Eva-Liza Manner (1921-1995)

Eva-Liza Manner (Eeva-Liisa Manner) 1921 yilning 5 dekabrida Xelsinki shahrida tug‘ilgan. “Qizil va qora” nomli ilk she’rlar to‘plami 1944 yilda nashr etilgan. Ikkinchi jahon urushidan keyingi davr Finlandiya modern adabiyotining yirik namoyandalaridan biri sanaladi. Teatr va radio uchun dramatik asarlar yozgan. V.Shekspir, ­Lyuis Kerroll, Hermann Hesse va Frants Kafka asarlarini ona tiliga badiiy mahorat bilan tarjima qilgan. 1995 yilning 7 iyulida vafot etgan.

BUNDA

Mendan yolg‘izlik to‘lqini taralar,
butalar ichiga kirar shitirlab,
yugurib qochadi daraxtlar,
hurpayib yo‘rg‘alar suvsarlar.
Sovuq olislarga chekinar oqshom
muzliklarning uzoq chekkasi yanglig‘,
ayozda jonsiz qotar mitti jonivorlar,
shoxlarga yopirilar falak gumbazi,
yolg‘izlik daraxtdan daraxtga
ko‘char tosh kabi.

Bepoyon kengliklar,
hamma tomon qor.

XILVAT O‘RMONDA

Men – daryo bo‘yiga kelgach
suvda o‘z aksin ko‘rib,
cho‘kib ketdim deb o‘ylagan
go‘l bug‘iga o‘xshab qoldim.

O‘sha bug‘u o‘z aksin
boshqa bir bug‘u deya
o‘ylagandir ehtimol?

Biroq buning farqi yo‘q.

Faqat o‘zimga o‘xshashga harakat qilishim zarur.
Men o‘zim tasavvur qilgan odamga o‘xshashga
urinishim kerakmas,
men o‘zim havas qilgan odamga o‘xshashga
urinishim kerakmas,
senga, unga yoki boshqa birovga o‘xshashga
urinishim kerakmas.

O‘zligimning barqaror bo‘lishi
suv bo‘yida asta-sekin yechinishimga,
hamda shaxsiyatimning liboslarini
qirg‘oq yaqinida qoldirib,
suzib ketishimga o‘xshaydi.

Narigi qirg‘oqqa yetguncha
muttasil suzishim shart;

Bir bor elas-elas
o‘zligimning noma’lum soyasini ko‘rdim,
u suv bo‘yidan qiyalab qirg‘oqqa chiqdi,
so‘ng sekin o‘rmon ichiga kirdiyu
qaytmas bo‘lib
yo‘qolib ketdi.

* * *

Sen tomonga yeldim, intildim
yoy o‘qi nishonga uchgani misol.
Biroq nishon o‘qni tanimadi ham.

* * *

Endi esa musiqang ichinda muzni parchala,
Bundan matematika paydo bo‘ladi.
Muzni qizdir endi musiqa bilan.

Rus tilidan Rustam Musurmon tarjimasi