Muhammad Salom. Dehqonga erk bering (1989)

Ellik tsentner xirmon uygan paxtakorning tirikchiligi
Ijarachi nima deydi?

Ko‘plar qatori bu oilaning ham arizasi inobatga o‘tdi — 5,9 gektar yer pudratga berildi. Boshqalarga nisbatan ular eng katta oilaviy pudratni tashkil qildilar. Shofirkon rayon Kuybishev nomidagi kolxoz sharoitida ikki ayolga shuncha yer ajratib berish bir qarashda ancha dangalchilikday, aniqrog‘i, boshqa talay kishilarni ishsiz qoldirishi mumkinday tuyuladi. Aslida esa xo‘jalik o‘tgan yili hamma tarmoqlarda pudrat usuliga o‘tgan, yerlaru bog‘lar ham, chorva mollari ham kolxozchilarga bo‘lib berilgan. Jumladan, paxta ekiladigan 1060 gektar maydon ham 348 oilaga har qaysining imkoniyatiga qarab taqsimlangan. Shulardan eng ko‘p yer olgani Nurjon Qo‘ldosheva boshliq pudratchi oiladir.

Nurjon endigina o‘ttiz bahor bilan yuz ko‘rishgan. Shunga qaramay, dehqonchilikda suyagi qotgan, pilla va paxta yetishtirishda boy tajriba to‘plagan. Yordamchisi Dilbar qayin ukasining xotini, o‘zidan to‘rt yosh kichik. Ammo tirishqoqlikda ovsinidan qolishmaydi. Ikkalasining ham uchtadan farzandi bor. Turmush o‘rtoqlari — aka-uka Qiyomiddin va Bahodir Qo‘ldoshevlar bir-biriga mehribon, ahil. Ro‘zg‘orlari bitta. Onalari ularga bosh-qosh. Nevaralar jilovi buvi qo‘lida. Ammo hali bolalar kuchidan foydalanib bo‘lmaydi. Ovsinlar bunday niyatni xayollariga ham keltirishmagan. Jigargo‘shalarining sog‘lom-durkun, bilimli inson bo‘lib yetishuvi ular uchun eng oliy tilak.

Har biriga qariyb uch gektardan yer to‘g‘ri kelgani, kasalga chalingan zamin ancha ko‘p mehnat talab qilishi ovsinlarni cho‘chitmadi. Faqat kolxoz bilan tuzilgan shartnomaning balandligi ko‘ngillariga bir oz g‘ulg‘ula soldi. Axir yigirma yarim tonna paxta yetishtirish oson emas-da. Bu — gektaridan o‘ttiz besh tsentnerdan hosil ko‘tarish lozim degan gap! Pudratga yer olishdan maqsad esa shartnomadagidan ancha ko‘proq hosil yetishtirish, shu tariqa ko‘proq daromad qilib, turmushni izga tushirishdan iborat. Xo‘sh, bunga imkon bormi?

— Bor! — dedi Nurjon. — Birinchi galda yerni sog‘aytirishimiz, tuproq unumdorligini oshirishimiz zarur. Buning uchun mineral o‘g‘itlardan voz kechamiz.

— Batamommi? — hayratlandi Dilbar.

— Ha! Axir yerni ishdan chiqargan, kashandaga aylantirgan o‘sha sun’iy o‘g‘itlar emasmi? Bobodehqonlarimizni eslaylik. Ular selitrani ham, fosforni ham bilishmagan. Go‘ng bilan istagan hosilni olishgan, yerni ham buzishmagan.

— To‘g‘ri, — dedi Qiyomiddin uni qo‘llab. — Go‘ng tuproqni davolaydi, donador va yumshoq qiladi. Xarajat ham kamayadi. Kerakli go‘ngni esa katta handaqqa to‘plab qo‘yganmiz…

Chirindi go‘ng yerga malham bo‘ldi. Chigit bexato undirib olindi. G‘o‘zalar bo‘liq o‘sib, g‘uj-g‘uj ko‘sak tugdi. Barglari yirik-yirik va qop-qora edi. Negadir suvga ehtiyoj tug‘ilmayotganday ko‘rinardi. Bundan pudratchilar tashvishga tushishdi. Jo‘yak tortib suv tarashga hozirlanishdi. Shu kezlarda tasodifan zvenoga kelgan kolxoz bosh agronomi Muzaffar Adizov paxtazorni aylanib chiqdi-yu, ularning qo‘llaridan tutdi:

