Sirojiddin Ahmedov. Xalqi uchun yongan (1990)

Sanjar Siddiq hayotiga bir nazar

O‘zbek matbuoti, teatr tanqidchiligi namoyandalari haqida gap ketganda, beixtiyor, Sanjar Siddiqning siymosi kishi ko‘z oldiga keladi. Zero, uning tarjimonlik, tanqidchilik, muxbirlik faoliyati hozir ham ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q.

Sanjar Siddiq — Bosit Siddiqovning adabiy taxallusi. U (1902—1937) Toshkentning Saqichmon mahallasida dunyoga keldi. Dastlabki ta’lim-tarbiyani eski maktabda olgan bo‘lsa-da, ammo mustaqil mutolaa bilan ma’lumotini oshirib bordi. Sanjar Siddiq ijodining ilk tadqiqotchisi, shoir Otayor Nahanovning yozishicha («Guliston», 1977 yil, 7-son), u rus, ingliz, fors tillarini puxta o‘rgangan.

Ijodkor matbuotda ilk bor «Qizil bayroq» gazetasida ish boshlaganda o‘n to‘qqiz yoshda edi. Mazkur gazetada mas’ul sarkotib lavozimida ishlash jarayonida G‘ozi Yunus, Mamat Hasan, Shohrasul Zunnun, A’zam Ayyub, Vali Gallomov, Ahmadjon Muhammadjonov kabi tajribali jurnalistlardan hamda o‘sha davr so‘zi bilan aytganda, gazetaning «faol yozishg‘uchilari» Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Abdurahmon Sa’diy, Mannon Romiz, Qayum Ramazon, Ali Ismoilzoda, Mirmuhsin Shermuhamedov, Akmal Ikromovdan ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy, adabiy muammolarni yoritishni, tarjima sirlarini o‘rgandi. Bu tajriba uning «Turkiston», «Qizil O‘zbekiston», «Ozod Buxoro» gazetalarida, «Er yuzi» — «Mash’ala» — «Guliston», «Mushtum» jurnallarida ishlash paytida qo‘llanma vazifasini o‘tadi.

Bosit Siddiqov matbuotda Sanjar Siddiq (asosan), «Kitobxon», «Tomoshachi», «Sanjar», «Bir kishi», «Gazetachi», «Toshkentlik», «Ko‘zquloq», «Sanjar nafratchi» va boshqa taxalluslar bilan muntazam qatnashib turdi.

Tolmas ijodkor muxbirchilik faoliyati bilan cheklanib qolmadi. Marksizm klassiklarining asarlarini chuqur o‘rgandi va o‘zbek tiliga tarjima qildi. Jumladan, 1929 yili «Kommunistik partiya manifesti»ni kitobxonlarga o‘zbek tilida taqdim etdi. U ijtimoiy-siyosiy adabiyotlarni tarjima qilish bilan cheklanmadi, badiiy asarlarni ham o‘zbek tiliga mahorat bilan o‘girdi. Chunonchi, Lev Tolstoyning «Kavkaz asiri», Lope de Veganing «Qo‘zibuloq qishlog‘i», N. Pogodinning «Mening do‘stim», N. Zarxining «Shodlik ko‘chasi» va boshqa ko‘pgina asarlarni rus tilidan tarjima qildi.

Shuningdek, tarjima nazariyasi bilan ham shug‘ullandi. Uning «Adabiy tarjima asoslari», «Sahnada til», «Odam tushunmaydigan so‘zlar va oson tilda yozish to‘g‘risida» maqolalari hamda «Adabiy tarjima san’ati» kitobi (1936) fikrimizga misol bo‘la oladi.

Sanjar Siddiq va tarjima san’ati haqida gap ketganda, Cho‘lponning «Hamlet»ning tarjimasi ustidagi bahslarga adolatli hakam bo‘lganini eslab o‘tish o‘rinlidir. Ma’lumki, Hamza nomidagi o‘zbek davlat drama teatri

1935 yili Shekspirning «Hamlet» asarini sahnalashtirdi. Shoir Cho‘lpon «Hamlet» fojiasini rus tiliga R. Kanshin tomonidan ag‘darilgan nusxasidan foydalanib o‘zbekchalashtirgan.

