G‘aybulloh as-Salom. Bizning dorilfununlarimiz (1989)

Toshkent shahar firqa qo‘mitasining XI plenumida qilingan ma’ruzada oliy va o‘rta maktabning o‘n minglab bitiruvchilari orasida… savodsiz diplomlilar, ma’naviy qadriyatlarni yo‘qotgan yoshlar tobora ko‘payib borayotganligi aytilgan edi. O‘qiymiz: «Shunisi ajablanarli holki, oliy o‘quv yurtlarida nosog‘lom ehtiroslar boshqa har qanday muassasalardagiga nisbatan ko‘proq kuchaymoqda, nafsoniyatga haddan ziyod berilish hollari namoyon bo‘lmoqda. Shaxsiy o‘ch olish chog‘ida har qanday yaramas vositalardan foydalanilmoqda, ziyoli murabbiyning eng asosiy fazilati — o‘zaro munosabat odobi, munozara etikasi, o‘zganing haq ekanligini e’tirof eta bilish fazilati mutlaqo unutib qo‘yilmoqda».

Bu dashnom biz, insonshunoslik (gumanitariya) sohasining kishilariga ham daxldor. Zotan, «gumanizm» lotincha «humanus» — insoniy degani. Odamlar, ularning ravish-raftori, xulq-atvori, o‘zaro munosabatlari hammavaqt ham silliq va tekis bo‘lavermaydi.

Kalom (so‘z) bilan ish ko‘ruvchi faoliyatning mas’uliyati katta. Tarixan olib qaraganda, «so‘z»ning bir ma’nosi — «kuydirish», «o‘rtash», «olov», «alanga» demak. Binobarin, ana shu «yondirish san’ati»ga yoshlarni da’vat etishga, ularning qalbini «yoqishga» chorlangan murabbiy, ustodlarning o‘zlari ham «yonishlari», yashnab turgan qalb qo‘riga ega bo‘lishlari kerak. Zero, ular o‘zlari yonmasalar, qanday qilib ziyo taratadilar?

Ta’lim, tahsil, tadqiqot va tarbiya sohasida barchamizning faoliyatimizga daxldor achchiq bir haqiqatni tan olishga to‘g‘ri keladi.

Jumhuriyatimizda so‘zshunoslik (filologiya) sohasida bilag‘on fan nomzodlari kam emas. O‘nlab fan doktorlari, professorlar, fan arboblarimiz bor. Lekin yozuv, matn, imlo, insho, tarix va nazariyada biron jiddiy ilmiy masalani hal qilish gali kelganda baquvvat mutaxassis — anqoning urug‘i.

Butun Ovrupo madaniyati uchun lotin tili qanday maqomga ega bo‘lsa, o‘zbek madaniyati tarixida baayni shunday mavqega ega bo‘lgan arab va fors tillari, o‘zimizning eski yozuvimizdan gap ochilsa, aksariyat olimlarimiz, «xatimiz andak badxatroq», deb chetga chiqishadi.

Biron ishni ko‘ngildagiday tahrir qildirish, oqilona bir maslahat so‘rash, muayyan mavzu yoxud davrni chuqur yoritishni ishonib topshiradigan olimlar, didli muharrirlarimiz kamdan-kam. Sababi, oliy gumanitar ta’limda ham inson omili, ta’bir joiz bo‘lsa, «olim omili» dolzarb muammo bo‘lib qolgan.

Vasiqali ilmiy martaba sohiblari ko‘p, chinakam savodxon olim kam. Natijada chuqur ilmiy risolalar, allaqancha fanlardan darsliklar, o‘quv qo‘llanmalari, qomus, lug‘at, bilgich (spravochnik)larimiz tanqis. Borlari ham ba’zan sayoz, qurama, hatto ro‘y-rost ko‘chirmakashlikdan iborat bo‘lganlari ham yo‘q emas. Qo‘yingki, hamon polyak adibi Stanislav Yeji Lets aytgan o‘sha gap-gap: «Davr bizga daholarni hadya etishda saxiylik ko‘rgazdi. Shoyad, ular orasidan bir nechta «pichoqqa ilinadiganlari» ham topilib qolsa»…

Bu nuqsonlarning ildizi qayerda?

Obbaholam, 1973 yillar edi. Yodimda, Toshkent dorilfununi jurnalistika fakultetining ilmiy kengashida so‘zga chiqib, studentlarimizning xat-savodi nihoyatda pastligidan o‘kinib gapirganim. Chunonchi, qo‘limga tushgan bir diplom ishidan 490 ta imloviy va uslubiy qusur ko‘zga chalingani, davlat imtihon hay’ati esa o‘sha ishga… «besh» baho qo‘yganligini taassuf bilan qayd etdim. Beg‘araz. Nima bo‘ldi? Aql-idrok va adolat sodir bo‘lgan nuqsonlarni bartaraf etishni, har xil nopok, nahs narsalardan forig‘ bo‘lishni taqozo etar edi. Ammo bunday bo‘lmadi.

Biz hali yetmishinchi yillarning boshlaridayoq dorilfunun ta’limi va tadqiqoti faoliyatida yangi — tarjima va tahrir yo‘nalishini dadil boshlagan edik. Ammo hayot bilan oliy maktab o‘rtasida o‘pqon, jarlik yuzaga kelgan ekan. (Bu uzilish hozirgacha davom etadi…) Uzoq yillar davomida oliy ta’lim sohasida tomir otib ketgan bid’at, aqidaparastlik, ma’naviy hayot tarzi va axloqiy fazilatlarning jiddiy tarzda buzilganligi har qanday sog‘lom fikr, yangilikni rad etar edi. O‘quv planlari ahyon-ahyonda, «xo‘ja ko‘rsinga» yangilanardi, xolos. Hayot esa tub o‘zgarishlarni, butun o‘qish-o‘qitish ishini qayta qurishni talab qilar edi.

Toshkent dorilfununini ko‘z ochib ko‘rgan dastlabki kunlardayoq hayron bo‘lgandim: nega o‘quv tarxi (planlari)da hayot bir yoqlama, xira aks etgan?

