Ondra Lisogorskiy (Óndra Łysohorsky, asl ismi Ervin Goy, chexcha Ervín Goj) – yozuvchi, shoir, adabiyot tarjimon, filolog, lyash tili asoschisi. yemis baronlariga qarshi mustaqillik uchun kurashgan lyash milliy qahramoni Ondrasha hamda lyash isyonkorlari maskani Lisaya gora nomlaridan o‘ziga taxallus yasagan. Praga, Sorbonna va Rim universitetlarida tahsil olgan. Ikkinchi jahon urushi yillarida O‘zbekistonda yashab, ijod qilgan.
SAMARQAND KUZI
Shamollar Chingizning vahshiy qo‘shini
Singari yoprildi kuzgi vodiyga
Quyosh sariq tongni qoplagan kuni.
Devorlardan oshib izg‘ir betinim
Chinorlardan uchgan supra yaproqlar,
Qaytib kelmas qushlar kabi bo‘lar jim.
Barglar qani? Qayerda yo‘qolur bari?
Cheksiz sahrolarga qancha martaba
Bu yerdan boqmishdi bir choq Navoiy.
Samarqand bog‘lari, mevazorlari –
Zar to‘la kosadir, yellar oltinni
Ko‘p daf’a uchirgan qumliklar sari.
Zamon girdobida shunday bog‘chalar,
Shunday uzoqliklar, shunday sof samo.
Qaylardandir esgan sho‘x shabbodalar
Oyog‘imga otdi chinor yaprog‘in:
Uchirdi qumlarga, shahardan uzoq,
Bilmayman qay bog‘dan, qay uydan lokin?
Besh yuz yil – kichkina odim singari,
She’rning nafasida abadiyat bor.
Mana asrimizga keldi Navoiy.
Xazonlarning sariq girdobida u,
To‘ngan barmoqlari tutmish sariq barg.
Evropada qancha gulzor va so‘lim –
Mevali bog‘larni qiyratar bo‘ron,
Shoir ko‘rar dono ko‘zlari bilan.
U go‘zal bog‘larni o‘tirgan bog‘bon.
Tig‘ tutolmas zaif qo‘lida yaproq,
Himarar u. Lekin mangu ruhida
Tug‘ilur mo‘jiza, ulug‘ ezgu, haq.
Shoirning so‘ziga xos bir mo‘jiza.
Bu mo‘jiza butun asrga hukm!
Shunday mo‘jizakim, jahon yuziga –
Bulut orasidan shoirdek toza,
Loladek qip-qizil yangi bir asr –
Tug‘ilar, nur bilan to‘lar dunyoda.
Oybek tarjimasi