S. Shomurodov. Zilzilashunoslar (1989)

Bundan birmuncha vaqt ilgari Yaponiyadan xushxabar keldi: O‘zbekiston SSR Fanlar akademiyasining muxbir a’zosi, Seysmologiya ilmiy-tadqiqot instituti gidrogeoseysmologiya laboratoriyasining mudiri, professor Abdimufti Sultonxo‘jayev Zilzilaning geokimyoviy xabarchilari nomidagi Yapon uyushmasining faxriy a’zosi qilib saylandi. Bu faqat uning o‘zininggina emas, ayni vaqtda seysmologiya fanimiz erishgan yutuqlarning Ittifoqimizdan tashqarida ham rasmiy e’tirof etilishidir. Biz quyida zilzilashunos olimlarimizning faoliyati va ularning muvaffaqiyatlari haqida hikoya qilamiz.

XX asrga kelib, fanning mislsiz taraqqiy etishi eng xavfli tabiiy ofat — zilzila sabablarini belgilash, uni oldindan taxminiy aniqlash bo‘yicha keng ko‘lamda ilmiy-tadqiqotlar olib borish imkoniyatlarini yaratdi. Ayniqsa, yuksak taraqqiy etgan mamlakatlar — SSSR, AQSh, Yaponiya, Yugoslaviya, Italiya kabi davlatlarning olimlari bu sohada jiddiy izlanmoqdalar. Hamyurtlarimiz — o‘zbek seysmologlarining ham qo‘lga kiritgan yutuqlari diqqatga sazovordir. Olimlarimizning yangi fan sohasi — zilzilashunoslikdagi yutuqlari bevosita O‘zbekiston SSR Fanlar akademiyasi qoshida Seysmologiya ilmiy tadqiqot institutining tashkil etilishi va uning 22 yillik tarixi bilan uzviy bog‘liqdir.

1966 yil 26 aprelda yuz bergan Toshkent zilzilasi oqibatida shahar aholisi jiddiy talofat ko‘rdi, imoratlarning aksariyati shikastlandi. O‘sha og‘ir kunlarda mamlakatimizdagi barcha xalqlar toshkentliklarga yordam qo‘llarini cho‘zdilar. Respublikamiz poytaxti tezda ulkan qurilishlar maydoniga aylandi. Shunday qilib, tabiiy ofatdan do‘stlik ustun keldi, yigirma oltinchi aprel ramziy ma’no ham kasb etdi: yangi, navqiron va go‘zal Toshkentning bunyod etilishi shu palladan boshlandi.

Zilzila oqibatlari do‘st-qardoshlarimizning kuch-g‘ayrati, samimiy xayrixohliklari bilan tezda tugatildi. Toshkent zilzilasi tarix sahifasiga, fan olamiga ko‘chdi. Lekin fanda faol seysmik zonadagi rayonlarda Yer osti silkinishlarining ma’lum vaqtlardan keyin takrorlanishi ma’lum. Yer qimirlashini oldindan aytib berish, uni ilmiy jihatdan chuqurroq o‘rganish olimlar oldida jiddiy masala bo‘lib qoldi. Partiya, sovet tashkilotlarining beqiyos g‘amxo‘rligi natijasida 1966 yilning oktyabr oyi boshida O‘zbekiston SSR Fanlar akademiyasi huzurida Seysmologiya ylmiy-tadqiqot instituti tashkil etildi. O‘sha kundan to umrining oxirigacha mazkur institutga atoqli olim, akademik G‘ani Mavlonov rahbarlik qildi.

Zilzilani oldindan taxminiy aniqlashning yangi usuliga o‘zbek olimlari jahonda birinchilar qatorida qo‘l urdilar va bu sohada yaxshi natijalarga erishdilar. Iste’dodli olim, O‘zbekiston SSR Fanlar akademiyasining muxbir a’zosi, institut gidrogeoseysmologiya bo‘limining mudiri, endilikda marhum akademik G‘ani Mavlonovning munosib shogirdlaridan biri Abdimufti Sultonxo‘jayev asoslagan zilzilani oldindan aniqlash usuli qator mamlakatlarda, jumladan, faol seysmik zonada joylashgan Yaponiyada keng qo‘llanilmoqda.

