Eleonora Amashkevich. Kino san’atidagi asorat (1989)

Konfliktsizlik nazariyasi. Bu zararli nazariya boshqa san’at asarlarida bo‘lganidek, kino san’atida qam jiddiy asorat qoldirdi. Biz quyida shu xususda mulohazalar yuritamiz.

Avvalo «nazariya» tarixi haqida. Sovet estetikasi, adabiy tanqid va adabiyotshunoslikda qabul qilingan bu shartli atama, birinchi galda, zamonaviy voqealarga bag‘ishlangan adabiyot va san’at asarlarida ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan konfliktlar — ziddiyatlar, qarama-qarshiliklar bo‘lmasligini taqozo etadi. Shu yo‘sinda Sovet jamiyatida sotsialistik qurilish, kurash jarayonida yuz beradigan qarama-qarshiliklar rad etildi. «Konfliktsizlik nazariyasi» tarafdorlari mavjud konfliktlarni tasvirlashdan bosh tortib, faqat «yaxshi» va «eng yaxshi» konfliktlarni tan olar edilar.

«Konfliktsizlik nazariyasi»ning rivojlanishi shaxsga sig‘inish paytlariga to‘g‘ri keldi. Bu davr dabdababozlik, soxta muvaffaqiyat, shiorona gaplar davri bo‘lib, badiiy adabiyotda hayotiylikdan uzoqlashish tarzida ko‘zga tashlana boshladi. Adabiyot va san’atdagi konfliktsizlik yo‘llarining nazariy asosida «sotsializm — qarama-qarshiliksiz taraqqiyotdir», degan noto‘g‘ri talqin yotar edi. «Pod znamenem marksizma» jurnali sahifalarida bo‘lib o‘tgan munozaralarda jamiyatimizda nafaqat antagonistik, hatto noantagonistik qarama-qarshilik ham yo‘q, deyishgacha borib (1940 yil, 8-son, 50—51 -betlar) yetdilar.

Shu qarashlarga muvofiq bu nazariya tarafdorlari og‘ir, jasoratli sovet hayotini yuzaki, soxta aks ettirilgan badiiy asarlarni ko‘kka ko‘tarish bilan shug‘ullandilar, hayotimiz faqat g‘alabalardan tashkil topgan hayot tarzida bir yoqlama talqin qilindi. Mana shu ehsonlar tufayli S. Babayevskiyning «Oltin yulduz kavaleri», «Er ustida nur», I. Pirevning «Kuban kazaklari», A. Safronovning «Moskva xarakteri» kabi pesalari haqiqiy badiiy asar namunalari, deb jar solindi. Shu nazariya tarafdorlaridan biri tanqidchi A. Elyashevich shunday deb yozgan edi: «Bizga bayramona adabiyot kerak, bu adabiyot kishilarni hayot ikir-chikirlaridan ustun qo‘yishi darkor («Zvezda» jurnali, 1954 yil, 10-son). Xullas, «Konfliktsizlik nazariyasi» sotsialistik realizm san’atining asosiy printsiplariga katta putur yetkazdi.

1938 yili A. S. Makarenko «Shablonga qarshi» maqolasida shunday deb yozgan edi: «Bizning adabiyot konfliktli holatlarni tasvirlashdan qo‘rqmasligi kerak. Hayotning go‘zalligi ham bu hayotda konfliktlar yo‘qligida emas, balki uni yechishdan iboratdir».

Partiyamiz XX s’ezdidan keyin «konfliktsizlik nazariyasi» qattiq tanqidga uchradi. Lekin XX s’ezddan keyin ham yozuvchilarni eskirib qolgan qarashlarga, ideal qahramon obrazini yaratishga undashlar yo‘q emas edi. «Shaxsga sig‘inish yo‘q, uning aks-sadosi, shamoli hali ham, ming afsus, adabiyotda, umuman, matbuotda o‘z o‘rnini topmoqda», deb ta’kidlagan edi KPSS XXVII s’ezdida so‘zlagan nutqida A. T. Tvardovskiy.

