Hamza Hakimzoda Niyoziy. Iydi qurbon (1914)

Bugun-erta nasib o‘lursa, butun yer yuzindagi ahli islomga Qurbon nomli ulug‘ bir bayramdir.

Ag‘niyoi toifalarimiza[1] naqadar shodlik va farog‘atlik kun bo‘lganda, yetim, fuqaro bekasu benavo toifalarimiza oh!.. Ondin necha darajalar ortiq afsus va nadomat, motam va qiyomatlik bir kundin iboratdir.

Demak, urug‘ yerga sochilmagan «amirkon» paxtani ustidin fabriklardin olingan oqchalarning kuch-quvvatidin yuz, ikki yuz so‘mini ipaklik albisalarga[2], yuz, ikki yuzini obi dasturxonga masruf tutgan to‘kali tosh komil musulmon. «Tekin oshga bakovul» bo‘lgan bahodir boyonlarimizning dasta-dasta bo‘lub, qadamlarini yigirma vershukdin[3] bosub, raftor qiladurgan kunlaridin iboratdur.

Olti oylik va’daga olingan mollarni to‘rt ming, ikki kam olti ming so‘mg‘a sotub, kayfi safo qilaman, deb qarzdingina qochurub qarindoshlari… Bibiga vasiqa qilingan hovli-joy… Bibining shu yeri … jon boybachchaning qarziga sotilub ketub, o‘rta ichida yuqoridagi fabrikni aldab orttirilgan to‘rt ming so‘m hovlini janjaliga ketub, hammayoqdan barobar ajrab, qip-qizil musaffo bo‘lub, farzandi ayollari kimlar eshigida qolub, aksarlari sayohat munosabati Makkai muazzamaga borub qolub, janobi haqdin sharm qilmay yana ehrom bog‘lab, Arofat tog‘ida «Lak-labbayk» kalimasini o‘guradirgan kunlaridin iboratdir.

Bir tarafdin johil, avom kosiblarimizga esa, u yildin bu yilgacha kechayu kunduz mehnatu azob bilan ranglarin sarg‘aytirub, ishlab, xalfalar ustakordin, ustakorlar do‘kondor, allof, qassob, baqqollardin qarzdor bo‘lub, minuti gavharga topilmagan aziz, qimmatlik umrni uch yuz oltmish kunini masruf o‘lmog‘i bila, hatto yemoq, ichmoq, kiyinmoqdin-da butun qizg‘onub orttirgan borigina ellik-oltmish so‘m oqchalarini farzandi ayollarin eshikg‘a ko‘zlarin nigoron qoldirub, o‘zlari pivoxonalarda ichub, mast behol bo‘lub, o‘zlaridin bexabar, og‘izlaridin boron gap… balki ko‘chalarda beshlab-o‘nlab mushtlashub, burun va chekkalari qizil qonga bo‘yolub, oqibati ba’zilari mirshabxonada, ba’zilari turmada asiru bandi bo‘lub, g‘ayrlar qoshida ma’sum millatni masxaralik bir holga qo‘yadirgan kunlardin iboratdir.

Xotun toifalarimiz esa, ilm-ma’rifat, balki butun ahkom va arkoni islom va imondin bo al-kulliya deyarlik xabarsiz, zulmat, jaholat dardi bila ma’naviy ko‘zlari ko‘r… bid’at balchiqlariga chiqa olmaslik darajada bo‘g‘izlarigacha botgan, vahshiy oilalarimizga u yildan-bu yilga yig‘ilgan, tavba va istig‘forsiz sag‘ira va kabira gunohlarini balki «la’na ilayhi zovirot kubur» mazmunicha o‘zlariga yog‘ulgan la’natlarini dasturxon qilub, ayyomi saodat sharofatindin endigina osoyishga chiqub, bir oz azobi qabrdan amon va xalos topgan ma’sum arvohlarni qayta boshdin «innal mayyita ya’zubu bibikai ahli alayha» mazmunicha uqubatga giriftor qilub, yarim kechadin to choshtg‘acha ko‘cha-ko‘chalarda yuzlab, minglab navma[4] va zore, sadri samo’lar[5] bila borub, qabristonlarni poymol qiladurgan kunlaridin iboratdir.

