qilishi shak-shubhasizdir.
Agar tilimiz bugunga kelib himoyaga muhtoj bo‘lib qolgan ekan, bu, eng avvalo, dilimiz himoyaga muhtoj bo‘lganidan kelib chiqqan hodisadir.
Til ravnaqini adabiyotning qudrati belgilaydi. Har bir iste’dod – til ijodkori. Til kuchini uyg‘otuvchi qudrat ijodkor yuragidadir. Ijodkor – xalq yaratuvchilik qudratining elchisi, xalq yuragidagi rangin qirralarni dunyoga namoyon etuvchi, asrlar davomida yig‘ilgan ma’rifat xazinasini boyituvchi xizmatchidir. Dalada ter to‘kayotgan dehqon, poda ortidan yurgan cho‘pon, bino tiklayotgan quruvchi, non do‘koni sotuvchisi, masjidda va’z aytayotgan imom, talabalarga ilm berayotgan o‘qituvchi ham til rivoji uchun xizmat qiladigan ijodkor bo‘lishi uchun ularning dili ma’rifat bilan boyishi shart.
Ma’rifat – uzoq o‘tmishdan to bugungacha bo‘lgan mutaraqqiy g‘oyalar zamirida bunyod bo‘lgan ma’naviy boylik. Asarlar yukiga yelkasini tutgan odamga faqat ma’rifat qanot bag‘ishlay oladi. Har qanday inqilob, shu jumladan, qayta qurish ham faqat ma’rifat bilan yo‘g‘rilgan taqdirda g‘alaba qozona oladi.
Insonlarni yaxshilikka chaqiruvchi, yomonlikdan qaytarguvchi ma’rifatdir. U insonning sharofatlik, g‘ayratlik bo‘lishiga sabab bo‘ladi, inson e’tiqodini mahkam qiladi. Inson ma’rifat soyasida o‘ziga keladigan zarar va zulmdan panoh topadi.
Ma’rifatli dehqon hech qachon tepadan qancha zug‘um bo‘lmasin, yerni zaharlamaydi, u bu ishi bilan o‘z kelajagini va yuragini zaharlashini anglaydi.
Ma’rifatli o‘qituvchi bolalar diliga faqat ezgulik urug‘ini sochadi. Zero, u biladiki, ertaga bu urug‘lar ko‘karsa, nihollar ulkan daraxtlarga aylansa, Vatan qudrati yana yuksaladi.
Ma’rifatli siyosatchi o‘z xalqini aldash yo‘lidan bormaydi. U aldangan xalq qalbida faqat qahr-g‘azab to‘planishini, ishonchi toptalgan xalqda oldga harakat qilish zavqi so‘nib borishini, uning ijodkorlik quvvati susayishini biladi.
Ma’rifatdan yiroq amaldor hech qachon xalq dilidagi dardni tushunmaydi. Qolaversa, u buni zarrachalik tushunishni istamaydi. Ma’rifatsiz rahbar hamisha o‘z tevaragida ma’rifatsiz rahbarchalarni yig‘ish bilan shug‘ullanadi. U kuch ishlatishga, zo‘rlikka, do‘q-po‘pisaga, hur fikrdagi kishilarni qatag‘on qilishga moyil bo‘ladi.
Hozir matbuotda juda keng yoritilayotgan Stalin shaxsini olaylik. Stalin partiyadagi oliy mansabni egallab olgach, Leninning safdoshi bo‘lgan juda ko‘p ziyolilar joniga qasd qildi, o‘z atrofiga Jdanov, Voroshilov, Kaganovich, Beriyaga o‘xshagan ma’rifatsiz kimsalarni yig‘ish bilan shug‘ullandi. Bu hodisani o‘rgangan juda ko‘p mutaxassislar buni turli sabablar: birovlar Stallinning yakkahokimlikka o‘chligi, birovlar uning ruhiy kasalligi, ba’zilar esa davr zarurati bilan izohlaydilar. Meningcha, bu dahshatli qatag‘onlarning barchasiga Stalinning johilligi, u yaratgan jaholat siyosati sababchi, deb o‘ylayman.
