Pu Sungling. Beg‘ubor qiz – Ying Ning (novella)

Qadim-qadim zamonlarda ismi sharifi Vang degan bir talaba bo‘lgan ekan. Uni ko‘pincha Vang Sheng deb ham atar ekanlar.
Uning otasi yoshligida vafot etib ketgan ekan. Yakkayu yagonasi farzandi bo‘lgani uchun onasi uni yeru ko‘kka ishonmas, hatto hech kim bilan o‘ynagani ham qo‘ymas ekan.
Bir yili “Yuan Shao bayrami”* kuni Vangning bulami* U Sheng uni o‘zi bilan shahar chekkasidagi bir qishloqqa olib borib, bayramni nishonlashga taklif qilibdi. Ular qishloqqa yetar-etmas, U Shengning uyidan bir odam kelib uni chaqirib ketibdi. U Sheng noiloj uyiga qaytishga majbur bo‘libdi. U Sheng ketgach, bayramni nishonlab yurgan to‘da-to‘da odamlarning orasida Vang Shengning bir o‘zi qolib ketibdi. Uning kayfiyati chog‘, bu dunyoda go‘yo undan baxtli odam yo‘qday ekan shu topda.
To‘satdan uning ko‘zi juda ham go‘zal bir qizga tushibdi. Qiz qo‘lida olxo‘rining gullagan shoxini ushlaganicha, tabassum bilan Vang Shengning yonidan o‘tib ketibdi. Vang Sheng shu paytgacha bunday go‘zal qizni hech ko‘rmagan ekan, shu ondayoq lolu hayron bo‘lib qolibdi. Qiz Vangning oldidan o‘tib ketayotib, yigitning o‘ziga tikilib qolganini sezibdi va yonidagi cho‘ri qizga debdi: “Qara, anovi yigit muncha menga tikilmasa, xuddi o‘g‘rilarga o‘xshaydi-ya!” Shunday deya u qo‘lidagi olxo‘ri gulli shoxini tashlabdiyu, kulgancha, nari ketibdi. Vang Sheng qizning uzoqlashganini ko‘rib, tezda yerdan olxo‘ri shoxini olibdi va xayolida bir qimmatbaho narsani yo‘qotgandek bo‘libdi. Vang Shengning butun qalbini sevgi otashi qamrab olibdi. U chuqur o‘yga botib, uyiga qaytib kelibdi. Yotog‘iga kirib, gul shoxini yostig‘i ostiga berkitibdi va uyquga ketibdi. Oradan bir necha kun o‘tibdi, u hech kim bilan gaplashishni istamas, tuz totmas, rangi ro‘yi ham kun sayin sarg‘ayib, ozib-to‘zib ketaveribdi. Onasi uning ahvolini ko‘rib juda ham xavotirga tushibdi va tabib chaqirtiribdi. Tabib Vang Shengning ahvoli yomonligini ko‘rib, nimaga bunday bo‘layotganini so‘rabdi va baribir savoliga javob ololmabdi.
Kunlar shu tariqa o‘tib boraveribdi. Kunlardan bir kun U Sheng kelib qolibdi: onasi uni Vang Shengdan hol so‘ragani chaqirtirgan ekan. Vang Sheng bulamini ko‘ribdiyu ko‘z yoshlari yuzlaridan marjon-marjon tirqirab oqa ketibdi. U Shengga o‘sha kuni go‘zal qizni uchratganidan keyingi ahvolni aytib beribdi. U Sheng eshitib, darhol ovuta boshlabdi: “Sen ham ahmoq ekansan-ku. Arzimagan narsaga ko‘z yoshi qilib o‘tiribsan. O‘sha qizni topib berganim bo‘lsin. Bu ishning senga og‘irligi ham tushmaydi. Agar u hali nikohlanmagan bo‘lsa, ishimiz o‘ngidan kelishiga ishonchim komil. Lekin buning uchun sen sog‘ligingni ham o‘ylashing kerak”. Vang Sheng bu gaplarni eshitib, beixtiyor tabassum qila boshlabdi va o‘zini ancha yengil his qilibdi. U Sheng uyga qaytgach, Vang Shengning ahvoli ko‘z o‘ngidan hech nari ketmabdi. Qanday qilib unga yordam bersam ekan, deb anchagacha sohibjamol haqida ma’lumot to‘plash bilan mashg‘ul bo‘libdi. Lekin, barcha harakatlari zoye ketibdi.
