Aleksandr Faynberg (1939-2009)

Aleksandr Faynberg  1939 yilda Toshkentda tug‘ilgan. Uning   nomi va ijodi o‘zbek kitobxonlari, she’riyat ixlosmandlariga qadrli. O‘ndan ortiq she’riy to‘plamlari Toshkent, Moskva va Sankt – Peterburgda nashr etilgan. Shoir qalamiga mansub yettita  badiiy filmlar stsenariysi o‘ziga xosligi va hayotiyligi bilan ajralib turadi. Yigirmadan ziyod multfilmlar , nasriy asarlar muallifi. Bu asarlarga o‘zbek  o‘quvchilarning  qiziqishi ham tobora ortib bormoqda.
Aleksandr Faynberg – katta tarjimon. U rusiyzabon kitobxonlarga ko‘plab o‘zbek shoirlarining ijodi ochib berdi. Moskvada O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidovning «Ruhlar isyoni» poemasi,  Toshkentda « Oqqushlar galasi» nomli  o‘zbek shoirlari ijodidan qilingan tarjimalar jamlanmasi nashr etildi. Taniqli  shoirning o‘zbek tiliga o‘girilgan she’rlari “Chig‘ir” kitobida o‘quvchilar qo‘liga borib yetdi.
O‘zbekiston xalq shoiri, Kinematografiya uyushmasi a’zosi Aleksandr Faynberg Rossiya Prezidenti Farmoni bilan Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi madaniy aloqalarga munosib hissa qo‘shganligi uchun Pushkin medali bilan taqdirlangan (2009 ). Shoir 2009 yilda Toshkent shahrida vafot etdi.

***

Suzayapman, muhabbat, olis
Gulxanlardan o‘rlaydi tutun.
Sendan bo‘sa oladi yulduz,
Bu qirg‘oqdan ketaman bugun.

Qirg‘oqqa tashlayman langarcho‘p,
Izmiga soladi moviy suv.
To‘lqinlari yugurik, to‘p – to‘p
Daryo tubi – adabiy g‘uluv.

Daryo bo‘ylab oqim betizgin,
Tikilasan samoda – qushlar.
To‘lqinlar ham   ayriliq hissin
Sezgan kabi bir – birin ushlar.

Sirg‘aladi bo‘zlaring qaynoq,
Ko‘rinmaydi gulxan tutuni.
Bulutlarning ortida – qirg‘oq:
— Kechir! – ko‘kka sig‘maydi uning.

QOR UChQUNLARI

Moskvada yanvar.
Bo‘ron jaranglaydi yerosti bo‘ylab.
Qayoqqa, sevgim?
Markaziy telegraf. Har bir zinada
qotib qolgan ayoz moviyrang.
Ularni oralab
chiqaman peshvoz –
odam to‘la shahar.

Yanvar qori labni kuydirar,
Fonuslarga urilib chirs – chirs,
erosti yo‘lidan o‘tadi uchib.
Sen u yerda yo‘qsan –
hammayoqdasan.
Sevgim mening. Eng so‘nggi sevgim.
Suvorov hiyoboni.
Qorlar uyumi.
Yurak hapqiradi parvozdan.
Ko‘rayapman –
Arbatga yo‘l olding, yoshligim.
Tortqilaydi paltong etaklarini
Sochilib – sochilib ketayotgan qor.

Moskva uzra qor.
Sumkalar uchar.
Ko‘z oldimda –
jilvagar muz kamar.
Elkangda  —  tasmasi nafis sumkachang
qadamlaring bilan chayqalib borar.
Qor bosadi cho‘yan panjaralarni,
haykallarda  —   kumush qor po‘stin.
Har lahza, har nafas erib ketadi
oppoq qor uchquni qo‘lqoplaringda.
Seni ko‘rayapman,
Biroq – sen yo‘qsan.

Sheremetevo – yanvar o‘rmonlarida.
Balandlab boradi uchoqlar
Yo‘l solib –
Nyu – York, Amsterdam.
Suxandon yapon tilida:
“Tokioga qo‘ndik!” —  beradi xabar.
Shundayin kichik yer  —
shuncha ko‘p davlat!
Sen esa  —  yolg‘izsan.
Hech qayerda yo‘qsan – hammayerdasan.

Bo‘lmaganda edi shu yanvar qori,
muzlayotgan bo‘ron, aldov va riyo,
ayozning afsungar suvratlarida
dunyoda yo‘qliging bilardim.
Ammo
qor yog‘ar ajoyib yoshlik chog‘larday.
U sensiz  —  hechdir.

Voykovskiy, ehtimol, Tagan
erostida yo‘lida mayin yel
sochlaringni shovdiratadi.
Shovqin solib moviy eshiklar
ho‘rsinib – ho‘rsinib qo‘yadi og‘ir.
Olislaysan marmar ustundan,
seni olib ketadi poyezd.
Tikilasan – oynada aksing,
yonoqlaringda
erib ketar qor parchalari.
Sen bunda – yo‘qsan. – Hammayoqdasan.

Qor esa uchadi shaharlar bo‘ylab –
Olma  —  ota, Aktyubinsk, Toshtagul.
Cho‘llarda g‘uvillar yuk vagonlari.
Tomlarda – Estoniya yo‘l ko‘rsatkichi
g‘irchillaydi oqish charx kabi.
Yaltaning qumqirg‘oqlarida
dengizdan sapchiydi yanvar shamoli.
U yerda ham yo‘qsan  —  hammayerdasan.
Aylanar, aylanar Moskva bo‘roni
Yo‘l oladi vokzal minorasiga.
Ko‘kka ko‘tarilar betakror ohang,
Tilga kirar sof kumush naylar.
Bu  —  umid singari ajib va mangu,
Bu dunyodan hech qachon ko‘chmas.
Sen bunda ham – yo‘qsan.
Lek nechun
Eshitaman  zanjir ovozin
ayriliq aralash, qorlar aralash.

Shu oppoq qishda uchib ketayotir,
Yorug‘ do‘konlarning oynaklariga
urinib – urinib jaranglayotir,
enayotir archa shariga yog‘du
senga ishonganim kabi yoshlikdan.
Sen bunda – yo‘qsan.
Na qo‘ling, na labing,qaynoq nafasing,
Na qiyiq ko‘zlar.
Sen – yo‘qsan.
Lekin – hammayoqdasan.

Yana jimib qolar ko‘tarilgan qo‘l.
Poshnalaringdan uchib – qo‘nayotgan
Qorli changlar  —  yulduz to‘la yo‘l.
Shom tushib kelmoqda. Yer bag‘ri  —  yanvar.
Archamdagi sharda  —  ayoz yulduzi.
U meni chorlaydi bo‘ronlari sari,
Seni uchratarmu? Ortingdami u?
Kechir, bilolmayman qachon, qayerda  —
Uchrasharmiz yo?
Qorni tebratadi olis ko‘priklar.
Samoga o‘rlaydi qor uchqunlari –
ulkan parvoz oldidan
so‘nggi yo‘lga chiqayotgan
qush qanotlari.

***

Ko‘klam o‘tdi  —  qabristonga kelmadim,
Bo‘sag‘ada ko‘zim tushdi nogohon
Ko‘kdan tushayotgan qormas, bilmadim,
Onamning ro‘moli edi shodumon.

Yoxud ko‘zlarimga ko‘rindimi u,
Hovlimda  —  noyabr. Sezdim bu damni  —
Tug‘ilgan kun. Tug‘ilgan kun edi bu –
Noyabr –  tavallud oyi onamning.

***

Besh daqiqa qoldi parvozga,
Yurak – kukun. Andak  —   tutunda.
Seni olib ketolmayman, bu –
Ehtimolki, so‘nggi parvozim.
Bilsang, oddiy haqiqatim – shu.
Men yo‘l olgan, ko‘zlagan o‘lka
Seni bilmas, kutmaydi, erkam.
Quyosh nuri. Illyuminator.
Oqar sokin havo to‘lqini.
Qo‘ling yozib hayqirding so‘ng bor:
— Qayga? – uqdim labingdan buni.