Stalincha jaholat xalq ma’naviy kamolotining asosi bo‘lmish tilimizga nisbatan 1929 va 1940 yilda imlo o‘zgarishi bahonasi bilan qilingan ikki dahshatli qatag‘onda yanada yorqin ko‘rinadi. Fozil xalq stalincha shovinizm tazyiqi natijasida o‘zining ming yildan ziyod vaqt bilan o‘lchanadigan xazinasidan bemalol foydalanish huquqidan mahrum bo‘ldi. Ming yilliklar davomida bemalol oqqan Nil daryosi Asvon to‘g‘oni bilan to‘silgandan so‘ng Misrda qurg‘oqchilik boshlanganidek, imlo o‘zgarishidan asrlar davomida shakllangan o‘zbek tili tabiatidayam jiddiy salbiy o‘zgarishlar yuz berganini hech kim inkor etolmasa kerak.
Stalin 1929, 1940 yillarda o‘zbek tilining asosiga zarba bergan bo‘lsa, 1950 yilda uni boshqa tillar qatori o‘limga mahkum etdi. Xalqlar otasining “Pravda” gazetasidagi hukmnomasida shunday so‘zlar bor: “Ikki tilning bir-biriga qo‘shiluvi oqibatida yangi uchinchi bir til paydo bo‘ladi, deb o‘ylash mutlaqo xatodir… Aslida esa qo‘shiluv natijasida bir til g‘olib kelib, o‘z so‘z boyligini saqlab qoladi va kelajakda o‘zining tabiiy oqimi bilan rivojlanadi, ikkinchi til esa asta-sekin o‘z sifatini yo‘qotib borib, oxir-oqibatda o‘lishga mahkum bo‘ladi”. Dohiy o‘z hukmini: “Rus tili hamisha g‘alaba qozonib kelgan”, deb tugatadi.
Jaholatdan jaholat tug‘iladi. Stalincha johillik davlat siyosatiga aylandi. Stalincha jaholatparastlar jon-jahdlari bilan buyuk dohiy g‘oyalarini amalga oshirishga kirishib, “ulkan g‘alaba” va baland mansablarga erishdilar. Masalan, o‘sha paytdagi avtonom respublikalarning birida rayon maorif bo‘limini boshqargan bir johil o‘z rayonidagi barcha milliy tildagi maktablarni bekitib tashlagani evaziga respublika Maorif ministri etib tayinlangani ma’lum. Kimdir Stalin ma’rifatli edi deb, isboti uchun uning she’r yozganini misol qilib ko‘rsatishi mumkin. Lekin haqiqat shundaki, odam juda ko‘p kitob o‘qishi, bir necha tilni bilishi, badiiy ijod bilan shug‘ullanishi, biroq u shu bilan birga o‘ta johil, ma’rifat kushandasi bo‘lishiyam mumkin. Masalan, Iskandar Maqduniyga o‘z davrining buyuk olimlari, shu jumladan buyuk Aristotel ham saboq bergan. Iskandar o‘sha davr uchun juda yuksak bilim egasi bo‘lgan. Biroq, u dunyoni zabt etishi yo‘lida necha-necha xalqlarning boshiga kulfat boshlab borganiniyam yaxshi bilamiz.
Yoki mashhur rus musavviri V.Vereshchaginnni olib ko‘raylik. O‘sha davrning buyuk kishilari qatorida sanalgan bu iste’dodli rassom Chor Rossiyasi O‘rta Osiyo xalqlari ustiga yurish boshlaganda bir qo‘lida mo‘yqalam ushlab qonli janggohlarni chizgani, ikkinchi qo‘lida miltiq ushlab begunoh odamlarni otgani ma’lum. Ijodi qanchalik pesh qilinmasin, uning johil bosqinchi bo‘lgani haqidagi haqiqatga shak keltira olmaymiz. Mana shu yurish davomida go‘daklarga o‘q uzishdan bosh tortgan oddiy rus askarlari otib tashlangani ham tarixiy hujjatlarda aks etgan oydin haqiqatdir.
Jaholat hukmron davr hamisha inqiroz davridir.
