Xorxe Karrera Andrade (Jorge Carrera Andrade) – ekvadorlik shoir, adabiyotshunos, siyosat arbobi.
U “Gung hovuz”, “Sukunat marjoni”, “Suv va yerdan payg‘omlar”, “Qushlarning tarjimai holi”, “Yorug‘ derazalar davri”, “Hindiston solnomasi”, “Haydalish kitobi” nomli she’riy to‘plamlar muallifi.
Xorxe Karrera Andrade ijodida avangardizmning muayyan badiiy usullari bo‘rtib ko‘rinadi. U 1928–1933 yillarda Yevropaga sayohat qilgan, Peru, Frantsiya, Yaponiya, AQShda konsul bo‘lib ishlagan. Keyinchalik Venesuela, Buyuk Britaniya, Nikaragua, Frantsiya, Belgiya, Niderlandiya davlatlarida elchi, Ekvadorning tashqi ishlar vaziri bo‘lgan.
MEHMON
Yoz hukmini o‘tkazdi – o‘tdek qizidi har yon,
quvg‘indi ekinzorni o‘ring, deb bo‘ldi farmon
va uyimga daladan mehmonga keldi shamol:
qo‘lida – palmadan xat, rang-ro‘yi aftodahol.
Qahva bilan ananas damlamasi shu onda
o‘q tomirlarim bo‘ylab chopdi ogoh etmoqqa –
dashtda oqib yotganmish ilviragan ilonlar,
to‘tiqushlar mevadek pishib qolipti shoxda.
To‘zg‘oq kokilli to‘p-to‘p kokos yong‘og‘i esa
tebratar ekan xushbo‘y hidlar beshigin tinmay
va osmon suzar emish momiq butoqlar uzra
bamisoli tushlar va paxta ortilgan kema.
MANGU GO‘ZAL KITO
Arqonband kuychilar – qo‘ng‘iroqlarga,
sabzavot sotuvchi hindularga-da,
tarasha ortilgan ot-ulovlarga –
malhamdir tog‘lardan esgan shabada.
Yuz-ko‘zda itoat, beg‘amlik hatto;
hech kim tashvish ichra shoshilmas hech vaqt,
soqchilikda turar minorlar qator:
yarmi kibr, yarmi go‘zal salobat.
Bunda oftob issiq non kabi aziz,
zarhal nurlarini ayamaydi, to
yomg‘irgacha yoki oqshom tushguncha.
Bulutlardan qalpoq kiygan shahrimiz –
orzular qo‘ynida suzadi Kito,
go‘yo ko‘k nahrida – oltin sandiqcha.
NAZM SAN’ATI
Tushun, har bir narsaning, albat
ko‘z ilg‘amas qanoti bor yo
ruhi mavjud quv, serkaromat.
Ushlab ko‘rgin qo‘llaringda, yel –
uchqur, parqu, beziyon narsa;
lek dunyoga qarama yengil.
Bu fan qanday fan bo‘lsinki, bas –
bezarar deb topsa o‘latni,
axir, hayot – ko‘rganing emas.
Ajib bir dars berdi-da, oshnam,
bizga parvoz maktabida qush:
o‘zgarar, lek tugamas olam.
Barglar esa – baxt va kulgilar,
kun zavqqa boy, ari inidek
soat onlariga bol to‘la.
Narsalarni tushunmoq darkor;
kashf etmoqqa sevgi asrorin
gullar – juda em bo‘lgich tumor.
DOIMIY DO‘STLIK
Derazalar, eshiklar va chordoq darchalari –
to‘rt devor orasidan qochib chiqmog‘im uchun
har kuni qo‘llaydigan do‘stu ko‘makchilarim
yorug‘lik dunyosidan kelgan nur elchilari.
Dengiz safari uchun taklifnoma – deraza;
deraza – nur daryosi; oqar joyi – osmonlar.
Uning ko‘z jimirlatar tezob mavjlari ichra
g‘arq bo‘lgan qancha-qancha go‘zal orzu-armonlar!
Eshik – askar, men – zobit: harbiychasiga qutlab
yo‘l ochadi, poshnadek qarsillab ketar qulflar.
