Ulav Xauge (1908-1994)

Norvegiyaning hozirgi zamon yetakchi shoirlaridan biri Ulav Xauge Ulvik degan qasabada 1908 yilda tug‘ilgan. Kasbi bog‘bonlik bo‘lib, butun umrini otasi bunyodga keltirgan bog‘ni parvarish qilish bilan o‘tkazgan. Bog‘bonlik, mirishkorlikni qo‘ymagan holda she’r san’atini ham egallagan.
Ulav Xauge “Kul ichidagi uchqunlar” (1945), “Qulash xavfi ostida” (1951), “Kechikib oltinlangan kuz” (1956), “Burgut tog‘ida” (1961), “Sharqiy shamol nuqralari” (1966), “Shamoldan so‘ra” (1971), “O‘lg‘iz qolgan o‘t poyalari” (1980) kabi she’riy kitoblar muallifi.
Ulav Xauge inglizchadan, olmonchadan va frantsuzchadan ko‘p shoirlar asarlarini norveg tiliga tarjima qilgan. Uning she’rlari ham ko‘plab Ovro‘pa xalqlari tillariga tarjima qilingan.

OG‘OCh SIVIZG‘A

Bahorda og‘ochdan
sivizg‘a yasab,
yashil hushtakchasin
zar bilan bezab,
bir toshga o‘tirib
kuy chaldim uzun.
Hali ham yodimdan
chiqmaydi u kun.

Hayotni, o‘limni,
mehr, orzuni,
o‘smir neni sevsa
kuylovdim shuni.
Kuyimda umid ham,
dard ham bor edi –
norasta yuragim
yarador edi.

Sivizg‘am yig‘lardi,
o‘rmon – menga uy.
Yashar o‘lgunimcha
men bilan u kuy.
U sivizg‘am tindi,
menga keldi so‘z,
ammo yer dardlarin
aytar qaysi so‘z?

DUO

Tog‘ uchlari, butun o‘rmonlar
qor ro‘molga o‘ranib olgan.
O, bu tungi osmon javoni
yaltir-yultir durlarga to‘lgan.
Izg‘iriqda qayinlar bukik,
don sepilgan shudgorlar – bu yoq –
tezda nihol qad ko‘tarar tik,
tugajakdir albatta boshoq.

O, xudoyim, ko‘zlarimni och,
jonli mo‘jizangni ko‘rayin,
o‘lik toshga emasman muhtoj,
yaltir-yultirlarni netayin?
Qo‘shiqlarim, tuyg‘ularimdan
nur taralsin o‘lgunimcha to:
jonim qutlug‘ she’riyat bilan
birga yonib o‘tsin mutlaqo.

* * *

Mana turibman,
horg‘inman, shaloq.
Umid o‘lkasi
ortimda uxloq.
Yo‘lim notekis,
do‘stlarim ketdi,
ko‘zlarim xira,
ko‘r bo‘lib ketdi.
Cho‘g‘ so‘rab bordim
nechalariga,
o‘tim o‘chganda
kechalarimda.
O‘zgadan madad
so‘rama, qiynar, –
ajal shamshiri
boshingda o‘ynar.
Yuraging qo‘ri
yilt etsa ham sal,
balki, sen boysan
kelganda ajal.

TO‘KILMA, KO‘ZYoSh…

Bitta jilmayish,
bitta qo‘l siquv,
to‘g‘ri, sen uchun arzimagan ish,
ammo men uchun baxtiyorlik bu…

To‘kilma, yoshim,
to‘kilma ko‘zdan,
bilaman, sho‘rsan.

SINGAN O‘TChALAR

Shamollar sindirgan o‘tlarni tingla,
tarqalsin alami, og‘rig‘i andak –
sen siniq qanotli qushlarni angla,
to‘g‘ri, but qanotlar uchadi yuksak.
Lekin yiqilganga boqma beshafqat –
hayotining yorug‘ kuniga nogoh
soya solgan bo‘lsa birinchi ofat,
shunda singan bo‘lsa, unda ne gunoh?

ShUKUR QIL

Seni urib ketmadilar,
sen po‘lat o‘q emas,
erda qolgan parqu emassan,
shunday bo‘lganiga,
boshga tushganiga shukur qil.

Toqqa chiqolmading,
Ko‘ldan o‘tolmading,
o‘ldira olmading ajdarhoni,
bir ona bir marta chaqirdi,
umrida bir marta – kelmading.

Holbuki, po‘rtana bo‘lsa ham,
tizza bo‘yi bo‘lsa hamki suv,
savasa ham seni jalalar,
kelishing kerak edi.
Mana, Velund –
payin qirqdilar,
lekin qanot yasab oldi u –
bolalarga qancha qo‘lbola
o‘yinchoqlar qilib berdi-ku!

Har narsaga yetishmoq tugal
orzularda yuz berar faqat:
tog‘larga ham chiqa olasan,
ko‘llardan ham o‘ta olasan,
o‘ldirasan ajdarhoni ham,
etishasan sevgan yoringga.
Faqat balki, sening hayoting
shunday yo‘lda yetar murodga.

SEN YoShSAN

Gapirsam,
gapimda ko‘p bo‘lsa alam,
tushunging kelmaydi, chunki sen yoshsan,
sening kuning yorug‘,
irodang mahkam.

Biz-chi, biz,
shikvadan voz kecholmaymiz,
o‘yinga o‘rganib qolgan odamlar
o‘yindan voz kechib ketolmaganday –
umrimiz ma’nisin bezaymiz shunday.

Sening ham boshingga tushsa bir balo,
ishonib qolarsan orzularingga,
bir go‘dak bir ko‘rni boshlab yurganday
xayol seni boshlar uzoq yo‘llarga.