Bugun Orol fojiasi haqida so‘z yuritganda, eng avvalo, paxta monokulturasi sabab qilib ko‘rsatiladi. Buni inkor qilmagan holda, bu fojiani kelib chiqishigayam ma’rifatsizlik sababchi deb ta’kidlashni istardim. Axir, monokultura yer kushandasi ekanini anglamagan kishilarni qanday qilib fozil, deb atash mumkin.
Agar bobolarimizning falsafiy dunyosiga bag‘ishlangan noyob ilmiy tadqiqotlarni o‘qigan bo‘lsangiz, ular o‘sha davrdagi turli falsafiy maktablar bilan yaxshi tanish bo‘lganlari, o‘z asarlarida boshqa falsafiy oqimlardan ijobiy foydalanib, bu ilmda katta o‘zgarishlar qilishgani atroflicha yoziladi. Biz bo‘lsak, o‘tgan yetmish yil ichida biror-bir falsafiy asar – na qadim, na zamonaviy faylasuf asari ommabop tarzda o‘zbek tiliga tarjima bo‘lganini bilamiz. O‘zbek ziyolisi bugungacha dunyoning juda ko‘p buyuk faylasuflari asarlarini ona tilida o‘qish baxtidan mahrum. Shu paytgacha ularning asarlaridan bir sahifayam tarjima qilinmaganini nima bilan izohlash mumkin? Nahotki, V. I. Lenin «eski jamiyatdan bizga meros qolgan materiallar» deganda mana shu xazinani nazarda tutganini anglamagan bo‘lsak.
Kinofilmlarimiz, adabiy asarlarimizdan ma’rifat nuri tobora uzoqlashib ketayotgani mana shu foijaning oqibati emasmi? Qahramonlarimiz tobora johil, beshafqat bo‘lib borayotganini sezyapsizmi? Yaqinda men bir yapon kinoshunosining sovet filmlari haqida bildirgan mulohazasini o‘qib dahshatga tushdim, ammo uning so‘zlari haqqoniy ekanligiga ishondim.
“Sizlardagi kino beshafqat, o‘ta beshafqat, — deb yozadi u. – Bu esa yapon tomoshabiniga naqadar yoqmasligini bilmaysiz. Sizlar butun film davomida boshqa xalqlarga xos bo‘lmagan tarzda baqirib gaplashasiz. Suhbatlaringiz hamisha e’tirozga o‘rin qoldirmaydigan qat’iyat bilan aytiladigan “Yo‘q!” so‘zi bilan boshlanadi. Sizlarda hatto eru xotin ham baqirib-chaqirib, butun film davomida o‘zaro kelishmovchiliklari ustida tortishadilar. Biz sizlar qachon jahl bilan, qachon aql bilan fikr yuritishingizni bilolmay qiynalamiz. Biz yaponlar esa o‘zaro suhbatlashganda, hatto bir-birimizning ko‘zimizga qaramaslikka harakat qilamiz, tokim nigohimizda biror yilt etib o‘tgan shubha bilan suhbatdoshimizning dilini og‘ritib qo‘ymaylik, deymiz. Suhbatdoshingizni tinglashni o‘rganing. Biz ham ba’zan bir-birimizni tushunmaymiz, lekin suhbatdoshimizni eshitishga, uni anglashga harakat qilamiz. Siz esa umuman bir-birlaringizni eshitmaysiz, faqat ta’kidlaysiz, ta’kid bo‘lgandayam baqiriq bilan, demak zo‘ravonlik bilan ta’kidlaysiz”.
Yapon kinoshunosi aslida Fozil va Johil odam haqida gapirgandek tuyuldi menga.
Xalq faqat son bilan emas, balki sifat bilan qadrlanishini unutmaylik. Xalq sifati esa uning ma’naviyatidir. Ma’rifatli xalqni kichik deb bo‘lmaydi. Agar kichik xalq dunyoga Chingiz Aytmatovni yoki Manasni bergan bo‘lsa, bunday xalqni buyuk xalq deymiz. Ma’rifatli xalqning vijdoni tiyrak bo‘ladi. Vijdon esa, Abu Ali ibn Sino aytganidek, ruh va fikrimizni tuyg‘un qilmoqqa birinchi vositadir.
