Bertolt Brext (1898-1956)

Bertolt Brext (Bertolt Brecht) (1898.10.2, Augsburg — 1956.14.8, Berlin) — nemis shoiri va yozuvchisi, rejissyor. 1933—47 y.larda muhojirlikda. «Berliner ansambl» teatriga asos solgan (1949). Falsafiy-satirik pesalari zamonaviy, tarixiy va mifologik mavzularda yozilgan. «Uch pullik opera» (1928 y.da sahnalashtirilgan, 1931 y.da chop etilgan), «Kuraj ona va uning bolalari» (1939 y.da yozilgan, 1941 y.da nashr etilgan), «Galiley hayoti» (1938—39 y.larda yozilgan, 1955 y.da nashr etilgan),«Sezuanlik saxiy odam» (1938—40 y.larda yozilgan, 1943 y.da nashr etilgan) va b. asarlarida zamonaviy dolzarb muammolar insonparvarlik, antifashistik ruhda o‘rtaga tashlangan. Bertolt Brextning teatr nazariyasiga oid ishlari («Hozirgi zamon teatri yo‘lida»,«Teatrda dialektika» va b.) 20-a. Yevropa teatrshunosligiga ta’sir etgan.

SAXOVAT — SAODAT

Duch kelsa bir muhtoj yo mayib,
Unga ehson qilganing onda,
Sen juda ham ketma taltayib,
Bo‘lmasin hech boshing osmonda.

Kaftin ochib o‘sha nogiron,
Ehsoningni qabul qilgan chog‘—
Dardli, horg‘in yuzi nogahon
Gulday yashnab ketishiga boq!

Odam yayrar, bir-biri bilan
Saxovatda o‘ynab basma-bas.
Topganini o‘zi yeb o‘tgan
Xasisga hech qilmayman havas.

BORLIQ O‘ZGARIShDA

Borliq o‘zgarishda. So‘nggi nafasing balki
Qayta tug‘ilishing debochasidir.
Bo‘lganicha bo‘ldi. Sharobga o‘zing
Aralashtirganing suvni hech qachon
Qila olmagaysan sharobdan qatron.

Bo‘lganicha bo‘ldi. Sharobga o‘zing
Aralashtirganing suvni hech qachon
Qila olmagaysan sharobdan qatron.
Borliq o‘zgarishda. So‘nggi nafasing balki
Qayta tug‘ilishing debochasidir.

XANNA KASh QISSASI

1

Ko‘zlari quduqning tubiday qora
Va lekin yubkasi edi ming yamoq,
Biror kasbu korsiz, pulsiz bechora,
Soch deganing esa, xuddi sharshara,
Tovonin o‘pardi chayqalib quvnoq.

Xuddi shunday edi Xanna Kash, bo‘tam,
Bizga bo‘lganida dastlab namoyon,
El kabi keldi-yu, charx urib bir dam,
Yana uchdi-ketdi butazor tomon.

2

Na bir juft kiyimi, na tuflisi bor,
Hatto bilmas edi duo o‘qishni,
Axlatga belangan shahar chor-nochor
O‘z bag‘riga oldi uy-joysiz, abgor,
Bir g‘arib mushukday u boyoqishni.

Idish-tovoq yuvdi sariq chaqa deb,
Bo‘tam, Xanna Kash hech qilmasdan oh-voh.
Yuvina olmasa hamki u hadeb,
Edi o‘zgalardan yuz karra pokroq.

3

Qora ko‘z qizimiz dov dengizchilar
Qovoqxonasiga kirdi bir oqshom.
Unga nogoh J.Kent, ya’ni J.Xanjar
Nigohi botdiyu qalbiga qadar,
Jilovini tutqizdi unga batamom.

Birga qaytarkanlar qovoqxonadan,
Hatto u bezori bosh qashlagan chog‘,
Hayajonga tushib, bo‘tam, Xanna Kash
Qaltiray boshlardi misoli yaproq.

4

Ularning izlari tutashgan chog‘da
Guvoh bo‘ldi faqat baliq va qushlar.
Yotog‘im yo‘q deya yurmaslar dog‘da,
Farzand ham qolmagay nomsiz, bu bog‘da
Har kim o‘z ko‘nglini bilgancha xushlar.