«Qizil O‘zbekiston» gazetasining 1936 yil 27 iyul sonida Nazir To‘raqulovning «Hamlet»ga tuhmat» maqolasi bosildi. To‘raqulov boshqa manbaga asoslanib, Cho‘lponning tarjimasini yer bilan yakson qiladi, hatto uni «otboqar», «mirshab» deb, «hech bir sovet matbuotida ishlatilmaydigan terminlar bilan so‘kadi» (Cho‘lpon nutqidan). Ana shu kelishmovchilikka Sanjar Siddiq xotima yasab, «Tuhmatga o‘xshagan tanqid» («Qizil O‘zbekiston» 16 avgust, 1936 yil.) maqolasini e’lon qiladi. «Bu kungacha Shekspir asarlarini tafsirlovchi yuzlarcha, minglarcha maqolalar, asarlar, kitoblar bosilgan, — deydi S. Siddiq. — Rus adiblarining eng ustalaridan allaqancha kishilar bular ustida ishlaganlar. Ruscha tarjimalar ustida ulug‘ tanqidchi Belinskiydan tortib, to zamonamizdagi shekspirshunoslargacha qancha-qancha munaqqidlar, yozuvchilar fikr yurguzganlar. Lekin…

Lekin shunday bo‘lsa ham rus adabiyotida bu kungacha Shekspir asarlarining to‘g‘ri va mukammal tarjimasi yo‘q». Ko‘rinib turibdiki, munaqqid bir asarning bir necha tarjimalari va ular turlicha bo‘lishi mumkinligini aytib, N. To‘raqulovning da’vosiga ilk raddiyani beradi va «shu holda tarjimondan bundan ikki yilgina burun bo‘lgan o‘zbekcha tarjimadan, birinchi tarjimadan, bevosita emas, uchinchi qo‘l orqali bo‘lgan bir tarjimadan mukammallik, xatosizlik talab etish mumkinmi?» deydi. «Toki «41 darajali harorat bilan kasalxonadan qochgan kishini so‘zlari» qayoqdan kelayotgani aniq bo‘lsin» uchun To‘raqulovga Kanshin, Lozinskiy nusxalarini qiyosiy solishtirib, o‘rtadagi farqni ko‘rsatib beradi. Cho‘lpon tarjimasidagi kamchiliklarni xaspo‘shlamaydi. Shu bilan birga «Cho‘lpon birinchi martaba bizga «Hamlet»ni tanitgan ekan, uning ikkinchi tarjimasida ham xizmat etishiga ishona olamiz. Uni Abdixoliq ellikboshiga o‘xshatish insofsizlik bo‘ladi», deydi.

Sanjar Siddiq o‘zbek teatr tanqidchiligida ham o‘z ovoziga ega bo‘lgan munaqqiddir. U teatr san’ati, dramaturgiyaga juda navqironligida aralashdi. 1920—21 yillarda Toshkent eski shahar maorif sho‘basi qoshidagi repertuar kollegiyasida (tsenzurada) ishlash chog‘ida dramaturgiya sirlari bilan tanishdi, teatr san’ati rivojiyotini kuzatib bordi va jarayonga mardonavor bosh qo‘shdi.

Ma’lumki, 20-yillarda Toshkentda juda ko‘p havaskorlik to‘garaklari faoliyat ko‘rsatar edi. Ular milliy, an’anaviy qiziqchilik san’atidan uzoqlashib, Yevropa teatri turidagi o‘zbek teatrini yaratish uchun intildilar.

Shu asnoda usmonli turk, ozarboyjon tilidan Shillerning «Qaroqchilar», «Makr va muhabbat» fojialari o‘zbek tiliga tarjima qilindi. Shekspirning zikr etilgan tillardagi «Hamlet», «Romeo va Juletta», «Makbet» fojialari teatrchilarni sehrlab qo‘ydi. Yangi iqtisodiy siyosat davrida o‘z holiga tashlab qo‘yilgan o‘zbek teatri o‘zini tiklab olish uchun pul ishlash va o‘z binosini qurish payiga tushgan edi.

Teatrning yo‘nalishi, repertuari haqida hech kim o‘ylamas, o‘zbek san’atining jonkuyari Mannon Uyg‘ur esa Moskvaga o‘qishga ketgan edi. An’anaviy teatrning Karim qiziq, Jo‘ra qiziq, Hoji Hamdam, Yusufjon qiziq singari namoyandalari faoliyatiga e’tibor yo‘q edi. Bu muammo Sanjar Siddiqni hayajonga soladi. U «O‘zbek teatri» maqolasida shu masalani ko‘tarib chiqadi. «Keyingi kunlarda, — deydi munaqqid, — teatrudan xalqning muzday sovuganligi ko‘riladir. Juda ko‘p e’lon va maqtashlar bilan qo‘yilgan uyushmalarimizga kelgan kishilarning soni shuning qo‘yilishiga qatnashuvchilarning adadiga yetmay xinna tomosha uchun emas, zalda ko‘riladigan voqealar uchun keladilar. Lekin ko‘pincha teatrudan xursand bo‘lib qaytgan bir kishini ham ko‘rib bo‘lmaydir. Buning sababi nima?» Javobni ham o‘zi topadi. «Sahnamizga chiqqan har bir «o‘yin» (ya’ni spektakl — S. A)ning yevropacha bo‘lganligi durust emasligidek, o‘z qalamlarimiz bilan yozilgan va o‘ynalgan tomoshaning muhitimizga nazaran g‘ayri tabiiyligi, har birining yana shu «evropali»lik arig‘ida oqib borganlig‘i va bularning ijrosidagi Yevropa ko‘zi bilan qarab qiymat qo‘yilmog‘i, xalqimizning sanoyi’ nafisa va teatruga muhabbat qo‘ymasligiga sabab bo‘ladir».