— Shoshmanglar! Hozir suv qo‘ysangiz, g‘ovlab ketadi, hosil kamayadi. Buni «Buxoro — 6» navi deydilar. Suvga o‘ch emas. Qolaversa, yerga juda ko‘p go‘ng solingan. U g‘o‘zaga kuchli ozuqa bo‘lish bilan birga tuproqda namni yaxshi saqlagan. gumus miqdorini oshirgan… Bu yil oshiqlaringiz olchi bo‘lishi aniq…

Agronom to‘g‘ri bashorat qilgan ekan. Garchi, g‘o‘zalarga odatdagidan uch marta kam suv taragan esalar-da, har safar sharbat oqizganliklari natijasida mo‘l hosil to‘pladilar. Ayrim g‘o‘za tuplari 40 — 50 tagacha ko‘sak tugdi. Ovsinlar terimga tushish oldidan qiziqib bir necha chanoqdagi hosilni tortib ko‘rishdi: har qaysisi o‘rtacha 7 — 8 grammdan! Bunaqasini ular hech qachon o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishmagan. Faqat bobolaridan eshitishgan. Bu gaplar ularga mubolag‘aday, hatto mash’um qo‘shib yozishning boshlanishiday tuyulardi: qiziq, agar rost bo‘lsa, keyingi avlodlar nega shunday ajoyib imkoniyatlardan yuz o‘girishgan? Paxtani-ku, qo‘ya turaylik, odamlar o‘zlari iste’mol qiladigan meva-sabzavotga ham hisobsiz mineral o‘g‘it solganlar, zaharli ximikat sochganlar?! Muddao tezroq va osonroq pirovard-natijaga erishish bo‘lgan. Oqibatda sifat e’tibordan qolgan. Turli ko‘ngilsizliklar kelib chiqqan.

Birgina piyozni olaylik. Sayoq gektarchilar keyingi yillarda uni ko‘paytirishga astoydil «bel bog‘ladilar». Ular tufayli piyoz ko‘paydi, arzonlashdi. Hatto yangi piyoz chiqquncha magazinlarning peshtaxtalarini bezab turdi. Ko‘rinishi chiroyli, yirik-yirik… Shundanmi, «Gektarchilarga rahmat, ishni ko‘zini bilishadi-da», deb quvondik, mahsulotlaridan armonsiz xarid qildik. Ammo chiroy ortida og‘u yashirinib yotganini, ertamiz xavf-xatarda qolayotganini xayolimizga ham keltirmadik.

Endi bilsak, gektarchi-pudratchilar faqat pul ishlab qolishni, tezroq boylik orttirishni o‘ylashgan, odamlarning, yerning taqdiri ularni qiziqtirmagan ekan. Ular yetishtirgan mahsulot hisobsiz mineral o‘g‘itlarning, tarkibida juda ko‘p DDT bo‘lgan dalafonning «farzandi» ekan. Shu «dori»lar tufayli pudratchilar gektaridan 80 tonnagacha piyoz sotganlarini o‘zim eshitganman. Keyinchalik sabzi, qovun-tarvuz yetishtirish ham o‘sha gektarchilar qo‘liga o‘tib ketdi. Ularga hech kim indamadi. Chunki rahbarlar bilan «kelishgan» sayoq pudratchining mushugini hech kim «pisht» demaydi. Oqibatda, shifoxonalar bemorlar bilan to‘lib-toshdi, o‘lim ko‘paydi, ayollar orasida pushtsizlar soni oshdi, ming-minglab gektar yerlar ishdan chiqdi, ichimlik suvlar bulg‘andi. Tabiat ham, odamlar ham halokat yoqasiga borib qoldi.

Xayriyat, bir oz kechikib bo‘lsa-da, yerni haqiqiy egalariga qaytara boshladik. Odamlarda faollik uyg‘ondi.

