G‘. Salomov. — Italyanlarda maqol bor: traduttore — traditore. Bu «tarjimoi — xoin» degani.
Z. Isomiddinov. — Boshqa bir qoida ham ma’lum: mutarjim — muallifniig do‘sti. Xoin emas — do‘st! Gapni ikki qarama-qarshi qutbdan boshladik. Tarjimachilik ishining ravnaqiga xalal yetkazadigai to‘g‘anoq nimada deb bilasiz?
G‘. S. — To‘g‘anoq?.. Boshqa ziyolilarni qo‘ya turaylik, hatto so‘zshunos olimlarimiz, ba’zida yozuvchilarimizning o‘zlari ham tarjimani ikki tilni bilish bilan bog‘liq anchayin yumush deb bilishadi. Mening dilimni bir narsa tirnab yotadi: biz Alisher Navoiyni Ittifoqqa, dunyoga tanita olganimiz yo‘q.
Z. I. — Chindan ham, tarjima maktabimiz bu ulug‘ zot oldida benihoya qarzdor. Dante, Servantes, Rustaveli, Shekspir, Bayron, Pushkin, Tolstoy, Tagor asarlari jahon xalqlari tillariga ancha to‘kis tarjima qilinganiga havasim keladi.
G‘. S. — Mana bu raqamlarga e’tibor qiling-a: 1918—1986 yillar badalida mamlakatimizda klassiklar asarlarining chop etilishi ro‘yxatida Navoiy… 42-o‘rinda turadi. Shoirimizning asarlari 155 marta 3 million 943 ming nusxada nashr etilgai. Bu tarafdan Navoiy I. Bunin, O. Tumanyan, Sholom Aleyxem, Panas Mirniy, Aidrey Upit, Abdulla To‘qay va boshqa adiblardan keyingi o‘rinda turadi.
Z. I. — Tarjima dargohida havas qilsa arzigulik ishlarimiz ham bor, albatta. Qodir Mirmuhamedov, Vahob Ro‘zimatov, Ibrohim G‘afurov, Ozod Sharafiddinov, Nizom Komilov, Hibziddin Muhammadxonov, Kibriyo Qahhorova, Hasan To‘rabekov, Xolida Ahrorova, Asil Rashidov, Miad Hakimov va boshqa tarjimonlarning har biri qanchadan-qancha asarlarni ruhiy dunyomizga olib kirdilar.
G‘. S. — Ayni vaqtda dilni g‘ashlaydigan ishlardan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi. Allaqachonlar tarjima qilinishi kerak bo‘lgan jahon adabiyoti obidalari nazardan chetda qolib, ba’zan qayoqlardagi o‘rtamiyona yoki qalang‘i-qasang‘i «asar»lar ham potirlab bosilib yotibdi. Shunday emasmi?
Z. I. — Esiz qog‘oz, esiz rag‘bat, esiz mablag‘…
G‘. S. — Markaziy nashriyotlardagi ayrim «nonimizni tuya qilib berish»larga ham lol qolasan kishi. Buyoqda o‘zbek adabiyotining o‘nlab sara asarlari tarjimaga navbat kutib, sarg‘ayib yotibdi-yu, uyoqlarda ayrim qo‘lbola «klassiklar»ning qalin kitoblari, tarjima bahona, «qayta ishlanib», «avtorlashtirilib», o‘n mimg va yuz minglab nusxalarda «varrak» qilinmoqda. Bu adabiyotimizni obro‘sizlantiradi-ku. Nahotki, tarjimaning vazifasi shu bo‘lsa?
Z. I. — Qiziq: original darajasiga ko‘tarilolmay, faqat tarjimada tug‘ilib, tarjimada barham topib ketadigan asarlar paydo bo‘ldi… Bu yangi «janr», shekilli, gohida tong qolasan kishi: Ozod Sharafiddinovga o‘xshash bitta-yarimta butun munaqqid bu singari «tarjimaviy nayranglar»ni aytsa, haligi «klassiklar» insofga kelish, illatni bartaraf etish o‘rniga tanqidchining o‘zini… bartaraf etishga tushadilar. Munaqqidni, uning tarjimai holini «o‘rgana» boshlashadi!..
G‘. S. — «Shahar bedarvoza emas», deydilar. Tarjima ham bundan mustasno bo‘lmasligi kerak. Afsuski, kim nimani xohlasa o‘shani tarjima qilaveradi…
Z. I. — … yoki, aksincha — kerakli ishlarga ko‘zga million marta kattalashtirib ko‘rsatadigan bulul shisha ostidan hadiksirab qaraladi.