G‘ildiraklar,  yelar yo‘laklar,
Qanotlarda shovullar ayoz.
Seni sevib qoldim shu yerda,
Savollaring – hamrohing yolg‘iz..
Qolasan – sen bilan vafo, xiyonat,
Qolasan – sen bilan saodat, hasrat.
Yurak  bo‘m – bo‘sh, unda topilmas
Zarra nafrat, zarra marhamat.

***

Bu tovushni angla – qanotlar sozi,
Erostidan to‘lqinlanib bo‘ylaydi.
Sargardon qushlarning tungi parvozi
Oy nuriga bo‘zlarini iylaydi.

Erib bitmasidan ovozni ilg‘a,
Bu – biz yer tubiga sochgan baxtu g‘am.
Quchib o‘tayotir ko‘zlaring ilg‘ab,
Enayotir kuzning vidosiga ham.

Hali anglab yetmay bir – birimizni
Qish kelar, qor bosar bor sirimizni.

QORALAMALAR QASIDASI

Shoir, shu borliqda tong chog‘i ochil,
Boshqa yo‘l tanlama qabrga qadar.
Erning jamoliga maftun, oshiq bo‘l,
Sevib – sevib kuyla, tangri madadkor.
Biroq,shoir, oqqa ko‘chirmalaring
Bari ham diltortar, jilvagar dema.
Sirtga qalqib chiqar barisi bir kun.
Bir umr qulflangan qoralamalar
Kabi hech kim senga bo‘lolmas sodiq.
Unda – kitoblaring qoni, tomiri,
U – ijod, jasorat, yo‘lboshchi yoniq.
Ular olib kelar senga shon – shuhrat,
Tungi qoralama –  ko‘z yoshday egik.
Qoralama… oddiy ko‘rinar, hech vaqt
Hiyonat qilmaslar – kechirmaslar lek
Axir, bunda so‘zlar, harflar emas,
Ko‘zga ham ilg‘anmas yulduz tovushi.
Unda – Haqqa yetar ko‘rinmas rishta,
Shoir, shu rishtani asra, albatta.
Yodlamoq mumkindir she’rlarni
Ammo –
Lahzalar betakror sado.
So‘zlar, qofiyadosh emassiz,asli  —
Qondosh og‘a – ini.
Men parvoz tilayman sizlarga baland,
Ko‘zni yummay turib yoqib bo‘lmaydi
Faqat, faqat qoralamani.

***

Men kimdan minnatdor bo‘layin, kimdan  —
Borlig‘imda hamon yashaydi tirik
moviyrang va munis bu  aziz hovlim,
eshiksiz pod’ezdlar,
nastarin devorlar.
Yuragimda sevinch, qayg‘u yugurik –
Men kimdan minnatdor bo‘layin, kimdan?

Onamga aytaman:
—  Tezda qaytaman.
Ko‘rshapalak qanotidan uzilar shamol.
Chordoq derazasi.
Undan  —   tomga bemalol.
Jaranglab ketadi qizigan  temir.
Boshim uzra – tubsizlik emas,
men tubsizlik uzraman go‘yo..

Borliq –betin. Ko‘rinmaydi tun.
Oqadi shomlar.
Yulduzlar charaqlar tiniq va nekbin.
Ayvondan sas kelar:  —  To‘qqiz… uyga kir…
Onamni aldayman:  —  Hozir, ha, hozir…

O‘sha tomdan tushib bo‘lmas
Qabrning lavhi qadar.
Qirqdaman…
Unda hali to‘qqiz bo‘lmagan…
Undan ketmas bahor, vaqt ham bekadar.
Ayvon va moviylik.
Onam ayvonda…

***

Tubi yo‘q dengizdan boq
Yulduzlar yorug‘, chaqnar.
Chetlari qirra yaproq,
She’rim asra jon qadar.

Aytib bo‘lmaydi barin,
Hayot satrin bit, qalbim.
To‘qayzor so‘qmoqlari,
Ko‘l qamishzori kabi.
O‘rmon yalangliklari,
Qushli, bulutli, sayroq
She’rlarim borgan sari
Sen bilan qondosh, yaproq.

Avlodlarga pok hissim
Eltib berguvchi sasim –
Shamol, barglar, dengizim
Tabassumi, nafasi.

***

Nelar ro‘y bermoqda men bilan, bilmam,
Vaqt otni surdimi aziz mukarram.
Qirq yoshimda o‘ttiz yoshday shod, xurram,
Ellikda – ellikning yarmiday ko‘rkam.

Tasavvurga sig‘mas qaysi xato yo‘l,
Gunohlarim chizib borar taqdirim.
Men yosharib borayapman yilma – yil,
Do‘stim, nima kutar mendan oxirim?

KENGLIK

Na go‘zal dalalar! Maysalar toti!
Onam izlarida – og‘riq beadad.
Tiz cho‘kib o‘tadi endi  hayotim
Onamning hayoti oldida abad.

***

Blok – bu, yuksaklik. Beqiyos shoir.
Asli, biz – yerliklar taqdiri o‘zga.
Adabiyat derlar. Bu ham menga sir,
Halovat topilmas, huzur yo‘q bizga.

O‘ngda tush ko‘ramiz – riyo va sevgi,
Yuz – ko‘zga tepinar janglar tuyog‘i.
Kurash tinmas. Sendan ayrilmas sezgi –
Oromni tushda ham ko‘rmayman chog‘i.

***

Kimni suyding o‘tli diling yaralab,
Kelmas huzuringga yillar oralab.

Faqat ba’zan – ba’zan qay bir go‘shada
Bir juft bayt to‘qiysan, ana o‘shanda

Tillaringdan ko‘chgan so‘zlarni yona
Kimdir eslab qolar, unutar yana.

Nahot shuning uchun yashading uzoq?…

***

G‘amg‘in tortar tiniq ko‘l bu choq
Kuz singari tund, bulutli yoz.
Yalangliklar titraydi olis,
Yomg‘irlarda iviydi tuproq.

Qorovulning derazasiga
El urilar, qushcha bo‘zlagan.
Quloq tutdim meni izlagan
Bargsiz butoq, xotir sasiga.

Qarshilayman  qarg‘alarni ham,
Namxush havo,  dalalar horg‘in.
Otar tonggi bo‘lolmas to‘lg‘in
Kim o‘tmishin unutsa  bu dam.

Sovuq yomg‘ir tinmas zulmatda,
Olis, chekka, xilvat makonda
Baxtiyorman uchratgan ondan,
Seni topib bergan fursatdan.

Minnatdorman kulrang kunchiqar,
Mudrayotgan ko‘l uzra xurram,
Qo‘nish joyi bo‘lmagan dalam
Bo‘ylab uchgan uchoqqa qadar.

***

Umring bo‘yi ishonging kelar
Buyuk bo‘lib tug‘ilganingga.
Farishtalar ishora qilar
Deya  ko‘kdan sen kelganingga.

Umr o‘tdi. Chang – to‘zon aro
Bilmay bormi yo eding yo‘qdan.
Erostiga chorlaydi sado,
Lek ishorat bo‘lmadi ko‘kdan.

***

Kechikadi poyezdlar ba’zan,
Uchoqlar ham kechikar, ammo
Chin kulfatdir mabodo inson
Aytar so‘zi kechiksa, illo.

O‘chib qolgan gulxanday g‘amlar,
Tambalangan oynaday bu kez
Uni kecha kutgan odamlar
Kabi so‘z ham bo‘zlaydi yolg‘iz.

Olis boqqan o‘rmonlar ichra
Ma’yus tortar olis yo‘l pinhon.
Saf – saf tortgan qabrlar uzra
Manzili yo‘q, cheksizdir osmon.

***

Quvonchni ham, qayg‘uni ham qo‘y,
Ortingga bir qarama – o‘tgin.
Neki bo‘lgan bo‘lsa – unutgin,
Xayolingda ro‘yolarni suy.

Achinmagin o‘tar shuhratga,
Kuzgi titroq kezgan o‘rmonda
Ko‘mma berib savol har onda
Bu maysalar, toshni hasratga.

Yovshan isli yellarni simir,
Yodingda tut gar shoir bo‘lsang –
Bu dunyoda nima bor bo‘lsa,
U dunyoda bo‘lmaydi, axir.

***

Bu dunyoda ajib bir uy bor,
Unda jamdir do‘stlar baxtiyor.

Derazada – ko‘klam, nastarin.
Kimdir kuylar. Gurillar kamin.

