Ota Rahim. Til va el uli (1990)

yoxud qaqragan tilga tiriklik suvi

Naql qilishlaricha, asrimiz boshlarida bizning Qorachiq qishlog‘imizda tili chuchuk odam bo‘lgan ekan («s»ni aytolmas ekan). O‘sha odamning bolalarini maktabdoshlari «Sening otang soqov», deya masxaralayverganlaridan keyin, kunlardan bir kuni ular otasining qoshiga kelib xarxasha qilishibdi: «Nega soqovsiz, bizga tengdoshlarimiz kun bermayapti». O‘shanda bu bedodlikdan achchig‘i chiqqan tajangroq ota o‘z bolalariga «qozoqning to‘qqiz pulidek» tushunarli, lo‘ndagina «bir so‘z» debdi: «Dod deshangam otang bo‘laman, voydod deshangam otang bo‘laman».

Bu gap uchun tili chuchuk otani ayblab bo‘lmaydi, albatta. Har qalay, shunday deyishga ma’naviy haqqi bor uning! Biroq shaxsga sig‘inish va turg‘unlik yillarida aslida to‘tidek tilsiz, hakkadek qo‘nimsiz ne-ne shaxsiyatparastu shuhratparastlar, biz dod desak ham, voydod desak ham: «Men xalqning otasiman!» deya oyoq tirab turib olishdi. Otabekni yaratgan Julqunboy va Ota shoir — Cho‘lpon singari bunday «qip-qizil maynavozchilik»ka qarshi dadil isyon ko‘targanlarning tili kesildi. Omon qolganlarning Oybekdek tili tugildi. O‘sha yillarda: «Til yugurigi — boshga», degan maqol shunaqangi keng tarqaldiki, asti qo‘yaverasiz. Xayriyat, ko‘z tegmasin, oxiri baxayr bo‘lsin, mana, zamonning sharofati bilan tag‘in tilimiz chiqib kelayapti. Davlat tili xususidagi qonun buning eng yorqin dalili bo‘ldi.

Mazkur qonunning qabul qilinishi xalqimiz hayotida o‘chmas iz qoldiruvchi muhim tarixiy voqea, albatta. Lekin: «Mana, axiyri tilimizga davlat tili maqomi berildi — orzumiz ushaldi-ku», deya xotirjamlikka berilishga haqqimiz yo‘q. Chunki vaqtida ne-ne ezgu qonunlarimiz qog‘ozda qolib ketgani barchaga ayon. Ochig‘i, biz biri ikkinchisidan ajoyibroq qonun va rejalarni xo‘ja ko‘rsinga qalashtirib tashlab, amalda ularning batamom aksini qilish bobida ustasi farang bo‘lib ketganmiz! O‘zingizdan qolar gap yo‘q, «Oziq-ovqat programmasi» oziq-ovqatning battar barakasini o‘chirdi. Demoqchimanki, qonunni qabul qilish bilan ish bitmaydi, balki boshlanadi.

Xo‘sh, til xususidagi qonunni qanday amalga oshirish kerak? Uni kundalik hayotimizning barcha jabhalarida tezroq va ko‘ngildagidek to‘kis-tugal joriy etmoq uchun nimalar qilish kerak? Bu g‘oyat murakkab va serqirra ishda dastavval qay bir o‘zak masalalarga e’tiborni qaratmoq kerak?.. Men bir qalamkash sifatida o‘zimni o‘ylantirib yurgan bu muammolarga doir ayrim shaxsiy mulohazalarim va aniq takliflarimni aytishga o‘tishdan avval tarixga — muammoning ildizlariga qisqa bir nazar tashlashni istardim.

Ma’lumki, qadimiy yurtimizda Rasul Hamzatov «Dog‘istonim»da tilga olgan qarg‘ish ustasiga ustozlikka yaraydigan eng shallaqi xotin ashaddiy dushmanini ham «tiling kesilgur» deya qarg‘amaydi. Chunki qadim-qadimdan til kesish o‘taketgan vahshiylik, eng mudhish jazo, bosh olishdan ham shafqatsizroq yovuzlik hisoblangan.

