Manuel Guterres Naxera (1859-1895)

Manuel Guterres Naxera (Manuel Gutiérrez Nájera) – meksikalik shoir, yozuvchi va jurnalist. Uning she’riy asarlari bittagina mo‘jaz jilddan iborat. Ammo uning Meksika she’riyati rivojiga ta’siri juda katta bo‘lgan. U yoshligida eski ispan afsonalarini yig‘ish bilan qiziqqan. Naxera Teofil Gote, Verlen va Bodler she’rlari bilan tanishgach, yangi she’riy maktabning sodiq muxlisiga aylandi.

O‘LIK TO‘LQINLAR

Dengizning zulmatli muz qa’ridan
zimiston va o‘lim saltanatidan,
tovushsiz oqimlar bilan muttasil
sokin o‘rmalaydi o‘lik suvlar…
Ba’zan ularning po‘lat tili
qoyalar zirhini yalab-yulqilar.
Va beqiyos vajohat bilan
jilolanib sapchir ko‘k sari;
ba’zan xuddi qora ilon kabi
er qa’rida buralib-buralib
charchoq bilmay mangu va betin
behuda talpinar erk sari…
Tinmay yopirilar sovuq nahrlar
kumushdek jiloli bahrni istab,
olmos yulduz va tong yog‘dulari
sir-la aks etadi sathida, ajab.
Sohillarin gullar qoplagan,
girdobida bo‘lmish parilar,
u yerlarda mavjlar kuylaydi,
dalalar va vodiyga sig‘may.
Favvoraning oq kosasida
suv o‘ynaydi o‘z holicha,
go‘yo bunda saroy bazmida
malikaning bexos sochilgan
durlaridek bir-bir to‘kilar:
goh o‘q-yoydek uchar samoga,
goh sharillar yelpig‘ich bo‘lib,
ba’zan esa olmos changidek,
mudroq bosib uyquga cho‘mar.
Ummondagi to‘lqinlar mag‘rur
sohillarga urilar toshib,
qoyalarni solar larzaga,
qaynab-toshib bulutga do‘nar.
Suv u yerda – borliq malikasi,
zo‘r yovvoyi shiddatli kuchdir
osmon va yer ila bahslashib,
o‘zi chorlar falokatlarni.
Er tubida yashovchi bu suvlar
shiddat egasiga illo o‘xshamas,
ular jismsiz dunyo qa’ridagi
mangu zulmatga sodiq!
Quyoshni ham ko‘rmaslar aslo,
kuylay olmas, yig‘lay olmaydi,
qul va soqov bo‘lib tug‘ilgan.
Ko‘rligicha qolgaydir mudom,
uni birov tanimas, bilmas,
qorong‘ilik uning maskani
botinimiz aro sizayotgan
qon tomirlar oqimi kabi.
Kim bergan bu injiq fe’lni?
Kim o‘lchagan bu qora o‘zanni.
Suvingizda yashirinib yotgan,
chuqurlar va girdoblar ko‘pmi?
Erk yo‘lingiz lang ochilsa gar,
Siz yuksalib, daraxtlar kabi
oftoblarda yarqirab, jo‘shib,
oqarmisiz ko‘pirib-toshib!
Biroq, esiz, endi hech qachon
ko‘rolmaysiz kunduz nurini…
Hamon bunda adashtirar xo‘b
Zulmatlarga sarkash ruhimiz.

Rus tilidan Abdumajid Azim tarjimasi