Oltmishinchi yillarning oxirlarida «Guliston» jurnalining bir necha sonida Rasul Hamzatovning «Mening Dog‘istonim» asari tarjimasi (tarjimon E. Vohidov) bosila boshladi. Nima bo‘ldi-yu, tarjimaning davomini chop etish to‘satdan to‘xtatildi. Kitob bo‘lib ham chiqmadi. Hamon «Mening Dog‘istoiim»dan darak yo‘q.
G‘. S. — Shunday qismat qirg‘iz adibi To‘lagan Qosimbekovning «Singan qilich» romani tarjimasi boshiga (tarjimon T. Adashboyev) ham tushdi. «Erkin tarjima» niqobi ostida chor askarlarining xunrezligi tasviri, qirg‘iz milliy turmush tarzining yorqin lavhalari kabi, romanning «qaltis», «nozik» joylari qirib-qirtishlandi yoki olib tashlandi. Oqibatda Ittifoq miqyosida e’tirof etilgan asar ro‘y-rost buzildi.
Z. I. — Tarjimonlarning boshini qovushtiradigan birdan-bir markaz — O‘zbekiston Yozuvchilar soyuzidagi adabiy aloqalar va badiiy tarjima kengashi bu tashvishlardan butunlay xolimi, deyman?
G‘. S. — Kengash-ku o‘z yo‘rig‘i va maromida ancha-muncha ishlarmi qilayotgandek. Ammo uning «risolasi» yo‘q. O‘z rasamadi bilan mustaqil qaror qabul qilolmaydi. Tarjima jarayoniga, uning ichki ishlariga aralasha olmaydi, tarjima oqimiga biron sezilarli ta’sir o‘tkazolmaydi hisob.
Z. I. — Bu maslahat ovoziga ega bo‘lgan shunchaki bir «hasratxona» shekilli?
G‘. S. — Boshqa nima ham bo‘lsin! Halimxona — nashriyotlarda, zikrxona — Yozuvchilar soyuzida. Kengash, o‘z nomi o‘zi bilan, faqat kengashadi. Respublikaning parokanda tarjimachilik xo‘jaligida esa tom ma’nodagi xo‘jasizlik hukm suradi. Buning ustiga qarangki, O‘zbekistonda… o‘zbek tilida kitob taqchil.
Z. I. —Nima gap o‘zi? Balki bizda kitobxonlar soni haddan tashqari kamayib ketgandir? Yo xaridorgir kitoblar yo‘qmikan? Ehtimol, odamlar kitobdan bezgandir?
G‘. S. — Masalaga chuqurroq qarab ko‘raylik: o‘zbek tilida rasmiy-idoraviy ish yuritilmasa, milliy teatrimiz kasodga uchrab turgan bo‘lsa, filmlarimiz o‘zbek tilida kinoga olinmasa va o‘zbekning ruhiy olamini teran aks ettirmasa, til bilgich rejissyorlar anqoning urug‘i bo‘lsa, stsenariy o‘zbek tilida qabul qilinmasa, hatto ko‘pchilik madaniyat, adabiyot, teatr va san’at bilan bog‘liq oliy maktablarda o‘zbek tili o‘qitilmasa… Boringki, — bunisi eidi umuman aql bovar qilmaydigan ish! — O‘zbek tili yoki o‘zbek adabiyoti haqida o‘zbek tilida dissertatsiya yozib bo‘lmasa… Ko‘nglingiz tag‘in nimani tusaydi?
Z. I. — Yana bir antiqa gap: oliy maktablarda xorijiy tillar ona tili negizida o‘qitilmaydi. Metodika, darsliklar, barcha ilmu amal shunday.
G‘. S. — Demoqchisizki, o‘zbek studentlari, olaylik, nemis yoki ingliz tilini rus tili bilan chog‘ishtirib o‘rganadilar. Shundaymi? Qo‘yingki, bu yerda o‘zbek tilidan boshqa hamma til bor.
Z. I. — Shuning uchundirki, xorijiy G‘arb adabiyoti tarjimachiligida, shuningdek, qardosh xalqlar adabiyotlaridan o‘girganda, ayrim dadil urinishlarni demasa, hamon ruscha tarjimalardan asliyat o‘rnida foydalanilmoqda.
G‘. S. — Ammo bir narsani xotirdaiN faromush etish yaramaydi, inim. Millatlararo aloqa quroli sifatida rus tilining vositachilik xizmatiga shak keltirib bo‘lmaydi. Bu ulkan «transport til». Ayni vaqtda masalaning siz aytgan professional jihati ham bor. Tarjima «sho‘rvasining sho‘rvasi» bo‘lib qolmasligi kerak. Bu boshqa milliy adabiyotlarga hurmatsizlikdan tashqari, hech kimning xayoliga kelmaydiki, axir, faraz etaylik, ukrain tilida yozilgan kitobni o‘zbek tiliga ruscha tarjimadan tarjima qilish, qariyb, o‘zbek tilida yozilgan asarni ruschaga, masalan, boshqird tilidan tarjima etishdek bir gap.
