Boris Pasternak (1890-1960)

Pasternak Boris Leonidovich [1890.29.1(10.2), Moskva – 1960.30.5, Moskva viloyati Peredelkino qishlog‘i] — rus shoiri. San’atkor oilasida tug‘ilgan. Bolalik va yoshlik yillarida tasviriy san’at va musiqa kompozitsiyasi bilan qiziqqan. 1909 yil musiqachilik kasbidan voz kechib, Moskva universitetining tarix-falsafa fakultetiga o‘qishga kirgan.
1912 yil Germaniyaga borib, Marburg universitetida bir semestr o‘qigan. Ammo ko‘p o‘tmay, faylasuflik istiqbolidan ham voz kechib, she’riyat bilan shug‘ullana boshlagan. «Bulutlar orasidagi egizak» (1914) nomli birinchi she’riy to‘plami nashr etilgan. 1917 yil to‘ntarishi arafasida u futuristlar bilan aloqa o‘rnatib, ular ta’siriga beriladi. Biroq boshqa futuristlardan farqli o‘laroq, Pasternak o‘tmish va «eski» madaniyatdan yuz o‘girmay, 19-asr rus (M.Yu. Lermontov, F.I.Tyutchev) va nemis (R.M.Rilke) falsafiy lirikasi an’analarini davom ettiradi.
«Hayot mening hamshiram» (1917) she’rida Pasternak she’riyatining muhim xususiyatlaridan biri — tabiat olami, hayot bilan uzviylik ilk bor ko‘zga tashlanadi. 20-yillardan boshlab Pasternak she’riyatida lirikadan epos sari intilish tamoyili seziladi va u «To‘qqiz yuz beshinchi yil», «Leytenant Shmidt» dostonlarida lirik tafakkurdan epik tafakkurga o‘ta boshlaydi.
Pasternak urush va inqiloblar davridagi inson taqdiriga ba-g‘ishlangan «Samoviy yo‘llar» (1924— 33) nasriy kitobi hamda «Sikorskiy» she’riy romanida voqeiy syujetga qarshi o‘laroq tabiat olami va muhabbat bilan bog‘liq syujetni o‘rtaga tashlaydi.
Pasternak bu asarlarida inqilob oldida turgan yuksak maqsadni tan olgani holda maqsadga erishishning inqilobiy zulm va zo‘ravonlik yo‘lini keskin inkor etadi. 30-yillarning o‘rtalarida — 40-yillarda yaratgan asarlarida («San’atkor», 1936; «Barvaqt yurgan poyezdlar», 1931) Pasternak obrazlar tizimini soddalashtirib, rus klassiklariga xos «ravshan uslub»ga o‘ta boshlagan.
Pasternak qariyb butun ijodi davomida nasriy asarlar yaratishga ham katta e’tibor bergan. U urushdan keyingi yillarda «Doktor Jivago» (1957, Milan) romanini yozib, unda shaxsiy hayot bilan ijtimoiy borliq o‘rtasida arosatda qolgan Sergey Sikorskiyga qondosh rus ziyolisining obrazini yaratgan. U ushbu romanda sovet davri yozuvchilari orasida birinchi bo‘lib inqilob g‘oyasini rad etgan va jamiyatni ijtimoiy jihatdan qayta qurish mumkinligiga shubha bildirgan. Mazkur asar Pasternakning totalitar tuzum tomonidan tazyiq ostiga olinishiga sabab bo‘lgan.
Pasternak 50—60-yillarda «Yayragan chog‘ingda» (1956—59) she’rlar turkumi, «Odamlar va holatlar» (1957), «Ko‘r sohibjamol» (1969 yil nashr etilgan) dramatik dostonlarini yozgan. Shekspir, Gyote, Shelli, Verlen, Petyofi va boshqa shoirlarning asarlarini rus tiliga tarjima qilgan. Nobel mukofoti laureati (1958).
Naim Karimov.

AYRIChAKUNLAR

Tund qishlardan ayozmas zinhor,
Oftobro‘ya kunlar yodimda.
Har bir ayyom ajib, betakror
Va behisob ko‘pdir oddinda.

Ular safi ortib betinim,
Qalbga sirli sharora quyar.
U ayricha kunlarkim, ruhing
Ro‘shnolikning nafasin tuyar.

Eslayman u kunlarni beshak,
Chilla yarmi — qish endi yovvosh:
Yo‘llar erir, bo‘g‘otlar — chak-chak,
Muzliklarda isinar quyosh.

Sevishganlar — qalqib yuragi,
Bir-biriga yetishsam derlar.
Qir taftidan daraxtlardagi
Chug‘urchuqlar uyasi terlar.

Mudroq soat millari uchun
Siljimoqlik yokmaydi behad.
Kun tuyular asrdan uzun,
Tugamas hech yog‘du — muhabbat.

TANAFFUSDAN SO‘NG

Bundan rosa uch oy muqaddam,
Himoyasiz bog‘chamiz sari —
Kirganida bostirib birdan
Qishning oppoq izg‘irinlari,

Chamalagan edim o‘zimcha,
Ketamanu uzlatga gumdon —
Boyitaman to‘plamim picha,
She’rlar bitib qish haqda chunon.