“Har bir millatning taraqqiy va tooliysi yoshlarning ilm va ma’rifatiga, hunar va san’atiga bog‘lidir» «Ilm o‘qimoq har bir mo‘min eru-xotinga farzdir», demishlar. Donishmandlarimiz “Olim bo‘l, ilm talab qiluvchi bo‘l yoki ilm eshituvchi bo‘l. Hech bo‘lmaganda, shularga muhabbat qiluvchi bo‘l, beshinchisi bo‘lma, halok bo‘lursan” demadilarmi?
Ha, ma’rifatli xalq shijoatli bo‘lur. Shijoat qalbning mantonatidan, ruhning salomatligidan iboratdir. Maorifdan, funundan va madaniyatdan mahrum qolgan xalq jaholat panjalarining orasida hamir kabi ezilgandek, af’oli zamimadan ham o‘z nafsining yoqasini bo‘shatolmas… Zeroki, jaholat eng qo‘rqinch, faqir va muhtojlikdan ziyoda dahshatliroq bir musibatdur”, deb yozadi Avloniy.
Tarix asosida xalq xotirasi yotadi. D.S.Lixachev aytganidek, odamning odamligini ko‘rsatuvchi yagona bisot xotiradir. Xotira esa vaqtni yenguvchi, o‘limni tan olmovchi kuchdir. Xotira vaqtning barbod etuvchi kuchiga bas keladigan yolg‘iz vositadir. Xotira bor ekan, o‘tmish bugun bilan hamnafas bo‘ladi va bu hamdamlik natijasi o‘laroq kelajakning hali uncha aniq bo‘lmasa-da, bo‘rtib chiqayotgan xira qiyofasi ko‘rina boshlanadi.
“Agar o‘tmishga bo‘lgan munosabatingni aytsang, kelajaging qanday bo‘lishini aytib beraman”, — deydi sharq donishmandi. Demak, xalqning o‘tmishga bo‘lgan munosabati uning kelajagini belgilaydi.
Nega odamlar tarix bilan qiziqadi? Buning juda ko‘p izohi bor. Lekin eng muhimi, odamlar tarix bitiklaridan o‘zlarining bugungi so‘roqlariga javob topishga urinadi. Odamlar bunga ongli intiladilarmi, yo‘qmi, albatta, bu muhim emas. Muhimi, tarix yo‘llaridan o‘tgan odamlar hayotimiz, yurtimiz va insoniyat buguni haqida o‘ylashga majbur bo‘ladilar, ular bugungi kun juda qadim zamonlarda boshlangan jarayonning davomi ekanini yaxshi anglaydilar.
Tarixga bo‘lgan qiziqish xususan jamiyatning oqimi qayoqqa ketayotgani noma’lum bo‘lganda yanada ortadi. O‘z davri ideallaridan ko‘ngli qolgan, ijtimoiy turg‘unlikka mahkum bo‘lgan, ammo hayotini boyitishni istagan odam dilidagi shubha-yu-gumonlarga javob topish uchun tarixga murojaat qiladi. Jamiyat buhroni davrida, inson o‘zining omma bilan uyg‘unsizligini sezar ekan, u mana shu ma’naviy uyg‘unlikni o‘tmishdan topishga urinadi.
“Yolg‘on aytish – qulning qismati, ozod odam qismati esa haqiqatni aytishdir”, deydi Tianli Apollon.
Tarixni soxtalashtirish kasalligi faqat bugun ko‘zga tashlanayotgani yo‘q. Juda uzoq vaqtdan buyon Gerodot, Mela, Pliniy asarlarida uchraydigan va Tanais (Don) daryosi ortida yashagan xalq nomi sifatida keltirilgan “torki” atamasi rus tarixchi olimlari tomonidan “iirki” yoki “iyurki” deb tarjima qilingani atoqli olim Abror Karimullinning “Tatarlar “Etnos va etnonim” (Qozon. 1988 y) asarida “tarixni buzishga urinish” sifatida qayd etiladi. Bunday chalkashliklar bir qator g‘arb, rus, arman tarixchilarining kitoblaridayam uchraydi. Tarix fani xalqdan uzoqroq tutilgani bunday chalkashliklarni ko‘paytirdi va bu hamisha salbiy oqibatlarda namoyon bo‘ladi.