O‘rtada – jom. Yorug‘dir bag‘rim,
Unda meni eslatgin, Tangrim!

***

Aprelgacha, alvido.
Ochilgan qo‘llaring – visol.
Uyum – uyum qor uchqunlari
sevgiling kaftidan bir umrga
uchib ketayotir.
Aprelgacha, alvido.
Yangi nastarinli bog‘
hidlari anqiguncha
kezindik
qorda, quyoshda.
Omon bo‘lsin sodiq do‘st  —   shahar.
U bizni boshladi,
sirlarimiz – qalbi.
Qo‘llarida tutdi bizni
og‘riqlari nafis mo‘jiza kabi.

Seni eslab… unutaman ham…
Ko‘z o‘ngimdan ketmaysan xurram –
bargsiz daraxtzorda,
quyosh nurida
sevgidan baxtiyor.
Elkangdagi yopinchig‘ingda
yarqiraydi yanvar quyoshi.
Bu ayriliq ishq edi, asli.
Lablarda muzlagan bo‘salar yoshi.
Aprelgacha, alvido.
Bu aprel ikkimiz uchun ham –
qaytmaydi,
qaytmaydi,
qaytmaydi.

OY MANZARASI

Tungi osmon chetida turib
Baliqchi jim, yolg‘iz o‘y surar.
Elkasida yoyilar to‘ri,
Oy nurida borliq yarqirar.

Osiladi yulduzlar to‘rga,
Kumush qayiq, hovuch – hovuch zar.
Eshkaklarni ko‘mgancha nurga
Mavjlanadi parsimon qumlar.

***

Meni deya chekma iztirob,
Yashayapman mag‘rur, qaddi tik.
Elkam tutar sobit Ishonchim,
Yorug‘ kunlar qarshimda  —    tetik.

Kengliklarda goh yomg‘ir, shamol,
O‘rlar bo‘m – bo‘sh dala o‘tinchi.
Yuragimga bargsiz shoxlardan
Mo‘ralaydi Umid sog‘inchi.

Ishonaman, umid uzilmas,
Zinalarda – hayotim izi.
Taqdirimni men — la bo‘lishar
Olis, achchiq Muhabbat hissi.

Xusumatdan xoli dil toza,
Alam, hasrat sezinmas aslo.
Moviy ko‘kda tiniq yulduzim
Oydin yo‘lga boshlaydi, illo.

Oygul Suyundiqova tarjimasi

UChRAShUV

Uchrashuvga va’dalashaylik,
Uchrashmoqlik emas-ku gunoh.
Qaygadir bosh olib ketaylik,
Odamlarning ko‘zidan uzoq.

Gitara va skripka jo‘r,
Sekingina taralar navo.
Ne tilasang, ofitsiant momo
Bir lahzada aylar muhayyo.

Sachrab o‘ynar qordek ko‘piklar
Shampan-sharob ochilgan zamon.
Betashvishdek tuyular hayot,
Bo‘lmagandek go‘yoki armon.

Sharob g‘amni yuvar ko‘ngildan,
Qanotlarin yig‘ib ohista,
Muhabbat va ishonch ikkovlon
Yonimizga o‘ltirar asta.

Ishonch birla, muhabbat birla
Suhbatlasha olmaymiz ro‘yrost.
Ikkimizda hamma narsa bor,
Faqatgina umid yo‘q, xolos.

* * *

Axir, menga kimlar ishongandi-ya,
Pinhon umid qilib yurakka malham?!
Maysalar, hayvonlar ishongandilar…
Menga ishongandi onajonginam.

Erkinlik deb barin boy berib qo‘ydim.
Onam qabri uzra yuzlarim shuvut.
O‘t qo‘ydim, maysalar qovjirab kuydi,
O‘q otdim, hayvonlar bo‘lishdi nobud.

Qushdek erkin bo‘ldim, mana, nihoyat.
Kishandamasman-ku bamisoli qul?
Bolaligimdagi so‘lim tabiat
Nega tushlarimga kirmaydi nuqul?

Qancha mamlakatlar tushdi kulfatga,
Ummonlarim qani? Qani dengizim?
Boqdim osmondagi noxush kalxatga,
Asli shu kalxatni uchirgan o‘zim.

Oyog‘im ostida yerlar sho‘r, taqir,
Ketyapman yelkamda safar xaltam shay.
Uyatdan yuragim o‘rtanar, axir,
Issiqda tashnalik qiynar ayamay.

Buloqqa tiz cho‘kib, egilib pastga
Chol kabi suv icha boshlayman uzoq.
Suvdagi aksimga qo‘shilib asta
Er qa’riga singib ketadi buloq.

SO‘Z

Poyezd kechikishi oddiy voqea,
Samolyotni kutib ichikadi ko‘z.
Haqiqiy baxtsizlik, katta fojia –
Mabodo kechiksa kutilyotgan so‘z.

So‘ngan gulxan uzra bo‘lgandek pushmon,
Kimsasiz kulbaga boqqandek mahzun
Kechikkan so‘z g‘arib, yig‘laydi yomon,
Uni kecha kutgan odamlar uchun.

Kechikkan so‘z bois o‘rmonlar yetim,
Bepoyon yerlarning peshonasi sho‘r.
Qabrlar qoshida so‘z ham beso‘z, jim,
Ruhlar bezovtayu qismat ko‘zi ko‘r.

* * *

Besh daqiqa qoldi uchib ketaman,
Yurak kulga to‘ldi, o‘pka tutunga.
Eng baland manzilni ishg‘ol etaman,
Yolg‘iz tashlab ketgum seni ochunga.

Bu, axir, juda ham oddiy haqiqat,
Tortqilayvermagin yomg‘irpo‘shingni.
Men uchib borayotgan olis mamlakat
Senga to‘g‘ri kelmas, yig‘vol hushingni.

Illyuminatorga quyosh sochar nur,
Radar to‘lqinidan o‘zadi parvoz.
– Qayoqqa? – Lablaring qimirlar og‘ir,
Qo‘l siltaysan, chiqmas shovqinda ovoz.

Erga tegmay uchar yelgan g‘ildirak,
Qanotlar ostidan ko‘tarar shamol.
Savoling havoda qolar muallaq,
Sevgilim, sevilgan go‘shangda xush qol!

Xush qol, ey sadoqat, xush qol, xiyonat,
Xush qol, baxt va shodlik, xush qol, qayg‘u-g‘am.
Xush qol endi nafrat, xush qol, muhabbat,
Zor emasman endi hatto senga ham.

VARAQ

Yulduzlarni asraydi falak,
Teran dengiz asrar durlarni.
Daftarimdan yirtilgan varaq,
Asragin men yozgan she’rlarni.

She’r – nafaqat o‘qimoq, uqmoq,
She’r – yurakda yangragan tovush:
Qutqargandek taygada so‘qmoq,
Tebrangandek ko‘llarda qamish.

Har satrim – jon, har she’rim – yurak,
O‘rmon, qushlar, bulutlarga xesh.
Daftarimdan yirtilgan varaq,
She’rlarimni asra peshma-pesh.

Avlodlarga kelmasin malol,
She’rlarim g‘am chekmasin nochor,
Shamol, dengiz va yaproq misol
Nafas olsin, kulsin beg‘ubor.

YaPONIYa

Tong iyeroglif men uchun.
Muhabbatim ufqda samoviy.
Sening nafis shamsiyang nechun
Osmon kabi yashnaydi moviy?

Nechun orol o‘lkang ustida
Ag‘illab charx urar chag‘alay?
Nechun sening yelkang ustidan
Ma’yus boqar ikki hilol oy?

Balki olam zar uqasiga
Olmos toshni tikkanidir bu.
Okean va tong yoqasidan
Quyosh boshning chiqqanidir bu?

Balki bu yurt ramzidir shunday:
Telba botir tushmagan asir –
Ko‘targaydir qaysar samuray
Bashar uzra otash va shamshir?

…Sarv kuylaydi shamsiya uzra
Tokuboku kitobin sevib
O‘qigani singari yapon
okeanning to‘lqinlarini
Varaqlaydi bu ko‘hna makon.