Kunlar o‘taveribdi, U Sheng yana Vang Shengni ko‘rgani kelibdi. Vang Sheng bulamidan o‘sha qizdan xabar bor-yo‘qligini so‘rabdi. U Sheng nima deb javob qilishini bilmay, aldashga majbur bo‘libdi. “Allaqachon topgan edim, – debdi U Sheng. – Bilasanmi u kim ekan? U xolangning qizi ekan, sizlar qarindosh ekansizlar. Bir necha kundan so‘ng men sovchilikka borib, albatta ishni pishitib kelaman”. Vang Sheng buni eshitib, juda xursand bo‘libdi va qizning uyi qayerda ekanligini so‘rabdi. U Sheng nima deb javob qilishini bilmay qolibdi va bir amallab buning ham yo‘lini topibdi: “Qizning uyi bu yerdan taxminan o‘ttiz chaqirimcha uzoqlikda – janubi-g‘arbiy tomonda – tog‘ etagida ekan”. Vang Sheng qizning visoliga tezroq yetishni istabdi. U sabrsizlik bilan bulamini iloji boricha tezroq sovchilikka borishini so‘rabdi. Vang Shengning salomatligi tezlik bilan yaxshilana boshlabdi, lekin bulami nimagadir boshqa kelmay qo‘yibdi. Vang Shengning yuragiga g‘ulg‘ula tushib qolibdi va bulamiga xat yozibdi. U Sheng uning so‘zlari yolg‘onligini bilib, turli ishlarni bahona qilib, uni ko‘rgani kelolmayotganini aytibdi. Vang Sheng bulamining loqaydligidan juda ham achchiqlanibdi va o‘zicha taxmin qilib, o‘ttiz chaqirim yo‘l uncha uzoq emas, degan qarorga kelib, “Birovga ishonib nima qildim”, – debdiyu qurib qolgan olxo‘ri gul shoxini olgancha, onasiga ham lom-mim demay, o‘sha qizni qidirgani ketibdi.
Vang Sheng o‘ttiz chaqirimdan ko‘proq yurgach, nafasini rostlab olish uchun to‘xtabdi, yon-veriga qarasa, yalang bir toqqa kelib qolganmish. Yo‘l so‘ray desa, hech bir tirik jon ko‘rinmasmish. To‘satdan, ko‘zi tog‘ etagidagi kichkinagina bir qishloqchaga tushibdi. Qishloqda yakkayu yagona xonadon bor ekan. Vang Sheng shu qishloqqa qarab yo‘l olibdi. Xonadon darvozasi oldida bir tup tol daraxti o‘sar ekan, hovlisida esa son-sanoqsiz shaftoli va o‘rik daraxtlari gullab yotgan ekan. Vang Sheng bu kimning bog‘i bo‘ldi ekan, deb o‘ylabdi. “Birpas kutay-chi, bitta-yarimta chiqsa, xolamni qidirib yuribman degan bahonada hammasini so‘rab olaman,” – deb o‘ylabdi, borib darvoza oldidagi katta xarsang ustiga o‘tiribdi. To‘satdan, kunbotar tomondan bir qiz kelayotganini ko‘ribdi, qo‘lida bir dasta o‘rikning gullagan shoxini boshiga taqmoqchi bo‘lib kelayotgan ekan. Qiz boshini ko‘tarib qaragan ekan, Vang Shengga ko‘zi tushibdi. Boshiga gulni taqmabdi ham-u, kulgancha qochib hovliga kirib ketibdi. Vang Shengning ko‘z oldi yorishib ketibdi, u ko‘zlariga ishonmasdan: “Nahotki bu o‘sha – kechalari bilan uxlamay, o‘ylab chiqqan qizim bo‘lsa?” dermish. Xursandligidan: “Nimani bahona qilib, u bilan kirib uchrashsam ekan? – deb o‘ylab qolibdi, – agar, xolamni ko‘rgani keldim desam, ilgari bir marta ham xolamni ko‘rmaganman, tanimay qolsam, nima degan odam bo‘laman?” U juda qiyin ahvolga tushib qolibdi. Vang Sheng ovqat yeyishni ham, suv ichishni ham esidan chiqarib, darvoza oldidan ketolmabdi. Shu orada haligi qiz darvozani bir ochib qarabdi va yana yopib, ko‘zdan g‘oyib bo‘libdi.
