Bir olim nuqul ilm bilan mashg‘ul bo‘lib, kitobdan bosh ko‘tarmas ekan. Bir kuni kitob o‘qib o‘tirsa, kimdir darvozani taqillatibdi. Borib darvozani ochsa, qadimgi zamon keksalar kiyimidagi bir qariya turganini ko‘ribdi. Olim darrov qariyani uyiga taklif qilibdi. Shunda qariya o‘zini tanishtirib: “Mening ismim Xu, tulki zotining piri bo‘laman. Eshitishimcha, sen bilimning orqasidan quvib, juda ko‘p kitob o‘qir ekansan, shu bois, sening suhbatingni olay deb keldim”, – debdi. Shu tariqa olim qariya bilan suhbatga kirishib ketibdi. Suhbat asnosida olim bu keksaning bilimdonligiga qoyil qolibdi, uni uyida qolishiga va suhbatdosh bo‘lishiga ko‘ndiribdi.
Oradan bir necha kun o‘tibdi, ikkovining suhbati qizigandan-qizibdi, bir payt olim asta o‘z dardi, maqsadiga o‘tib, qariyaga shunday debdi: “Siz bilan biz juda ham yaqin bo‘lib qoldik, gapning ochig‘ini aytganda, mening shart-sharoitimni ko‘rib turibsiz. Men juda kambag‘al yashayman, mana bu ahvoldan chiqish uchun siz menga ozgina yordam berib yuborsangiz yomon bo‘lmas edi! Chunki, Siz – tulkilar pirisiz, qo‘lingizni shundoq siltasangiz bas! Oltin pullar sizga yomg‘irday yog‘adi”. Buni eshitib qariya o‘yga tolibdi va biroz vaqt o‘tgandan keyin jilmayib: “Albatta, bu ishning men uchun hech qanday qiyin joyi yo‘q, faqat dastmoyaga o‘n sar pul bo‘lsa, kifoya,” deb javob qaytaribdi.
Dastmoyaga olim darrov u aytgan pulni topib kelibdi. Bundan mamnun bo‘lgan qariya olim bilan bir bo‘sh xonaga kiribdi. Qariya o‘tiribdi-da, ko‘zlarini yumib, duo o‘qib, xudoga iltijo qila boshlabdi. Ko‘p o‘tmay oltin pullar “jangir-jungir” qilib sharros yomg‘irday yog‘a boshlabdi. Birpasda pullar olimning tizzasiga yetibdi. Pulning ichida ko‘milib qolmayin deb xavotirga, andishaga tushgan olim oyog‘ini puldan chiqargan ham ekanki, oltinlar uni yana ko‘ma boshlabdi va hayol o‘tmay sonigacha yetibdi. Buni ko‘rgan qariya olimga qarab: “Bas, yetadi!” deb baqiribdi. Olimning xo‘p imosi bilan qariya qo‘lini ko‘tarib bir siltagan ekan, yog‘ayotgan oltin to‘xtabdi. Qariya va olim xonadan chiqibdi. Uyni qulflar ekan, olim birdaniga shuncha boylikni ko‘rib, “ko‘z ochib yumguncha davlatmandga aylandim-a!” – deb shirin xayollarga berilibdi o‘zicha.
Ertasi kuni ertalab olim xarajatga biroz pul olay deb xonaga kiribdi, qarasa kecha ko‘zni olib, yaltirab turgan oltin pullarni ko‘rmabdi. U yerda faqat o‘zi dastmoya qilib bergan pullargina qolgan ekan, xolos. Bundan g‘azablangan olim qariyani haqoratlay ketibdi. Olimning bu johilligidan qariyaning jahli chiqibdi va xayr-xo‘shni ham nasiya qilib, olimning uyidan chiqib ketibdi. Ketaturib unga: “Seni qidirib kelishimning sababi, sen bilan biror jinoyatga qo‘l urish emasdi, balki ilm, fan va ijod ustida izlanish va fikrlashish edi. Sen esa meni o‘zingning yomon niyatlaringni amalga oshirish uchun gunohga chorlading. Nafsning ketidan yurmoqchi bo‘lsang, o‘zingga o‘xshaganlarni top, men sen kabi nokaslarga yordam berolmayman”, – debdi-da, yo‘liga ravona bo‘libdi.
Xitoy tilidan Jasur Ziyamuhamedov tarjimasi.
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2004 yil, 7-son