QARDOShLIK

Sen qayinni qardosh bildingmi – demak,
kuchlisan – yengarsan soylar toshqinin,
qo‘rqmassan yomg‘irlar va shamollardan,
qaytara olarsan tanklar bosqinin,
biroq
bir umrga silliq, oq bo‘lmoq
osonmas, bor ekan sellar, ko‘chkilar –
ular qayinlarni uzar, mayiblar,
bellarini siniq etar ko‘chkilar,
tanini qoraytib ketar ko‘chkilar.

Sen qardosh bo‘lolsang qarag‘ay bilan,
demak, yashashga ham qobil bo‘larsan:
qancha ko‘p yashasang shuncha tik, uzun,
taningni-ku qoplar ajinlar butun,
ammo bo‘ron bo‘lsa egilavermas,
qorlar og‘ir emas qarag‘ay uchun.

Agar senga oqmo‘ylov nard bo‘lsa qardosh,
unda sen tortmassan hech balodan bosh:
nard o‘ti o‘tloqni botqoq qiladi,
hosildor tuproqni qumloq qiladi,
sen ham oq va lekin soqoli yashil
shaytonday bo‘larsan o‘jar, badjahl,
har narsa sen uchun bo‘lar hech narsa,
hammaga bo‘larsan sen ham hech kimsa.

ENDI BEHUDA

Uyg‘onsang-u birdan,
og‘ir, qora tosh
ostida qolganday sezsang o‘zingni,
qahrli, bag‘ri tosh bo‘lib ketarsan…

Dengiz dolg‘alansa endi behuda,
kuz ham oltinlansa endi behuda,
do‘zax yorilsa ham endi behuda,
haqiqat kechikib ochilgan bo‘lar.

YuRAK DEYDIKI…

Tunu kun chaqirdim oshib xunobim,
yalindim – qaytmading ammo izingga.
So‘ng qopqani yopdim. Mening azobim
kirib qoldi shunda sening ko‘ksingga.

So‘ngra kelding gadoy singari, ammo
sovib qolgan edi oldingi dunyo,
endi o‘z qopqangni qoqaver uryon –
toki barmoqlaring bo‘lgunicha qon.

* * *

She’r tug‘ilar xotiramning teranlarida,
tun bag‘ridan bir sarinlik keltirar shamol,
o‘lik-zangor cho‘qqilarning ko‘lankalari
aks etadi ko‘llar yuzida.

Eh, nima u mening so‘zlarim?
Shimol bo‘ronlari yo‘lidagi
o‘rmon,
hayot olovining
xarob etuvchi yo‘lida
tikka-tik turgan
tog‘ tizmasi.

OQShOM BULUTLARI

Olis qirg‘oqlardan
oppoq bulutlar –
mangu xabarchilar
suzib kelmoqda.
Ko‘pdan ular menga
keltirmas xabar.
Qo‘rg‘oshin ufqda
shom osmonida
kimgadir bir darak
keltirdi ular.
Agar shunday bo‘lsa
demak, dunyoda
hali umid bor.

OLOV BILAN MUZ

Umrim nima mening?
Olov bilan muz:
qotib turgan muztog‘
va yoniq yulduz.

Ikkovi bahslashar:
qani, kim kuchli?
Olov aqlsizdir,
muztog‘ qo‘rqinchli.

Muz – hayot.
O‘t esa yondirar meni –
ajal qoldiradi
menga kulini.

ORZU

Biz boramiz,
dunyoda chunki orzu bor,
orzuda mo‘jiza bo‘ladi sodir,
mo‘jiza albatta bo‘ladi sodir,
vaqt bizga ochilar oqibat-oxir,
yuraklar ochiladi bizga,
eshiklar ochiladi bizga,
ochiladi biz uchun tog‘lar,
qaynab chiqar inju buloqlar,
orzular ochiladi bizga:
bir kun tongda hech kim bilmagan
to‘lqinlarda suzib yuramiz.

AXIYRI KESDIM-A OLMANI…

Axiyri kesdim-a qari olmani…
Chunki to‘sib qo‘ydi derazamni u,
soya qilib qo‘ydi mehmonxonani,
yana xaridorlar: achchiq ekan, deb
bunday olmalarni olmay qo‘yishdi.

Ammo men ba’zida o‘ylab qolaman:
Nima derdi otam?
Sevardi uni…
Men esa tagidan kesib tashladim.
Atrof yorishganday bo‘ldi go‘yo,
ko‘rfaz ko‘rinadi derazamdan,
ochilganday butun tevarak,
uy qaddin ko‘rsatdi,
ko‘rinar har yoq.

Ammo sog‘inaman olmani, bir so‘z demay,
usiz allanimam yetishmaganday!
U bizni asrardi shamoldan, kundan,
shox oralab nurlar tushardi uyga,
turardi cho‘zilib mehmonxonada,
tunda barglar sasin tinglab yotardim.
“Achchiqligi” esa, ha, nima bo‘pti?
Qishki olma shunday bo‘ladi o‘zi –
taxirroq bo‘lsa ham ta’mi salgina
yaxshi saqlanardi to bahorgacha.

Har kuni qarayman cho‘ltoq to‘nkaga,
uyalib ketaman o‘zimdan o‘zim:
asta-sekin chirib borayotir u –
kovlab, o‘tin qilib yuborish kerak.

ShUNDAY VAQT KELDI

Raketalar ko‘tarilar
xartumlari tepaga qaragan,
qo‘nadilar Oyga va yo Mirrixga.
Shunday vaqt ham keldi,
shunday vaqt keldi
yulduzlarga ekaylik zaharimizni.

Ruschadan Miraziz A’zam tarjimalari.