O‘rtada shartlashilgan maxfiy so‘z – ismlarni
bilgaydir faqat sahar hamda tong nasimlari.
So‘ng daricha orqali yog‘du arqonin ushlab
osmonning tubigacha bemalol mumkin tushmoq.
Bu quduqqa ko‘z tashlab o‘tgaydir bulut – qushlar,
xonaki kabutarlar ayniqsa kelar ko‘proq.
OB-HAVO
Qish. Havodan berib daraklar
qordek patlar yog‘adi, chunki
sovuqda tullaydi malaklar.
Bahor – hofiz. Har yon tantana,
ko‘klam qushlar bo‘sasin sanar
barglar – hisob varaqlari-la.
Yozda tegib shafaq qanoti
dashtlar qonga botsa qip-qizil,
boshoqlardan nayzalar otib,
torerodek yayraydi iyul.
Oktyabr. Ekinzor g‘arib –
na don qolgan, na-da somon bor.
Majnuntolning ortidan yurib,
tilanchilik qiladi shudgor.
MUHABBATING
Sening muhabbating – bolaning
yuzimdan hadik-la o‘pgan onimi.
Yoki xushbo‘y po‘sti olmaning,
Hayitning yasog‘liq dasturxonimi.
Yoxud ona jon berar o‘sha –
uy oldida jur’atsiz qadam.
Yo yobonda kimsasiz go‘sha.
Yo‘q, u mangu bo‘zlatar bir g‘am.
TONGGI XABARLAR
Yoz yomg‘iri tindi tong sahar,
sholg‘om bargin tuproqqa to‘shab,
yal-yal tovlanadi karamlar
qat-qat libos qizlarga o‘xshab.
Derazamni chertdi-yu erta,
qushcha xabar berdi shu haqda.
Doimgidek bu gal ham haqdir
qo‘sh qanotli chipor gazeta.
PILLAPOYa
Zinalar tarashadek qotib uyquni urar,
Pillapoya sarvqomat suyanchiqni tush ko‘rar.
Tun bo‘yi taxtalarin g‘ichirlatib chiqar pol,
kitobni ermak uchun varaqlashgani misol.
Kelar chaqirilmagan ikki xufiya mehmon:
qimor o‘yini uchun qarta bilan ustuxon.
G‘ira-shira yorug‘da arvohlar kezib yurar.
Zina tirgaklarida azroil poylab turar.
Soqqa tashlanar shu choq. O‘yin boshlanar, biroq
yog‘ bosgan ko‘zlari-la o‘g‘rincha boqar chiroq.
Nogahon pillapoya g‘ichirlaydi faromush –
go‘yoki bemahalda tobutdan chiqqan tovush.
Zinalar oh-voh qilar borliqqa qayg‘u solib,
tun atalmish vahshiyning zulmi ostida qolib.
YoZ VA SARVINOZ
Shig‘il mevalari bor shajarmi qaddu bo‘ying.
Shaftoli xush bo‘yini taratgaysan tun bo‘yi.
Xuddi shaffof buloqdan to‘yib suv ichgan kabi,
yuragim huzur qilar labingga tegsa labim.
Shamol erkalashidan mast maysadek dalada,
borlig‘im yayragay sen nigoh solgan pallada.
Sen – mevaga limmo-lim bejirim tilla lagan,
qo‘llarim yetsa ekan, lablarim tegsa ekan.
MOMAQALDIROQ
Samoviy temirchi – nur
tepalik sag‘risiga
chaqindan tamg‘a bosur.
Undan ham balandroqda
suvga to‘la idishni
birov dumalatmoqda.
Jala ham tugab qolar, –
osmon yetti rangdagi
kamarin bog‘lab olar.
NYu-YORK TUNI
Osmono‘par binolar safi
Oyga qadar borgaydir chiqib,
xuddiki tor zinalar kabi.
Oynalarning po‘lat romiga
inson umidlarin qalar tun
bamisoli gulxan domiga.
OKTYaBR
Oktyabr — yilning olmasi. Bog‘lar
ulov tobutiga joylangan.
