Ma’lumki, Ulug‘ Vatan urushiga qadar va undan keyingi yillarda O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining, shaxsan Usmon Yusupovning tashabbusi bilan jumhuriyatimizda irrigatsiya inshootlari qurilishi keng miqyos va ko‘lam kasb etdi. Natijada dalalarimizning suv bilan ta’minlanishi keskin darajada yaxshilandi. Bunda irrigatorlarimiz va melioratorlarimizning xizmatlari beqiyosdir.
1960—1965 yillarda jumhuriyatda daryolar oqimini tartibga keltirish bo‘yicha juda katta ishlar amalga oshirildi. Shu qisqa davr mobaynida jumhuriyat ahamiyatiga molik 51 ta va respublikalararo 5 ta yirik suv omborlari qurildi. Bular umumlashma holida 55,5 milliard kub-metr suv sig‘imiga ega edi. Suv xo‘jaligida yo‘l qo‘yilgan katta xatolik aynan ana shu suv omborlariga borib taqaladi. Chunki ba’zi suv omborlari qurilishiga ehtiyoj sezilsa-da, ishlarni bu qadar katta miqyoslarda olib borish uchun zarurat yo‘q edi. Qurilishni amalga oshirishda chuqur ilmiy yondashuvning yo‘qligi, olimlar va mutaxassislarning fikr-mulohazalari inobatga olinmaganligi natijasida tabiiy sharoitlarga putur yetkazildi, Orol dengizi oldindan halokatga mahkum etib qo‘yildi. Tabiat ustidan qozonilgan har bir g‘alaba uchun u bizdan o‘ch oladi, deb bashorat qilgan F. Engelsning fikriga befarq qaraganligimiz uchun bizning muzofotda ekologik, iqtisodiy va sotsial sharoitlarda keskin vaziyat yuzaga keldi.
Suv omborlari qurilishi natijasida yuzlab qishloqlar, o‘n minglab gektar hosildor yerlar suv ostida qoldi. Ana shu suv omborlari yuzasidan har yili 5 milliard kubmetrga yaqin obi-hayot befoyda bug‘lanib yotipti. Holbuki ana shu miqdordagi suv Orol dengiziga qanchalar madad bo‘lur edi.
Eng katta kulfat shundan iboratki, suv omborlarining o‘zi hamda undan dalalarga yetkazilib berilayotgan sovuq va toza suv iqlim sharoitlarini salbiy tomonga o‘zgartirdi, sizot suvlar darajasi oshdi, sho‘rlanish va botqoqlanish kuchaydi, foydali hasharotlar nobud bo‘ldi, sug‘oriladigan va sug‘orilmaydigan yuz minglab gektar serhosil yerlar qashshoqlashdi.
Masalan, 1,9 milliard kub-metr sig‘imga ega bo‘lgan Andijon suv ombori atrof-muhitga qanchalar salbiy ta’sir etganligini nazar-e’tiborga olib ko‘ring. Qo‘rg‘ontepa rayonida — suv omboridan 20 chaqirim narida joylashgan «Savay» sovxozida foydali harorat miqdori 1977 yildagiga nisbatan 1987 yilda 402 darajagacha, eng qulay kelgan 1988 yilda 204 darajagacha pasaydi. Bu — suv ombori atrofidagi Qo‘rg‘ontepa, Jalolquduq, Xo‘jaobod va Marhamat rayonlarida ekin-tikinning o‘suv davri 20—35 kunga qisqardi demakdir. Andijon suv omborining sovuq suvi bilan g‘o‘zalarni sug‘orish yerosti hasharotlari va mikroorganizmlarga halokatli ta’sir etdi.
Eng tashvish uyg‘otadigan narsa shuki, daryo suvlari bilan oqib keladigan loyqa suv ombori ostiga cho‘kib, dalalarga beriladigan suv nihoyatda tiniq bo‘ladi. Daryolar minglab irmoqlardan tashkil topishi va dalalarga hamda irrigatsiya tarmoqlariga har gektar yer hisobiga har yili 25—40 tonnadan loyqa keltirishi ma’lum. Ayniqsa Amudaryo va So‘x daryolari loyqaga juda boy, hayotbaxsh moddalar bilan nihoyatda to‘yingan yuzlab, balki milliardlab tonna ana shunday loyqa suv omborlarida cho‘kindi holiga kelib yotipti.