Oxiri, qorong‘i tushganda, darvoza ochilibdi. Bir kampir chiqib, Vang Shengdan hol-ahvol so‘rab, debdi: “Ey yaxshi yigit, qayerdan kelding, bilishimcha, ertalabdan buyon shu yerda ekansan, bu yerda nima ishing bor, qorning ochmadimi?”
Vang Sheng darhol salom berib: “Men qarindoshimni qidirib keldim” deb javob qilibdi. Kampirning qulog‘i og‘ir ekan, yigitning gapini yaxshi eshitmabdi, Vang Sheng balandroq ovozda gapini qaytaribdi. Kampir yana so‘rabdi: “Qarindoshingning ismi sharifi nima?” Vang Sheng nima deb javob qilishini bilmay, dovdirab qolibdi. Kampir kulib turib: “Qiziq, ismi sharifini bilmasang, yana qanaqa qarindosh izlaysan?! Ko‘rinishdan esli-hushli bolaga o‘xshaysan. Yaxshisi, ichkariga kir, qorningni to‘yg‘azib ol, mening uyimda bir kecha yotib qol. Ertalab uyingga qaytib borarsan, qarindoshingning nasabini bilib kelarsan,” – debdi. Vang Sheng haqiqatdan ham qorni ochganini sezibdi va darhol kampirga ergashib, xonadonga kiribdi. Ular hamma yeriga gul ekilgan hovlidan o‘tgach, katta bir mehmonxonaga kiribdilar. Bu yer kunduzgidek yorug‘, hamma yoq yog‘ tushsa yalagudek ekan. O‘tirishgach, kampir tashqariga qarab, qattiq ovozda: “Mehmon keldi, tezroq yegulik keltir,” deb kimnidir chorlabdi. Shunda tashqaridan cho‘ri qizning: “Xo‘p bo‘ladi,” degan ovozi eshitilibdi. Kampir esa Vang Shengdan nasabini, oilaviy sharoitini surishtiribdi. Vang Sheng navbatma-navbat javob bera boshlabdi. To‘satdan kampir Vang Shengning gapini bo‘lib, so‘rabdi: “Onangning familiyasi “U” emasmi?” Vang Sheng tasdiq ishorasini qilibdi. Kampir hayron qolib: “Ie, sen mening jiyanim ekansan-ku, sening onang mening tug‘ishgan singlim bo‘ladi. Mening uyimda erkak kishi bo‘lmaganligidan, qarindoshlar bilan ancha yillardan buyon bordi-keldi qilmayotgan edim. Buni qara-ya, sen juda ham o‘sib ketibsan”, – debdi. Vang Sheng darhol: “Mening kelishimga sabab – xolamni ko‘rib, holidan xabar olish edi. Kelayotganimda juda shoshilganimdan onamdan sizning kimligingizni so‘rash esimdan chiqibdi”, – deb javob qilibdi. Kampir: “Pochchangning familiyasi Chin edi. Hozir mening uyimda bitta qiz bor, lekin uni men tuqqan emasman, uni erimning cho‘risi tuqqan. Pochchang olamdan o‘tgach, men cho‘rini uzatib yubordim, o‘zim esa qizni olib qolib katta qildim. Bu qiz juda aqlli, lekin juda erka qiz. Kun bo‘yi sho‘xlik qilib, gapga quloq solmaydi. Birozdan so‘ng uni ko‘rasan”, – debdi. Bu paytda xizmatkor qiz ovqat olib kiribdi. Kampir unga Ying Ningni chaqirib kelishni buyurdi. Ko‘p vaqt o‘tmay, tashqaridan kulgi tovushi eshitilibdi. Tovush tobora yaqinlashib kelardi. Kampir tashqariga qarab, baland ovozda debdi: “Ying Ning, bulaming kelibdi!”
