Naim Karimov. Hamzani kim o‘ldirgan yoxud Shohimardonning qora bahori (1991)

Shohimardon! O, tog‘lar qo‘ynida pinhon,
Go‘zal diyor, ko‘ksingda dahshatli, achchiq
Qanday qonli sirlar bor?..
Yurak zirqirar
Bosadi xotiralar — qora bosiriq…
Oybek.

Kishilarni larzaga keltirgan har qanday voqea yillar karvoni o‘tishi bilan, qor qatlamlari ostida qolgan qabrdek, o‘zining dahshatli sadosini yo‘qotadi. Bora-bora kishilar ularni tarix uchun katta e’tiborga molik bo‘lmagan oddiy bir voqea sifatida idrok etadilar.

1929 yil bahorida Shohimardonda bo‘lib o‘tgan va uzoq yillar mobaynida o‘zbek xalkini hayajonga solgan voqea bugungi tashvishli va serg‘alva davr uchun, ehtimol, u qadar ahamiyatli emasdir. Zero, oradan bor-yo‘g‘i sakkiz yil o‘tgach, bir emas, o‘nlab adabiyotimizning azamat chinorlari ona zamindan qo‘porib tashlandi; o‘sha mudhish yilda va keyingi katag‘on-satag‘on yillarda esa yuzlab va minglab kora ko‘zlar avji nurga to‘lgan bir paytlarnda nohaqlik va tuhmat qurboni bo‘ldilar. Ana shunday tarixiy manzarada bundan oltmish ikki yil muqaddam ro‘y bergan fojiaga yana e’tiborni qaratish, balki, to‘g‘ri emasdir.

Lekin inson tabiati qiziq. Uni orada o‘tgan davrlar ham, boshqa muhimroq bo‘lgan voqealar ham ba’zan qiziqtirmay, u chala aytilgan haqiqatni bilishga, o‘sha voqeani o‘ziga hamohang bo‘lgan voqealar marjoniga terishga va tarixning qandaydir sirli harakatini anglashga intiladi.

Bir paytlar — biz maktab va oliy o‘quv yurtida tahsil ko‘rgan yillarda — Hamzaning o‘limida ingliz josuslari va umuman, jahon imperializmining qo‘li borligi aytilar edi. Hamzashunos Yusuf Sultonning 1949 yilda chop etilgan risolasida esa inkilob kuychisining «bir to‘da quturgan xalq dushmanlari, burjua millatchilaridan madad olgan qora kuchlar» tomonidan o‘ldirilgani haqida ma’lumot berilgan. Xalq orasida esa shu kecha-kunduzda ham Hamzaning ayollar bobidagi qilmishlari uchun toshbo‘ron qilinganligi to‘g‘risida mish-mishlar yuradi.

Xo‘sh, aslida 1929 yil bahorida Shohimardonda qanday fojia ro‘y bergan?

Shohimardon mozori

Rivoyatlarga ko‘ra, bundan qariyb besh yarim asr muqaddam Shohimardon qishlog‘ida hazrat Alining qabri paydo bo‘lgan va musulmon olami uchun mukaddas bo‘lgan bu maskan yaqin atrofdagi shahar va qishloqlarda istiqomat qiluvchi kishilarninggina emas, hatto Yaqin Sharq xalqlarining ham ziyoratgohiga aylangan.

Tarixiy manbalarda aytilishicha, xalq o‘rtasida hazrat Ali nomi bilan mashhur bo‘lgan Ali ibn Abu Tolib xulafo ar-roshidin, ya’ni haq yo‘lidan borgan xalifalarning to‘rtinchisidir.

656 yilda xalifa Usmon o‘ldirilgach, Ali Madinada xalifalik hokimiyatini o‘z qo‘liga olgan. Ammo xalifa Usmon tarafdorlari isyon ko‘tarib, Aliga qarshi kurash boshlashgan. Ali 656 yil dekabrida Basra bo‘sag‘alarida bo‘lib o‘tgan «tuyalar jangi»da isyonchilarni tor-mor etganiga qaramay, ular tomonida bo‘lgan Suriya hokimi Muoviya uzok yillar davomida Aliga karshilik ko‘rsatgan. Ali taxt uchun kurashda Muoviya ustidan g‘alaba kozona olmagach, u bilan sulh tuzishga majbur bo‘lgan. Biroq Alining bu xatti-harakatidan norozi bo‘lgan 12 ming lashkardan iborat ko‘shini uni tark etgan. Ali boshiga tushgan savdolar shu bilangina nihoya topmay, uning tarafdorlari ikki qutbga ajralib, ularning biri — xorijiylar Aliga karshi murosasiz kurashda uni o‘ldirganlar. Bu fojia 661 yili sodir bo‘lgan. Alining jasadi fojia ro‘y bergan shahar — Ko‘fada dafn etilgan.

Ali islom tarixiga eng fojiali siymolardan biri sifatida kirgan. Unga bo‘lgan munosabat bir xil emas. Agar sunniylar uni haq yo‘lidan borgan to‘rt xalifaning biri, xudojo‘ylik va olijanoblikning timsoli bo‘lgan oddiy inson sifatida e’tirof etsalar, shialar esa uning siymosini ilohiylashtiradilar. Ali ular nazdida hatto Muhammad paygambardan ham ulug‘roq siymodir. Ular bu holni Alining Olloh-taologa alohida rishtalar yordamida bog‘langanligi bilan izohlab, musulmon jamoasiga rahnamolik kilish huquqini faqat unga beradilar.

Ko‘pgina islom mamlakatlarida Ali, uning Dulduli va zulfiqori to‘g‘risida xilma-xil afsonalar yuradi. O‘rta Osiyo xalqlarida mavjud bo‘lgan rivoyatga ko‘ra, Alini dafn qilish marosimida uning yettita tani borligi ma’lum bo‘lgan va bu jasadlar yetti joyga dafn etilgan. Shu rivoyatga ko‘ra, uning yettinchi qabri Shohimardonning xushmanzara manzilida bo‘lgan.

Tarixiy Alining qabri Arabistonning Ko‘fa shahrida ekanligi musulmon olamiga sir emas, albatta. Ammo bu rivoyat aholini o‘z ta’siriga olish, unda faqat Aliga emas, balki choryorlardan, xususan, Alining o‘zidan tarqalgan xo‘jalar kavmiga nisbatan ham e’tikod uyg‘otish niyatida to‘qilgan. Hatto bu manzil Ali avlodidan bo‘lgan Shohimardonning ismi bilan atalib, uning o‘z ajdodi izidan kelganligi va uning qabrini ziyorat etganligi haqida ham rivoyat yaratilgan. Ushbu rivoyatlarning eldan-elga, yurtdan-yurtga ko‘chishi natijasida Shohimardon O‘rta Osiyo musulmonlarining muqaddas maskaniga aylangan.

Xullas, hazrati Ali yotgan tuproqni ziyorat etish uchun 30-yillarga qadar yoz faslida, xususan, iyun-oktyabr oylarida bu yerga 15—16 mingga qadar ziyoratchi kelgan. Ularning aksari biror dardiga shifo topish, farzand ko‘rmagan ayollar farzandli bo‘lish umidida kelganligi sababli mozor ahli ziyorat oylarida katta foyda ko‘rgan. Bu foyda ziyoratchilar to‘lqinining mavjiga karab 20—30 ming so‘m atrofida tebranib turgan. Shohimardon ahli esa ziyoratchilarga o‘rin-joy berganlari evaziga yana 30 ming so‘m miqdorida daromad olgan. Bundan tashqari, yana boshka turli-tuman daromad manbalari ham bo‘lgan. Xullas, Shohimardon xo‘jalari bir faslda 80 ming so‘mlik daromadga ega bo‘lganlar.

Ziyoratchilarga xizmat qilish va ulardan kelgan daromadni taqsim etish «madaniyati» uzoq yillar davomida shakllanib, shayxlar orasidan mozorning mutavallisi saylangan. Bu mutavallinimg yordamchisi ham saylanib, mozor kalidi uning ixtiyorida bo‘lgan. Keyinchalik mutavalli lavozimi avloddan-avlodga meros sifatida o‘ta bergan va keksaygan mutavalli vafoti oldidan o‘z vazifasini kimga ravo ko‘rishi to‘g‘risida vasiyat yozib qoldirgan. Shu tarzda Shohimardon ruhoniylari orasida nufuzli xo‘jalar avlodi paydo bo‘lgan va ular qayerda yashashlaridan qat’i nazar mozordan kelgan foydaning yagona egasi bo‘lganlar. Bu tartib qat’iy tus olgani sababli Shoximardonning badavlat xo‘jalari Marg‘ilon, Chimyon, Novqat kabi shahar va qishloqlardan xam yer-suv sotib olib, o‘sha joylarda kun kechira berganlar.

1929 yilda ana shunday xo‘jalar 124 nafar bo‘lib, ulardan faqat 42 tasigina Shohimardonning o‘zida joylashgan. Shohimardondan chetda yashagan xo‘jalar hazrati Ali mozoriga kelganlarida, qarindosh-urug‘larining uyida yashab, diniy odatlarni bajo keltirganlar. Boshqa ruhoniylar mozor yaqinidagi tepa uylarda ma’lum mablag‘ evaziga yashab, mozordan tushgan daromaddan foydalanish huquqiga ega bo‘lmaganlar. Oddiy ziyoratchilar esa pastlikda joylashgan xo‘ja va shayxlarning uyida 10—15 talab yashab, ijara haqi to‘laganlar; avliyo sharafiga taom tayyorlab, uni xo‘jalarga berganlar; qo‘y so‘yib, terisini shayxlarga in’om etganlar. Shayxlar shu terilarning o‘zidan kuniga 40—50 so‘m atrofida foyda ko‘rishgan.

Bosmachilik harakati avj olgan yillarda ziyoratchilar oqimi kamayib, xo‘jalar katta daromad manbaidan maxrum bo‘ldilar. Ammo ular yangi tarixiy vaziyatdan ham foydalanish yo‘lini topdilar: ular bosmachilarga muqaddas so‘zlar yozilgan tumorlar yasab, qizillar o‘qidan va turli-tuman balolardan «asrovchi» bu tumorlarni pullashga kirishdilar. 1925 yildan e’tiboran esa o‘lkada tinchlik o‘rnatilishi sababli Shoximardon yana ziyoratchilar bilan gavjum bo‘la boshladi.

Xullas, xo‘jalar biror tayinli mehnat bilan shug‘ullanmagan bo‘lsalar-da, ana shu toifa daromad orkasida inqilobga qadar Shohimardondagi barcha hosildor va hushmanzara yerlarni o‘z tasarruflariga olgan, moddiy jihatdan aholining boshka katlamlariga nisbatan har tomonlama ta’minlanganlari uchun o‘zlarini ulardan ustun deb hisoblar edilar.

O‘sha paytlarda mozorga kirib qolgan kishi bir narsadan hayratlanmasligi mumkin emas edi. Mozor atrofidagi uylarning bo‘g‘otlaridan tortib qabr oralaridagi daraxtlarning shox-shabbalariga qadar hamma joyga qo‘tos dumlari osilgan bo‘lardi. Rivoyatlarga ko‘ra, hazrati Ali hayotlik chog‘ida Shohimardon yaylovlarida shu qo‘toslar o‘tlab yurgan va avliyo ular go‘shtini tanovvul qilgan ekan. Mozorga qo‘tos dumini osishga hazrati Aliga sodiqlik belgisi deb qaralar va kim qanday niyatda dum osgan bo‘lsa, o‘sha odamga hazratning ruhi madadkor deb sanalar edi. Shuning uchun ham mozorga oq dumlarni osish muqaddas diniy marosim tusini olgan, qo‘tos dumi esa Shohimardon mozorining ramziga aylangan edi.