Shofirkonda menga yana bir ijarachi oila haqida gapirib berishdi. Ular ham mineral o‘g‘it o‘rniga ko‘proq mahalliy o‘g‘it ishlatganlar. G‘o‘zalar beqiyos hosil tukkan. Faqat paxtaning ochilishi bir oz cho‘zilgan. Shunda ba’zi kishilar dori sepib, g‘o‘za bargini to‘kishni maslahat berishadi. Lekin ular bu usuldan voz kechishadi…

Bir kuni oila boshlig‘i paxtazor chetida g‘alati manzarani ko‘radi: g‘o‘zalarning bargi yo‘q, paxta oppoq ochilib, sarg‘aya boshlagan ko‘saklar qaqqayib turibdi. Ajabo, bu ne hol? Mol oralab, barglarini yamlaganmikan? Unday desa, tuyoq izlari yo‘q, ko‘saklar joyida, birortasi zadalanmagan. Eng qizig‘i, jo‘yaklarga aqalli birorta ham barg to‘kilmagan.

Shu payt bolalardan biri kelib qoladi-yu, opasi bilan o‘zi qilgan kashfiyotni otasiga aytadi. Ular barglarni qo‘lda terib, mol uchun qishga quritib qo‘yishni afzal ko‘rishibdi. Endi tuplar orasida shamol bemalol aylanib, ko‘saklarni ochiltirarmish. Oftob nuri ham behuda ketmasmish. Bu tajribadan ota avval g‘azablanibdi, keyin o‘zi ham chuqur xayolga tolibdi. Nihoyat, uch-to‘rt kundan so‘ng farzandlariga tan beribdi. Hamma maydondagi yetilgan barglarni terib olishibdi. Natija kutilganidan ham ziyoda bo‘libdi.

— Bolalarimdan aylanay, — debdi surishtirganlarga oila boshlig‘i. — Ularning tajribasi tufayli mo‘l hosil oldik. Ammo bu usul ko‘p ishchi kuchi, oshiqcha mehnat talab qiladi. Evaziga yerga zahar sepilmaydi, atrofga ziyon yetkazilmaydi, tola sifati buzilmaydi… Yana: g‘o‘za barglari boshqa o‘t bilan qo‘shib berilsa, molga yaxshi ozuqa bo‘lishini aytmaysizmi? Ham sut ko‘payadi, ham go‘sht ko‘payadi. Shuni o‘ylab, yana bitta g‘unajin sotib oldim.

Qiziqarli kashfiyot! Men albatta bu usulni qo‘llash kerak, degan fikrni olg‘a surmoqchi emasman. Lekin yer oilalarga bo‘lib berilsa, kattalargina emas, bolalar ham unga o‘z mulkiday munosabatda bo‘ladi, samarali foydalanish yo‘llarini axtaradi. Bu esa fikr yuritishni, mushohadani kuchaytiradi, faollikka chorlaydi, yaigi tashabbusni yuzaga keltiradi.

Erni dehqonga, yaylov va chorvani chorvadorlarga, bog‘ va uzumzorlarni sohibkorlarga bo‘lib berish turg‘unlikdan qutulishning dastlabki qadamlaridir. Agar yer uzoq muddatga, hatto bir umrga ijaraga berilsa, butun mas’uliyat dehqonning o‘ziga yuklatilsa, qishloq xo‘jaligida ehtimol misli ko‘rilmagan yutuqlarga erishish mumkin bo‘lar. Tajribaga asoslanib, aql bilan ish tutadigan dehqon yerdan unumli foydalanishning bir necha yillik rejasini tuzadi: ma’lum maydonga chigit, ma’lum qismiga beda yoki jo‘xori, qolganiga sabzi, piyoz, kartoshka, no‘xat va boshqa ekin ekishi mumkin. Vaqti kelib ekinlar o‘rnini o‘zgartirib, almashlab ekishni yo‘lga qo‘yadi. Chunki har qanday sharoitda ham tuproqning soz va unumdor bo‘lishidan manfaatdor bo‘ladi. Yuqoridan buyruq kutmasdan o‘zi izlanadi, mo‘l-ko‘l hosil yaratadi. Bordi-yu, shartnomada bitta ekin, mahsulot hukmron bo‘lsa, oz muddatdagi mo‘may daromadni o‘ylab, yerning qadriga yetmaydi, qanday bo‘lmasin, ko‘proq pul ishlash umidida yerni zaharlashdan ham toymaydi. Bu oxir-oqibatda xalq salomatligiga ham ta’sir qiladi.