Eshik orqasidan to‘xtovsiz kulgi ovozi eshitilardi. Xizmatkor qiz Ying Ningni xonaga yetaklab kiribdi, u o‘zini kulgidan to‘xtata olmas, og‘zini berkitib olib, tinmay hiringlardi. Kampir qizga o‘qrayib qarab, debdi: “Uyga mehmon kelganda kulganing nimasi?!” Ying Ning o‘zini kulgidan bazo‘r to‘xtatib, onasining yonidagi ko‘rpachaning bir chetiga omonatgina qo‘nibdi. Kampir Vang Shengni ko‘rsatib, Ying Ningga debdi: “Bu sening bulaming bo‘ladi, xolangning o‘g‘li”. Vang Sheng kampirdan: “Singlim necha yoshda?” – deb so‘rabdi. Kampirning qulog‘i og‘ir bo‘lganidan yaxshi eshitmabdi. Vang Sheng baland ovozda gapini qaytaribdi. Ying Ning Vang Shengning bu so‘rog‘ini eshitib, uyalganidan boshini engashtirib olibdi va yana kula boshlabdi. Kampir Vang Shenga debdi: “Men senga aytgan edim-ku, bu qiz sho‘x deb, ko‘rib turganingdek, allaqachon o‘n oltiga kirgan bo‘lsa ham, yosh boladan hech farqi yo‘q”. Vang Sheng debdi: “U mendan bir yosh kichik ekan-da”. Kampir so‘rabdi: “17 yoshga kirgan bo‘lsang, xotin olgandirsan?”1
“Men hali bo‘ydoqman”, – deb javob qilibdi Vang Sheng. Kampir undan so‘rabdi: “Sen aqlli, tarbiyali ko‘rinasan, kap-katta yigit ekansan, nimaga haligacha uylanmading?” Vang Sheng javob qilmabdi, u Ying Ningga tikilibdi. Cho‘ri qiz Ying Ningning qulog‘iga pichirlab debdi: “Sen uning o‘g‘rilarcha qarashiga boq, hech ham o‘zgarmagan”. Ying Ning buni eshitib, yana kulib yuboribdi. Kulgi aralash cho‘ri qizga: “Yur, boqqa chiqib, birpas sayr qilib kelaylik”, – debdiyu yengi bilan og‘zini berkitgancha, yugurib chiqib ketibdi. Eshikka yetmasdan qattiq kulib yuboribdi. Kampir o‘rnidan turayotib, Vang Shengga: “Sen menikiga shuncha yo‘l bosib, ovora bo‘lib kelibsan, bir necha kun menikida mehmon bo‘lgin, keyin uyga qaytarsan. Bu yerda kitob o‘qishing, bog‘da dam olishing mumkin”, – deb aytibdi va xizmatkor qizga Vang Sheng uchun xona tayyorlashni buyuribdi.
Ertasi kuni ertalab Vang Sheng boqqa sayr qilgani chiqibdi. Bog‘da ko‘m-ko‘k o‘tlar sabza urgan, nafis turfa gullar barq urib ochilgandi. Bog‘ shu qadar chiroyli ekanki, unga qarab kishining bahri-dili ochilar ekan. Vang Sheng bog‘ning o‘rtasida sayr qilib yurgan ekan, birdan daraxt tepasidan kimningdir sharpasi eshitilibdi. U boshini ko‘tarib qarasa, daraxtda Ying Ning o‘tirgan ekan. U Vang Shengni ko‘rib, kulib yuboribdi va sal bo‘lmasa, yiqilib tushay debdi. Vang Sheng hovliqib baqiribdi: “Kulma, ehtiyot bo‘l, yiqilib tushasan-ku, axir!”
Ying Ning daraxtdan tushayotib, nuqul kularkan. Yerga yetar-etmas, eqtiyotsizlikdan yiqilib tushibdi. Endi uning kular holi ham qolmabdi. Vang Sheng uning qo‘ltig‘idan olib, turishiga yordamlashib yuboribdi va sekin qo‘lini silab qo‘yibdi. Ying Ning yana kulib chayqalib ketibdi va daraxtga suyanib qolibdi. Qiz kulgidan to‘xtagach, Vang Sheng cho‘ntagidan olxo‘ri gul-shoxini olib, unga uzatibdi, so‘ng debdi: “Singlim, buni o‘sha “Yuan Shao bayrami” kuni tashlab ketgan edingiz, men uni hozirgacha o‘zim bilan olib yuribman” – debdi, Ying Ning gul-shoxini olib: “Ie, buningiz qurib qolibdi-ku?!” – debdi. Vang Sheng bunga javoban: “Men bu bilan sizga bo‘lgan muhabbatimni izhor etmoqchi edim. Sizni ko‘rgan kunimdan buyon tinchimni yo‘qotdim, sizni o‘ylayverib, hatto kasal bo‘lib qoldim. Men sizni yana bir bor uchrataman deb umid ham qilmagandim”, – debdi. Shunda Ying Ning: “Biz qarindoshmiz, muhabbat haqida gapirsak, qanday bo‘larkin? Ketar paytingizda sizga bog‘dagi gullardan bir dasta berib yuboraman”, – debdi. Bu so‘zni eshitgan Vang Sheng: “Singlim, siz nega buncha soddasiz-a?!” debdi.