Ana shu tarzda biz o‘z yerimizni o‘zimiz halokat yoqasiga keltirib qo‘ydik. Ustiga-ustak, sug‘orish uchun dalalarga berilayotgan suv narigi tomondan — oxiridan bo‘tanaga aylanib chiqib ketmoqda, ya’ni yerning eng serhosil qatlami doimiy suratda yuvib yuborilmoqda. Bu hol, oxir-oqibatda, katta yo‘qotishlarga olib kelishi turgan gap.
Suv omborlarining tazyiqi ostida qolgan xo‘jaliklar va rayonlarda hosildorlik yildan-yilga pasayib ketmoqda. Bir paytlari butun mamlakatga mashhur bo‘lgan yirik va ilg‘or «Savay» sovxozi ahvoliga yana bir nazar tashlaylik. Andijon suv ombori ishga tushirilishiga qadar (1976—1977 yillar) xo‘jalikda paxta hosildorligi gektariga 36—37 tsentnerni tashkil etgan bo‘lsa, bu raqam 1987 va 1988 yillarda 20—21 tsentnerga tushib qoldi. Ana shu davr mobaynida Qo‘rg‘ontepa rayonida o‘rtacha hosildorlik 31,6 tsentnerdan 21, Marhamat rayonida 35 tsentnerdan 18,5 tsentnergacha kamaydi. Jalolquduq, Xo‘jaobod va boshqa ayrim rayonlarning ahvoli ham bundan yaxshi emas. Paxtachilik uchun juda qulay kelgan o‘tgan yilda mazkur to‘rt rayon paxta tayyorlash yillik planini atigi 48—67 foiz qilib bajardilar, xolos. Farg‘ona viloyatining Karkidon va Qo‘rg‘ontepa suv omborlari ta’siri ostida bo‘lgan Quva, Oxunboboyev va Oltiariq rayonlari ham noxush ahvolda qolganlar. Mazkur rayonlarda paxta topshirish planlari o‘tgan yili faqatgina 79—82 foizga bajarildi, xolos.
Suv sig‘imi 7,3 milliard kub-metrga ega bo‘lgan Tuyamo‘yin suv ombori Qoraqalpog‘iston ASSR, Xorazm va Toshhovuz viloyatlariga juda katta zarar yetkazdi. Mazkur muzofotlarda sizot suvlar yoppasiga yuqoriga ko‘tarildi, yoppasiga ikkilamchi sho‘rlanish yuzaga keldi, aholisi kasallikka chalindi, suv sifati buzildi, bog‘lar va daraxtzorlar nobud bo‘ldi. Suv omborlari odamlar dam olib davolanadigan keng qatlamli tuz konlari atrofida qurildi. Ana shunday sharoitlarda milliard so‘m mablag‘ sarflab, suv omborlari qurish, keyin esa, yana shuncha miqdor mablag‘ hisobiga o‘ng va chap qirg‘oq suv kollektorlarini qurib, sizot suvlarni Orolga haydash, sug‘oriladigan ulkan maydonlarni nobud etish shartmi, degan savol tug‘iladi. Bundan ko‘ra suv omborlari suvini batamom bo‘shatish yaxshiroq va maqsadga muvofiqroq emasmi?
Shofirkon rayonidagi Sho‘rko‘l suv omborining ta’siri ostida «G‘ijduvon» va «Jilvon» sovxozining bog‘lari va uzumzorlari teng yarmiga nobud bo‘ldi.
Tabiiy suratda shunday savol tug‘iladi: ikki millionli Toshkent shahrining shundoqqina biqinida unga xavf solib turgan — 2 milliard kub-metr suv sig‘imiga ega Chorvoq suv omborini qurish shartmidi? Axir, 1948 yilda Ashxobodda, 1966 yilda Toshkentda, 1988 yilning dekabrida Armanistondagidek favqulodda kuchli yerosti silkinishlari bundan keyin bo‘lmasligiga kim kafolat bera oladi? Shunga qaramasdan, SSSR Suv xo‘jaligi ministrligi va O‘zSSR Suv xo‘jaligi davlat komiteti to‘g‘onlar va suv omborlari qurishni davom ettirmoqdalar.