Bu haqda uylasam, pudratchi Nurjon Qo‘ldosheva ko‘z o‘ngimga keladi. Paxtachilikda u qo‘llagan usulni keng yoyish zarur. Shoyad shunda mineral o‘g‘itlar ham, zaharli ximikatlar ham batamom siqib chiqarilsa, shoyad shunda «dori»larni yetkazib beradigan zavodlar tugatilib, paxtani qayta ishlaydigan korxonalarga aylantirilsa, ortiqcha chiqimlar yo‘li qirqilardi, tabiat ham musaffolashardi…

— Salkam olti gektar yerdan o‘ttiz bir yarim tonna yuqori navli xomashyo topshirdik, — deydi Nurjon. — Hosildorlik ellik tsentnerga yetdi! Bir hovuch ham sun’iy o‘g‘it ishlatmadik. Hosilning 14 tonnasini mashinada, 16 tonnasini qo‘lda terdik. Faqat bir yarim tonnasini ko‘rak chuvish mashinasidan o‘tkazdik.

— Daromad qanday bo‘ldi? — so‘radim oila boshlig‘idan.

— Ha-ya… U negadir homushlandi. — Sakkiz yarim ming so‘m ishladik. 1700 so‘mi ish haqi, 6800 so‘mi qo‘shimcha daromad. Ammo og‘ir mehnat qildik. Tinkamiz quriyozdi. Agar zavod yo fabrikada shunaqa ishlansa, to‘g‘risi, oyiga har kishi ming so‘mdan pul topishi hech gap emasdi. Bir qo‘shnimiz 75 sotix yerga pomidor ekib, besh ming so‘m daromad ko‘ribdi. Bizchalik qiynalgani ham yo‘q. Agar biz ham qaramog‘imizdagi yerning hammasiga pomidor yoki kartoshka ekkanimizda, yigirma-o‘ttiz ming so‘mga ega bo‘lardik. Shunchalik chaqilmasdik ham.

— Buning sababi nimada deb bilasiz?

— Paxtaning o‘zi oqu mehnati qora. Unga to‘lanadigan ish haqi esa kishini kamsitadi. Paxtaning xarid narxi hatto tamakinikidan o‘n baravar kam ekan…

Ko‘nglim buzildi. Xayolga toldim. Qiziq, qo‘shnilari chorakam bir gektarga ekilgan pomidordan besh ming, bular har gektar paxtazordan bor-yo‘g‘i 1410 so‘m atrofida daromad olishibdi. Dehqon uchun bularning qay biri afzal? Hozir kolxozchi bir kilo mayiz, anor yoki kartoshka sotib olish uchui kamida o‘n kilo yuqori navli paxta yetishtirishi lozim. Holbuki, oyiga 20-30 so‘m haq oladigan paxtakorlar bor. Buxoro oblastida qishloq ahli jon boshiga to‘g‘ri keladigan go‘sht aytishga ham arzimaydi. Men go‘sht iste’mol qilmaydigan, yovg‘on ovqat bilan qanoatlanadigan, haftalab qand-shakarni ko‘rmaydigan xonadonlar borligini ham bilaman.

Shu o‘rinda markaziy televideniye orqali namoyish qilingan «Kanizak Izaura» filmi esimga tushadi. Unda qullaru cho‘rilar paxta chuvish bilan ham shug‘ullanadilar. Cho‘ri Izaura ma’lum muddat uy ishidan olinib, jazo sifatida shunaqa ishlarga, keyinchalik juda og‘ir jazo tarzida paxta plantatsiyasiga o‘tkaziladi. Ekranda bir necha marta xo‘jayinlarning «Plantatsiyaga jo‘nataman, 14 soatlab ishlaysan», degan vahimali so‘zlari jaranglaydi. Bu so‘zlar hammani larzaga soladi. Cho‘ri qizning plantatsiyadagi qisqagina faoliyatidan ko‘zlaringizga yosh quyiladi. Xuddi shu topda o‘zbek paxtakori ham ana shunday hayotga mahkum ekanligi, tirikchilik ko‘yida ko‘pincha 14 soatlab daladan qaytolmasligi, bu mehnat ning asosiy qismi ayollar chekiga tushganligi, dam olish, bayram iimaligini bilmasliklari, barcha kasalliklarga mubtalo ekanliklari xayolingizdan kechadi.