Darhaqiqat, o‘zbek xalq teatri ruhida tarbiyalangan, tomoshabin usti yopiq sahnada, ajoyib bezatilgan hayotiy spektaklni qabul qilish qiyin edi, bu — bir. Ikkinchidan, o‘sha davrda qo‘yilgan ba’zi spektakllarda tomoshabinga ma’naviy-ruhiy oziq beradigan asarlar nihoyatda ozligi sababli, dramaturgiya talablaridan uzoq bo‘lgan havaskor «dramaturg»lar xalqning jig‘iga tegadigan yo‘sinda asar yozib, ko‘pincha o‘zlari sahnalashtirganlar. Buni munaqqid haqli ravishda inkor etadi. «Bir ko‘p tomoshalarimizda, — deydi u, — xalqning ko‘pchiligini mazammat qilmoq va so‘kish yo‘llari tutulgani ko‘riladir, holbuki bizning tomoshalarimiz xalqimizni o‘ziga jalb eta olmoq uchun uni so‘kmak emas, ruhini ko‘tarmak bilan tarbiya qilmoqlari kerakdir».

Oktyabr inqilobining harorati avj nuqtasida bo‘lgan pallada tomoshabin bilan yuzma-yuz gaplashadigan teatr, binobarin xalqning dilidagiga ko‘zgu bo‘ladigan san’at zarur edi. Bu qisman G‘ulom Zafariyning «Halima» muzikali dramasida ko‘rindi. Sanjar Siddiq buni yurakdan his qildi. Shu bois u «Haqiqatan xalqimiz teatrdan faqat «tomosho»nigina kutadir. «Halima» operasida xalqimiz Ma’suma xonimning san’atkorona ashulasidan ta’sirlanar ekan, buning sababi, shu tomoshadan «kelin tushdi» va «tortishmachoq» o‘yinlaridir. Agar «Halima»ning shu xususiyati bo‘lmasa edi, ko‘pchilikning diqqatini o‘ziga bu qadar jalb eta olmas edi», — deydi. Ko‘rinib turibdiki, munaqqid an’anaviy teatrga xos elementlarni san’atga olib kirib, NEP davrida o‘zini boqa olmayotgan teatrlar oldiga «g‘oyaviylik» bilan bir qatorda «tomoshaviylik» muammosini ham qo‘ymoqda. Negaki, spektakl tomoshaviy bo‘lmasa, tomoshabin ikkinchi bor teatrga kelmasligi tabiiy edi. Chunki o‘sha yillarda qar qanday tomosha «Baynalmilal» bilan boshlanib, «Marseleza» bilan tugar, asarning o‘zi esa tashviqotdan iborat bo‘lardi.

O‘z xalqi tabiatini, saviyasini yaxshi bilgan Sanjar Siddiq Yevropa turidagi teatr va milliy teatr sintezidan iborat mutlaqo yangi uslubdagi teatr yaratish fikrini olg‘a surdi. «Bizning teatrimiz, — deydi munaqqid, — qimor va bachcha o‘yinlari, safsata, bazm majlislari, choyxona manzaralari, bachchadan, «polvon»lardan (ya’ni polvon Kachal — S. A.) va bulardan chiqqan fojialardan iborat bo‘lmog‘i lozimdirki, buning xalqimizga ta’sirini Shekspir va Shillerlarning qo‘yilishida ko‘rsatiladigan san’atkorliklardan topa olmaymiz. Bu kun adabsiz Karim masxaraboz, Rafiq va Jo‘ra qiziqlar xalqimizning eng suyuklik siymolaridirlar.

…Bizga bu kun xalqning diqqatini o‘ziga tortib, unga bir ta’sir ijro qila olurlik «muqallid»lar lozimdir».