Hamza Shohimardonda

Oq podshoning hukmdorlik yillarida Shohimardondagi hayot tarziga bo‘lgan munosabat hech bir o‘zgarmadi. O‘lkaning diniy bid’at va xurofot iqlimida yashashidan manfaatdor bo‘lgan chorizm Shohimardondagi shayxlar va xo‘jalar topayotgan daromadga ham, mozorning jaholat o‘chog‘iga aylanganiga ham zarracha e’tibor bermadi. Bu hol inqilobdan keyin ham davom etdi. Bordi-yu, vatandoshlar urush yillarida Shohimardon Ko‘rshermat va Madaminbek singari ko‘rboshilarning oromgohi bo‘lmaganida, ular shayxlardan moddiy va ma’naviy madad olmaganlarida 20-yillarda xam bu yerga Oktyabr shabadasi esmagan bo‘larmidi? Xuddi shu hol — Shohimardonning bosmachilik harakati yillarida inqilobning o‘zga sohilida bo‘lganligi 1928 yil avgustida jumhuriyat rahbar tashkilotlarining e’tiborini qaratdi.

1928 yil avgustining boshlarida Oltiariq depara ijroiya qo‘mitasining jumhuriyat prezidenti Yo‘ldosh Oxunboboyev ishtirokida plenumi bo‘lib o‘tdi. Plenum qaroriga binoan Shohimardonda bid’at va xurofotga qarshi chora va tadbirlarni amalga oshiruvchi komissiya tuzilib, unda jumhuriyat Markaziy Ijroiya Qo‘mitasining taklifi bilan qatnashgan Hamza Hakimzoda Niyoziy komissiyaga inspektor (boshliq) sifatida kiritildi. 10 avgust kuni esa Shohimardonga Yo‘ldosh Oxunboboyev va boshqa rahbarlar bilan birga Hamza ham yetib keldi.

Shohimardonda 1924 yili tashkil etilgan bitta kunduzgi, bitta kechki sinfga ega bo‘lgan ikki xonali maktab bo‘lib, bu maktabdagi o‘qish ham o‘lda-jo‘lda edi. Shu maktabdan boshka biror madaniy-oqartuv binosi bo‘lmagani uchun majlis ahli shu yerga to‘planib, qishloq sho‘rolarining diniy bid’atga qarshi kurash, artellar tuzish va boshqa madaniy-ijtimoiy tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha vazifalarini belgilab berdi.

20-yillardagi Shohimardonning yuragi mozor bo‘lgani, bu mozorni tekin daromad manbaiga aylantirgan xo‘jalar esa uning qudratli posbonlari bo‘lganligi uchun ularga qarshi kurashmasdan turib, jaholat uyasini tugatish, ma’rifat va madaniyat nihollarini ekish mumkin emas edi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, Hamza Shohimardondagi faoliyatini mozorni tugatish, xo‘jalarni tekin daromaddan mahrum etishdan boshlashga kirishdi.

Bugungi kunga kelib, Hamza o‘zbek madaniyatining ulug‘ siymolari safidan o‘rin olgan bir davrda uning ijodiy va ijtimoiy faoliyatini haddan ziyod ko‘pirtirib tasvirlash oddiy xodisa bo‘lib qolgan. Ana shu tamoyil ta’sirida 20-yillarda Hamza bilan uchrashgan zamondoshlarimiz ham o‘z xotiralarini Hamza foydasiga bezashga urindilar. Natijada, na ularning xotiralariga, na bu xotiralarga tayanib ilmiy fikr yuritgan olimlarga to‘la ishonib bo‘lmaydi. Shuning uchun ham Xamzaning Shohimardonda olib borgan faoliyati to‘g‘risida so‘z yuritganda, faqat o‘sha davr hujjatlarigagina tayanish mumkin.

Hamza 1928 yil 25 sentyabrda jurnalist Komil Aliyev nomiga yo‘llagan maktubida, xususan, bunday yozadi:

«O‘zing ko‘rgan dastarxoni silliq Ismoil mutavalli va uning markazdan tortib moylagan kekirdaklari bilan ochiqdan-ochiq kurashmoq judayam qiyinlarini mushkuli edi… Na iloj, oldimda bo‘ladurg‘on hujumlarni ko‘zda tutub, Ismoil boshliq zo‘r bandalarni qo‘lg‘a olib, o‘z qo‘llari bilan kalitni topshurtirish, bir yoqdan, oralarida bo‘lg‘on bir qism kambag‘al batraklarni tashviqot bilan qo‘lg‘a olish, bir yoqdan, mahalliy hukumatda dehqon batraklarini hozirlab tashkil holig‘a keltirish, bir yoqdan oilaviy krujokni ochib yuborish… Hozir o‘zungga ma’lum bo‘lgon sharoitlarni tayyorlash orqasinda yuqori, quyida bo‘lg‘on to‘squnchilarni og‘zig‘a kavshar quyish bilan arang mana shu holg‘a keltira oldim».

Hamzaning bu so‘zlaridan shunday xulosaga kelish mumkinki, u, birinchidan, mozor mutavallisi Ismoilxo‘ja Saidxo‘jayev va uning maslakdoshlariga qarshi harakat qilar ekan, ularni himoya qiluvchi kishilar markazdagi rahbarlar orasida ham, Shohimardondagi kambag‘al batraklar orasida ham bor ekanligini yaxshi bilar edi; shuning uchun ham u «mozorni bitirishda dehqon va rabochiy ommasini hukumatdin shubhalantirmaslik»ka urindi. Ikkinchidan, Hamza mozor xo‘jalari ta’sirida bo‘lgan batrak ommani «tashviqot bilan qo‘lg‘a olish» chorasini ko‘rdi; uchinchidan esa, yuqoridan ham, quyidan ham qarshilik ko‘rsata boshlagan kishilar og‘ziga «kavshar quyish»dan o‘zga iloj topmadi: Bu uch omilning, bu uch masalaning faqat ikkinchisigina Xamzaning Shohimardonda olib borgan ishlarida madadkor bo‘lishi mumkin edi. Aslida, shunday bo‘ldi ham. Hamza o‘z ta’siriga olgan batraklarga tayanib, xo‘jalarga karshi kurashdi, Shohimardonda istirohat uyini barpo etmoqchi bo‘ldi va shu maqsadda ochilgan g‘isht ishlab chiquvchi artel (xumdon)ga qishloq ahlini jalb etmoqchi bo‘ldi, «O‘rtoq» artelining barpo etilishi, qizil choyxonaning ishga tushishi, Leninga haykalcha o‘rnatilishi, Oktyabr 11 yilligining nishonlanishi, xotin-qizlar bilan ishlash kabi masalalarda bosh-qosh bo‘ldi. Ammo bu hol batraklar ommasining mutlaqo Hamza tarafiga o‘tganini anglatmas edi. Qolgan ikki «omil» esa Shohimardondagi yetakchi kuchlarning Xamzaga qarshi hayot-mamot kurashi tobora keskin tus olishi va avj nuqtaga ko‘tarilishiga yordam berdi.

Hamza ikki o‘t o‘rtasida kolgan edi.

Hamza qazigan choh

Hamza «O‘rtoq» arteli batraklariga tayanib, 1928 yil oxirlarida mutavalli Ismoilxo‘ja Sayyidxo‘jaga o‘g‘li mozorning obro‘li xo‘ja va shayxlarini to‘plashni taklif etib, shu yig‘inda ziyoratchilardan shariat qonun-qoidalariga xilof ravishda olinayotgan mablag‘ga barham berish masalasini hal etmoqchi bo‘ldi. Ismoilxo‘ja Xamzaning iltimosini qondirib, kengashga mozor kaliddori G‘iyosxo‘ja Saloxiddinxo‘ja o‘g‘li va mutavallining o‘rinbosari Buzrukxo‘ja Langarxo‘ja o‘g‘lini taklif etdi, ammo bu uchrashuv natija bermadi. Oradan bir necha kun o‘tgach, Ismoilxo‘ja mozorning ko‘zga ko‘ringan barcha xo‘ja va shayxlaridan iborat kengashni chaqirdi. Hamza bu kengashda so‘zga chiqib, ziyoratchilardan olinayotgan ionalar harom ekanligini tushuntirmoqchi va ulardan voz kechishga da’vat etmoqchi bo‘ldi. Ammo xo‘jalar shoirning taklifini bir og‘izdan rad kildilar.

1928 yil 1 oktyabrda bo‘lib o‘tgan bu voqea Hamzaga bag‘ishlangan ilmiy adabiyot va xotiralarda tasvir etilar ekan, mualliflar shu uchrashuvdan keyin shoirga qarshi tuhmat va ig‘voning avj olganligini ta’kidlaydilar. Ammo, aftidan, xo‘ja va shayxlardan rad javobini olgan Xamza ularga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lgan va haqorat kilgan. Shundan keyin bir guruh xo‘jalar jumhuriyat Markaziy Ijroiya Qo‘mitasiga ariza bilan murojaat etib, Hamzani Shohimardondan chaqirib olishni iltimos qilganlar. Ammo sho‘ro davlatida joriy etilgan tartibga ko‘ra, bu ariza yana Hamzaning qo‘liga kelib tushgan. Shubhasiz, o‘zini haq deb bilgan shoir xo‘jalarga kuchliroq ta’sir qilish yo‘llarini axtargan. Shundan keyin xo‘jalar Maxsus Bosh Siyosiy Boshqarma (OGPU)ning Farg‘ona okrug bo‘limiga yangi shikoyat bilan murojaat qilganlar. Quyida ana shu arizaning rus tilidan qayta tarjima qilingan nusxasi hurmatli mushtariylar e’tiboriga havola etiladi:

«Ushbu bilan shu hakda ariza beramizkim, shu yil 1 oktyabrda Hamza Hakimzoda xo‘jalarni yig‘ib, mozordan tushgan daromaddan foydalanish (sho‘ro) konun-qoidalariga ham, shariatga ham qarshi jinoyatdir, degan qaror chiqarishni taklif etdi. Hakimzoda «bu qarorga muftiylarning tegishli xulosalari asosida kelingan», deb matbuotda e’lon berish lozimligini aytdi. Biz, xo‘jalar, bunga rozi emasligimizni bildirdik; zeroki, biz bir necha asrlar mobaynida mozordan tushgan daromaddan yashab, oziqlanib keldik, harom yedik, deb mehnatkashlar ommasi oldida ayta olmaymiz. Shuning uchun ham biz Hakimzodadan barcha xo‘jalarni sharmanda qiluvchi bu taklifni mehnatkashlar o‘rtasiga olib chiqmaslikni, balki Oltiariq deparasining O‘zSSJ Markaziy Ijroiya Qo‘mitasining raisi Oxunboboyev ishtirokida o‘tgan plenumining 1928 yil 10 avgust qarorlariga amal qilishni iltimos qildik. Hakimzoda bunga rozi bo‘lmadi va xo‘jalar umumiy yig‘ilishining mazkur qarorini imzolashga militsiya orkali majbur etdi. Shundan keyin biz xo‘jalarni sharmandai sharmisor qiluvchi yuqorida qayd qilingan qarorni matbuotda e’lon qilmaslikni va rahm-shafqat qilishni so‘rab, ariza bilan O‘zSSJ Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi va Farg‘ona okrugiga murojaat etdik, ammo ular shoshilinch choralar ko‘rish o‘rniga arizamizdan nusxalar olib, Hakimzodaning ixtiyoriga yubordi va u ariza nusxalarini shu yilning 27 oktyabrida oldi. U xo‘jalarni yig‘ib, dedi: «Mana, ustimdan yozgan shikoyatlaringiz, ular mening ixtiyorimga yuborildi. Ustimdan shikoyat yozib, meni nima qilmoqchi bo‘lgan edingiz? Men sizlarning hamma mol-mulkingizni tortib olib, o‘zingizni O‘zbekistondan chiqarib yuboraman». Hakimzoda shunday so‘zlarni aytib, bizning nomimizdan O‘zSSJ Markaziy Ijroiya Qo‘mitasiga ariza yozdi, go‘yo avvalgi arizalarimiz nodonligimiz va ongsizligimiz orkasida yozilganligi sababli ularni javobsiz qoldirishni so‘rab yozilgan bu arizaga shu zahotiyoq qo‘l qo‘yishimizni so‘radi. Biz Hakimzoda tomonidan yozilgan arizaga qo‘l qo‘yishdan bosh tortganimizdan keyin u har kuni to‘rt-beshtalab xo‘jalarni o‘z huzuriga chaqirib, goh surgun qilish va mol-mulkni tortib olish bilan qo‘rqitib, goh yaxshi gapirib, O‘zSSJ Markaziy Ijroiya Qo‘mitasiga yozgan arizamizni oqibatsiz qoldirishni so‘rab ariza yozishga da’vat etmoqda.