Z. I. — Bunday «tajriba» turkiyzabon adabiyotlar tarjimachiligida ham qo‘llanilayotibdiki, bunga endi sira chidab bo‘lmaydi. Qirg‘iz yozuvchisi Musa Jong‘oziyevning «Moviy Issiqko‘lda» qissasi shunday oraliq tarjimadai o‘zbekchalashtirilgani tufayli, tilimizga mazkur moviy dengizning zilol suvi loyqalanib, bo‘tana bo‘lib o‘tgan: unda o‘zbek ham, qirg‘iz ham, rus yoki boshqa birov ham qo‘llamaydigan yasama jumlalar qalashib yotibdi…
G‘. S. — Unday desangiz, taajjub, asliyatdan tarjima qilishning ham o‘z muammolari bor.
Z. I. — Jamol Kamol Shekspirni ingliz tilidan tarjima qildi. Haynrix Heynening «Olmoniya» dostonini — Abdulla Sher, Gyotening «Mag‘ribu Mashriq devoni»ni Sadriddin Salimov nemischadan o‘zbekchalashtirdilar. Bayronning «Don Juan» asari bir yo‘la inglizchadan (Abdulla Sher) va ruschadan (Sulaymon Rahmon) tarjima qilindi…
G‘. S. — Xo‘sh… natija nima bo‘ldi? G‘arb adabiyotini g‘arb tillaridan tarjima qilish, aavaliga osmondagi oyni uzib olishdek bir gap bo‘lib ko‘ringan edi. Lop etib, bu ish amalga osha boshlanganida-chi? «Nahotki!» deb hayratlanish o‘rniga, «nahotki?» deb ikkilanib qolishdi. Ataladan suyak chiqqandek. Balki, xorijiy tildan emas, o‘zimizning ruschadan rosmana tarjimadir, deb shubhalanganlar ham topildi. Ishongiig kelmaydi: real voqelikdan ko‘ra, o‘sha voqelik haqida noreal bo‘lib ko‘ringan orzu shirin ekan-da.
Tarjima ikki buloqdek: milliylik va baynalmilallik sarchashmalaridan suv ichadi va har ikki manbaga baravar xizmat qiladi.
Z. I. — Har qalay, bizda masalaning nazariy qatlami, tarjimonlar tayyorlash ishi yo‘lga qo‘yilgan-ku. Toshkent tarjima maktabini endilikda butun mamlakat taniydi. Tarjima kafedrasi, fan doktorlari, professorlar, fan kandidatlari va dotsentlarimiz bor.
G‘. S. — To‘g‘ri, Toshkent universitetida yigirma yildan buyon tarjima nazariyasi kafedrasi ish olib boradi. Lekin zarurligi oyday ravshan bo‘lgan yangi tarjimachilik ixtisosi yaqin yillargacha baayni «qonundan tashqari» amal qilib keldi.
Z. I. — Nega unday bo‘ladi?
G‘. S. — Butun mamlakat universitetlarida ahvol shunday edi. Chunki tarjimachilik ixtisosligi universitetlarning filologiya fakultetlari o‘quv rejalarida aks etmagandi. Ba’zi amakilar bundan o‘bdon foydalanishdi. Allaqaysi ministrlikning allaqanday «qizil daftar»idagi ixtisosliklar «nomenilaturasi»da ro‘yxatga olinmagan ekan!
Z. I. — Ie, g‘alat: egar otga to‘g‘ri kelmasa, nima almashtiriladi — egarmi yoki… otmi?
G‘. S. — Do‘ppi boshga tor kelsa-chi? Do‘ppi almashtiriladi-da, kalla emas-ku! Demak, o‘sha nomenklaturaga mavlono Tarjimonning nomini kiritish kerak. Vassalom.
Z. I. — Xullas, tarjima va tarjimon hayotda qanchalik o‘gay bo‘lsa, oliy maktabda ahvol bundan ham battar ekan-da.
G‘. S. — Ammo endilikda ahvol o‘zgardi. Yigirma yillik «oh»imizni yuqorida «kimdir» eshitdi shekilli. Tarjimashunoslik mamlakat universitetlarining o‘quv rejalarida, nihoyat, aks ettirildi. Mana endi «ishonch yorlig‘i»ga, to‘la qonuniy asosga ega bo‘lib turibmiz. Yuzimiz yorug‘ bo‘ldi.