Mayli butazorni to‘fon bossa ham,
Mayliga qutursa bo‘ron ila qor,
Baribir, to abad Xanna Kash, bo‘tam,
Faqat o‘z eriga bo‘lgay vafodor.

5

“Maraz” der, “Isqirt” der yigitni mirshab,
Sutfurush: — Oxiri baxayr bo‘lmas, — der.
Bo‘tam-chi: — Marazmi, isqirtmi, ajab,
Ming shukr, u bilan turibman yashab,
Sizga yoqmasa — xo‘p, menga ma’qul er.

O‘g‘rimi — to‘g‘rimi, yolg‘onchimi yo,
Bo‘lsa nima bo‘pti, der u beg‘araz.
Xanna Kashga, bo‘tam, kerakmas dunyo,
Erini avvalo o‘zi sevsa bas.

6

Beshik tegrasida na tom, na devor,
Turmush turtkilari esa beomon.
Lekin, kanda qilmay, har yili takror
Ularga bag‘rini ochar butazor,
G‘alvirlab tursa-da charx urib bo‘ron.

Mahramlar qalbini qila olmas g‘ash
Na shamol, na tutun, na sovuq tuman.
Chalkash so‘qmoqlardan bo‘tam Xanna Kash
O‘tib boraverar o‘z eri bilan.

7

Biror kun hordig‘in yozolmas hamon,
Bir go‘zal libosni qilar u havas,
Shirin kulchalar-ku hozircha armon,
Koshkiydi yetarli bo‘lsa bug‘doy non,
Qaniydi sibizg‘a chalib tursa vals…

Bulutlar ortida oftob tortib nam,
Har kun tund manzara karaxt etadi.
Shunday bo‘lsa hamki, Xanna Kash, bo‘tam,
Gohida quyoshday porlab ketadi.

8

Goh tuz “o‘maradi” bo‘lmasdan o‘sal,
Baliq “shilib” kelsa eri basharti.
U loviya sho‘rva pishirgan mahal
O‘g‘li tizzasiga qo‘nvolib dangal,
Unga “Ilohnoma” o‘qib berardi.

Birining taftiga biri isindi,
Ellik yil eriga bo‘ldi u posbon.
E xudo, Xanna Kash bo‘tamning endi
O‘zing mushkullarin aylagin oson.

BAXT HAQIDA

Bu dunyoda baxt kerak omon yashamoq uchun,
Baxting kulib boqmasa,
Qochib qutulolmassan
Na ochlik, na yalang‘ochlik, na odamlardan.

Baxt — tayanch.

Men juda baxtli edim.
Tirik yurishim shundan.
Lekin ertamga boqsam, yuragim shuv etadi:
O‘h-ho‘, hali menga juda ko‘p baxt kerak, nazdimda.

Baxt — tayanch.

Baxti borda — Qudrat bor.
Ha, chayir kurashchi-yu, dono ustoz atarlar
Faqat baxti borlarni.

Baxt — tayanch.

MAYKKA ATALGAN KO‘MIR

1

Menga aytishlaricha,
Asrimizning boshida,
Ogayo shtatining
Biduel shaharchasida
Mayk Mak-Koy degan temiryo‘lchining
Meri Mak-Koy degan xotini
G‘aribona kun kechirarkan.

2

Har tun uning uyiga
“Uiling Reylrod”ga qarashli
Yuk poyezdin konduktorlari
Devor osha, gumburlatib, ko‘mir otib o‘tarkan:
— Bu Maykning haqqi! — deb
Hayqirganicha.

3

Kampir ham har kecha
O‘z Maykiga atalgan
Ko‘mir gursillaganda,
Asta o‘rnidan turib va ohista kiyinib,
O‘lsa hamki do‘stlari unutmagan Maykiga
Atalgan ko‘mirlarni
Qilar edi saranjom.

4

Yana turib ertaroq, saharning kallasida
Ko‘mirning izini ham qilardi qatron
Rahmdil konduktorlar tanbeh eshitmasin deb
“Uiling Reylrod” kompaniyasidan.