“Men soddamanmi?” – kulibdi qiz.
“Axir men gulni emas, menga shu gulni taqdim etayotgan qizni sevaman”.
“Biz qarindoshmiz, busiz ham bir-birimizni sevishimiz kerak” debdi Ying Ning. Vang Sheng: “Men aytgan sevgi qarindoshlar orasidagi sevgi emas, balki er-xotinlar orasidagi sevgidir” – deb javob beribdi.
“Bu ikki sevgi bir-biriga o‘xshash emasmi?” – deb so‘rabdi Ying Ning yana. Vang Sheng unga: “Er-xotin orasidagi sevgi bir yostiqqa bosh qo‘yish”, – deb javob beribdi.
Bu gapni eshitgan Ying Ning xayolga cho‘mib, bir ozdan so‘ng debdi: “Men begona odam bilan yota olmayman”.
Gap oxiriga yetmay, Vang Sheng to‘satdan paydo bo‘lgan cho‘ri qizga ko‘zi tushibdiyu shoshilgancha ketib qolibdi. Birozdan so‘ng, u Ying Ning bilan yana kampirning xonasida uchrashib qolibdi.
“Qayerda eding?” – so‘rabdi kampir Ying Ningdan.
“Bulamim bilan bog‘da suhbatlashib qoldik.”
“Nonushta allaqachon tayyor bo‘lgan edi-ku, shuncha ko‘p vaqt nimani gaplashdinglar?”
Ying Ning ikkilanmasdan: “Bulamim meni u bilan birga uxlashimni xohlayapti”, – deb javob qilibdi. Buni eshitgan Vang Sheng qizga ko‘zi bilan “bas qil” ishorasini qilsa ham, Ying Ning kulimsiragancha gapida davom etaveribdi. Baxtiga kampir yaxshi eshitmas ekan, qizning gaplarini ilg‘ayolmabdi, Vang Sheng sekin Ying Ningni turtib qo‘yibdi. Ying Ning so‘rabdi: “Hozirgi aytganlaringni aytib bo‘lmaydimi?”
“Bu faqat xilvatda gapiriladigan so‘zlar-ku!” – deb shoshib javob qilibdi Vang Sheng.
Ying Ning: “Hech kimga aytib bo‘lmasa, onamga ham aytish mumkin emasmi? Darvoqe, birga uxlash odatdagi ish-ku, shuni ham yashirish kerakmi?” – debdi. Vang Sheng uning shu qadar sodda ekanligidan juda xafa bo‘libdi, bunga yana qanday qilib boshqacha tushuntirishni bilmay qolibdi.
Ovqatlanib bo‘lgach, Vang Sheng qarasa, xachir yetaklagan bir kishi paydo bo‘libdi va “Sizni uyga olib ketgani keldim”, – debdi. Bu odamning gapiga qaraganda, Vang Sheng uyidan chiqib ketgan kuni onasi uni kun bo‘yi kutibdi. Undan darak bo‘lavermagach, butun qishloqni surishtirib chiqibdi, lekin uni topolmabdi. Shunda onasi U Shengning uyiga borib, surishtiribdi. U Sheng Vang Shengga aytgan o‘sha yolg‘on gapini eslabdi, o‘sha ish qanday bo‘lganini oqizmay-tomizmay aytib beribdi va tezroq janubi-g‘arb tomondagi toqqa odam yuborishni maslahat beribdi. Shunday qilib, Vangning uyidan kelgan odam Vang Shengni topibdi. Vang Sheng xolasidan o‘zi bilan birga Ying Ningni bir necha kunga o‘ynab kelgani yuborishini so‘rabdi. Kampir Vang Shengning taklifiga jon deb rozi bo‘libdi va Ying Ningni chaqiribdi. Ying Ning kulgancha yugurib kelibdi. Kampir unga: “bo‘lar-bo‘lmasga hadeb kulaverasanmi? Agar hadeb kulavermaganingda, allaqachon yaxshi qiz bo‘lar eding”, – debdi. Unga qarab yana “Bulaming seni o‘zi bilan birga olib ketmoqchi, tezroq tayyor bo‘l”, – deb aytibdi.