Lekin ruhim mayda tashvishlar
Ko‘mdilaru qor uyumiday,
Sezmay qobman — qish ham bir mahal
Yarimlabdi, qarasam bunday.

Uqdimki men, shunda ne uchun
Qor selpinib yog‘ib turgan on —
Uchqunlarin so‘ndirsa ham tun,
Tikilganin bog‘dan uy tomon.

Sovuqlardan oqarib labi
Shivirlasa hamki: «Shoshilgin!»,
Kulgandim men bir daqqi kabi,
Ochgan ko‘yi qalamim uchin.

O‘ltirarkan chiroq yonida
Tong chog‘i sust o‘ylarga to‘lib,
Qish keliboq ketibdi, menga
Nimanidir eslatmoq bo‘lib.

ILOHIY UZLAT

Tovlanar shom ufqning betida,
Uzun-uzun soyalar — o‘ng-so‘l.
Pochtachi qiz o‘rmon chetida
Uzatadi menga banderol.

Turli jonvor, qushlar subhidam
Qorga solgan so‘qmoqdan sekin
Qaytaman bir quchoq xat bilan,
Uyim — o‘lan to‘shagimga men.

Yozar ulkan kentlar, sarhadlar,
Mamlakatlar, olis orollar…
Va yo‘llarlar sharhlar, suvratlar —
Imzo chekib o‘smirlar, chollar…

O, vallomat yurak xatlari!
Orangizda maktub yo‘qki, chin,
Ki ularda sanjob, jangari
Fikr bo‘rtib turmagan bo‘lsin.

Jondan aziz ayol nomasi!
Garchi osiy yerdaman minba’d,
Tinglang, shudir qalbimning sasi:
Men sizniki bo‘lurman abad.

Siz, hey marka ishkibozlari!
Xat boylami yechilgan zumda
Zo‘r tuhfaga ko‘milardingiz,
Bo‘lsaydingiz mening o‘rnimda!

Mirpo‘lat Mirzo tarjimasi

YaGONA KUN

Qahraton qish – og‘ir pallasi,
Quyosh darvozasin eslayman.
Va har biri betakror edi,
Takrorlayman yana qayta man.

Barchalari beshikast zanjir,
Bog‘landilar burunma-burun –
Hamono, kun gar yagonadir,
Bizning-cha, to‘xtagan bir qurun.

Xotirda har biri, hammasi:
Yaqinlashar qishning namchisi,
Yo‘laklar nam, tomlardan oqar,
Quyosh eritgan muz tomchisi.

Mehribon, go‘yo tushdagidek,
Har bir o‘tgan onlar o‘zgacha.
Daraxtlar bo‘y cho‘zar, beholdek
Issiqdan terlaydi tungacha.

Yarim uyqu – yalqovlik mili,
Aylanadi quyosh qadog‘i.
Davom etar asr kunlari,
Va sig‘mas bag‘riga adog‘i.

TUSh  

Kuz oynaday rang olar jilo,
Sen do‘stu, lek u tamasxo‘rlar.
Ko‘kda lochin qanotli, billo,
Ko‘ngillarda kishanband to‘rlar.
Fursat ketdi, qartayib so‘ndi,
Axir, romlar kumush nishona.
Bog‘dan shafaq oynaga urdi
Sentyabr qonli ko‘zyoshi-la.
Fursat ketdi, hatto sovrildi,
Muz singari chirsillab-erib.
Sen qaytding, bir ovoz qaytdi,
O, tush jomdek aks-sado berib.
Men uyg‘ondim. Zim-ziyo kuzdek.
Otadi tong. Shamol yo‘rg‘alar.
Tarnov ichra yomg‘ir zambarak,
Ko‘kka qayin go‘yo o‘rg‘alar.

HAVZA UZRA

Go‘yo zarhal manqaldon zirhli,
Qo‘ng‘izlar bog‘da to‘kilar asta.
Ortimdan, izma-iz shamdori
Jilvali jag‘onga payvasta.
E, qandayin e’timoddir bu,
Kechada men daydi sasiga.
Qayerdadir bo‘zargan terak
Osiladi oy marzasiga.
Havza uzra botin sukunat,
Dengiz besas shivirlar oh-oh.
Osig‘liq ko‘prik ila bog‘ot,
Go‘yo quchar samoni, nogoh…

ZAMHARIR

Quyosh tuman ortida – sovuq tong,
Burqib turar o‘t uzra tutun.
Men-da, go‘yo jonsiz suratdek,
Nahot, unga beparvodir men?
Hamono, u g‘ubor ichradir,
Porlar ko‘lda maysa singari.
Daraxtlar beholdek ko‘rinar,
Olis sohil bo‘yidan nari.
O‘tkinchilar kechroq bilishar.
Tuman ichra qalqigay g‘och-g‘och.
Ayoz qoplar et-da, shilvirar,
Ul qizarar shundoq yalang‘och.
Ketayapsan qirov so‘qmoqdan,
Chiptaday to‘shama go‘yoki bot-bot
Hansirar-da, bo‘g‘riqar zamin,
Etmas toqat, to‘ngandir, nahot?!