Shoximardon bosmachilik davrida, 8 yil mobaynida ezilib keldi. Bosmachilar aholini shafqatsiz ravishda qiynadilar. Bizning xo‘jaligimiz endigina tiklanayotgan hozirgi paytda Hakimzodaning faoliyati tufayli biz, 50 xo‘jalik xo‘jalar, o‘z yurtimizni tashlab ketishga majbur bo‘lmoqdamiz, bizning Shohimardondagi oilalarimiz esa bir tishlam nonga ham zor bo‘lib qolmoqda.

Biz, xo‘jalar, ushbu arizani berar ekanmiz, o‘z yurtimizda tinch va xotirjam yashashimiz uchun Hamza faoliyatini tekshirib ko‘radigan bir vakil ajratishingizni so‘raymiz».

1928 yil 6 noyabr kuni bitilgan ushbu arizaga Shohimardon xo‘jalaridan 12 kishi imzo chekkan. Shubhasiz, bu arizadagi xamma gaplarni to‘g‘ri deb bo‘lmaydi. Hamza siymosida o‘zlarining murosasiz dushmanlarini ko‘rgan xo‘jalar uning xatti-harakatlarini faqat qora ko‘zoynak orqali ko‘rishga intilganlar. Ammo shu bilan birga bu arizadan Xamzaning Shohimardonda hamisha ham to‘g‘ri ish olib bormaganligi sezilib turibdi. Hamzaning Shohimardonda olib borgan faoliyatidagi o‘zboshimchalik, xo‘jalar bilan qo‘pol munosabat, mavjud tarixiy vaziyatni e’tiborga olmaslik yomon oqibatlarga olib borishi mumkinligi o‘sha kezlardayoq ayon bo‘lgan edi. Voqeadan xabardor bo‘lgan Farg‘ona chekistlari shoirning ham, xo‘jalarning ham har bir qadamini kuzatib turdilar. Quyidagi hujjat Farg‘ona chekistlarining shu murakkablashib borayotgan sharoitda jumhuriyat Markaziy Ijroiya Qo‘mitasining vakili bo‘lmish Hamzaning o‘z huquqlarini suiiste’mol qila boshlaganligi munosabati bilan tashvishga tushganlaridan va Hamza tanlagan yo‘l xatarli so‘qmoqlarga olib borishi mumkinligini o‘z vaqtida sezganlaridan darak beradi:

«O‘rta Osiyodagi MBSB Muxtor Vakolatxonasi o‘r. Byolskiyga

O‘zSSJ MIQ raisi o‘r. Oxunboboyev ishtirok etgan Oltiariq depara ijroiya qo‘mitasining shu yil 10/VII da bo‘lib o‘tgan plenumi qarorlarini bajarish uchun UzKP(b) MQ vakili Hamza Hakimzoda Niyozov Shohimardondagi mozorni tugatish vazifasi bilan keldi.

Mozor shayxlarining umumiy yig‘ilishida shayxlar Hakimzodaning tazyiqi ostida mozor kalidini O‘zbekiston MIQga berish haqida qaror chiqardilar va bu narsa katta shayx, mutavalli Ismoilxo‘ja tomonidan amalga oshirildi, ammo shu bilan birga Hakimzodaning shayxlarni mozordan haydab chiqarish uchun Qizil Armiya qismlarini chaqiraman, surgun qilaman, qamoqqa olaman, degan o‘zboshimchaliklariga barham berish hamda unga ta’sir ko‘rsatishni so‘rab O‘zbekiston MIQga shikoyat yo‘lladilar.

Biz o‘z vakilimizga Hakimzodani Shohimardondan chaqirish va unga mazkur ishni ehtiyotkorlik bilan olib borishni maslahat berish to‘g‘risida ko‘rsatma berdik.

Hakimzoda bizning vakilimiz bilan suhbatda O‘zQP(b) Markaziy Qo‘mitasidan topshiriq olganligi va go‘yo uning tashviqotidan keyin shayxlar o‘z xohishlariga ko‘ra mozorni tashlab ketmoqchi bo‘lganlarini aytdi.

Hakimzoda biz bilan muzokaradan so‘ng Shohimardonga borib, shayxlarni yig‘di va ularni so‘kib, shikoyat qilganlari uchun hammalarini qamattiraman, deb do‘q-po‘pisa qildi, ularni o‘zining xatti-harakatiga javoban qilgan shikoyatlarini rad etuvchi arizani yozishga majbur etdi.

Shundan keyin Hakimzoda 25—80 atrofida kambag‘al batraklarni yig‘ib, ular bilan birga mozorga bordi, shayxlarni u yerdan quvib, ular o‘rniga kambag‘allar, devonalar va h. k.larni joylashtirdi.

O‘sha kuni MBSB Farg‘ona okrug bo‘limiga Shohimardon aholisi va barcha shayxlari nomidan bitilgan ariza bilan Shohimardondan 10 ga yaqin shayx keldi.

Mazkur arizalar tarjimasining nusxalari ushbuga ilova qilinadi.

Bizga kelgan shayxlar bilan suhbatdan shu narsa aniqlandiki, har yili mozorga asosan Marg‘ilon deparasi va Shohimardondan 300—500 atrofida shayxlar to‘planar ekan. Shohimardonda o‘z oilasi bilan muntazam yashovchi shayxlar 60 xo‘jalikka qadar bo‘lib, ular hech qanday daromad, shuningdek yer-suvga ega bo‘lmaganliklari uchun mozordan tushadigan daromad asosida tirikchilik o‘tkazar ekanlar. Shu 60 oilali shayxning 40 tasi mehnat qilish qobiliyatidan mahrum bo‘lgan chollardir.

Bizga kelgan shayxlar bir burda non topmagunlariga qadar Hakimzoda ularni u yerdan quvmasligini, eng muhimi, matbuotda mozordan voz kechamiz, topgan nazrimiz harom, deb chiqishga majbur qilmasligini iltimos qildilar, zero, ularning aytishiga ko‘ra, bunday e’lon ular obro‘siga dog‘ tushiradi; modomiki,dedilar ular,bizning ota-bobolarimiz ham shu nazrdan foydalangan ekanlar, bu narsa ularga ham meros sifatida o‘tadi va shariat qonunlariga ko‘ra harom deb hisoblanmaydi. Mutavalli Ismoilxo‘ja boshchiligidagi shayxlarning aksar qismi Hakimzodaning ta’qibidan qo‘rqib, Shohimardonni tark etgan va hozirgi paytda Shohimardon hamda Marg‘ilon atroflarida istiqomat qilmoqda.

Mehnat qobiliyatiga ega bo‘lmagan, tirikchilik manbalariga ega bo‘lmagan shayxlarning boshqa boradigan joylari bo‘lmagani uchun… shu zaminda kutilmagan oqibatlar kelib chiqishi mumkin. Sizning ko‘rsatmalaringizni kutamiz.»

MBSB Farg‘ona okrug bo‘limining boshlig‘i Denisov va 1-bo‘lim boshlig‘i Balanin imzosi bilan tayyorlangan bu maktub nusxalari O‘zbekiston BSB raisi nomiga (Samarkandga) va Farg‘ona okrug firqa qo‘mitasining mas’ul kotibi o‘r. Shermuhamedovga ham yuborilgan.

Bu har ikkala hujjatlar Xamzaning Shohimardonda olib borgan faoliyatining bizga notanish bo‘lgan manzarasi ochiladi. Agar biz shayxlarning arizalarida keltirilgan ayrim faktlarni Hamzaga nisbatan tuhmat deb karasak, u holda xo‘jalarga yon bosishlari uchun hech bir asoslari bo‘lmagan chekistlarning bu rasmiy xatini, unda keltirilgan faktlarni kanday tushunish lozim bo‘ladi? To‘g‘ri, Xamza dastidan dod deb, najot so‘rab kelgan shayxlar chekistlarda rahm-shafqat tuyg‘ularini uyg‘otgan bo‘lishlari mumkin. Lekin ular, bizningcha hukumat nomidan ish olib borayotgan Xamzaga emas, balki inqilobning o‘zga qirg‘og‘ida turgan, diniy targ‘ibot va tashviqotlari hukumat siyosatiga karshi karatilgan shayxlarga ko‘proq ishonishlari uchun yetarli ma’lumotga ega edilar.

«Amudaryo» laqabi bilan ma’lumot berib turgan xufya 1928 yil 8 oktyabrda bergan ma’lumotida Xamzaning yuqorida qayd etilgan o‘zboshimchaliklari to‘g‘risida gapirib kelib, quyidagilarni yozgan: «…bunday majburiy choralar shu joy aholisiga zararli ta’sir ko‘rsatadi. Holbuki, Zoda (Xakimzoda deyilmoqchi. — N. K) qamash va surgun qilish bilan qo‘rqitgan holda ularni imzo qo‘yishga majbur qilmoqdaki, bunga hech bir yo‘l qo‘yish mumkin emas, chunki bunday xatti-harakatlar sho‘ro hokimiyatiga putur yetkazib, aholini sho‘rolarga qarshi qurollantiradi. Bu masalani dastlab umuman aholi o‘rtasida, xususan, Shohimardon mozorining shayxlari o‘rtasida tushuntirib, so‘ng mozorni mehnatkashlarning istirohatgohiga aylantirish masalasini qo‘yish kerak.»

«Zarafshon» laqabli xufya o‘sha yilning 22 oktyabrida bergan xabariga ko‘ra, «…Sayyidxo‘jayev kalidni topshirgandan keyin Shohimardonga kelib, … kalid Hamza Hakimzoda tomonidan zo‘rlab tortib olingani va go‘yo u ularning shayxlikdan voz kechganliklari hamda mozorni istirohatgoh uchun topshirganliklari to‘g‘risidagi qaydnoma qaroriga imzo chekishga majbur qilganligini aytgan…

Sayyidxo‘jayev shu vaqtda butun kuchini barcha shayxlarning umumiy yig‘ilish qaroriga qarshi chiqishiga qaratib, shayxlar bilan birga mozorda yashashda va avvalgi imkoniyatdan foydalanishda davom etish uchun kalidni qaytarib olishga urindi.

Nomlari yuqorida zikr etilgan shaxslar Marg‘ilon shahrida, Mamadxo‘jayev uyida yig‘ilish o‘tkazganlarida, ularga 200 so‘m miqdorida pul zarur bo‘lib qoldi. Mamadxo‘jayev bu pulni olib kelish uchun Sayyidxo‘jayev yozib bergan xat bilan Shohimardonga bordi. Xatda Buzrukxonxo‘ja mutavallidan (mozor kassiri) mozor hisobidan 200 so‘mni berib yuborish so‘ralgan edi… Shu kunning ertasiga zikr etilgan ruhoniylar Hamzaga qarshi chora ko‘rish uchun Qo‘qon shahriga bordilar.

Zikr etilgan shaxslarning kirdikorlari Shohimardonning barcha shayxlariga ma’lum bo‘ldi. Ular zikr etilgan shaxslarning xatti-harakatlarini muhokama qilib, ularni g‘iybatda va umumiy yig‘ilish qaroriga qarshi chiqishda aybladilar…»

«Burgut» laqabli xufya esa 15 oktyabrga oid ma’lumotnomasida bunday xabar qiladi:

«Shu yilning 1/VIII da Hamza Hakimzoda hech qanday hujjatsiz (ta’kid bizniki.N. K.) istirohat qilgani kelib, Shohimardon shayxlari o‘rtasida haddan tashqari o‘rinsiz siyosat olib bormoqda. Masalan, 2/X da qayd etilgan Hakimzoda Shohimardon qishloq sho‘rosining raisi, 2 militsioner va 25 nafar kambag‘al kishilar bilan birga mozorga yig‘ilib, targ‘ibot ishlarini olib bordi. U shayxlarga murojaat etib, dedi: «Siz Ismoilxo‘ja bilan Markaziy Ijroiya Qo‘mitaga yashirin ravishda shikoyat yo‘llagan ekansiz, Markaziy Ijroiya Qo‘mita raisi Oxunboboyev… (so‘kish) yuboribdi. Agar sizlarning hammalaringiz mening talablarimni bajarmasangiz, men batraklarga barcha mozorlarni buzib tashlashni buyuraman, Sizlarni bo‘lsa… (so‘kish) haydab yuborishadi.» Hozir bo‘lgan 100 ta shayx qo‘rqib ketdi, ba’zilari esa yig‘lab, tarqala boshladi. Hakimzoda shayxlarga qarab, Shohimardonda yashirinib yurgan Ismoilxo‘ja Sayyidxo‘jayev uning buyrug‘i bilan hibsga olinishi va qamoqqa tashlanajagini aytdi. Shayxlar bu so‘zlarni eshitib, yig‘lay boshlashdi va Sayyidxo‘jayevga nisbatan bunday choralar ko‘rmaslikni so‘rab, xudoga yolborishdi.

