Rayner Mariya Rilke (1875-1926)

Rayner Mariya Rilke (Rainer Maria Rilke, to‘liq ismi — Rene Karl Vilhelm Iohann Yozef Mariya Rilke; 4 dekabr 1875, Praga — 29 dekabr 1926, Valmont, Shveytsariya) — avstriyalik shoir va tarjimon; XX asr modernist shoirlarining namoyondalaridan biri.
Pragada tug‘ilgan, Avstriya fuqarosi bo‘lgan. Nemis, frantsuz va rus tillarida she’r yozgan. Nasrda ham ijod qilgan. Yevropa bo‘ylab sayohat qilgan. Rossiya, Ispanii, Germaniya, Italiya, Frantsiya, Shveytsariyada yashagan.

MALAKLAR

Qalblari behudud,
oydin va porloq,
tillari charchagan shivirlamoqdan.
Oliy gunohlarga qaytganday biroq
go‘zal titrashadi uyqusida ham…

Falak chamanining har go‘shasida,
jimgina bir so‘zni ko‘zlashmoqda – hur.
Tangrining nuqtador zamzamasida,
ular cho‘ng iztirob,
dardli nafasdir.

Birdan uyg‘otishar uyqudan yelni,
ular qanotini ochib-yopgan on;
Shu zahot, Tangrining donishmand qo‘li,
ochqilamoq istar sahifalarin
hilqatning qorong‘u qo‘lyozmasida…

XOTIRA

Zorlik qarshisida o‘ylarsan uzoq,
umringni abadiy fir’avn etgan
mislsiz qudratning Bor ekanini…

Botgan suvlaring ham zehningdan chuqur,
tinglaysan toshlarning uyg‘onishini…

Qovushar umringga g‘amning kechasi –
bo‘yalar sariqqa, qizilga har bet…

Sen kezgan o‘lkaning har qarichida,
barcha liboslaru,
barcha suratlar,
yo‘qotgan ayoling yodingga solar…

Va birdan ko‘rasan – mohiyat shudir,
oyoqqa turarsan,
paydo qarshingda
o‘tib-ketgan bir yil har mavsumila,
qo‘rquvi, duosi, tajassumila…

Rus tilidan Rahmat Bobojon tarjimasi