Bir paytlar Qutayba boshchiligidagi arab bosqinchilari bizni johillikda ayblay turib, o‘zlari ishni ayni shunday vahshiylarcha yovuzlikdan boshlaganlari tarixdan ma’lum. Uzoq davom etgan jismoniy tazyiq, g‘oyaviy ta’qiq va ruhiy tahqirlar nihoyasida qadim va boy turk tili xonaki tilga aylanib, halokat bo‘sag‘asiga kelib qoldi. Uning xuddi sanskrit va yo lotindek o‘lik tilga aylanish xavfi tug‘ildi. Ana shunda bir daho tilshunosimiz — Mahmud Qoshg‘ariy o‘zining «Devoni lug‘atit turk» asari bilan, uch daho shoirimiz — Yusuf Bolosog‘uniy «Qutadg‘u bilik», Ahmad Yugnakiy «Hibbat ul haqoyiq» dostonlari-yu Ahmad Yassaviy «Hikmatlar»i bilan ona tilimizni, aytish mumkinki, ajal changalidan sog‘-omon olib chiqdilar. Shundan keyin o‘tgan ming yillik tarix tilimizning tozaligi va yashovchanligi uchun muttasil kurashu sinovlarda o‘tdi. Forobiy, Xorazmiy, Farg‘oniy, Beruniy, Ibn Sino, Ulug‘bekdek allomalarimiz, azbaroyi uni fan tiliga aylantirolmaganlari bois, o‘z asarlarini Sharqdagi fan tili — arabchada yaratdilar. Jaloliddin Rumiy, Farididdin Attor, Pahlavon Mahmud, Nizomiy Ganjaviy, Amir Xisrav Dehlaviy, Mirzo Abduqodir Bedillar esa, uni adabiyot tiliga aylantira olmaganlari bois, Sharqdagi she’riyat tili — forschada ijod qildilar. Xorazmiy, Otoyi, Durbek, Sakkokiy, Lutfiylarning til mustaqilligi, adabiy tilimizning ravnaqi yo‘lida olib borgan ko‘p asrlik kurashlari hazrat Navoiy ijodida olamshumul g‘alaba bilan yakunlandi.

Bu yoqda eng buyuk daholardan buyukroq daho — xalqning o‘zi ham qarab turmadi, albatta. Birgina Go‘ro‘g‘li turkumiga kirgan oltmishdan ortiq dostonning o‘ziyoq turkiy tilni go‘r og‘zidan naq osmoni-falakka olib chiqib qo‘ygandek bo‘ldi. Nima desangiz dengu, lekin jahon adabiyotida bu badiiy-estetik hodisaga taraf yo‘q. Sirasini aytganda, Go‘ro‘g‘li turkumi bilan na «Iliada» va «Odisseya», na «Ramayana» va «Maxabxarata», na «Shohnoma» va «Ilohiy komediya», na Balzak va Jurji Zaydonning turkum romanlari bellasha oladi… Xullas, natija arab bosqinchilari kutganining batamom aksi bo‘lib chiqdi: turk tili Enasoydan Sharqiy Rim, ya’ni, Rumga qadar, Mochindan Ashtarxonga qadar, Ollohoboddan Dog‘istonga qadar Mashriq-u Mag‘ribda keng quloch yozdi. Lekin avvaliga — arab, keyinchalik — mo‘g‘ul bosqinchilari «mohirona» ekib ketgan ichki nizo urug‘lari vaqti kelib o‘z ishini qildi. Amir Temurning markazlashgan davlat — yagona El birligi, Alisher Navoiyning davlat maqomidagi yagona Til birligini qaror toptirish yo‘lida amalga oshirgan olamshumul ishlaridan qat’i nazar, qadimiy Turon va buyuk turk xalqi asrlar o‘tgan sari, xuddi hozirgi arab mamlakatlaridek, tobora parchalanib ketaverdi. Asrimiz boshlariga kelib, bir butun turk xalqidan, xuddi o‘zaro noahil uch xonlik (Xeva, Qo‘qon, Buxoro) «uch og‘a-ini botirlar»dek voris qoldilar: Sharqiy Turkiston, ya’ni, Sintszyan, G‘arbiy Turkiston, ya’ni, Turkiya va, nihoyat, Rossiya imperiyasi tarkibidagi mustamlaka o‘lka — Turkiston muxtor jumhuriyati. Stalincha milliy siyosat esa, «panturkizm» degan vahimali yorliq ostida muxtor jumhuriyatning o‘zini ham tag‘in besholti bo‘lakka parchalab tashladi. Shunday qilib, ayniqsa stalincha milliy siyosat «bo‘linganni bo‘ri yer» degan maqolning nechog‘li to‘g‘riligini arab va mo‘g‘ul bosqinchilaridan ham yaqqolroq ko‘rsatdi-qo‘ydi.