Bu endigina tetapoya qadam tashlayotgan, Yevropa turidagi o‘zbek teatri arboblari uchun ham, yosh jumhuriyat Maorif Komissarligi uchun ham mutlaqo yangi muammo edi. Shu sababli Sanjar Siddiqning «O‘zbek xalq teatrini tuzish» haqidagi taklifi amalga oshirilmay qolib ketdi. Oqibatda ming yillar mobaynida o‘z xillari, janrlari, repertuari, aktyorlik mahoratiga ega bo‘lgan milliy teatr inqirozga uchradi, uning ayrimlari esa mutlaqo yo‘qolib ketdi.

Sanjar Siddiq o‘zbek teatrining har bir qadamini, uning namoyandalari faoliyatini ziyraklik bilan kuzatib bordi va taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shdi. Hamza nomidagi drama teatri uchun turli yillarda N. V. Gogolning «Revizor», Lope de Veganing «Qo‘zibuloq qishlog‘i», As-Habib Vafoning «Bo‘mbay» asarlarini tarjima qilib berdi.

SSSR xalq artisti, SSSR Davlat va jumhuriyat Hamza mukofotlari sohibi Sora Eshonto‘rayevadan Sanjar Siddiq tarjimalari haqida suhbatlashganimizda Sora opa mamnuniyat bilan shunday dedilar: «Sanjar Siddiq nihoyatda bilimdon va kamtarin kishi edi. Teatrimizga ko‘p kelib turardi. Sanjar aka tarjima qilgan «Qo‘zibuloq qishlog‘i» dramasi xuddi o‘zbek tilida yozilganday chiqqan edi. Men bosh qahramon Laurensiya rolini o‘ynardim. Biz artistlar uchun «Qo‘zibuloq qishlog‘i» pesasi qo‘yiladigan kun bayramdek bo‘lib ketardi. Bizga uning g‘oyasi, voqealar, undagi personajlarning o‘y-fikrlari, his-tuyg‘ulari juda yaqin bo‘lgani uchun qalbimizga singib qolgan edi. Ayniqsa Laurensiyaning monologi tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otgan edi. Umuman bu asarni ko‘pchilik qayta-qayta tomosha qilardi, artistlar ham rollarini miriqib ijro etishardi.

Muhimi shundaki, Sanjar aka har bir repetitsiyaga erinmay kelardi, tushunmagan so‘zlarimizni sharhlab berardi. Repetitsiya mobaynida aktyorlarning talaffuziga qarab, ba’zi so‘zlarni o‘zgartirib berardi. Bu biz aktyorlarning asar g‘oyasini tomoshabinga yetkazishimizda qo‘l kelardi».

Aktyorlar bilan hamkorlik qilish, bevosita sahna nutqi madaniyati masalalari bilan to‘qnashish samarasi sifatida «Sahnada til» maqolasini yozdi. «Sahna tili, artistning so‘zi — keng va murakkab masala» bo‘lgani uchun munaqqid uning uch nuqtasini ko‘rsatib beradi. «Birinchi,— deydi Sanjar Siddiq, — asar yozuvchi dramaturgning adabiy mohirligi, uslubi, ikkinchi — artistning diktsiyasi (talaffuzi) so‘zni tomoshabinga yetkazib berishi, uchinchi — ohang, so‘zlash».

Ijodkor artist va rejissyorlar talabiga asoslanib dramaturglarning jumlalari nechog‘lik silliq, iboralari sodda bo‘lishi kerakligini uqtiradi. Artistlar zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklaydi. Ularning talaffuziga jiddiy ahamiyat beradi. Ayniqsa, so‘zni tomoshabinga yetkazib berish, obrazning xarakteriga putur yetkazmaslik san’atkorning mahoratiga bog‘liq ekanini tushuntirib beradi: «Sahnada shunday so‘zlash kerakki, duduq va soqov tiplarning og‘zidan chiqqan so‘z va tovushlar ham tomoshabinga yetib borsin. Buni artistlar «diktsiya» deb ataydilar. Artistning san’atkorlik mahorati ko‘proq uning talaffuzi bilan o‘lchanadi».

Munaqqid ushbu maqolasida professional artistlar oldiga «artist sahnada turmushning tabiiyligini saqlashi lozim, sahnada o‘zi o‘ynagan tipning tabiiy holatiga kira bilishi kerak, aktyor teatrda «artist» bo‘lib emas, «o‘sha odam» bo‘lib o‘ynashi zarur», degan o‘ta zamonaviy talabni qo‘ydi.