5

Ushbu she’rni baxsh etdim sobiq konduktor
(Ogayolik ko‘mirkash, sil bo‘lib o‘lgan)
Mayk Mak-Koyning yor-do‘stlariga
Hamda o‘sha yor-do‘stlarning
Odamgarchiligiga.

DARBADAR ShOIRLAR

Gomerning o‘z uyi bo‘lmagan.
Dante majbur bo‘lgan tashlab ketmoqqa boshpanasini.
Li Bo bilan Du Fu esa o‘tdi darbadar
O‘ttiz million jonni gumdon aylagan
O‘zaro urushning girdoblarida.
Evripid yashadi qozidan qo‘rqib.
Shekspir og‘zini bog‘lab turdilar
Joni chiqayotgan chog‘da ham.
Fransua Viyonni faqat ilhom parisi emas,
Mirshablar ham quvlab yurardi.
Lukretsiy “Oshiq” deb atalsa hamki,
Umri o‘tdi sargardonlikda.
Geyne shu taxlit… Brext ham shunday —
Daniyaning somon tomlaridan izladi panoh.

QO‘LTIQTAYoQ

Men juda ko‘p yillar yashadim abgor,
Arz-dod qilib bordim do‘xtirga oxir.
— Qo‘ltiqtayoq, — der u, — senga ne darkor?
— Professor, — deyman, — cho‘loqman, axir!

U deydi: — Tuzalmoq istasang, rost gap,
Hadeb do‘xtirlarni qilmagin xunob.
Bekordan bekorga yuribsan oqsab,
Qani, tur, qani, yur, yugur, qani, chop!..

Shundan so‘ng, xaxolab antiqa hakim,
Qars etib sindirdi qo‘ltiqtayoqni.
Parchalarin esa otdi berahm,
Mo‘ljallab lovullay yotgan o‘choqni.

Ha, o‘sha kulgidan topdim men davo,
Mana, el qatori yuribman dadil.
Qo‘ltiqtayoq ko‘rsam qaydadir, ammo,
Oyog‘im sal oqsab qo‘yar negadir.

AGAR TOSh TILGA KIRSA….

Havolatib otgan toshing mabodo:
— Yerga qaytib tushgim kelyapti, — desa,
Unga ishonmoq darkor.
To‘lqinga oyog‘ing qo‘yar chog‘ingda:
— Ho‘l bo‘lasan, hey, — deb ogoh etsa suv,
Bunga ham ishon.
Bordi-yu, muhbubang: — Yoningga ketyapman, —
Deya xat yo‘llasa, ishonma unga.
Negaki, tabiat qonunlarining
Bu ishga zarracha aloqasi yo‘q.

YaXShILIKDAN NE FOYDA?

1

Yaxshilikdan ne foyda,
Yaxshilik qilganlarni
Yo ulardan yaxshilik ko‘rganlarni
O‘ldirsalar paydarpay?

Erkinlikdan ne foyda,
O‘zini hur deganlar qullar aro yashasa?

Ne foyda bor aqldan,
Hamma-hamma muhtoj bo‘lgan ozuqa ongsizlikdan yaralsa?

2

Faqatgina o‘zingiz mehribon bo‘lmay,
Barpo eting mehr-shafqat yashnaydigan bir muhit,
Toki
Unga hech kim muhtoj bo‘lmasin!

Faqatgina o‘zingiz ozod bo‘lgandan ko‘ra,
Barpo eting hamma ozod yashaydigan bir muhit,
Shunda hurlik ishqiga ham
Hech kim muhtoj bo‘lmagay!

Faqatgina o‘zingiz dono bo‘lgandan ko‘ra,
Shundayin bir muhitni barpo etingki,
Hamma bilsin ongsizlikdan
Foyda yo‘qligin!

O‘ChOQ YoNIDAGI GAZETXONLIK

Har sahar, varaqlab gazetalarni,
Papa hamda qirollar, sarroflar va neftfurushlarning
Olamshumul rejalariga yugurtaman ko‘z.
Ko‘zim qiri esa choygumda:
Suvning xira tortib, qaynab chiqishin,
Yana tiniqlashib, choygumdan toshib,
O‘tni o‘chirishin ham ko‘rib turaman.

