Jumhuriyatimiz ahli jahon madaniyatining buyuk namoyandalaridan biri, adabiyotimizning ulug‘ bobokaloni Mir Alisher Navoiy tavalludining 550 yilligini tantanali nishonlamoqda. Feodal urushlar avj olgan, taxt va mansab yo‘lida shoh va shahzodalar o‘zaro kurashayotgan bir davrda yashab ijod etgan Navoiy turkiy xalqlar adabiyotini, madaniyatini shunday yuksaklikka ko‘tardiki, shoirning nomi o‘sha davrdayoq xalqlarni tinchlikda, hamkorlikda va do‘stona yashashga da’vat etuvchi ramzi bo‘lib xizmat qildi. Mutafakkirning niyati shuning uchun ham ulug‘ ediki, u barcha xalqlarning irqi, ijtimoiy kelib chiqishi, rivojlanishi darajasidan qat’iy nazar barchaning tinch-totuv yashashini istardi.
Bizning zamonimizda ham ulug‘ bobomizning niyatlari, orzu-istaklari umumbashariy tus olganligini ko‘ramiz. Ijtimoiy tuzumi turlicha bo‘lgan davlatlarning tinch-totuv yashashi, yadro urushi xavfining oldini olish, insoniyatni, ona sayyoramizni saqlab qolish yo‘lida ibratli ishlar qilinayotgani hammaga ma’lum. Do‘stlik, umuminsoniy masalalarni hal qilishda hamjihatlik bilan harakat qilish, insoniy masalalarni hal qilishda baynalmilal an’analarni tiklashga intilish harakati kuchaymoqda. Hazrat Navoiyning orzu-umidlari endilikda ro‘yobga chiqmoqda, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu ulug‘ maqsad yo‘lida ustod ramziy ma’noda hamon safimizda.
SSSR dengizchiligida mamlakat bayrog‘i bilan chet el safarlariga chiqadigan kemalarning 20 ga yaqini O‘zbekiston bilan bog‘liq. Sovet dengizchiligidagi kemalarning anchasi yozuvchi va shoirlar nomi bilan yuritiladi. Suvratli qilib aytganda Tinch va Shimoliy muz ummonlarida, Egay dengizi, Qora dengiz va Azov dengizida «Hamza», «Sadriddin Ayniy», «Mixail Lukonin», «Yakob Kolas», «Muxtor Avezov», «Sergey Smirnov», «Vladimir Mayakovskiy» singari adabiyotchilar floti xizmatda.
Sharqning ulug‘ farzandi nomi bilan ataladigan «Alisher Navoiy» teploxodi Yozuvchilar flotidagi eng to‘ng‘ich kemalardan bo‘lib, mamlakatimiz buyurtmasi bilan Yugoslaviyaning Riyeka zavodida qurilgan. U 1969 yilda Vladivostok shahrida suvga tushirildi. «Navoiy» kemasining harakat chizig‘i Vladivostok — Iokosuko — Singapur — Sidney — San-Frantsisko shaharlaridan o‘tadi. U yerlarga don, texnika qurilmalari, mix va turli xo‘jalik buyumlari yetkazib beradi. «Navoiy» kemasi Vladivostok sohilida suvga tushirilgan dastlabki kundayoq ushbu quvonchli xabar O‘zbekiston jamoatchiligiga — buyuk mutafakkir nomi bilan ataladigan Navoiy shahri aholisiga yetib keldi. O‘zbek adabiyotining asoschisiga hurmat, uning g‘oyalariga sodiqlik ramzi bo‘lgan ushbu kema o‘zining 20 yillik faoliyati davomida Amerika, Angliya, Yaponiya, Kanada, Yangi Zelandiya, Avstraliya, Hindiston, xullas Afrika qit’asidan boshqa barcha chet el sohillarida bo‘ldi. Shuningdek, «Alisher Navoiy» kemasi SSSR — AQSh, SSSR — Kanada, SSSR — Yaponiya Do‘stlik jamiyatlarining a’zosi hamdir.
Tabiiyki, kema bo‘sag‘asiga qadam qo‘ygan har bir chet ellik kema nomi bilan qiziqadi. Dengizchilarimiz Navoiy va uning ijodiy faoliyati haqida ularga maroq bilan hikoya qilib beradilar. Shuni ta’kidlash o‘rinliki, kemaning 32 kishilik jamoasining ko‘pchiligi hozir ulug‘ adibning hayoti va faoliyati haqida xorijlarga ingliz tilida ma’lumot bera oladi. «Navoiy» kemasiga tashrif buyurgan har bir kishi uning nomi bilan bog‘liq lavhalardan katta ma’lumotga ega bo‘ladilar. Jumhuriyatimiz jamoatchiligi, ayniqsa Navoiy shahridagi otaliq tashkilotlar kemaga ko‘mak bermoqda. Bu sohada Navoiy shahar ijroiya komiteti, Navoiy shahar xalq maorifi bo‘limi, shahardagi pionerlar uyi hamda 1 6-o‘rta maktab o‘quvchilar jamoasi tomonidan har yili o‘nlab nusxada Navoiy asarlaridan kemaga yuborilib, o‘z burchlarini sadoqat bilan ado qilmoqdalar. 1975 yildayoq otaliqqa olingan tashkilotlar tomonidan yuborilgan jihozlar asosida kemada muzey hamda buyuk shoir — «Navoiy» burchagi tashkil etilgan.
O‘zbekiston SSR Fanlar akademiyasi hamda Navoiy nomidagi jumhuriyat adabiyot muzeyi tashabbusi bilan kemaga shoirning 10 jildlik asarlari, uning ijodi, hayot yo‘lini aks ettiradigan tadqiqot asarlari yuborildi. Mutafakkir nomidagi pionerlar uyi jamoasi esa uning mo‘yqalam sohiblari chizgan kattakon suratini sovg‘a qildi. Chet elliklarga namoyish etish uchun «O‘zbekfilim» kinochilaoi tomonidan «Navoiy» filmi kemaga sovg‘a tarzida in’om qilindi. Hozir Navoiy burchagida o‘zbek klassik adabiyotining o‘zbek, rus, chet tillaridagi nodir asarlari, tantanalar munosabati bilan tayyorlangan jildlar kitob va risolalar, gazeta va jurnallarda chop etilgan maqolalar alohida ko‘rgazmadan o‘rin olgan. Kiraverishda, ko‘zga yaqqol tashlanadigan joyga esa Mir Alisher Navoiy surati o‘rnatilgan.
Kemada to‘plangan materiallar, o‘zbekistonlik hamda chet ellik mehmonlar bilan hamkorlikda Navoiyxonlik kunlarini o‘tkazishga imkon beradi. Ushbu anjumanlarda jamoa sharqona kiyinadi, o‘zbek milliy taomlari bilan chet ellik mehmonlarga iltifot ko‘rsatiladi. Bu esa jahon xalqlarining Navoiy haqidagi bilimlarini boyitadi, xalqlarni bir-biriga yaqinlashtiradi.
Salkam chorak asrdan buyon Tinch okeani — bahri muhitda suzib yurgan, tinchlik va do‘stlik elchisi bo‘lgan «Navoiy» kemasining safari doimo bexatar bo‘lsin!
«Guliston» jurnali, 1990 yil, 2-son