«Paxtakor» komandasining avia halokatiga uchraganiga o‘n yil bo‘ldi
…Minsk shahridagi markaziy stadionga futbol ishkibozlari oqimi daryoday quyulib kelayotir. Muxlislar hayajonda. Chunki mamlakatning ikki kuchli komandasi o‘zlarining katta imkoniyatlarini namoyon etishi, mazkur o‘yin shiddatli va qizg‘in bo‘lishi kutilayotgan edi. Lekin o‘yin boshlanishga bir necha daqiqa qolgan bo‘lsa ham stadionda odatdan tashqari hukm surayotgan ruh hammani birday taajjublantirardi.
Nihoyat belgilangan vaqtda stadion tablosida «Paxtakor» — Toshkent — «Dinamo» — Minsk so‘zlari yozildi. Diktorning hirqiroq, g‘amnok ovozidan yig‘ilganlar hayrat va xavotirga tusha boshladilar. Mehmon komanda sostavi tanishtirila boshlandi: «Paxtakor» — Toshkent: darvozabon — Sergey Pokatilov. Shu vaqt yengiga qora hoshiya bog‘lab olgan yigit darvoza oldiga kelib, o‘z o‘rnini egalladi. «Ikkinchi raqamda Nikolay Kulikov» endi o‘sha raqamdagi boshi egik o‘yinchi stadionga kirib keldi. «Olim Ashirov»… Uchinchi raqamdagi o‘yinchi markaziy himoyachi o‘rniga borib turdi.
Butun stadiondagi olomon bu g‘ayri odatiy manzarani sukut bilan, nafaslarini ichga yutib kuzatar, «nega?», «nimaga?» degan savol bo‘g‘izlariga qadalardi. Shu vaqt diktorning motam sadolari ostida fojia haqidagi xabaridan so‘ng, minglab muxlislarning bo‘g‘izlaridan dahshatli «Oh» degan nido otilib chiqdi…
To‘p tepib, kuch sinashishni niyat qilgan, doimo ishqibozlarning olqishli hayqiriqlari ostida maydondan mag‘rur chiqib ketadigan «Dinamo» komandasi birinchi marta motamsaro sukut bilan, endi ularga hech qachon raqib bo‘la olmaydigan o‘zbek futbolchilarining nomi yozilgan 17 gulchambarni ko‘targan ko‘yi, boshlari egik holda stadiondan chiqib ketdilar…
1979 yil 11 avgust minsklik futbol ishqibozlari xotirasida bir umr shunday muhrlanib qoldi. O‘sha kuni har galgi yumushlarni hal etish uchun jumhuriyat fizkultura va sport komitetiga keldim. Lekin bu yerda qandaydir anglab bo‘lmas voqea kechardi. Kishilarning ranglari oqargan, hamma qattiq hayajonda, telefonlar to‘xtovsiz jiringlar, har tomondan odamlar hovliqib kelishardi. Respublika sudyalar uyushmasi boshlig‘i Viktor Vishinskiydan: «O‘zi nima gap, tinchlikmi», — deb so‘radim. «E, Axborjon, xabaring yo‘qmi, Minskka borayotgan samolyot halokatga uchrabdi. «Paxtakor» komandasi a’zolari va barcha yo‘lovchilar, ekipaj a’zolari ham halok bo‘lgan…»
Nahotki! Peshonamdan muzdek ter chiqib, ko‘z oldim xiralashib ketdi. O‘ylaymanki, bunday kezda hech kim o‘zini tutib turolmasa kerak. Ayniqsa faoliyatini o‘lka futbol taqdiriga bog‘lagan mening ahvolimni muhtaram ishqibozlar tushunsa kerak… Nahotki sport gultoji bo‘lgan, futbol turida jumhuriyat shuhratini ko‘tarib kelayotgan endigina oliy liganing eng sara komandalaridan biriga aylangan futbol texnikasida o‘zlariga xos mahorati shakllanib, endi faqat g‘alabalar nash’asini suradigan payt kelganida…
Shum xabardan dilim vayron bo‘lib qaytar ekanman, mahallamizning nuroniylaridan biri Sanjar otaga duch kelib qoldim. U kishi futbolga o‘ta ishqiboz. «Paxtakor»ning Toshkentda o‘tadigan o‘yinlariga kanda qilmay boradi. Men bilan qayerda uchrashib qolsalar, futbol haqida, «Paxtakor» haqida savollarni yog‘dirib tashlaydilar. Bu safar ham gapni futboldan boshladilar. «Axborjon o‘g‘lim, Minsk dinamochilari bilan bugungi o‘yin qanday bo‘lar ekan?»
G‘alati bo‘lib ketdim… tilim aylanmaydi. «Bugun o‘yin bo‘lmaydi»,— deya oldim xolos.
— Nega?
— Halokat, otajon, halokat… — Boshqa o‘z topolmadim. Otaxon hammasini tushundi. Sekingina «kimlar» dedi u shalvirab.