Vang Shengning uyidan kelgan kishi ovqatlanib bo‘lgach, kampir ularni kuzatib chiqibdi va yana Ying Ningga qarab tayinlabdi: “Jonim qizim, xolangnikiga borgach, ancha kun u yerda yashaysan. U yerda o‘qi, urf-odatni, muomala qilishni o‘rgan. Kelajakda turmushga chiqsang, qaynota va qaynonaning xizmatini qilishda kerak bo‘ladi, qizim, yuzimni yerga qaratma. Xolangga malol kelsa ham, senga kuyov topsin”.
Ying Ning onasi bilan xayr-xo‘shlashib, Vang Sheng bilan birga ketibdi. Nariroq borgach, orqasiga o‘girilgan ekan, kampirning xayol surgancha ularga qarab qolganini ko‘ribdi. Ying Ningning qalbi orziqib ketibdi. U yuragining bir parchasini tashlab ketayotganday bo‘libdi. Go‘yo u endi onasi bilan boshqa ko‘risholmaydigandek his etibdi o‘zini.
Ular uyga yetib kelishgach, onasi o‘g‘li bilan birga kelgan bir sohibjamolni ham ko‘ribdi. Ko‘ribdiyu, vahimaga tushganini yashira olmay, shoshilib:
“Bu kimning qizi?” – deb so‘rabdi.
“Bu xolamning qizlari”, – javob beribdi Vang Sheng.
Onasi hayron bo‘lib yana so‘rabdi: “Bulamingning senga aytgan hamma gapi yolg‘on ekan. Mening hech qanday singlim yo‘q, qanday qilib u xolangning qizi bo‘lsin?”
Ying Ning debdi: “Men bu onadan tug‘ilmaganman, otamning familiyasi Chin edi. Men endigina tug‘ilganimda, otam olamdan o‘tgan ekan, shuning uchun ko‘p gaplardan xabarim yo‘q”.
Onasi uning gaplarini eshitib, Vang Shengga debdi: “Haqiqatan ham, mening bir opam bo‘lgan edi, u Chinlar oilasiga turmushga chiqqan edi, lekin u yosh hayotdan ko‘z yumgan edi, sen uni qanday uchratding?”
Vang Sheng o‘sha kampirning ko‘rinishini tasvirlab beribdi. Onasi endi o‘sha ayol o‘zining opasi ekanligiga ishonch hosil qilibdi. Ular suhbatlashayotgan vaqtda U Sheng kelib qolibdi. Ying Ning esa uyalganidan darrov xonaga kirib berkinibdi. U Sheng ularning sirli tarzda suhbatlashib turganini ko‘rib, hayron qolibdi. Onasi o‘ylanib turib, birdan so‘rabdi: “Bu qizning ismi Ying Ning emasmi?” Vang Sheng tasdiq javobini qaytaribdi. Onasi: “Tavba, bu ish hayron qolarli darajada haqiqatdir. Opam olamdan o‘tgach, pochchang qaytib uylanmadi, lekin bir tulki ayol qiyofasiga kirib, hadeb uning oldiga boraverar edi. Keyinchalik pochchang ham olamdan o‘tdi, tulki ayol esa bir qiz tug‘di. Qizning ismi Ying Ning edi. Pochchang olamdan o‘tgach, o‘sha har kuni qizini ko‘rgani kelib turardi. Har kelganida tulki ayolni quvib yuboradigan bo‘lishdi. Oxiri tulki ayol qizni olib qochishga majbur bo‘libdi. Balki, bu qiz o‘sha tulki ayol olib qochib ketgan Ying Ningdir?”
Hamma hayron ekan. U Sheng Ying Ningni ko‘rmoqchi bo‘libdi. Onasi uyga kirib bulami chaqirayotganini Ying Ningga aytibdi. Buni eshitgan Ying Ning devorga o‘girilib, kulib-kulib olibdi-da, o‘zini bosib olgach, xonaga kiribdi. U Shengga ta’zim qilib, u bilan tanishibdi, shundan so‘ng qaytib ichkariga kiribdi-da, ovozi boricha qahqaha urib yuboribdi. Uydagilarning hammasi uning bu qilig‘idan rosa ajablanib kulishibdi.