1971 yili SSSR Ministrlar Sovetining Ixtirolar va kashfiyotlar bo‘yicha davlat komiteti institut bir guruh olimlarining «Zilzila arafasida yer osti suvlari kimyoviy tarkibining o‘zgarishi» mavzuidagi kashfiyotini fandagi muhim yangilik sifatida «129» raqami bilan ro‘yxatga oldi va mualliflarga guvohnomalar berildi. Darvoqe, dastlabki tekshirishlar natijasida zilzila oldidan yer osti suvlarining gaz va kimyoviy tarkibi o‘zgarishi aniqlangan edi. Bu boradagi tadqiqotlar yanada kengroq davom ettirildi. Keyingi natijalar zilzila arafasida yer osti suvlarining gaz va kimyoviy tarkibi bilan bir qatorda uning sathi, bosimi va harorati o‘zgarishini ham ko‘rsatdi. Hozir zilzilani oldindan taxminiy aniqlash uchun o‘n ikkita kuzatish punkti faoliyat olib borayotir. Ular respublikamizning turli rayonlarida joylashgan. Zilzilani oldindan taxminiy aniqlash komissiyasining yig‘ilishi haftaning har chorshanbasida o‘tkaziladi. Unda kuzatish punktlaridan olingan haftalik ma’lumotlar atroflicha tahlil qilinadi, komissiya a’zolarining fikrlari eshitiladi va shu asosda aniq xulosaga kelinadi. Seysmologlar bugungi kunda zilzilaning taxminan qaysi zonada va qanday kuch bilan yuz berishini ayta oladilar.

Institut gidrogeoseysmologiya bo‘limi mudiri, professor Abdimufti Sultonxo‘jayev bilan bo‘lgan suhbatimiz zilzilashunoslarning keyingi ishlari xususida bordi.

— Yaponiyalik hamkasabalar ishlarimiz bilan anchadan beri qiziqib kelishadi, — dedi Abdimufti Sultonxo‘jayev quyuq qoshlarini chimirgancha qo‘lidagi maktubga ko‘z qiri bilan ishora qilib. — Bu bejiz emas, albatta. Chunki ularda bir-ikki shahargina emas, balki butun Yaponiya zilzila o‘choqlari ustiga joylashgan. Shu boisdan, yaponiyalik hamkasblarimiz seysmologiya sohasidagi yutuqlarimizga katta e’tibor bilan qaramoqdalar. Mana bu maktub Tokio universitetining zilzilani kimyoviy usul bilan tekshirish bo‘limining boshlig‘i, professor Xiroshi Vakitadan kelgan, — olim qo‘lidagi oq konvertga ishora qilib gapirardi. — U kishi 1978 yili Toshkentda bir oy bo‘lib, tajribalarimiz — zilzilani oldindan aniqlash sohasidagi ilg‘or usullarimiz bilan obdon tanishgan edi. O‘sha yili Fan taraqqiyotiga hamkorlik qiluvchi yapon jamiyati taklifiga binoan biz ham Yaponiyada bo‘lib, professor Xiroshi laboratoriyasini ko‘zdan kechirgandik. Shuningdek, u yerdagi seysmolog olimlar, T. Asida, S. Nishimura, Xigivaro va K. Mogi bilan ham uchrashib, ularning ilmiy izlanishlari bilan qiziqdik… Yaponiyalik hamkasbimiz o‘z maktubida biz olib borayotgan ishlar, ayni vaqtda yer osti suvlari tarkibidagi geliy — 3; geliy — 4 izotoplarining zilziladan oldin o‘zgarish holatlari bilan qiziqayapti. Umuman, ishlarimizga faqat Yaponiya olimlarigina emas, Yugoslaviya, AQSh, Italiya kabi mamlakatlardagi hamkasblarimiz ham anchadan buyon jiddiy qarab keladilar. Ular bilan ham ilmiy aloqalarimiz bor. Fan erishgan so‘nggi yutuqlarni o‘zaro bahamlashib turibmiz.

Professor bizga chet ellik seysmolog olimlarning institutda qachon bo‘lishganini va ularning qanday taassurotlar bilan qaytishganini, shuningdek, o‘zi va boshqa seysmologlarimiz qaysi mamlakatlarda ilmiy safarda bo‘lib, tajriba almashganlari xususida batafsil gapirib berdi. Olimning mazmunli hikoyasi bugun jahon seysmologlari e’tiborida qanday muammolar turgani, turli mamlakatlar olimlari o‘rtasida o‘zaro ilmiy hamkorlik kelgusida qanday samaralar berishi haqida borardi.

…1976 yilning bahorida Amerikadan professor Neyme O’Nil Toshkentga, Seysmologiya institutiga keldi. U o‘zbek olimlarining faoliyati bilan yaqindan tanishgach, professor Abdimufti Sultonxo‘jayev bilan suhbatlashdi:

— Hozircha diyoringizga hech qanday yer osti xavfi yo‘qmi?