Z. I. — Qayta qurishlar davrining sharofati bo‘lsa kerak?
G‘. S. — !.. Ammo hali-veri eskicha kayfiyatlar baravj. «Yuvish bilan bo‘lmasa, ishqalash bilan ketkazamiz», degan gap bor ruslarda.
O‘zbek filologiyasi fakultetida milliy madaniyatlar hamkorligi, adabiy aloqalar, qayta yaratish san’ati haqida jo‘shib gapiruvchilar, aql o‘rgatuvchilar juda ko‘p. Ammo — amaldagi o‘quv rejalariga zid o‘laroq! — fakultetda tarjima nazariyasi va amaliyotidan biron soat ham dars yo‘q. Rus filologiyasi fakultetida ham «do‘stlik», «qardoshlik», «internatsionalizm» — tillarda doston. (Aslida, bu yerda jonli tarjima uchun nihoyatda qulay zamin mavjud: ikki-uch tilli maxsus milliy bo‘lim tashkil etilgan!) Biroq… fakultet rahbarlarining tarjimaviy ixtisoslikni ko‘rarga ko‘zi yo‘q. Mana sizga — Gorbachev keskin taiqid qilgan «hamma narsani dazmol bilan silliqlash» siyosatining oqavasi.
Z. I. — Sizdan so‘ramoqchiydim: nega bir universitetda, bir yo‘nalishda bir emas, ikkita (rus va o‘zbek) filologiya fakulteti bor? Sharq filologiyasi, roman-german filologiyasi, jurnalistikani ham qo‘shilsa, — naq beshta so‘zshunoslik fakulteti! Shuncha «gap-so‘z» bir universitetga ko‘plik qilmasmikan? «Gap bilan osh pishmaydi», deyishadi-ku. «Dastavval So‘z bo‘lgan» degan aqidaga ko‘ra ish qilishgaimi, deyman?
Aytaylik, tabiiy fanlar ham shunday tartibga ko‘ra bo‘lib chiqilsa-ya? Chunonchi: «Rus matematikasi fakulteti», «Nemis fizikasi fakulteti», «Yapon kompyuterlashtirish fakulteti», «O‘zbek paxtachiligi fakulteti» va hokazo… Yo men biroz ko‘pirtirib yubordimmikan?
G‘. S. — Busiz ham hammayoq o‘zi ko‘pirib yotibdi. Aslida-ku, yomon bo‘lmasdi, agar universitet so‘zshunosligi bo‘limlarining tuzilishi, chindan ham, o‘sha Injildagi «dastavval So‘z bo‘lgan» aqidasini, Kalomni chuqur tadqiq va tahlil qilishni ta’minlasaydi! Buning o‘riiga, nazarimda, o‘sha azaliy va muqaddas so‘zlar ham siyqalashib ketayotganday…
Z. I. — Bunday olganda, dorilfunundagi barcha mayda-chuyda «filologiyacha»larni birlashtirib, bitta yirik, baquvvat fakultet tuzib qo‘ya qolinsa bo‘lmasmikan?
G‘. S. — Aytishga oson! Bir narsa shubhasiz: filologik tamg‘aning obro‘si va salmog‘ini jiddiy bir tarzda ko‘tarmasa bo‘lmas. Biroq o‘shanda ham siz aytgan taxlitda emas. Ehtimol, tabiiy fanlarda bo‘layotganidek, universitet qoshida bir necha bo‘limdan iborat, agar zarurat bo‘lsa, — bunday zarurat esa bor deb o‘ylayman, — bir qancha yangi sohalarni ochib (matnshunoslik, notiqlik, tarjima, tahrir va istilohshunoslik, xattotlik va miniatyura san’ati, turkiyshunoslik, qomus va lug‘atshunoslik, axloq va odob), markazlashgan, yirik, zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan Filologiya instituti tuzilgani ma’qul ko‘rinadi.
Z. I. — Qayta qurishlar samarasidirki, mamlakat va respublikaning xalqaro aloqalari kengayib, iqtisodiy va siyosiy salmog‘i oshib bormoqda. Bu yosh mutaxassis kadrlarga talab yana ortaveradi, degan gap. Ammo shunday bir sharoitda…
G‘. S. — … biz tayyorlayotgan gumanitarchilarming «harakat qilish doirasi» hamon torligicha qolmoqda. Mutaxassislarimiz — hatto sharqshunoslar, roman-germanchilar, iqtisodchilar ham — filologlar bilan jurnalistlarni aytmayoq qo‘yaylik! —To‘ytepadan nariga o‘tishmayotibdi. O‘rta Osiyo dorilfununining oldingi nufuzi qayoqda qoldi?