Har kuni ertalab bir vaqtda turib, xolasiga salom berishni Ying Ning o‘ziga odat qilib olibdi. Ying Ning bu xonadonga kelganidan buyon o‘zini faqat yaxshi tomonidan ko‘rsatibdi. Uning oyoq-qo‘li chaqqon ekan. Chevarlikda qo‘li shu qadar gul ekanki, hech kim uning oldida ip esholmaskan. Hammaning unga havasi kelarkan. Lekin bir odatini, ya’ni kulishini hech tashlamabdi. Shunga qaramay, uning kulishi ham samimiy, ham shirali ekan. Atrofdagilarga, ayniqsa, Vang Shengning onasiga ham uning bu qilig‘i juda yoqarkan. Onasi uni o‘z o‘g‘liga olib berishni xayolidan o‘tkazibdi-yu, lekin bu biron jodugar-podugar bo‘lmasin deb yuragi dov bermaskan. Aytishlaricha, qoq peshinda jodugarning soyasi yo‘qolar emish. Onasi Ying Ningning hovli o‘rtasiga chiqishini poylay boshlabdi. Bir kuni qarasa, uning soyasi hammaniki kabi oddiy emish. Shundagina uning ko‘ngli joyiga tushib, hech hayiqmay qizni kelin qilishga ahd qilibdi va to‘y taraddudini boshlab yuboribdi. To‘y kuni unga juda chiroyli, nafis to‘y ko‘ylagini kiygazishibdi. Bu ko‘ylak uning bir chiroyiga o‘n chiroy qo‘shibdi. Lekin egilib, salom berish kerakligini aytishsa, Ying Ning hech o‘zini tutolmay, tinimsiz kularmish. Shu sababli egilib salom ham berolmabdi.
To‘ydan so‘ng bu xonadon yanada totuvlashibdi. Buning sababchisi ham Ying Ning ekan. U og‘irni yengil qilar, nizo chiqsa bartaraf etar, xafachilikni bosti-bosti qilar ekan. Masalan, onasining kayfiyati noxush bo‘lib turgan paytlarda Ying Ning kelib, bir kulib yuborsa, haligi noxush kayfiyatdan asar ham qolmas ekan. Yoki bo‘lmasa, xizmatkorlar biron ayb ish qilib qo‘ysalar, jazodan qo‘rqib, Ying Ningdan onasini xursand qilishni so‘rasharkan. Fursatdan foydalanib, cho‘ri qizlar bekalaridan uzr so‘rashar va beka har doim ularni kechirarkan.
Ying Ning juda ham gullarga o‘ch ekan. Bir necha oy ichida hovli rang-barang, nafis, huzurbaxsh, anvoyi gullarga burkanibdi. Ying Ning, ayniqsa, ichki hovlida o‘sgan gul daraxtini juda ham yaxshi ko‘rarkan. U doim daraxt ustiga chiqib, undagi gullarni terarkan. Buni ko‘rib qaynonasi: “Daraxtga chiqish odatingni tashla”, – deb koyib berarkan. Ying Ning ham “Xo‘p” derkan-u, daraxtni ko‘rganda yana onasining gaplari esidan chiqib ketar ekan.
Kunlardan bir kun Ying Ning o‘sha daraxtdan gul terayotganda uni qo‘shni yigit ko‘rib qolibdi. Ying Ningning husn-jamolini ko‘rib, aqldan ozay debdi. Ustiga-ustak, Ying Ning ham handon otib kulib yuboribdi. Bu kulgini qo‘shni yigit “Ying Ningning menda ko‘ngli bor ekan”, deb o‘ylab, juda xursand bo‘libdi. Qo‘shni bola Ying Ningning daraxt ostiga qarab-qarab, kulib tushib ketganini ko‘rib, u menga shu joyda ko‘rishishni shart qildi, deb o‘ylabdi. Xursand bo‘lganidan uning boshi osmonga yetibdi. Yarim kechada qo‘shni bola Ying Ning bilan ko‘rishish uchun devordan oshib tushibdi va qattiq ingrab yuboribdi. Bu ingrashdan hamma uyg‘onib ketibdi. Yugurib kelib qarashsa, qo‘shni bola daraxt ostida yotgan emish. Uni chayon chaqib olgan ekan. Uni ota-onasi uyiga olib ketishibdi va nima bo‘lganini so‘rashibdi. U bo‘lgan voqeani aytib beribdi. Birozdan so‘ng yigit olamdan o‘tibdi. Uning otasi tuman qozixonasiga borib, Vang Sheng ustidan arz qilib, uning xotinini jodugar, u odam o‘ldirdi, deb ayblabdi. Tuman qozisi esa Vang Shengning yaxshi oiladanligini, bunday nojo‘ya ish uning oila a’zolariga xos emasligini yaxshi bilarkan. U qo‘shnining gapiga ishonmabdi va Vang Sheng ustidan jinoiy ish qo‘zg‘amabdi.