Tilimizning bugungi hayot-mamotini ijobiy hal qilishda, o‘ylaymanki, tarixga bunday birrov nazar emas, uzoq muddatli safar-sayohatlar kerak bo‘ladi. Har qalay, bugun shu hol oydek ravshanki, umuman, madaniyatimiz kabi, tilimizni ham tarixiy ildizlardan uzib tashlash, uni behad qashshoqlashtirib qo‘yishi muqarrar ekan. Axir «yazыk tuzemtsa», sart tili, o‘zbek qavmi, chig‘atoy ulusi qabilidagi o‘ta shartli va tahqiromuz atamalardan (ma’lumki, dastlabki ikkitasi — Rossiya imperiyasi malaylarining bizga «tortig‘i» bo‘lsa, keyingi ikki atama aslida xalq nomi emas, mo‘g‘ul bosqinchilarining vakili bo‘lmish ikki hukmdorning ismi, xolos. Bu jihatdan qirg‘iz, qozoq, turkman, qalmiq va boshqa birodarlarimizning ahvoli biznikidan tuzukroq, har qalay, qadim turkiy qabila va urug‘ nomlarini saqlab qolganlar, bosqinchi nomini boshdagi do‘ppidek aziz bilib, u bilan faxrlanib yurganlari yo‘q! (Ha, shular kabi xalq sha’nini oyoqosti qiluvchi atamalardan qaddi dol qadim va boy turku tilimiz bugungi kunda Oroldek quruqshab qolgani, sanskrit va yo lotindek o‘lik bo‘lmasa-da, o‘ta holsizlanib, chalajon bo‘lib yotgani ko‘rar ko‘zga ayon haqiqat. Basharti isbot kerak bo‘lsa, uni, aytaylik, hozirgi tilimizning ikki jildlik izohli lug‘atidan istagancha topsa bo‘ladi. Zotan, mazkur lug‘at tilimizda tarixan mavjud so‘z boyligining o‘ndan birini ham ko‘rsatolmaydi. Binobarin, bugun ishni avvalo keng miqyoslardagi lug‘atlardan boshlamoq kerak bo‘ladi. Shu ma’noda filologiya fanlari nomzodi H. Ismatullayev «Tilimiz o‘zgarayaptimi? Qanday?» maqolasida («Sovet Uzbekistoni» gazetasi, 1989 yil, 3 dekabr) xabar berganidek, Til va adabiyot instituti olimlari o‘n jildlik «O‘zbek tilining izohli lug‘ati» ustida ish boshlaganlari tahsinga loyiq, albatta. Lekin endi shaxsga sig‘inish va turg‘unlik yillarida yo‘l qo‘yilgan xatolar takrorlanmasligi va yo yangicha shamoyilda «rivojlantirilmasligi» zarur. Avvalo xalqning «otini boshqa qo‘yish», to‘g‘rirog‘i, uni asliga qaytarish, o‘z nomi bilan atash masalasi o‘ylab ko‘rilsa ekan. Qolaversa, bu lug‘at ikki jildlik lug‘atning «ayrim juz’iy kam-ko‘stlarini to‘ldirish» va jildlar hajmini kichraytirish hisobiga shosha-pisha, pala-partish yaratilmasligi, ming yillik adabiy tilimizning mavjud so‘z boyligini to‘la qamrab olmog‘i lozim. Biroq adabiy tilning izohli lug‘ati bilan ham ish bitmaydi. Uning manba’lariga ham teranroq nazar tashlash kerak bo‘ladi.