Z. I. — Nega unday deysiz? Olaylik, birgiia jurnalistika fakultetida Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlaridai kelgan yuzlab studentlar o‘qishadi-ku?
G‘. S. — Ha, o‘qishadi. Men o‘zimiz va o‘zimiziikilar haqida gapirayotibman. Xo‘sh, o‘sha Osiyo, Afrika va Lotii Amerikasi mamlakatlarida necha nafar o‘zbek jurnalisti xizmat qilayotibdi? Qani nomma-nom ayting-chi? Fakultetda o‘qish-o‘qitish ishining saviyasi pastligi, domlalarning ko‘pchiligi nochor, ular o‘rtasidagi munosabatlar qanchalik tarang ekanligini bilasiz-ku.
Z. I. — Hanuz ahvol o‘sha-o‘shami?
G‘. S. — «O‘sha-o‘sha» emas, albatta. Universitetda manzara tubdan o‘zgarmoqda. Yaigi odamlar keldi. Ishga ishtaha tug‘ila boshladi. Illatlardan forig‘ bo‘lishning dardli, ziddiyatli jarayoni daaom etayapti. Oliy maktab «o‘ngdan» va «so‘ldan» tanqid qilinmoqda. Mayli, bu boshqa masala. Asosiy gapga kelaylik.
Z. I. — «Qizdirib bosish»ning yana bir qo‘pol namunasi — Respublika rus tili va adabiyoti pedagogika institutida sodir bo‘ldi. Bu yerda besh yildan buyon tarjima bo‘limi guppa-tuzuk ishlab turuvdi. Rektor xonim G. N. Shcheglova, kimlargadir yoki nimalargadir o‘chakishib, zarda bilan bo‘limni yopdi-qo‘ydi. Qo‘pol o‘zboshimchalik bilan. Hamma qars urib qolaverdi. Yana o‘sha standart bahona — «nomenklatura»!
G‘. S. — O‘zbek adabiyotining rus tiliga va boshqa xorijiy tillarga tarjimalarida, shaxsiy tashabbusga asoslangan bir qancha durust ishlarni aytmasangiz, sifat nihoyatda past, siljish sust. Hamon o‘sha — «eski hammom, eski tos»: bu yerda almisoqdan qolgan, bir zamonlar Pushkinning qarg‘ishiga uchragan o‘ta xarobotiy usul — taglama (satrma-satr tarjima) orqali tusmollab o‘girish davom etadi…
Tasavvur qiling-a: o‘zbekchadan ruschaga tarjimachilikda taglama qo‘llanilishi — XXI asr bo‘sag‘asida ham adabiyotimizning bepoyon do‘stlik zaminini omoch-bo‘yinturiq bilan qo‘sh qo‘shib haydashga urinishdek gap! Bu sohada biz kamida yarim asr ortda qolib ketganmiz. Hozirgi ahvolimizda bu jabhada o‘nglanish uyoqda tursin, hayot alomati ham ko‘rinmaydi!
Z. I. — Oliy filologik ta’lim respublikada bolalab ketgan, «tarjima» desa, hamma o‘zini go‘llikka soladi…
G‘. S. — …«Men na deyman-u, qo‘buzim na deydi!» qabilida.
Z. I. — Umuman, nazarimda, oliy maktab gumanitariyasi hayotdan uzilib qolgan, yillar davomida hayot bilan hisoblashmay qo‘ygan…
G‘. S. — … hayot ham u bilan hisoblashmay qo‘ymoqda. Afsus va nadomatlar bo‘lsinki, eski o‘quv rejalari yosh avlodni ko‘p jihatlardan maslaksiz va savodsiz qilishga mo‘ljallangan edi. Endilikda bu sir emas. Axir, ne ko‘rgilikki: tarixchi — o‘z Vatani tarixini, tilshunos — o‘z ona tilini, iqtisodchi — o‘z reslublikasining haqiqiy daromad-buromadini, faylasuf — o‘z xalqining butun tarixiy takomil jarayonidagi emranishini durust bilmasa! Tarjimonga kelganda…
Z. I. — …mana bu raqamlar ustida o‘ylab ko‘raylik: hozirga qadar Oybek asarlari 159 marta 4 million 776 ming musxada chop etilgan, boshqa sovet adiblari qatorida 92-o‘rinda turadi. G‘afur G‘ulom asarlari 167 topqir 3 million 616 ming nusxada nashr etilib, 101-o‘rinni ishg‘ol qiladi.