Bu voqealardan so‘ng onasi Ying Ningga nasihat qilib: “Qizim, endi bu sho‘xliklaringni tashla. Sho‘xliklaring ertami-kechmi biror falokat olib kelishi turgan gap. Yaxshi ham baxtimizga tuman qozisi insofli kishi, agar bironta ablahga duch kelganimizda, boshing qozixonadan chiqmay qolardi. Unda odamlarga qaysi yuz bilan qararding?” debdi. Mana bu gaplardan so‘ng Ying Ning onasiga qasam ichib: “Bundan buyon hech ham kulmayman”, debdi. Onasi yana nasihatini davom ettirib: “Qizim, dunyoda kulmaydigan odam yo‘q, hamma kuladi, faqat o‘z o‘rnida va vaqti-soatida kulish kerak”, debdi.
Shundan keyin Ying Ningni jo‘rttaga kuldirishsa ham, hech kulmaydigan bo‘lib qolibdi, ammo uning chehrasida hech qanday xafalik alomati ko‘rinmaskan.
Bir kuni kechqurun Ying Ning to‘satdan ho‘ngrab yig‘lab yuboribdi. Vang Sheng bundan xavotirga tushib, buning sababini so‘ragan ekan, Ying Ning shunday javob qilibdi: “Ilgari men sizlar bilan ko‘p yashamaganimdan haqiqatni gapirishdan qo‘rqardim. Endi bildimki, siz va onam meni juda yaxshi ko‘rarkansizlar va ishonarkansizlar. Shuning uchun men sizlarga haqiqatni gapirib bermoqchiman. Men aslida tulkining qiziman. Otam o‘lgach, o‘z onam boshqa erga tegib ketdi. Meni esa bir sohiraga* berishdi. Shu sohira – sening o‘lib ketgan xolang. U meni boqib, tarbiyalab, mana shu yoshga yetkazdi. Hozir esa mening sohira-onam qarovsiz, bir o‘zi tog‘lar orasida qolib ketdi. Shu sohira-onam o‘lib ketgan bo‘lsa, uning jasadini otamning yoniga ko‘msang, meni ham, sohira-onamning ruhini ham shod etgan bo‘larding. Unda mening ham sohira-onam oldida yuzim yorug‘ bo‘lardi”. Vang Sheng rozi bo‘libdi.
Ertasi kuni Ying Ning bilan Vang Sheng janubi-g‘arb tomondagi toqqa borishsa, haqiqatan ham Ying Ningning soxira-onasi allaqachon olamdan o‘tgan ekan. Uning mozorini topib, jasadini Ying Ningning otasi mozoriga ko‘mishibdi. Shundan keyin har yili, “Ching ming bayrami”* kunlarida er-xotin ota-onalarining mozorini ziyorat qiladigan bo‘lishibdi.
Bir yil o‘tgach, Ying Ning o‘g‘il tug‘ibdi. Bola kimni ko‘rsa onasiga o‘xshab nuqul kular ekan.

Xitoy tilidan Jasur Ziyamuhamedov tarjimasi.
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2004 yil, 7-son

__________
“Yuan Shao bayrami” – “Chiroqlar bayrami” qamariy taqvim bo‘yicha yangi yilning dastlabki 15 kunini o‘z ichiga oladi.
Bulam- Amakivachcha degani.
* O‘rta asrlarda, aynan Sung sulolasidan to Ching sulolasi hukmronlik qilgan davrlarda, ya’ni X asrdan XX asrning boshlarigacha Xitoyda qonun bo‘yicha erkaklarning 16 yoshidan uylanishiga, qizlarning esa 14 yoshdan uzatilishiga ruxsat berilgan.
* Sohira – yaxshilik qiluvchi pari.
* “Ching ming bayrami” – qamariy taqvim bo‘yicha aprelning dastlabki 15 kunini o‘z ichiga oladi.