So‘x daryosida qurilayotgan So‘x suv omborining Qo‘qon atrof rayonlari va Qo‘qon shahri uchun nihoyatda fojiali oqibatlar keltirishini alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman. Qurilish hajmi — 150 million so‘m. Aytishlaricha, u 200 million so‘mga ham yetib boradi. Loyiha bo‘yicha suv sig‘imi — 350 million kub-metr. Inshoot qurilishi natijasida 400 xo‘jalik binolari va 1200 gektar serhosil yer suv ostida qoladi. Men bu joylarni yaxshi bilaman, qurilish ketayotgan joylarda bir necha bor bo‘ldim. Mas’uliyat bilan aytamanki, mazkur qurilish oltita rayon aholisiga, ikki yuz ming kishilik Qo‘qon shahriga katta kulfat keltiradi. Buning ikki muhim sababini qayd etaman: birinchisi, Qo‘qon atrof rayonlari — kuchli shamollar xuruj qiladigan joylar bo‘lib, tuproq qatlami eroziyasi ancha yuqori; ikkinchisi, sovuq va tip-tiniq suv tuproqning yuza joylashgan qumloq va qumoq qatlamini osonlik bilan yuvib ketadi. Suv ombori qurilar ekan, oradan 40—50 yil o‘tib, mazkur rayonlar to‘laligicha dasht yerlarga aylanadi. So‘x suv ombori qurilishi mualliflari tarixiy Qo‘qon va uning atrof-tevaragidagi rayonlarga mana shunday narsalarni ravo ko‘rmoqdalar!
Bizning zamin tabiat tufayli va ajdodlarimizning mehnati natijasida vujudga kelgan, biz esa, madaniyatli kishilar, uni o‘ta yengiltaklik bilan qurbon berayotirmiz. Fikrimizcha, yerning aynishini tezlashtirgan, atrof-muhitga putur yetkazgan suv omborlari faoliyatini to‘xtatish, ularni bo‘shatish, to‘planib qolgan beqiyos miqdor loyqadan foydalanish tadbirlarini ishlab chiqish maqsadga muvofiqdir; zarur deb topilgan yeuv omborlaridan esa vaqti-vaqti bilan foydalanish, ya’ni toshqinlar va qish paytlarida suv to‘plash, ekin-tikin o‘suvi davrida hamda sho‘r yuvish jarayonida o‘qariqlar yordamida suvni loyqa bilan chiqarish lozim; yangi suv omborlari qurilishini to‘xtatish kerak. Respublikalararo yirik GESlar va suv omborlariga taalluqli masalalarni manfaatdor tomonlar bilan kelishgan, tabiiy va iqtisodiy sharoitlarni avvaldan chuqur tahlil etgan holda hal etish zarur. Axir biz KPSS Markaziy Komiteti va Ittifoq hukumatining qaroriga binoan, Orolni hech bo‘lmaganda hozirgi holida saqlab qolishga yetarli miqdorda suv yetkazib berishimiz lozim-ku. Barcha ortiqcha suv omborlaridan bo‘shatilgan obi-hayot faqat Orol dengiziga yo‘llanishi kerak.
Biz bu muammolarga yangicha ko‘z bilan qarashimiz va qayta qurish ruhida uni yangicha hal etishimiz lozimligini hayotning o‘zi ko‘rsatib turipti. Suv xo‘jaligi qurilishi va yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, xususan, kanallarni betonlashtirish va nov tarmoqlarini yaxshilash muammolari haqida jiddiy mulohaza bilan chora-tadbirlar izlamoq kerak. Ko‘pgina olimlar va mutaxassislar suv bug‘lanishini kamaytirish maqsadida kanallarni betonlashtirish va beton-nov tarmoqlarini o‘rnatish tarafdorlari bo‘lib, irrigatsiya va melioratsiya ishlarining namunasi sifatida Mirzacho‘lda orttirilgan tajribalarni misol keltiradilar. Biz bu fikrga qo‘shila olmaymiz. Shaharlarda, yo‘l yoqalarida, suv omborlarida, kanallar va tarmoqlar — hamma yoqda paydo bo‘lajak ob’ektlarni tasavvur etib ko‘ring. Kanallarni betonlashtirish va beton-novlarni o‘tkazish ana shu tarmoqlar shag‘allik va qumliklar bag‘ridan o‘tayotgan joylardagina o‘zini oqlaydi, chunki bu yerlarda suvning yo‘qotilishi anchagina salmoqli. Boshqa yerlarda, xususan, maydonlarimizning ko‘p qismini tashkil etgan mayda tuproqli joylarda bu usul foydasizgina emas, balki zararli hamdir. Kanallarni betonlashtirar va dalalarda beton-nov tarmoqlarini o‘rnatar ekanmiz, biz bu bilan tabiatga qo‘pol suratda aralashayotganimizni, yerosti yeuvlari va ma’lum joyning mikroiqlimini qo‘pol suratda buzayotganligimizni bilmay qolayotirmiz.