Ma’lumki, har qanday adabiy tilning uch manbai bor: og‘zaki adabiyot, yozma adabiyot va jonli xalq tili, ya’ni jami lahja va shevalar (chunonchi, tilimizning qardosh jumhuriyatlar, Afg‘oniston, Xitoy, Turkiya, AQSh va GFRda mavjud lahja va shevalari). Shu uch bisotimiz, shu uch cheksiz ummonimizni yaqqolroq tasavvur etmog‘imiz uchun o‘n jildli lug‘at qoshida (bilmadim, har biri necha jildlik bo‘larkin?) tag‘in uchta izohli lug‘at ham yaratilishi kerak bo‘ladi: hozirgi adabiy tilimizga singishmagan «Og‘zaki adabiyot so‘zligi», «Yozma adabiyot so‘zligi», «Lahja va shevalarga xos so‘zlar». Bir paytlar chop etilgan «Navoiy asarlari lug‘ati» bunday izohli lug‘atlardan biriga xamirturishlikka yaraydi, xolos. Deylik, xalq dostonlaridagi Chambil, Susambil, Vayangan, Qo‘ng‘irot, Qalmoq, Ko‘hi Qof kabi minglab joy nomlari, Alpomish, Ko‘kaldosh, Go‘ro‘g‘li, Ultontoz, Jaynoq va hokazo behisob atamalar hamda atoqli otlar atroflicha izohlansa edi, bir tomondan — madaniy tariximiz xususidagi tasavvurimiz, ikkinchi tomondan — adabiy tilni zamonga moslab rivojlantirish imkoniyatimiz sezilarli darajada boyigan bo‘lur edi. Yoxud, deylik, jonli tilda yonma-yon qo‘llanuvchi uchta so‘z («lo‘li», «andi», «jo‘gi»)ning ma’no jihatidan mushtarak va farqli tomonlari yetarli izohlansa, tilimiz va tariximizning bugungi kunda qorong‘u nuqtalari ajabtovur oydinlashgan bo‘lur edi. E’tibor bering: nima uchun odatda «lo‘lilik qilma», «jo‘gimisan deyman?», «andiga o‘xshaysan-a?» deyilmaydi. Deyilganda esa, bu iboralar asl fayz-tarovati, jozibasi, «libosi mavzun»ini yo‘qotib qo‘yadi. Nega shunday?..

Ha, odatda har qanday tilning qudrati unda mavjud so‘zlar va yo sinonimik qatorlar miqdori bilangina o‘lchanmaydi, balki har bir so‘zning naqadar purma’no va bo‘yoqdorligiga, shularga bog‘liq holda tilning iborayu maqol-matallarga nechog‘li boyligiga ham juda-juda bog‘liq. Ayniqsa, shu ikki jihatdan tilimiz jahondagi eng qudratli tillardan biri ekanligi shak-shubhasizdir. Deylik, uning sinonimik qatorlarga nechog‘li boyligini bobokalonimiz Alisher Navoiy «Muhokamatul lug‘atayn»da yetarlicha isbotlab ko‘rsatgan. Xo‘sh, xalq og‘zaki ijodidagi (jahonda yagona!) askiya janri va yo yozma adabiyotimizdagi tuyuq janriga asos bo‘lgan omonim (ma’nodosh) so‘zlar-chi? Iboralar-chi? Maqol-matallar-chi? Ular tilimizda nechta ekan? Sanab adog‘iga yetib bo‘larmikin? Bu borada ham izohli lugatshunoslarimiz uchun qiladigan ishlar behisob. Hurmatli tilshunos olimlarimizdan Azim Hojiyevning sinonim so‘zlar, Shavkat Rahmatullayevning iboralar xususidagi qimmatli ilmiy tadqiqotlari, aka-uka Shorahmedovlarning «Keng uyning kelinchagi» ommabop kitobidek xayrli ishlar bugungi kunda yangicha sur’at bilan davom ettirilmog‘i, muhimi — uzilib qolgan tarixiy ildizlar qayta ulanmog‘i kerak.