«O‘sha odam» bo‘lib o‘ynash zarur», degan so‘z obraz hayoti bilan yashamoq san’atidir. Afsuski, bunday vazifaning hozirgi kunda ham ko‘p artistlar uddasidan chiqa olmayaptilar.

Aktyor va rejissyor ijodi, mahorati haqida gap ketganda, bevosita Sanjar Siddiqning Abror Hidoyatov va Mannon Uyg‘urga bag‘ishlangan «Etuklik uchun imtihon» («Mash’ala», 2-son, 1934 yil), «Uyg‘ur» («Qizil O‘zbekiston», 1935 yil, 5 mart) maqolalari xotiraga keladi. Munaqqid shingil maqolada Mannon Uyg‘urning o‘n to‘qqiz yillik faoliyatiga nazar tashlaydi, uning iztiroblari, shodliklariyu orzularini ommaga yoyadi. Ushbu maqoladagi ikki muhim fakt e’tiborga sazovordir. Birinchisi — «Mannon Majidiy (Uyg‘ur)… artist bo‘lib tanilishi va rejissyor bo‘lishi inqilob soyasida yuzaga chiqqan». Ikkinchisi — «1919 yilning yanvar voqeasining ertasigayoq Uyg‘urning «12 soatlik hukumat» degan asarni yozib, sahnada o‘ynab chiqishi, uning Oktyabr inqilobiga ijodiy ish bilan sadoqat ko‘rsatishi».

Ayrim kishilar Mannon Uyg‘urning 1919 yil yanvar oyida Toshkentning yangi shahar qismida sodir bo‘lgan Osipov rahbarligidagi g‘ayriinqilobiy isyonning bostirilishiga bag‘ishlab asar yozganiga shubha bilan qarashadi. Vaholanki, u «12 soatlik hukumat» komediyasida aynan shu voqeani qalamga olgan edi. Sanjar Siddiq esa ushbu asar tomoshabini sifatida buni bir karra tasdiqlayapti. Bu — teatrshunoslik ilmi uchun muhim dalildir.

Jahonshumul san’atkor Abror Hidoyatov faoliyatiga bag‘ishlangan «Etuklik uchun imtihon» maqolasi buyuk aktyorning hayotidagi katta voqea — Shekspirning «Hamlet» asarida Hamlet obrazini yaratish arafasida bitilgan, G‘ozi Yunusdan keyin uning iste’dodiga berilgan ikkinchi baho edi. Sanjar Siddiq o‘z qahramonini xayoliy iboralar bilan alqamaydi, soxta maqtovlar bilan ko‘kka ko‘tarmaydi. Hidoyatov ijodidagi «kemtik»ni ochiq aytish bilan uning yutuqlarini ham adolat bilan tilga oladi: «Uning sahna hayotida original va tarjima asarlar yuzasidan yaratgan obrazlari juda ko‘p, ularni o‘rganish, tekshirib bilish uchun butun bir kitob yozsa bo‘ladi.

Abror o‘zining o‘tmishi, xizmati, ijodchiligi, ishga jonkuyarligi bilan qarashi bilan ham, xarakterlarni gavdalantirish masalalarini insof bilan hal qilishi bilan xizmat ko‘rsatgan san’atkor nomini olishga sazovor…»

Sanjar Siddiq teatr muammolari, san’atkorlar faoliyatini yoritish bilan cheklanmadi. U tanqidchi sifatida yangi spektakllar haqida tanqidiy maqolalar yozdi. Uning Xurshidning «Layli va Majnun», Anqaboyning «Shodmon», Molerning «Musofirxona bekasi», «Niqob yirtildi» ustida disput», «Bosmachilar zulmi», «Moskva inqilob teatri Toshkentda» taqrizlari e’tiborga molik.

Ijodkorning «Adabiyot kuchlarini to‘plash kerak», «Tanqid va mulohaza», «Umarxon davri va mulla Gulxaniy», «Kuchli bir vosita» maqolalari uning tarjimonlik, teatr tanqidchiligi bilan bir qatorda adabiyotshunos sifatida mehnat qilganini ham ko‘rsatadi.

Sanjar Siddiq Oktyabr inqilobining g‘oyalarini tarannum etgan o‘zbek milliy matbuoti, teatr san’ati taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan, mohir tarjimon, tarjimashunoslikka asos solgan tolmas ijodkordir. Shuni dard bilan ta’kidlash kerakki, inqilob va madaniyat targ‘ibotchisi bo‘lgan Sanjar Siddiq umr daraxtini stalinizm erta quritdi. Xalqi uchun yongan hassos ijodkor halok etilganda endigina 35 yoshga kirgan edi…

«Guliston» jurnali, 1990 yil, 1-son