Film voqealari ikki yuz yilcha avval Braziliyada ro‘y bergan. Hozir hech yerda rasman qulchilik hukm surmaydi.Biroq iqtisodiy qaramlik tufayli og‘ir mehnatga ixtiyoriy tutqunlik, bugungi kun qishloq ahlining ibtidoiy turmush tarzi o‘sha filmda ko‘rsatilganidan keskin farq qiladimi? Farq bor. Bizning qishloq mehnatkashlarining aksariyati besh-o‘n kishilashib bir xonada qisilib yashashga, yozda supada, qish va kuzda zax xonaga yoyilgan namat ustida uxlashga majbur. Biz ko‘klarga ko‘tarib maqtaydigan «oq oltin» ularni shu ko‘yga solganini xayollariga ham keltirmaydilar. Ularning nazdida faqat paxta tufayli jon saqlab yuribdilar.

1983 yili qishlog‘imizdagi dala shiyponiga borib qoldim. Tajribali suvchi Ahmad To‘xtamishev bilan gurunglashib o‘tirdim. Kolxozda ekin maydoni ancha kam, aholi esa juda zich: 1200 gektarga yaqin yerga paxta ekiladi, boshqa ekinlar yigirma foiz atrofida, o‘n ikki mingdan oshiq kishi yashaydi. Shu faktning o‘ziyoq kun ko‘rish nechog‘lik qiyinligini yaqqol gavdalantirdi. Bu haqda kolxozu rayon rahbarlari ham ko‘p bosh qotirardilar. O‘sha paytdagi rayon partiya komitetining birinchi sekretari ishning ko‘zini biladigan, tadbirli odam edi, ancha ishlar qilib, oddiy kishilar hurmatini qozongandi. Lekin paxta kasali uning ham qonida yo‘q emasdi — yuqorining topshirig‘ini labbay deb qabul qilardi. U rayon shimolrog‘ida joylashgan kolxozimizni donchilik va yem-xashakchilik xo‘jaligiga aylantirish fikrini o‘rtaga tashladi. Biroq o‘sha paytdagi rais ham, brigadirlaru boshqa faollar ham bunga ko‘nmadilar, paxtadan voz kechishni katta falokat sifatida qabul qildilar. Shuni nazarda tutib, suvchi yigitga:

— Yem-xashak va donchilikka o‘tsalaringiz, o‘zlaringizni bir oz tiklab olardingizlar, — dedim. — Og‘ir mehnat ham kamayardi.

— E, unda tirikchilik bundan ham og‘irlashadi, — dedi u o‘ylab o‘tirmasdan. — Paxtadan boshqasi bo‘lmaydi

— Nega? — ajablanib so‘radim undan. — Yem-xashak ekinlaridan yiliga ikki marta hosil olish mumkin. Gektaridan yuz-ikki yuz tsentnerdan don, qanchadan-qancha ko‘kpoya olib, qo‘shni xo‘jaliklarga sotasizlar-ku? Daromadi paxtanikidan ko‘proq bo‘ladi. Yana mol boqish imkonlaringiz ham ko‘payadi. Hozir sizlarda har litr sutning tannarxi bir so‘mdan qimmatroqqa tushayapti.

— To‘g‘ri-ku, lekin bizda odam ko‘p, yem-xashak o‘zimizdan ortarmidi, — ma’noli kulimsiradi Ahmadjon. — Paxtadan qo‘ymasin, uni hech kim yemaydi.