Tarjimoi kimning hifzi himoyasida o‘zi? Uning mehnati og‘ir meqnat. Oliy maktab tarjimon tarbiyalashda tixirlik qilsa, ijodiy uyushmalarda u o‘zini omonat sezsa, avtorlik huquqida ham «mandati» cheklangan. Oladigan qalam haqi hamma vaqt ham uning sarf-xarajatlarini qoplaydi, deb bo‘lmaydi.
G‘. S. — bizda ham Kavkaz, Boltiqbo‘yi respublikalaridagi singari, amaliy tadbirlar ko‘rilmasa, gap gapligicha qolaveradi. Ministrlar Sovetimiz huzurida Tarjima komiteti tuzilsa yomon bo‘lmasdi. Bu tadbir butun mamlakatda ma’qullanganini bilasiz.
Z. I. — Qaydam. Masalan, Gruziya Tarjima hay’atida yuz yigirma kishi xizmat qilarkan. Hozir bizda jami shuncha tarjimon bormi o‘zi?
G‘. S. — Bor. Ayniqsa hozir, milliy tillarning mavqei oshayotgan bir vaqtda tarjimaga ehtiyoj ortgandan ortib boradi. Kadrlarga eqtiyoj tug‘ilishi ularni tayyorlash zaruratini ham keltirib chiqaradi. Bu hayot taqozosi. Besh-olti yildan keyin, qarabsizki, malakali yosh tarjimoilar saf tortib turibdi.
Z. I. — Shunday-ku, lekin uyoqlarda o‘ttiz-qirq tildan tarjima qilinarkan, shuncha til bilgich adib va mutarjimlarii qayoqdan olamiz?
G‘. S. — Tarjima komiteti futbol komandasi emaski, «yollanma» o‘yinchilar boshqa komandalardan chorlab keltirilsa — har xil ustama «sayl xarjlari» evaziga. Ularni o‘zimiz tayyorlashimiz kerak. Yaxshi niyat bilan tashlangan qadamning shaxti va xosiyati ham o‘zgacha bo‘ladi, birodar. Men aminmanki, agar shunday bir «Dorul tarjima» tuzilsa bormi, — uning ta’sis etilishi esa juda-juda zarur! — istagan turdagi zullisonayn tarjimonlar ham topilaveradi.
Z. I. — Hozir butun mamlakat bo‘ylab mablag‘lar tejalayotgan, shtatlar qisqartirilayotgan bir pallada biz davlatdan yangidan yuzlab o‘rinlar, joy, aqcha, qog‘oz talab qilsak, buyog‘i qanday bo‘larkan?
G‘. S. — Har bir tabarruk qadamni, ayniqsa hozir, «bosaymi, bosmaymi?» deb o‘tirsak, joyimizdan qachon jilamiz?
Mablag‘lar tejalishi kerak bo‘lgan joyda tejaladi. Shtatlar qisqarishi kerak bo‘lgan joyda qisqaradi. G‘am chekmang. Avvalo, hammasining o‘rni bor. Mavjud mablag‘lar, qog‘oz limiti, shtatlar turli nashriyot, agentlik, institut, redaktsiya va boshqa muassasalardan olinib, bir joyga yig‘iladi, markazlashtiriladi. O‘sha qisqartirilayotgan shtatlardan ham marhamat qilinar. Joy masalasi hozir qiyin emas. Muhimi: yangi komitet iste’molchi, boqimonda emas, balki o‘z-o‘zini moliyaviy ta’minlaydigai, to‘la xo‘jalik hisobi asosida ishlaydigan, ulkan ma’naviy sarmoyasidan tashqari, davlatga olamjahon moddiy foyda ham yetkazadigan mahkama bo‘ladi. Bu — nashriyot, xo‘jalik korxonasi, ijodiy va ilmiy muassasa xususiyatlarini o‘zida mujassamlashtirgai yangicha komitet bo‘lib tug‘iladi.
Z. I. — Emishki, gruzinlar tajribasi qanchalik jozibador bo‘lmasin, o‘zlari chetdan gurji tiliga kam o‘girisharkai. Ularning bosh maqsadi o‘z kitoblariii boshqalarga yetkazish, shunga qulaylik yaratishdai iborat.
G‘. S. — Ayni muddao! Bizda ham, jilla bo‘lmaganda, Ittifoq umumiy nashr ro‘yxatida Navoiydek bir mutafakkir shoirimiz 42-o‘rindan bir necha pog‘ona yuqori ko‘tarilar. Respublika o‘z ijtimoiy-siyosiy ahvoliga ko‘ra mamlakatda to‘rtinchi o‘riida hisoblansa-da, Oybegimiz 92-, G‘afur G‘ulomimiz 101-o‘rinda tursa!..
