Faruq Juvayda (فاروق جويدة) – misrlik shoir va jurnalist.
* * *
Bir tuni…
Marhumlar eslanganiday,
Nega kirib kelding mening yodimga?
Kelinlik libosing kiygan o‘shal dam
Dafn etgandim axir seni qalbimga.
Uyalib, qizarib turaverding sen,
Qalb tamom unutib hijron sasini.
Visol og‘ushiga yiqilgandi, men
Shu lahza-yoq qattiq sog‘indim seni.
* * *
Ayo Nil!
Ishq sabog‘in berding vaqtidan oldin,
Zamon aylanardi. Bizlar ulg‘aydik.
Bizga baxt tilading, keyin… unutding,
Ishq bo‘ldi biz uchun baxtsizlik, xorlik.
Ayo Nil!
Biz seni – shu go‘zal hayotni sevdik,
Seni sevdik sirli, uzun tun qadar.
Musaffo qalbimiz hadyalar etdik,
Va bildik – sevgi bu… xato, xatolar.
* * *
Qushlar ham o‘ldilar,
Jon berdi bari.
O‘ldi muhabbatning pok timsollari.
Sohilda qolmadi sog‘inar narsa,
Sukut, xavf, xotiralardan tashqari.
Men sendan ozodman, ketdim, xayr-xo‘sh,
Kishanlar uzilib tushgan birma-bir.
Senga qaytish endi qabrga qaytish,
Ovozim – murdaning sasiday og‘ir…
* * *
Sevgi timsollari – hur qushlar o‘ldi,
Inda qoldi patlar, qurbon, haloklar.
Kul qoldi va yana qoldiqlar qoldi,
Sohilda yig‘ildi ko‘rshapalaklar.
Ko‘z o‘ngimda so‘ndi kunduzning nuri,
Qirg‘oqlarda qoldi uzun zulmat iz.
Yo rab! Qonmi, suvmi daryoning suvi?
Seni qanday qilib, qanday ichamiz?
Muzaffar Ahmad tarjimasi