Hakimzoda shu yig‘ilishdan keyin 70 yoshga kirgan Xo‘ja Asqar Hojiyev degan shayxni ushlab, uni militsiya hamrohligida qishloq sho‘rosiga olib bordi va shayxlikdan voz kechish haqidagi Hakimzodaning o‘zi yozgan arizaga qo‘l qo‘ymagani uchun hibsga olaman va qamoqqa tashlayman, deb dag‘dag‘a qildi. Qayd etilgan xo‘ja azbaroyi qo‘rqib ketganidan hozirga qadar kasalxonada yotibdi. Qishloq sho‘rosining raisi Qambarov Hakimzoda ko‘rsatmasiga amal qilib, agar ular Hakimzodaning so‘zlariga quloq solishmasa, Qizil Armiyani boshlab kelib, hammalarini qamoqqa olishi, mol-mulklarini esa musodara qilishini shayxlar o‘rtasida ochiqdan-ochiq aytmoqda, ya’ni shayxlar bilan aholini hokimiyatga qarshi qo‘ymoqda.»

Bu xufyalar orasida Xamzaga g‘arazgo‘ylik bilan munosabatda bo‘lgan, u olib borgan siyosatga qarshi chiqqan, u to‘g‘rida Maxsus Bosh Siyosiy Boshkarmada bir tomonlama, noto‘g‘ri fikr uyg‘otishga intilgan kishilar mavjud bo‘lishi ehtimoldan holi emas. Ammo qariyb barcha xufyalarning Xamza faoliyatidagi o‘zboshimchalik, to‘ralik, shafqatsizlik singari qusurlarga e’tiborni qaratishi tasodifiy emas. Bid’at va xurofot ahlini yangi jamiyatning ashaddiy dushmani deb bilgan, Shohimardon shayxlarini mozordan quvmay turib, bu xushmanzara diyorda artellar tashkil etish va istirohatgohlar barpo etishning mumkin emasligini tushungan Hamza, chindan ham, ularga nisbatan haqoratomuz va qo‘pol munosabatda bo‘lgan ko‘rinadi.

MBSBning Farg‘ona okrug bo‘limi Hamzaning Shohimardondagi faoliyatiga doir bunday ma’lumotlarni to‘plash bilangina kifoyalanmay, ularni tegishli idoralarga yo‘llab, ulardan maslahat kutgan. O‘ylash mumkinki, O‘zbekiston BSB ham, Farg‘ona okrug firqa qo‘mitasi ham Denisov va Balanin imzolari bilan jo‘natilgan hujjatlarni javobsiz qoldirmagan va bu tashkilotlar Hamzaga xurofotga qarshi kurashda ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishni, keng bo‘lishni, shayxlarda va Shohimardon aholisida sho‘rolarga nisbatan noto‘g‘ri kayfiyat uyg‘otmaslikni tushuntirganlar. Lekin Hamza qiziqqonligi tufayli bunday pand-nasihatlarga quloq osmagan va o‘zini haq deb bilgan.

«Burgut» laqabli xufya bergan ma’lumotga ko‘ra, 1928 yilning 1 avgustida Shohimardonga kelganida, Xamzada hech kanday vakolatnoma bo‘lmagan. Demak, u Oltiariq depara ijroiya qo‘mitasining plenumida qatnashgan jumhuriyat prezidenti Yo‘ldosh Oxunboboyev bilan uchrashgandan so‘nggina va uning yordamida Shohimardonda xurofotga qarshi kurash olib boruvchi komissiyaga inspektor sifatida kiritilgan, xolos.

Shu yilning noyabr oyida O‘zK(b)P Oltiariq depara firqa qo‘mitasiga Hamza, Qambarov va Hotamovdan iborat uch kishilik komissiya tomonidan yo‘llangan xatda bunday bir modda bor:

«O‘r. Hakimzodani, mahalliy hokimiyat va xo‘jalarning talablariga ko‘ra, shu yerda doimiy ishga biriktirib ko‘yilsin, bu masalani hal qilishni tezlatish MIQdan so‘ralsin».

Shubhasiz, xatdagi bu so‘zlarni Hamzaning o‘zi yozgan va u «mahalliy hokimiyat va xo‘jalarning talablari»dan emas, balki o‘zining xohishidan kelib chiqqan. Shundan keyin u Hamroqul Tursunqulovning aytishiga ko‘ra, unga bir necha marta murojaat etib, undan Markaziy Ijroiya Qo‘mitasidan tegishli vakolatnomani olib berishni so‘ragan.

Xullas, Hamza o‘zini qamrab borayotgan girdobni ko‘ra turib, undan xalos bo‘lish choralarini axtarish o‘rniga bu girdobning katta tezlik bilan aylanayotgan o‘tli halqasiga o‘z xohishi bilan otilgan.

Fitna

Hamzaning Shohimardonda qolishi mozor orqasida tirikchilik o‘tkazayotgan shayxlar va xo‘jalar uchun o‘lim bilan baravar edi. Shuning uchun ham ular o‘z hayotlarini saqlash yo‘lida bir tanu bir jon bo‘ldilar. Bu uyushgan omma Hamzaning mozor o‘rnida qiroatxona ochish to‘g‘risidagi qaroridan keyin yashash uchun himoya emas, balki kurash taktikasini o‘ziga dastur kilib oldi. Bir guruh shayxlar va xo‘jalar Marg‘ilonda maxfiy yig‘ilish o‘tkazib, Xamza ustidan Farg‘ona okrug prokurori nomiga ariza yozishga jazm qildilar. Hamzaning go‘yo huda-behudaga dehqonlarni yig‘ib, majlis o‘tkazaverishi ularning ko‘klam mehnati bilan shug‘ullanishlariga halal berayotgani, Shohimardon ahlining to‘y-ma’rakalariga aralashib, ularni taqiqlayotgani, na sovuq, na issiq demay, batraklarni ishlatib, ular yelkasini yag‘ir qilayotgani, aziz shayxlarni so‘kib, xo‘jalarning muborak avlodini behurmat va badnom qilayotgani ustidan yozilgan bu arizaga yuzdan ortiq imzo to‘pladilar. Ular baxtiga, o‘sha kunlarda Tillaboyev degan o‘rtahol bir dehkon to‘y o‘tkazib, unga xo‘jalar bilan birga dehqonlarni ham taklif etgan edi. Ana shu to‘yda hozir bo‘lgan xo‘jalar ijroqo‘mga xat yozib, un, bug‘doy, qand-shakar kabi mahsulotlarni berishni so‘radik, degan vaj-kor bilan arizaga dehqonlarning ham qo‘l qo‘yishlariga erishdilar. Tarixga «bir yuz sakkizlar arizasi» degan nom bilan kirgan ish ana shu tarzda maydonga keldi. 1928 yil noyabrining so‘nggi kunlarida Oltiariq depara militsiyasi shu ariza yuzasidan tekshirish o‘tkazib, uch kun davomida «shikoyatchilar» bilan ham, arizani yozishda tashabbuskor bo‘lganlar bilan ham suhbatlashib chiqdi. Bu orada qancha mish-mishlar tarqaldi. Lekin tekshirish natijasida arizada Hamzaga qo‘yilgan ayblarning aksari tuhmat bo‘lib chikdi.

Hamza «bir yuz sakkizlar arizasi»ga, to‘g‘rirog‘i, uni tashkil etgan va batrak-dehqonlarni aldab qo‘l qo‘ydirgan unsurlarga javoban dekabr oyining so‘nggi kunlarida «Yangi Farg‘ona» ro‘znomasida «Shohimardon po‘nqarg‘alari» degan tanqidiy makolani bosib chiqarishga erishdi. Bu maqolada Alixon Xonxo‘ja o‘g‘li va Umarali Oxunxo‘ja o‘g‘li boshchiligidagi o‘n sakkiz nafar «mushtumzo‘rlar, tekinxo‘rlar»ning ismlari tilga olingan va «yuqorida nomi nomuboraklari yozilg‘on zoti bebarakotlarni Shohimardondan yo‘qotish» masalasi «firqo‘m, ijroqo‘m ham qo‘shchi qo‘mitasi»dan talab qilingan edi. Nazarimda, bu zaharli maqolaning bosilib chiqishi har ikki kuch o‘rtasidagi hayot-mamot jangiga yangi nafas bag‘ishladi.

Hamza nazarida, bu jang taqdiri allaqachon uning foydasiga hal etilgan edi. U hatto 1928 yil 7 noyabr kunn Shohimardon mehnatkashlari bilan tushgan surat tagiga «Shohimardon xurofoti o‘n birinchi Oktyabr sotsialistik revolyutsiyasiga yuz foyiz bitirildi», deb yozib qo‘ygan bo‘lsa-da, shayx va xo‘jalar bu masalada boshqacha fikrda edilar. Ular iltimos va shikoyatlar yordami bilan Hamzadan najot topish ilojini qila olmagach, so‘nggi chorani qo‘llamoqchi bo‘ldilar. Ibrohimxo‘ja va Tursunqori «Shohimardonlik qarindoshlari Jalolxo‘ja va Hidoyatxo‘ja, Ismoil mutavallilar nomiga» xat yozib, ularni Hamzaga nisbatan qat’iy chorani ko‘rishga da’vat etdilar.

Bu xatda, chunonchi, bunday so‘zlar bor edi:

«Uning zaharli so‘zlaridan bag‘rimiz teshildi. Bosh ko‘tarib yurishga ham ilojimiz qolmadi… Ilgari bizga mute bo‘lgan, og‘zidan gapi tushgan yalangoyoqlar endi bizni pisand qilmay, sharmanda qila boshladilar. U battol qayerdan keldi, bilmay qoldik.

Har yo‘l bilan odamlarni qo‘zg‘ab, nima bilan bo‘lsa ham G‘IShT QOLIPIDAN KO‘ChSIN, sirimiz ko‘chaga chiqmasin, jon qarindoshlar.

Ish bitib, g‘isht qolipidan ko‘chganidan keyin shovqin-suron ko‘tarib, mozorni buzmoqchi bo‘lgani uchun ko‘pchilik qildi, deb jar solinsa, batraklar o‘zi bir-birini ushlab, o‘zaro talashib ketadilar. Biz, inshoollo, o‘zi asrasa, qutulib qolamiz.»

Bu xatdan keyin Hidoyatxo‘ja Dadaxo‘ja o‘g‘li, Jalolxo‘ja Kamolxo‘ja o‘g‘li, Ma’rufxon Oxunxo‘ja o‘g‘li, Alixon Xonxo‘ja o‘g‘li singari o‘ndan ziyod xo‘jalar Xurram Xoliq o‘g‘lining uyida uchrashib, Hamzani gumdon kilish yo‘lini kelishib oldilar.

Ammo Hamza nazarida, Shohimardon shayxlari taslim bo‘lib, kuni kecha bid’at va xurofotning Farg‘ona vodiysidagi so‘nggi o‘chog‘i bo‘lgan maskanda ro‘y berayotgan vokealarga o‘lik quzg‘unlarning ko‘zlari bilan qarayotgandek edi. U Shohimardonda 8 mart bayramini 8 nafar ayolning paranjidan xalos etilishi bilan nishonlab, Qo‘qonga — Farg‘ona okrug ijroiya ko‘mitasining qurultoyida qatnashish uchun ketar ekan, faqatgina bir kishidan, artelga kirib, doim o‘zining pinjida yurgan, ammo hamma gapni xo‘jalarga to‘kmay-netmay yetkazib turgan G‘iyosxo‘ja Salohiddinxo‘ja o‘g‘ligagina ko‘z-quloq bo‘lib turishni tayinladi va martning 14—15-kunlaridan kechikmay kelishini aytdi.