— Hammalari… — Vodarig‘, qariyaning kipriklarida munchoq-munchoq bo‘lib dumalab tushayotgan achchiq, alamli ko‘z yoshlarini ko‘rdim. Yosh qalqir, u unsiz yig‘lardi. Bu dard edi, parcha-parcha bo‘lib ketgan umid edi bu ko‘z yoshlari.
Ertasiga butun mamlakat mudhish fojiadan xabardor qilindi. Gazeta do‘konlari oldi tirband, gazetalar qo‘lma-qo‘l, nigohlar mungli, burchak-burchakda ba’zan oshkora yig‘i-sig‘ilar kishining dilini o‘rtab yuboradi. O‘sha kuni butun jumhuriyat motam tutdi. Qo‘limdagi g‘ijim bo‘lib ketgan gazetani o‘qiyman…
«1979 yil, 11 avgust kuni Toshkent — Donetsk — Minsk marshruti bo‘ylab uchayotgan havo layneri Dneprodzerjinsk rayonida qarshi yo‘nalishdagi samolyot bilan to‘qnashib ketishi natijasida halokatga uchradi, ikki samolyotdagi yo‘lovchilar va ekipaj a’zolari fojia qurboni bo‘ldilar. Ular orasida «Paxtakor» futbol komandasining 17 a’zosi ham bor: O‘zbekiston SSRda xizmat ko‘rsatgan trener Idgay Tazetdinov, xalqaro klassdagi sport masteri Vladimir Fedorov, yoshlar o‘rtasida Yevropa chempioni Mixail An, sport masterlari Olim Ashirov, Sergey Pokatilov, Ravil Agishev, Nikolay Kulikov, Yuriy Zagumennыx, Vladimir Makarov, Konstantin Bakanov, Aleksandr Korchenov, Viktor Churkin, sport masterligiga nomzodlar Shuhrat Eshbo‘tayev, Vladimir Sobirov, Sirojiddin Bozorov, komanda administratori Mansur Tolibjonov, meditsina fanlari nomzodi, komanda vrachi Vladimir Chumakov».
Idgay Tazetdinovning oreulari yuksak edi. U «Paxtakor»ni Ittifoqning eng kuchli komandalaridan biri darajasiga chiqarmoqchi edi.
Olim Ashirov, Mixail An hali maydonda to‘p surib tolmaydigan yolqin edi. Hali sevib-sevilmagan Sirojiddin Bozorov samolyotga chiqishdan oldin qattiq hayajonda bo‘lganligi tabiiy. Chunki u birinchi marta asosiy komanda sostavida maydonga tushmoqchi edi. Afsus, ularning orzulari mualliq qoldi.
«Paxtakor»ning nafaqat O‘zbekistonda, balki, boshqa qardosh respublikalarda ham ko‘plab muxlislari bor edi. O‘sha kunlari hamdardlik xat va telegrammalari Toshkentga oqib kela boshladi.
«Aziz birodarlar — deb yozishadi bir guruh gruziyalik futbol muxlislari fizkultura va sport komitetiga yuborgan telegrammalarida.— Biz halok bo‘lgan 17 paxtakorchi xotirasi oldida bosh egamiz. Iltimos, ta’ziyamizni marhumlar oilasiga yetkazsangiz. Biz o‘zbek futboli yana qayta tiklanib, shon-shuhratga ko‘milishiga ishonamiz».
Har doim marhum do‘stlarimni xotirlab o‘tirib, ular bilan tanishgan, g‘alaba nash’alarini birga totgan kunlarni eslab ketaman. Esimda… German Titov nomli sport yo‘nalishidagi respublika internat maktabi hamda O‘zbekiston poytaxti maktablarining to‘qqizinchi sinflarida ta’lim olayotgan 6 o‘quvchi o‘smirlar o‘rtasida SSSR terma komandasiga nomzod qilib ro‘yxatga olindilar. Qishki ta’til kunlari ular bilan Kavkazdagi Esheri shahri sport bazalarida o‘tkazilgan terma komanda yig‘inlarida ishtirok etish menga ham nasib etgan edi.O‘sha vaqtning o‘zidayoq futbol ustalari Mixail Anning kelajagi porloq ekanligini tan olgan edilar.
«Paxtakor»da ham, terma komanda safida ham uning mahorati kun sayin oshib bordi, SSSR terma komandasi yoshlar o‘rtasidagi Yevropa chempionatida zafar quchgan daqiqalarda bosh sovrinni birinchi bo‘lib kollektiv kapitani Mixail An qabul qilgan edi.
… Xizmat yuzasidan Rostov — Don shahriga boradigan bo‘ldim, patta olish maqsadida aeroflot kassasi tomon yo‘l oldim. Havo nihoyatda issiq, navbatda turganlar ham anchagina, navbat kuta boshladim. Biroz vaqt o‘tgach, bu yerga shoshganicha «Paxtakor» komandasining administratori Mansur Tolibjonov kelib qoldi, hazilkash, xushchaqchaq Mansurjon meni ko‘rishi bilan vaziyatni tushundi. «Uyat emasmi, mendek ukangiz bo‘lsayu, siz navbat kutib tursangiz. Muxlislar olqishini qozongan «Paxtakor»chimiz-a! Bo‘ling pasport va pulingizni bering».