O‘N BIR METRLIK JARIMA TO‘PI

Tepdim butsi bilan
shtangani men.
Tush – unmadim,
nechun himoyachimiz
bekorga yiqitdi “to‘qqizinchi”ni ?!
Darvozaga qulf kabi osildim.
Har tepilgan to‘pga o‘qdek otildim.
Ikkala taymda
zo‘r qalqon bo‘ldim.
Endi “o‘n bir metr”.
Endi men o‘ldim.

Stadion to‘la tomoshabin, boq.
Men seni naqadar sevardim, Omad.
Biroq trenerim naqadar no‘noq –
Ko‘zini chirt yumib oldi vallomat.
Qo‘l-elkalarimga tob beraman xo‘b.
Qayiraman ko‘zga tushgan sochimni.
Mana, endi
mening peshanamdan o‘p,
Futbol – taqdirimsan,
sila boshimni.

“To‘qqizinchi” bilan chiqdim birga-bir.
U yugurib keldi…
To‘p tepdi og‘ir!
Oh, uning zarbida buncha qahr-g‘am!
Men to‘pni osmonga o‘ynab yubordim.
Temir shtangaga tegib, qobirg‘am
zafar burg‘usidek kuylab yubordi.

Tirsakni chiqardi to‘p zarbi – kuchlik.
Go‘yo odam emas, ayg‘ir tepdi-yov.
Faxr et, abjirligim!
Faxr et, epchillik!
Kaftlarimda yondi lovv etib olov.

Yashil maydonimda qurbon bo‘lay man!
Burchakdan to‘pni tep, raqib, bo‘la qol!
Osmonga sakrayman,
erga qulayman…

Men to‘sdim,
Hujumchi urolmadi gol.
Qalqidi, hayqirdi butun stadion,
Hayvonday bo‘kirdi, so‘kdi changitib.
Men esa
er tishlab yotardim nolon,
Yuzimni maysaga bosib,
chang yutib.
Shamol hilpiratib erkalar to‘rni,
Maysalar ustida o‘ynar bearmon.
Yurak dukullatib uradi yerni,
Yam-yashil maydonni sevib o‘parman,
Hujumchi shuhrati menga ne darkor,
Hech qachon urmasman darvozaga gol.
O‘zimni nishonga qo‘yib fidokor,
Jamoa sha’nini asrayman halol.

Aldab o‘ynasinlar g‘irrom har onda,
Qo‘pollik qilsinlar ularga hakam
Boplab hushtak chalsin, mard bo‘l maydonda,
Butun bo‘l!
Talofat ko‘rma, jamoam!

To‘p yumalab ketdi chetga shoshqaloq.
Falakdan yulduzlar boqdi, lol qoldim.
Tabloda nol yondi to‘pdek yumaloq.
“To‘qqizinchi”ni men biru nol qildim.

SAVOL

Balki dard, ko‘z yoshidan
She’rimizda malohat?
Balki ilon nishidan
Yurakdagi jarohat?

Balki achchiq tutundan
Baytlar o‘tli, barkamol?
Balki izg‘irin kundan
Yurakni teshar shamol?

Qadahda may limmo-lim –
Avj olgaydir kuy, g‘azal.
Bir boshga bitta o‘lim –
Qo‘rqitolmagay ajal.

Balki yulduz konida
Bizning yombimiz nihon?
Javob yo‘q zabonida.
Hech kim bilmas. Hech qachon.

ShAMOL

Tun. Boloxonaga chiqaman bir pas.
Navbahor. Hurillab turadi shamol.
Oqargan sochimga, yuzimga emas,
Yurakka, yurakka uradi shamol.

Yoshliku baxt-shodlik, kulfat-g‘am bilan,
Dengizu bog‘larda yeladi bevosh.
Shamolning qarisi bo‘lmas umuman,
Shamol hamisha yosh, shamol doim yosh.

YuLDUZ

Har qaysi yulduzga keladi navbat,
Har bir orzu-niyat bo‘lur ijobat.
Kuylovchi chiroqchi osmonda kezib,
Har nurni vaqtida yoqadi albat.

Ko‘pirib qoyaga sakraydi dengiz,
Qirg‘oqqa tushaman shamol sochar tuz.
To hayot ekanman, sayyor chiroqchi,
Falakda yoqib ber men uchun yulduz.

Mayli, dengiz cheksiz,
zulmat hamma yoq.
Mayliga, umid yo‘q,
mayli, yo‘q mayoq.
Chiroqchi,
ajalim yetgan bo‘lsa ham,
Baribir o‘zimning yulduzimni yoq.

Shodlik keltirarmi,
keltirarmi g‘am,
Bilmayman, chiroqchi,
menga ushbu dam.
Faqat boshim uzra yoqib ber yulduz,
Menga boshqa narsa kerakmas hech ham.

ONAMGA TIZ ChO‘KDIM

Yam-yashil maysalar! Cheksiz dala-dasht!
Onaginam yodi – firoq, alam, dard.
Onam hayotimga baxsh etgan hayot.
Tiz cho‘kdim, turmoqqa yetmas boqiy vaqt.

UY

Uyqum kelmas, tun tinch, allakim
bedor ko‘cha kezadi lekin,
Tomning sopol qovurg‘alarin
qo‘li bilan silaydi sekin.

Jaranglaydi ilohiy ovoz,
tomga qo‘lin tekkizgandayoq,
Kuylar temir tunika nozik
qo‘ng‘iroqdek kuladi quvnoq.

Kimdir oqshom suhbatlashgani
uy yoniga keladi iyib,
Tom boshini silaydi mayin
g‘isht devorni quchoqlar suyib.

Tinglayman bu suhbatni uzoq,
bilaman, u mehribon, saxiy,
Men uy bo‘lib qolsam qaniydi,
g‘isht devorli eskigina uy.

* * *

Pastdan qirga, qirdan pastga
Yo‘l yursam, tolmas oyoq.
Bir – kartoshka, ikki – kartoshka,
Uchinchi marta – pirog.

Ovga chiqsang, o‘q ota,
Baxt bo‘lgay uch bor ato.
Bir o‘q – xato, ikki o‘q – xato,
Uchinchi o‘q – baxato.

Bir, ikki – puch bo‘lsa,
Uching bordir, kam dema.
Gar uching ham puch bo‘lsa,
Yana to‘rt bor, g‘am yema.

Besh bor, o‘n bor, yuz… yiqilsang,
O‘rningdan tur, hayotsan –
Noldan boshlab sanay bilsang,
Sen mangu barhayotsan.

* * *

Kuzning mo‘jizasi – alvonrang shafaq.
Bulutlar poygachi kemadek yuzar –
Oq yelkanlar yuzar janubga ilhaq,
Turnalar galasi ulardan o‘zar.

Ufqqa botayotgan quyosh yumaloq
Gumbaz qalpog‘iga uzatadi qo‘l.
Yurak ayriliqning totini sezar,
Malina ifori anqiydi nuqul.

Vokzal. Tutunlarga chulg‘angan peshtoq.
Baydarka uchadi oltin anhorda.
Orkestr yangraydi bog‘larda mushtoq,
Xazonning navosi yangrar nahorda.

– Xayr, – vokzal tomida o‘ynar bozbarak.
Zang temir uchida tillarang xo‘roz.
Bo‘g‘izda yosh. Go‘yo tosh qotar yurak.
Moyli shpallarga qurim qo‘nar boz.

Sezaman – kimsasiz jarlikda tuman
O‘rmalar temiryo‘l osha o‘tloqqa.
Yaltiragan bir juft relslar yonma-yon
Bora-bora singib ketar yiroqqa.

Yoshlar getaraga oshufta xayol.
Shlagbaumlarda yaproqlar qizil…
Biroq shpallardan kelmoqda ayol…
Kuzgi otash aro ishqdan umid qil!

* * *

Kuz xazoni va hijron aro
Baxtiyorman deganim bekor.
Hamma narsa beqaror, ammo
Faqat o‘zing go‘zalsan, dildor.

Behudaga cho‘zurman vaqtni
Ko‘zlaringda kulganda yulduz.
Boy berurman behuda baxtni,
Dilga sanchiladi juvoldiz.

Navoda g‘am, g‘amda navo bor,
To‘xtab qoldi yugurik fursat.
Vidolashdik. Bizga bo‘ldi yor
Ayriliqmas, faqat muhabbat.