Nima sababdan jurnalistika ixtisosi uchun nonday aziz narsalar: yozuv-chizuv mahorati, uslub (sof «lingvistik stilistika» emas), tarjima san’ati va yo‘l-yo‘riqlari, lug‘atchilik va qomuschilik ishlaridan nazariy va amaliy mashg‘ulotlar, muloqotlar ko‘zda tutilmagan, tahrirga juda qimtinib, oz vaqt ajratilgan? Nega hammayoqni ba’zan soxta, bizdan yiroq tarix (tarixning ham o‘nlab «tur» va «xil»lari) bulutday bosib yotibdi?

Xorijiy tillarga saxiylik qilib 372 soat berilgani holda, jurnalistika mahoratiga atigi — 88 soat, amaliy uslubiyotga nihoyati — 64 soat, adabiy tahrirga — bor-yo‘g‘i 36 soat ajratilgan.

Bundan chiqadiki, kasb-kori kalom (so‘z) bilan ishlashga da’vat etilgan studentning adabiy tahrirdan ko‘ra, aytaylik, xorijiy tillarni o‘rganishiga naq o‘n baravar ko‘p vaqti sarflanadi. O‘nga bir nisbat! Tag‘in buning ustiga, bo‘lajak «yuqori malakali» jurnalist aynan shu xorijiy tillardan savodsiz yoki chalasavod bo‘lib chiqadi…

Shubhasiz, tarix ham (aqidaparast bo‘lmagan tarix, albatta), boshqa ijtimoiy fanlar, adabiyot va xorijiy tillar ham jurnalistga juda kerak. Biroq jurnalistika tarix bilan filologiya ixtisosliklari orasida bu qadar siqilib, bo‘g‘ilib, xomtalash bo‘lib ketmasin-da.

Odamlarni manfaat harakatga keltiradi, deydilar. Odatda, ezgu niyatli kishilarning boshini qovushtirish qiyin. Qing‘ir maqsadlarda yurganlar esa bir-birlari bilan tez topishadilar. (Ko‘r ko‘rni qorong‘ida topadi, qabilida.) Bundaylar pastdan to yuqorigacha o‘zaro ipsiz bog‘langan. Shu bilan ular gerkulesday qudratli. Ulardan har xil ishlarda, qabul imtihonlarida, boshqa «nozik» o‘rinlarda «foydalaniladi». Basharti, bunday arzandalardan birontasiga bexosdan qoqilib ketsangiz, butun zanjir… jarang-jurung qilmasdan… harakatga keladi. Oliy tahsil sohasi uchun nomatlub har bir shaxsning o‘z «egasi» bor. Ularning ortida bir nechtadan ichki va tashqi nufuzli amaldorlar turadi. Bu «sodiq fuqaro» bilan «hazillashib» bo‘lmaydi.

To‘rtta g‘alamis birlashsa — «kollektiv» bo‘ladi. Bunday guruh bor joyda har qanday olimning sho‘ri quriydi. Biron illatni ko‘rsatib, uni tuzatishdan gapirsang, taftishbozlik, «ogohlantirish», hayfsan, xizmatlaringni ko‘rib ko‘rmaslikka olishlar… Dunyoda nima ko‘p, kamsitish, xo‘rlashning «turi» va «xili» ko‘p. Xullas, qoning buziladi va shu bilan hammasi tugaydi. Bunday bo‘lmasin desang, jim yur. «Jimitish» falsafasi! Har bir fikrlovchi odamning yonida va ortida ikki-uchtadan, ta’bir joiz bo‘lsa, «g‘ayri fikrlovchilar» yuradi…

Avval menga jurnalistika fakultetidagi odamlar, ishlar, munosabatlar allaqanday notabiiy bo‘lib tuyuldi. Bu mo‘jaz dargoh baayni «kichkina dekcha, ichi to‘la mixcha» edi. Yuqorida g‘ij-g‘ij nuqsoni bo‘lgan diplom ishiga «a’lo» baho qo‘yilganini aytuvdim. Tabiiyki, men hech qanday risolaga sig‘maydigan bu illatning sababiga qiziqdim. Nega shunday? Bu tasodifmi yoki ish zaylimi? Men uchun hodisaning o‘zi emas, balki ildizi, uni keltirib chiqazayotgan manbalarni topish muhim edi. Ana shu sababiyatni topganday bo‘ldim.

Mana, qo‘limizda jurnalistika va filologiya fakultetlarining talabalari uchun qo‘llanma deb taqdim etilgan «O‘zbek tili stilistikasi». Asar 1974, 1981, 1983 yillarda chop etilgan.

Sanab chiqdim: unda besh yuztadan ortiq xatoga yo‘l qo‘yilgan. Shulardan ikki yuzdan ziyodi g‘aliz uslubiy nuqson. Basharti, muallif dorilfununda o‘ttiz-qirq yil ishlagan uslubchi olim bo‘lmasdan, faraz qilaylik, oliy maktabga endi o‘qishga kirishga da’vogar (abituriyent) bo‘lganida, atigi uch sahifadan iborat inshoda to‘qqizta (allaqanchasi — uslubiy) xatoni o‘tkazib yuborgan bo‘lib, rasmiy risolaga ko‘ra «yomon» baho olgan, binobarin, «yiqilgan» bo‘lardi.

Muallif Abdulla Qahhorning «Quyushqon» fel’etonidan iqtibos keltiradi: «Gap shundaki, hozirgi vaqtda tilimizning boyligi, uning qochiriqlarini o‘rganishga eringan, so‘z san’atini hunar deb emas, kasb deb qaraydigan, bisotidagi bir hovuch so‘zni yillar davomida aylantirib kun ko‘radigan bir turkum qalam ahlining «faoliyati», chalamulla ba’zi olimlarning «ilmiy xulosa»lari natijasida ajib bir til bunyodga kelgan… Bu til har qanaqa jonli fikrga kafan kiygizadi, har qanaqa o‘ynoqi mazmunni taxtaga tortadi».