O‘sha yili boshqa xo‘jaliklar ham paxtadan ayrilgilari kelmadi, rayonga berilgan imkoniyatdan foydalanmadilar. Paxta sehri — paxta bandiligi, aniqrog‘i tushovlangan ong bunga monelik qildi. Afsuski, bu bandilikdan hozirgi qayta qurish pallasida ham qutulolmayapmiz. Bu borada xalqni olg‘a yetaklashi lozim bo‘lgan ayrim rahbarlar jamoatchilikning fikriga quloq tutmayaptilar.

«Pravda Vostoka» gazetasining shu yilgi 11 mart sonida O‘zbekiston Agrosanoat davlat komiteti raisi I. Jo‘rabekov bilan suhbatni o‘qib, hayron qoldim. Suhbatga «Paxta qadri» deb nom berilgan, aslida esa unda paxtaning qadr-qimmati, davlat va xalq undan qancha naf ko‘rishi chuqur ochilmagan, aksincha, uni kamaytirishga e’tiroz bildirilgan. «Eng muhimi qancha —4 yoki 5 million tonna paxta yetishtirilishida emas, — deyiladi javobda. (Holbuki, hamma gap o‘sha tonnalar ustida ketyapti), — asosiy gap ekinzorlarning paxta bilan band bo‘lishi 60 protsentdan oshmasligida, ya’ni 2800 gektar paxta kompleksi maydonining 1700 — 1750 ming gektarida g‘o‘za, 800 — 850 ming gektarida boshqa ekinlar o‘stirilmog‘i kerak. 80 ming gektar atrofidagi maydon meliorativ dalalardan iborat bo‘lmog‘i lozim. (Shunisiga ham chidasa bo‘lardi-ya…)

Har holda, Ittifoq ministrliklari va idoralari paxtaning davlat buyurtmasini 4 million tonnaga keltirdilar deb tasavvur qilib ko‘raylik-chi. Bundan nima yutamizu, nima yo‘qotamiz? Albatta, bu holda g‘o‘zadan bo‘shagan qariyb 350 ming gektar atrofidagi maydon oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirishga imkon bergan bo‘lur edi…»

Bu fikrga to‘la qo‘shilamiz. Boshqacha bo‘lishi mumkin ham emas. Ammo o‘rtoq Jo‘rabekov so‘zining davomida mahsulotni qayta ishlash, saqlash quvvatlari tanqisligi tufayli bu yo‘ldan borishga qarshi chiqadi. Biz tanqislikni inkor etmaymiz, ammo mahsulotni sifatli saqlash borasida xalq tajribalari nihoyatda ko‘pligi va ancha arzon usullar borligi nahotki raisga ma’lum bo‘lmasa.

«Bir gektar paxta maydoni o‘rtacha 15—16 ming so‘mlik samara beradi, — deydi yana o‘rtoq Jo‘rabekov. — Ana shu raqamni bo‘shagan yer maydonlariga ko‘paytirsak, olinmay qolgan yalpi va tovar mahsulotlari miqdorini bilamiz. Bu 5 milliard so‘mlikdan ko‘pdir. Milliy daromad, 2 milliard so‘m atrofida yetishmay qoladi».

Ajabo, o‘sha maydonlarga ekilgan oziq-ovqat mahsulotlarining bahosi qayoqqa ketadi? Ekologik ahamiyati, tejaladigan suvlaru xalq salomatligida tutadigan o‘rni-chi? Axir 350 ming gektarni chiqitga chiqarmadik-ku? Yuqorida biz har gektar yer qancha daromad keltirishi mumkinligini paxta va pomidor misolida aytib o‘tdik. Hozirgi narxlarda boshqa ekinlardan besh milliard emas, ikki-uch hissa ko‘proq daromad ko‘rish mumkin. O‘rtoq Jo‘rabekov esa shunchaki isbotsiz tarzda: «Qishloq mehnatkashlarining turmush darajasiga kelganimizda, masalan, paxtakorning bir kishi-kuniga sabzavotkor yoki chorvadorga nisbatan 15—20 protsent ko‘p to‘lanadi», deydi.

