Buenos Ayres nima?
Bu – qit’adagi urushlardan sillasi qurigan bo‘lsa-da, chehrasi baxtiyor odamlarga to‘lgan Plaza de Mayo maydoni.
Bu – samolyotdan kuzatganimiz son-sanoqsiz yog‘dular og‘ushidagi yo‘laklar va qaydadir bizga xotirjamlik baxsh etuvchi qadrdon kulba.
Bu – ajdodlarimdan biri otib tashlangan Rekoleta[1] devori.
Bu – beminnat salqinlik va soya beruvchi Xunin ko‘chasidagi ulkan daraxt.
Bu – pastak uylari kun botarga cho‘zilib, ufq manzarasiga tutashib ketgan uzun ko‘cha.
Bu – suzib ketishga tayyor Koinot va Saturn[2] langar tashlagan Janubiy bandargoh.
Bu – Kintananing[3] yo‘lida yulduzlarni boshqa ko‘rolmasligini o‘ylab faryod urgan so‘qir otam.
Bu – men o‘nlab kecha-kunduz yonidan jilmagan, hech xotiramdan o‘chmagan tanish raqamli eshik.
Bu – kunga qarab soyasi o‘zgarib turuvchi bahaybat cho‘yan chavandoz.
Bu – yomg‘ir yoqqanda ham otida sobit o‘tirgan o‘sha ulkan metal suvori.
Bu – Xulio Sezar Dabove[4] insonning eng og‘ir gunohi bolani dunyoga keltirib uni taqdir zulmiga tashlab qo‘yish ekanligini bizga uqtirgan Peru[5] ko‘chasidagi bir burchak.
Bu – Elvira de Alvearning[6] asrab-avaylagan daftarlaridagi avvalboshi o‘qishli, xotimasi tushuniksiz uzundan uzoq romani.
Bu – pokiza dugonasining yuzini siypalagan malaksiymo Noraning qo‘li.
Bu – xotiralarda urush parchasi bo‘lib qolgan jangovor qilich.
Bu – o‘z zamonasining ranggi uniqqan puli-yu, o‘sha davr eskirib qolgan suratolgichi[7].
Bu – biz ayoldan voz kechgan bir kun va, xuddi shunday ayol bizni tashlab ketgan kun.
Bu – Bolivar ko‘chasidagi kutubxona ko‘rinib turadigan Ark.
Bu – biz 1957-yillarda saksonlarning[8] dag‘al tilini, jasorat va qayg‘u tilini o‘rgangan Kutubxonadagi maskan.
Bu – Pol Grussak[9] dafn etilgan joy.
Bu – otamning yuzi aks etgan eng oxirgi ko‘zgu.
Bu – Najot kemalarining birida yuziga g‘ubor qo‘ngan va parchinlangan Masih haykali.
Bu – hali-hamon quloqlarimda sado berayotgan Uitmenning[10] ulug‘vor she’rlarini rafiqam va men birgalikda tarjima qilgan Janubdagi baland uy.
Bu – poyezd oynasidan suzib borayotgan manzaralarni kuzata turib, ularni so‘zga ko‘chirishga imkoniyatim bo‘larmikan, balki bu so‘nggi safarimdir, deb o‘ylayotgan Lugones[11].
Bu – Once ko‘chasining bir burchagida, huvillagan kecha edi o‘shanda, o‘limning yolg‘onligini menga tushuntirishga urinayotgan marhum Masedonio Fernandes[12].
Buenos Ayresni ta’riflovchi shaxsiy xotirotlarim juda ham ko‘p, ammo bunday davom etishni xohlamayman.
Buenos Ayres – bu, haligacha qadam izlarim yetib ulgurmagan boshqa go‘shalar, shaharning maxfiy markazi, devorlari fasadlarini yashirgan qolgan-qutgan hovlilar, bu – mening, agar bor bo‘lsa, dushmanim, mening she’rlarim yoqmagan odam (o‘zim ham ularni yoqtirmayman), bu – bir paytlar biz kirgan va bizni unutgan oddiygina kitob do‘koni, bu – biz raqsga tusha olmaydigan va diltortar Milonga[13] kuyining sadolari, bu – shafqatsiz yillar asta-sekin tortib olayotgan xotiralarim, bu – nazarimizga ilmasak-da, jondan sevgan, mendan ham, sendan ham qolguvchi MAKON.
Ispan tilidan Dilrabo Baxronova tarjimasi.
[1] Buenos Ayresdagi shu nomdagi ko‘cha va qabriston (qabriston devori nazarda tutilgan).
[2] Koinot, Saturn – Argentina dengiz xizmatiga qarashli kema nomlari
[3] Buyenos Ayresdagi bir ko‘cha.
[4] Xulio Sezar Dabove – Argentinalik shifokor va yozuvchi
[5] Buenos Ayresdagi shu nomli ko‘cha.
[6] Elvira de Alvear – Argentinalik yozuvchi ayol, Borxesning ilhom parisi.
[7] X.L.Borxes 19 asrga tegishli mana shu fotoapparatni nazarda tutgan.