Ayni shu kitob A. Qahhorning «chalamulla» olimlar, «murdor» til haqida qahrlanib aytgan fikrini juda ajib bir tarzda isbotlaydi. Yozuvchi «tilbuzarlarga» qarshi shafqatsiz urush e’lon qilayotganida, jumladan, xuddi shu «Stilistika»ni nazarda tutayotganday tuyuladi kishiga.

Eshiting: «Nutqdagi har bir ayni holda fikr ottenkasi». Bu nima degani? Yoki: «Dovullarning dang‘illagan sadosi», «so‘z… stilistik nuqtai nazardan betaraf», «gaplarning fikrdoshligi», «stilistik hodisalar… umumiy stilistik bo‘yoq bilan birlashgan», «stil bilan maktablarda va o‘quv yurtlarida o‘qitiladi», «manfiy ma’no…»

Qandaydir no‘noq odamning ruscha manbalardan gula ko‘targan xomaki tarjimasiga o‘xshaydi. Qani, yana nimalar bor: «Situatsial holat», «davlatning… davlat tuzilishi», «intilinadi», «hozirgi kunda kundalik voqealar», «funktsional stillar estetik ta’sir ko‘rsatish holatiga ega bo‘lmaydi»…

Nahotki, shu gaplarni odam tushunadigan tilda ifodalab bo‘lmasa? Axir, kechirasiz-u, bu qandaydir «Maxluqshunoslik» darsligi emas-ku.

O‘qishda davom etamiz: «Milliy ekvivalentlar», «chet tilga mansublik bo‘yog‘i», «manfiy bo‘yoq», «stilistik va emotsional-ekspressiv bo‘yoqlar», «so‘zning emotsional bo‘yog‘i», «fikrga bo‘yoq berish», «funktsional-stilistik bo‘yoq», «so‘zlashuv bo‘yog‘i»… Qo‘llanma boshdan-oyoq mana shunaqa «bo‘yoqlar» bilan chaplab tashlangan. «So‘zbo‘yamachilik» bilan «ko‘zbo‘yamachilik» qorishib ketgan. Bunday tesha tegmagan, sun’iy, olimona «ikir-chikirlar»ni, yasama jumlalarni uncha-buncha manbalardan qidirib topolmaysiz. Hatto atayin «to‘qib» ham bo‘lmaydi.

«…Tarkibida ruscha «soldat», «schet» so‘zlari bo‘lgan xonasallot, xomcho‘t leksemalari ham oddiy so‘zlashuv stiliga mansubligiga ko‘ra farqlanadi», — deb saboq beradi «O‘zbek tili stilistikasi» (1983 yil, 17-bet). Antiqa «stilistik kashfiyot»! Nahotki bizning qilni qirq yorgan tilshunos olimlarimiz, uslubshunos afandilar bilmasalarki, xonasallot xona va olmon (nemis) tilidan ruscha orqali kirgan soldat so‘zlarining birikuvidan emas, balki tojikcha mazkur xona bilan arabcha salo (chaqiriq, murojaat, nido) kalimasining qo‘shilishidan tarkib topganligini? Tojik bilan o‘zbekning «xona»sida… olmon «soldat»i nima qilib yuribdi?..

Qo‘yingki, kitob qandaydir «bir qaynovi ichida» qolgan til bilan yozilganday. Ta’riflar mantiqsiz, gaplar poyma-poy, da’volar zo‘rma-zo‘raki, isbotsiz.

Men mutlaqo noimkoniy bir narsa: o‘lik tillar hisoblanmish lotin va sanskritda hatto hozir ham — roman, fojia, doston, she’r yozishning har qalay iloji bor, hisoblayman. Agar shunga zarurat bo‘lsa. (Bir sun’iy tilda yarim ming jild kitob yozilibdi-ku.) Ammo bizning o‘sha chalamulla tilshunos olimlarimiz «kashf» qilgan tilda arzigulik biron narsa yaratib bo‘lmaydi. Isbot deysizmi? Axir, biz ulardan o‘z olimlik rutbalariga munosib tadqiqotlarni mana yarim asrdan buyon kutaverib toliqdik. Deyarli hech narsa chiqmadi. Chiqmaydi ham. Chunki til bu fikrning izhori demak. Ilmiy tadqiqot yaratish uchun fikrlovchi, mutafakkir bo‘lish kerak. Olimlarimizning lug‘atida esa mingta so‘z bor. Bir mingu birinchi so‘zga o‘rin yo‘q. Qatron. Fikr ham shunga yarasha-da. Har qancha ustasi farang bo‘lmang, haligi mingta so‘zni o‘n marta «chaynaganingizdan» so‘ng, «milt» etgan cho‘g‘fikr ham abadiy yonmas bo‘lib so‘nadi, kulga aylanadi.

To‘g‘ri, ilm abstraktsiyadan iborat, abstraktsiyalash mahsuli, lekin mavhumot emas. Har qancha murakkab va ziddiyatli bo‘lmasin, abstraktsiya mahsulini hazm qilish mumkin, biroq qalin tuman choyshab bilan o‘ralgan mavhumotga hech kimning tishi o‘tmaydi. Muallifning o‘zi-ku o‘zi, hatto dunyoning yuzinchi sir-asroridan voqif bo‘lgan Sulaymonning ham!

Bizning aksari tilchilarimiz tavsifida muddao, ifodaviy tarz qanchalik g‘alat, tushunarsiz, mujmal bo‘lsa — shunchalik yaxshi. Olimlik «qadriyati» shunchalik sarbaland. Senga shunchalik sirli shaxs, hatto donishmand deb qaraydilar.

Hayratomuz bir gap. Buyuk tilshunos olimlar Vilhelm Humboldt, Herman Vamberi, Boduyen de Kurtene, A. A. Potebnya, Ye. D: Polivanov, N. Ya. Marr,

V. V. Vinogradov, L. V. Uspenskiy, A. Peshkovskiy, L. V. Shcherba, A. A. Shaxmatov va boshqalarning rus tilidagi asarlarini o‘qib tushunasiz. Lekin bizning bir qancha tilshunoslarimizning o‘zbek tili haqida bitgan o‘zbekcha kitoblarini o‘qib… tushunmaysiz. Yorab: rusning ruschasiga tushunsa bo‘ladi, o‘zbekning o‘zbekchasiga tushunish amri mahol.