…O‘zbekiston televideniyesining sport ko‘rsatuvlari Bosh redaktsiyasi Butunittifoq fizkulturachilar kuniga bag‘ishlab maxsus programma tayyorlagan edi, u efirga chiqarilishidan avval televideniye rahbarlari tomonidan ko‘riladigan bo‘ldi. Programma namoyishi davomida uning ikki joyida, ovoz masalasida nosozlik borligi aniqlandi. Maslahatlashib ko‘rsatuvni olib boruvchi hamkasbimiz, ajoyib sport jurnalisti Roman Turishchev 11 avgust kuni efir ortidagi o‘sha nosozlikni tuzatib ketishiga kelishildi. Shunda, Roman: «O‘rtoqlar, axir men o‘sha kuni «Paxtakor» komandasi bilan Minsk shahriga uchib ketishim kerak-ku», dedi. Rahbarlar esa: «Hechqisi yo‘q, tayyora pattasini topshiring» deb tayinlashdi. Turishchev pattani kassaga topshirishga majbur bo‘ldi, o‘sha mash’um reysda uchmadi… Ming afsuski, jonkuyar sport targ‘ibotchisi ham hozir oramizda yo‘q.
«Paxtakor» komandasini qayta tiklash borasida ko‘pgina ishlar amalga oshirildi, (garchand ularning ba’zilarini to‘g‘ri qilindi deb aytaolmaymiz) bir guruh mutaxassislar va o‘yinchilar Toshkentga taklif etildilar. O‘sha mash’um voqeaga uch yil to‘lgach, paxtakorchilar Oliy liga kollektivlari o‘rtasida faxrli oltinchi o‘rinni egallab, bir guruh futbolchilarimiz sport masteri talablarini bajardilar. O‘tgan yili birinchi liga komandalari o‘rtasida ilk bor tashkil etilgan kubok o‘yinlarini muvaffaqiyat bilan o‘tkazib, billur sovrinni qo‘lga kiritishga muyassar bo‘ldilar, bu yil ham shu xildagi uchrashuvlarni ko‘tarinki ruhda o‘tkazib, birinchi liga kubogining yarim finaliga yo‘llanma oldilar.
Futbolchilarimizdan Andrey Pyatnitskiy va Mirjalol Qosimov SSSR yoshlar va o‘smirlar terma komandasiga taklif etildilar, Mirjalol jahon va Yevropa chempionatlarining oltin medallari bilan taqdirlandi.
Shu kunlarda kollektivimizda Aleksandr Yanovskiy, Mustafo Bilolov, Sergey Bondarenko, Gennadiy Denisov, Sergey Kovshov, Vasiliy Postnov, Gennadiy Rotkovich, Oleg Sinelobov kabi tajribali o‘yinchilar bilan birga Yevgeniy Kornyuxin, Andrey Miklyayev, Asad Do‘rmonov, Azamat Abduraimov kabi yoshlar ham o‘z mahoratlarini oshirib bormoqdalar. Komandani iste’dodli o‘yinchilar bilan to‘ldirib borish maqsadida shu yilning o‘zida Ravshan Muxadov («Kopetdog‘», Ashxobod), Ulug‘bek Ro‘zimov («Jayxun», Urganch), Zamir Selimov («Kosonsoychi», Kosonsoy), Albert Sarayev («Surxon», Termiz)lar «Paxtakor»ga taklif etildilar. Aleksandr Kojuxov, Maqsud Irisboyev, Rifat Galiyevlar o‘yinidan barchamiz xursand bo‘lmoqdamiz. Mohir hujumchilarimiz Igor Shkvirin va Marat Kabayevlar «Dnepr»dan komandamizga qaytib keldilar. Respublikamiz kollektivlaridagi yosh va mahoratli futbolchilarni «Paxtakor» komandasiga tayyorlash borasida ham bir qator tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Paxtakorchilarning hozirgi avlodi o‘z komandalari ruhini yod etgan holda maydonda jasorat namunalarini ko‘rsatib, millionlab futbol shinavandalarini shod etishni o‘z oldilariga maqsad qilib qo‘yganlar.
Oliy ligaga yo‘llanma olish uchun qizg‘in kurash davom etadi, bu kurashga otlanganlar orasida shubhasiz «Paxtakor» komandasi ham bor. Asosiy maqsad yaqin yillar mobaynida mamlakatning eng kuchli kollektivlari ishtirok etadigan liga o‘yinlarida to‘p surishdir.
Axbor Imomxo‘jayev, «Paxtakor» komandasining boshlig‘i
«Guliston» jurnali, 1989 yil, 8-son