Enrike Banchs (1888-1968)

Enrike Banchs (Enrique Banchs) – argentinalik shoir, tarjimon va jurnalist. E.Banchs mumtoz va zamonaviy uslubdagi she’rlarida shakl va mazmun o‘rtasidagi maromni bekamu ko‘st saqlab, jo‘shqin tuyg‘ular epkinini jilovlay oladi. Adib “Qayiq”(1907), “Madhlar kitobi”(1908), “Lochin qo‘ng‘irog‘i”(1909), “Quti”(1911) kabi she’riy to‘plamlar bilan tanilgan.

JALA MADHI YoXUD MEHR HAQIDA BALLADA

Qadim qasr toqida
Uchta sanam o‘ltirar.
Goh iynaga, gohida
Kashtasiga mo‘ltirar.

Uchta go‘zal qalamqosh
Kashta tikar, tortar chok.
Kenjatoyi sal g‘amnok,
Kenjatoyi to‘kar yosh.

– Buncha g‘amginsan nechun,
Nedir ohlar sababi?..
So‘roqqa tutar qizin,
Toshib shohning g‘azabi.

– Ipak ila bir shior
Bitgandim men, buzrukvor.
– Yana qanaqa shior? –
Sergak tortdi shahriyor.

Imkonsiz va chorasiz
Zo‘rg‘a tilga kirdi qiz.
– “Bibi Venera nechun
Meni aylamish tutqun?” –

Podshoh sal o‘sal bo‘ldi,
Sabr kosasi to‘ldi.
– Voh, noshukur qizaloq,
Sening jazoing – qamoq.

Saboq bo‘lsin nodonga,
Olib boring zindonga.
Bir hafta zaxda yotsin,
Sovuq yeb, mumday qotsin.

Hukmi podsho vojibdir,
Oshirilar amalga.
Titraganicha dir-dir,
Qiz olinar “qamal”ga.

Uch-to‘rt kun ko‘pmi, ozmi,
Malika chanqab ketdi.
Ko‘kda ko‘rib bir g‘ozni,
Ko‘zlari chaqnab ketdi.

Bir mergan o‘shal qushni,
Urib tushirdi yerga.
– Ko‘rganim o‘ngmi, tushmi,
Bir karam ko‘rsat, mergan.

Pichoq suyakka yetdi,
Jonim sadag‘a senga.
Tanglayim qurib ketdi,
Bir qultum suv ber menga.

– Shu ishni qilsam agar,
Ayrilaman boshimdan.
Qo‘llayolmas do‘st, digar,
Naf bo‘lmas ko‘zyoshimdan.

Talanaman bitlarga,
Em bo‘laman itlarga.
Qo‘ying, meni etmang xor,
Malikam, uzr ming bor.

Mergan asta chekindi,
Qir ortiga bekindi.

Kimdir eshitsa zora,
Uv tortar qiz bechora.
– Ona, chanqab ketdim-uv-v,
Opajonlarim, suv, suv-v…

Bir yurtning malikasi
Bir tomchi suvga mushtoq.
Na ona, na opasi
Unga osarlar quloq.

Kutilmaganda shu dam
Jala quyib qoldi-ku.

Suvga yetishdi olam,
Orti suvdir, oldi suv.
Malika cho‘zar qo‘lin,
Mergan sadog‘in tutar.

Sel ochar hayot yo‘lin,
Odamlar mehr kutar.
Hech kim qolib qayg‘uda,
Tashna va xor bo‘lmasin.
Kimsa bir qultum suvga,
Mehrga zor bo‘lmasin.

Rus tilidan Yahyo Tog‘a tarjimasi