Daraxtlar yashnagan eng oltin chog‘lar
bug‘doy boshog‘idek boylangan.
Oktyabr — moviy samodagi qush,
chetan devor uning qopqoni.
O‘ttiz bir kun biz uchun yemish
endi shu qush et-ustuxoni.
Hasham-maishatga nuqta qo‘yilur,
tenglashur barchaning huquqi:
bu chil-chil xazonlar – darz ketgan billur,
murdalarning xoki – un yuqi.
Mevalar va barglar gulxani payhon,
oyoqlar ostida yer ingrar.
Ba’zan tishlar bilan bahs aylashibon
bodomlardan sachrar uchqunlar.
Sipo oktyabrning tongi ohorli,
zulmat ridosida tunlari.
U omborga joylar yilning sharorli,
mezonda toblangan kunlarin.
Oktyabr yotdi rosa to‘qqiz oy
qursog‘ida samoning tutqun, –
bu tushkun dunyoga bag‘ishlab chiroy,
o‘z bo‘y-bastin ko‘z-ko‘zlash uchun.
YoLG‘IZLIK VA ChAYKA
Ummonning oq daftari –
chayka, qush yoki xabar,
silkitar qanotlarin
misli qo‘sh sahifalar.
Dengiz qushiga singil –
yolg‘izlik, suvdek tamkin.
Nelargadir mushtoq dil
qushlarga boqar g‘amgin.
Qumursqa va giyohlar
yorib chiqibdi qumni:
er ostidagi ohlar
darak bergani shumi.
Bu joyga arzandaman,
yashayman qushlar ichra,
men o‘zimga bandiman,
do‘st menga xarob hujra.
Ko‘rib qolaman tuyqus,
quloq tutaman birdan,
yolg‘izligim tinimsiz
kaltak yeydi yomg‘irdan.
BENUQSON HAYoT
Quyonboy, sergak og‘am, faylasufu ustozim:
sokinlikdan saboqdir hayot yo‘ling har nafas.
Tanholikda topgaysan oltin konlarini jim,
falakning to‘fonlari to‘pig‘ingga ham chiqmas.
Sen donish dunyosida izlanuvchisan mo‘jaz,
oz hamda soz karamni kitob kabi titgaysan
va qaldirg‘och parvozin xotirjam kuzatgaysan,
muborak zotlar yanglig‘ xilvat go‘shada bir pas.
Xudoyim marhamatli, so‘ra jannat bog‘ini –
karamga to‘la bo‘lsin billur baxt idishlari,
so‘ng sakrab yuz yuvishga tilan bol bulog‘ini,
bosh ustingda charx ursa soz-ku rizvon qushlari.
Tabarruk nafaslardan yashaysan bahra olib,
avliyo Frantsisk ham belbog‘in bergan, go‘yo.
Vafot etsang, ruhingning ikki uzun qulog‘i
ko‘kdagi bolalarga ermak bo‘lar beziyon.
ShAMOLNING JABRI VA JAZOSI
Bir marsiya yozmasam bo‘lmas,
bugun buning bor sababchisi:
o‘zim ko‘rdim, shamol o‘ldi, bas –
katta yo‘lning bosh qaroqchisi.
U kirganda uxlardi qishloq;
poylab borib manzilga yetdi –
daraxtlardan quchoq va quchoq
yaproqlarni o‘g‘irlab ketdi.
Ammo uni hibs etdi chaqmoq,
tushdi yomg‘ir panjarasiga.
Ozodlikka chiqdi yel, biroq
quturdi-ku basma-basiga.
Qaroqchilik qildi ko‘chada,
bu haqdagi mish-mishlar ozmi:
sho‘rlik bir savodsiz bo‘lsa-da,
uylardan o‘mardi qog‘ozni.
Kursilarni ag‘dardi pusib,
Kursidagilarni – ko‘z qisib.
Mahalla-ko‘y bolalarini
aldab, yuldi lolalarini.
Baxayr bo‘lmadi oxiri,
o‘zim ko‘rdim ayni tongotar:
kirlar bilan dorga osilib,
shamol besas-benafas yotar.
Rus tilidan G‘ulom Mirzo tarjimasi