Xo‘jalar ana shu Hamzasiz fursatdan foydalanib, uni mahv etish rejasini mufassal ishlab chiqdilar.

G‘iyosxo‘ja Saloxiddinxo‘ja o‘g‘li Shohimardon xo‘jalarining topshirig‘i bilan Oltiariq depara militsiyasiga borib, Hamza va uning kotibi Abdulla Hotamovning xurofotga qarshi kurashda noto‘g‘ri ish olib borayotgani va bu ishlar Sovet hokimiyatining xalq o‘rtasidagi obro‘sini to‘kayotgani to‘g‘risida shikoyat qildi. Militsiya boshlig‘i Yusufjon Tojiyev esa unga bu ma’lumotlarni Bosh Siyosiy Boshqarmaga yetkazish lozimligini maslahat qildi. G‘iyosxo‘janing so‘nggi idoraga borib uchraganligi va bu uchrashuv qanday natija bilan tugaganigi to‘g‘risida, afsuski, ma’lumotlar saqlanmagan. Ammo u 17 mart kuni Farg‘ona bozoriga borib, u yerda Mansurxon Oxunxo‘ja o‘g‘lini uchratganida, unga 18 mart kuni Hamzaning o‘ldirilajagini aytgan.

Shu orada vokealar okimiga yana bir odam aralashadi. U 10 mart kuni Vodildan Hidoyatxo‘ja Dadaxo‘ja o‘g‘li va Muzaffarxo‘ja Ismoilxo‘ja o‘g‘li nomiga maktub yo‘llab, ulardan Hamzani daf qilishni so‘raydi. Shohimardon xo‘jalari 12—15 mart kunlari nishonlangan kurbon iydi ayyomida bu masalani Ismoilxo‘janing Novqatdagi muvaqqat uyida uzil-kesil hal qilishga kelishadilar. 15 mart, juma kuni, Ma’rufxo‘ja Oxunxo‘ja o‘g‘li, uning ukasi Umaralixon va Alixon Xonxo‘jao‘g‘li, 16 mart kuni ertalab esa Ko‘kanboy To‘raqul o‘g‘li Novqatga yetib keladilar. Ular Ismoilxo‘ja mutavallining uyida to‘planib, Hamza ustidan o‘lim hukmini chikargach, Tursunqori Mahamatxo‘ja o‘g‘lining kuyovi Sobitjon Madali o‘g‘lining uyiga chiqib, u yerda suiqasd rejasini ipidan ignasiga qadar pishitib oladilar.

Suiqasd tashabbuskorlaridan 17 kishi — Hidoyatxo‘ja Dadaxo‘ja o‘g‘li, Jalolxo‘ja Kamolxo‘ja o‘g‘li, Munavvarxo‘ja Mirzaxo‘ja o‘g‘li, Eshonxo‘ja Dadaxo‘ja o‘g‘li, Muzaffarxo‘ja Sayyidxo‘ja o‘g‘li, Yo‘ldoshxo‘ja Sayyidahmadxo‘ja o‘g‘li, G‘iyosxo‘ja Buzrukxo‘ja o‘g‘li, Yusufxon Sobir o‘g‘li, To‘xtasinxo‘ja Hakim o‘g‘li, Isroilxo‘ja Ismoilxo‘ja o‘g‘li, Orif xo‘ja, Boybuva Oxunxo‘ja o‘g‘li, Rahmonali Ma’murali o‘g‘li, Xurram Xoliq o‘g‘li, Akbar Madrayim o‘g‘li, Nishon Sayyidahmad o‘g‘li, Kozimjon Sayyidali o‘g‘li 18 mart kuni, sud materiallariga ko‘ra, o‘z ta’sir doiralaridagi batraklarni ichirib, qonli fojiaga shay bo‘lib turadilar. Suiqasd tashabbuskorlaridan 4 kishi — Bahodirxon Sayyidxo‘ja o‘g‘li, Boboxon Eshonxon o‘g‘li, Zokirxo‘ja Hamidxo‘ja o‘g‘li va Sayyidorifxo‘ja Yokubxo‘ja o‘g‘li suiqasdning bo‘lajak oqibatlaridan cho‘chib, turli bahonalar bilan Shohimardon tuprog‘idan chiqib ketadilar.

Shohimardonda o‘lim sharpasi keza boshlaydi.

Hamzaning so‘nggi kuni

Zamondoshlarning xotiralariga ko‘ra, Hamza qurultoy tugagach, faqat bir kungina — 16 mart kunigina qarindosh-urug‘lari va yor-do‘stlari bilan bir davrada bo‘ldi. So‘ng yo‘lga chikib, 17 mart oqshomida Shohimardonga yetib keldi. Agar qurultoy besh kun davom etishi mahol ekanligini e’tiborga olsak, uning shu davr oralig‘ida ba’zi bir rahbar idoralarda bo‘lgani va o‘zining keyingi takdiri bilan bog‘lik masalalarni hal etgani ma’lum bo‘ladi. U o‘sha kunlarda fakat okrug ijroiya ko‘mitasi rahbarlari bilangina emas, balki Bosh Siyosiy Boshkarma xodimlari bilan ham uchrashgan bo‘lishi mumkin. Shohimardonda Hamza atrofida uyushgan olovli halqadan xabardor bo‘lgan chekistlar ham, ulardan tegishli ma’lumotlarni olib turgan okrug rahbarlari ham Hamzani hushyor bo‘lishga da’vat etgan bo‘lishlari tabiiy. Yana taxmin qilishda davom etib, aytish mumkinki, Hamza ular bilan suhbatdan keyin Shohimardonda chala qolgan ishlarini tez kunda tugatib, bola-chaqasi va uy-joy anjomlarini olib qaytishga, so‘ng Samarqandga borib, boshqa yumushlar bilan band bo‘lishga qaror qilgan.

Abdulla Hotamovning «Xamza Shohimardonda» (1979) nomli kitobidagi quyidagi so‘zlar shundan dalolat beradi:

«Shoir Hamza Hakimzoda okrug qurultoyidan 17 mart kuni kechasi qaytib keldi.

Qo‘qonda nima ishlar qilgani, kimlar bilan uchrashgani haqida hali bizlarga gapirib ulgurmagan edi. Lekin biz …u Shohimardonda olib borilayotgan xurofotga qarshi kurash yuzasidan ba’zi zarur ishlarni tugallab, so‘ngra Samarqandga qaytishga ruxsat olganligini bilolgan edik.

Keyin shoirning Qo‘qondagi opasi va qadrdon do‘sti Bo‘ronboy aka Hamza Hakimzoda 16 mart kunigina uyda bo‘lib, ular bilan suhbatlashgani, bu suhbatda Shohimardonga borib, u yerda mo‘ljallangan ishlarni tezda tugatgach, keyin Samarqandga borishi, ana shunda Qo‘qonda ham bir necha kun turib, sizlar bilan otamlashaman, deb va’da bergani haqida darak topdik.

Bo‘ronboy aka keyin shunday dedi: «Nima uchundir Hakimzoda iztirob chekkan, nimadandir g‘oyat xafa ko‘rinardi…»

Bu so‘zlarga tayanib, uni aytish mumkinki, Hamza kurultoydan keyin bo‘lib o‘tgan rasmiy suhbatlari natijasi Shohimardondagi faoliyatini tugallashga ahd qilgan va u yerdagi xatarli vaziyatdan xabar topib iztirobga tushgan.

Xullas, 17 mart oqshomida Farg‘ona bilan Shohimardon o‘rtasidagi 50 kilometrlik masofaning yarmini aravada, yarmini piyoda bosib kelgan, kolaversa Qo‘qon — Farg‘ona yo‘lida ham hiyla horigan Hamza 18 mart kuni —shohimardonlik birodarlari erta tongdan kutganlariga qaramay — soat 11 larga qadar ko‘chaga chiqmadi. Olis yo‘l yurib toliqqan shoir miriqib hordiq chiqardimi yo bir hafta ichida sog‘inib qolgani farzandi Abbosxon va xotini Komilaxon bilan chaqchaqlashib o‘tirdimi yoxud yaqinlashib qolgan fojia hidini sezib, tahlikada tong ottirdimi, — bu bizga noma’lum. Ammo taxminan soat 11 —12 larda u qizil choyxonaga kelib, ijroqo‘m kotibi Abdulla Hotamovni va artelning boshqa a’zolarini uchratishi bilan soat 1 da qishloq sho‘rosi binosida to‘planishni buyurdi. Kengashda qishloq sho‘rosining raisi Orif Marajabov, uning o‘rinbosari Abduraimov va boshqalar yig‘ilib, Hamza taklifi bilan Shohimardon machitlari ixtiyoridagi vaqf yerlarni tortib olib, artellarga berish, ikki masjid o‘rnida klub ochish kabi masalalar muhokama etildi.

Voqeaning keyingi yo‘nalishini tergov paytida uning ishtirokchilari bunday hikoya qilganlar:

Orifjon Marajabov. 1929 yilning 18 mart kuni men Shohimardonda Hamza Hakimzoda Niyoziy bilan birga edim. U biz bilan qizil choyxonada choyxo‘rlik qilib o‘tirar ekan, oramizda Abdullajon Hotamov, Mirza Hamidov, Yusuf Jalolov va boshqalar bor edi…

Do‘stmuhammad Shermatov. O‘sha paytda choyxonada mening eski o‘rtog‘im Olim Jalolov ham bor edi. U choynakdan bo‘za quyib, menga bir piyola uzatdi… Men yarim piyola bo‘za ichsam ham kayf berganini sezmadim. Jalolov keyinroq menga bo‘zani machitdan olganini aytdi… Mendan boshqa hech kim bo‘za ichmadi. Choyxonada Hamza Hakimzoda Niyoziyni uchratdim, u qizil choyxona mudiri Sayyidjon va boshqalar bilan choy ichib o‘tirgan edi. Men Hamza bilan ko‘rishib, choyxonachiga o‘zim tutib kelgan kakliklardan birini unga berishini buyurdim…

Orifjon Marajabov. Niyozov bizga o‘sha zahotiyoq mozorga borib, u yerga osib tashlangan dumlarni olishni buyurdi… Biz yo‘lga tushdik. Mozorga yetib borishimiz bilan o‘sha dumlarni uzib olishga kirishdik…

Mullajon Abdurahimov. Oradan bir oz vakt o‘tgach, shovkin-suron eshitildi. O‘sha paytning o‘zida militsiya hushtagining ovozi ham keldi. Men olomon militsionerlarga hujum qilgan, deb o‘ylab, ov miltig‘imni olib, mozor tomonga yugurdim. Shovqin-suron o‘sha tarafdan kelayotgan edi. Bir necha qadam tashlaganimni bilaman, qizil choyxonadan chiqib, mozor tarafga qarab chopayotgan Niyozovga ko‘zim tushib qoldi. U meni ko‘rishi bilan do‘konni yopib, uning orqasidan borishim lozimligini aytdi. Niyozovga quvib yetolmadim. Mulla Nuriddin Ibrohimovning do‘koniga arang yetib oldim. To‘palon ko‘targan olomonni ko‘rib, esankirab koldim…

Jahongir Xolmatov. Mirzajon olomonni to‘xtatish uchun osmonga o‘q uzdi. Ammo kimdir «U bizni otib o‘ldirmoqchi. Ushla uni! O‘ldir!» deb baqirdi.

Do‘stmuhammad Shermatov. Shu payt «voy, dod» degan ovozlar keldi. Mozor tomonda shovqin-suron kuchaydi. Men olomonning… Abdullajon Hotamovni tutib olib, urayotganini ko‘rdim. Bir amallab uni qutqardim. Olomon orasida Mullajon Abdurahimov ham bor ekan. Uni urmasinlar, deb qurolini tortib oldim…

Mullajon Abdurahimov. To‘polon qatnashchilaridan biri Do‘stmuhammad Shermatov mushti bilan boshimga tushirdi. Men hushimni yo‘qotib, yiqildim. Shu payt miltig‘imni olib qo‘yishgan ekan. Shundan keyin bir oz fursat o‘tgach, hushimga keldim. So‘ng Yusufjon Qambarovning yordamida qochib, Jalol mulla Tojiyevning uyiga borib, sandig‘iga tushib yotdim.