Vatanparvarlik, xalqchillik tuyg‘ulari bizning ziyolilarimizga ham yot tushuncha emas shekilli. Xuddi shuning uchun qam «xonanishin» til olimlariga qarab:

— Hay, diqqinafas bo‘lib o‘tiravermang. Xonani shamollating, tashqariga chiqing, axir. Xalqingizga boring, uning ahvolidan, tirikchiligidan, tafakkuridan, ma’naviyotidan, o‘zidan va tilidan xabar oling. Odamlar bilan odamday gaplashing. Yorug‘ jahonga o‘z mo‘ringizdan turib mo‘ralamang. Balki tashqaridan turib o‘z mo‘ringizga qarab ko‘ring. Qiyshayib qolgan bo‘lmasin tag‘in. Qiyshiq mo‘ridan esa, bilasizki, qiyshiq tutun chiqadi…— deging keladi. Yo‘q, bizda til masalasi chatoq. Tilshunos olimlarimizdan qalin-qalin kitoblar qolayapti, lekin til qolmayapti.

Odatda, tilshunoslikka bag‘ishlangan asarlarda rus tilining grammatikasidan «kelib chiqilib»… o‘zbek tiliga «kirib kelinadi». Bir tilning tabiati, qonun-qoidalari majmuasini boshqa bir tilning sarfu-nahvi andazalari asosida ishlab chiqishga urinish yaxshi natija bermaydi. Chunki tillarning qurilishi, ularda so‘zlarning ma’no sig‘imi, tovlanishlari, majoziyligi, qo‘yingki, tillarning yoshi ham, lug‘aviy qatlamlari ham har xil.

Olimlarimiz ko‘hna lug‘aviy «osor-atiqalar» sanalmish arxaizmlarga munosabatni rus tilshunosligi mezonlaridan olishadi. Chunki tayyor narsani o‘zlashtirib qo‘ya qolish o‘ng‘ay-da. Ammo ular o‘ylashmaydiki, axir rus tili bilan o‘zbek tili grammatik qurilishi tarafidan tamom boshqa-boshqa tillar-ku! Binobarin, bu yerda o‘zbek tilining o‘z tarixiy va zamonaviy taraqqiyot omillari va holatiga qarab bus-butun mustaqil ish ko‘rishga to‘g‘ri keladi. Chunonchi, arxaizmlarga nisbatan bir vaqtlari sodir bo‘lgani kabi, me’yorsiz «qattiqqo‘llik» davom etaverganida, bizda «O‘tgan kunlar», «Mehrobdan chayon», «Navoiy», «Sarob», «Mirzo Ulug‘bek», «Ulug‘bek xazinasi», «Me’mor», «Ko‘hna dunyo», «Yulduzli tunlar» singari asarlarning, «Dekameron», «Hamlet», «Iliada», «Evgeniy Onegin», «Don Juan», «Anna Karenina», «Urush va tinchlik», «Jaloliddin Rumiy», «Asrga tatigulik kun», «Qiyomat» singari so‘z san’ati obidalari tarjimalarining dunyoga kelishi amri mahol edi. Bu asarlarsiz o‘zbek adabiyoti va madaniyatining holatini tasavvur qilib ko‘ring!..

O‘zining kichkina ilmiy risolasi yoki tadqiqotlarini odam tushunadigan bir tilda eplab-seplab yoza olmagan bir «o‘troq» til olimi qanday qilib jonli va adabiy til masalalarini hal qilsin? Tag‘in ular boshqa birovlarga emas, xuddi yozuvchilarning o‘zlariga «undoq qil», «bundoq qilma» deb har xil tavsiyalar beradilar, aql va hatto… til o‘rgatmoqchi bo‘lishadi! Tilga «til tegizish» uchun o‘zimizning ma’naviy haqqimiz bo‘lishi kerak-ku deb o‘ylamaydilar. Nainki til o‘rgatish, har xil «izm»lar bilan ularga tahdid qiladilar, yozuvchilar tilni buzayaptilar deb ularning dastidan dod soladilar. Holbuki, adabiy tilni kim yaratadi o‘zi — yozuvchimi yoki uzlatga chekingan olimmi?

Har kun, har soat har bir kishining boshiga son-sanoqsiz axborot yog‘ilib turadi: radio, teleko‘rsatuv, ro‘znoma (gazeta), jurnal, kitob… Ishxonada, mahallada, klublarda turfa yig‘in, majlis va suhbatlar… Quloqlar batang. Biz qabul qilayotgan mana shu axborot tilda qanday ifodalanmoqda?

Matbuotimiz tili buzilib ketyapti. Matbuot deganda esa jumhuriyatda muntazam chiqib turgan yuzlab ro‘znomalar, o‘nlab nomdagi jurnallar ko‘zda tutiladi!

Mana «Toshkent oqshomi» ro‘znomasida (1988 yil, 10 may) bosilgan «Timsoh go‘shtidan bifshteks» degan xabar. O‘qiymiz: «Timsohlar nisbatan mo‘min hayvonlar hisoblanadi». Mo‘min… timsoh? («Yuvosh» desa bo‘lmaydimi?) O‘qishda davom etamiz: «Timsohlar uzoq umr ko‘rishadi, yuz yoshgacha yashashadi». Timsohlar «umr ko‘radi»? «Yashashadi», «ko‘rishadi»? Yana o‘qiymiz: «…Timsohning go‘shti ham yuksak qadrlanishini ko‘pchilik bilmasa kerak». «La Boka» pitomnigiga tashrif buyuruvchi turistlar…», «Restoranning firmali tansiq taomlari» va hokazo.