MENING OG‘AM BOTIR UChUVChI

(“Bolalik qo‘shiqlari”dan)

Mening og‘am botir uchuvchi.
Chaqirildi xizmatga bir kun.
Yig‘ib ashqal-dashqallarini,
Jo‘nab ketdi janubga mamnun.

Mening og‘am dovyurak zobit.
Afsuski, tor bizlarning vatan.
Elim yashar o‘zga yurtlarni
Qo‘shib olish orzusi bilan.

O‘zga yurtning bir parchasini
Zabt ayladi oxir botirim:
Uzunligi — sal kam ikki metr,
Chuqurligi esa — bir yarim.

SUDRALGAN YO‘LDOSh

Jang bitdi. G‘oliblar, ana — dasturxon!
Har zol zamonning ham nihoyasi bor.
Qani, qoshiq oling, omon qolganlar!
Faqat baquvvatlar qolgandir omon,
Zaiflarni esa it talar.
Sen tur, horg‘in o‘qchi: zo‘r deb atalar
Faqat yo‘ldoshini yo‘qotmaganlar.
Qaytib bor. Qaytib bor takror va takror,
O‘rmala, yorib o‘t, bo‘shashma… Faqat
Topib qayt sudralgan quroldoshingni.

NIMA OLDI ASKAR XOTINI…

(“Shveyk Ikkinchi jahon urushida” p’esasidan)

Nima sovg‘a oldi askar xotini
Ko‘hna Pragadek shahri azimdan?
Boshmoq yuboribdi askar bolamiz:
Yorning ham vaqti chog‘
Olib go‘zal boshmoq
Ko‘hna Pragadek shahri azimdan.

Nima sovg‘a oldi askar xotini
Polshaning poytaxti gul Varshavadan?
Bir o‘ram gazlama yo‘llabdi yigit:
Bir o‘ram matoni
Olibdi jononi
Polshaning poytaxti gul Varshavadan.

Nima sovg‘a oldi askar xotini
Zund sohilidagi Oslo shahridan?
Oslodan telpakbop mo‘yna kelibdi:
Hammaga ham bundoq
Mo‘yna kelmas, oh-oh,
Zund sohilidagi Oslo shahridan!

Nima sovg‘a oldi askar xotini
Badavlat Rotterdam — mag‘lub shahardan?
G‘olibdan yoriga qalpoqcha keldi:
“Made in Rotterdam”
Olganlar juda kam
Badavlat Rotterdam shahridan.

Nima sovg‘a oldi askar xotini
Bryussel — Belgiya poytaxtidan?
Bryusseldan keldi jimjimador to‘r:
Hayitda to‘r keldi,
Judayam zo‘r keldi
Bryussel — Belgiya poytaxtidan.

Nima sovg‘a oldi askar xotini
Afsonaviy, go‘zal Parijdan?
Sun’iy atlas keldi Parijdan yorga:
Atlasni kiydi-yu,
Parpirab ketdi u
Nurlanganday go‘zal Parijdan.

Nima sovg‘a oldi askar xotini
Tripoli bandargohidan?
Yorga tilla tumor yo‘llabdi jangchi:
Salom keldi kulib
Tilla tumor bo‘lib
Tripoli bandargohidan.

Nima sovg‘a oldi askar xotini
Olis va serayoz Rus diyoridan?
Rusiyadan keldi beva libosi:
Beva libosini
Yo‘llabdi lochini
O‘z ta’ziyasiga, — Rus diyoridan.

OLChA O‘G‘IRLAGAN BOLA

Hali tong bo‘zarmasdan, xo‘roz qichqirmay turib,
Hushtakdan uyg‘ondim-u, tashqariga qaradim.
G‘ira-shira bog‘ aro, mening olcham shoxida
Mening olchalarimni uzar edi shod-xurram
Yamoq shimli bir bola. Menga ko‘zi tushdi-yu,
Ikkala qo‘li bilan olchalarimni uzib,
Qo‘ynini to‘ldirarkan, boshini irg‘ab qo‘ydi.
Men qaytdim o‘z ko‘rpamga, lekin yana ancha vaqt
Davom etdi bolaning sho‘xu shavqli hushtagi.