* * *

Unutma. Bir marta chalinar navo.
Bitsa ham xotirdan o‘chmas jarohat.
Unutma. Yurakni tilkalar jafo.
Faqatgina bir bor kelar muhabbat.

Yolg‘on va’dalardan ne foyda bora?!
Bu o‘yindan chiqib ketganman azal.
Qalbaki nag‘mani tinglashdan ko‘ra
Odamga jim-jitlik, sukunat afzal.

O‘tinaman, dangal bo‘lmagan so‘zga
Ishonib boy berib qo‘yma boringni.
Uchmagin aldoqchi, bevafo ko‘zga,
Asrab-avaylagin yurak toringni.

Sabr qil, tebrangay yurakdagi tor,
Ilohiy go‘zallik navosi bo‘lib.
Bir yurak jo‘r bo‘lar unga beg‘ubor,
Haqiqiy muhabbat sadosi bo‘lib.

SAODAT SOHILI

Asrlar qa’ridan miltirar umid
Yurakda og‘rigan kabi jarohat –
Qaydadir saodat sohili mavjud,
Unda umrboqiy muhabbat, rohat.

Men dengizchilardan bu haqda so‘rdim.
Dedilar: – Izlama, ko‘ngling bo‘lsin to‘q,
Barcha dengiz, barcha ummonni ko‘rdik,
Saodat sohili yer yuzida yo‘q.

– Yerda bo‘lmasa gar, balki falakda,
Balki yulduzlarning ichida nihon?
Kimdir taskin berdi menga yurakdan:
– Bas, iltijo qilma, yig‘lama nolon!

Parqu bulutlardan yuksakda yiroq
Yulduzlar porlaydi bamisoli cho‘g‘,
Sayyoralar bisyor osmonda, biroq
Unday sohil yo‘qdir, unday sohil yo‘q.

Baxtimga imkonim o‘z qo‘limdaku,
Ijobat aylayman dil xohishini.
– Allo, «Saodat sohili» kafesimi bu?
Stol buyuraman ikki kishilik.

* * *

Hayotdan naf undirgan,
ko‘p olgan keragidan
Yutuq, omadning quli
bo‘lganga rahmim kelar.
Dardu g‘am jarohatni
his etmay yuragidan
So‘qir va nodon bo‘lib
o‘lganga rahmim kelar.

Saxiy, fidoyi, kamtar
yurakka ishq munosib,
Qiynalganga buyurgan
hayot ma’nisin uqish.
Sevgan, g‘am-alam chekkan
odamga bo‘lgay nasib
Yulduz olovi bilan
bitilgan so‘zni o‘qish.

* * *

Tushganida boshingga qayg‘u,
Yolg‘iz qolasan sho‘rpeshona.
Qalam bilan yozasan, ushbu
G‘am-qayg‘udan qolmas nishona.

Tushganida boshingga hijron
Yorni sog‘inasan devona.
Qalam bilan yozasan nolon,
Hijrondan hech qolmas nishona.

Quyosh go‘yo bir xira chiroq,
Husnidan nur sochsa jonona.
Qalam bilan yozasan, biroq
Muhabbatdan qolmas nishona.

Shohbaytlar yo‘q, lutfu tashbeh yo‘q,
Mo‘jiza yuz bermas hech qachon.
Yurak bo‘lsa tuyg‘usiz, sovuq,
She’riyatdan qolmas nom-nishon.

* * *

Meni bezovta qil hamisha, har on.
Uchib kel. Tinimsiz valdira, vaysa,
Kim kimni, nimaga, qayerda, qachon… –
Jo‘yali, jo‘yasiz jag‘irgin, javra.

Xoh iyul, xohi mart, xohi dekabr
So‘zlayver, janubda dam ol, qaytib kel.
Nimani istasang, barini gapir,
Tansiq ovqatlarni maqtab, aytib kel.

Adabiy burgalar sakrashin jo‘shib
Ta’rifla, misoli notadek chizgin.
Shampan och, tilak ayt qadahga qo‘shib,
Latifalar bilan ichakni uzgin.

Sim qoq. Eshigimni tepib kirib kel,
Bemahal xo‘rozdek qichqir har nafas.
Xokkey, kino, turqing bilan zada qil,
Faqat she’r bilanmas, she’r bilan emas.

Rus tilidan Rustam Musurmon tarjimasi

ESKI FONUS

Kuylama u eski fonusni menga,
Pushkin yo Blok deb chekmagil firoq.
Ularning shu’lasi mendan ko‘p yiroq,
Kuylama u eski fonusni menga.

Kuylama menga Rus qahramonini,
Qishning zamhariri yer uzra oqar.
Bestujev izillab qayonga boqar,
Kuylama menga Rus qahramonini.

Menga u yo‘llarni kuylamagin sen,
Shamol ham topolmas qorli sarhadlar.
Navjuvon Radishchev, ovloq bekatlar,
Menga u yo‘llarni kuylamagin sen.

Kuylama u sirli yurtlar haqida,
Kuylama maftunkor olis go‘shani.
Kuylama, kuylama faqat o‘shani,
Kuylama u sirli yurtlar haqida.

O‘zi yo‘q sevgini kuylama, jonim,
Ovozing, bardoshing yetmagay bu dam.
O‘chgay u fonusning shu’lalari ham,
O‘zi yo‘q sevgini kuylama, jonim.

Rus tilidan Abdulla Oripov tarjimasi

* * *

Taqdir – haqdir.
Chiranma unga,
Bor qilar, ham yo‘q qilar taqdir.
Boshqa yozmish berilmas senga,
Hayot yanglig‘ taqdir ham haqdir.

Ehtiyot qil ruhi joningni,
Dunyo kengdir doimo kengga.
Sotma faqat ruh, imoningni,
Boshqa ruh ham berilmas senga.

ONAMGA

Yashil dala, yam-yashil ochun,
Faqat onam kamlik qiladi.
Mehrin haqin qaytarmoq uchun
Mangulik ham kamlik qiladi.

* * *

Bu dunyoda bir ajib uy bor,
Do‘stlar unda jamdir, baxtiyor.

Unda – bahor, gul ham nastarin,
Kimdir kuylar hayot ranglarin.

Unda ruhni zulmat qoplamas,
Meni ham bir eslasalar bas.

* * *

Ikki dunyo aro shundoq yashayman –
Dildorim, sen agar nazar solursan:
Bari ortiqchasin olib tashlayman,
Bir o‘zing qolursan. O‘zing qolursan.

Yulduz ko‘zlaringni, oy jamolingni
Oyu yulduzlardan o‘zim qildim jam.
Men o‘zim tuzdim-ku bu kamolingni,
Endi ortiqchaman o‘zim, jonginam.

* * *

Xayr.
Xush qol.
Baxtli bo‘l doim,
Yolg‘oning ham go‘zaldir, dildor.
“Kechir” degan achchiq, muloyim
So‘zni ochiq aytmagil zinhor.
Ayriliq ham bor gapdir, bilsang,
Aytilmagan so‘zlar ham bekor.
Gunohgacha o‘smagan bo‘lsang,
Kechirmog‘im senga na darkor?

* * *

Nima bo‘ldi menga, bilmadim,
Ne savdolar sarson boshimda.
O‘ttiz yoshni pisand qilmadim,
Yosh yigitman ellik yoshimda.
Goh qirdagi bir loladayman,
Yaratganning inoyati ne?
Borgan sayin yosh boladayman,
Buning sirru sinoati ne?

YoPIQ EShIKKA YoZILGAN BITIK

Taqillatma eshikni dilxun.
Bas qil endi, bir nafas qo‘y-da.
Men uyimda bo‘lmayman bugun,
Ertaga ham bo‘lmayman uyda.

Sen shoirsan, Sen zo‘rsan ming bor,
Nechun yana ko‘ngling to‘lmaydi?
Meni tinch qo‘y.
Avlodlarga bor,
Avlodlar ham uyda bo‘lmaydi.