Timsoh go‘shtidan tayyorlangan ovqatga nisbatan ishtaha qo‘zg‘ovchi bu qadar havoyi gaplarning nima keragi bor? Dunyoda eshak, kuchuk, toshbaqa go‘shtlari, hatto ilon, chayon, qurbaqa, chigirtka yeydigan xalqlar bor. Har kimning ta’bi-da. Har bir narsa o‘z o‘rnida tansiq. Biroq «ta’mli», «mazali xo‘rak» deyish o‘rniga «yuksak qadrlangan taom» (ko‘z oldingizga kaklik yoki bedana go‘shtidan tayyorlangan dimlama keladi!), qo‘riqxonaga borib turadigan odamlarga nisbatan «tashrif buyurmoq» (A?) singari ta’rifu-tavsiflar jig‘ingizga tegadi. «Yuksak unvon», «yuksak martaba», «yuksak madaniyat», «yuksak hurmat» deyish mumkin. Ammo timsoh go‘shtining «yuksak qadrlanishi» — intihoyi g‘aliz. Qo‘yingki: «Ahvoling qalay, o‘zbek tilim? Tiling, fikring, alfozing nechuk, adabiyotim, madaniyatim, fanim, matbuot, nashriyot, radio, kino, oynai jahonim?» — deydigan vaqt kelganga o‘xshaydi.

Taassufki, oddiy jaridaxonlar orasida ko‘pchilik mana shu narsalarning g‘alizligini payqamaydi ham. Chunki bunaqa almoyi-aljoyi gaplarni eshitaverib, ko‘raverib ular ko‘nikib ketgan. Bunday nuqsonlar kundalik matbuotdagina emas, balki darslik, qaror, farmoyish, jiddiy hujjatlarda ham qaynab yotibdi. Bu singari did, fahm-farosatni yerga uradigan «ikir-chikirlar»ga qanchalik ko‘nikib borsak, nutqimiz, idrokimiz ham shunchalik bulg‘anib, o‘tmaslashib ketaveradi.

Til sohasidagi chalasavodlik maktabdan boshlanadi. Nutq madaniyati, ikki tillilik, tarjima va tahrir ilmini, aslida, maktabdan boshlash kerakka o‘xshaydi. Menimcha, maktabda til o‘qitish siyosatini tubdan o‘zgartirish lozim. Tan olaylik, grammatika odamlarni go‘yo savodxon qildi. Biroq hamma bir qolipda, o‘ylangan, o‘lchangan, «oldindan belgilangan» adabiy tilda so‘zlashni o‘rgandi. K. Marks «amaliy-voqeiy ong» deb ta’riflagan tilimiz faoliyatida ta’qiqlovchi va ta’qib etuvchi narsalar haddan tashqari ko‘p. «Izm»lar tiqilib ketgan, hammayoq shiorbozlik, chaqiriq, da’vat va hokazo… «Asat — g‘o‘zangni yasat», «paxta — undoq, paxta — bundoq» degan gaplar. Erkin fikrlash, ijod, izlanish, ta’b-did cheklanib qoldi. Ulug‘ maqsadlar, olijanob o‘y-niyatlarni qabariq jumlalar, puch, tumtaroq, g‘ovak, balandparvoz so‘zlar bilan ta’riflash esa tahqir bilan teng.

Bedilxonlar qadimda bu ulug‘ shoirning bir misrasidan to‘qson to‘qqizta ma’no topgan ekanlar (misraning yuzinchi ma’nosi Bedilning dilida qolgan!..), hozir qaysi bir nazm ustasining bir misrasidan o‘nta ma’no topasiz? Qayoqqa ketdiykin u shoiri zamon, fozil, «abulmaoniy», shorihlar? Yo adiblarimizning satrlari g‘ariblashib, jo‘nlashib qolgan, yo munaqqidlarimiz ularning ma’nolarini topisholmayapti. Ehtimol, so‘z «ulgurji» bo‘lib ketganda ma’no qadrsizlanar?

Shunday qilib, men ikki masalaga qadalib gapirdim: biri insonshunoslik (gumanitariya) studentining saviyasi, ikkinchisi shu soha olimining saviyasi. Ularning asarlarida uchragan nuqsonlar nisbati — 490 ga 587. Har ikkala toifa kishisi ham: savodsiz vasiqa egasi va vasiqali savodsiz.

Jurnalistika fakultetida hayot bor, albatta. So‘zni qis hiladigan yosh ijodkorlar bu yerga intiladi. O‘n yildan buyon Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasidan kelgan yoshlar ham bu o‘quv dargohida tahsil ko‘rmoqdalar. Matbuot nazariyasi, radio va teleko‘rsatuv minbargohlarida ancha mazmunli ishlar qilinmoqda. Xususan, keyingi yillarda rahbariyat tahsil va tadqiqotchilik ishida, yosh domlalarni tayyorlash, ishchanlik qobiliyatiga qarab ulardan o‘z o‘rnida oqilona foydalanishda ibratli ishlarni halollik va sobitqadamlik bilan amalga oshirmoqda.

Umuman olganda esa, professor-o‘qituvchilar jamoasining nazariy tayyorgarligi, amaliy ishchanlik malakasi va qobiliyati umumdorilfunun darajasidan past. Buni faqat biz aytayotganimiz yo‘q va bu faqat bugun aytilayotgan ham emas.

Mana qo‘limizda «Mushtum» jurnalining 1963 yil, 5-soni. Bunda O. Husanov bilan R. Mirzaqulovlarning «Qalamlari yaxshiroq qayralsin» degan feletoni bosilgan. E’tibor qiling: «Qalamlari yaxshiroq qayralsin»!..

O‘tmishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tuzatilishi va bu kelajak uchun saboq bo‘lishi kerak edi. Oradan yigirma yetti yil o‘tibdi. Bu orada qusurlar-xatoga, xatolar-nuqsonga, nuqsonlar-illatga aylandi. Nima uchun shunday bo‘ldi? Sababi, feletonda qayd etilgan (va qayd etilmagan) bir talay illatlar yuzaki emas, balki fakultet hayotining chuqur qatlamlariga lat yetkazgan edi. (Buni keyingi ikki yil ichida «Yosh kuch» jurnali, «Yosh leninchi» ro‘znomasida bosilib chiqqan bir qancha o‘tkir chiqishlar ham yaqqol ko‘rsatdi.)