Z. I. — To‘g‘ri-yu, biroq bizda tarjima «importi» bilan tarjima «eksporti» nisbatida baribir mutanosiblik buzilmasligi kerak.
G‘. S. — Hozir o‘zi buzilgandan buzilib turibdi-yu, battar bo‘lmas? Xullas, tarjimachilik o‘lkasida tashvish ko‘p. Shu kunlarda adabiyotimizda yakranglikdan qochish, bir xil qolipdagi narsalardan bezish ayon ko‘rinib qoldi. Tarjimada ham shunday bo‘lishi kerak. Har qanday chig‘iriqdan omon o‘taveradigan, kishida botiniy qoniqish, fikr yoki e’tiroz uyg‘otmaydigai «bolta» asarlarni tarjima qilish didni ham, dilni ham, zehnni ham o‘stirmaydi. Rang-baranglik kerak. Men tarjimada mavzular, uslublar, ohanglar, ma’nolar rang-barangligi tarafdoriman.
Z. I. — Rang-baranglik-ku yaxshi, shu bilan birga…
G‘. S. — Xo‘sh?
Z. I. — O‘zingizdan qolar gap yo‘q. Bir guruh barkamol tarjimonlarimiz qayta yaratish san’atiga jon kirgizib turgani bilan, umumiy saviya shu qadar xilma-xilki, to‘g‘risi, bundan ko‘ngil behuzur bo‘ladi. Mohir tarjimonlarimizning mumtoz asarlari bilan bir qatorda chunon xom-xatala, chalajon, ba’zan intihoyi bo‘sh ishlar borki… Hatto o‘z vatanida biron arzigulik e’tibor qozonmagan o‘rtamiyona kitoblar ham, hozir o‘zingiz aytganingizdek, yilma-yil bosilib turibdi. Men shu xildagi rang-baranglikka mutlaqo yo‘qman.
G‘. S. — Agar tarjimonda «tishingiz» bo‘lsa, uni koyimang, sazoyi yoki badarg‘a qilmang, unga — biron zerikarli kitobni tarjima qildiring. Aksiga olib, ular bunday jazoga tez-tez mustahiq bo‘lib turadilar.
Z. I. — Nimani o‘girish-o‘girmaslik tarjimonning huquqi. O‘lik asarni tarjima qilmasin. Kim uni majbur qiladi?
G‘. S. — Yuqoridan «tortiq» qilinsa-chi? Rad etolmasa-chi?
Men keyingi vaqtlarda bir qancha rusiyzabon o‘zbek yozuvchilarining asarlarini va ularning tilimizga tarjimalarini o‘qidim. Ahvol jiddiy. Avvalo, «o‘zbek adibi» hisoblanmish yozuvchi yoki shoirning yozganlarini o‘zbekchaga o‘girishning o‘zi qiziq tuyuladi kishiga. Na iloj. Bu ham ikki tillilikning ne’mati ekan-da…
O‘z adibimizning asarini o‘girganda, rosmama tarjimadan farq qiladigan juda qiziq hodisa yuz beradi. Rus tilida ijod qiluvchi kishi garchi «mahalliy» materialga asoslansa-da, rus o‘quvchisiga, yevropalik kitobxonning tab’-didiga «mo‘ljallab» yozadi. Shunday ekan, o‘sha kitobni o‘zbekchaga o‘girganda, unda tasvirlangan voqealarga kimning ko‘zi bilan qarash kerak: rusning nazari bilanmi yoki o‘zbekning nazari bilan?
Z. I. — Temur Po‘lat asarlarining tarjimalarini o‘qib boraman. Bu yozuvchiga hurmatim baland. Loaqal shuning uchunki, u o‘zbeklardan mamlakat va jahon miqyosiga ko‘tarilgan adib. Bu kichkina gap emas. Ammo bir kitobxon sifatida, menga uning prozasi yoqmaydi.
G‘. S. — Sabab? Nimasi yoqmaydi?
Z. I. — Uning roman, qissa va hikoyalarida milliy til deb tasvirlanayotgan obraz va personajlarning otidan bo‘lak biron narsasi o‘zbekcha emasdek: fe’l-xo‘yi deysizmm, o‘y-fikrlari, qilig‘i, gap-so‘zi, ravish-raftori, xullas, butun turmush tarzi bilan ular o‘zbekni kam eslatadi. G‘ira-shira. Ular bizdan qandaydir begona, uzoq… Bizning kishilarimiz haqida qandaydir boshqacha tasavvur beradi-da. Xuddi yevropacha madaniy an’analar asosida tarbiya ko‘rgan ajnabiy kishi yurtimizga kelib, bir qancha muddat istiqomat qilib, qissa yozganga o‘xshaydi. Bu asarlar «eksport» uchun yozilgandek.