OLTIN KUZ

Kuz. Naqadar afsonaviy ko‘shk,
Imkon sari kashshoflik barcha.
So‘qmoqlidir o‘rmonli yo‘lak,
Suqilmoq-chun keng suvlik ichra.
Ko‘rgazma uzradir bir tasvir:
Yo‘lak, yo‘lak, yo‘lakdir yo‘lak.
Zarrishtadek turar benazir:
Qayrag‘och, shumtolu tog‘terak.
Xuddi ko‘klam kelinchagiday
Oltin uzuk taqar daraxtlar.
Qayin boshi harir ro‘molday,
Nikoh libos go‘yo shaffofdir.
Maftun go‘yo zamin chambarak,
Chuqur soy-la payvasta yaproq.
Qurshovdadir za’faron zarang,
Deraza romlari misli yaltiroq.
Sentyabr erur daraxtzorlar-la,
Juft-juft turar  – hayot zarposh.
O, po‘stloqlar kunbotar yona,
Kahrabodek qoldirar ko‘zyosh.
Bir noravo qadam – jarlikdir,
Chun hech kimsa bilmagay shoyon.
Xatarlidir bir odim sodir,
Oyoq osti xazonrez ayon.
Hayqiradir xiyobon tubi,
Aks-sado qaytarar bo‘shliq.
Shafaqgundir olcha yelimi,
Akslanar qahrabo iliq.
Kuz. Qadimiy muyulish yana,
Ko‘hna kitob, kiyim, yarog‘dir,
Qo‘lyozmadir, nishon ganjina,
Varaqlaydi bir-bir zamharir.

Rus tilidan Manzar Abdulxayr tarjimasi

KASALXONADA

Bekorchilar yo‘lkada jamdir –
Kimga ermak, kimgadir xatar…
Mashinaga joylandi zambil,
Kabinaga chiqdi sanitar.

Olomonu eshikxonalar
Angrayganlar ko‘zidan qochib,
Fara bilan yo‘lni saralab,
Tunga kirdi “Tez yordam” shoshib…

Ko‘chalaru odamlar xira
Lipilaydi moshin yo‘lida.
Qalqib-qalqib borar hamshira,
Nashatirli shisha qo‘lida.

Yomg‘ir yog‘ar – qabulxonada
Taraladi tarnovdan ovoz.
Qog‘ozlarni zumda qoralab,
To‘ldirishar – rasmiyatga xos.

Shifoxona liq to‘la. Oxir
Unga poygak ko‘rilar ravo.
Dori hidi atrofda anqir,
Derazadan urilar havo.

Parcha osmon, burda daraxtzor
To‘rtburchak rom quchganda – jonli.
Ko‘z tashlaydi xonaga bemor,
Ko‘niktirmoq uchunmi ongni.

Do‘xtirlar bosh tebratishidan,
Savollardan anglaydi ayon –
Bu sinovning og‘ir ishidan
Endi omon chiqmog‘i gumon.

Tashqariga boqar minnatdor:
Shahar nuri bilan yorishib,
Rom ortida ko‘rinar devor,
Yong‘ingami go‘yo qorishib.

Shahar sochgan nurga cho‘lg‘onib,
Qizarinib ko‘rinar qopqa,
Zarang daraxt yelda to‘lg‘onib,
Unga ta’zim aylagan chog‘da.

“Parvardigor, qanday mukammal,
Sening koring, – o‘ylaydi bemor,
O‘rin-to‘shak, odamlar, ajal,
Tungi shahar, devor, to‘rt devor.

NOBEL MUKOFOTI

Qayga boray? O‘radi dushman.
Qaylardadir odamlaru erk.
Ta’qib tinmas – ortimdan tushgan,
Qutulmoqning barcha yo‘li berk.

Tim qora ko‘l, qop-qora o‘rmon,
Qulab tushgan archa yo‘limda.
Barcha yo‘lim kesilgan. Tamom.
Ixtiyorim ketgan qo‘limdan.

Nima qildim? Etdimmi tahqir?
Qotilmanmi? Yovmanmi sizga?
Men dunyoni yig‘latdim axir,
Yurtim husnin kuylatib so‘zda.

Ishonaman so‘ng onimgacha,
Etar yorug‘ kunlar shukuhi:
Razolatni yengar muqarrar,
Zafar quchar ezgulik ruhi.

HAMLET

G‘ovur tindi. Sahnaga chiqdim.
Tirab eshik toqiga manglay,
Tinglayapman moziyni, tokim
Nelar kechar asrimda – anglay.

Qorong‘ulik menga o‘qtalgan,
Minglab durbin poylar betma-bet.
Egam, bunday taqdir azaldan,
Mumkin bo‘lsa, meni ozod et.

O, naqadar niyating o‘jar!
Men bu rolga roziman, biroq
Hozir o‘zga tomosha kechar –
Bir bor tutgin rejangdan yiroq.

Ammo sahna zabti ziyoda,
Qo‘zg‘oladi oqibat zavol.
Bir o‘zimman. Dunyo – riyoda.
Yashash og‘ir umrni halol.

Usmon Azim tarjimasi