— Yaqin kunlarda respublikamizning shimoli-g‘arbiy rayonlari territoriyasida zilzila bo‘lishi kutilmoqda, — amerikalik mehmonga javob qildi o‘zbek olimi.

— Bunchalik aniq bashoratingizga sirayam ishongim kelmaydi, — e’tiroz bildirdi janob Neyme O’Nil.

— Ishonmasangiz ham, har holda shu gapimni esingizda tuting, — dedi Sultonxo‘jayev takalluf bilan.

Ertasiga uzoqdan kelgan mehmon ziyoratgoh Buxoro shahriga jo‘nab ketdi. Shaharning diqqatga sazovor joylarini borib ko‘rdi. O‘sha kuni, ya’ni 17 mayda mehmon qattiq yer silkinishidan cho‘chib uyg‘ondi. Bu, 9 balli Gazli zilzilasining zarbi edi. «Hm, o‘zbek olimining gapi bejiz emas ekan-a!..» deya labini tishlagandi o‘shanda ajnabiy mehmon.

Neyme O’Nil Toshkentga qaytib kelgach, darrov Sultonxo‘jayevdan kechirim so‘radi:

— Qoyilman, — dedi u. — Yer tebranishi xususidagi tunov kungi bashoratingizga ko‘zim yetmagandi. Meni kechirasiz.

Amerikalik olim o‘sha gal O‘zbekistondan bir olam taassurot bilan jo‘nab ketgandi.

…1980 yil dekabr oyi. Seysmologlarimiz kuzatish punktlaridan olingan ma’lumotlar, institutning zilzilani oldindan taxminiy aniqlash komissiyasining xulosalariga asosan, yaqin kunlarda Toshkent shahrining shimoli-g‘arbida, ya’ni Yangiyo‘l rayoni territoriyasida 7—8 ball atrofida yer silkinishi yuz berishi mumkin, deb taxmin qildilar. Bu taxmin ham to‘g‘ri chiqdi. 11 dekabr soat 20 dan 35 minutu 27 sekund o‘tganda Nazarbek posyolkasida yer qimirladi va uning kuchi epitsentrda qariyb 8 ballga yetdi.

Rasmiy komissiya olimlarimizdan Nazarbek zilzilasining xususiyati, uning qancha vaqt davom etishini aniqlab berishni iltimos qildi. Seysmologlar axborotida Nazarbek zilzilasi Toshkent zilzilasiga o‘xshashligi, uning yoz oylari boshlarigacha cho‘zilishi ta’kidlangan edi. Ayni vaqtda ular o‘tkazgan ko‘lamli tahlillar natijasiga qaraganda, yaqin to‘rt-besh kunda epitsentrda 7 ballga yaqin kuch bilan takror silkinishi kutilayotgan edi. Bu mo‘ljal qam to‘g‘ri chiqdi. 30 dekabr kech soat 7 dan 29 minutu 46 sekund o‘tganda, Nazarbekda 7 balli takror silkinish yuz berdi.

Keyingi yillarda Yer sharining turli nuqtalarida tez-tez sodir bo‘layotgan zilzilalar jahon olimlarini ancha sergaklantirib qo‘ydi. Ular zilzilani oldindan aniqlash hamda bu dahshatli tabiiy ofatdan kam zarar ko‘rish sohasida olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlarini umumlashtirish va shu asosda zilzilani oldindan aniqlashning takomillashgan usulini yaratishga intilmoqdalar. Jahon olimlarining bu xayrli harakatida bizning seysmologlarimiz ham faol qatnashmoqdalar. Xususan, yetuk olimlarimiz A. Sultonxo‘jayev va V. Ulomovlarning qator chet mamlakatlarda bo‘lishlari, xorijdagi hamkasblari bilan olib borgan ilmiy munozaralari tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ana shunday uchrashuvlardan birida Amerika olimi G. Kreyg atom quvvatidan tinchlik maqsadlarida foydalanish bo‘yicha Vena xalqaro agentlik doirasida SSSR, AQSh va Italiya olimlari ishtirokida gidrogeoseysmologiya sektsiyasi tuzishni taklif etdi. Professor A. Sultonxo‘jayev esa bu sektsiyani tuzishga Yaponiya, Yugoslaviya olimlarini ham tortish maqsadga muvofiqligini ta’kidladi. Xullas, jahon olimlari eng dahshatli ofat — zilzilaga tiyiq izlash yo‘lida samarali ish olib bormoqdalar. Bunda zilzila darakchilarini aniqlashning gidrogeoseysmik usuli ijodkorlari — hamyurtlarimizning hissasi salmoqlidir.