Tariximizdagi yangicha mushohada bilan qarash zarur bo‘lgan masalalardan biri – O‘rta Osiyoning, xususan, bugungi O‘zbekiston territoriyasiga kirgan yerlarning Chor Rossiyasi tomonidan zabt etilganiga oid ilmiy ishlarda, darsliklarda uchraydigan “oq dog‘”lar va soxta xulosalardir. Chor Rossiyasining bosqinchilik siyosatini oqlash uchun ba’zi olimlar shu qadar yolg‘on va to‘qima mulohazalarni aytishadiki, bu odamlar ko‘nglida ravshanlik emas, faqat shubha urug‘i unib chiqishi uchun zamin tayyorlaydi, xolos. Masalan, 1986 yili Moskvada rus tilida nashr etilgan “O‘zbekiston SSR pedagogik ilmi antologiyasi”ga kirish so‘zi yozgan S.Rajabov, M.Xayrullayevning ushbu fikrlariga nima deysiz: “O‘rta Osiyoning Rossiyaga qo‘shib olinishi… bilan eron, arab, afg‘on, turk feodallari istilosiga barham berildi”. Nahotki, bir bosqin boshqa bosqinni yo‘qqa chiqargani mutaraqqiy hodisa bo‘lsa? Demak, mo‘g‘ul istilosi Rossiyani shved, polyak, turk, tevton bosqinlaridan saqlab qoldi, deb aytish mumkin ekan-da?!
Bugun meros haqidagi har qanday suhbat yo‘nalishi uzoq davom etgan loqaydlik natijasi o‘laroq yuzaga chiqqan kamchiliklarga, kelajak avlodlar oldida javobgar ekanimizga borib taqaladi. Bugun “Bu voqealarga kim sababchi?” deb berilayotgan so‘roqlarga javob berish, tavba-tazarruga qodir odamlarni, mutasaddi tashkilotlarni kutish vaqti emas, balki qadimiy qo‘lyozmalarni tezroq xalqqa yetkazish, vayron obidalarni tiklash, xalqdan yashirilgan tarix haqiqatlarini aytish bilan shug‘ullanish mavsumidir.
O‘zbek xalqining boy madaniy merosiga nisbatan uzoq yillik loqaydlikni tezroq bartaraf etish payti keldi. Har bir xalqning madaniy merosi – xalq dahosining butun qudrati jo bo‘lgan boylik, avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan ma’naviy xazinadir. Ming yillar davomida yaratilgan va kelajakda yaratiladigan meros xalqning yashash huquqini ta’minlaydi, uning ijodkorlik ruhini belgilaydi.
Xalqning madaniy merosi – xoh obida, xoh qo‘riqxona, xoh muayyan urf bo‘lsin – ularni barbod etuvchi tashqi kuchlar; eroziya, nam, ifloslangan havo, odamning johilona xatti-harakati, urbanizatsiya, yolg‘on ta’sirida qolib ketmasligi kerak. Har bir inson mana shu dahshatli zug‘umlar oldini olish uchun o‘zini mas’uliyatli deb bilishi kerak. Xuddi shu maqsadda tashkil qilingan SSSR Madaniyat fondining “Nashe naslediye”, “Pravda” gazetasi qoshida nashr etilayotgan “Rodina” jurnallari kabi xalqimizning moddiy va ma’naviy merosini asrab-avaylash, bu xazinani faol o‘rganish va xalqqa yetkazish uchun xizmat qiluvchi “Meros” nomli jurnal nashrini amalga oshirish shart. Har qanday kechikish xalqimizning ma’rifat va madaniyat yo‘lidagi intilishlariga og‘ir zarar yetkazadi.