OG‘IR ZAMONLARDA

“Yong‘oqzor shamolda mavj urgan mahal”, deyilmas,
Degaylar: “Bo‘yoqchi mehnat ahlini toptagan paytda”.

“Anhorning yuzida bola otgan tosh sakrab uchgan lahza”, deyishmas,
Degaylar: “Zo‘r urushlarga hozirlik boshlangan chog‘”.

“Xonaga bir go‘zal ayol kirgan on”, demaslar,
Degaylar: “Buyuk davlatlarning rahnamolari raiyatga qarshi birlashganida”.

“Ko‘p og‘ir zamonlar bo‘ldi”, deyishmas,
Degaylar: “Ne uchun ularning shoirlari indamay turdi?”.

GOLLIVUD

Har tong tirikchilik tashvishin o‘ylab,
Chiqaman yo‘lga
Yolg‘onfurushlarning bozori tomon.
Sotuvchilar aro egallayman joy,
Omadim kutib.

BOQQA SUV TARAB…

Bog‘ni sug‘or, ko‘katlar yengilroq nafas olsin!
Sug‘or tashna daraxtlarni ham!
Suvingni ayamagin hattoki butalardan,
Hatto qisir, ezilgan, ochko‘zni ham unutma.
Unutma gullar aro o‘sgan chaqirtikanni,
Uning ham suv ichgisi kelar.
Yam-yashil maysalarning chanqog‘ini qondirib,
Jizg‘anak bo‘lib yotgan o‘t-o‘langa tarab suv,
Yalang‘och va qaqshagan zaminni ham sug‘or.

TUTUN

Ko‘l bo‘yida, daraxtzor aro bir uy bor.
Mo‘risidan tutun havolar asta.
Agar o‘sha tutun bo‘lmasa,
Na uy, na daraxtzor, na ko‘lda
Bo‘larmidi zarracha viqor?..

DO‘STI SOTGAN YoZUVChI O‘ZIN QANDAY HIS ETAR

Onasi o‘zga bilan ketgan farzand singari.
Tomda boshi aylanib, qariganini nogoh sezgan duradgor kabi.
Timsolchi kechikkanda, asari bitmay turgan haykaltarosh misoli.
Shuncha ilmiy ishlari boshdan noto‘g‘riligin sezgan fizikka o‘xshab.
Samolyoti tog‘ uzra bexosdan nishab ketgan ojiz uchuvchi yanglig‘.
Biror g‘irt mast uchuvchi haydagan samolyotdek:
samolyot his etmoqqa qobil bo‘lsa mabodo…

QAYTISh

Men qaytgan kunlarda sochim hali ham
Oqarmagan edi,
Shod edim g‘oyat.

Tog‘larning zahmati orqada qoldi.
Kutmoqda tekis yo‘l azobi endi.

QUVG‘INDAGI P. L. DEGAN AKTYoRGA

Menga qara, qayt endi orqangga!
Qaytmoq vaqti yetdi, quvg‘indi do‘stim.
Anhorida sut va asal oqqan
Yurtdan seni bir vaqt quvgan edilar,
Bugun biz chorlaymiz vayron diyorga.
Senga va’da qilmas hech kim hech narsa.
Sen unga keraksan — shuni bil faqat.
Boy bo‘lsang ham, nochor bo‘lsang ham,
Sog‘ bo‘lsang ham, bemor bo‘lsang ham,
Unut endi hamma narsani
Va qayt.

G‘ILDIRAK ALMAShTIRUV

O‘ltiribman yo‘lning chetida.
G‘ildirakni yangilar shofer.
Borgan joyim yoqmadi menga.
Boradigan joyim ham yoqmas.
Unda nechun g‘ijinmoqdaman
Imillagan shoferga qarab?

QABR TOShI KERAKMAS MENGA

Qabr toshi kerakmas menga,
Lekin shuni ko‘rsangiz ravo,
Mayli, unga yozib ham qo‘ying:
“Bizga fikr aytar edi u.
Biz ham ma’qul ko‘rar edik” deb.
Bunday yozuv hammamiz uchun
Ehtiromning belgisi bo‘lgay.

