Ahmad Shavqiy (1868-1932)

Ahmad Shavqiy (أحمد شوقي) (1868.16.10, Qohira — 1932.14.10) — arab shoiri. «Amir ash-shuaro» («shoirlar amiri») unvonini olgan. Ijodida frantsuz klassitsizmi va romantik she’riyati ta’siri seziladi.
Parijda «Bulon o‘rmoni» va «Ulug‘ Alibey yoki Mamluklar davlati» (1893) asarlarini nashr ettirgan. Misr xalqi hayotidan she’rlar («Nil vodiysida sodir bo‘lgan voqealar», 1894), shuningdek, tarixiy va folklor syujetlari asosida qissa va hikoyalar («Hind hur qizi», 1897; «Ladiyas», 1899; «Mirta bargi», 1904), she’riy pesalar yozgan.
Shavqiy ijodida vatanparvarlik tuyg‘ulari kuchli («Lev Tolstoy o‘limiga», 1911; «Mustafo Komil», 1908 va b.).

ESIMDA…

Esimda: biz, bir talay yoshlar,
Senga bordik, kimdir yo‘l boshlab.

Ilohiy der husningni hamma,
O‘z so‘ziga ishonmas ammo!

Ma’lum edi, eh, fe’ling menga:
Yolg‘on madhlar yoqardi senga.

Ruhim tushdi, qolmay sabrdan,
Senga mehrim sovudi birdan.

Esimda: kel, degandim ilk bor,
Seni kutgan edim intizor.

Boshlangandi diydor gul bilan,
Iliq so‘zlar, tabassum bilan.

Ammo ranj-la meni g‘ashlading,
O‘z ishqingni tiya boshlading.

Sirli kuchga tobe ko‘zlaring
Menga shodlik berardi sarin.

So‘ng yengimdan tutgancha alhol:
“Xafa bo‘lma, – deding, – quloq sol,

Tiyiqsizlik siz, shoirlarga
Bir odatmi, shoshasiz nega?

Jiddiy oiladan chiqqan qiz
Bokiralikni asraydi hargiz.

Ammo mayga to‘la jommiz biz
Ishqqa to‘la ma’sumligimiz!”

O‘tib ketdi u jo‘shqin mahal,
O, sen so‘zga qilmading amal!

Gar duchlashsak endi bir yerda
Kipriklaring qadalar yerga.

Indamasdan o‘tib ketasan
Bir beparvo, sovuq, bepisand.

Atrofingda muxlislarki, g‘o‘r,
Bo‘lib qopsan, chog‘i, mangu ko‘r.

MAG‘RUR ODIM OTSANG SAFARDA

Ko‘chamizdan sen mag‘rurona
Odim tashlab o‘tsang – tabiat
Havas qilar sening ko‘rkingga,
Kun egningga qarab rashk qilar,
Chunki to‘sar uning nurini.

Ko‘chamizdan sen mag‘rurona
Odim tashlab o‘tsang – havasdan
Yonar hamma chiroyli qizlar,
Ko‘rib sening xushbichim gavdang,
Kulganingda, barroq tishlaring
Yonsa kunda durday yarqirab.

Ko‘zlaringni, yuzingni ko‘rib
To‘lqinlanib har kim deydiki:
“Ko‘z o‘ngimda yilt etdi malak…”
Yo‘q yanglishdi! Ol yonoqlari
Jahannam o‘tidan yuz bora xavfli.

Rus tilidan Miraziz A’zam tarjimasi