Xo‘sh, shu gapni o‘qigan kichik rahbarlar unga qarshi ish tutadimi? Aksincha, dehqonlarni ham faqat paxta eknshga undaydi, boshqa sohalarni koni ziyonga chiqaradi. Qarabsizki, paxta hukmronligi yanada kuchayib, hayot chigallashaveradi. Buni o‘tgan yillar misolida aniq ko‘rdik.

Yana bir misol. Ma’lumki, bultur hukumatimiz respublika paxta majburiyatining yarim million tonnasidan voz kechdi. Biroq, oradan ko‘p o‘tmay, agrosanoat kompleksi xodimlarining qurultoyida paxtani ko‘paytiradigan iltimosnoma bayon etildi: «Agar har yili qo‘shimcha ravishda 100—150 ming tonna paxta topshirsak, qarzlardan qutula boramiz».

Katta rahbarning ishorasiga shay quyi rahbarlar qo‘shimcha 40 ming gektardan ko‘proq yerga yashirincha chigit ekishga majbur bo‘ldilar. Oshiqcha maydonlar va ob-havoning qulay kelishi evaziga, 110 ming tonnadan ortiq «oq oltin» topshirildi. Ammo shuncha yerga meva-sabzavot, poliz va chorvabop ekinlar ekilmadi. Natijada inson uchun eng kerakli, vitaminga boy mahsulotlar keskin kamaydi. Bozordagi narxlar osmonga chiqib ketdi. Bundan jiddiy xulosa chiqarish lozim edi. Biroq yana teskari ish tutildi — paxtani ko‘paytirish yo‘li targ‘ib etildi. Axir tonnalar qisqarish o‘rniga ko‘payib borayotgan ekan, monokulturadan qutulishning iloji yo‘qligi hammaga ayon haqiqat-ku!

— Paxta yakkahokimligidan hali-veri qutuladiganga o‘xshamaymiz, — deydi Kuybishev nomidagi kolxoz raisi Mahmudjon Nazarov, — Bu yil bulturgiga nisbatan bir yuz o‘n bir tonna ko‘p paxta yetishtirish rejalashtirildi. Demak, almashlab ekishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish qiyinlashadi. Chunki hosildorlikka ishonib, paxta yerlarini qisqartirish xavfli. Hosil cho‘g‘i ko‘p jihatdan ob-havoning qanday kelishiga, almashlab ekilgan yer tarikibiga bog‘liq. Bu borada pudrat va njara usullari ham katta ahamiyatga ega. Bizning o‘tgan yilgi yutuqlarimizda ana shu omillar tayanch bo‘ldi. Paxtachilikdan ikki million olti yuz ming so‘m, ja’mi uch yarim million so‘m daromad qildik. Shu tufayli qishloqlarda uchta hammom, feldsherlik-akusherlik punkti, issiqxona, o‘ninchi brigadada yozgi kinoteatr bunyod etdik. Endilikda sport zali, bolalar bog‘chalari qad ko‘taryapti. Ammo bular hali ehtiyojlarimizni qondirolmaydi. Uy-joyga ariza berganlarning o‘zi 240 dan oshiq. Ularning talabini qondirish uchun qo‘shimcha yer kerak. Paxta maydonlarini qisqartirsakkina, imoratlarga, meva-sabzavotlarga imkonlar ochiladi. Ammo…

Rais so‘zini davom ettirishga qiynaldi. Shusiz ham uning nima demoqchi ekanligi menga ayon edi. Qayta qurish, oshkoralik va demokratiya tufayli hayotda ko‘p narsalarga munosabat keskin o‘zgardi. Shuningdek, oila pudrati, ijarachilik tufayli yerga e’tibor kuchaydi. Biroq buyruqbozlik, dehqonchilikni yuqoridan rejalashtirish, pastdagilarning xohish-irodasini hisobga olmaslik hamon o‘z kuchida qolmoqda. Boshqarishning bunday usullari, shubhasiz, erkin parvozga, erk qanotlarining dadil silkinishiga xalal beradi, hisobsiz imkoniyatlar yo‘liga g‘ov soladi. Eski qarashlar va har qanday g‘ovlar to‘la sindirilsa, dehqonga ko‘proq erk berilsa, jumboqlar birin-sirin yechiladi, hayot izga tushadi…

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 1989 yil, 27 iyun