Irrigatsiya tarmoqlaridagi ma’lum suvning miqdori yerga singishi yerosti suvlari darajasi va miqdorini mo‘tadillashtirib turadi. Eng muhimi shundaki, kanallarning hamda sug‘orish shoxobchalarining qirg‘oqlariga yog‘ochbop va mevali daraxtlarni tig‘iz qilib o‘tkazish lozim. Ular bizning arid (qurg‘oq) zona o‘lkamiz uchun nihoyatda zarur va foydali. Daraxtlar o‘zlarining qudratli va chuqur otgan ildizlari bilan yerosti suvlarini nasos kabi so‘rib olib, yaproqlari orqali bug‘lantiradi va mikroiqlimni yaxshilaydi, havoni tozalaydi, odamlar va mavjudotni jaziramadan, ekinlarni shamol va garmsellardan himoya qiladi, sug‘oriladigan suvlar sarfini kamaytiradi va tuproq eroziyasining oldini oladi, qishloq xo‘jaligi zararkunandalariga qarshi kurashda muhim ahamiyat kasb etadigan qushlarni o‘ziga chorlaydi va ularning ko‘payuviga imkoniyat yaratadi. Umuman, daraxtlar atrof-muhitga nihoyatda samarali ta’sir ko‘rsatadi. Kanallarni betonlashtirish va beton-nov tarmoqlarini o‘rnatish tarafdorlari masalaning ana shu tomonini e’tibordan soqit qiladilar va unga bir tomonlama tor boshqarmaviy nuqtai nazar bilan yondoshadilar.
Sug‘oriladigan suv miqdorini iqtisod qilishning muhim omillaridan yana biri paykallarni muvofiqlashtirish, ularni maqbul holatga keltirishdan iboratdir. Amalda esa, ko‘pgina xo‘jaliklarda kompleks mexanizmlashtirish uchun sharoit yaratish bahonasida paykallar nihoyat darajada kattalashtirib yuborilgan. Qadimdan sug‘orib kelinayotgan joylarda yaxlit maydonlar 25—30 gektarni tashkil etsa, yangidan o‘zlashtirilgan yerlarda esa 50, ba’zan esa 100 gektargacha yetib boradi. Etagi ko‘rinmaydigan dalalarda sug‘orish ishlarini maqsadga muvofiqlashtirib olib borish mumkinmi? Bunday sharoitda sug‘orish qanday borayotganini suvchining o‘zi ham nazorat qilishdan ojiz. Bu xil maydonlarda suv sarfi miqdori ikki baravar ziyod. Mazkur muhim masala 1986 yilda ihota daraxtzorlari muammosiga bag‘ishlangan ilmiy-ishlab chiqarish kengashida anchayin munozaralarga sababchi bo‘ldi. Kengashda kuchli shamol va garmsel mavjud joylarda dalalarning maqbul holati 4—6 gektar, boshqa yerlarda 8—12 gektarda bo‘lishi maqsadga muvofiq, deb topilgan edi.
Shu bilan birlikda biz maydoni 1,5—2 gektardan iborat mayda paykallarga ham egamiz. Ayniqsa, Farg‘ona vodiysi viloyatlarida bunday maydonlar juda ko‘p. Bundan tashqari, katta-kichikligidan qat’i nazar dalalarning atrofi ikki qatorlama mevali va yog‘ochbop daraxtlar bilan o‘rab olinishi lozim.
Tuproq hosildorligini kuchaytirish va suvni iqtisod qilish masalalari sug‘orish ishlarida bir qator masalalarni hal qilishni taqozo etadi. Odatda bir gektar yerga o‘rta hisobda yiliga 14—15 kub-metr suv sarflanadi. Ana shu sarfni 35—40 foizga va undan ham ko‘proq qisqartirish mumkinmi? Agar sug‘orish ishlarini ilmiy muassasalarning tavsiyasi asosida olib borilsa, mumkin. Biroq g‘o‘za va boshqa ekinlarni sug‘orish ishlarida hech qanday texnik taraqqiyot ko‘zga chalinmayotir. Qamon almisoqdan qolgan usul bilan — egat uzunligi bo‘ylab sug‘orish davom etmoqda. Suv sarfini kamaytiruvchi eng yangi texnologiya va mexanizmlashtirilgan sug‘orish usullari joriy etilmayotir.
