Tug‘rul Tanyol (1953)

Tug‘rul Tanyol (Tuğrul Tanyol) 1953 yili Istanbulda tug‘ilgan. Bo‘g‘azichi universiteti sotsiologiya fakultetini tamomlagan. Marmara va Yeditepe universitetlarida dars bergan. Ilk she’ri 1970 yili “Yangi inson” jurnalida chop etilgan. Turk postmodern she’riyati namoyondalaridan biri.

Biz bulbul-i so‘zon dam-i gulzor-i firoqmiz,
Otash kesilur kechsa sabo gulshanimizdan.
Salim II

SUVDAGI ANQO

Sog‘inchning sovuq qishi irmoqqa qorishgan orzu
butoqlarda to‘ngan qanotlaridan yechinmish
suvdagi billurni o‘ylagan anqo
ovozlar ovozlarimizni izlaydi uzoqlarda
ortimizda uzangan yo‘llarda unutganimiz
qayiqlar to‘la oltin qo‘shiq mujavhar aqiq
va qahrabo irmoqning asta yuzdirgani
eski bir sharobni toshirgan mast xotiralar
bog‘lardan oqardi necha bir qonun rangida
gullar va gullarga surtinib tutingan shamol
daraxt yomg‘irning bichimini olardi
uzoqdan boqsak adashardik
kunlarning qoraga chiqqan yerida turardik
issiq foling-la izlaring va quming
bir sado bir sadoga aks ettirardi porloqligini
bir tog‘ bir tog‘ga soya solardi va boshsiz suruvning
changlari tarqalgach boshlar edi kun
uzayib ketardi yo‘llar osha
daraxtning daraxtga pichirlagani surgun

zamon ovozin yuksaltmoqda siyraklashmish o‘tlar orasidan
sohilga yondashgan qayiqlardan tushadi
izdihom ko‘lankasini ortida qoldirib asta bir ishoraga
aylanadi
irmoqning muzlari erirkan olislarda
so‘nggi bor qayrilib boq ortda qoldirgan izlaring to‘playdi
bolalar
eski bir uydan zumrad minoradan
sevgan va unutganimiz sanamlarning so‘zlarin uchirmoqda shamol

hayot uqubati o‘tmish bu yerdan bir iz kabi surib tuproqni
o‘tdik biz ham qo‘ynida mungli sadolar jaranglagan u basir kechadan
qarshilamoq uchun seni: bilinmaganni

endi sukut saqlamoq kerak gapirsak hatto
bizning alamimizni Kim anglay olar
sen suvdagi aksiga kulini sovurgan anqo
irmoq oqib ketdi ko‘pdan
qo‘llarimiz qo‘llarimizni izlaydi mudom.

Turkchadan Shermurod Subhon tarjimasi