Rus tilidan Sirojiddin Sayyid tarjimasi

ChIG‘IRNING  TUShLARI

* * *

Hilol yog‘dusi. Bir oz titrab, keng hovliga tushadi, quyoshga qaratib solingan ayvonni yoritadi. Tomorqa chetidan oqib o‘tgan ariq yoqasida esa kattakon yog‘och g‘ildirak aylanadi. Bu chig‘ir.
U o‘zining girdiga aylantirib bog‘langan xumdek chelaklari bilan ulkan ariqdan suv chiqaradi. Obdovi pastga yo‘naltirilgan novdan poliz ekinlarining jo‘yaklariga, devorning naryog‘idagi dalalarga N2O oqadi. Yer suv ichadi. Tun yarmidan oshganda chig‘ir to‘xtaydi. Falakdagi hiloldan uning uyqusiga tushlar enadi.

* * *

Shahar favvorasining shalolalari otilib tushgan marmar hovuzlar ichidan… tog‘lardagi sharqiroq irmoqlar quchoqlab oqqan xarsangtoshlar orasidan… tip-tiniq ko‘l bo‘yidagi plyajning shag‘al to‘shalgan qirg‘og‘iga… ular yugurib chiqib kelishadi — qora sochli yigitcha bilan zar kokilli qizgina. Ikkisining oqqush qanoti misol keng yozilgan qulochlaridan taralar — kamalak, kamalak, kamalak…

* * *

Ikki ayg‘ir va bir axta ot tuyoqlari ostida chaqir toshlar shiqirlaydi. Pomir etaklari. Yosh texnik-topograf olg‘a borayotgan so‘qmoq. Ha, aytmoqchi, bu mening o‘zim. Yonimda hamrohlarim Anvar va Borya — yer satxini o‘lchash uchun darajalarga bo‘lingan maxsus tayoqlarni ko‘tarib yuruvchilar. Egarga osilgan qoplarda otlarning yemi — suli. Yana uch kishi o‘n kun yeyishga mo‘ljallangan konservalar va qotgan non. Ammo gap bunda emas. Gap shundaki, tog‘da kun juda tez botadi. Qorong‘uda esa, o‘ru daralar orasidan bironta buloqni izlab topish amri mahol. To‘satdan kun issig‘ida chanqagan uch ot gijinglab o‘zini suv to‘la novga urdi. Tog‘lik sangtaroshlar yasagan ushbu tosh nov ichiga uchta ot tumshug‘ini suqib, bo‘kkunicha suv ichdi. Xolbuki, otlarni bunday sug‘orish mumkin emas. O‘rga chiqishda terlagan jonivorlar ustidan jabdug‘ini olmasdan ayilini sal bo‘shatib qo‘yib, bir-ikki soat sovutish lozim. So‘ngra qancha suv ichsa ham bo‘laveradi. Ammo qayoqda? Bu holatda suvdan boshqa hamma narsa xayolimizdan ko‘tarilgan edi. Qizig‘i, bizning o‘zimiz ham egardan tusha sola boshimiz bilan tosh buloqqa “sho‘ng‘idik”. Bunday suv ichish bizga ham, otlarga ham halokat keltirishi mumkin edi. Natijada 32-topografik bo‘linma rahbariyati prokuraturaga bizning guruhimiz shaxsiy tarkibi va otlarning o‘limi haqida dalolatnoma yozib topshirish uchun ko‘p narsani to‘qib yozishi kerak bo‘lardi. Ustiga ustak, Vorobey va Festival — biz ayg‘irlarni shunday atar edik — suv ichib bo‘lib, bir-biri bilan olishib ketishdi. 32-bo‘linma rahbariyati mendek bir yosh bolaga ikki ayg‘irning taqdirini ishonib topshirayotganida qanday “yaxshi va shirin so‘zlar” bilan siylashganini esladim. Endi naq baloga qolaman deb o‘yladim. Hatto Barkovning “muloyimgina” nigohini tanamda his eta boshladim. Xayriyat. Borya bilan Anvarga rahmat. Ular ayg‘irlar jangini to‘xtatib qolishdi.
Har birimiz o‘z chodirchamizda soat beshga qadar tosh qotib uxladik. Tong-saharda esa quyosh nurlari bizni uyg‘otdi. Hammasi yana yangitdan boshlandi. Belgilangan nuqtaga qadar — yarim kun. Teodolit bilan ishlash — o‘n minut. Navbatdagi nuqtaga qadar esa — yana yarim kun. Huv pastlikda o‘ynoqlab oqayotgan daryocha ko‘rinadi. Faqat suvning shovqini bizga eshitilmaydi. Bizning ham, otlarning ham lablarimiz qovjiragan. Tashnalik. Tashnalik.
O‘n kundan so‘ng qarorgohimizga qaytganimizda esa, o‘zimizni otning ustidan tappa tashlab daryoga yugurdik, yotib olib suv ichdik. Yutoqib ichdik. Uzoq ichdik. Shundoq yuzimizga, kipriklarimizga tegib turgan suvga qaraganimizda, daryo sarobi yanglig‘, bu damdan minnatdor nigohlar… otlar bizga boqib turar edi.

* * *

Rang-barang kamalak, quriyotgan Orol. Halokatga yuz tutgan dengizni qutqarish uchun harakatlar boshlandi. Biroq baliqlar va kemalarning qumlarda qolib ketgan ustixonlariga qaytadan “et” bitmaydi. Planeta fojeasi. Rus donishmandlaridan biri dengizni qutqarish uchun “Shimoliy Muz okeanidan aysberglarni vertolyotlarda tashib keltirib, Orol havzasiga tashlash zarur”, dedi.
Naqadar donishmand u. Ilya Muromets. Uyg‘ondi-ya. Anasteziya, azizim, mehribonim, qaydasan? Uni yana sakkiz yuz yilga uxlatib qo‘ygin.

* * *

Suv, suv…
Burun onam meni “O‘n uch” deb nomlangan badiiy filmni tomosha qilishga olib borgandi. Ushbu “lenta” hayotimning o‘n to‘rt yoshdan o‘n to‘qqiz yoshgacha bo‘lgan yillarini bashorat qilishini qayoqdan bilibman o‘shanda. Ha, mayli. Ekranda qizil armiyachilar ot chopdiradi, cho‘lda bosmachilarni ta’qib etadi. Buning menga nima aloqasi bor? E, yo‘q, Qizilqum cho‘llari bolaligimda suv haqidagi kinoni bejiz tomosha qilmaganimni eslatib qo‘ydi.

* * *

U yoqda, ikki o‘smir-yoshning og‘ushidagi kamalak jilolari ortida cho‘lning saroblari suzadi.
Narimon Saidgarayev, Tolik Sluchenko, Ilyusha Soy, albatta ular bilan birgalikda kamina, qizil rangli qumlar oralab borayapmiz. O‘lgudek chanqaganmiz. Birdaniga yonib yotgan osmonga tutashib ketgan barxanlar orasidan triangulyatsion punktning uchburchak yog‘och minorasi tagidan quduq chiqib qoldi. Yaxshiyam suvi qurib qolmagan. Zo‘r! Zanjir o‘ralgan g‘altak qo‘ndog‘ini aylantiramiz. Quduq tubiga yetganda paqir sharaqlab suvga tegadi. Ko‘zlarimiz chaqnab ketadi. Suv to‘la chelakni tortib chiqarayotgan g‘altak g‘ichirlaydi, zanjir shiqirlaydi. Nihoyat mana — ko‘zimiz to‘rt bo‘lib kutgan pachoq paqir. Limmo-lim suv. Ammo irib ketgan suvning sassig‘idan o‘zimizni orqaga tashladik. Ha, bunday suvga qo‘l tekkizish ham xavfli. Hozirgina qo‘limizga ushlagan pachoq paqirni quduq yaqinidagi ko‘hna qabrlarning nafasi to‘ldirib turganday edi.
Osmondan +50, quyoshdan esa +70 harorat qizdiradi. Cho‘lning hovuri bijirlab turgan yerda kichkinagina vodiy, qo‘ylar suruvi va o‘tov paydo bo‘ldi.
— Aka, suv bormi?
— Yo‘q…
Biz holdan toyganmiz. Cho‘pon esa bamaylixotir so‘z qotadi:
— Ayron bor.
O‘tovning orqa tomonidagi yer tagidan muzdek ayron to‘la mesh keltiriladi. Xudoga shukur! Sopol kosaga qulqullatib najot quyiladi. Biz aql bovar qilmaydigan va zoriqib kutilgan ichimlikni sipqoramiz.
Cho‘pon ayron evaziga hech narsa so‘ramaydi. Minnat qilmaydi. U o‘tov ichidan yugurib chiqqan bolalariga mamnun boqadi. Men esa hayratdan yoqamni ushlab qolaman. Tasavvur qilasizmi — qora sochli qizchalar, sariq sochli o‘g‘lonlar. Ularning orqasidan choponning xotini chiqadi. Nemis ayol. Beixtiyor oh deb yuborasan. Bo‘g‘zimdan shu so‘z otilib chiqdi: “Oh!”
Cho‘pon qaysi millatdan ekanini bilmadim. Balki o‘zbekdir, qirg‘iz yoki qozoqdir… Buning ahamiyati nima?
Ammo ayron… U bizning jonimizni kiritdi. Odamning yaxshiligi meningdek o‘n yetti yashar yigitning yuragida qoldi.
Men senga ta’zim qilaman, cho‘pon!