Jahongir Xolmatov. Biz Hotamov va Hakim bilan mozorga borib, u yerda osilgan dumlar va ikki oq tug‘ni uzib tashlash uchun tom ustiga chiqib, emaklab ketdik. Bu dum va tug‘larni endigina uzib bo‘lgan edik, bir payt ko‘zim mozor atrofida o‘tirgan va «Voy, dodam», «Voy, xo‘jam», deb baqirgan ikki xotinga tushdi… Bir daqiqa ham o‘tmagan ediki, boyagi xotinlarning oldida Hidoyatxo‘janing (familiyasini bilmayman) tanish basharasi ko‘rindi. U ham o‘sha xotinlarga o‘xshab baqira boshladi. Men uning gapidan faqat, «olomon», «musulmonlar» degan so‘zlarni angladim. Bir-ikki daqiqadan so‘ng taxminan 100—150 kishidan iborat olomon mening atrofimda paydo buldi. Biz tomdan pastga tushdik. Men pastlikda, dehqonlar va batraklar yashaydigan joyda odamlarning to‘planib, mozorga qarab kelayotganini ko‘rdim… men ularni bizni himoya qilish uchun kelayotir, deb o‘ylab, boshim osmonga yetdi…

Orifjon Marajabov. Oradan bir daqiqa ham o‘tgani yo‘q edi, mozor oldida erkaklar va ayollardan iborat olomon paydo bo‘ldi. Erkaklar oldinda, ayollar esa orqadan yugurib kelmoqda edi. Men qishloqqa qaragan darvozani yopishga kirishdim. Shu lahzada Jalolxuja Kamolxo‘jayev bilan Hidoyatxo‘ja Dadaxo‘jayev meni orqamdan ushlab olib, darvozadan uzoqlashtirishdi. Keyin ular qo‘limdan ushlab, yetaklab ketishdi. Xotinlar musht bilan yelkamni yag‘ir qilishdi. Jalolxo‘ja Kamolxo‘jayev: «Ha, mozorni buzuvchilar, qo‘lga tushdinglarmi?» deb baqirdi. Qo‘chqorxon Oxunov bo‘lsa, «Sen o‘tgan safar menga xuruj qilgan eding, endi men senga kuningni ko‘rsataman. Nega mozorni buzasan?» deb menga yopisha ketdi… Shundan keyin men olomon qaynab turgan qizil choyxonaga keldim. Yugurib borib, otxonamga yashirinib oldim. U yerda turib, «Artel a’zolarini o‘ldir! Ularning hammasi xudosiz. Qim xotinini ochgan bo‘lsa, hammasini o‘ldir. Ur kommunistlarni!» degan ovozlarni eshitdim…

Jahongir Xolmatov. Olomon shovqin-suron bilan olg‘a qarab yurdi, biz undan qochdik. Men Hotamov bilan qizil choyxonaga qarab yugurib, u yerda batraklardan tuzilgan faollarimizni yig‘moqchi va olomonga qarshi tashkiliy ravishda bormoqchi bo‘ldim…

Lekin qizil choyxona atrofida uchragan batraklar ham olomonga qo‘shilib, Hamza tarafdorlarini o‘ldirish maqsadi bilan ularga hujum qildi. Hamza topshirig‘i bilan mozorga qo‘tos dumlarini olish uchun borgan faollar bir amal-taqal qilib, tum-taraqay qochishga erishdilar. Ular hayoti uchun havfsirab, mozorga yo‘l olgan Hamzaning o‘zi esa vahshiylashgan olomonning qonli girdobiga tushdi.

«Ayblov xulosasi»dan. Hamza Hakimzoda mozor tomondan «dod» degan qichqiriqlarni eshitgach, matlubot do‘koni mudiri Abdurahimov Mullajon bilan choyxonadan chiqib, yuqoriga, voqea ro‘y berayotgan mozorga qarab yurdi. Shu fursat Do‘smat Shermatov ularga yaqin kelib, Abdurahimovning boshiga musht bilan urib, yiqitdi-da, miltig‘ini tortib oldi, boshqalar esa shu zahoti Hamza Hakimzodani qurshab olib, uni zinapoya yonidagi yo‘lakdan mozorga qarab sudrab ketdilar. Birinchi bo‘lib shayx-boy Rahmonali Ma’murali Hamza Hakimzodaning oldiga kelib, uning boshiga yopishgan holda «Sen mozorni buzding. Ur buni!» deb baqirdi. Shundan keyin qo‘rboshi Aliyorning sobiq bosmachilari Yodgor Nuriddinov va Bolta Yoqubov Hamza Hakimzodaga tashlandilar va uni urib, yerga yiqitdilar. Xoldor Rustamov esa uning yuziga pichoq tortib yubordi. Abdulla Toshev, Sotiboldi Rasulev, Zarif Abdumo‘minov, Sharopov, Uzoqov, Mahkam Shermatov va boshqalar Xamza Hakimzodani toshbo‘ron qilishdi… Olomon orasida hozir bo‘lgan Hidoyatxo‘ja Dadaxo‘jayev, Jalolxo‘ja Kamolxo‘jayev va Eshonxo‘ja Sayyidxo‘jayev «Ur uni!» deya baqirishdi. Olomon Do‘smamat Shermatov bilan birgalikda Hamza Hakimzodaga tosh otib, tepishdi…»

XX asr o‘zbek adabiyoti va san’atining yirik arboblaridan biri ana shu tarzda halok bo‘ldi.

Fojiadan so‘ng

Quturgan olomon, vahshiyona niyati amalga oshgandan so‘ng Xurramboy Xoliq o‘g‘li, Jalolxo‘ja Kamolxo‘ja o‘g‘li va Hidoyatxo‘ja Dadaxo‘ja o‘g‘li da’vati bilan qizil choyxona sari yo‘l oldi. U Hamzani o‘ldirish bilangina cheklanmay, u amalga oshirgan ishlarni ham barbod kilish istagida edi. Vahshiy oqim choyxonaga yetib kelgach, shoirga birinchilardan bo‘lib tosh otgan batrak Sotiboldi Rasul o‘g‘li choyxona eshigiga solingan qulfni halqa-palqasi bilan sug‘urib tashladi. (Mozor tomondan kelgan shovqin-suron avj olib, Hamza yosh do‘stlarini qutqarish uchun chiqib ketishi bilan choyxonachi Sobir Hamid o‘g‘li eshikka qulf solib, qayergadir g‘oyib bo‘lgan va, ehtimol, olomon dengiziga singib ulgurgan edi.) Qulf sharaqlab yerga tushishi va eshik ochilishi bilan olomonning xotin-xalajdan iborat qismi choyxonaga otilib kirib, ro‘znomayu risolalarni burda-burda kildi-da, Lenin xaykalchasini toshbo‘ron qilishga kirishdi. So‘ng ma’lum fursat o‘tib, olomon rahbarlari es-hushlarini yig‘ib olgach, kuturgan oqim ular fatvosi bilan Vodilga qarab oqa boshladi. Odamlar daryosi Vodil yo‘lida kamayish o‘rniga borgan sari ko‘payib, toshib, qaynab bordi. Bu oqimni Vodilga yo‘llagan xo‘ja va shayxlarning rejalariga ko‘ra, batraklar Oltiariq deparasining ushbu markazlaridan biriga borib, «Hamzani biz, batraklar, o‘ldirdik. U bizning tinchimizni, halovatimizni buzdi, mozorni yakson qildi. Shuning uchun uni o‘ldirdik. Endi hukumatning o‘zi aytsin: kim haq? Bizmi yo Hamza?» deyishlari va fojia tashabbuskorlarini jazodan saqlab qolishlari lozim edi.

Oqim Vodilga yaqinlashgach, Hidoyatxo‘ja Dadaxo‘ja o‘g‘li ikki elchini Vodilda istiqomat qiluvchi Hamroqul Tursunqulovning huzuriga yubordi. (Hamroqul Tursunqulov 20-yillarning boshlarida qo‘rboshi Aliyorning Vodilga amin bo‘lishiga yordam bergan, keyinchalik o‘zi shu kimsaning yordamida inqilobiy qo‘mita revkom raisi etib tayinlangan edi.) Elchilar uning huzuriga borib, Shohimardonda ro‘y bergan dahshatli voqeani so‘zlab berganlaridan so‘ng u bunday javob bergan: «Shunday qilib, Hamza Hakimzodani o‘ldirdik, deng. Yaxshi. Ammo yana bir kishini o‘ldirish zarur edi».

Abdulla Hotamov 1929 yil 24 mart kuni tergovchiga guvoh sifatida ma’lumot berar ekan, bunday so‘zlarni aytgan:

«Men o‘sha kunning ertasiga Vodilga tushib, DKSM depara qo‘mitasining mas’ul kotibi Muz… (o‘qib bo‘lmadi — N. Q.) Masobirov bilan birga kasalxonaga borar ekanmiz, Tursunqulovni ko‘rib qoldik. U bilan so‘rashganimizdan so‘ng, dedi: «Ma’lum bo‘lishicha, Hamza Hakimzodani o‘ldirishmapti. Sen ham Hakimzodasan!» U bu so‘zlarni menga nisbatan nafrat bilan aytdi. Men buni uning so‘zlarining ohangidan, ko‘zlarining g‘arazli qarashidan sezdim. Tursunqulov davom etib, dedi: «Men sening ko‘lingni sindirishdi, deb eshitgan edim. Ko‘rinib turibdi: senga jin ham urmapti…»

«Uning javob so‘zlaridan shu narsa ma’lum bo‘ladiki, — deyiladi ayblov xulosasida,xo‘jalar o‘z rejalarini ishlab chiqish paytida u bilan maslahatlashganlar va u tayyorgarlik ishlaridan xabardor bo‘lgan».

Hamroqul Tursunqulovning Hamza o‘limiga qanchalik aloqasi borligi xususida so‘z yuritishdan oldin fojiadan keyingi vokealarning yo‘nalishi bilan tanishishda davom etaylik.

…Oradan bir yoxud uzog‘i bilan ikki kun o‘tgach, Shohimardonga boshqa ish bilan kelgan yer-suv bo‘limining vakili Eraliyev fojiadan darak topib, o‘lgan shoir jasadini qotillik yuz bergan joyga keltirishni buyurdi. Olomon qizil choyxonadagi «jinlar bazmi»dan keyin jasadning ikki oyog‘ini bo‘yniga bog‘lab, sudrab Shoximardon qishlog‘idan olib chiqqan va soyga tashlagan, bir muncha fursat o‘tgandan keyin esa yana qaytib kelib, uni Gultangi orqasidagi toshlar orasiga tashlagan edi. Eraliyevning buyrug‘i bilan Yodgor Nuriddinov va Boltaboy Yokubov jasadni qizil choyxona oldiga keltirib tashladi. Shundan kyoyin Oltiariq depara ichki ishlar bo‘limining xodimlari kelib, tergov ishlarini boshlab yubordilar. 20—21 mart kunlari qotillikka aloqador deb topilgan bir guruh xo‘ja va batraklar qamoqqa olindi. Qotillikning bevosita tashkilotchilari bo‘lgan, ammo fojia ro‘y bergan kuni Shohimardondan olis qishloqlarda turib, uni kuzatgan xo‘jalar esa xiyla keyin qora kursiga kelib qo‘shildilar.

21 mart kuni Abdulla Hotamov va Saidjon Mamajonovning sa’y-xarakatlari bilan xibsga olingan kishilar orasida Hamroqul Tursunqulov ham bor edi. U Bosh Siyosiy Boshqarma nomiga sanasiz yozgan arizasida o‘zining fojiaga mutlaqo aloqasiz ekanligiii aytib, xususan, bunday ma’lumotni ham bergan: «Men go‘yo Hakimzodaga qarshi uyushtirilgan suiqasdning asosiy rahbari emishman. Men Hakimzodani so‘nggi marotaba 17 mart kuni Vodilda Javod Oripovning choyxonasida ko‘rdim. Biz u bilan choy ichib, ish yuzasidan suxbatlashdik. Shundan keyin u Shoximardonga ketdi. Hotamov Hakimzodaning xotinini yo‘ldan ozdirib, asosiy aybni mening gardanimga ko‘yuvchi arizaga qo‘l qo‘ydirib olgan. Men hamisha ularning asl qiyofalarini fosh etib, ularga qarshi kurashib kelganman.»