O‘tgan davr ichida marhum professor To‘g‘on Ernazarovdan keyin bo‘lgan ikki dekan atrofida uyushgan chalasavod domlalar, «randa ushlamagan shogirdlar» soni muttasil oshib bordi. Shunga mos ravishda guruhbozlik, vasvasa, turli yo‘llar bilan «yotlarni» oradan siqib chiqarish va yana allaqanday jirkanch narsalar ham chuqurlashaverdi.

Jurnalistika fakultetida uchta fan doktori, professor, o‘n beshdan ziyod fan nomzodi, dotsent xizmat qiladi. Choqqina ilmiy jamoa uchun yomon emas. Bu tarafdan ancha farovonchilik. Lekin shu bilan birga, matbuotchilik ilmiy fikr taraqqiyoti sust.

Ba’zan o‘ylab qolasan kishi: ilmiy daraja-yu unvonlar kishilarga nima uchun beriladi o‘zi? Bir umrga ilm-fan, oliy o‘quv dargohining «imtiyozli» boqimandalari bo‘lib yotish uchun emas, har holda. Olimlar orasida nomzodlik vasiqasi-yu dotsentlik guvohnomasidan bo‘lak og‘irligi yo‘q shaxslar ham kam emas. Dissertatsiya ularning birinchi va oxirgi «jiddiy» ilmiy ishi bo‘lib qolgan. Nazarimda, yuz-xotir qilib o‘tirmay, bunday «vasiqali ilmiy toifa» oldiga keskin talablarni ko‘ndalang qilib qo‘yadigan vaqt keldi: qani bizning maktabimiz? Qani ilmiy iqlimimiz? Qator-qator kitoblarimiz, ixtirolarimiz, darsliklarimiz, vorislarimiz, saf tortib turgan shogirdlarimiz qani? Didli, zo‘r muharrirlar, noshirlar, qilni qirq yoradigan muxbirlar, o‘tkir feletonchi, iqtidorli qomuschi mutaxassislarimiz ko‘pmi? Biz tarbiyalagan hozirgi zamon «komil aliyevlari», «a’zam ayyublari», «sobira xoldorovalari», «ziyo saidlari», «sanjar siddiqlari», «nazir to‘raqulovlari», «julqunboylari», «anqaboylari», «naim saidlari» qani? Borlarida esa — bizning shaxsiy rag‘batimiz, g‘ayrat-shijoatimiz, bilimimiz, malakamiz va hissamiz qancha? Qaysi bir iste’dod sohibini qidirib topdik va ro‘yobga chiqardik?

Har bir fakultetning qiyofasini o‘zida aks ettiradigan, professor-o‘qituvchilar jamoasining peshqadam olimi bo‘ladi. Nazariy jurnalistikada

ham shunday yirik mutaxassis bormi? (O‘yga tolaman).

— Mana, Ochil Tog‘ayev bor. Fan doktori, professor. Taniqli olim.

— Kim?

— Ochil Tog‘a…

— Yana kim?

— Ochil To…

— Boshqalar-chi?

— Boshqalar ham — bor. Qimirlab turishibdi. Ammo, istiqbolli yoshlar ko‘p. Boybo‘ta, Fayzulla, Bekir, Nazira, Alisher, Yusuf… Bulardan katta ishlarni kutsa bo‘ladi.

G‘aybulloh as-Salom va Saydi Umirov talabalar qurshovida. 1990 yil

Saydi Umirov fikrlovchi, yozuvchi olim, didli qalamkash. Boybo‘ta Do‘stqorayevning ishlari bizda jurnalistika sohasida baquvvat olim yetishib kelayotganligini ko‘rsatadi. Iqtidorli tadqiqotchining asarlarida 20—30-yillar o‘zbek matbuoti tarixining, bizdagi manbalar parokandaligi sharoitida, zamonaviylik, mahorat va g‘oyaviylik bilan bog‘liq murakkab, chigal masalalari puxta yoritib berildi. Shuningdek, Anvar Karimov bilan Qudrat Ernazarovlar o‘z sohasining bilag‘on mutaxassislari, desa bo‘ladi. Bekir Mamutov fakultet iqlimini, uning past-baland joylarini yaxshi biladi, uzoqni ko‘ra oladi…

Ayni vaqtda, xuddi shu dargohda davlat tekshiruv komissiyasi a’zolari tomonidan berilgan: «Chingiz Aytmatov qanday roman yozgan?» — degan savolga javob berolmay o‘sal bo‘lgan dotsent ham ko‘krak kerib yuribdi-da!

Bu yerda ayrim domlalar dunyoni da’vo qiladilar. Dunyo esa ularni tanimaydi.

Uslubiyot minbargohining mudiri Irisali Toshaliyev ishning ko‘zini biladi. Yaxshi olim. Ilmiy risolalari ham bisyor. Jamoatchi. Shunisi borki, u «sof» tilshunos. Matbuot, nashriyot ishlaridan tamom yiroq. O‘zing bilmagan, yurakdan his etmagan narsani boshqalarga qanday o‘rgatasan kishi? Bu yerdagi boshqa bir qancha domlalar ham bosmaxona bo‘yog‘ining «stilistikasini» hidlab ko‘rishmagan. Tahrir necha o‘n yillar davomida ikki oyog‘i bilan oqsab kelmoqda.

Fakultetda o‘nga yaqin o‘sishdan to‘xtagan, har qanday ilmiy hayot alomatlaridan mahrum kimsalar bor.

Mevali daraxtning boshiga tosh otadilar. Professor Ochil Tog‘ayev sovet davri o‘zbek badiiy publitsistika nazariyasiga asos soldi. Yangi ilmiy yo‘nalish ochdi, bir nechta qalin kitoblar, o‘quv qo‘llanmalari yaratdi, o‘zining yuzlab maqolalarida chuqur nazariy masalalarni yoritdi, adabiyot, hayot, jurnalistika muammolarini ko‘tardi. Yana muhimi, do‘ndirib dars beradi. Uni fakultetning darg‘asi desa bo‘ladi.