O‘zbek adabiyotida ham «konfliktsizlik nazariyasi» kamida o‘ttiz yil mobaynida hukm surdi. Konfliktsiz sip-silliq kino namunalarini biz urushdan keyingi yillarda chiqarilgan filmlar ichida ko‘p uchratamiz. N. G‘aniyevning «Farg‘ona qizi» (1948) nomli filmida qishloq xo‘jaligini mexanizmlash muammosi qo‘yilgan. Film ancha bo‘sh bo‘lib, u N. G‘aniyev iste’dodiga xos emas edi. San’atshunos J. Teshaboyev shu film haqida shunday yozgan edi: «Rejissyor, aktyor, stsenariynavis berilgan andozani jonlantirishga urindilar, filmga jasoratlik, olijanoblik ruhini kiritmoqchi bo‘ldilar. Jiddiy kuzatuvlar, hayotiy faktlar, xarakterlarning o‘ziga xosligi bilan asoslanmagan mualliflarning g‘oyasi havoyi bo‘lib, rejissyor N. G‘aniyevning shubhasiz qimmatli topilmalarini yo‘qqa chiqardi».

Bunday haqqoniy e’tirozlar «Gulbahor», «Stadionda uchrashamiz», «Sahrodagi voqea», «Yangi uyga ko‘chish», «Opa-singil Rahmonovalar» kabi filmlarga ham bevosita taalluqli edi.

O‘zbek san’ati uchun ham 50-yillar eng murakkab davr edi. Hayotning o‘zi nosog‘lom yo‘nalishlarni bartaraf qilib, oldindagi yangi muammolarni hal qilishni taqozo etardi. Eng muhimi, san’atda haqiqiy hayotga bir oz yaqinlashish kerak edi. Chunki ana o‘shandagina shu paytgacha inkor qilinib kelingan xarakterlar va konfliktlar yuzaga kelar edi. Lekin bunga hali ancha bor edi. K. Yormatovning navbatdagi «Abu Ali ibn Sino» (1958) filmi ham uncha muvaffaqiyatli chiqmadi. Mazkur asar o‘sha vaqtda maqtalgan «Alisher Navoiy» filmining chiqarilishi sovet biografik filmlarining paydo bo‘lishida muhim rol o‘ynadi. Agar «Michurin» filmidan «veysmanizm, morganizm mavzuini aks ettirishni» talab qilganlarini, «Taras Shevchenko» filmida esa, Dobrolyubov va Chernishevskiylarning ko‘rsatilmaganligini «ayb» deb hisoblaganlarini inobatga olsak, «Alisher Navoiy», filmining taqdiri ancha omadli ekanligini ko‘ramiz. Bu filmga nisbatan sun’iy talablar qo‘yilmadi. Shuning uchun ham tarixiy shaxslar hayotiga bag‘ishlangan filmlar orasida «Alisher Navoiy» filmi o‘zining g‘oyaviy-badiiy tugalligi va ravshanligi bilan ajralib turadi.

40-yillarning o‘rtasi va 50-yillarning boshlarida mamlakatimizda yaratilgan biografik filmlarni baholashda «normativ estetika», ya’ni boshqa kamchiliklar qatorida qahramonni cheklab qo‘yish «mezoni» ham bor edi. Birinchi galda, qahramon tomonidan qilingan ishlar nihoyatda dabdababozlik bilan aks ettirilar edi. Bu esa qahramonni ko‘kka ko‘tarish, uning shaxsiyatini bo‘rttirishga olib kelar, ya’ni oddiy hayot bilan kinodagi hayot o‘rtasida katta «jarlik» hosil bo‘lardi. «Alisher Navoiy» filmidan oldin yaratilgan «Aleksandr Nevskiy», «Suvorov», «Parxomenko», «Kotovskiy» singari biografik filmlarda vatanparvarlik mavzui ko‘tarilgan bo‘lib, bularda harbiy sarkardalar haqida hikoya qilingan edi. 1947 yilgacha shoirlar hayotiga bag‘ishlangan kinofilmlar deyarli yo‘q edi. «Pushkinning yoshligi», «Arzrumga sayohat», «Shoir va shoh» nomli ovozsiz filmlar, albatta, bundan mustasno.

60-yillarning boshlarida o‘zbek kinosan’atiga bir qator yosh iste’dodlar kirib keldi. E. Eshmuhamedov, J. Ishoqov, A. Hamroyev, R. Botirov singari yosh iste’dodlar kirib keldi.

A. Qahhor stsenariysi asosida «Sinchalak» filmi (1961, postanovkachi L. Fayziyev)ning yaratilishi bilan kino san’atimizda ob’ektivlik sari birinchi jonlanish sezildi. Tanqidchilar bu filmni tahlil qilib, uning afzal tomonlarini ta’kidladilar. Qalandarov obrazini yaratgan aktyor Sh. Burhonovning iste’dodiga yuqori baho berdilar. Lekin o‘sha davrda yangi sharoit paydo bo‘lganini hech kim ta’kidlamagan edi.