Hamrokul Tursunqulovning arizasidagi bu so‘nggi so‘zlar uning og‘zidan tasodifan chiqib ketgan. U keyinchalik o‘zini Hamzaga yaqin qilib ko‘rsatishga uringan bo‘lsa-da, aslida, bu ikki kishi o‘t bilan suvdek bir-biridan uzoq va bir-biriga begona bo‘lgan.

Hamza 1928 yil 25 sentyabrda Komil Aliyevga yo‘llagan maktubida o‘sha kunlarda o‘ziga qarshi tayyorlangan ig‘vo to‘g‘risida so‘z ochib, bunday so‘zlarni yozgan: «…Ismoil mutavalli besh-o‘n ig‘vogarlarni to‘plab, yo‘q bo‘htonlar bilan Farg‘ona okrug siyosiy idorasiga ariza berib, Farg‘ona shahar sho‘basig‘a 20 oktyabrga oxiri chaqirturdilar. Hayriyat, depara raykomi xabarlashib, haqiqat o‘z yo‘lini topganday bo‘ldi. Agar avvalg‘i ma’lumotlar bilan borilg‘onda, boshimg‘a ko‘p hodisalar tushmog‘i aniq edi. Alam qayda, desang, o‘zlarini rivoyat qilib berishlaridadir. Bu haqda Hamroqul mingboshi o‘ynagan rollarini va boshqalarni ikkinchi maqolamda yozsam kerak.»

Bu xatdan ma’lum bo‘lishicha, Hamzaga karshi 1928 yil oktyabrida uyushtirilgan kurashda Hamroqul Tursunqulov ham beg‘araz bir xolatda turmagan, aksincha, shu kurashning tashkilotchilaridan biri bo‘lgan ko‘rinadi.

Abdulla Hotamov 1929 yil 24 mart kuni bergan ko‘rsatmasida bu shaxs yuzasidan bunday iqrornomani bayon etgan: «Tursunqulov ichdan Niyozovni yomon ko‘rgan bo‘lsa ham o‘zini tashqi jihatdan uning maslakdoshi qilib ko‘rsatishga urindi. Munofiqlik qildi. Hamzaga qarshi g‘alayon va uning o‘ldirilishi Tursunqulovning bilvosita rahbarligida bo‘lgan, deb o‘ylayman. Buni shu narsa bilan isbotlaymanki, olomon g‘alayon paytida meni sudrab uyga olib borganda, Akbarboyvachcha Madrahimov (savdogar) menga: «Hakimzodani o‘ldirdik. Sen bu to‘g‘rida omma o‘rtasida ochiqdan-ochiq ayta ber. Bu haqda Hamroqul Tursunqulovga xat yoz», dedi. Men «Xo‘p», deb rozilik bildirdim. Ammo ko‘chaga chiqsam, Madrahimov olomonga qo‘shilib, Vodilga ketgan ekan.»

Shu kuni bo‘lib o‘tgan tergov chog‘ida H. Tursunqulov o‘zi bilan Hamza o‘rtasidagi munosabatlarga oydinlik kiritib, bunday degan: «Biz Hamza Hakimzoda Niyoziy bilan dastlab do‘st edik. Ammo keyingi paytlarda u menga g‘arazli munosabatda bo‘la boshladi. Buning sababi shunda ediki, men u so‘ragan grammafonni unga bermagan edim. Keyin u menga Shohimardonda olingan suratlar uchun 120 so‘m pulni bermadi. Men surat haqini undan bir necha marotaba so‘rattirgan bo‘lsam ham, u baribir bermadi. Niyozov ana shu zaminda menga dushman bo‘lib qoldi… Keyinchalik Shohimardonda kanal qazilganda, suv qurultoyining qarori bilan kanalga suv berilmadi. Niyozov esa suv berilmaganini mendan ko‘rdi.»

H. Tursunqulov shu tergov chog‘ida yana ba’zi bir, nazarimda, g‘oyat muhim ma’lumotlarni ham bergan. Uning aytishiga ko‘ra, Hamza, Komil Aliyev singari, matbuotda unga qarshi maqola bilan chiqmoqchi ham bo‘lgan. Bundan tashqari, u H. Tursunqulovning Samarqandga borib, undan Markaziy Ijroiya Qo‘mitasining vakili ekanligi to‘g‘risida Oxunboboyevdan xat olib kelishni iltimos qilgan.

Agar H. Tursunqulovning bu so‘zlarida jon bo‘lsa, demak, Hamzaning na O‘zQ(b)P, na Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi vakili sifatidagi rasmiy hujjatlari umuman bo‘lmagan yo ular muddati allaqachon tugagan chiqadi. (Bu haqda quyiroqda yana so‘z yuritamiz.)

Tergov materiallaridan ma’lum bo‘lishicha, H. Tursunqulovning fojiaga daxldorligi masalasida dastlab Alixon Xonxo‘ja o‘g‘li ham tegishli ko‘rsatma bergan. Ammo u kuchli tazyiq ostida Farg‘ona shahar 6-uchastka xalq tergovchisining nomiga yozgan arizasida o‘z guvohliklaridan voz kechgan. H. Tursunqulov Alixon Xonxo‘ja o‘g‘li singari guvohlarga tazyiq o‘tkazish bilangina qanoatlanmay, turli yuqori idoralarga ham ariza yozib, o‘zining sho‘ro hukumati oldidagi xizmatlarini eslatishga harakat qilgan. U, chunonchi, 1928 yilda Qizil Armiyaning harbiy okruglar bo‘yicha qo‘mondoni qilib tayinlangan Dibenko nomiga yuborgan arizasida bunday deb yozgan:

«Men 1918 yildan to 1923 yilga kadar 2-Maxsus Turkiston otliq askarlar brigadasida harbiy razvedkachi sifatida xizmat kildim va harbiy kismlarning bosmachilarga karshi muvaffaqiyatli kurashlariga har tomonlama yordam berdim… Masalan, 1922 yilning yanvar oyida Nurmat qo‘rboshining shaykasi 2-Maxsus otliq askarlar brigadasi aloqa eskadronining yarmini va shtab vzvodini qurshab olganda, Vodil qishloq revkomining raisi sifatida, xavf-xatar ostida qolgan qizil jangchilar haqida bir daqiqa ham kechiktirmay brigada shtabiga xabar kilganman.

Keyinchalik, 1923 yilning yozida Yormat Maxsus shaykalarini tugatish operatsiyasi vaqtida katta razvedkachi sifatida ishlar ekanman, inqilobga bo‘lgan cheksiz sadokatim va beadad g‘ayrat-shijoatim tufayli agentura aloqalarini yo‘lga qo‘ydim. Shunday kilib, 13 qo‘rboshi va 80 ga yaqin yigit sho‘ro hukumati huzuriga kelib, taslim bo‘ldi… 1923 yilda Ko‘rshermat shaykasi bilan So‘x qishlog‘ida bo‘lib o‘tgan jangda esa men yo‘l boshlovchi sifatida shaykaga qarshi birinchilardan bo‘lib tashlanib, «Maksim» pulemyotini ishga soldim… Harbiy qo‘mondonlik mening sho‘ro hokimiyatiga bo‘lgan sadoqatimni e’tiborga olib, meni Qizil Bayroq ordeniga taqdim qildi… Keyinchalik, bosmachilik harakati o‘zining so‘nggi kunlarini kechirayotgan damlarda men maxsus bo‘limga xizmatga o‘tdim…»

Xullas, na qotillikning tashkilotchilari deb hisoblangan xo‘jalar ham, na batrak dehqonlar xam o‘zlariga qo‘yilgan aybni tan olmaganlar. Faqatgina ikki batrak — Sotiboldi Rasul o‘g‘li bilan Ko‘kamboy To‘raqul o‘g‘ligina Hamzani o‘ldirishda xo‘jalar tashviqoti bilan bevosita qatnashganliklarini e’tirof etganlar, xolos. Boshqa ayblanuvchilarning ust-boshlarida qon izlari bo‘lishiga qaramay, ular fojiada bevosita ishtirok etganliklari faktidan bosh tortganlar. Shunga qaramay, sud guvohlar bergan ma’lumotlar va boshqa hujjatlarga asoslanib, 50 kishini aybdor sifatida javobgarlikka tortdi. 4 kishi — Jalolxo‘ja Kamolxo‘ja o‘g‘li, Hidoyatxo‘ja Dadaxo‘ja o‘g‘li, Orifxon (Ko‘chqor) Oxunxo‘ja o‘g‘li va Xurram Xoliq o‘g‘li o‘lim jazosiga hukm etildi. Qolganlar turli muddatga qamoq va surgunga yuborildi. 4 kishi esa aybsiz deb topildi.

O‘lim jazosi berilgan mahbuslar 1929 yil 4 iyul kuni kech soat 12 da Farg‘onada otib tashlandi. Ular va o‘lim jazosi 10 yillik qamoq muddati bilan almashtirilgan Muzaffarxo‘ja Ismoilxo‘ja o‘g‘lining mol-mulklari musodara etilib, ulardan tushgan daromad hisobiga shoirning rafiqasi Komilaxon Usmonovaga 300 so‘m xajmida nafaqa berildi, marhumning o‘g‘li Abbosga esa voyaga yetgunga qadar har oyda 25 so‘m xajmida nafaqa belgilandi.

Ammo Shohimardon fojiasi shu bilan tugamadi.

Hamroqul Tursunqulov Hamzaning fojiali takdirida bilvosita ishtirok etgani uchun O‘zbekiston tasarrufidan 5 yil muddatga chiqib ketishga hukm etilgan edi. U shunday hukmga mahkum etilgan 6 nafar sherigi bilan jumhuriyat Oliy Sudiga shikoyat bilan murojaat etib, adolatsiz chiqarilgan mazkur hukmni qayta ko‘rib chiqishni iltimos qildi. Oliy Sud 1929 yil 17 noyabrda Samarqandda bo‘lib o‘tgan yalpi yig‘ilishida uni va yana 6 nafar sherigini oqlab, ammo shu bilan birga ularning ijtimoiy jihatdan xavfli ekanliklarini hisobga olib, ularni Farg‘ona va Andijon okruglari tasarrufidan 5 yil muddatga chiqarib yuborish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

H. Tursunqulov yukoridagi xukmni o‘zgartirish to‘g‘risida O‘zbekiston SSJ Oliy Sudining raisi Ermatov bnlan birga VKP(b) Markaziy Nazorat komissiyasining vakili Manjaraga ham iltimosnoma bilan murojaat etgan edi. Ermatov Manjaraning 1929 yil 24 sentyabrda shu masala yuzasidan yo‘llagan maktubiga javoban, jumladan, bunday deb yozgan: «Hamroqul Tursunqulovning O‘zSSJ tasarrufidan 5 yil muddatga chiqarib yuborilishi to‘g‘ri bo‘lgan, zeroki, u Vodil qishlog‘ida doimiy turar joyiga ega, va hatto sho‘ro hokimiyati oldida katta xizmatlari bo‘la turib, so‘nggi yil ichida butunlay buzilib ketdi; xo‘jalar va boylar bilan doimiy aloqada bo‘lgan va avvalgi obro‘sidan foydalangan holda aholining batrak-kambag‘allar va o‘rtahol qatlamiga ta’sir ko‘rsatib keldi; partiya va hukumat tadbirlari manfaatini emas, balki shaxsiy manfaatini ko‘zlagan holda so‘nggi saylov kampaniyasida yo‘qotgan huquqlarini tiklashga urindi. Hamroqul Tursunqulov sho‘ro organlarida, sho‘ro xokimiyati foydasiga ishlab turgan holda o‘zining moddiy sharoitini yetarli darajada yaxshilab oldi…»

Ermatovning bu maktubida garchand H. Tursunqulovning bosmachilik harakati yillaridagi faoliyatidan kelib chiqqan holda «ijtimoiy jihatdan xavfli» ekanligi aytilsa-da, uning Hamza fojiasiga bo‘lgan «bilvosita aloqasi» nimadan iborat ekanligi masalasi ochiq qolgan.

Shunday qilib, kunlar va yillar o‘tgan sayin bu masala tobora qalin tuman pardasi bilan qoplanavergan.