Xususan, u yildan-bu yilga keladurgan iydi qurbondagi ellik-oltmish qurbon terisini ustidan qarz olub, imoratlar binoga qo‘ygan bir xotunliklari ikkinchisini, ikki xotunliklari uchinchini olub, uch yuz oltmish besh kechani ayshi farog‘at bila o‘tkargan muqtado[6] va peshvo sobiq ahkomi shar’ imom va muazzimlarimizga qarzlari uchun ulug‘ najotlik va o‘zlari uchun fursat va g‘animatlik kunlaridin iboratdir.

Oh!.. Biz kelaylik yana faqirlar, yetimlarimiz holina… u yildan-bu yilga bahazor mashaqqat tanini latta-poralar, qornini parcha burush nonlar ila qanoatlandirub kelgan faqiru yetim, bekasu bexonumon, aksari ota-onadin, ba’zilari parchagina vatan va ma’vodin mahrumlikda musicha kabi mo‘yin qisilgan, havoning bir oz sovuqlik shiddatlaridin ustlari yupun, ranglari ko‘kargan. Yuqorida asossiz davlatga molik muazzin… va serdavlatlarning yasan-tusandagi shov-shuvlari.

Kuygan yurak-bag‘ri ustina namakob o‘lub, dillari ma’yus va vayron, jigarlari ezilgan. Ko‘chalarda to‘p-to‘p bo‘lushub qaysi bir eshikda qurbonlik oshini oshamoq umidi bila ertadin kechga qadar devor ostida qator tizilishub, qaltirashub, demak, mahallaning g‘ayri mustahqiq davlatli g‘aniy aholi va imomlaridin ortgan salqut, sovuq, kuyuk, go‘shtsiz oshlarni bir kosadagisini sakkiz-olti nafarlari o‘rtaga olub, bir luqmadin oshab, yana ikkinchi bir eshikka borishub, ranglarin sarg‘aytirub o‘ltiradirgan kunlardin iboratdir.

Ey, qardoshlar! Xudo yo‘liga deb qurbon qiluvchi ulug‘ zotlar! Ko‘zingizni oching! Eshiklaringiz ostida intizor bo‘lub o‘ltirgan faqir va yetimlar holina boqing! O‘ylang! Fikr qiling! Sizga na uchun qurbon vojib o‘ldi. Haqiqatga qarab ish yuruting. Qurbonni ma’nosi nima? O‘ylang. Insof qiling. Maqsudingiz ehson o‘lursa, janobi haqning rizosi va amricha qiling. Faqirlar holina boqing. Yetimlarga ehson qiling. Alarni sizga muhtoj qilgan janobi haqda hozir va sizi muomalalaringiza qudrat ko‘zi bila sizga nozirdir.

Siz janobi haqdin yuz o‘gurub, mahalla boylariga qaramang, faqiru bechoralarga qarang, yo‘q, demang. Onlar orasida ham sizing kabi necha zamonlar davlat sohibi bo‘lganlari bor: mundog‘ ulug‘ ayyom kunlarida sizdin necha daraja ortiq liboslar kiyinub, alvon ne’matlar ila xonlar tuzab, qurbon uchun birgina emas, ikki-uch qo‘y so‘yub, xalqg‘a obi osh tutganlari bor. Shunchalik bir oz safohati axloqlarga bog‘lanuv sababli qo‘llaridin davlatlari ketub, ochlik dog‘lari kuchlanuv sababli yuzlaridin oru nomuslari ketub, bugun sizni eshik ostingizga bo‘yinlarin qisub kelgan bo‘lsalar, bandalikdin chiqub qolgan bo‘lmaslar. Sizga xo‘r ko‘runsalar-da janobi haqg‘a azizdirlar, bilasizmi?

1914

[1] Ag‘niyo toifalarimiz — boylarimiz.
[2] Albisalar — liboslar.
[3] Vershuk (vershok)—uzunlik o‘lchovi (4,4 sm ga teng)
[4] Navm — uyqu.
[5] Sadri samo’ — darveshlarning qo‘shiq va raqs bilan zikr tushishi.
[6] Muqtado — bo‘ysunilgan.