[8] Saksonlar (nem. Sachsen) – qadimgi olmon qabilasi..
[9] Pol Fransua Grussak (Paul-François Groussac) (1848, Tuluza, Frantsiya – 1929, Buyenos Ayres, Argentina) ‒ yozuvchi, tarixchi, adabiy tanqidchi va kutubxonachi.
[10] Uolt Uitmen (Wolt Whitman) (1819 – 1892) ‒ mashhur amerikalik shoir va publitsist.
[11] Leopoldo Antonio Lugones (1874 – 1938) ‒ argentinalik shoir, hikoyanavis, dramaturg, jurnalist, pedagog, tarjimon, filolog, diplomat va siyosatshunos.
[12] Macedonio Fernandes (1874 – 1952) ‒ argentinalik yozuvchi, advokat, bir qancha roman, hikoya va falsafiy esselar muallifi.
[13] Milonga – Argentina va Urugvayning tangoga monand milliy folklor kuy va raqsi.
Buenos-Ayres nima?
Bu bizning kurashimiz tufayli o‘zimizga qaytarilgan mung‘aygan va saodatpesha Plasa de Mayo.
Bu olov labirinti va oldindan kutilgan xotirjamlik, bu so‘ngi damda qayerda bo‘lsak ham yetib keladigan kulbamiz, biz uchib keladigan shahar, uning ko‘chalari va muyulishlari.
Bu qachonlardir mening ajdodlarim qatl qilingan joy.
Bu salqin va soyalar to‘shalgan Xunin ko‘chasidagi ulkan daraxtlar.
Bu uzun xaroba ko‘chalar, unda har doim injiq g‘arb shamoli esib turadi.
Bu Kosmosni tutib turgan janub prichali.
Bu o‘n kunlar va tunlar men oldidan ketmagan eshik. O, men uni har doim eslayman.
Bu mening yerimga soyalari chayqalib turgan bronza bog‘lar. Kunning aylanishiga qarab yer uzra o‘rmalayotgan soyalar.
Bu o‘sha haykal ustiga yog‘ayotgan yomg‘irlar.
Bu Peru ko‘chasining qayrilma yo‘llari, Xulio Kesar Daboning ona qornidagi bolalarga aytayotgan gaplari: Tug‘iling mayli, ammo bu yerda sizni jinoyatchilik hayoti kutayotir.
Bu Elvira de Alviarning toza daftarlarga ortiq darajada didsizlik bilan yozilgan so‘zlari, uning oxir-poyoni ko‘rinmaydigan romanlari.
Bu ilgarigi urushlardan qolgan shpagalar, hozir hech joyda shuncha shpaga yo‘q, bu qancha umrlarning zavoli bo‘lgan xotiralar.
Bu qaysidir kunda, biz tashlab ketgan ayollar va qaysidir kun, bizni tashlab ketgan ayollar.
Bu Bolivar ko‘chasidagi haytovur ravoq va undagi Kutubxona.
Bu rangi unniqib o‘chgan pullar va vaqtinchalik berilgan mulklarning so‘lg‘in ko‘rinishlari.
Bu allaqachonlar vafot etgan Paul Grossasning o‘lmas pesasi.
Bu mening otamning yuz ifodasi aks etgan so‘ngi deraza.
Bu Sostradaniya kemasida men anglagan Masihning parchin etilgan va g‘ubor qoplagan yuzi.
Bu baland uy, unda men va xotinim Uitmenni tarjima qilgandik. U(agar Xudo xohlasa) hatto bu mamlakatda ham nufuz topa oladi.
Bu kupe oynasidan qarab turgan Lugones, u qandaydir yo‘qolgan shakllarning predmetlarini o‘ylayotgan bo‘lsa kerak. Biroq so‘zlarga boshqa nom kerak emas, axir bu eng so‘ni chora.
Bu kimsasiz kecha, xilvat xohlaganlar uchun ichkaridan berkitiladigan O‘n birinchi kafe, osuda Makedoniyadan kelgan Fernandes menga aytadi: o‘lim yo‘q narsa.
Men buni bu taxlit davom ettirishni xohlamayman, chunki bular men uchun haddan tashqari shaxsiy holatlar. Shahar haqida bichib-to‘qimoq uchun haddan tashqari alohida tasavvurlar.
Buenos-Ayres – bu boshqa ko‘cha, bir ko‘chaki, unda hech kim yurmaydi, u olmaning o‘zagi, bu mening so‘ngi kichkina kulbam, men uchun yopiq inshoat, mening dushmanim, umuman shunday bo‘lgan, mening(o‘z holicha) bag‘ishlov she’rlarim, eski kitob do‘koni, men unga qayta-qayta kelaman, bu dam yo‘qolayotgan, dam paydo bo‘layotgan kelajakning tanilmagan nigohi.
Bu markaz, chekka bir go‘sha, ko‘z ko‘rib orzu qilinmagan posyolka, ammo u na men uchun, na sen uchun.
Rus tilidan Sherzod Komil Xalil tarjimasi