Xo‘sh?.. Butun kaltak boshqa o‘nlab daqqilarning emas, xuddi shu odamning boshida sindi. Bir vaqtlar til biriktirishib, uni hatto firqa safidan o‘chirib yuborishlariga sal qoluvdi. Bu ahvolda qanday ishlash emas, qanday yashash mumkin? Olim bukildi, ammo sinmadi.

Fanda bahs, munozara, fikrlar kurashi bo‘lishi kerak, albatta. Bu juda zarur. Busiz turg‘unlik, chirish boshlanadi. Biroq fikrlar kurashi — boshqa, raqibing ustidan mag‘zava to‘kib yuborish, uni mutlaqo «hazm qilolmaslik» — boshqa.

To‘g‘ri, Ochil Tog‘a ham jilla «avliyo» emas. Odamlar bilan hadeganda moshi ochilmaydi. Ba’zan qichigan-qichimagan joylarni qitiqlaydi. «Ob-havo»ning kelishiga qarab, har xil gapiradi. O‘z muxoliflaridan o‘ch olish payida yurgani-yurgan. «Achchiqni achchiq kesadi», degan aqidaga og‘ishmay amal qiladi shekilli. Zukko adabiy tanqidchi bo‘la turib, gohida she’riy nafosat bilan quruq siyosatni qorishtirib yuboradi. Durust, adabiyotda «ijtimoiyunchilik» degan eskidan kelayotgan ma’lum bir maslak bor. Bundaylar nozik, jo‘shqin she’riy tuyg‘uni sovuq tahlil qilishga moyil bo‘ladi. Badiiy ijodga «rosmana» mantiq asosida hukm chiqarishga intiladi. Ammo xuddi shu nuqtada she’riy nafosat xira tortishini, nainki xira tortish, o‘lishini tushunishmaydi.

Albatta, har qanday olimning ham ayrim fikrlariga qo‘shilish yoki qo‘shilmaslik mumkin. Hech kimni o‘zligidan voz kechishga majbur qilib bo‘lmaydi. Ilmda, adabiyotda va san’atda maktab, yo‘nalish, tariqatlar ko‘p. Ammo ular bir-birlarini inkor etmasliklari kerak. Muhimi, fikri va «yulduzi to‘g‘ri kelmaganligi», rostgo‘y va halolligi uchun olimga tazyiq o‘tkazish qat’iyan mumkin emas.

Ochil Tog‘ayev, qanday bo‘lmasin, fikrlovchi odam. U mudom studentlarni o‘ylaydi. Ularni hayotdagi illatlarga murosasiz bo‘lishga, haqiqatga sodiq kishilarning taqdir-qismatiga loqayd bo‘lmaslikka da’vat etadi. Mayli-da. Yomonmi? Ayni shunday sa’y-harakatlari uchun raqiblari uni yakkalaydilar, ma’naviy ezadilar.

Aslida, bunday ezishlar, haqorat va tahqirlar ikki taraflama va ko‘p taraflama, davomli va surunkali bo‘ladi. Buning oqibati deysizmi?

Shunday bir manzarani ko‘z oldingizga keltiring. Asablar qaqshagan, qon buzilgan. Domla to‘yib ketgan, alamidan paqqos yig‘lab yuboray deb turibdi… Buyoqda — dars. Saboq ko‘ngilga sig‘adimi shu topda! O‘zining «sabog‘i» chiqib turibdi-yu… Qarabsizki, dars — 80 minut vaqt mazmunsiz, qup-quruq o‘tadi. yo‘q, farazan, auditoriyada 26 student bo‘lsa, o‘sha 80 minutni ularning hammasiga zarb uramiz. 80X26= 2080 minut, yoki 34 soatdan ziyod vaqt qulog‘ini ushlab ketdi, deyavering. Qarshi tarafning ham darsi bor-ku. Demak, 34X2=68 soat darsning qut-barakasi o‘chadi. Davlat bahosida bir necha yuz so‘m mablag‘ birpasda yelga uchib ketdi, degan so‘z. Bu atigi bir xunobgarchilikning oqibati. Oylar, yillar, o‘n yillarning badalida shu tarzda suvga urib ketgan dars soatlari, mablag‘lar hajmi va miqdorini kim hisoblab chiqqan? Shunday bir o‘lchag‘ich asbob ixtiro qilinganmi dunyoda? Ammo maqol bor: bir kunlik janjal chiqqan uydan qirq kunlik baraka ko‘tariladi.

Saboq judayam o‘ziga xos, takrorlanmas ruhiy jarayon. Bilim, tajriba, malakadan tashqari, kishining ayni holatdagi kayfiyatiga bog‘liq. Ijod va badiha. Men, «sayrab» dars beraman, deguvchilarga ishonmayman. Butun dars davomida domla — studentlarnigina emas, studentlar ham — domlani kuzatadi, imtihon qiladi. Marhum professor Ayyub G‘ulom: 90 minutlik mashg‘ulotdan so‘ng, shuncha vaqt ichida bir o‘zim, xoli sayr qilib, asta-sekin soviyman, degan edi.

Uzoq yillar davomida domlalar orasidagi murosasiz ixtiloflarni kuzatib, ruhiy odamkushlik faqat harbiy istiloh emas, xiyla keng ijtimoiy ma’noga ega bo‘lgan illat ekanligini angladim.

…Men televizorda bir hujjatli filmni ko‘rganim bor. Hayhotday zaharli bo‘g‘ma ilon bahaybat timsoh bilan jang qilmoqda. Hayot-mamot kurashi. Goh unisi chovut soladi, goh bunisi g‘ajiydi. Mana, nihoyat, ilon o‘z kushandasini zaharladi. Timsoh ko‘zi tinib, gandiraklab ketdi. Lekin — o‘lmadi! Bir oz fursat o‘tgach, o‘zini o‘nglab oldi. Aytishlaricha, insonga qaraganda timsoh ilon zahariga yigirma marta ko‘proq chidamli ekan. Qo‘yingki, timsoh g‘olib chiqdi — ilon halok bo‘ldi.