BOG‘

Yakkam-dukkam terak, archalar aro,
Ko‘l bo‘yida bog‘ bor baland devorli.
Shunday ekishganki gullarin tanlab,
Martdan yashnab yotar oktyabrgacha.

Dam olgani kirsam bu yerga goh-goh,
Orzu tug‘iladi dilimda har gal:
Yaxshi-yomon kunda koshkiydi men ham
Quvonch baxsh etolsam barchaga shunday.

Husniddin Sharipov tarjimasi.

QAYTISh

Ona shahrim,
Meni kutmoqdasan qaysi ahvolda?
Uyimga qaytyapman —
Qayerda uyim?
U — tog‘ kabi oomonga yuksalayotgan
Qora tutun tomonda,
Olov dengizi ko‘pirayotgan
Tomondadir shahrim mening.
Ona shahrim,
Meni qay ahvolda kutib olasan?
Ufqda unadi bombardimonlar,
O‘lim eskadrilyasi xabar qilar senga
Mening qaytib kelayotganimni.
Xabar qilar olovning tili.

KUYDIRILGAN KITOBLAR

Hokimiyat
Mazmunan zararli kitoblarni
Yoqib tashlash haqda farmon chiqardi.
Kitob to‘la aravani
Zo‘rg‘a tortayotgan
Mo‘min ho‘kizlarning och biqiniga
Musht urib, haydashdi katta gulxanga.
Shunda quvg‘inlikda, xo‘rlikda yurgan
Ajoyib yozuvchisi o‘sha o‘lkaning
Yoqilgan asarlar ro‘yxatida
Topolmay o‘z kitobini,
G‘azabidan ko‘karib ketdi
Yozdi hokimlarga: «Yoqinglar meni,
Yoqinglar, deyapman! Unutmang, axir,
Haqiqatni yozgan edim-ku men ham!
Siz bo‘lsa, yolg‘onchiga qaraganday,
Qarayapsizlar menga,
Buyuraman: «Yoqing meni ham!»

ESKI HAMMOM, ESKI TOS

Tovoqlarni gursillatib qo‘yar stolga,
Sachratib yuborar sho‘rvani,
Quloqni teshguday
Yangraydi buyruq: «Tushlikka saflan!»
Prussa burguti
Polaponlar tumshug‘ini yirib,
Tiqar zo‘rlik bilan luqmani.

SARGARDON ShOIRLAR

Gomer uyida yo‘q edi,
Dante ham uyini ketgandi tashlab.
O‘ttiz million jonni yutgan
Goho urushda Li Bo va Du Fu daydib yurdilar.
Evripidni sudga beramiz, deb qo‘rqitishdi.
O‘layotgan Shekspirning og‘zini ochirmadilar.
Fransua Viyonni faqat muza emas,
Polidiya ham o‘ziga jalb etgan.
«Sevimli» sanalgan Lukretsiy
Surgun qilindi,
Shuningdek, Geyne ham,
Shunpngdek, Brext
Doniyoga ketdilar boshpana izlab.

«NEMISChA QAYDLAR» TURKUMIDAN

I

Harbiy marsh paytida hech kim bilmaydi
Dushman — kolonnaning boshidaligin.
Buyruq berayotgan jarangdor ovoz
Dushmanniki, desang, hech kim ishonmas.
Dushman —
Nutq irod etmoqda dushmanga qarshi.
Lekin jang boshlansa, dushman
Oldinda bo‘lmaydi hech qachon —
Ortda.

II

Loyiha ustida o‘ltirar tajang
Aviakonstruktorlar boshin changallab:
Xato ketsa bormi birorta raqam —
Vayron bo‘lmay kolar shaharlar!

III

Tun.
Ko‘rpaga kiradi eru xotinlar…
Endi bir yil o‘tmay, bir yil ham o‘tmay
Dunyoga kelajak yetim go‘daklar!
Urush tamom bo‘ldi. Tarqaldi tutun,
Aniqlandi g‘olib va mag‘lub:
Oddiy xalq och edi mag‘lub tomonda,
Och edi oddiy xalq g‘oliblarda ham.