Tanqidchilikning o‘zi ko‘p yillar davomida shunday yo‘l tutdiki, oqibatda ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan, ya’ni hayotiy qarama-qarshilikni, ya’ni konfliktning yuzaga chiqishini davlatimiz tuzilishiga zid deb tushunildi. P. Qodirov stsenariysi asosida olingan R. Botirov va A. Xachaturovning «Sening izlaring» filmi ham nisbatan muvaffaqiyatsiz chiqqan edi. Chunki ishlanayotgan hujjatli materialning o‘zi kino asarining muvaffaqiyatli chiqishini ta’minlay olmas edi. Filmda juda ko‘p narsa — dolzarb konfliktlar, haqqoniy obrazlar, hayot dramatizmi yo‘q edi. Film postanovkachi Ravil Botirov uchun dastlabki sinov bo‘ldi. Botirovning filmlari zamondoshlarimiz hayoti haqida izchil so‘zlab berar, ularda odamiylik targ‘ib qilinar edi.

Shuhrat Abbosov «Sen yetim emassan» filmida kino san’ati yordamida o‘zining eng asosiy insoniy burchini bajargan oddiy kishi obrazini ko‘rsata bildi. Toshkentlik temirchi Shomahmudov va uning xotini Bahri ayaning og‘ir urush yillarida yetim bolalarni tarbiyalab, hayotga yo‘llashi filmning mohiyatini tashkil etdi. Film tomoshabinlarda chuqur taassurot qoldirdi.

Sh. Abbosov va A. Neverovning «Toshkent — non shahri» kino qissasida yaqin o‘tmish voqealari orqali avlodimiz uy va intilishlari ta’sirli ravishda o‘z ifodasini topdi. Lekin Sh. Abbosovning «Olovli yo‘llar» kinoepopeyasi muvaffaqiyatsiz chiqdi. Unda nohayotiy o‘rinlar, voqealar talaygina.

Ali Hamroyev kino san’atiga o‘ziga xos ovoz bilan kirib keldi. Tanqidchilar ta’biri bilan aytganda, u yaratgan filmlar jo‘shqin qahramonlari bilan ajralib turadi. 60-yillarda A. Hamroyev «Oq qushlar, oppoq qushlar» asarini yaratib, kino san’ati muxlislarini xursand qildi. Iste’dodli rejissyorning ko‘pgina filmlari faqat respublikamizdagina emas, balki Ittifoq miqyosida shuhrat topdi. Uning «Favqulodda komissar», «Ettinchi o‘q», «Qushlar ketidan ketadi odam» asarlari yangi mezondagi filmlardir.

Iste’dodli rejissyor E. Eshmuhamedov ijodi timsolida o‘zbek kinosida poetik yo‘nalish ko‘rina boshladi. Shu bilan birga Elyor grajdanlik jasoratiga ega bo‘lgan rejissyorligini ham namoyon etdi. Uning «Uchrashuv va xayrlashuv», «Bizning yoshligimiz», «Umid qushlarimiz» filmlari, ayniqsa «Alvido, g‘o‘r yoshligim» asari dolzarb ijtimoiy dolzarb muammolarni ko‘tarib chiqqanligi bilan tomoshabinlar e’tiborini tortdi. «Alvido, g‘o‘r yoshligim» filmi o‘zining oshkoralik va printsipiallik darajasining yuqoriligi bilan ajralib turadi. Filmda inson uchun haqiqat, pok vijdonlik naqadar zarurligi alohida ta’kidlangan. Adolat uchun kurashish inson hayotining mohiyati, degan yuksak g‘oya ilgari surilgan.

Mana, jamiyatimiz eng mas’uliyatli davr — qayta qurish jarayonini boshdan kechirmoqda. Oshkoralik va demokratiya sharoitida bor haqiqatni kino asarlarining ham asosiy vazifasidir. Ana shu yo‘l bilangina biz, san’atning boshqa turlarida bo‘lganidek, kino san’ati asarlarida ham turg‘unlik davridan qolgan asoratlardan tezroq qutulamiz.

Eleonora Amashkevich, filologiya fanlari kandidati

«Guliston» jurnali, 1989 yil, 2-son