Biz yillar davomida dehqonlar kabi suvchilarni ham yer va suvdan mahrum qilib qo‘ydik. Suvni ortiqcha sarflash va suv resurslarini talon-toroj qilishdagi muhim sabablardan biri ana shu. Suvni iqtisod qilish ishlarini birinchi galda suvchining roli va malakasini oshirishdan boshlashimiz kerak. Rayonlar va xo‘jaliklarda suvchilar maktabini tashkil etish, razryadlar berish, «usta suvchi» degan unvon ta’sis etish, ularning mehnatiga mexanizatorlar bilan bir xilda haq to‘lash, faqat xo‘jaliklar uchungina emas, balki pudratchi va ijarachilar uchun ham suv sarfi miqdorini qat’iy belgilab qo‘yish, mahsulot ishlab chiqarishi plani bajarilganligida bo‘lgani kabi, sug‘oriladigan suv iqtisod qilingani uchun ham qo‘shimcha haq to‘lash lozim.
Ilm-fan xulosasiga ko‘ra, o‘simlikning qalinligi qanchalar zich joylashsa,barglar orqali shuncha ko‘p suv bug‘lanadi. Agronomiya fanining yirik namoyandalari o‘tgan asrdayoq ana shu holatga e’tiborni jalb etgan edilar. Bizda esa, turg‘unlik yillarida ayrim olimlar zo‘r berib o‘simliklarning o‘ta qalinligi kabi fanga zid tavsiyalarni joriy etdilar. Endilikda ana shu tavsiyalardan nihoyatda qiyinchilik bilan qutulayotirmiz. Egat oralatib sugorishni keng joriy etish lozim. Bu usul tuproqning yumshoq qatlamini mo‘tadillashtirib, haroratini kuchaytiradi, tuproq aynishini kamaytiradi, hosildorlikni gektariga 2,5 tsentnerga qadar o‘stiradi, hosil yetilishini bir haftaga tezlashtiradi, eng muhimi, suvni 15—20 foiz va undan ziyod iqtisod qilish imkonini beradi. O‘rta Osiyo ilmiy muassasalari tomonidan yomg‘irlatib, tomchilatib, quvur orqali, egiluvchan shlanglar vositasida sug‘orish kabi sug‘orishning samarali usullari ishlab chiqilgan.
Jumhuriyatimiz sug‘oriladigan dehqonchilik, melioratsiya va irrigatsiya markazi hisoblanadi. Muzofotning farovonligi ana shu sohalarning holati bilan chambarchas bog‘liq. Bunda biron-bir buzilish ro‘y bergan ekan, buning sabablarini, eng avvalo ilm-fanga va tadqiqot ishlariga befarqlik natijasi deb qaramoq kerak. Ilm-fan taraqqiyoti uchun juda kam mablag‘ ajratilmoqda, uning tajriba o‘tkazish bazasi qashshoq.
Suv xo‘jaligi va qishloq xo‘jaligi sohalarida ilmiy muammolarning hal etilishini yetarlicha baholay olmaslik oqibatida 60-yillarda O‘zbekiston Qishloq xo‘jalik fanlari akademiyasi hamda O‘zSSR Fanlar akademiyasi Suv muammolari instituti tugatib yuborildi. Ilgari respublika akademiyasi tarkibida «Irrigatsiya» va «Melioratsiya» mutaxassisligi bo‘yicha 10 ta, «Paxtachilik» bo‘yicha 8 ta akademik va muxbir a’zo bor edi. Ularning bittadan bo‘lak hammasi olamdan o‘tdilar, ularning o‘rniga esa, bitta ham olim saylanmadi. Bu kechirilmas xatolik bo‘lib, akademiyaga bo‘ladigan saylovlarda bu xatolik tuzatilishi lozim.
Hozirgi paytda VASXNIL O‘rta Osiyo bo‘limi tugatib yuborilgan qishloq xo‘jalik Fanlari akademiyasi bajargan vazifani o‘tay olmaydi. Ana shu muassasa qoshida sobiq O‘zbekiston Qishloq xo‘jalik Fanlari akademiyasini, shuningdek respublika Fanlar akademiyasi Suv muammolari institutini tiklash hayot taqozosidir.
Mamlakat bo‘ylab qayta qurish jarayoni faol davom etmoqda, o‘tmishda qilingan va istiqbolda qilinajak ishlar ochiqlik va oshkoralik bilan muhokama etilmoqda. Biz ko‘pgina sohalarda anchayin qiyin ahvoldamiz. Tubdan qayta qurish davrida hamma narsa muammolarga yangicha munosabatda bo‘lib, dadillik va jasorat bilan ularni ro‘yobga chiqarishda qolgan.
Mirzaali Muhammadjonov, akademik, YuNESKOning «Inson va biosfera» O‘zbekiston Milliy komiteti raisi
«Guliston» jurnali, 1989 yil, 10-son