Mulohazalarim quruq bo‘lmasligi uchun shu o‘rinda birgina misolga to‘xtalib o‘tishni istardim. Mana, qadim turkiy maqolning ikki — zamonaviy va tarixiy shaklini muqoyasa qilib ko‘ring (bulardan birinchisi bugungi kunda faol muomalada, ikkinchisi qariyb unutilgan): «Qizim — senga aytaman, kelinim — sen eshit». «Uvizim — senga aytaman, ulim — sen eshit, Keragam — senga aytaman, kelinim — sen eshit». To‘g‘ri, maqolning zamonaviy shaklida ham muayyan imo-ishora, kosa tagida nimkosa, ya’ni, badiiyat bor. Lekin bu badiiyat qadimiy shakldagiga nisbatan bag‘oyat jo‘n va nursiz. E’tibor bering: avvalgi shaklda maqol aytilajak gapning muqaddimasiga o‘xshab turibdi. Qolaversa, unda qizni yaqin tutib, kelinni chetlatish, kelinga begonasirab qarash seziladi. Buning ustiga, «qizim» va «kelinim» tushunchalarida jins ma’nosidan boshqa, mustahkamroq mantiqiy bog‘lanish yo‘q. Keyingi, ya’ni, qadimiy shaklda-chi? Maqol havas qilsa arzigulik yuksak badiiyat kasb etib, tugal bir obrazga aylangan. Ya’ni, unda «aytaman» deyilgan gap, aslini olganda, aytib bo‘lingan: oila o‘tovga o‘xshaydi, er — uviz bo‘lsa, xotin — keraga. Shu ikkovining mustahkam birligisiz o‘tov ham yo‘q, oila ham!.. («Uviz» va «keraga» — o‘tovning o‘zaro bog‘langan pastki va ustki sinchlari demakdir).

Nihoyat, tilimizning lug‘at boyligi va ifoda qudratini yaqqolroq tasavvur etish bilan bog‘liq uchinchi taklifim: modomiki ikki daryo (Amu va Sir) oralig‘i qadim turk xalqining tub-kindigini, «o‘zbek tili» deb yuritiluvchi til esa, turkiy tilning o‘zagini tashkil etar ekan, demak, o‘zingniki o‘zaginni o‘ymasligi kerak! Qani endi bir qiyada — Leningradda emas, jumhuriyatimiz Nozirlar kengashi qoshida Turkshunoslik markazi tashkil etilsayu, bu markazda uyg‘ur, qirg‘iz, turk, ozarboyjon, turkman, qozoq, tatar, boshqird va boshqa birodarlarimiz bilan hamkorlikda shu tillarning qiyosiy lug‘ati yaratilsa. Ana o‘shanda nainki ona tilimizning lug‘at boyligi, ayni chog‘da sanab o‘tilgan tillarning nechog‘li qon-qardoshligi, boshqa til oilalariga nisbatan o‘zaro g‘oyat yaqinligi, aslida bitta tilligi, turkiy tilning naqadar serjiloligi ro‘y-rost ko‘rinardi-qolardi. Muhimi — bu qon-qardosh tillar bugungi kunda rasmiy idora tilini, sanoat va madaniyat tilini, ayniqsa, fan va texnika tilini zamon talablari darajasiga ko‘tarishda bir-birlariga birodarlarcha yordam qo‘llarini cho‘zardilar, qo‘lni qo‘lga berib, ko‘plashib-ko‘maklashib ish ko‘rardilar. Bu esa, o‘z navbatida, stalinizmning xalqlarni parchalab-to‘zitib, o‘zaro zimdan yovlashtirishdek makkorona siyosati ildiziga bolta urar edi.

Ana shu uch ishni ko‘ngildagidek uddalay olsalar, aminmanki, lug‘atshunoslarimiz o‘z ustozlari (Qoshg‘ariy)ga munosib voris bo‘la olardilar. Munosib voris bo‘lish maqsad emas, maqsadga erishish yo‘lidagi vosita, albatta. Muhimi — til xususidagi qonunni hayotga joriy etish ishiga amaliy hissa qo‘shgan bo‘lardilar.

Xo‘sh, shoir-yozuvchilarimiz-chi? Yozma adabiyotimizning boshida turgan uch og‘a-ini botirlar: Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yugnakiy va Ahmad Yassaviylarga munosib voris bo‘lishlari, ya’ni, tilimizning zamonga munosib ravnaqini ta’minlashlari uchun shoir-yozuvchilarimiz — so‘z san’atkorlarimiz nima qilmoqlari kerak? Ochig‘i, «Gap bilguncha ish bil» maqolasidan so‘ng («Sovet O‘zbekistoni», 1989 yil, 25 fevral) bu xususda yozish tugul gapirishdan ham qo‘rqibroq qolganman. Shu bois qalamkashlarimizga «aql o‘rgatish»dan tiyilib, nihoyati tilak bildirmoqchiman: modomiki birlamchi ish qurolimiz — til ekan, avvalo hech birimizning tilimiz kesilmasin, qolaversa, hozirgi adabiy tilimiz har uch manba’dan quvvat olib, jonlansin, Tilimiz ayri emas, bir bo‘lsin, Tilimizga mahkam bo‘laylik. Buning uchun esa… Cho‘pon ota, Zangi ota, Nur ota, Cho‘lpon ota, Qurqut ota, qo‘ying-chi, tariximizda munosib iz qoldirgan qirq otaning, qolaversa, ne-ne otaxonlar-u otaboylarning katta otasi, piri komilimiz Ahmad Yassaviy aytadi:

Haq zikrini mag‘zi jondan chiqarmasang,
Uch yuz oltmish tomirlaring tebratmasang,
To‘rt yuz qirq to‘rt so‘ngaklaring qul qilmasang,
Yolg‘onchisan, haqqa oshno bo‘lg‘oning yo‘q.

Agar hazrati sultoni orifinning shu gaplari rost bo‘lsa, biz hali… qip-qizil yolg‘onchimiz!

Xalq aytadi: «Gap kelganda otangniyam ayama».

Agar biz chinakamiga «haqqa oshno» — haqgo‘y bo‘lsak, rost gapni ro‘y-rost aytish bobida soxta otalar tugul chin otalarni ham ayab o‘tirmasak (baribir, o‘sha maqolaning mag‘zini tag‘in takrorlashga to‘g‘ri keladi): agar biz quruq gap bilan alahsib qolmay, har birimiz aniq ishni sidqidil bajarishga o‘tsak, agar bizga to‘g‘ri gap yoqsa (yo‘q, noumid shayton, «tuyaning dumi yerga tegsa» demayman), har qalay, Nasriddin Afandimiz aytganidek, «nasib qilsa», ona tilimiz qog‘ozda emas, amalda davlat tili bo‘ladi.

Modomiki o‘sha maqolaning mag‘zini eslatgan ekanman, «berdi»sini ham aytishga to‘g‘ri keladi: agar har bir ijodkor og‘zaki va yozma adabiyot hamda jonli xalq tilining cheksiz imkoniyatlaridan amalda yaxshi foydalana olganida edi, ehtimolki ona tilimiz o‘zi xususidagi maxsus qonunning kun tartibiga qo‘yilishiga hech bir ehtiyoj sezmagan bo‘lur edi.

Ming afsuski, tilimizning bugungi ahvoli Orolimizning ahvolidan yaxshi emas. Nimaga asoslanib shunday deyapman?

Albatta, lug‘atlar yaratish bobida uzoq asrlik tarixiy tajribalarga egamiz — yana ko‘plab lug‘atlar yaratsa bo‘ladi. Ona tilimizda yaratilgan boy og‘zaki va yozma adabiyotimiz bor, u bugun ham baholi qudrat yashab turibdi va bundan keyin ham yashayveradi. Qator adabiy asarlarimiz va, ayniqsa, matbuotimiz tiliga xos «g‘ayrat kamarini bog‘lab», «javlon urdi» qabilidagi siyqa va jonsiz iboralardanu so‘z qahatchiligidan qutulib, adabiy tilimizni boyitish ham mushkul ish emas. Uni rasmiy yozishmalaru xalqaro munosabatlar tiliga aylantirishni ham uddalasa bo‘ladi. Nazarimda, eng mushkul ish — ona tilimizni zamonaviy fan va texnika tiliga aylantirishdir. Jiddiyroq o‘ylab qaraylik: mashina-traktor stantsiyasi (MTS)dan tortib to rele, ion, sinxropozitrongacha, eh-he, ozmuncha so‘zlar, aksariyat hollarda o‘z so‘zlarimiz hisobiga tilimizning naq to‘riga kirib, yastanib olmayaptimi? Xuddi bir paytlar arablarning fan, maorif, maktab kabi so‘zlaridek. Yo Afrosiyobu Turk hoqonligi bo‘lgan xalqda «fan» yo‘qmidi?! Xo‘sh, bugun-chi? «SSSR», «KPSS» — qay tilda bu qisqartma otlar?! Shu singari so‘zlarning muqobilini o‘z tilimizda yaratish va borlarini qidirib topishdek ijod-izlanishni yig‘ishtirib qo‘yib, faqat so‘z qabul qilish bilan mashg‘ul bo‘laversak, bunaqada tilimiz qachon kiroyi fan tiliga aylanadi? Ilmiy-texnik inqilob g‘alabalarini targ‘ib-tashviq etish bilangina mashg‘ul izohlovchi, ko‘makchi til holida qolib ketavermaydimi? Holbuki ana o‘sha targ‘ib-tashviq bobida ham ahvol afsuslanarli. Aniq fanlar va zamonaviy texnikaning istalgan sohasiga doir istalgan risola tarjimasini, hatto «o‘z» tilimizda yozilgan kitobni olib varaqlang! Baayni ruscha-baynalmilal so‘zlarning yig‘indisi deysiz.

