Hermann Hesse (1877-1962)

XX asr jahon adabiyotining ulkan namoyandalaridan biri, Xalqaro Nobel mukofoti sovrindori Hermann Hesse (Hermann Hesse) asarlari eng ko‘p mutolaa qilinadigan olmon adiblaridan sanaladi. Uning qator roman, qissa, hikoyalari, she’rlari, siyosiy, adabiy-tanqidiy ruhdagi asarlari chop etilgan. Ular orasida, ayniqsa, “Cho‘l bo‘risi”, “Marjonlar o‘yini”, “Demian” kabi kitoblari dovrug‘ qozongan. “G‘ildiraklar ostida” romani, “Nyurnbergga sayohat” safarnomasi, “Kurortdagi kishi” qissasi va boshqa ko‘pgina asarlari ham mashhur. Adibning kitoblari dunyo miqyosida 55 tilda 100 milliondan ortiq nusxada chop etilgan.
H. Hesse 1946 yilda Shvetsiya Qirollik akademiyasi tomonidan “insonparvarlikning mumtoz g‘oyalarini o‘zida tobora yaqqol namoyon etayotgan jo‘shqin ijodi, shuningdek, yorqin uslubi uchun” Nobel mukofotiga munosib topilgan.

* * *

Ko‘kning naryog‘ida suzar bulutlar,
Ko‘kning naryog‘ida izillar shamol.
Ko‘kning naryog‘ida onamning o‘g‘li
Qayga borarini bilmay telbahol.

Ko‘chaning naryog‘i xazonga maskan,
Daraxtning naryog‘i – chirqillar qushlar.
Bu ulkan tog‘ning naryog‘ida esa
Men mudom axtargan o‘sha uycha bor.

1902 y.

* * *

O‘ksinma, birozdan tushar qorong‘u…
Sahroning beadad osmonida, bil,
Qahqaha uradi yashirincha Oy,
Orom hujrasida tinchlanar ko‘ngil.

O‘ksinma, o‘zini ayamaydi vaqt,
Yuzma-yuzga sukutga cho‘mgan onda biz.
Yo‘lning to eng yorug‘ joyiga qadar
Qovushib ketajak so‘qmoqlarimiz.

So‘ng esa
yomg‘irlar yog‘adi, elanadi qor,
Esadi, esadi, tinmas shamollar…

1911 y.

* * *

Naqadar og‘irdir bunday mushtoqlik,
Yurakni isitar bir olov ham yo‘q.
Oftob jilmaymaydi yuzimga boqib,
Neki bor, muzlagan, neki bor, sovuq.

Azizim, ko‘zlari pok yulduzlaring,
Qaragin, qandayin parishon boqar.
Neki bor, abasdir – oshkoralikda
Bu ishq ham bitadi avval yo oxir…

1911 y.

Rus tilidan Rahmat Bobojon tarjimasi