«Yashash uchun kurash»ning bu noinsoniy turqi qanchalik musibatli bo‘lmasin, menda olishgan tomonlarga nisbatan allaqanday… «shukronalik» hissi paydo bo‘ldi. Yaxshiyamki, deb o‘yladim o‘zimcha, timsohlar bilan ilonlar ochiq jang qiladi. Yirtqichlar, odamlardan farq qilaroq, «tuhmat», «ig‘vo», «fisq-fujur», «hasad» nimaligini bilmaydi. Ularda bunday «qurol-aslaha» yo‘q.

O‘g‘irlik, birovni tunash, joniga qasd qilish va hokazolar — jinoyat. Lekin pinhoniy, «kunjaki» urush-chi? Bu yomon. Yomonligi shu yashirinligida. Dunyoda eng qabih urush — e’lon qilinmagan urush. Bu rosmana urush bo‘lib urush ham emas, uni tinchitib ham bo‘lmaydi. Sulh tuzishning ham iloji yo‘q. Kim bilan sulh tuzasan? Raqib tomon bo‘lmasa. Ayni vaqtda raqib bor va u dahshatli raqib.

Hayronsan kishi. Olishuvchi tomonlar nimani istaydi o‘zi? Nimasini yo‘qotgan va nima topmoqchi? Axir, yillab cho‘zilgan mutlaqo bema’ni raqobat — bu qilinmagan ish, ro‘yobga chiqmagan o‘y-niyat, o‘qilmagan ma’ruza, o‘tilmagan saboq, tayyorlanmagan shogird, chop etilmagan kitob, zaharlangan hayot…

Yangi gap: endi mash’um «yumaloq-xat»larning umri tugadi, deyishyapti. Rost. Ammo, qiyofasiz qora xatlar tugagan bo‘lsa, tugagandir, biroq afsus va nadomatlar bo‘lsinki, qora xusumat, qora ig‘vo, qora bid’atlar hali-veri tugaydiganga o‘xshamaydi. Buyoqda zukko shoirimiz: «Qachon xalq bo‘lasan, ey olomon!» — deb yotibdi, uyoqda esa ba’zi birovlar: «Qachon g‘arq bo‘lasan, ey olomon!» — degani-degan. Bas, qanday qilib dorilomonlik bo‘lsin, e…

O‘zbekning o‘zbekchiligi, olijanobligi, salohiyati, sobirligi ham, boshiga bitmas-tuganmas baloqazolarning yog‘ilib turishi ham — uning andishanavozligidan. Da’vat — nimaga? Fikrdagi eski xirqa-jandalarni tashlaylik! Hozirgi vaqtda yillab payimizni qirqib kelgan illatlarni ochiq aytish emas, balki ularni xaspo‘shlash, sukut saqlash — andishasizlikdir.

Toshkent dorilfununida 1969 yildan o‘z faoliyatimni boshlab, jurnalistika, o‘zbek va rus filologiyasi, roman-german hamda sharq fakultetlarida tahsil olib borgan bo‘lsam, muttasil tillar, adabiyotlar, tarjima masalalari bilan shug‘ullandim.

Ikkinchi faslga oziq bergan voqealar asosan 1969—1975 yillarda kechgan davrni aks ettiradi. Bu davrda kamina mudirlik qilgan tarjima nazariyasi minbargohi jurnalistika fakulteti negizida tashkil etilgan edi.

Dorilfununda qismatimiz juda og‘ir bo‘ldi. Bizni «quyida» hech kim tushunmas va tushunishni istamasdi. Chunki biron fakultetning o‘quv tarhida «tarjima» degan so‘zning o‘zi yo‘q edi. Shu bois, hamma joyda tom ma’noda begona va o‘gay bo‘lib qoldik. Bizning tomonimizda bor-yo‘g‘i bitta tayanch qolgandi, xolos. Bu — haqiqat edi.

Ammo haqiqat o‘z yo‘liga. Sening sohang, faning, ishing hayotga, jamiyatga qanchalik zarur bo‘lmasin, o‘quv tarhida yo‘qmi — tamom, bu «qonunsiz» hisoblanardi.

Atoqli olimlar Sa’dixon Sirojiddinov, Toshmuhammad Sarimsoqov, Shavkat Alimov, Erkin Yusupovlar rektor bo‘lgan davrda dorilfununda xizmat qildik. Ularning barchasi, bemustasno, eng qiyin pallalarda ham shaxsiy xusumatlar, rasmiyatchilikni rad etib, tarjimani, bizning mudom «g‘ayri qonuniy» deb hisoblab kelingan minbargohni bamisoli o‘z farzandlariday qo‘yinlarida saqlab keldilar. Ularga hamd va tahsin.

Bugunga kelib, nihoyat, yuzimiz yorug‘ bo‘ldi: dorilfunun keng miqyosda tarjimaning hayotiy zarurat ekanligini rasman to‘la tan oldi.

Ha, men bu faslda kechagi kun qiyinchiliklari, ziddiyatlari va uning ko‘proq soya tomonlarini gapirdim. Chunki endilikda bular mening (faqat — meningmi?..) yo‘qotgan yoshligim, hasratim, dil armonlarim bo‘lib qoldi.

Xo‘sh, kechagi gaplar — bugunga kerakmi? Ha, faqat bugunimizga emas, ertamiz va indinimizga ham kerak bo‘ladi. Negaki, qayta qurish bu mavsumiy, o‘tkinchi tadbir emas. Ogoh bo‘lingiz: turg‘unlik va inqiroz davrining oqavalari hali-veri tugamaydi… Shunday ekan, biz bo‘sh joylarimizni bartaraf etishimiz, oliy ta’limdagi ko‘hna va yangi bid’atlardan qutulishimiz, hayot o‘zi taqozo etayotgan bilim va tajribalarni barqarorlashtirishimiz lozim.

Oldinda qiladigan ishlarimiz nihoyatda ko‘p.