Ilmiy atamalarni aynan olganimiz olgan, jumlalar qurilishida ham rus tilidan pala-partish nusxa ko‘chirmoqdamiz. Natijada bu kitoblarning tili shunaqangi «chiyralgan», uslubi shunaqangi mijg‘ov va mujmag‘ilki, nima deyilmoqchi — mutaxassislar ham tushunolmay boshlari qotadi. Shu bois ular asliyatda — rus yoxud ingliz tilining o‘zida o‘qishni ma’qul ko‘radilar. Loaqal yaqindagina chop etilgan «Politexnika lug‘ati»ni olib qarang! Unda ruscha-baynalmilal atamalarning tilimizdagi muqobili yo‘q hisob: ayrim yarim-yorti tarjimalarni aytmasangiz, aksariyati rus tilidagi so‘zlarning ona tilimizdagi o‘ta mujmal va tushunarsiz izohlariyu tushuntirishlari! Bas, shunday ekan, buning nimasi «lug‘at», qay tildagi «lug‘at»?! Nahotki tilimizni mujmal izohlar tiliga emas, zamonaviy fan va texnika tiliga aylantirib bo‘lmasa? Undan zarur muqobil atamalar topib va yo yangi so‘zlar yasab bo‘lmasa?! Har qalay, tilshunoslaru aniq fan sohalari bo‘yicha malakali mutaxassilarimiz hamkorlikda shu mushkulotni hal qilsalar, ona tilimizning kiroyi fan tiliga aylantira olsalar xalqimizning asriy orzusi, Forobiy, Ibn Sino, Beruniydek ne-ne allomalarimizning ko‘ngil armonlari bizning inqilobiy qayta qurishlar davrida ushalgan bo‘lur edi. Ayniqsa, shu ishda bugungi jahonning taraqqiy topgan peshqadam mamlakatlaridan biri bo‘lmish Turkiya tajribalari biz uchun bir maktab vazifasini o‘tasa, ehtimol. Turkshunoslik markazi ham, xuddi Atamalar markazidek, ayni shu eng mushkul ishni amalga oshirishda juda-juda qo‘l kelishi aniq.

Menimcha, eng mushkul muammolardan yana biri — har qanday tilning tirik xazinasi bo‘lmish jonli so‘zlashuv tilining sofligi masalasidir. Bundan yigirma yil avval biz talabalarga dars berarkanlar, Shavkat Rahmatullayev domla shunday bir hayotiy hangomani hikoya qilgandilar. U kishi ko‘nka (tramvay)da ketayotib yetmish yashar bir cholga gap qotibdilar:

—  Hoynahoy bozorga tusharsiz, otaxon, keyingi bekat — Parkent bozori…

Javob shunday bo‘libdi:

—  Yo‘q, men dokonsasigacha boraman.

Yigirma yil muqaddam yetmish yashar cholning nutqi shunday bo‘lgach, bugungi kundagi talaba o‘smirlaru aniq fan bo‘yicha mutaxassislarning jonli muloqot tili ruscha va o‘zbekcha so‘zlar aralash-quralash qo‘llanuvchi o‘ziga xos «esperanto», to‘g‘rirog‘i, bo‘tqa holiga kelib qolganiga ajablanmasak ham bo‘ladi!