* * *

Echimi mushkul suv muammosi. Oh, yechimi mushkul! Unda oynadagi kabi odamlarning qalbi aks etadi.
O‘zini mashhur shoir deb biluvchi tanishlarimdan biri “temir panjaralar” davrida komsomol xodimi sifatida turli mamlakatlarga sayr etib yuradi. U sayohatchilar avtobusida Adriatika tomonga yelar edi. Shuni aytish kerakki, o‘sha shoir mutaxassisligi bo‘yicha vrach edi. Xuddi Chexov misoli, tushunayapsizmi? To‘satdan o‘sha avtobusda ketayotgan sayohatchi ayollardan birining tobi qochib, ahvoli og‘irlashib qoldi. Shuni aniq bilamanki, uni qutqarib qolish uchun suv zarur edi. Baxtga qarshi hech kimda bir qultumgina suv topilmadi. Haydovchi gazni oxirigacha bosdi. Ayolning hayoti xavf ostida qolgan edi-da. Xudoga shukur, haydovchi o‘z vaqtida bir yugoslav qishlog‘igacha yetib keldi. Qisqasi, ayolni o‘ziga keltirib oldik. So‘ngra avtobus marshrut bo‘yicha o‘z yo‘lida davom etdi. Mening haligi tanishim — shoir va vrach — sumkasidan bir shisha idish chiqarib, qopqog‘ini ochdi va bemalol koka kolani g‘o‘ltillatib icha boshladi. Avtobusda ketayotganlarning hammasi unga qarab qotib qolishdi. Boshqalardan oldinroq o‘ziga kelgan kimdir so‘kindi:
— Ablah ekansan…
— Siz suv so‘ragandingiz-ku, — dedi ko‘k ko‘zlarini miltillatib vrach-shoir.
Mana sizga N2O! Mana sizga Gippokrat qasami! Mana sizga vijdon, odamgarchilik o‘lchovi!
Ha, o‘lchov.
Ushbu o‘lchovga nafrat tufayli efir radio va televideniye diktorlarining xavotirli ovozlari bilan to‘lmaganmikin? Shu bois gazeta-jurnallardagi fojeaviy fotoreportajlar ko‘zimizga ignadek sanchilmaydimi?
“Xitoyda to‘fon. Odamlar ko‘chirilmoqda…”
“Tayga yonmoqda…”
“Stavropolda suv toshqini… Quduqlarga balchiq to‘lib qolgan… Ichimlik suvi yo‘q…”
Eshitmaslik, ko‘rmaslik mumkin emas. Sibirda — Venetsiya. Qo‘rquvdan hurkkan sigirlar ortilgan chandolalar — qayiqlar. Hoy, Amerika, BMT, Yevropa, Hindiston — mening tahlikali dunyoim. Terror, zo‘ravonlik, milliarderlar, tilanchilar, shou-bezorilar bilan to‘lgan dunyo!
Tushunish qiyin seni, Ona sayyora!
Qanday gunohimiz uchun jazolanayapmiz? Shaharlar suvga g‘arq bo‘lmoqda, o‘rmonlar esa, yo Alhazar, alanga ichida. Yong‘inni hech narsa bilan o‘chirib bo‘lmaydi. Maxsus samolyotlar yetmaydi. Bu ne hol? Yetar, bas. Xudoni bezovta qilishga qanday haqqim bor? Balki menga ham, senga ham, hammamizga ham aqlimizni ishlatib iloh in’om etgan quduqqa tupurish mumkin emasligini anglash fursati yetganmikin? Jang qilish kerak emas, ishlash kerak. Axir vaqt beshafqat — hayot g‘animat. Sen ham, men ham, hatto diniy konfessiyalar va yer yuzi davlatlari rahbarlari ham buni unutmasliklari zarur. Mana, neft bilan zaharlangan dengizlar, radioaktiv to‘lqinlar qirg‘oqqa chiqarib tashlagan delfinlar, kislota yomg‘irlari. Bularning barchasi bizning — odamlarning qilmishi. Shuning uchun suv ham goh daryo va dengizlardan qochib, goho shahar va qishloqlarni g‘arq etib, isyon ko‘tarmoqda.

Yulduzga urildi chap yondan kema,
Palubaga qadar g‘arq bo‘ldi o‘ng yon.
“Kemaga tushganning joni bir”, demak —
Ikkov pichoqlashsa, falokat ayon.
O‘zaro kurashdik. Kompasni, essiz,
Sindirdik. Kemada qon to‘kdik nahot.
Yana qasd olishni o‘yladik-da, biz
Kemani asrashni unutdik, hayxot!
Shamol qoyalarga oqizar bizni,
Bo‘g‘zimdan otilib chiqadi nido:
Nahot halok etsak o‘z kemamizni?!
Avlodlar kemadan bo‘lurmi judo?!
Palubani suvga g‘arq etar ummon,
Kemaning tumshug‘i tiqilar loyga.
Machtada bir maymun yugurar nolon
Go‘yo ikki qo‘llab yopishar oyga.
Hayqirsam, tovushim eshitilmas hech,
Elkan arqoniga tupuraman qon.
Xudoyim! Nahotki, nahot endi kech?
Aqlu hush ber! Mahkum etma, Xudojon!
Deganding, og‘a-ini erur odamzot,
Dunyoda yovuzlik qilma hech qachon.
Afsuski, meni ham qarg‘agan hayot,
Pichog‘im sopida qotib qolgan qon.
Endi yulduzlarga qilurmiz yurish…
Yig‘la, ey, ona yer — ey aziz oshyon!
Yana avj olmoqda o‘zaro urush,
Yana avj olmoqda quturgan to‘fon.
Elkandek suzadi ko‘kda bulutlar,
Shturval chambari kamalakka band,
Ey, ona sayyora, esimiz yo‘q-da,
Aqlsizligimiz senga berur pand.

* * *

Hayronman.
Yovvoyi tabiatda ashaddiy qurg‘oqchilik pallasi boshlanganida qoplonlar ham, yo‘lbarslar ham, sherlar ham, eng muhimi, antilopalar ham suvi saqlanib qolgan yagona daryo bo‘yiga kelishadi, bir paytning o‘zida yonma-yon turib suv ichishadi. Antilopalardan hech biri qochmaydi, yirtqichlardan hech biri ularga hujum qilmaydi. Bu davrda suv hamma hayvonlarni yarashtiradi. Qanday yaxshi-ya? Bas shunday ekan, biz insonlar bir-birimiz bilan yarashmog‘imiz uchun nahotki butun yer yuzi qurg‘oqchiligi zarur bo‘lsa? Yoki ikkinchi jahon To‘foni? Eh, xom sut emgan banda!
Endi tushunarlimi…