Madaniy merosimizning uzviy qismlaridan biri – milliy an’analar, xalq fe’l-atvori, asrlar davomida shakllangan odob doirasidir. Ularni anglash va o‘rganish masalasi madaniyatimizning umuminsoniy mazmunidan kelib chiqib, bu milliy xususiyatlar shakllanishi – uzilmas bir jarayon bo‘lganini unutmagandagina amalga oshishi mumkin.
Har bir xalq o‘ziga xosligi bilan ajralib turishi isbotsiz haqiqatdir. Mana shu xoslik xalqning insoniyat madaniyatiga qo‘shgan moddiy va ma’naviy boyliklarning qiymatini belgilaydi.
O‘zbek xalqi urf-odati, fe’l-atvoriga xos xususiyatlar ham olis bobolarimizdan qolgan madaniy meros ekanini anglash, tilimizni himoya qilgandek, dilimizni ham begona ta’sirdan, loqaydlikdan hifz etishni o‘ylaylik.
Har bir xalq etiketi, ya’ni odob-rusumi u yashayotgan jamiyatning ijtimoiy tuzilishiga bog‘liq va undagi ijtimoiy vaziyat ta’sirida shakllanadi yoki buziladi. Asrlar davomida shakllangan ahloq tushunchalarining unutilishi milliy xoslikning, xalq yuzining yo‘qolishiga sabab bo‘ladi. Muayyan voqeaga har bir xalq o‘z odob-rusumidan kelib chiqqan holda munosabat bildiradi: yo ma’qullaydi, yo rad qiladi. Bu xalqimizning ayol kishiga nisbatan munosabatida ham ayon ko‘rinadi.
Asrlar davomida ayolni ulug‘lash adabiyot va san’atning mangu mavzusi bo‘ldi. Ayol badani har qanday libosdan go‘zaldir, deb bilgan qadimiy yunonlar uni yalang‘och tasvir etdilar.
“Ayolga muhabbat tuyg‘usi har qanday hirsiy ishtiyoqlardan mustasno bo‘lishi kerak, chunki u o‘z bag‘rida tirik mo‘jizani – go‘dakni avaylab yuradi” (Mejelaytis). Sharq uchun, demak, o‘zbek uchun qo‘lidagi go‘dakni bag‘rida bosib turgan ayol – nafosat, go‘zallik, shu bilan birga falsafiy mohiyatga ega bo‘lgan muqaddaslik ramzidir.
Aynan mana shu falsafiy mohiyat, o‘zbek urf-odati, fe’l-atvori mohiyatidan kelib chiqqan holda respublika hukumati oldida keyingi paytda kinoekranlarni tobora egallab olayotgan fahshga qarshi tadbirlar ishlab chiqish masalasini qo‘yish shart, deb o‘ylayman. “Kichkina Vera” filmiga o‘xshash badiiy lentalar, Toshkent tsirkida bolalarga namoyish qilinayotgan erotik mazmunli raqs shoulari, Navoiy shahridagi Markaziy univermag oldida olti nafar yalang‘och ayollar haykallarining o‘rnatilishi o‘zbek xalqi turmush tarziga, uning ruhiy dunyosiga rahna solishini, unga qaratilgan kuchli zarba bo‘lishini qachon anglaymiz? Bu masalani mutasaddi tashkilotlar o‘ylab ko‘rishlari zarur.
Bu mulohazalarni kino san’atiga, tilga olingan filmga, haykaltaroshlikka qarshi qaratilgan deb tushunmasdan, xalqimiz ahloq tushunchalariga, hali shakllanmagan murg‘ak dillarga asorat qoldirishi mumkin bo‘lgan salbiy hodisaga qarshi qaratilgan, deb qabul qilinishini istardim.
* * *
Tarixiy sharoit o‘zbek yozuvchisidan faqat adabiy ish bilan shug‘ullanmay, balki hayotimizdagi stalincha qatag‘on, brejnevcha turg‘unlikning bugungi ko‘rinishlariga qarshi kurashishni, xalq manfaati, til va dil huquqiga oid har bir masalaga faol aralashishni, ona xalqini yangi yo‘lga – ma’rifat va hurriyat yo‘liga chiqarish uchun chidam bilan mehnat qilishni taqozo etadi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 1989 yil, 16 iyun