Jumboq

Bugungi kunda bosmachilik harakati 1917 yil Oktyabr inqilobidan keyin ham davom etgan mustamlakachilik siyosatiga o‘zbek xalqining tarixiy haq-huquqlarini toptash siyosatiga qarshi ko‘tarilgan milliy-ozodlik harakati sifatida baholanmokda. Bu baho garchand xozir oliy idoralarning muhri bilan tasdiqlanmagan va stixiyali tarzda ifodalanayotgan bo‘lsa-da, yetarli asosga ega. Ammo bu mavzu mustaqil ahamiyatga molik bo‘lganligi va ushbu maqolaga bevosita daxldor emasligi sababli biz yaqin kunlarda o‘z yechimini topishi zarur bo‘lgan mavzuning Shohimardon bilan tutashgan nuqtasigagina nazar tashlab o‘tamiz, xolos.

1923 yilda Shohimardonda bosmachilarga karshi o‘tkazilgan harbiy operatsiyalarning birida sobiq qo‘rboshilardan biri maxsus bo‘limning topshirig‘i bilan sobiq quroldoshlarini o‘sha atrofdagi to‘rt tomoni tog‘ bilan o‘ralgan daraga boshlab kirib, ularning qirib tashlanishida bir jangovar nishonga arzirli xizmat kilgan. Aytishlaricha, nishonga olingan birorta kimsaning bu o‘lim darasidan omon chiqishi mumkin emas ekan.

1928 yil avgustida Hamza xam Shohimardonga kelganida, ana shunday o‘lim darajasiga tushib kolgan edi. Tarix unga faqat 10-17 mart kunlarigina bu qopqondan chiqish imkonini berdi. Ammo bu qopqonning qo‘yilishida Hamzaning o‘zi ham ishtirok etgan, to‘g‘rirog‘i, u o‘zining chor atrofidagi kenglikni minalashtirgan va bu minalashgan maydon kun sayin unga yaqinlashib, torayib, uni o‘z qa’riga tortuvchi quyunli nuqtaga aylanmokda edi. 1928 yil 18 mart kuni Hamza, nihoyat, ana shu quyun bag‘rida o‘z hayotiga so‘nggi panoh topdi.

Hamzashunoslar uzoq yillar mobaynida shoirni inqilobiylashtirib, daxriylashtirib, uni diniy-ma’naviy zaminda halok qilgan muhitni va bu muhitni tashkil etgan kishilarni xalq dushmanlari sifatida qoralab keldilar. Bu kishilar go‘yo «bir to‘da xalq dushmanlari, burjua millatchilari»dan madad olgan emishlar. Agar bu kishilar Hamza olib borgan diniy siyosatga, to‘g‘rirog‘i, dinga karshi kurashga xayrixoh bo‘lganlarida, garchand ularni kimdir ichirgan bo‘lsa xam pichoq va tosh bilan shoirga qarshi borgan va uni vahshiyona o‘ldirgan bo‘larmidilar?!… Yo‘q, albatta.

Hamza 1913—1914 yillarda ilk devoniga tartib berish maqsadida «Yo iloho, sangadur xamdu sano, Qodiro, hayyu tavono zul-’alo», Yo Muhammad, aylanay, nomnnggadur jonim fido, Toji sar o‘ldi laamruk podshohi du saro» baytlari bilan boshlangan g‘azallar yozib, ularda o‘zining islom dinining falsafiy aqidalariga mutlaqo sadoqatli ekanligini namoyish etgan va bugun xalq o‘rtasida «Devoni Nihoniy» nomi bilan mashhur bo‘lgan to‘plamini shu g‘azallar bilan ochgan edi. Yana shu davrda o‘zi tashkil etgan jadid maktablari uchun tuzgan «Engil adabiyot» kitobining dastlabki besh darsini xam yosh avlodda Ollox taologa e’tiqod tuyg‘usinn o‘stirishga bag‘ishladi. Bu kitobning uchinchi darsida ma’rifatparvar shoir, jumladan, bunday yozgan edi:

Xudodir bu jahonni
Bor etgan barcha jonni,
Boshqa kimsa qodirmas
Yaratmokka bir jonni
Xudo bordur, hozirdur,
Har bir ishga qodirdur,
Kimki ishonmas ekan,
Har mazhabda kofirdur.

Hamza qayerda jadid maktabini ochgan va yosh avlodga tarbiya berish bilan mashg‘ul bo‘lgan bo‘lsa, u o‘z maktablaridagi dastlabki kamida besh soatni ana shu ruhdagi diniy tarbiyaga bag‘ishladi. U 1913 yilda, hamzashunoslar aytib kelganlaridek, Istambulda o‘qish istagi bilan emas, balki Makkayu Madinani ziyorat etish ishtiyoqida chet el safariga borgan.

U ana shu safardan keyin o‘zining hoji bo‘lganligi bilan iftixor qilgan. Halqning Hamzaga bo‘lgan munosabati ham u hoji bo‘lib qaytgandan keyin samimiy tus olgan.

Xo‘sh, ana shu Hamza 1928 yilga kelib qanday qilib, Shohimardondagi dinga qarshi kurashga rahbarlik qildi? Umuman, «Milliy ashulalar uchun milliy she’rlar majmuasi» degan umumiy nom ostida chop etilgan «gul» to‘plamlarida she’riy san’at va xalqchil ijod «sir»larini egallagan va ijodiy kamolot bosqichiga ko‘tarilgan Hamza qanday qilib 1917 yildan keyin yuzaki inqilobiy pafosni ifodalashdan nariga o‘tmadi? To‘g‘ri, u dramaturgiyada «Maysaraning ishi» va «Paranji sirlaridan bir lavha yoki Yallachilar ishi» singari barkamol asarlar yaratdi. Ammo she’riyatda-chi?..

Har holda Hamza inqilobdan keyingi davrda badiiy ijoddan uzoq bo‘lgan, ammo adabiyotni inqilobiy siyosatning jo‘n quroliga aylantirishni istagan kimsalarning ta’siriga tushgan ko‘rinadi. Chamasi, u kimningdir ta’siriga tushib qolgangina emas, balki uning izmida bo‘lgan, u chizgan chiziqdan chiqolmagan. Hamzaning tarjimai holida, xususan, bunday sirli satrlar bor: «1918 yil Xo‘qandda muallimlikda davom etdim. Undan Skobelga yuborildim». Xo‘sh, Qo‘qonda muallimlik qilayotgan shoirni Farg‘ona shahriga kim yuborgan? Uni Turkfront bo‘ylab bosmachilarga qarshi tashviqot va targ‘ibot ishlarini olib borish uchun kim yuborgan? U qanday qilib 1921 yilda Xorazm Xalq Jumhuriyatining (e’tibor bering: boshqa jumhuriyat!) viloyatlariga borib kolgan? U nima uchun «qishloq ro‘zg‘ori, tabiat boyligi bilan tanishuv bilan birlikda qishloq turmushidan sahnalarga pesa hozirlamoq» maqsadi bilan borgan Avval va Shohimardon qishloqlarida ijodga aloqasi kam bo‘lgan ishlar bilan shug‘ullangan?..

Afsuski, Hamzaning Yusuf Sulton tomonidan nashr etilgan tarjimai holi ayrim qisqartirish va tahrirlardan xoli emas. Shoirning besh jildli «To‘la asarlar to‘plami»ning ilmiy nashrini tayyorlash jarayonida bu tarjimai holning asl nusxasi topilmadi. Hozir jumhuriyat Vazirlar mahkamasi qoshidagi arxivda saqlanayotgan Hamzaning shaxsiy ishida bir paytlar mavjud bo‘lgan bu hujjat yana kimningdir tomonidan yo‘qotilgan. Bu tarjimai holdagi yulduzchalar bilan ajratilgan o‘rinlarda kanday ma’lumotlar bo‘lganikin?

Hamza o‘z tabiatiga ko‘ra, rasmiyatchi bo‘lib, sarf etgan yo qarz olgan har bir tiyinidan tortib, poyezd chiptasiga qadar, yozgan har bir satridan tortib, idoralardan olgan arzir-arzimas hujjatlarga kadar — hammasini yig‘ib, saqlab yurgan. U hatto nozik tibbiy operatsiyadan o‘tganligi haqidagi ma’lumotnomani ham yirtib tashlashga jur’at qilmagan. Shunday tabiatga ega bo‘lgan odam o‘z hayotining bugun bizga sirli bo‘lib qolgan tomonlariga oid hujjatlarni saqlagan, albatta. Lekin bu hujjatlar o‘qtin-o‘qtin kimlarningdir nazoratidan o‘tib, yo‘qotilib turilgan.

Hamzaning Shohimardondagi yaqin kishilaridan biri, balki yagonasi Abdulla Hotamovdir. Uning «Hamza Shohimardonda» deb nomlangan kitobida «sovet organlarining hushyor va ziyrak xodimlari»dan ikki kishining —Qashqarov va Zaynullinning nomlari bir necha marotaba tilga olingan. Agar muallif bir o‘rinda «davlat xavfsizligi organlarining xodimlari» bo‘lgan bu «ustozlar»idan «ko‘p narsalarni» o‘rganganligini aytsa, ikkinchi bir o‘rinda ularning 1925 yillardan beri unga ichki dushmanlarga karshi kurash yo‘lini o‘rgatib kelganlarini ta’kidlaydi. Olis Shohimardon qishlog‘idagi 18 yashar bir yigit «davlat xavfsizligi organlari»dagi «ustozlari» rahbarligida ish yuritgan ekan, Qo‘qonda shoir va muallim sifatida tanilgan shoirning bu «ustozlar» ta’sir doirasidan chetda qolishi amri mahol edi. 20-yillarga oid maxfiy hujjatlarni o‘rganish shuni ko‘rsatadiki, Maxsus Bosh Siyosiy Boshqarmaning O‘rta Osiyodagi Muxtor Vakolatxonasi siyosiy vaziyatni o‘z nazoratiga olish maksadida ayniqsa ziyolilar orasidan o‘ziga sodiq kishilarni axtargan. Ayrim hollarda esa ularni hatto o‘z do‘st-yorlariga qarshi ma’lumot berib turishga majbur qilgan. Ana shunday sharoitda Hamzaning bu idora e’tiboridan chetda qolishi mumkin emas edi. Turkiston va Qo‘qon shaharlaridagi rus ishchilari bilan yaqinlashib, ularning inqilobiy onglari ta’sirida «inqilob jangchisi va jarchisi» sifatida shakllangan Hamza bu idora bilan hamkorlik qilishga g‘oyaviy jihatdan tayyor edi. Taxmin qilish mumkinki, uning Xorazm Xalq jumhuriyatiga borib ishlashi ham, boshqa ayrim shahar va viloyatlardagi faoliyati ham, xususan, Shohimardonga maxsus topshiriq bilan borishi ham bu idoraning aralashuvisiz ro‘y bermagan.

Bordi-yu farazda muayyan haqiqat uchqunlarini bor deb bilsak, nega u paytda bu idoraning Farg‘ona okrug bo‘limi Hamzaning Shohimardondagi faoliyatiga rahbarlik qilish va zarur hollarda tahrir kiritish o‘rniga uning qishloq ahlini tashvishga solayotgan xatti-harakatlari to‘g‘risida markazga xabar berish bilan kifoyalangan? Afsuski, bugun biz bu savolga javob berish imkoniyatiga ega emasmiz. Shuning uchun ham yuqorida bayon etilgan taxmin o‘z-o‘zidan sovun ko‘pigidek parchalanib ketadi.

Lekin shu bilan birga yana boshqa savollar ham paydo bo‘ladi. Masalan, MBSBning O‘rta Osiyodagi Muxtor Vakolatxonasi ham, O‘zbekiston BSB ham, Farg‘ona okrug firqa qo‘mitasi ham Denisov va Balanin imzolari bilan yuborilgan xatlarga qanday javob yo‘llaganlar? Nega ularning javoblari saqlanmay qolgan? Umuman, Hamzaning 1928 yil oktyabridan keyingi faoliyatiga doir hujjatlarning yo‘qligi, aniqrog‘i, yo‘qotilganligida biror sir mavjud emasmikan?..

Bu masalaga oydinlik kirituvchi hujjatlar bo‘lmagani uchun biror hukmga kelish mantiqdan emas. Shuning uchun ham kalavaning bu uchini yechishni dorilomon zamonlarga qoldiramiz.

“Yoshlik” jurnali, 1991 yil, 10-son