G‘. S. — Unday desangiz, faqat Temur Po‘lat emas, ajnabiy tab’-didning «havosini olgan» bir qancha boshqa yirik nosirlarimiz ham o‘zbek milliy hayotidani dastavval xorijiy qiziqtiradigan «ajoyibot»larni qabartirib tasvirlashga moyil bo‘lib qolishgan.
Z. I. — «Dushan qaysarning ko‘rgan-kechirganlari» romanini o‘zbekchaga o‘girarkan, Qodir Mirmuhamedovdek tarjimonimiz ham tang ahvolda qolganga o‘xshaydi. Aavalo, u kitobning siynasiga «erkin tarjima» tamg‘asini bosgan-da, o‘zbeklar haqida yozilgan asarning o‘z odamlarimiz turmushiga yot, bizga aslo singishmaydigan o‘rinlarini iloji boricha asliga — kitobga emas, balki hayotga — moslashtirishga, o‘zbek o‘quvchilariga badhazm joylarini biroz «pardalashga», «silliqlashga» uringan.
G‘. S. — Xullas, «yo piyolami choynakka, yo choynakni piyolaga urish» kerak ekan-da: yo o‘zbek kitobxonlarini Temurning asarlarini o‘qib bahra oladigan darajaga ko‘tarish kerak yoki Temur o‘z asarlarini o‘zbek kitobxonlariga ham manzur qila oladigan darajaga ko‘tarsin! Busiz har qanday chapdast tarjimonning ham, ming chiranmasin, mehnati zoye ketadi. Tarjimonning erkinligi qayoqqa borardi! Kitobiy cheksiz «erkin tarjima» qilib bo‘lmaydi-ku!.. Aslida, asarga 6u qadar qayta «sayqal» berishga uning haddi ham sig‘maydi.
Z. I. — Balki, men Temur Po‘latov ijodini chuqur tushunmayotgandirman. Adibning estetikasi, yevropacha tafakkur tarzi mening ong-shuurimdan, idrokimdan balanddir? Unday desam, yozuvchining ijodi haqida aytganlarim faqat mening shaxsiy fikrim, o‘z mulohazalarimgina emas. O‘zga yurtlarda, rus, olmon, farang, mojor, chex va boshqa xalqlar o‘lkasida shuhrat topish yaxshi, albatta. Go‘zal taxayyul, pinhoniy dardni go‘zal uslubga solib, g‘aroyib tasvirlar chizish «osiyoviy», «patriarxal Sharq» manzaralariga o‘ch Yevropa kitobxonlarini o‘ziga jalb etadi. Ammo yozuvchi avvalo — o‘z xalqini, xalq esa — o‘z yozuvchisini tushunishi, sevishi, ardoqlashi lozim, deb o‘ylayman.
Darvoqe, yana bir gap: o‘z romanini bu zaylda qo‘shib-qisqartirilgani-yu, bunchalik «o‘zbekchalashtirilgani»ga nega muallif befarq? U til biladi-ku? Nega adabiy tanqid — xomush va loqayd?
G‘. S. — Temur Po‘latdek adibning ijodiga baqo berish uchui uni har taraflama, chuqur va jiddiy o‘rganish kerak. Bu mavzuga yana, bafurja qaytarmiz.
Aslini olganda, faqat «Dushan qaysar…»dagina emas, har qanday mukammal tarjimada ham muayyan «xiyonat» izlari bo‘ladi. Bo‘lmay iloji yo‘q. Qayta yaratish san’atining «fe’li» o‘zi shunday. Bu yo uslubda, yo ohaigda, yo ma’noda, yo milliylik, fikr, jumla, so‘z, ohang, hech bo‘lmaganda, biron imo-ishorani ifodalashda nogahon bilinib qoladi. Yomon tarjimani-ku asti qo‘yavering. «Basharang qiyshiq bo‘lsa, oynadai o‘pkalama» deydilar. Biroq nachora. Asliyatning o‘zida ham nuqsonlar bo‘lsa-chi? Muallifga cheksiz sadoqatli mutarjim sho‘rlik o‘sha nuqsonni ham… o‘lib-tirilib, muqobil nuqson bilan o‘girishga intiladi: qiyshiq oynaga qiyshayib qaraydi. Evoh, u bilmaydiki, kitobxon bu sirdan ogoh emas. U buni ham, muallif qolib, mutarjimga nisbat beradi. «Tarjimon — xoin» deb o‘ylaydi…
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 1989 yil, 21 aprel