* * *

Har yil sentyabrda,
Maktablar ochilish oldidan
Shahar chetidagi kitob do‘konlar
To‘ladi sertashvish xotin-xalajta.
Ular sotib olar bolalariga
Daftar, kitob va qarg‘anishar,
Eski sumkasidan eng so‘nggi
Chaqasini olar ekanlar:
— Qimmatlashib ketdi ilm degani ham…
Biroq fahmlamas ular mutlaqo
Farzandlarga o‘rgatilayotgan
Ilmning naqadar bema’niligin.

AKAM JASUR UChUVChI EDI

Akam jasur uchuvchi edi,
Chaqirishdi uni ilk marta.
Chamadonga lash-lushin joylab,
Jo‘nab ketdi janubga shartta.

Mening akam — bosqinchi emas,
Bilasiz-ku, Vatanimiz tor.
Shuning uchun o‘zga yerlardan
Jinday olsak, degan orzu bor.

Mana, akam olibdi o‘sha
Orzu kilgan bir parcha yerin:
Uzunligi naq ikki quloch,
Chuqurligi bir yo bir yarim…

M.Solih tarjimalari

TELEGRAFNING SIMLARI

Urush maydoniga oqshom tushgan payt
mag‘lublik bayrog‘in tikdi yog‘iylar.
Bu xabarni eltdi olis-olisga
telegraf simlari.

Erning bir tarafi yondi, ko‘p yondi,
qayg‘u parchalandi bu falak uzra.
Og‘riqlar jon berdi.
Etganday go‘yo
faryodlar og‘izdan osmonga qadar…
Badduodan yana sarg‘ardi ming lab,
nafrat tugdi yana minglagan mushtni.

Dunyoning boshqa bir tarafida, oh,
shodlik parchalandi bu falak uzra.
Buyuk baxt istagi — halovat va Erk…
Ko‘hna bir duoni so‘yladi ming lab,
Minglab kaft ishonchdan qayta birlashdi.

Va tun o‘rtasida
Telegraf simlari
Murdalarni bir-bir terarkan safga,
Bu onda do‘stlar jim, dushman ham,
Faqat…
Onalar yig‘ladi ikki tarafda…

DEVORDAGI YoZUV

“Jang istayman hamisha!” —
eng birinchi
shu so‘zlarni
yozgan
otildi.

YaNA URUSh HAQIDA

Bu birinchi urush emasku axir,
Ko‘p urushlar bo‘lgan bu paytgacha ham…

Eng oxirgi urush topganda yakun,
bosh egib turardi bir tomon — mag‘lub,
bir tarafda esa baxtli g‘oliblar.

Ming iztirob ila mag‘lub tomonda
yana xalq o‘lardi ocharchilikdan.
Qarangki,
g‘olibning tomonida ham
yana xalq o‘lardi ocharchilikdan.

HAR KEChA-KUNDUZ O‘QIB TURIShIM UChUN ShE’R

“Sensiz yasholmayman” — deydi sevgilim.
O‘zimni asrayman.
So‘zin eslab, shan, —
Ehtiyot bo‘laman ko‘chayu ko‘yda,
hatto har bir yomg‘ir tomichisidan ham
otib o‘ldiradi deya qo‘rqaman…

* * *

Ketganlar qaytmagan qonli urushga,
Ketmoq istaysanmi?
Borgin, marhamat!
Bir kun qaytang gar shu yerda bo‘laman,
Yashil daraxtlarga jon bergan o‘sha
horg‘in bog‘lar ichra kutaman seni.
Kutaman,
qaytguncha eng so‘nggi askar…

Qaytsang, ostonada, bilib qo‘y!
Ko‘rmaysan begona oyoq kiyimni,
Yostig‘im bo‘ladi mening doim bo‘sh,
O‘zga lab ham tegmagaydi lablarimga ham.

Aytadirsan shunda albat qaytgan chog‘:
“Har narsa o‘z o‘rni va o‘z joyida…”

Rus tilidan Rahmat Bobojon tarjimasi