* * *

Suv… U bilan bog‘liq bo‘lgan deyarli barcha narsani yaxshi eslayman. Shuning uchun armiyadagi xizmatdoshimga maktub yo‘llayman. Konvertga esa, mening chig‘irim tushiga kirgan kamalakni yopishtiraman.
“Azizim Yura! Azizim Budasov! Mening kavkazlik do‘stim — ingliz tili bilimdoni va akkordeonda o‘ynash ustasi, omonmisan? Bilmadim, ushbu satrlarim sening Pyatigorskinggacha yetib borarmikan? Balki yulduzlar aro ko‘priklar vosita bo‘lar? Bilasanmi, men bu yerda suv ustida doiralar chizayapman. Mana, dahshatli va sadoqatli ikki kunni esladim. Biri, biz — muddatli harbiy xizmat askarlari yo‘l-ko‘prik rotasi yigitlari bilan birgalikda Tojikistondagi Kofarnihon daryosi uzra ponton-ko‘prik o‘tkazgan fevralning qorli kuni. Ikkinchisi esa, Turkmaniston cho‘llarida o‘tkazilgan harbiy mashqlarda “sovkovoy lopatka” bilan qumni jazirama osmonga qarab otgan kunimiz. Bu ishni soat 14.00 gacha katta chuqur qazish va unga o‘shandoq katta rezina basseyn joylashtirish uchun bajargandik. So‘ng o‘sha bema’ni chuqurda katta yulduzli qo‘mondon cho‘milishiga mo‘ljallangan sovuq suv bilqillab turar edi. Ha bilqillab turardi. Ana shu N2O da general lazzatlanar edi. Eslaysanmi? Biz esa bir oy davomida har birimizga berilgan askarlik ish haqini — uch sum pulni changallab, limonad va piva sotib olish uchun ofitserlar do‘koniga yugurardik. So‘ngra bu ikki iliq ichimlikni suvdonga solib aralashtirar va somoncha orqali tortardik. Mazkur ichimlikka “Qashshoqlar nasibasi” deb nom qo‘ygandik. Hech qisi yo‘q, mashqda qiyin bo‘lsa, jangda zafar qozonasan.
O‘sha voqealarni eslaysanmi, Yura Budasov? Armiyadosh do‘stim, sog‘misan?”

* * *

Yo‘q, menga yetti rangli kamalak orasidan Afrika qit’asidagi ulkan Sahroi Kabir ko‘rinayotgani yo‘q. Menga kichkinagina mamlakat ko‘rinayapti. Mening qadimiy ajdodlarim orqali u bilan hech qanday umumiy bog‘liqligim yo‘q. Olis, to‘g‘rirog‘i qadimiy. Isroil deb ataladi. Cho‘ldagi quruq ohaktosh ustida, insonning peshona teri va mehnati tufayli yashil maysalar va palmalar ko‘karganini, tog‘ yonbag‘irlarida archazorlar va mandarin bog‘lari yaratilganini gapirmay qo‘ya qolay… Men bu haqda emas, men N2O haqida gapirmoqchiman. Maydoni atigi Toshkent viloyati hududiga teng keladigan bu mamlakatni uchta dengiz o‘rab turadi. Biroq dengizning suvi sho‘r-da. Dengiz suvini sho‘rsizlantirishga ketadigan mablag‘ esa, Turkiyadan chuchuk suv sotib olishga nisbatan qimmat. Har bir uyning tomida yomg‘ir suviga mo‘ljallangan hayhotday idishlar. Tomchilab suv yig‘ishadi. Yagona chuchuk suvli ko‘l — Kineret ham qor va yomg‘irlarga mahtal.
Butun mamlakatdagi unitazlarga, kechirasiz, ikkitadan murvat qo‘yilgan. Biridan kamroq suv qo‘yiladi, ikkinchisidan ko‘proq. Albatta, hisoblagich asbob ham o‘rnatilgan. Dalalarni tomchilab sug‘orish haqida gapirmay qo‘ya qolay. Aytganday, tomchilab sug‘orishni o‘ylab topgan odam ilgari Toshkentda yashardi. Albatta, bu shaharda u odamdan tashqari sho‘ro amaldorlari ham yashashardi. O‘shalar olimning taklifini qog‘ozbozlik dengiziga g‘arq etib yuborishdi. Shundan so‘ng u ketib qoldi. O‘sha amaldorlarning merosxo‘rlari esa, oddiy soliq to‘lovchilar, men ham shu jumlaga kiraman, solig‘idan tushgan mablag‘ evaziga Yaqin Sharq mamlakatlaridan tomchilab sug‘orish texnologiyasini sotib olishdi.
Nima deysan, chig‘ir? Gapim noto‘g‘rimi? Chig‘ir javob bermaydi. Kamalakli tushlar ko‘radi.

* * *

Niagara! Mana, qayerda suv mo‘l! Arktika, Antarktida! Muz — xohlagan narsang bilan qo‘shib ye uni.
Zilziladan so‘ng “Yosh gvardiya” kinoteatrini qanday buzishganini hamon eslayman. g‘aroyib manzara! Dastlab reklama taxtalari qoplangan baxmal pardalar uchib ketadi. So‘ng har ehtimolga qarshi o‘sha vitrinalarning baxmal pardalari ortidan Stalinning byusti o‘sha kunlarda chang-to‘zonda qolgan mening Toshkentimga boqadi. Kichkinagina byustcha. Bitta emas. Ular katta haykal atrofida aylantirib qo‘yilgan. Ular nimaga boqishar edi? Tabiiy ofat tufayli qurib qolgan ariqlar, huvillagan yerga boqishardi. Suvsizlikdan bo‘m-bo‘sh ariqlar atrofida yer tagidan yorib chiqqan yantoqlarning tikanakli nishlari yurakka sanchiladi. “Suv — bu hayot” — bu balandparvoz shior emas, balki sokingina, ammo chin haqiqat. Axir biz ilgari tip-tiniq Salordan qamish dastali qarmoqlar bilan kumushdek xonbaliq (marinka)larni ovlardik. Baliq shunaqayam zo‘r ediki. Bu gapni men tasodifan ushbu satrlarimni o‘qib qolishi mumkin bo‘lgan yoshlarga qarata aytayapman. Bu baliq Salorda bor edi, ha, bor edi. Salor to‘lib-toshib oqardi. Biz futbol o‘ynab qizib ketganimizdan so‘ng yotib olib suv ichadigan ariqlarchi? Bu ariqlar beton o‘zansiz ham buloqdek musaffo va toza edi. Biz yuzimizni ariq suviga botirganimizda esa, mitti-mitti baliqchalar har yonga qarab suzib qochardi. Hamma har bahorda bu ariqlarni tozalashga chiqardi. Turli belkuraklar, panshaxalar, ketmonlar bilan ariq qazardik. Hech kim majburlamasdan, iltimos qilmasdan bajarar edik bu ishni. O‘zimiz.

Ozgina fursat bor… Ozgina vaqt bor…
Ajrashurmiz, boqib quyoshga so‘ng bor.

Gina-kudrat qilmay, bog‘da yururman,
Novdasin sindirmay meva terurman.

Yo‘qotganlariga bo‘lib intizor,
Daraxt, maysalar ham chekurlar ozor.

Zilol buloq… Billur kabi maftunkor,
Tiniq suv tubida barglar naqshinkor.

Kunbotarda qushlar sayrar jo‘rovoz,
Tiz cho‘kib daryoga sajda qilmoq soz.

Xorib-charchaganda dam olmoq darkor,
Juda ko‘p fursat bor… Juda ko‘p vaqt bor.

* * *

Chig‘irning kamalaklari, tushlari tugadi. Endi ishga. Uyqudan uyg‘ongan g‘ildirak sekin aylana boshlaydi. Yog‘och novga tushlarning qoldig‘i kabi tomchilar tomchilaydi. Ular hamon kamalak tusda.
Ninachining shaffof qanotlari. Ular qirg‘oqdagi qiyoqlar uzra tek qotadi. Katta ariq to‘lib suv oqadi.
Xudoyo xudovando, nasibamizni ziyoda qilgin. Suvimiz hamisha mo‘l bo‘lsin. O‘g‘il-qizlar doimo chig‘ir yonida tursin.
— Yo‘q, — deydi mening navqiron do‘stim, — yo‘q shlangni vodoprovod jumragiga ulay olmayman. Ana, ariq. Jo‘yaklarimni chelakda suv tashib kelib sug‘oraman. Yaxshisi chig‘ir yasash zarur.
So‘ngra biroz sukut saqlab, xo‘rsinadi:
— Ariqda suv bo‘lganida edi…
Qissadan hissa:
— Buzuq kran jumragidan N2O behuda tomchilab turganini ko‘rsam, qonim qaynab ketadi. Suv yo‘qlikka, noma’lumlikka ketib isrof bo‘lmoqda, axir!

Rus tilidan Rustam Musurmon tarjimasi