Eyla Kivikkaxo (1921-2004)

Eyla Kivikkaxo (Eila Kivikk’aho) Kareliyaning Sortavala shahrida tavallud topgan. Uning she’rlarida yorqin qat’iylik va kuchli yumor ruhi ustuvor. Shoira novator shoira sifatida tanilgan.Tarjimon sifatida dunyo o‘smirlar va bolalar adabiyotidan ko‘plab asarlarni fin tiliga o‘girgan.

TAShXIS

Yuraging kulbasin mog‘or bosgan, nam,
yog‘och devorlari chirik, benavo.
Ostona hatlasa taqillab poshnam,
eshik ochsa qo‘lim – dardiga davo.

Kulba devorlarin chiritar hijron,
visolsiz tong otsa nursiz bo‘lur kun.
Kulba qadamlarni qo‘msagan yomon –
yurak ayriliqdan zada bo‘lgan, xun.

Kulba, yor qadami bilan shovqin qil,
o‘choqni yoq, qishgi ko‘z yoshni qurit.
bolor-yog‘ochlaring barg yozsin yashil,
yurakdan hajru g‘am mog‘orin arit.

SUKUNAT

Butoqlar soyasi huzurbaxsh, hamdam,
shamol ipak kabi mayin bag‘oyat.
Bo‘sag‘amdan bosib ohista qadam,
uyimdan dalaga chiqar sukunat.

So‘ng yog‘och kursida o‘tirar birpas,
so‘ng “qayga borsam…” deb xayolga tolar,
sevganim tufayli bo‘lib hamnafas,
bir umrga mening yonimda qolar.

AYoL

Men daraxt bo‘lganimda edi
ildizlarimni sug‘urib,
chopib borar edim
sening derazangning yoniga.

Afsuski, men daraxt emasman,
derazamning yonida
seni kutib o‘tiribman
yolg‘iz.

GALA

Uchar qushlar galasi
omoch kabi
osmonni teng yorib borar
yo‘l boshida.

Faqat ko‘zlangan yerga qo‘nar
qushlar galasi.

KUCh

Tamg‘aning
otash doirasida –
temir etikning izi.

ChIZMA

Bulutlar pastga tushdi
va daraxtlarning
yaproqsiz, yalang‘och shoxlariga aylandi.

ASL MANBADAN

Sukutning xarsangtoshdek
bo‘lagi ustida
ter to‘kib ishlaydi
aytilmagan so‘z.

Rus tilidan Rustam Musurmon tarjimasi