Seysmologiya ilmiy-tadqiqot instituti olimlari respublikamiz territoriyasini seysmik jihatdan rayonlashtirib chiqishdi va ularning mikroseysmik xaritalarini tuzishdi. Bu xaritalarda mazkur rayonlarning seysmik holati va xususiyati, o‘sha joylarda quriladigan inshootlarning zilzilaga bardoshliligi, qanday qurilishi ochiq-oydin ko‘rsatilgan.

Lekin ba’zi quruvchilar hamma vaqt ham seysmologlarimizning binolarni zilzilaga bardoshli qilib qurish haqidagi ilmiy-amaliy tavsiyalariga to‘g‘ri amal qilayotganlari yo‘q. Ma’lumki, 1984 yilning 19 martida Gazlida yana kuchli zilzila yuz berdi. Oradan ko‘p muddat o‘tmasdan bu yerda qattiq zilzilaning takrorlanishi seysmolog olimlar uchun yangi muammolar tug‘dirdi. Chunki bungacha bir joyda zilzilaning qisqa muddatda avvalgidan ham zarbliroq takrorlanishi kam uchraydigan hodisa, deb hisoblanardi.

Zilzila zarbidan yangi imoratlar ham qulab tushdi. Tekshirish natijalari bu binolarni qurishda seysmik talablarga yetarli amal qilinmaganligini, imoratlar sifatsiz qurilganligini ko‘rsatdi. Faol seysmik zonadagi qurilishlarda, mutlaqo, bunga yo‘l qo‘yilmasligi kerak. Binoni seysmik talablar asosida qurish inson hayotini tabiiy ofatdan muhofaza qilishga qaratilgan zarur tadbir! Buyuk internatsional oilaga uyushgan xalqlarimizning qudrati bilan Gazlida zilzila oqibatlari tez tugatildi, u yerda yangi shahar qad rostlayotir. Toshkentda va respublikamiz rayonlarida binolarning seysmik chidamliligini ta’minlash masalasining asosan hal etilishida ham jonkuyar va zahmatkash seysmolog olimlarimizning xizmati bo‘ldi.

Mana, bir oddiy misol. Quruvchilar «Moskva» mehmonxonasini tiklashda dastlab ishni odatdagi kvadrat shaklida poydevor yotqizishdan boshlagan edilar. Seysmologlarimiz bundan xabar topib, quruvchilarni: «Mehmonxona qurilayotgan joyning yer qatlami namga to‘yingan. Zilzila paytida bunday qatlamda silkinish zarbi qariyb bir ball ortiq bo‘ladi. Demak, odatdagi poydevor zilzila paytida 20 qavatli (boshda mehmonxona 20 qavatga mo‘ljallangandi) bino og‘irligiga bardosh berolmaydi. Shuning uchun binoning poydevorlarini konussimon, ya’ni qoziq shaklida yotqizish ma’qul», deb ogohlantirdilar. O‘shanda quruvchilar poydevorni shu asosda qaytadan boshlagan edilar…

Ma’lumki, 1988 yil 7 dekabrda Moskva vaqti bilan soat 10 dan 41 minut o‘tganda Armaniston SSR territoriyasida yuz bergan kuchli zilzila mislsiz baxtsizliklar keltirdi. Ana shunday og‘ir daqiqalarda butun mamlakat, jumladan, respublikamiz mehnatkashlari ham, ko‘pgina chet davlatlar arman xalqiga yordamga keldilar. Bugun u yerda vayron bo‘lgan shaharlar o‘rnida yangi shaharlar qad ko‘tarmoqda.

O‘zbekiston SSR Fanlar akademiyasining Seysmologiya hamda Mexanika va inshootlarning zilzilaga bardoshligi ilmiy tadqiqot institutlarining bir guruh mutaxassislari ham armanistonlik hamkasblariga yordam berish uchun ofat yuz bergan joylarga o‘sha musibatli kunlarda zudlik bilan yetib bordilar. U yerdagi seysmologlarning fikricha, zilzila bo‘lgan rayonlarda sifatsiz, seysmik talablarga rioya qilmagan holda qurilgan imoratlar butunlay vayron bo‘lgan. Endi Armanistonda yangidan tiklanayotgan shaharlardagi binolarni zilzilaga bardoshli qilib mustahkam qurish zarur! Zilzilashunos olimlar va mutaxassislarning quruvchilar oldiga qo‘yayotgan talablari ana shunday.

«Guliston» jurnali, 1989 yil, 2-son