Holbuki, har qanday tilning tiriklik mezoni, bosh manbai, sarchashmasi — jonli xalq tili. Ayrim ilg‘or vakillar qancha ko‘p tilni bilsa, shuncha yaxshi, lekin har bir El, toki El ekan, uning ona tili ikkita yoxud ikki tilning qotishmasi emas, bitta bo‘lishi kerak. Shunisi bilan u El! Aks holda u Kumush bilan Zaynab o‘rtasida sarson Otabekdan beshbattar ahvolga tushishi mumkin. Demoqchimizki, har bir til chashmadek tiniq, Kumushdek go‘zal va sevimli bo‘lmog‘i kerak. Ikkinchi til esa, Kumushni zaharlab o‘ldirgan Zaynabdek, Otabekni «uch taloq» deyishga majbur etmasligi kerak…

Til. El. Ul. Qadim turk tilimizning, aytish mumkinki, o‘zagini tashkil etuvchi bu uch so‘z o‘zaro yaqin tushunchalarni ifodalaydi. Ayni chog‘da, ularning har biri bir nechta ma’noni anglatadi. Deylik, til — «nutq a’zosi» va «ijtimoiy ong shakli», el — «xalq» va «vatan» ma’nolarini o‘zida birlashtirgandek, «ul» so‘zi uch ma’noda baravar ishlatiladi: o‘g‘il, poydevor va o‘kcha. (Poyafzal, ya’ni, oyoq kiyimdagi o‘kcha ustiga yoziladigan poy-patakning qadim turk tilida «ulton» deyilishi ham bejiz emas! Ha, Til (ona til) va El (ota yurt, ota makon)ning Uli — So‘z! «So‘z parvarishida onalardan ibrat olaylik, so‘z — odam», deydi Murod Xidir o‘z «Insholar»idan birida, «So‘z — farzand, so‘z — poydevor, so‘z — o‘kcha, kerak bo‘lsa, so‘z — bazis, ya’ni o‘zak», deymiz biz. Tilimiz va Elimizning tarixiy taqdiri har to‘rt ma’nodagi Ulimizning ahvoli bilan bog‘liq. Demoqchimizki, ota-onasining tayini yo‘q, tili va eli majhul to‘tiyu hakkalar, o‘kchasidan ajragan tepakallar, xullas, ulidan tongan Ultontozlar emas, Ona Til va Ota Makonning tiniq chashmalaridan qonib suv ichgan hakimbeklar, til va elning or-nomusi deb ming o‘lib, ming tirilgan go‘ro‘g‘lilar, onasini halokat chohidan tortib chiqargan uch og‘a-ini botirlargina Tilni ham, Elni ham o‘z otaliklariga olishga qodirdirlar. Agar «Gap desang qop-qop, ish desang Ko‘hi Qofdan top» shiori ostida ustasi faranglarcha kun kechiruvchi va’zxonlar huda-behuda gapiraverib tilni battar quruqshatsalar, bu fidoyi zotlar aytgan «bir so‘z», xuddi ilohiy tomchi — tiriklik suvidek, quruqshagan tilga qayta jon bag‘ishlay oladi.

Xullasi kalom, Til va Elning Uli bor bo‘lsin! Ulimizdan ajramaylik. Qolgani, deylik, o‘sha ultontozlar, nihoyati ustqurma! Ular, qadimiy qo‘shiq satrlarida aytilganidek:

O‘zi kelar Laylixon,
O‘zi ketar Laylixon.

Ko‘hna yurtimizdagi nuroniy bobolar va keksa-kayvoni momolar odatda har bir qizaloqqa «onam», bolakayga esa, «otam» deya murojaat qiladilar. Bu murojaatda mehr-saxovatdan tashqari asrlar tasdig‘idan o‘tgan ulug‘ bir hikmat ham bor. Zero, bobolarimiz va momolarimiz yaxshi biladilar: ullarimiz omon bo‘lsa, erta bir kun ulg‘ayib, Ona va Ota bo‘ladilar. Utgan kunlarini uldek asrab-avaylab, Ona til va Ota makonning mushkulini oson etmoq uchun yeng shimarib kurash maydoniga tushaveradilar.

Ha, Til va Elning Uli omon bo‘lsa, davlat tili xususidagi qonunni ko‘ngildagidek amalga oshirish mushkul ish emas. Har qalay, yakkama-yakka kurashda Ko‘kaldoshni yengish, Hasanxon, Avazxon, Ravshandek bahodirlarga Ota bo‘lish va yo ertakdagi qirq qaroqchini mahv etishdan mushkul ish emas!

«Guliston» jurnali, 1990 yil, 5-son